XANDAQ JANGI
Uni Ahzob jangi deb ham atashadi. Ahzob – «hizb» soʻzining koʻplik shaklidir. Hizb – toifa, guruh, qism demakdir. Bu jangda Rasululloh bilan urushish uchun bir necha toifa birlashgani sababli uni Ahzob jangi deb atashgan. Hijratning beshinchi yili edi. Madinai munavvaradan surgun qilingan, fitna va fasod manbai boʻlgan yahudiy Banu Nazir guruhlarga boʻlinib, bir qismi Shomga, bir qismi esa Xaybarga ketgan edi. Biroq Islomga va Paygʻambarimizga boʻlgan kin va intiqom tuygʻulari ularning qalblarini chulgʻab olgan edi. Ularning boshligʻi Huyay ibn Axtab qavmining koʻzga koʻringan kishilaridan yoniga toʻplagan yigirma kishi bilan Makkaga bordi. Ular Abu Sufyon bilan uchrashib, sevimli Paygʻambarimizning muborak vujudlarini yoʻq qilish haqida kelisha boshladilar. «Bu ishni bitirmagunimizcha yoningizdan hech ajralmaymiz!» – deyishdi. Abu Sufyon: «Dushmanimizga dushman boʻlganlar biz uchun azizdir. Lekin sizlarga ishonishimiz uchun butlarimizga sigʻinishingiz kerak. Shundan keyingina samimiy ekaningizni tan olib, xotirjam boʻla olamiz», – dedi. Maqsadlariga yetish uchun hatto dinlaridan ham kechgan xoin yahudiylar butlar oldida yerga bosh urdilar… Kitobli kofirlar edilar, kitobsiz kofirlarga aylandilar. Sevimli Paygʻambarimizni yoʻq qilish va Islom dinini vayron etish uchun qasam ichdilar.
Mushriklar darhol urush tayyorgarligini boshladilar. Qoʻshni mushrik qabilalariga ham odamlar yubordilar. Yahudiylar ham turli qabilalarni koʻndirish uchun harakatga tushdilar. Baʼzi qabilalarga pul va xurmo vaʼda qilib, ularni qurollantirdilar. Mushriklar Makka atrofidan toʻrt ming kishilik katta kuch toʻplagan edi. Abu Sufyon Dorun Nadvada bayroq bogʻlab, uni Usmon ibn Talhaga berdi. Qoʻshinda uch yuz ot, juda koʻp qurol va bir ming besh yuz tuya bor edi.
Toʻrt ming kishilik mushrik qoʻshini Marruz Zahronga kelganda, Banu Sulaym, Banu Fazora, gʻatafonliklar, Banu Murra, Banu Asad kabi juda koʻp qabilalar olti ming kishilik yordam bilan mushrik qoʻshinining sonini oʻn mingga yetkazdi. Bu oʻsha zamon uchun juda katta kuch edi.
Ilgaridan Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) bilan doʻst boʻlib kelgan Xuzoa qabilasi darhol Madinaga xabar uchirdi: oʻn kunlik yoʻlni toʻrt kunda bosib oʻtgan bir otliq Paygʻambarimizga mushriklarning ahvolini batafsil maʼlum qildi.
Ishlarini sahobai kirom bilan maslahatlashib qiladigan sevimli Paygʻambarimiz darhol sahobalarini yigʻib, vaziyatni ular bilan muhokama qildilar. Jang qayerda va qanday olib borilishi haqida har bir sahoba oʻz taklifini bildirdi. Bu kengashda boʻlgan hazrati Salmon Forsiy soʻz olib, shunday dedi:
«Yo Rasulalloh! Bizda shunday bir urush usuli bor: dushman toʻsatdan bostirib kelishidan qoʻrqqan paytimizda, atrofimizga xandaq qazib, mudofaa qilar edik». Bu usul Paygʻambarimizga ham, sahobai kiromga ham maʼqul boʻldi va dushman bilan shu tarzda jang qilishga qaror qilindi.1
Paygʻambarimiz darhol sahobalaridan baʼzilarini olib, xandaq qayerda qazilishi lozimligini koʻzdan kechirdilar. Madinaning janub tarafi bogʻ-rogʻlardan iborat boʻlib, qalin daraxtlar bilan qoplangan edi. Mushriklarning bu tarafdan toʻp boʻlib hujumga oʻtish ehtimoli kam edi.
«Senga xushxabarlar boʻlsin, ey Oisha! Haq taolo seni oqladi. Pokligingga guvohlik berdi» Hadisi sharif
Bundan tashqari, bu joyning mudofaasini oz sonli kuch ham uddalay olar edi. Sharqda esa musulmonlar bilan ahdlashgan Banu Qurayza nomli yahudiy qabilasi yashardi. Shu sababli mushriklar faqat gʻarb va shimol tarafdagi ochiq yerlardan hujumga oʻta olar edi. Xandaq qaziladigan joylar shu taraflardan belgilandi. Sahobai kiromning har biriga uch metrcha joy toʻgʻri kelardi. Har kim oʻz ulushiga tushgan joyni ikki odam boʻyi (taxminan 3,5 metr) chuqurlikda qazishi, xandaqning eni esa tez chopib kelayotgan ot ham hatlab oʻta olmaydigan (7–8 metr) kenglikda boʻlishi kerak edi. Vaqt oz edi. Dushman Makkadan chiqib, Madina tomon yoʻlga tushgan edi. Xandaqni imkon qadar tezroq qazib bitirish lozim edi.
Sevimli Paygʻambarimiz ishni shaxsan oʻzlari boshlab, qahramon sahobalari bilan birga «Bismillahir rohmanir rohim» deb, birinchi choʻkichni urdilar. Hamma bor gʻayrati bilan xandaqni tezroq qazib bitirishga intilardi. Hatto bu ishga bolalar ham qatnashardi. Rasululloh uchun Zubob tepaligi ustida turk chodiri tikildi.2 Xandaqdan chiqarilgan tuproq zambillarda shu tepalikning atrofiga toʻkilar, qaytishda esa dushmanga otish uchun Salʼ togʻidan tosh tashilardi. Zambil topa olmaganlar tuproqni etaklarida tashir edi. Sevimli Paygʻambarimiz ham charchagunlaricha ishlardilar. Buni koʻrgan sahobai kiromning gʻayrati joʻsh urardi. Ular: «Jonimiz sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Bizning ishlaganimiz yetadi. Siz ishlamang, dam oling», – desalar ham, u zot: «Men ham ishlab topayotgan savobingizga sherik boʻlishni istayman», – deb javob berardilar.
Oʻsha kunlarda havo juda sovuq edi. Buning ustiga oʻsha yili qurgʻoqchilik tufayli qahatchilik hukm surardi. Yegulik topish ham ancha qiyin edi. Olamlar sarvari ham, butun sahobai kirom ham dahshatli ochlikni boshdan kechirardilar. Oʻzlarini baquvvat his qilish uchun ochlikdan qorinlariga tosh bogʻlar, meʼdalarini siqib, ovqatga boʻlgan ehtiyojni bosishga harakat qilardilar. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevimli Paygʻambarimiz oʻz ochliklari haqida oʻylamas, sahobalarining bu sovuqda och holda ishlayotganidan va chekayotgan mashaqqatlaridan juda qaygʻurar, ularga rahmlari kelar va shunday duo qilardilar: «Allohim! Oxirat hayotidan boshqa (istaladigan) hayot yoʻqdir. Yo Rabbim! Ansorlar va muhojirlarni magʻfirat qil!» Ular esa jonlaridan ortiq sevadigan Habibi akramga: «Hayotimizning oxirigacha Allohu taoloning yoʻlida Islom dinini yoyish uchun Rasulullohga tobe boʻldik», – deb javob berishardi. Bu oʻzaro muhabbat ochlik, tashnalik kabi qancha-qancha mashaqqatlarni ildizi bilan sugʻurib tashlardi.
