BANU NAZIR GʻAZOTI
Amr ibn Umayya (roziyallohu anhu) Maʼunada asirlikda boʻlganida bogʻichdan qutulib, Madinaga qaytayotganda yoʻlda Banu Omirdan ikki mushrikka duch keldi. U bu ikki kofirni oʻldirdi. Bu ikkisi Rasulullohning omoniga kirgan edi, ammo Amrning bundan xabari yoʻq edi. U Madinaga kelib, voqeani Rasulullohga soʻzlab berdi. Paygʻambarimiz Amrning xato qilganini aytdilar va ularning merosxoʻrlariga xunbaho toʻlashni buyurdilar.
Banu Omir bilan Banu Nazir qabilalari oʻrtasida doʻstlik bor edi. Banu Nazir qoʻshnichilik haqqiga ham rioya qilardi. Shuning uchun bu xunbahoni toʻlashda Banu Nazir qabilasining vositachiligi kerak boʻldi.
Uhud jangidan keyin, hijratning toʻrtinchi yili Rabiul avval oyida Rasululloh sahobai kiromdan hazrati Abu Bakr, Umar, Ali, Zubayr, Talha, Saʼd ibn Muoz va Usayd ibn Huzayrni (roziyallohu anhum) olib, Banu Nazir oldiga bordilar. Ishning nima haqda ekanini bildirdilar. Ular ham u ikki kofirning xunbahosiga yordam berishga tayyor ekanliklarini aytib: «Bir oz kutib turinglar, ovqat tayyorlaylik», – deyishdi. Rasul alayhissalom oʻsha paytda ular turgan uyning devoriga suyanib oʻtirgan edilar, sahobalar ham yigʻilib, u zotning atroflarida oʻtirgan edilar. Shu payt Huyay ibn Axtab shunday dedi: «Ey yahudiylar! Muhammadni bunday yolgʻiz holda topish fursati aslo qoʻlga tushmaydi. Biringiz bu uyning tomiga chiqsin-da, u yerdan uning boshiga tosh tashlasin, undan qutulaylik». Amr ibn Jahosh: «Bu ishni men qilaman», – dedi. Sallom ibn Mishkam ularni bundan qancha qaytarmasin, foydasi boʻlmadi. U: «Bu ishdan qaytinglar. Bu haqda unga xabar beradilar. Bu ish ahdimizning buzilishiga sabab boʻladi. Bundan juda yomon narsalar chiqishi mumkin», – dedi. Banu Nazir yahudiylari unga quloq solmadilar. Shu onda Jabroil alayhissalom kelib, bu holni Rasulullohga xabar berdi. Paygʻambarimiz sahobalarga hech narsa demay, bir ish bilan ketayotgandek oʻsha majlisdan turib, Madinaga ketdilar. Shu tariqa ularning suiqasdi natijasiz qoldi.
Shundan keyin Olamlar sarvari ahdnomani buzgan bu yahudiy qabilasiga Muhammad ibn Maslamani yubordilar va shunday dedilar: «Nazir qabilasi yahudiylarining oldiga bor! Ularga ayt: „Rasululloh meni sizlarga mana bu amrni bildirish uchun yubordilar: yurtimdan chiqib ketinglar! Bu yerda men bilan birga yashamanglar! Sizlar menga suiqasd rejasini tuzdingiz. Men sizlarga oʻn kun muhlat beraman. Bu muhlatdan keyin bu yerlarda sizlardan kim koʻrinsa, boʻyni uriladi“».
Hazrati Muhammad ibn Maslama bu amrni yetkazganda, ular qoʻrqqanlaridan yoʻlga tayyorgarlik koʻra boshladilar. Ammo munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay ularga: «Qalʼangizdan aslo chiqmanglar. Mollaringizni va yurtingizni tashlab ketmanglar. Odamlarimdan ikki ming kishi bilan sizlarga yordamga kelamiz», – deb xabar yubordi.
Buni eshitgan Koinot sultoni sahobai kirom bilan Masjidi Nabaviydan toʻrt kilometr uzoqlikdagi Banu Nazir qalʼasi tomon yurdilar. Madinada hazrati Ibn Ummu Maktum oʻrinbosar qilib qoldirilgan edi. Bayroqni hazrati Ali koʻtarib borardi. Qalʼa qurshab olinib, qamal boshlandi. Ilgari sahobai kiromni jangga chaqirib turgan yahudiylar qalʼadan chiqishga jurʼat qila olmadilar. Munofiqlarning yordami ham yetib kelmadi.
