BANU QURAYZA JANGI
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Xandaq jangidan Madinai munavvaraga qaytgach, hazrati Oisha onamizning uyiga keldilar. Qurollarini va sovutlarini yechdilar. Muborak vujudlari changga botgan edi. Yuvindilar. Shu payt hazrati Dihya suratida, ustida sovuti va qurollari boʻlgan bir otliq keldi. Bu Jabroil alayhissalom edi. Paygʻambarimiz uning yoniga borganlarida, u: «Ey Allohu taoloning Rasuli! Janobi Haq sizga darhol Banu Qurayza ustiga yurish qilishingizni buyurmoqda!» – deb, amrni yetkazdi. Koinot sultoni hazrati Bilolni chaqirtirib, sahobai kiromga eʼlon qilish uchun shunday amr berdilar: «Ey sahobalarim! Turinglar, otlaringizga, tuyalaringizga mininglar! Itoat qiluvchilar asr namozini Banu Qurayzaning yurtida oʻqisinlar!»
Habibi akram darhol sovutlarini kiyib, qilichlarini taqdilar. Dubulgʻalarini muborak boshlariga kiyib, qalqonlarini yelkalariga osdilar, nayzalarini qoʻllariga oldilar. Soʻngra otlariga mindilar. Sahobalari orasiga borib, hazrati Aliga Islom bayrogʻini berdilar va uni oldingi kuch sifatida Madinaning shundoqqina janubi-sharqidagi tekislikda joylashgan Qurayza yahudiylarining qalʼasiga yubordilar. Abdulloh ibn Ummu Maktumni Madinada oʻrinbosar qilib qoldirdilar.1
Shonli sahobalar sevimli Paygʻambarimizni oʻrtalariga olib, «Allohu akbar! Allohu akbar!» takbirlari ostida Madinadan chiqdilar. Yoʻlda Banu Gʻanm bilan uchrashdilar. Ular qurollanib, Rasulullohni kutib turgan edi. Paygʻambarimiz ulardan: «Sizlarga biror kishi duch keldimi?» – deb soʻradilar. Ular: «Yo Rasulalloh! Bizga Dihya Kalbiy duch keldi. U egarlangan oq xachirga mingan edi. Xachirning ustida atlasdan bir baxmal yopinchiq bor edi», – deyishdi. Sevimli Paygʻambarimiz ularga shunday dedilar:
«Bu – Jabroil. U Banu Qurayzaga yuborildi: ularning qalʼalarini larzaga solsin va qalblariga qoʻrquv tashlasin, deb…» Qurayza yahudiylarining qalʼasiga yetib borguncha Islom qoʻshinining soni uch mingga yetdi. Hazrati Ali Islom bayrogʻini Qurayza yahudiylari qalʼasining oldiga tikdi. Buni koʻrgan yahudiylar Paygʻambarimiz haqida yomon soʻzlar aytdilar. Hazrati Ali borib, ahvolni Paygʻambarimizga aytib berdi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) uch ming askar bilan u yerga tashrif buyurgach, marhamatlaridan yahudiylarni Islomga daʼvat qildilar. Yahudiylar bu goʻzal taklifni qabul qilmadi. Sevimli Paygʻambarimizning «Unday boʻlsa, Allohu taolo va Uning Rasulining amriga boʻyin egib, qalʼadan tushinglar va taslim boʻlinglar», – degan takliflarini ham rad etishdi.
Shundan keyin Olamlar sarvari kamonchilarning ustozi hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqosga: «Ey Saʼd! Oldinga chiq va ularni oʻqqa tut!» – dedilar. Hazrati Saʼd va boshqa kamonchilar takbir sadolari ostida oʻqdonlaridagi oʻqlarni yahudiy qalʼasiga ota boshladi. Yahudiylar ham oʻq va tosh otib javob qaytarishdi, toʻqnashuv boshlanib ketdi. Bu yahudiy toʻdasi musulmonlar zaif ahvolda qolganda ularga orqadan zarba bergan, hasadlari tufayli Muhammad alayhissalomning paygʻambarliklarini tan olmagan edi. Endi ularning qalʼa darvozasini ochib, maydonga chiqishga jurʼati yoʻq edi.