Chaqmoq chaqdi
Xandaq qazish har kuni erta tongdan boshlanib, kechgacha davom etardi. Bir kuni qazish paytida hazrati Ali ibn Hakam oyogʻidan yaralandi. Yaradorni otga mindirib, Paygʻambarimizning huzurlariga olib keldilar. Olamlar sarvari «Bismillahir rohmanir rohim» deb, uning oyogʻini siladilar. Paygʻambarimizning bir moʻjizasi sifatida, bir lahzada oyogʻidan oqayotgan qon toʻxtadi va ogʻrigʻi qoldi. Xandaq qazish davom etardi. Bir mahal sahobalar juda qattiq bir yerga duch kelishdi. Qazishning iloji boʻlmasdi. Rasuli akramning huzurlariga kelib, ahvolni bildirishdi. U zot tashrif buyurib, xandaqqa tushdilar. Bir idishda suv soʻradilar. Undan bir qultum olib, yana idishga qaytardilar. Soʻngra suvni qattiq yerga sepdilar. Bosqonni olib, u joyni bir urishda qumdek sochib yubordilar. Endi u yer oson qaziladigan boʻlib qoldi. Shu urish paytida sevimli Paygʻambarimizning muborak qorinlari ochilib qolganda, u yerdagilar u zot ochlikdan muborak meʼdalari ustiga tosh bogʻlab olganlarini koʻrdilar. Rasulullohning bu holini koʻrgan hazrati Jobir ibn Abdulloh u zotning huzurlariga borib, izn soʻradi: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Izn bersangiz, uyga bir borib kelsam». Izn olgandan keyingi voqeani hazrati Jobir shunday hikoya qildi:
«Izn berilgach, uyga kelib, xotinimdan: „Rasul alayhissalomda chidab boʻlmaydigan darajada ochlik holini koʻrdim. Uyda yeyishga biror narsa bormi?“ – deb soʻradim. U: „Mana shu uloqdan va bir necha hovuch arpadan boshqa hech narsa yoʻq“, – dedi. Darhol uloqni soʻydim, xotinim esa arpani qoʻl tegirmonida tortib, un qildi. Soʻngra undan xamir qordi. Goʻshtni sopol qozonga solib, tandirda pishirishga kirishdi. Rasulullohning yonlariga qaytayotganimda, xotinim ovqat oz boʻlgani uchun xijolatda qolmaylik deb, menga qattiq tayinladi. Shundan keyin Rasulullohning huzurlariga bordim va: „Yo Rasulalloh! Juda oz ovqatim bor. Yoningizga bir-ikki kishini olib, biznikiga ovqatga marhamat qiling!“ – dedim.
Rasululloh menga: „Xotiningga ayt, men kelgunimcha tandirdan na goʻsht qozonini, na nonni chiqarsin“, – dedilar. Soʻngra mujohidlarga yuzlanib: „Ey xandaq ahli! Jobir bizga ziyofat tayyorlabdi, bizni ovqatga chaqiryapti. Taomi ham moʻl, ham mazali. Turinglar! Jobirning ziyofatiga boramiz!“ – dedilar. Bu amrdan keyin sahobai kirom toʻplanib, Paygʻambarimizning ortlaridan yura boshladi. Men darhol uyga qaytib, boʻlgan voqeani xotinimga aytib berdim va: „Endi nima qilamiz?“ – dedim. U menga: „Rasul alayhissalom ovqat qanchaligini soʻramadilarmi?“ – dedi. Men: „Soʻradilar, men aytdim“, – dedim. Xotinim: „Sahobai kiromni sen chaqirdingmi yoki Rasulullohmi?“ – deb soʻradi. „Rasululloh chaqirdilar“, – deganimda, u: „Rasul alayhissalom yaxshiroq biladilar“, – deb menga tasalli berdi.
Koʻp oʻtmay eshigimiz oldida Paygʻambarimizning nurli jamollari koʻrindi. U zot koʻpchilik sahobalarga: „Bir-biringizni siqmasdan ichkariga kiringlar“, – dedilar. Sahoba birodarlarim oʻn kishilik guruhlar boʻlib oʻtirdi. Nabiyi muhtaram non va goʻshtning barakali boʻlishi uchun duo qildilar. Soʻngra qozonni tandirdan chiqarmasdan, choʻmich bilan ichidagini olib, qoʻllariga olgan nonlar ustiga qoʻyib, sahobalariga tortdilar. Barcha sahobalar toʻyguncha u zot shunday davom etdilar. Qasam ichamanki, ovqat yeganlar mingdan ortiq boʻlsa ham, non ham, goʻsht ham avvalgidek turardi. Biz ham yegach, qolganini qoʻshnilarimizga tarqatdik».3
Hazrati Salmon Forsiy xandaqni juda mohirona qazir edi. Bir oʻzi oʻn kishining ishini bajarardi. U oʻrtoqlari bilan oʻzlariga ajratilgan joyni qaziyotganda, juda qattiq va katta oq qoyaga duch keldilar. Qoyani sindirish uchun koʻp urindilar. Ammo barcha mehnatlari zoye ketdi. Ustiga-ustak bosqonlari, choʻkichlari va belkuraklari ham sindi. Hazrati Salmon sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga borib, ahvolni arz qildi: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Xandaq qaziyotganimizda qattiq bir qoyaga duch keldik. Temirdan yasalgan barcha asboblarimiz sinsa ham, uni joyidan qimirlata olmadik». Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam) u yerga tashrif buyurib, bosqon soʻradilar. U yerda boʻlgan sahobai kirom natijani qiziqish bilan kutardi. Paygʻambarlar sultoni xandaqqa tushdilar. Bosqonni koʻtarib, «Bismillahir rohmanir rohim» deb, qoyaga shunday urdilarki, bu zarbadan Madinani yoritib yuborgan chaqmoq chaqdi va qoyadan bir parcha koʻchib tushdi.
Rasuli akram «Allohu akbar!» deb takbir aytdilar. Buni eshitgan sahobalar ham takbir aytdi. Soʻngra u zot qoyaga ikkinchi marta bosqon urdilar. Yana hamma yoqni yoritgan chaqmoq!
«Men ham ishlab topayotgan savobingizga sherik boʻlishni istayman» Hadisi sharif
Va qoyadan koʻchib tushgan parchalar… Sevimli Paygʻambarimiz yana «Allohu akbar!» deb takbir aytdilar. Sahobai kirom ham u zotga ergashib takbir aytdi. Bosqon uchinchi marta tushganda, hamma yoqni yoritgan yana bir chaqmoq chaqdi va qoya parcha-parcha boʻlib ketdi. Olamlar sarvari yana «Allohu akbar!» deb takbir aytdilar. Sharafli sahobalari ham u zotga ergashib, yana takbir aytdi.
Hazrati Salmon qoʻlini uzatdi. Sevimli Paygʻambarimiz yuqoriga chiqdilar. Salmon Forsiy: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Umrimda hech koʻrmagan bir narsani hozir koʻrdim. Buning hikmati nima?» – deganda, Paygʻambarimiz sahobalariga yuzlanib: «Salmon koʻrganni sizlar ham koʻrdingizmi?» – deb soʻradilar. Ular: «Ha, yo Rasulalloh! Bosqonni qoyaga urganingizda, kuchli bir chaqmoq chaqqanini koʻrdik. Siz takbir aytganingizda, biz ham takbir aytdik», – deyishdi. Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Birinchi zarbaning yorugʻida menga Eron shohining (Kisroning) (Madoindagi) koʻshklari koʻrindi. Jabroil (alayhissalom) kelib: „Ummatingiz u yurtlarga ega boʻladi“, – deb xabar berdi. Ikkinchi zarbada Rum viloyatining (Shomning) qizil koʻshklari koʻrindi. Jabroil (alayhissalom) kelib: „Ummatingiz u diyorga ham ega boʻladi“, – dedi. Uchinchisida Sanʼoning (Yamanning) koʻshklari koʻrindi. Jabroil (alayhissalom): „U yerga ham ummatingiz molik boʻladi“, – deb xabar berdi».
Soʻngra Koinot sultoni Eron shohining (Kisroning) Madoindagi saroyini taʼriflaganlarida, oʻsha yerlik boʻlgan hazrati Salmon: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Sizni haq din va Kitob bilan yuborgan Allohu taologa qasamki, u koʻshklar aynan siz aytganingizdek. Allohu taoloning rasuli ekaningizga guvohlik beraman», – dedi. Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Ey Salmon! Shom albatta fath etiladi. Hiraql mamlakatining eng chekka joyiga qochadi. Sizlar Shomning har tarafiga hokim boʻlasizlar. Sizlarga hech kim qarshi tura olmaydi. Yaman albatta fath etiladi. Mana bu „Mashriq diyori“ ham albatta fath etiladi va Eron shohi (Kisro) oʻldiriladi. Allohu taolo bu fathlarni mendan keyin sizlarga nasib etadi».4
Hazrati Salmon Forsiy: «Rasulullohning bu xushxabarlarining hammasi amalga oshganini koʻrdim», – deb hikoya qildi.