Sahobai kirom qalʼani shunday nazorat ostiga oldiki, undan qush ham uchib chiqa olmasdi. Yigirma kundan ortiq davom etgan qamal oxirida yahudiylar taslim boʻldilar. Barcha qurollarini, oltin va kumushlarini musulmonlarga qoldirib, ularning bir qismi Shomga, bir qismi Xaybarga surgun qilindi. Shu tariqa Madina mintaqasida yahudiylardan faqat Banu Qurayza qoldi.1
«Yahudiylar meni oʻldirishni rejalashtirdilar! Jabroil menga buni xabar qilgach, oʻrnimdan turdim!» Hadisi sharif
Hijratning toʻrtinchi yilida boʻlib oʻtgan muhim voqealar
Bu yil ichkilik ichishni harom qilgan oyati karima nozil boʻldi.2 Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) muborak zavjalaridan hazrati Zaynab bint Xuzayma hijratning toʻrtinchi yili Rabiul oxir oyida, nikohdan taxminan sakkiz oy oʻtgach, oʻttiz yoshida vafot etdi.3 Yana bu yil hazrati Ali bilan hazrati Fotimaning ikkinchi farzandi hazrati Husayn dunyoga keldi.4 Hazrati Ummu Salamaning eri Uhud jangida yaralanib, keyin vafot etgan va ortida bir nechta farzand qoldirgan edi. Yoshi ulugʻ Ummu Salama onamiz qiyin ahvolda qolgan edi. Sevimli Paygʻambarimiz unga juda rahm-shafqat qilib, nikohlariga olish bilan uni sharaflantirdilar.5
Fotima bint Asadning vafoti
Hazrati Alining onasi Fotima bint Asad ham shu yili vafot etdi.6 Bundan sevimli Paygʻambarimiz juda qaygʻurib: «Bugun onam vafot etdi!» – dedilar. Sevimli Paygʻambarimiz bobolari Abdulmuttalib vafot etgandan keyin Fotima bint Asadning qoʻlida ulgʻaygan edilar. U zot paygʻambarliklarini bildirganlarida esa Fotima darhol musulmon boʻlish sharafiga erishgan edi. Shuning uchun Koinot sultoni uni ona oʻrnida koʻrar, unga katta hurmat koʻrsatardilar. Unga boʻlgan mehrlaridan egnilaridagi muborak koʻylaklarini yechib, unga kafan qilib oʻrashni buyurdilar. Janoza namoziga imomlik qilgach, namozda yetmish ming farishta hozir boʻlganini bildirdilar. Qabrgacha borib, uning ichiga tushdilar. Qabr hayoti unga rohat va xush boʻlsin deb, qabrning burchaklari tomon kengaytirayotgandek ishora qilgach, qabrga uzala yotdilar.
Qabrdan chiqqanlarida muborak koʻzlari yoshga toʻlgan, muborak koʻz yoshlari qabrga tomgan edi. Yo Rabbim! Bu qanday marhamat edi?… Va bu qanday baxtli ayol edi?… Hatto hazrati Umar ham chiday olmay: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Hech kimga qilmaganingizni bu ayolga qildingiz!» – deganda, vafodorlarning eng vafodori boʻlmish sevimli Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Abu Tolibdan keyin bu mushtipar ayol kabi menga yaxshiligi tekkan biror kishi boʻlmagan. U mening onam edi. Oʻz bolalari och turganda, u avval mening qornimni toʻygʻazardi. Oʻz bolalarining ust-boshi chang-tuproq boʻlib turganda, u avval mening sochimni tarar va gul yogʻlari bilan moylardi. U mening onam edi! Unga jannat liboslaridan kiydirilsin deb, koʻylagimni kafan qilib kiydirdim. Qabr hayoti unga yumshoq va yengil boʻlsin deb, qabrda uning yonida yotdim. Jabroil menga Allohu taolo tomonidan: „Bu ayol jannatlikdir“, – degan xabarni keltirdi». Shundan keyin u zot Fotima bint Asad onamiz uchun shunday duo qildilar: «Allohu taolo seni magʻfirat qilsin, gunohlaringni kechirsin, senga mukofot bersin. Ey onam! Allohu taolo senga rahmat qilsin. Oʻzing och boʻlsang ham, meni toʻygʻazding. Oʻzing kiymay, menga kiydirarding, oʻzing yemay, menga yedirarding. Tiriltiruvchi ham, oʻldiruvchi ham Allohu taolodir. U doimo tirikdir. U oʻlmaydi. Allohim! Onam Fotima bint Asadni kechir, gunohidan oʻt! Unga hujjatini bildir. Qabrini keng qil. Ey rahmlilarning eng rahmlisi boʻlgan Allohim! Paygʻambaring, yaʼni mening haqqim uchun va oʻtgan paygʻambarlarning haqqi uchun bu duomni qabul qil».
Hijratning toʻrtinchi yilida boʻlib oʻtgan boshqa muhim voqealar
Hazrati Usmonning hazrati Ruqayyadan tugʻilgan olti yoshli oʻgʻli Abdulloh vafot etdi. Olamlar sarvari nabiralarining janoza namoziga imomlik qildilar va uni oʻzlari qabrga qoʻydilar. Juda qaygʻurdilar, muborak koʻz yoshlari qabrga tomdi. Qabr toshini muborak qoʻllari bilan tikladilar va: «Allohu taolo bandalaridan rahmdil va koʻngli yumshoq boʻlganlarga rahmat qiladi», – dedilar.7
Siz rasullar sultoni, shonli shohsiz, sarvarim.
Bechoralarga abadiy davlatsiz, sarvarim.
Ilohiy devonda peshqadamsiz, sarvarim.
«Laʼamruka» farmoni ila quvvatlangansiz, sarvarim.
Siz Ahmadu Mahmudu Muhammadsiz, sarvarim,
Haqdan bizga quvvatlangan sultonsiz, sarvarim.
Pok ruhlarga yogʻdu berguvchi – sizning gavharingizdir.
Farishtalar yuz surgan joy – eshigingiz tuprogʻidir.
Tajalliy diydorining oynasi – sizning nazaringizdir,
Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali – yorlaringizdir.
Siz Ahmadu Mahmudu Muhammadsiz, sarvarim,
Haqdan bizga quvvatlangan sultonsiz, sarvarim.
Baqo iqlimi minbarida xutbangiz oʻqilur.
Jazo kuni mahkamasida hukmingiz yuritilur.
Kelishingiz madhidagi gulbang Alloh Arshida yangrar.
Sharafli ismlaringiz yerda va osmonda yod etilur.
Siz Ahmadu Mahmudu Muhammadsiz, sarvarim,
Haqdan bizga quvvatlangan sultonsiz, sarvarim.
Şeyh Galib
«Abu Tolibdan keyin bu mushtipar ayol (Fotima bint Asad) kabi menga yaxshiligi tekkan biror kishi boʻlmagan. U mening onam edi» Hadisi sharif
Kichik Badr gʻazoti