«Ey sahobalarim! Turinglar, otlaringizga, tuyalaringizga mininglar! Itoat qiluvchilar asr namozini Banu Qurayzaning yurtida oʻqisinlar!» Hadisi sharif
Jang qamal tarzida davom etardi. Islom qoʻshini orasidagi munofiqlar ham qalʼaga yashirincha xabar yuborib: «Aslo taslim boʻlmanglar! Madinadan chiqib ketishingizni talab qilsalar ham, rozi boʻlmanglar! Agar jangni davom ettirsangiz, biz sizlarga bor kuchimiz bilan yordam beramiz, hech narsamizni sizlardan ayamaymiz. Agar sizlarni Madinadan chiqarsalar, biz ham sizlar bilan birga chiqib ketamiz!…» – der edi. Bu xabardan keyin munofiqlarning yordamini kutgan yahudiylar mudofaani yangi azm va umid bilan davom ettirdilar. Qamal choʻzildi, bir oyga yaqin vaqt oʻtsa ham, munofiqlardan yordam kelmadi. Yahudiylarning qalblariga qoʻrquv tushdi va ular sulh tuzishni istayotganlarini bildirishdi.
Sulh tuzish uchun Nabbosh ibn Qays ismli bir yahudiy Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Muhammad! Banu Nazirga koʻrsatgan marhamatingni bizga ham koʻrsat. Molimiz ham, qurollarimiz ham seniki boʻlsin! Faqat qonimizni toʻkma. Bolalarimiz va xotinlarimiz bilan birga yurtimizdan chiqib ketishimizga izn ber. Quroldan tashqari har bir oila uchun bir tuya yuk olib ketishimizga ham ruxsat ber!…» – dedi. Olamlar sarvari: «Yoʻq! Bu taklifni qabul qila olmayman!» – deb javob berdilar. Bu safar Nabbosh: «Mol olib ketishdan voz kechdik. Qonimizni toʻkma! Xotinlarimiz va bolalarimizni olib ketishga izn ber!» – dedi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Yoʻq! Soʻzsiz va shartsiz hukmimga boʻyin egib, itoat qilib taslim boʻlishdan boshqa chorangiz yoʻq!» – dedilar. Yahudiy Nabbosh parishon holda qalʼaga qaytib, muzokaralarni aytib berdi. Banu Qurayza bu safar katta noumidlik va qaygʻuga gʻarq boʻldi.2 Ularning boshliqlaridan Kaʼb ibn Asad insofga kelib, qavmiga shunday iqror va taklif qildi: «Ey qavmim! Koʻrib turganingizdek, boshimizga katta bir balo kelib tushdi. Bu holatda mening sizlarga uchta nasihatim bor. Ulardan xohlaganingizni tanlab, shunga qarab ish tutishingiz mumkin! Birinchisi: shu zotga tobe boʻlib, uning paygʻambarligini qabul qilaylik! Vallohi, uning Alloh tomonidan yuborilgan, sifatlarini kitoblarimizda koʻrgan paygʻambar ekanini hammamiz bilamiz. Agar unga iymon keltirsak, jonlarimiz, bolalarimiz, xotinlarimiz va mollarimiz omon qoladi. Unga tobe boʻlmasligimizning yagona sababi arablarga boʻlgan hasadimiz va uning Bani Isroildan emasligidir. Vaholanki, bu Allohning Oʻzi biladigan ishdir. Kelinglar, unga tobe boʻlaylik!…» Yahudiylarning hammasi birdan qarshi chiqib: «Yoʻq! Biz buni qabul qilmaymiz va oʻzimizdan boshqa hech kimga tobe boʻlmaymiz!» – deyishdi.
Bu safar Kaʼb ikkinchi taklifini qildi: «Hammamiz bolalarimizni va xotinlarimizni oʻldirib, ortimizda gʻamini yeydigan hech kim qolmagach, musulmonlar ustiga yuraylik, oʻlgunimizcha jang qilaylik!…» Yahudiylar buni ham rad etdi.