Dushman endi yaqin orada yetib kelishi kerak edi. Xandaqni imkon qadar tezroq bitkazish uchun bor kuch bilan qazishardi. Mujohidlar faqat zarurat boʻlgandagina Paygʻambarimizdan izn olib, ishni qoʻyar, ehtiyojlarini hal qilgach, yana ish boshiga yugurib qaytardi.
Munofiqlar esa juda boʻshanglik qilardi. Xohlagan paytlarida ishga kelib, xohlagan paytlarida izn soʻramay tashlab ketardi. Buning ustiga sahobalarning bunday ishlashini masxara qilar, hatto Paygʻambarimiz bergan xushxabarlar haqida ham: «Biz dushmandan qoʻrqib xandaqlarga berkinyapmiz. U esa bizga Yaman, Rum va Fors mamlakatlarining koʻshklarini vaʼda qilyapti. Sizlarning bu holingizga hayronmiz!…» – der edi.
Shundan keyin mujohidlar haqida nozil boʻlgan oyati karimada shunday deyildi, maʼnosi: «Haqiqiy moʻminlar faqat Allohu taologa va Uning Rasuliga iymon keltirgan va (hammaga tegishli ijtimoiy) umumiy bir ish uchun u (Rasululloh) bilan birga boʻlgan paytlarida, undan izn olmagunlaricha tashlab ketmaydigan kishilardir. Demak, (ey Habibim!) sizdan izn soʻraydiganlar – haqiqatan Allohu taologa va Uning Rasuliga iymon keltirganlardir. Bu moʻminlar baʼzi ishlari uchun sizdan izn soʻrasalar, siz ham ulardan xohlaganingizga izn bering va ular uchun Allohu taolodan magʻfirat tilang. Shubhasiz, Allohu taolo Gʻafurur Rahimdir – juda kechiruvchi, juda marhamatlidir».5
Munofiqlar haqida nozil boʻlgan oyati karimalarda esa shunday deyildi, maʼnosi: «Allohu taolo Rasulining daʼvatini oʻz orangizda bir-biringizni chaqirishingizga oʻxshatmanglar! Orangizdan bir-biringizni pana qilib, yashirincha (sugʻurilib) qochadiganlaringizni Allohu taolo albatta biladi. Uning amriga qarshi chiqadiganlar dunyoda fitnaga, oxiratda esa alamli azobga duchor boʻlishdan saqlansinlar! Ogoh boʻlinglar! Osmonlarda va yerda nima boʻlsa, hammasi Allohu taolonikidir. U sizlarning qay holatda (barcha xususiyatlaringizni, niyatlaringizni, moʻmin yoki munofiq) ekaningizni ham biladi. Allohu taolo Oʻziga qaytariladigan qiyomat kuningizda barcha qilgan ishlaringizni sizlarga xabar beradi. Allohu taolo har bir narsani biluvchidir».6
Xandaq qazishga kirishilganiga olti kun boʻlgan edi. Har kim oʻz ishini loyiq darajada bitirgan edi. Ammo bir joy vaqt yetmagani sababli keng va chuqur qazilmay qolgan edi. Paygʻambarimiz bu joy uchun xavotirlarini bildirib: «Mushriklar bu yerdan boshqa hech qayerdan oʻta olmaydilar», – dedilar. Bu yerga qorovullar qoʻydilar.
Allohu taolo – eng goʻzal vakil
Mushrik qoʻshini Madinaga juda yaqinlashgan paytda yahudiy Banu Nazirning boshligʻi Huyay Quraysh qoʻshinining qoʻmondoniga shuni bildirdi: Madinadagi Qurayza yahudiylari musulmonlar bilan ahdlashgan, lekin u ularning boshligʻi Kaʼb ibn Asadni aldab, oʻz saflariga torta oladi. Qoʻmondon: «Ey Huyay! Hoziroq Kaʼb ibn Asadning oldiga bor. Musulmonlar bilan tuzgan ahdlarini buzib, bizga yordam berishsin», – dedi. Bu ahdning moddalaridan biri shunday edi: «Madinaga biror dushman qoʻshini hujum qilsa, musulmonlar bilan birlashib, dushmanga qarshi turish».
Yahudiy Huyay mushrik qoʻshinidan ajralib, kechasi Banu Qurayza boshligʻi Kaʼbning uyiga keldi. Eshikni taqillatib, oʻzini tanishtirdi va: «Ey Kaʼb! Qurayshning butun qoʻshinini, Banu Kinona va Banu Gʻatafon kabi juda koʻp qabilalarni oʻn ming kishilik qoʻshin holida olib keldim. Endi Muhammad va uning sahobalari qutula olmaydi. Ularni butunlay yoʻq qilmagunimizcha, qurayshliklar bilan birga bu yerdan ketmaslikka qasam ichdik!…» – dedi. Kaʼb: «Muhammadni va uning sahobalarini oʻldirib boʻlmasa-yu, qurayshliklar va gʻatafonliklar yurtlariga qaytib ketsa, biz bu yerda yolgʻiz qolamiz. Oxir-oqibat hammamizni oʻldirishadi, deb qoʻrqaman!…» – deb xavotirini bildirganda, Huyay: «Bu qoʻrquv ketishi uchun qurayshliklar va gʻatafonliklardan yetmish kishini garovga soʻraysan. Bu garovdagilar sening qoʻlingda ekan, ular bu yerdan keta olmaydi. Agar yengilib ketsalar, men sizlarning yoningizdan ketmayman. Sizlarning boshingizga tushgan balo mening boshimga ham tushgan boʻladi», – deb, avval Kaʼbni, keyin boshqa yahudiylarni ham aldadi. Ularni musulmonlar bilan tuzilgan ahdnomani yirtishga majbur qildi. Shunday qilib, ahd buzildi.
Huyay mushrik qoʻshiniga qaytib, ahvolni aytib berdi. Banu Qurayza musulmonlarga orqadan zarba berishini maʼlum qildi.
«Ey xandaq ahli! Jobir bizga ziyofat tayyorlabdi, bizni ovqatga chaqiryapti. Taomi ham moʻl, ham mazali. Turinglar! Jobirning ziyofatiga boramiz!» Hadisi sharif
Yettinchi kuni mushriklar oʻn ming kishilik katta qoʻshin bilan Madinaning shimol va shimoli-gʻarb tarafiga kelib, qarorgoh qurdilar. Bu qarorgoh xandaq qazilgan joyning narigi tarafida edi. Mushriklarning niyati shu edi: bu katta qoʻshin bilan Madinani boshdan-oyoq yoqib-vayron qilish, Paygʻambarimizni va u zotning sahobalarini yoʻq qilib, Islomni bitirish. Koʻrinishdan bu qarshi turish qiyin boʻlgan juda katta qoʻshin edi. Xayollariga ham kelmagan xandaq toʻsigʻini koʻrib, mushriklar dovdirab qoldilar, ruhlari tushib ketdi. Chunki xandaq yaxshi ot ham chopib kelib hatlay olmaydigan kenglikda edi. Xandaqqa yiqilgan odam ham osonlikcha chiqa olmasdi. Ayniqsa, sovut kiygan kishining yuqoriga tirmashib chiqishi juda qiyin edi. Mushriklar kelganini eshitgan sevimli Paygʻambarimiz olti kundan beri tinmay ishlab charchagan sahobalarini darhol yigʻib, xandaqning bu tarafida, Salʼ togʻi etagida qarorgoh qurdilar. Ularning orqasida Salʼ togʻi va Madina, oldida xandaq, uning narigi tomonida esa dushman… Ibn Ummu Maktum bu safar ham Madinada Paygʻambarimizning oʻrinbosari qilib qoldirildi. Ayollar va bolalar qalʼalarga joylashtirildi. Uch ming kishilik Islom qoʻshinining oʻttiz oltita otligʻi bor edi. Bayroqlar hazrati Zayd ibn Horisa bilan hazrati Saʼd ibn Ubodaning qoʻlida edi.7 Rasulullohning teridan yasalgan chodirlari Salʼ togʻi etagida tikildi. Yana qancha qahramonliklar koʻrsatadigan sahobai kirom dushmanning harakatlarini diqqat bilan kuzata boshladi. Shu payt sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga hazrati Umar keldi. U: «Yo Rasulalloh! Eshitishimcha, Qurayza yahudiylari oramizdagi ahdni buzishibdi va bizga qarshi urushga tayyorlanishayotgan ekan!» – dedi. Kutilmagan bu xabarga Olamlar sarvari: «Hasbunallohu va niʼmal vakil (Allohu taolo bizga kifoya. U qanday goʻzal Vakil!)», – deb javob berdilar. U zot juda qaygʻuga botdilar. Endi Islom qoʻshini ikki oʻt orasida qolgan edi. Shimol va gʻarbda mushrik qoʻshinlari, janubi-sharqda esa yahudiylar turardi. Rasululloh hazrati Zubayr ibn Avvomni Banu Qurayza qalʼasiga yubordilar. Hazrati