Sevimli Paygʻambarim

KICHIK BADR GʻAZOTI

Bu gʻazotni Badrul Mavʼid va Badrus Sugʻro deb ham atashadi. Abu Sufyon Uhuddan qaytayotganda: «Kelasi yili Badrda yana jang qilaylik», – deganida, hazrati Foruqi aʼzam (roziyallohu anhu) Habibi akramning (sallallohu alayhi vasallam) ishoralari bilan: «Shunday boʻlsin», – deb javob bergan edi. Abu Sufyon qoʻshin toʻplab, qurayshliklarni jang va urushga undar edi. Ammo koʻnglida buni istamas edi. Lekin «soʻzida turmadi» demasinlar deb, xalqning oldiga tushib yurardi. Oʻsha paytda Makkaga Nuaym ibn Masʼud Ashjaʼiy kelgan edi. U Islom qoʻshini jangga tayyor ekanini soʻzlab, ularning kuchi va shijoatini bayon qildi. Abu Sufyon unga: «Agar Madinaga borib, Muhammadni va uning sahobalarini jangga chiqishdan aynitsang, senga uch yoshli yigirmata tuya beraman. Bu vaʼdamga Suhayl ibn Amr kafil boʻlsin», – dedi. Nuaym rozi boʻldi. Madinaga kelib, kofirlar qoʻshini juda koʻp ekanini xabar qildi. Sahobalarning bir qismi ikkilanib qoldi. Ammo Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhumo) Rasulullohning huzurlariga borib, Madinadan chiqishni taklif qilishdi. Rasululloh bundan juda xursand boʻldilar. U zot shunday dedilar: «Jonim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohga qasamki, albatta jangga chiqaman». Abdulloh ibn Ravohani Madinada oʻrinbosar qilib qoldirib, bayroqni hazrati Aliga berdilar.

Oʻsha paytda Makka mushriklari Islomning yoyilishiga toʻsqinlik qilish uchun Abu Sufyon qoʻmondonligida ikki ming askar bilan Badrga qarab yoʻlga chiqdi. Olamlar sarvari bir ming besh yuz qahramon sahobalari bilan Badrga ulardan oldin yetib keldilar. Mujohidlar oʻzlaridan oldin Badrga kelganini bilgan mushriklarning yuraklariga qoʻrquv tushdi. Ular faqat Marruz Zahrongacha bora oldilar. Islom qahramonlari bilan yuzma-yuz kelishga jurʼat qilolmadilar. Yuraklariga qoʻrquv tushib, oʻsha yilgi qahatchilikni ham bahona qilib, Makkaga qaytib ketdilar. Makka ahli ular ustidan kulib, masxara qildi.

Musulmonlarning bor-yoʻgʻi ikkita oti bor edi. Lekin savdo mollari koʻp edi. Badrda ularni juda qimmatga sotishdi. Zulqaʼda oyining oʻrtalari edi. Katta foyda koʻrishdi. Rasuli akram shonli sahobalari bilan mushriklarni Badrda sakkiz kun kutdilar. Soʻngra shodlik va izzat bilan Madinaga yoʻl oldilar.

Zotur Riqoʼ gʻazoti

Bu gʻazot Muharram oyida boʻldi. Madinaga qoʻy sotgani kelgan bir kishi musulmonlarga Banu Anmor va Banu Salama ularga qarshi qoʻshin toʻplayotganini xabar qildi. Bu xabar Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) yetib bordi. Hazrati Usmonni Madinada oʻrinbosar qilib qoldirib, toʻrt yuz, bir rivoyatda esa yetti yuz kishilik kuch bilan oʻsha oyning oʻninchi kuni, yakshanba kechasi Madinadan chiqdilar. Mushriklar turgan joyga yetib bordilar. Ammo u yerda ayollardan boshqa hech kimni topmadilar. Mushriklarning erkaklari togʻlarga qochib ketgan edi. Mushriklar pistirma qoʻyib hujum qilmasin deb, u yerlar talon-toroj qilinib, atrofdagi mushrik qabilalari boʻysundirildi.1 Oʻn besh kun safarda boʻlib, Madinaga qaytdilar.

«Jonim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohga qasamki, albatta jangga chiqaman» Hadisi sharif

Muraysiʼ jangi

Dumatul Jandal gʻazoti

Rasululloh Dumatul Jandalda yashaydigan, Shomga borib-keladigan yoʻlovchilarni bezovta qilayotgan va Madinai munavvaraga tahdid solayotgan qabilalar ustiga ming kishilik qoʻshin bilan yurish qildilar. Rabiul avval oyining oxirlari, dushanba kuni edi. Siboʼ ibn Urtufani Madinada oʻrinbosar qilib qoldirdilar. Islom qoʻshini kelayotganini eshitgan dushman qabilalari qochib ketdi. U yerda bir necha kun turilgandan soʻng, Rabiul oxir oyining yigirmanchi kunlariga yaqin Madinaga qaytildi.2

Muraysiʼ jangi

Bu jangni Banu Mustaliq jangi deb ham atashadi. Muraysiʼ – Xuzoa qabilasining Qudayddagi suv quduqlari va shu quduqni qoʻriqlash uchun qurilgan istehkomning nomidir. Bu joy ayni paytda Banu Xuzoa qabilasining oldingi qorovulxonasi ham edi.