Kaʼb uchinchi taklifida shunday dedi: «Bu kecha shanba kechasidir. Musulmonlar bizning bu kechada jang qilmasligimizni bilganlari uchun xotirjam va gʻofil boʻlishlari mumkin. Qilichlarimizni qinidan sugʻurib, darvozadan hammamiz birdan chiqaylik. Shunday toʻsatdan hujum bilan balki gʻolib kelarmiz!…»
Yahudiylar: «Biz shanba kunidagi ish qilish taqiqini buza olmaymiz!» – deb, bu taklifni ham rad etdi. Faqat ular orasidan Asid va Saʼlaba ismli birodarlar hamda ularning amakivachchasi Asad birinchi taklifni qabul qilib, musulmon boʻlish sharafiga erishishdi. Ular qalʼadan chiqib, sahobai kirom orasiga qoʻshilishdi.3 Yahudiylar oʻzaro uzoq tortishdilar. Oxir-oqibat taslim bayrogʻini koʻtarib, Paygʻambarimizdan oʻzlari haqida hukm chiqarish uchun bir kishini hakam qilib tayinlashlarini soʻradilar. Rasululloh: «Sahobalarimdan xohlagan kishingizni hakam qilib tanlanglar», – dedilar. Ular: «Biz Saʼd ibn Muoz chiqaradigan hukmga rozimiz», – deyishdi. Paygʻambarimiz buni qabul qilib, hazrati Saʼd ibn Muozni olib kelishni buyurdilar.
Saʼd ibn Muoz Xandaq jangida ogʻir yaralangan edi. Rasululloh uni Masjidi Nabaviyda bir chodir ichida davolatayotgan edilar. Hakam etib saylangach, hazrati Saʼdni zambilda Qurayza qalʼasiga olib bordilar. Yoʻlda hazrati Saʼd oʻziga-oʻzi: «Vallohi, Allohu taoloning yoʻlida hech bir malomatchining malomatiga quloq solmayman!» – der edi. Rasulullohning huzurlarida uni zambildan tushirdilar. Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Ey Saʼd! Mana bular sening hukmingga koʻra taslim boʻlishga rozi boʻldi. Qani, ular haqidagi hukmingni menga bildir». Saʼd ibn Muoz esa: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Shubhasiz, hukm chiqarishga Allohu taolo va Uning Rasuli loyiqroqdir», – dedi. Rasululloh: «Bular haqida hukm chiqarishni Allohu taolo senga buyurdi», – dedilar. Hazrati Saʼd yahudiylardan oʻz hukmiga rozi boʻlishlari haqida qatʼiy soʻz oldi. Ikki tomon ham chiqariladigan hukmni qiziqish bilan kuta boshladi. Shundan keyin hazrati Saʼd oʻz ulugʻligini koʻrsatadigan, odamning etini junjiktiradigan, shaʼniga loyiq boʻlgan mana bu buyuk hukmni eʼlon qildi:
«Mening hukmim shuki: oqil va balogʻatga yetgan barcha erkaklarning boʻyni urilsin! Xotinlari, bolalari asir olinsin, mollari esa musulmonlar orasida taqsim qilinsin!…»
Bu qatʼiy hukm qarshisida yahudiylar qotib qoldilar. Chunki oʻz kitoblarida ham bunday haddan oshganlarga beriladigan jazo aynan shunday edi. Unda shunday yozilgan edi: «Biror shaharga jang qilish uchun borganingda, ularni sulhga daʼvat et. Buni qabul qilib, darvozalarini ochsalar, ichidagilarning hammasi senga xiroj toʻlasin va xizmat qilsin. Agar jang qilishga qaror qilsalar, ularni qamal qil. Allohu taoloning ehsoni bilan ular ustidan gʻolib kelganingda, erkaklarining hammasini qilichdan oʻtkaz. Xotinlarini, bolalarini va mollarini oʻlja qilib ol!…»
Saʼd ibn Muoz chiqargan hukm ilohiy hukmga muvofiq kelgani uchun Olamlar sarvari, sevimli Paygʻambarimiz uni tabriklab: «Sen ular haqida Allohu taoloning yetti qavat osmonlar ustida, Lavhul mahfuzdagi hukmiga muvofiq hukm chiqarding!» – deb, tahsinlarini bildirdilar.