Zubayr borib, ahvolni bilib keldi. Qaytgach, koʻrganlarini aytib berdi: «Yo Rasulalloh! Ularning qalʼalarini taʼmirlayotganini, harbiy mashqlar oʻtkazayotganini koʻrdim. Bundan tashqari, hayvonlarini ham yigʻishtirishayotgan ekan». Shundan keyin Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam) Saʼd ibn Muoz, Saʼd ibn Uboda, Havvot ibn Jubayr, Amr ibn Avf va Abdulloh ibn Ravohani Banu Qurayzaga nasihat qilib, ahdni yangilash uchun yubordilar.8 Vazifa berilgan bu besh sahoba Qurayza yahudiylarining qalʼasiga borib, ularga nasihat qildi. Ammo nasihat kor qilmadi. Buning ustiga yahudiylar ularni haqorat qila boshladi. Oxirgi soʻz sifatida ular shunday deyishdi: «Birodarlarimiz Banu Nazirni yurtlaridan haydab chiqarib, qoʻl-qanotimizni sindirdingiz. Muhammad ham kim boʻlibdi! U bilan oramizda hech qanday soʻz ham, ahd ham yoʻq. Hammamiz birdan Paygʻambaringizga hujum qilib, uni oʻldirishga qasam ichganmiz. Birodarlarimizga albatta suyanch boʻlib, yordam beramiz!…» Hazrati Saʼd ibn Muoz va uning sheriklari Rasulullohning huzurlariga kelib, ahvolni hamma ham tushuna olmaydigan tarzda, kinoya bilan aytib berishdi. Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Xabaringizni sir tutinglar. Faqat biladigan kishigagina ochinglar. Chunki urush tadbir va hiyladan iboratdir».9
Sahobai kirom xandaqning bu tarafida Paygʻambarimizni kutar, qanday harakat qilishlari kerakligini bilishga intizor edi. Koʻp oʻtmay Koinot sultoni qahramon sahobalarining yoniga tashrif buyurib: «Allohu akbar! Allohu akbar!» – deb takbir aytdilar. Buni eshitgan shonli sahobalar bir ogʻizdan takbir aytib, Janobi Haqning ismi sharifining ulugʻligini eʼlon qildi va xandaqning narigi tomonida qumdek qaynab turgan kofirlarning qalbiga qoʻrquv soldi. Takbirlarni eshitgan mushriklar: «Muhammadga va uning sahobalariga, aftidan, biror quvonchli xabar kelibdi», – deyishdi.
Paygʻambarimiz sahobalariga: «Ey musulmonlar jamoati! Allohu taoloning fathi va yordami bilan sevininglar!» – deb, zafar qozonishlari haqida xushxabar berdilar. Shonli sahobalar shu paytgacha koʻplab sariyyalarda boʻlgan, Badr va Uhud janglarida qatnashgan edi. Soni va kuchi koʻp boʻlgan mushriklarni ular Allohu taoloning izni va Rasuli akramning duolari barakasi bilan har safar magʻlub etgan edi. Boshlarida mavjudotning «Bosh toji» turganda, ular uddalay olmaydigan ish, chiday olmaydigan mashaqqat boʻlishi mumkin emas edi. Havo sovuq, qahatchilik qattiq, ochlik haddan ortiq edi… Paygʻambarimiz ham, boshqa koʻpchilik ham muborak qorinlariga tosh bogʻlagan edilar. Roʻparada dushman qumdek qaynardi! Ammo shonli sahobalar uchun dushmanning koʻpligi ham, chekilayotgan mashaqqatlar ham ahamiyatsiz edi. Allohu taolo eng goʻzal vakil edi… Ular Unga bogʻlangan, Unga tayangan, Uning panohiga sigʻingan edilar. Qurayshning koʻzga koʻringan qoʻmondonlari va Quraysh bilan birga kelgan boshqa qabilalarning boshliqlari umumiy hujumga oʻtishga qaror qilishdan oldin, xandaq boʻylab oʻtish mumkin boʻlgan joy izlay boshlashdi. Xandaqni bir boshidan narigi boshigacha aylanib chiqdilar. Nihoyat, shoshilinch tufayli chala qolgan tor joyda toʻxtab, shu yerdan hujum qilish qulay boʻladi, degan qarorga keldilar. Mushrik askarlari ham qoʻmondonlari ortidan yurib, goh xandaqqa, goh shonli sahobalarga qarab hayron boʻlardi. «Qasam ichamizki, bu arablarning usuli emas. Buni albatta oʻsha fors odami maslahat bergan!» – deyishardi. Qurayshlik qoʻmondonlar askarlariga xandaqning tor joyini koʻrsatib: «Bu yerdan kim sakrab, narigi tarafga oʻta oladi?» – deganda, ular orasidan besh otliq ajralib chiqdi. Ular yakkama-yakka olishish uchun xandaqning narigi tarafiga oʻtishlari kerak edi. Shonli sahobai kirom ham, mushrik askarlari ham bu besh otliqning harakatlarini qiziqish bilan kuzata boshladi. Otliqlar tezlik olish uchun orqaga chekinishdi. Soʻngra otlarining boshini xandaqning eng tor joyiga burib, choptirib yubordilar. Yeldek uchib kelayotgan besh zotli ot bir sakrashda xandaqning narigi tarafiga oʻtishga muvaffaq boʻldi. Ularga juda koʻp otliqlar ergashmoqchi boʻlsa ham, uddalay olmay, xandaqning u tarafida qolib ketdi. Oʻtganlar orasida Amr ibn Abduvud ismli juda baquvvat, kuragi yerga tegmagan bir pahlavon bor edi; hamma undan qoʻrqar, unga qarshi chiqa olmas edi. U bir oʻzi bir qoʻshinga barobar edi. Oʻn ming kishilik qoʻshin ichidan aynan uning bu yerga chiqishi ham shuni koʻrsatardi. U boshdan-oyoq sovut kiygan edi. Ot ustida juda haybatli koʻrinardi. Koʻrinishi bilan yuraklarga qoʻrquv soladigan bu odam mujohidlarga qarab: «Men bilan olisha oladigan biror kishi boʻlsa, maydonga chiqsin!…» – deb baqirdi. Bu kibr timsolini koʻrgan hazrati Ali sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga chiqib, izn soʻradi: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! U bilan men olishay». Hazrati Alining egnida esa hatto sovuti ham yoʻq edi.
«Ey Salmon! Shom albatta fath etiladi. Hiraql mamlakatining eng chekka joyiga qochadi. Sizlar Shomning har tarafiga hokim boʻlasizlar. Sizlarga hech kim qarshi tura olmaydi. Yaman albatta fath etiladi. Mana bu „Mashriq diyori“ ham albatta fath etiladi va Eron shohi (Kisro) oʻldiriladi. Allohu taolo bu fathlarni mendan keyin sizlarga nasib etadi» Hadisi sharif
Sahobai kirom unga havas bilan qarardi. Sevimli Paygʻambarimiz oʻzlarining muborak sovutlarini yechib, hazrati Aliga kiydirdilar. Qilichlarini uning beliga bogʻladilar. Muborak boshlaridan sallalarini olib, uni shaxsan oʻz muborak qoʻllari bilan uning boshiga oʻradilar. Soʻngra yolvorib, shunday duo qildilar: «Allohim! Badr jangida amakivachcham Ubayda, Uhud jangida amakim Hamza shahid boʻldi. Yonimda birodarim va amakivachcham Ali qoldi. Sen uni asragin, unga yordamingni ehson et. Meni yolgʻiz qoldirma!» Sahobai kirom: «Omin!» – deyishdi. Duolar va takbirlar orasida piyoda ilgarilab borgan Allohu taoloning arsloni ot ustida ulkan bir sharpadek turgan Amr ibn Abduvudning qarshisida tik turdi. Koʻzlaridan boshqa hamma joyi sovut bilan qoplangan Amr bu qahramonni taniy olmadi va kimligini soʻradi. U: «Men Ali ibn Abu Tolibman», – deb oʻzini tanishtirganda, Amr goʻyo unga achinib: «Ey jiyanim! Otang mening doʻstimdir. Shuning uchun qoningni toʻkishni istamayman. Menga qarshi chiqadigan amakilaringdan birortasi yoʻqmi?» – dedi. Hazrati Ali esa uni qizishtirib: «Ey Amr! Vallohi, men sening qoningni toʻkishni istayman. Faqat ikkalamiz ham teng holatda boʻlishimiz kerak emasmi? Mardlik shaʼniga ham shu yarashmaydimi? Vaholanki, men piyodaman, sen esa otliqsan!…» – dedi.