Hijratning beshinchi yilida Banu Mustaliqning boshligʻi Horis ibn Abu Ziror Paygʻambarimiz bilan jang qilish uchun juda koʻp odam toʻplagan edi. Ularni qurollantirib, Madinaga yurish qilmoqchi edi. Bu xabar sevimli Paygʻambarimizga yetib borgach, darhol yetti yuz kishilik qoʻshin bilan Banu Mustaliqqa qarshi yurishga chiqildi. Muraysiʼ qudugʻi boshida qarorgoh qurildi. Avval Banu Mustaliq Islomga daʼvat qilindi. Ular qabul qilmay, oʻq otib, jangni boshladilar. Rasulullohning «Hammangiz birgalikda, toʻsatdan hujumga oʻtinglar!» – degan amrlarini bajargan sahobai kirom Banu Mustaliqdan oʻn kishini oʻldirdi. Qabila boshligʻi qochib, jonini qutqardi, ammo uning qizi Barra va qabilasidan 600 kishi asir tushdi. Oʻljalar taqsimlandi. Barra Paygʻambarimizning huzurlariga kelib: «Men ulushiga tushgan xoʻjayinim bilan toʻqqiz oltin evaziga ozod boʻlishga kelishdim. Menga yordam bering!» – dedi. Paygʻambarimiz marhamat koʻrsatib, uning bu istagini bajo keltirdilar va uni sotib oldilar. Soʻngra ozod qilib, hurriyatga chiqardilar. Sevimli Paygʻambarimiz unga Islomni yetkazganlaridan keyin u musulmon boʻldi. Uning musulmon boʻlganidan nihoyatda sevingan Olamlar sarvari mukofot sifatida uni oʻz nikohlariga olib, sharaflantirdilar. Buni koʻrgan sahobai kiromning hammasi: «Biz Rasulullohning ahli oilasi boʻlgan onamizning qarindoshlarini xizmatkor qilib ishlatishdan hayo qilamiz», – deb, asirlarini ozod qildi. Bu nikoh yuzlab asirning ozod boʻlishiga sabab boʻldi.

Sevimli Paygʻambarimiz muborak zavjalarining Barra ismini Juvayriya deb oʻzgartirdilar. Hazrati Juvayriya onamiz haqida hazrati Oisha onamiz: «Men Juvayriyadan koʻra xayrliroq, barakaliroq ayolni koʻrmadim», – der edi.3

Islom qoʻshini zafar bilan nurli Madinaga yoʻl olganda, atrofdagi mushrik qabilalarining yuraklariga qoʻrquv tushgan, ular musulmonlarga hujum qilishga jurʼat etish qanchalik xatarli ekanini anglab yetgan edi.

Hijratning beshinchi yilida yuz bergan baʼzi voqealar

Banu Mustaliq jangidan qaytishda kuchli shamol esdi. Sahobalar dushman Madinaga kelib, uni talon-toroj qilmoqchi, deb oʻyladi. Rasululloh shunday dedilar: «Qoʻrqmanglar. Madina xavfsiz joydir, uning har burchagida qoʻriqlovchi farishtalar bor. Lekin bugun bir munofiq oʻldi. U Ubay Salulning doʻsti Zayd ibn Furoa edi».

«Men Juvayriyadan koʻra xayrliroq, barakaliroq ayolni koʻrmadim» Hazrati Oisha (roziyallohu anho)

Bu gʻazotga moʻminlarning onalari hazrati Oisha va Ummu Salama ham borgan edi. Munofiqlar hazrati Oisha onamizga tuhmat qildilar. Baʼzi musulmonlar ham bu tuhmatga aldanib qolgan edi. Oyati karimalar nozil boʻlib, munofiqlarning tuhmatlari fosh qilindi va hazrati Oisha madh etildi.4 Rasululloh shunday dedilar: «Senga xushxabarlar boʻlsin, ey Oisha! Haq taolo seni oqladi. Pokligingga guvohlik berdi». Paygʻambar alayhissalom sahobalarni masjidga yigʻdilar. Xutba oʻqib, nozil boʻlgan oyati jalilalarni tilovat qildilar. Bu oyati karimalarning barakasi bilan moʻminlarning qalbidagi shubhalar ketdi. Bu tuhmatga jurʼat qilganlar ham jazolarini oldilar. Bu gʻazotdan qaytishda tayammum oyati nozil boʻldi.5

Oishaning (roziyallohu anho) marjoni Madinaga yaqin Salsala degan joyda yana bir marta yoʻqoldi. Marjon topilguncha shu yerda kutdilar. U yerda suv yoʻq edi. Sahobalarning yonida ham suv yoʻq edi. Rasululloh alayhissalom Oishai Siddiqaning tizzasida uxlayotgan edilar. Sahobai kirom suvsizlik holini hazrati Abu Bakrga arz qildi. U Rasulullohning oldilariga bordi, Rasululloh alayhissalom uygʻondilar. Allohu taolo tayammum oyatini nozil qildi. Sahobalar tayammum qilib, bomdod namozini ado etdilar. Soʻngra Oishani (roziyallohu anho) tuyaga mindirdilar. Tuya oʻrnidan turganda marjon topildi.

Bugun olam nurisiz, hamda mahbubi Kibriyo,
Oshiqlarni eshigingizdan bir lahza etmang judo.
Muborak ismingiz tilimdan tushmasin dam-badam,
Dardli koʻnglimga davodir, jon topar undan safo.
Umidim shul: har bir ismingiz oʻzga shafoat aylagay –
Ahmad-u Mahmud, Abul Qosim Muhammad Mustafo.
Chunki siz haqda «Vash-shams» ham deyildi, «Vaz-zuho»,
Yuzingiz, peshonangizni quyosh-oyga oʻxshatsam – ravo.
Kanûnî Sultân Süleymân (Muhibbî)