Yahudiylar oʻz kitoblarida koʻrsatilgan bu hukmga eʼtiroz qila olmadi. Oqil va balogʻatga yetgan barcha erkaklarning qoʻllarini boʻyniga bogʻlab, Madinaga olib bordilar. Ertasi kuni Rasulullohning amrlari bilan hazrati Ali va hazrati Zubayr hukmni ijro etdi. Bolalar, xotinlar va mollar sahobai kirom orasida taqsimlandi.4 Shunday qilib, musulmonlarning eng tang paytlarida orqadan zarba bergan, barcha ahdlarni buzgan, Paygʻambarimizni bolaliklaridan beri yoʻq qilishga uringan bu ayyor, xoin va buzgʻunchi qavmdan Madina va uning atrofi tozalandi. Asirlar orasidan bir ayol musulmon boʻlish saodatiga erishdi. Rayhona ismli bu xonim Paygʻambarimizning ulushlariga tushgan edi. Rasululloh unga xohlasa oʻz dinida qolish, xohlasa musulmon boʻlish ixtiyorini berdilar. Rayhona: «Men oʻz dinimda qolishni istayman», – dedi. Uni Ummu Munzirning uyiga yubordilar. Keyinroq Saʼlaba ibn Saʼyaning maslahati va harakati bilan uning koʻngli Islomga ilidi. Shundan keyin Paygʻambarimiz Rayhonaga: «Sen Allohu taoloning va Uning Rasulining yoʻlini tutishni istaysanmi? Men shunday qilishni munosib koʻraman», – dedilar. Rayhona: «Ha», – dedi. Uning bu ishidan nihoyatda sevingan sevimli Paygʻambarimiz uning ham sevinishi, jannatdagi darajasi juda yuksak boʻlishi uchun marhamat koʻrsatib, uni ozod qildilar va zavjalikka qabul qildilar. Mahrini berib, nikohlariga oldilar. Toʻylari ham Ummu Munzirning uyida boʻldi. Shunday qilib, Rayhona (roziyallohu anho) barcha musulmonlarning onasi boʻlish sharafiga erishdi.5
«Yoʻq! Soʻzsiz va shartsiz hukmimga boʻyin egib, itoat qilib taslim boʻlishdan boshqa chorangiz yoʻq!» Hadisi sharif
Saʼd ibn Muozning shahodati
Saʼd ibn Muoz Banu Qurayza yahudiylari haqidagi hukmni chiqargandan keyin, yana chodiriga olib borildi. Yarasi ogʻirlashib, ahvoli yomonlashdi. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) uning yoniga kelib, uni quchoqladilar va shunday duo qildilar: «Allohim! Saʼd Sening roziliging uchun Sening yoʻlingda jihod qildi. Rasulingni ham tasdiqladi. Unga yengillik ato et…» Sevimli Paygʻambarimizning bu muborak soʻzlarini eshitgan hazrati Saʼd ibn Muoz koʻzlarini ochib: «Yo Rasulalloh! Sizga salom va hurmatlarimni izhor etaman. Allohu taoloning paygʻambari ekaningizga guvohlik beraman», – deb pichirladi. Shundan keyin Saʼd ibn Muozning yaqinlari uni chodiridan Banu Abdulashhalning uyiga olib ketishdi. Oʻsha kechasi uning ahvoli juda ogʻirlashdi. Paygʻambarimizga Jabroil alayhissalom kelib: «Yo Rasulalloh! Bu kecha ummatingizdan vafot etgan va vafoti farishtalar orasida xushxabar boʻlib tarqalgan kishi kim?» – dedi. Shunda Koinot sultoni darhol Saʼd ibn Muozning ahvolini soʻradilar. Uni uyiga olib ketishganini aytishdi. Paygʻambarimiz yonlarida sahobai kiromdan baʼzilari bilan Saʼd ibn Muozning oldiga bordilar. Yoʻlda juda tez yurganlari uchun sahobai kirom: «Charchadik, yo Rasulalloh!» – deyishdi. Paygʻambarimiz tez yurishlarining sababini tushuntirib, shunday dedilar: «Farishtalar Hanzalaning janozasida bizdan oldin hozir boʻlganidek, Saʼdning janozasida ham bizdan oldin hozir boʻladi. Biz ulardan oldin yetib bora olmaymiz».