Buni eshitgan Amrning mardlik tomiri qoʻzidi: u darhol otidan tushib, otining oyoqlarini qilich bilan chopib tashladi-da, gʻazab bilan hazrati Alining qarshisiga oʻtdi. U hamla qilmoqchi boʻlganda, Allohu taoloning arsloni: «Ey Amr! Eshitishimcha, sen Qurayshdan biror kishi bilan yuzma-yuz kelganingda, uning ikki tilagidan birini bajarishga qasam ichgan ekansan. Shu rostmi?» – deb soʻradi. U: «Ha, rost», – deb javob berganda, bu safar: «Unday boʻlsa, birinchi tilagim – sening Allohu taologa va Uning Rasuliga iymon keltirib, musulmon boʻlishingdir!» – deb uni iymonga daʼvat qildi. Buni eshitgan Amr gʻazablanib: «Buni qoʻy! Bu menga kerak emas!» – dedi. Hazrati Ali: «Ikkinchi tilagim – olishuvni qoʻyib, Makkaga qaytishingdir. Chunki Rasul alayhissalom dushman ustidan gʻolib kelsalar, sen bu ishing bilan u zotga yordam bergan boʻlasan!…» – dedi. Amr: «Buni ham qoʻy! Men intiqom olmagunimcha xushboʻylik surtmaslikka qasam ichganman. Boshqa tilaging boʻlsa, shuni ayt!» – deganda, hazrati Ali: «Ey Allohu taoloning dushmani! Endi sen bilan olishishdan boshqa hech narsa qolmadi!» – dedi.
Amr bu soʻzlarga kulib: «Ajabo! Arab diyorida menga qarshi chiqa oladigan bir mard borligi xayolimga ham kelmas edi! Ey jiyanim! Qasamki, men seni oʻldirishni istamayman. Chunki otang mening doʻstim edi. Men oʻzimga qarshi Quraysh zodagonlaridan Abu Bakr kabi, Umar kabi bir kishini istar edim», – dedi. Hazrati Ali: «Shunday boʻlsa ham, men seni oʻldirish uchun bu yerga chiqdim», – deganda, Amrning qoni boshiga urdi. Qilichini koʻtarishi bilan tushirishi bir boʻldi. Shunday narsani kutib turgan Allohu taoloning arsloni hazrati Ali (karramallohu vajhahu) chaqmoqdek chetga sakrab, zarbani qalqoni bilan qarshi oldi. Ammo Amr bunga oʻxshash qancha-qancha qalqonlarni parchalagan edi. Amrning zarbasiga eng mustahkam qalqonlar ham bardosh bera olmasdi. Hozir ham shunday boʻldi. Hazrati Alining qalqoni parchalandi, ustiga-ustak qilich boshini tirnab, yaraladi. Endi hamla navbati hazrati Aliga kelgan edi.
Allohu taoloning panohiga sigʻinib, u «Yo Alloh!…» deb, Zulfiqorni Amrning boʻyniga tushirdi. Qilichni tushirishi bilan Islom qoʻshinida yeru koʻkni larzaga solgan «Allohu akbar!… Allohu akbar!…» sadolari, kofirlar qoʻshinida esa ohu figʻonlar koʻtarila boshladi… Ha, paygʻambarlar sultonining, mavjudotning bosh tojining duosi qabul boʻlgan edi. Devdek Amr yerga qulagan, tanasidan qon tarnovdek oqarkan, boshi dubulgʻasi bilan birga uchib ketgan edi. Oʻzlari eng koʻp ishongan Amrning yerga qulaganini koʻrgan sheriklari darhol hazrati Aliga tashlandi. Buni koʻrgan sahobai kirom u yerga yugurib keldi. Zubayr ibn Avvom Navfal ibn Abdullohni yaralab, oti bilan birga xandaqqa qulatdi.
Hazrati Ali xandaqqa tushib, Navfalni ikkiga boʻlib tashladi. Qolganlari xandaqdan zoʻrgʻa oʻtib, orqaga qochdi. Mushrik qoʻshinining bosh qoʻmondoni esa jangning boshidayoq katta umidsizlikka tushgan edi.
Endi jangning shakli maʼlum boʻldi. Xandaq yuzma-yuz olishuvga imkon bermasdi. Ikki tomon oʻq otib, bir-biriga talafot yetkazishga urindi. Bu natijani choʻzishdan boshqa hech narsaga yaramasdi. Shu yoʻl bilan gʻolib kela olmasliklarini anglagan mushriklar xandaqning har tarafidan hujumga oʻtish eng qulay yoʻl boʻladi, degan qarorga kelib, hujumga oʻtdilar. Oʻn ming kishilik ulkan dushman qoʻshini xandaqdan oʻtishga urinar, uch ming kishilik shonli Islom qoʻshini esa oʻq va tosh bilan ularni xandaqdan oʻtkazmaslikka harakat qilardi. Dahshatli olishuv boshlandi. Bu olishuv kechgacha davom etdi.
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) kechasi xandaqning turli joylariga qorovullar qoʻydilar. Oʻzlari ham tor joyda qorovullik qila boshladilar. Madinaga besh yuz kishilik soqchi qismni yuborib, koʻchalarda baland ovoz bilan takbir aytishni buyurdilar. Shu tariqa yahudiylardan yoki Quraysh mushriklaridan kelishi mumkin boʻlgan xavfning oldi oʻz vaqtida olinar, ayollar va bolalar himoya qilinar edi.
Qurayza yahudiylari esa Huyay ibn Axtabni mushriklarga yuborib, kechasi bosqinlar uyushtirish uchun ikki ming kishilik kuch soʻradi. Ular kechalari himoyasiz qolgan ayollar va bolalarga hujum qilmoqchi edi. Ammo mujohidlarning tonggacha soqchilik qilib aylanib yurishlari va «Allohu akbar!» nidolari bilan takbir aytishlari ularning qalbiga katta qoʻrquv soldi. Qalʼalariga chekinib, payt poylay boshladilar. Vaqti-vaqti bilan kichik guruhlar holida Madinaga kirishga urindilar.
Bir kechasi Banu Qurayzaning koʻzga koʻringan kishilaridan Gʻazzol yoniga olgan oʻn kishilik guruh bilan Paygʻambarimizning ammalari Safiyya onamiz turgan koʻshkka qadar yetib kelishga muvaffaq boʻldi. Ichkarida ayollar va bolalar bor edi. Ularning oʻzlarini himoya qiladigan birgina quroli ham yoʻq edi. Yahudiylar avval koʻshkka oʻq otishga, soʻngra ichkariga kirishga urindi. Ulardan biri ichki hovliga oʻtishga muvaffaq boʻldi va ichkariga kirish uchun atrofni tekshira boshladi. Shu payt sevimli Paygʻambarimizning qahramon ammalari yonidagilarga aslo ovoz chiqarmaslikni tayinlab, pastga tushdi va eshik oldiga keldi. Boshini roʻmol bilan mahkam oʻrab, erkak qiyofasiga kirgach, qoʻliga bir uzun tayoq olib, beliga pichoq taqdi. Eshikni sekin ochib, oʻsha yahudiyning orqasiga yaqinlashdi va qoʻlidagi tayoq bilan uning boshiga qattiq urdi. Vaqtni boy bermasdan, yerga yiqilgan yahudiyni oʻldirdi. Soʻngra oʻldirilgan yahudiyning boshini tashqarida oʻq otayotgan yahudiylarga uloqtirdi. Sheriklarining kesilgan boshini oyoqlari ostida koʻrgan yahudiylar qattiq qoʻrquvga tushib, qocha boshladi.
Bir tomondan esa: «Bizga musulmonlar uylarida bironta ham erkak qoldirmay, hammasini urushga yuborishgan, deb xabar berishgan edi-ku!…» – deb gʻoʻldirashardi.10 Ertalab jang yana oʻsha shiddat bilan davom etdi. Oʻqlar havoda vizillab uchardi. Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) shonli sahobalariga: «Borligim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, duch kelayotgan mashaqqatlarimiz ustingizdan albatta koʻtariladi va sizlar kenglikka chiqarilasizlar», – deb, ularga sabr qilishni tavsiya etdilar va zafar iymon keltirganlarniki boʻlishini bashorat qildilar. Bu xushxabarni olgan qahramon sahobalar ochlik, qahatchilik kabi mashaqqatlarni unutdilar.