Saʼd ibn Muozning oldiga kelganlarida, Paygʻambarimiz uni vafot etgan holda topdilar. Bosh tomonida turib, Saʼd ibn Muozga kunyasi bilan murojaat qilib, shunday dedilar: «Ey Abu Amr! Sen boshliqlarning eng yaxshisi eding. Allohu taolo senga saodat, baraka va eng xayrli mukofot bersin! Sen Allohu taologa bergan soʻzingni bajarding. Allohu taolo ham senga vaʼda qilganini beradi!» Shu payt Saʼd ibn Muozning onasi yigʻlab, mana bu baytni oʻqidi:6
Qanday chidasin, evoh, shoʻrlik onasi!
Sabr kerak; yigʻlayman boshimga tushgan gʻamga!
Aslam ibn Horis esa shunday hikoya qilgan: «Rasululloh Saʼd ibn Muozning uyiga keldilar. Biz eshik oldida kutib turdik. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) ichkariga kirdilar; qadamlarini juda keng tashlab yurardilar. Biz ham u zotning ortlaridan yurdik. Rasululloh toʻxtashimizni ishora qilganlarida, toʻxtadik va orqaga qaytdik. Ichkarida Saʼdning janozasidan boshqa hech kim yoʻq edi. Rasululloh ichkarida bir muddat turgach, tashqariga chiqdilar. Qiziqib qolgan edim: „Yo Rasulalloh! Qadamlaringizni keng tashlab yurishingizning hikmati nima?“ – deb soʻradim. Shunda u zot shunday dedilar: „Bunchalik gavjum majlisda boʻlmagan edim. (Farishtalar toʻlib ketgan edi.) Farishtalardan biri meni qanoti ustiga oldi, shundagina oʻtira oldim“. Soʻngra Saʼd ibn Muozga kunyasi bilan murojaat qilib: „Senga ofiyat boʻlsin, yo Abu Amr! Senga ofiyat boʻlsin, yo Abu Amr! Senga ofiyat boʻlsin, yo Abu Amr!“ – dedilar».
Uning vafoti Rasulullohni va sahobai kiromni juda qaygʻuga soldi, koʻz yosh toʻkib yigʻladilar. Janozasiga barcha sahobai kirom toʻplandi. Sevimli Paygʻambarimiz janoza namoziga imomlik qildilar va janozasini koʻtarishda ishtirok etdilar. Saʼd ibn Muozning janozasini koʻtarib borayotganlarida, sahobai kirom: «Yo Rasulalloh! Biz bunchalik yengil koʻtariladigan janozani koʻrmagan edik!» – deyishdi. Shunda Paygʻambarimiz: «Farishtalar tushdi, uni ular koʻtarib bormoqda», – dedilar. Janoza ketayotganda munofiqlar ham Saʼdni kamsitish uchun: «Namuncha yengil!» – deganlarida, sevimli Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Saʼdning janozasiga yetmish ming farishta tushdi. Shu paytgacha ular yerga bunchalik koʻp boʻlib tushmagan edi».
Abu Saʼid Xudriy oʻz bobosining shunday deganini naql qilgan: «Saʼd ibn Muozning qabrini qaziganlardan biri men edim. Unga qabr qaza boshlaganimizda, qabrdan atrofga mushk hidi taraldi!» Shurahbil ibn Hasana esa shunday degan: «Saʼd ibn Muoz dafn etilayotganda bir kishi uning qabridan bir hovuch tuproq olgan edi. Keyin uni uyiga olib borgach, oʻsha tuproq mushkka aylandi. Janozasi qabrga tushirilayotganda, Paygʻambarimiz qabr boshida oʻtirdilar, muborak koʻzlari yoshlandi, muborak soqollarini qoʻllari bilan ushlab, juda qaygʻurdilar. U zot: „Saʼd ibn Muozning oʻlimi sababli Arsh titradi“, – dedilar». Bir safar Paygʻambarimizga juda qimmatbaho bir kiyim hadya qilingan edi. Sahobai kirom uning juda chiroyli ekanini aytganlarida, u zot: «Saʼd ibn Muozning jannatdagi roʻmolchalari bundan ham chiroyliroqdir», – dedilar.
Abu Sufyonning intiqom izlashi
Xandaq jangidan qaytgach, bir kuni Abu Sufyon qabilasining oʻrtasida oʻtirganda ularga: «Muhammaddan intiqomimizni oladigan bironta ham kishi yoʻqmi!» – dedi. Bir aʼrobiy bu soʻzni eshitib, Abu Sufyonning oldiga keldi va: «Agar sen mening hojatimni chiqarsang, bu ishni men qilaman. Yoʻlni ham yaxshi bilaman. Oʻtkir xanjarim ham bor. Hech kimdan qoʻrqmayman», – dedi. Abu Sufyon uning hojatlarini chiqarib, tilaklarini bajo keltirdi. Bir tuya olib, unga topshirdi va bu ishni sir tutishni aytdi. Aʼrobiy kechasi Makkadan chiqib, oz vaqtda Madinaga yetib bordi. Paygʻambar alayhissalom Banu Abdulashhal qabilasida ekanlarini bilib oldi. Tuyasini bir joyga bogʻlab, u yerga piyoda bordi. Paygʻambar alayhissalom oʻsha qabilaning masjidida nasihat qilayotgan edilar. Aʼrobiyni uzoqdan koʻrib, shunday dedilar: «Bu kelayotgan kishida yomon bir niyat bor. Ammo Allohu taoloning lutfi va ehsoni men bilan uning orasiga parda boʻladi».
Aʼrobiy Rasululloh tomon yurdi. Shu payt Usayd ibn Huzayr uni ushlab, orqaga tortdi. «Rasulullohdan uzoq tur, ey laʼnati!» – deb, qoʻlini uning belbogʻiga uzatdi va belidagi xanjarni koʻrdi. Uning yomon niyatli ekanini angladi. Aʼrobiy Usaydning oyogʻiga yiqilib: «Qonimga tegma!» – deb faryod qildi. Usayd uni Rasulullohning huzurlariga olib keldi. Paygʻambar alayhissalom: «Ey aʼrobiy, toʻgʻrisini ayt, sen kimsan? Senga rost soʻzdan boshqa hech narsa foyda bermaydi. Agar yolgʻon gapirsang ham, Allohu taolo niyatingni menga bildirgan», – dedilar. Aʼrobiy omonlik soʻrab, ahvolni aytib berdi. Rasululloh alayhissalomning amrlari bilan uni qamab qoʻyishdi.
Ertasi kuni uni huzurlariga chaqirtirib, shunday dedilar: «Men senga omonlik berdim, qayerga borsang, boraver. Lekin senga bundan ham afzalroq bir narsani taklif qilay». Aʼrobiy: «Nima u?» – deb soʻradi. Paygʻambar alayhissalom: «Allohning birligiga va mening paygʻambarligimga guvohlik berishingni istayman», – dedilar. Aʼrobiy darhol kalimai shahodat keltirdi va: «Yo Rasulalloh! Men hech qachon hech kimdan qoʻrqmas edim. Sizni koʻrganimda, aqlim boshimdan uchdi. Koʻnglimdagini bildingiz. Buni men bilan Abu Sufyondan boshqa hech kim bilmas edi. Angladimki, siz Allohning rasulisiz va Uning himoyasidasiz, Abu Sufyonning niyati esa shaytoniy bir niyatdir», – dedi.