«Ey musulmonlar jamoati! Allohu taoloning fathi va yordami bilan sevininglar!» Hadisi sharif
Ular jon-jahdlari bilan kurashdilar va xandaqdan bironta ham mushrikni oʻtkazmadilar.
Sahobai kiromning peshqadamlaridan hazrati Saʼd ibn Muoz katta qahramonlik koʻrsatib jang qilmoqda edi. Jang paytida Hibbon ibn Qays ibn Araqa ismli bir mushrik otgan oʻq uning qoʻliga tegib, uni yarador qildi. Oʻq yirik qon tomiriga tegib, koʻp qon yoʻqotishiga sabab boʻldi. Yarador hazrati Saʼd atrofidagilar qonni toʻxtatish uchun urinayotganini koʻrib, ahvoli jiddiy ekanini angladi va shunday duo qildi: «Yo Rabbim! Agar Quraysh urushni davom ettiradigan boʻlsa, menga umr ato et. Chunki Sening Rasulingga ozor bergan, u zotni yolgʻonchi degan bu mushriklar bilan jang qilish menga qanchalik yoqsa, boshqa hech narsa menga bunchalik yoqmaydi. Agar oramizdagi urush tugayotgan boʻlsa, meni shahidlik martabasiga koʻtar. Lekin Banu Qurayzaning oqibatini koʻrmasdan jonimni olma». Duosi qabul boʻlib, qoni toʻxtadi. Sahobai kirom orasida jang qilayotgandek koʻringan Abdulloh ibn Ubay kabi munofiqlar esa juda sustkashlik qilar, oldingi saflarga yaqinlashmas edi. Bundan tashqari, mujohidlarning ruhini tushirish uchun qoʻllaridan kelganini qilar, fitna chiqarishga urinib: «Muhammad sizlarga Vizantiya imperatorining (qaysarning) va Eron shohining (Kisroning) xazinalarini vaʼda qilib turibdi. Vaholanki, hozir xandaq ichida qamalib qolganmiz. Qoʻrqqanimizdan hojatga ham chiqa olmayapmiz. Alloh va Uning Rasuli bizni aldashdan boshqa hech narsa qilmayapti, dunyolik sifatida ham biror narsa vaʼda qilmayapti!…» – der edi. Qiyin ahvolga tushib qolganlarida, uylarimizga dushman hujum qilishi mumkin, deb bahona qilib, vazifa joylarini tashlab ketardi. Munofiqlarning bu qilmishlari ham alohida bir dard, alohida bir mashaqqat boʻldi. Mushrik qoʻshini tezroq natijaga erishish uchun bor kuchini sarflar, ammo sharafli sahobalarning qahramonona mudofaasi qarshisida hech narsa qila olmasdi. Ular eng koʻp hujum qilgan joy tor oʻtish joyi edi. Sevimli Paygʻambarimiz bu yerdan ketmas, sahobalarini jangga ruhlantirardilar. Paygʻambarimizning yonginasida jang qilish sharafiga erishishni istagan sahobai kirom jang maydonida koʻrilmagan qahramonliklar koʻrsatardi. Bir mahal mushriklarning shiddat bilan oʻq yogʻdira boshlagani koʻrindi. Butun nishon Koinot sultoni turgan chodir edi.
Sevimli Paygʻambarimizning muborak jismlarini sovut yopib turardi. Muborak boshlarida esa dubulgʻalari bor edi. Chodir oldida tik turib, jangning borishiga qarab sahobalariga amrlar berardilar. Mushriklar baʼzan eng zaif koʻringan joyga birdan yopirilar, muborak sahobalar esa u yerga yugurib borib, din dushmanlarini quvib solgunlaricha ishq bilan jang qilardi.
«Alining bir qilich urishi barcha insonlar va jinlarning ibodatlaridan ham qimmatliroqdir» Hadisi sharif
Xandaq jangi
Bu koʻrilmagan olishuv juda shiddatli edi: qahramon sahobalarning yon-atrofga qarashga ham vaqtlari yoʻq edi. Oʻsha kuni ertalab boshlangan olishuv kechki soatlargacha davom etdi. Namoz vaqtlari kirgani sari shonli sahobalar: «Yo Rasulalloh! Namozimizni oʻqiy olmadik», – der, Olamlar sarvari, Koinot sultoni esa katta qaygʻu ichida: «Vallohi, men ham oʻqiy olmadim», – deb javob berardilar. Xufton paytlariga yaqin ular ibodat qilishga qoʻymagan mushrik toʻdasini juda shiddatli hujum bilan orqaga qaytarib, tarqatib yubordilar. Bu tarqoqlikdan oʻzlarini oʻnglay olmagan qurayshliklar va gʻatafonliklar tunni oʻtkazish uchun qarorgohlariga chekindi. Mujohidlar ham sevimli Paygʻambarimizning chodirlari tomon yurdilar. Oʻshanda olamlarga rahmat qilib yuborilgan Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam), duoyi bad qilish muborak odatlari boʻlmasa-da, namoz uchun chiday olmay, mushriklarga duoyi bad qilib, shunday dedilar: «Ular bizni quyosh botguncha ovora qilib, namozimizdan qanday toʻsgan boʻlsalar, Allohu taolo ham ularning uylarini, qorinlarini va qabrlarini olovga toʻldirsin!» Qazoga qolgan peshin, asr va shom namozlarini oʻqiganlaridan soʻng, xufton namoziga imomlik qildilar.
Yo Rabbim, kofirlarni magʻlub qil
Islomni butunlay yoʻq qilish uchun olib borgan bu olishuvlaridan soʻng mushriklar musulmonlarni kunduzi yengib boʻlmasligini angladilar. Ularning fikricha, yagona chora – xuddi shu shiddat bilan kechasi bosqinlar uyushtirish edi. Musulmonlarni faqat shu yoʻl bilan yengish mumkin edi. Bu qarorlarini darhol amalga oshirib, yahudiy Banu Qurayza bilan birga kechasi bosqinlar qila boshladilar. Askarlarini guruhlarga boʻlgan mushriklar navbatma-navbat hujumga oʻtar edi. Bu hol bir necha kun davom etdi. Sevimli Paygʻambarimiz boshliq qahramon sahobai kirom och, uyqusiz, charchagan boʻlsalar ham, mudofaani davom ettirdilar. Bironta ham dushman askarini xandaqdan bu tarafga oʻtkazmadilar. Jon-jahd bilan qilingan bu mudofaa ilgari boʻlgan barcha gʻazotlardan koʻra qoʻrqinchliroq, shiddatliroq, mashaqqatliroq va zahmatliroq edi.
Kunlardan beri olishayotgan mushriklarda oziq-ovqat tanqisligi boshlandi. Yerda bir tutam quruq oʻt ham topa olmagani uchun ot va tuyalari ham oʻla boshlagan edi. Shu sababli mushriklarning qoʻmondoni Ziror ibn Xattob boshchiligidagi bir guruhni oziq-ovqat olish uchun Qurayza yahudiylariga yubordi. Kofirlarga bor-budini fido qilgan yahudiylar darhol yigirma tuyaga bugʻdoy, arpa, xurmo va hayvonlar uchun somon yuklab topshirdi. Ziror askarlari bilan shodlanib qaytayotganda, Qubo yaqinida bir guruh sahobaga duch keldi. Qahramon sahobalar darhol hujum qilishdi. Qonli toʻqnashuvdan soʻng ular mushriklarni qochirib, yukli tuyalarni Paygʻambarimizga topshirishdi va u zotning koʻp duolariga musharraf boʻlishdi.11 Koinot sultoni (sallallohu alayhi vasallam) bir oyga yaqin davom etgan bu shiddatli olishuvda juda ogʻir ahvolda qolgan qahramon sahobalariga achinar, ularga otalaridan ham necha barobar ortiq shafqat koʻrsatardilar. Shonli sahobalarining bu inson qudratidan ortiq gʻayratlarini koʻrib, muborak peshonalarini tuproqqa qoʻyib, ular uchun Allohu taologa shunday yolvorardilar:
«Ey tang ahvolda qolganlarning madadiga yetuvchi! Ey muhtoj va chorasiz qolganlarning duosini ijobat qiluvchi Allohim! Mening va sahobalarimning holini, albatta, Sen koʻrib, bilib turibsan. Yo Rabbim! Kofirlarni magʻlub qil, oralariga nizo sol, ularga qarshi bizga nusrat ber, zafar ehson et!…»
Sevimli Paygʻambarimiz bu duolarini soʻnggi kunlarda tez-tez takrorlardilar. Qahatchilik keltirgan azoblar tufayli mushriklar musulmonlarni tezroq yoʻq qilish uchun bor kuchlarini sarflar edi. Shunday olishuvlar boʻlayotgan oqshomlarning birida mushrik qoʻshinidan qalbiga Islom muhabbati tushgan bir kishi Paygʻambarimizning huzurlariga keldi. Bu Gʻatafon qabilasidan Nuaym ibn Masʼud edi. U sevimli Paygʻambarimizga: «Yo Rasulalloh! Men Allohu taoloning bir ekanini va sizning haq paygʻambar ekaningizni tasdiqlash uchun keldim. Allohga hamd boʻlsinki, musulmon boʻlish sharafiga erishdim. Shu paytgacha sizlarga qarshi jang qildim. Bundan keyin kofirlarga qarshi jang qilaman. Menga nimani buyursangiz, bajarishga tayyorman! Yo Rasulalloh! Musulmon boʻlganimni hatto qavmim ham bilmaydi», – dedi. Rasuli akram: «Bu kofirlarning orasiga kirib, nizo solib, ularni bir-biridan ajratishga harakat qila olasanmi?» – deb soʻradilar. U: «Yo Rasulalloh! Allohu taoloning yordami bilan ularni bir-biridan ajrata olaman. Faqat nimani istasam, shuni aytishimga izn bormi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «Urush – hiyladir, istaganingni aytishing mumkin», – dedilar.