«Allohim! Saʼd Sening roziliging uchun Sening yoʻlingda jihod qildi. Rasulingni ham tasdiqladi. Unga yengillik ato et» Hadisi sharif
Abu Sufyondan shunday yomonlik sodir boʻlgach, Xojai koinot (sallallohu alayhi vasallam) Amr ibn Umayya va Zamra ibn Aslamga Makkaga borib, fursat topsalar, Abu Sufyonni oʻldirishni buyurdilar. Bu ikki sahoba Haramga yetib borib, tavof qilayotganda bir joriya ularni tanib qoldi. U: «Ey makkaliklar, gʻofil boʻlmanglar! Bular – Amr ibn Umayya va Zamra ibn Aslam!» – deb baqirdi. Odamlar ularni tanib qolgach, ikki sahoba ikki tomonga ajraldi. Amr Makka togʻlaridan biridagi gʻorga kirib yashirindi. Ibn Aslam esa Madinaga ketdi. Bir necha kundan keyin Amr gʻordan chiqdi. Uning qarshisidan Abu Sufyonning ikki josusi chiqdi. Ularning birini oʻq bilan urib halok qildi, ikkinchisi qochdi. Soʻngra Amr sogʻ-omon Madinaga yetib keldi. Abu Sufyon buni bilgach, juda qoʻrqib ketdi.
Hijratning beshinchi yilidagi baʼzi muhim voqealar
Rasuli akram Zulqaʼda oyida Zaynab bint Jahshga uylandilar.7 Bu yil hijob haqidagi oyati karimalar nozil boʻldi va musulmon ayollarga oʻranib yurish buyurildi.8 Madinai munavvara yaqinida yashaydigan Muzayna qabilasi elchilar yuborib, musulmon boʻldi va muhojirlardan sanaldi.9 Yana shu yili zilzila va oy tutilishi yuz berdi. Bundan tashqari, haj ham shu yili farz qilindi. Xandaq jangidan keyin atrofdagi qabilalarning bir qismi Islom davlatining kuchini tan oldi. Endi ular musulmonlar bilan doʻst boʻlib yashash, hatto musulmon boʻlish eng toʻgʻri yoʻl boʻladi, deb oʻylay boshlashdi. Baʼzilari Paygʻambarimizning huzurlariga kelib, musulmon boʻlish sharafiga erishdi.
Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) Islom dinini yoyish uchun sahobalaridan guruhlar tuzib, atrofdagi qabilalarni Islomga daʼvat qilishga yubordilar. Baʼzi qabilalarga shaxsan oʻzlari bordilar. Dumatul Jandal ahli kabi qabilalar qilingan nasihatlarni qabul qilib, musulmon boʻldi. Gʻatafonliklar, Banu Lihyon kabi qabilalar esa Islom qoʻshini bilan yuzma-yuz kelishdan qoʻrqib, qochib ketdi. Shunday qilib, atrofdagi qabilalarning koʻzi qoʻrqib qoldi.
Banu Lihyon gʻazoti
Mushriklar Rajiʼ voqeasida Osim ibn Sobit, Xubayb ibn Adiy va ularning sheriklarini (roziyallohu anhum ajmaʼiyn) shahid qilgan edi. Paygʻambarimiz bundan nihoyatda mahzun va parishon boʻlgan edilar. Banu Lihyondan bu qilmishlarining hisobini soʻrash uchun qulay fursatni kutayotgan edilar. Chunki ular xiyonat qilgan edi. Sharoit yetilgach, ikki yuz kishilik kuch bilan Banu Lihyon ustiga yoʻlga chiqdilar. Abdulloh ibn Ummu Maktumni Madinada oʻrinbosar qilib qoldirdilar. Dushmanni chalgʻitish uchun Shomga ketayotgandek boʻlib, oʻsha moʻminlar shahid boʻlgan Rajiʼ suvi boshiga keldilar. U yerda Osim va uning sheriklari uchun Janobi Haqdan magʻfirat soʻradilar. Islom qoʻshini kelayotganidan xabar topgan Banu Lihyon ahli togʻlarga qochib ketdi.
Paygʻambarimiz va sahobalari u yerda bir kun turdilar. Atrofga askarlar yuborildi, ammo qancha izlasalar ham, dushmanni topishning iloji boʻlmadi. Lekin bu qoʻrquvning oʻzi ularga yetarli edi. Soʻngra Usfonga yetib keldilar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) hazrati Abu Bakrga (roziyallohu anhu): «Oʻn kishilik kuch bilan Gʻanimgacha atrofni koʻzdan kechirib qaytinglar», – dedilar. Kofirlar Islom qoʻshinining ovozini eshitdi va qalblariga qoʻrquv tushdi. Togʻlarda gʻoyib boʻldilar. Hech kimga duch kelinmadi. Lekin bu safar atrofdagi mushriklar uchun musulmonlarning hukmronligini tasdiqlovchi bir hujjat kabi boʻldi. Soʻngra Madinaga qaytildi. Bu safar oʻn toʻrt kun davom etdi.
Gʻoba gʻazoti
Uni Zu Qarad gʻazoti deb ham atashadi. Rasulullohning yigirmata boʻtaloqli tuyasi bor edi. Ularni Abu Zarrning (roziyallohu anhu) oʻgʻli dalada boqardi. Fazora qabilasidan Uyayna ibn Hisn degan bir kishi chorshanba kechasi qirq otliq bilan kelib, Ibn Abu Zarrni shahid qildi. Ular tuyalarni ham haydab ketishdi.
Bu xabar Rasulullohga yetib kelgach, u zot Abdulloh ibn Ummu Maktumni Madinada oʻrinbosar qilib qoldirdilar, oʻzlari esa besh yuz otliq bilan yoʻlga chiqdilar. Miqdod ibn Asvadga (roziyallohu anhu) bayroq berib, uni sahobalarning bir qismi bilan oldingi kuch sifatida ilgari yubordilar. Salama ibn Akvaʼni (roziyallohu anhu) ham kofirlar ustiga yubordilar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Zu Qarad degan joyda qarorgoh qurdilar.
Oldingi kuch dushmanning orqa qismiga yetib oldi. Hazrati Abu Qatoda Masʼada Fazoriy ismli kofirni oʻldirdi. Hazrati Ukkosha Ibbon ibn Amr ismli bir kofirni oʻldirdi. Musulmonlardan bir kishi shahid boʻldi. Hazrati Salama ibn Akvaʼ kofirlarning ortidan quvib ketdi. U juda mohir kamonchi edi. Laʼnatilardan koʻp kishini oʻldirib, koʻpini yarador qildi. Ularni koʻp narsalarini tashlab ketishga majbur qildi. Oʻnta tuyani kofirlarning qoʻlidan tortib oldi. Hazrati Abu Qatoda qarorgohga kelganda, Rasululloh u uchun shunday duo qildilar: «Allohim! Abu Qatodaga salomatlik ber va uni umrining oxirigacha bardam yashat!» Rasululloh Masʼada Fazoriyning oti va qurolini hazrati Abu Qatodaga berdilar. Abu Qatodadan keyin hazrati Salama ibn Akvaʼ ham keldi. Uning yonida mushriklardan qolgan ikkita ot ham bor edi. Paygʻambarimiz uni ham qabul qilib, tabriklagandan soʻng shunday dedilar: «Bugun otliqlarimizning eng yaxshisi – Abu Qatoda, piyodalarimizning eng yaxshisi – Salama ibn Akvaʼ».
Bu safar Paygʻambarning moliga katta jurʼat bilan qoʻl uzatgan mushriklarga ham, boshqa qabilalarga ham unutilmas bir saboq boʻldi. Zu Qaradda bir kecha va bir kunduz turildi. Soʻngra Madinaga qaytildi. Bu safar besh kun davom etdi.
«Saʼd ibn Muozning jannatdagi roʻmolchalari bundan ham chiroyliroqdir» Hadisi sharif
Kelishingiz – rahmat, zavqu safodir, yo Rasulalloh,
Zuhuringiz oshiqlar dardiga davodir, yo Rasulalloh.
Odam hali suv va loy ichra ekanda nabiy edingiz,
Paygʻambarlar imomi boʻlsangiz – ravodir, yo Rasulalloh.
Komillar jamoasining kamoli nuringiz ila boʻldi,
Vujudingiz Haq qudratining toʻla mazharidir, yo Rasulalloh.
Siz sabab Unga yetdilar, turli maʼnaviy lazzatlarga,
Ishingiz hojatmandlarga atodir, yo Rasulalloh.
Hudoiyga shafoat qiling – xoh oshkor, xoh pinhon,
Eshigingizga bosh urgan bir gadodir, yo Rasulalloh!
Aziz Mahmûd Hüdâyî