Hazrati Nuaym ibn Masʼud avval Qurayza yahudiylarining oldiga borib: «Mening sizlarga boʻlgan muhabbatimni bilasizlar. Faqat hozir gaplashadiganlarimiz oramizda qolsin, hech kim bilmasin!» – dedi. Yahudiylar: «Hech kim bilmaydi», – deb qasam ichdi. Shundan keyin hazrati Nuaym shunday dedi: «Bu odamning (Paygʻambarimizning) ishi, albatta, bir balodir. Bu odam Banu Nazir va Banu Qaynuqoʼga nima qilganini bilasizlar. Ularni yurt-makonlaridan haydab chiqarganini hammangiz koʻrdingiz. Hozir qurayshliklar va gʻatafonliklar kelib musulmonlar bilan jang qilmoqda, sizlar esa ularga yordam bermoqdasizlar. Kunlar davomida olishsak ham, hali biror natijaga erisha olmadik. Shunday davom etsa, qamal uzoqqa choʻziladiganga oʻxshaydi. Qurayshliklar va gʻatafonliklarning mollari, mulklari, yurtlari, bolalari sizlarnikidek bu yerda emas. Bu urushda fursat topib gʻolib kelsalar, oʻljalarni yigʻib ketadilar. Agar magʻlub boʻlsalar, chiqib ketadilar-u, sizlarni ular bilan yuzma-yuz qoldiradilar. Vaholanki, sizlarda musulmonlarga bas keladigan na kuch bor, na quvvat. Urushning hozirgi ahvoli esa musulmonlar zafar qozonishini koʻrsatmoqda. Men taxmin qilganimdek boʻlsa, musulmonlar sizlarni qilichdan oʻtkazmay qoʻymaydi. Shuning uchun shoshilinch bir chora koʻrishimiz kerak!…»12 Bu soʻzlarni katta hayajon va qoʻrquv bilan tinglagan yahudiylar hazrati Nuaym oʻzlari haqida bu qadar qaygʻurayotganidan juda mamnun boʻldi va: «Sen bizga doʻstligingni loyiq darajada koʻrsatding. Qanday chora koʻrishimiz kerakligini ham ayt», – dedi. Shuni kutib turgan Nuaym ibn Masʼud: «Toʻgʻrisi shuki, Quraysh va Gʻatafon zodagonlaridan baʼzilarini garovga olmaguningizcha, musulmonlar bilan aslo urushga kirmanglar! Garovdagilar sizlarning qoʻlingizda ekan, ular urushdan qochib keta olmaydi!» – dedi. Buni ham juda yaxshi chora deb bilgan yahudiylar unga tashakkur aytib, izzat-ikrom koʻrsatdi. Hazrati Nuaym yahudiylardan ajralib, toʻgʻri Quraysh qarorgohiga bordi. Ularning qoʻmondonlariga: «Mening Muhammadga boʻlgan dushmanligimni va sizlarni qanchalik yaxshi koʻrishimni bilasizlar. Bilib qolgan bir narsamni doʻstligimiz taqozosi bilan sizlarga yetkazishni katta burch deb bildim. Faqat bu aytadiganlarimni hech kimga eshittirmaslikka soʻz berib, qasam ichishingiz kerak!» – dedi. Ular qasam ichib, qiziqish bilan: «Gapir, seni tinglayapmiz», – deyishdi. U shunday dedi: «Xabaringiz boʻlsin, Qurayza yahudiylari sizlar bilan ittifoq tuzganlariga pushaymon boʻlib, Muhammadga xabar yuborishibdi: „Qurayshdan va Gʻatafonning koʻzga koʻringanlaridan boʻynini urish uchun garovga odamlar olib, senga topshiramiz. Soʻngra sen bilan birlashib, mushriklarni tag-tomiri bilan quritguncha jang qilamiz! Faqat birodarlarimiz Banu Nazirni kechirib, yurtlarini qaytarib berishing kerak!“ Muhammad ham yahudiylarning bu talablarini qabul qilibdi! Agar yahudiylar sizlardan garov soʻrasa, aslo rozi boʻlmanglar, hammasini oʻldirishadi! Bu aytganlarimni zinhor hech kim eshitmasin!…» Qurayshliklar bu muhim xabar uchun hazrati Nuaymga koʻp tashakkur aytib, iltifot koʻrsatdi.
«Borligim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, duch kelayotgan mashaqqatlarimiz ustingizdan albatta koʻtariladi va sizlar kenglikka chiqarilasizlar» Hadisi sharif
Nuaym ibn Masʼud (roziyallohu anhu) u yerdan chiqib, gʻatafonliklarning oldiga keldi. Qurayshliklarga aytganlarini ularga ham aytdi.
Bir kundan keyin Quraysh qoʻmondoni Banu Qurayzaga: «Endi bu yerda turish biz uchun juda qiyinlashdi. Chunki havo sovuq, hayvonlarimiz ochlikdan qirilib ketmoqda. Bu kecha yaxshilab tayyorgarlik koʻrib, ertaga hammamiz birga shiddatli hujumga oʻtaylik», – deb xabar yubordi. Yahudiylar: «Birinchidan, biz shanba kuni jang qilmaymiz. Ikkinchidan, sizlar bilan birga jangga qatnashishimiz uchun koʻzga koʻringan kishilaringizdan koʻpini bizga garovga berishingiz kerak. Agar qamal muddati choʻzilib, sizlar ojiz qolib yurtingizga ketsangiz, bizni Muhammadga topshirgan boʻlasizlar. Agar garov bersangiz, bizni tashlab ketmaysizlar!…» – dedi. Bu xabar Quraysh qoʻmondoniga yetganda, u: «Nuaym ibn Masʼudning soʻzi toʻgʻri ekan!» – dedi. Qurayshliklar yahudiylarga yana xabar yubordi: «Biz sizlarga birgina odamimizni ham garovga bermaymiz. Agar ertaga kelib biz bilan birga jang qilsangiz – juda yaxshi, aks holda biz yurtimizga ketamiz. Sizlar esa Muhammad va uning sahobalari bilan yuzma-yuz qolasizlar!…»
Buni eshitgan Qurayza yahudiylari Nuaymning soʻzi toʻgʻri chiqdi, deb oʻylab: «Bu holda biz ham sizlar bilan birlashib, musulmonlarga qarshi jang qilmaymiz…» – deb javob berdi. Shunday qilib, har ikki tarafning ham qalbiga qoʻrquv tushdi.13 Paygʻambarimizga Jabroil alayhissalom kelib, Allohu taolo mushriklarni boʻron bilan parishon qilishi haqida xushxabar berdi. Shundan keyin Olamlar sarvari muborak tizzalari ustiga choʻkib, muborak qoʻllarini uzatib: «Allohim! Menga va sahobalarimga rahm qilganing uchun Senga shukr qilaman», – deb, Allohu taologa shukrlarini arz etdilar. Soʻngra bu xushxabarni qahramon sahobalariga yetkazdilar. U kecha shanba kechasi edi. Atrofni dahshatli zulmat qoplagan, koʻz koʻzni koʻrmasdi. Soʻngra qattiq ayoz tushdi, uning ortidan esa juda kuchli shamol esa boshladi.
Bu kechani hazrati Huzayfa ibn Yamon shunday hikoya qildi: «Shunday bir kechada edikki, shu paytgacha undan qorongʻiroq kechani koʻrmagan edik. Bu quyuq zulmat bilan birga momaqaldiroqni eslatuvchi gumburlash bilan dahshatli shamol ham esa boshlagan edi. Shu payt Paygʻambarimiz bizga mushrik qoʻshini sarosima va qoʻrquvga tushib, oʻzaro kelishmovchilikka borganini xabar qildilar. Biz qattiq sovuqdan, ochlikdan va tunning dahshatidan oyoqqa tura olmay, turgan joyimizda ustimizga biror narsa yopinib kutib oʻtirardik. Rasululloh namozga turdilar va tunning bir qismini namoz oʻqib oʻtkazdilar.
Soʻngra bizga oʻgirilib, shunday dedilar: „Orangizda mushrik qoʻshinining oldiga borib, ularning ahvolini tekshirib, menga xabar keltiradigan kishi bormi? Bu xabarni keltirgan kishining jannatda menga hamroh boʻlishini Allohu taolodan soʻrayman“. U yerdagilar qattiq ochlik va sovuqdan oyoqqa tura olmadi. Shundan keyin Rasululloh mening yonimga keldilar. Men sovuq va ochlikdan ikki tizzam ustiga choʻkib, bukchayib oʻtirardim. Rasululloh menga qoʻl tekkizib: „Sen kimsan?“ – deb soʻradilar. „Men Huzayfaman, yo Rasulalloh“, – dedim. Rasululloh shunday dedilar: „Bor, bu qavm nima qilyapti, bir qarab kel! Yonimga qaytib kelguningcha ularga oʻq ham, tosh ham otma, nayza ham, qilich ham urma. Sen yonimga qaytib kelguningcha sovuqdan ham, issiqdan ham zarar koʻrmaysan, asir ham olinmaysan, qiynoqqa ham solinmaysan“.
Qilichimni va yoyimni oldim-da, yoʻlga otlanishga hozirlandim. Rasululloh men uchun: „Allohim, uni oldidan va ortidan, oʻngidan va chapidan, ustidan va ostidan asra“, – deb duo qildilar.
Mushriklarga qarab yura boshladim. Goʻyo hammomda yurgandek edim. Vallohi, ichimda qoʻrquv ham, sovqotish ham, titroq ham yoʻq edi. Nihoyat mushriklarning qarorgohiga yetib bordim. Ularning qoʻmondonlari va koʻzga koʻringan kishilari bir panada oʻt yoqib, isinib oʻtirishardi. Abu Sufyon: „Bu yerdan ketish kerak“, – der edi. Darhol xayolimga uni shu yerda oʻldirish fikri keldi. Oʻqdonimdan bir oʻq chiqarib, yoyimga qoʻydim. Olov yorugʻidan foydalanib, uni otmoqchi boʻldim. Ayni otmoqchi boʻlgan paytimda Rasulullohning: „Yonimga qaytib kelguningcha biror hodisa chiqarmaysan“, – deganlarini esladim va oʻldirishdan voz kechdim. Shundan keyin oʻzimda kuchli bir jasorat his qildim. Mushriklar orasiga kirib, olovning boshiga oʻtirdim. Koʻrilmagan darajadagi shiddatli shamol va Allohu taoloning koʻzga koʻrinmas qoʻshini (farishtalar) ularga qiladiganini qilmoqda edi. Shamoldan ularning idish-tovoqlari agʻdarilar, olovlari va chiroqlari oʻchar, chodirlari boshlariga qular edi. Bir mahal mushrik qoʻshinining qoʻmondoni Abu Sufyon oʻrnidan turib: „Orangizda kuzatuvchilar va josuslar boʻlishi mumkin. Ehtiyot boʻlinglar! Har kim yonidagining kimligiga qarasin! Har kim yonida oʻtirganning qoʻlidan ushlasin!“ – dedi. Abu Sufyon oralariga bir begona kirganini sezgandek boʻlgan edi. Darhol qoʻllarimni uzatib, oʻng va chap yonimda oʻtirgan ikki kishining qoʻlidan ushladim va ulardan oldin ismlarini soʻradim. Shu tariqa tanilib qolishimning oldini oldim. Nihoyat Abu Sufyon qoʻshiniga shunday xitob qildi: „Ey qurayshliklar! Sizlar turib boʻladigan joyda emassizlar. Otlar, tuyalar qirila boshladi. Qahatchilik har tarafni oʻrab oldi.
Shamoldan boshimizga nimalar kelganini koʻrib turibsizlar. Tezda koʻch-koʻronni yigʻib ketinglar! Mana, men ketyapman!“ – deb tuyasiga mindi. Mushrik qoʻshini parishon ahvolda toʻplanib, Makka tomon yoʻlga tushdi. Ustlariga qum va shagʻal yogʻardi.14 Mushrik qoʻshini chiqib ketgach, men ham Rasulullohning yonlariga qarab yurdim. Yoʻlning yarmiga yetganimda, qarshimdan oq sallali yigirmatacha otliq (farishtalar) chiqdi. Ular menga: „Rasulullohga xabar ber: Allohu taolo dushmanni parishon qildi…“ – deyishdi. Rasulullohning yonlariga qaytganimda, u zot bir palos ustida namoz oʻqiyotgan edilar. Ammo qaytishim bilan ketishimdan oldingi sovqotish va titrash holim yana boshlandi. Rasululloh namozdan keyin qanday xabar keltirganimni soʻradilar. Men mushriklarning parishon ahvolga tushganini va chiqib ketganini xabar qildim. Rasululloh bu xabardan juda xursand boʻldilar va tabassum qildilar. Kunlardan beri uyqusiz edik. Paygʻambarimiz meni ham yonlariga olib, ustlaridagi palosning bir uchini ustimga yopdilar. Oʻsha kechani shu tarzda tong ottirdik. Sahar vaqtida Rasululloh meni uygʻotdilar. Tong otganda, mushrik qoʻshinidan nom-nishon qolmagan edi». Ular Makkaga yaqinlashgunlaricha ortlaridan shiddatli shamol esdi va ular ortlaridan tinmay takbir ovozlarini eshitib bordilar.
Quraysh mushriklari qarorgohlarini tashlab qochgach, ularga ergashib kelgan boshqa mushrik qabilalari ham Madina atrofini tark etdi. Ular hech qachon unuta olmaydigan juda katta magʻlubiyatning gʻam-alamiga gʻarq boʻldi. Ular shu magʻlubiyatga uchrayotganda, Koinot sarvari (sallallohu alayhi vasallam) va u zotning shonli sahobalari (roziyallohu anhum) Allohu taologa shukr sajdasiga bosh qoʻyib, Unga hamd va shukrlarini arz etmoqda edilar.
«Allohim! Menga va sahobalarimga rahm qilganing uchun Senga shukr qilaman» Hadisi sharif
Mujohidlar «Allohu akbar!… Allohu akbar!…» sadolari ostida nurli Madina tomon yoʻl oldilar. Madina koʻchalari bir lahzada Koinot sultonini va oʻzlarining muborak otalarini, amakilarini, togʻalarini, akalarini kutib olishga chiqqan bolalar bilan toʻlib ketdi. Paygʻambarimiz ham tabassum qilib, ularga javob qaytarardilar… Xandaq jangida olti musulmon shahid boʻldi… Bu gʻazot haqida Allohu taolo oyati karimalarda shunday marhamat qiladi, maʼnosi: «Allohu taolo (Xandaq jangidagi) u kofirlarni hech bir yaxshilikka, zafarga erisha olmagan hollarida gʻazablari bilan qaytardi. Shunday qilib, Allohu taolo (farishtalar va shamol bilan) jangda (muvaffaq boʻlishlari uchun) moʻminlarga kifoya qildi. Allohu taolo har narsaga qodirdir. U – Azizdir, har narsa ustidan gʻolibdir».15
«Ey iymon keltirganlar! Allohu taoloning sizlarga bergan neʼmatlarini eslanglar. Oʻshanda sizlarga (Xandaq jangida) qoʻshinlar hujum qilgan edi, Biz esa ularning ustiga bir shamol va sizlar koʻrmagan (farishtalardan iborat) qoʻshinlar yuborgan edik…»16
Bu jangdan keyin sevimli Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Endi navbat sizlardadir. Bundan keyin Quraysh ustingizga bostirib kela olmaydi».
Banu Qurayza jangi
