BIʼRI MAʼUNA VOQEASI
Oʻsha yilning Safar oyida Arabistonning Najd mintaqasidagi Banu Omir qabilasining boshligʻi Abu Baro Omir ibn Molik Madinaga keldi. U Rasuli akramni (sallallohu alayhi vasallam) ziyorat qildi. Paygʻambarimiz unga Islomni tushuntirib, musulmon boʻlishni tavsiya qildilar. Abu Baro musulmon boʻlmadi, ammo Islom goʻzal va sharafli din ekanini aytdi. Bundan tashqari, Najda Islomning yoyilishi uchun sahobai kiromdan bir necha kishini u yerga yuborishlarini soʻradi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Yuboradigan kishilarim haqida Najd ahlidan xotirjam emasman!» – dedilar. Omir: «Ularni men oʻz himoyamga olaman. Shunda ularga hech kim zarar yetkaza olmaydi», – dedi.
Olamlar sarvari bu qatʼiy kafolatni qabul qilib, Asʼhobi suffadan yetmish kishilik bir hayʼat tayyorladilar. Ular kechalari Qurʼoni karim tilovat qilardilar. Hammalari Qurʼon hofizlari edi. Ularni Asʼhobul qurro deb atashardi. Ularning baʼzilarining ismlari quyidagilardir: Omir ibn Fahr, Amr ibn Zamriy, Atiyya ibn Abdulloh, Anas ibn Muoviya, Hakam ibn Kayson, Horis ibn Simma, Kaʼb ibn Zayd, Molik ibn Sobit, Munzir ibn Amr, Rofeʼ ibn Mazil, Saʼid ibn Huzom, Salim ibn Milhon, Suhayl ibn Omir, Tufayl ibn Asʼad, Urva ibn Salt (roziyallohu taolo anhum). Rasulullohning amrlari bilan ular hazrati Munzir ibn Amr qoʻmondonligida yoʻlga chiqdilar. Rasululloh maktublar ham yozdirib, ularni Banu Amr va Banu Najd boshliqlariga yubordilar.
Oʻz qabilasining Islom bilan sharaflanishini istagan Abu Baro Asʼhobi suffadan oldin yoʻlga chiqib, qabilasiga keldi va hayʼatni oʻz himoyasiga olganini aytib, ularga hech kim tegmasligini qatʼiy tayinladi. Jiyani Omir ibn Tufayldan boshqa hamma ularga tegmaslikka rozi boʻldi. Abu Baroning jiyani Omir ibn Tufayl esa uch qabilaning odamlarini qurollantirib, ularning boshiga oʻtdi va Biʼri Maʼunaga kelgan sahobai kiromni qurshab oldi. Toʻrt tomondan qurshalgan sahobalar qilichlariga yopishdilar va hammalari qonlarining soʻnggi tomchisigacha qahramonlarcha jang qildilar. Ularning ikkitasidan boshqa hammasi shahidlik sharbatini ichdi. Hazrati Amr ibn Umayyani asir oldilar. Hazrati Kaʼb ibn Zaydni esa oʻlgan deb tashlab ketdilar.
Shahid boʻlgan bu muborak sahobalarning soʻnggi soʻzlari shunday boʻldi: «Yo Rabbim! Hozir Rasulullohga ahvolimizdan xabar beradigan Sendan boshqa hech kim yoʻq. U zotga bizning salomimizni yetkaz!» Shu onda Jabroil alayhissalom gʻoyat mahzun holda Paygʻambarimizning huzurlariga kelib, ularning salomini yetkazdi va: «Ular Allohu taologa yetishdilar. Allohu taolo ulardan rozi boʻldi, ular ham Allohu taolodan rozi boʻldilar», – dedi.
Paygʻambarimiz: «Va alayhissalom», – deb javob bergach, juda qaygʻurib, sahobai kiromga oʻgirildilar va ularga boʻlib oʻtgan voqeani xabar qildilar: «Birodarlaringiz mushriklar bilan toʻqnashdilar. Mushriklar ularni kesib-chopib, nayzalar bilan ilma-teshik qilib oʻldirdilar…»
«Ular (Biʼri Maʼuna shahidlari) Allohu taologa yetishdilar. Allohu taolo ulardan rozi boʻldi, ular ham Allohu taolodan rozi boʻldilar» Hadisi sharif
Biʼri Maʼuna voqeasi
Ruhingiz Alloh nurining bir nuqtasidir, yo Rasulalloh,
jamolingiz ruhga shodlik berib, koʻngilni ochar, yo Rasulalloh.
Rahmat nishonlari boʻlgan vujudingizning tuluʼi kufr zulmatini
ketkazdi – buni har bir iymon ahli bilur, yo Rasulalloh.
Risolat gulistonida sizning zotingiz – bir gul niholi,
Alloh oʻstirgan eng soʻnggi nihol – sizsiz, yo Rasulalloh.
Karam qiling, ey sarvarim, Mavloning sharafli hujjati!
Najibning dardiga fayzingiz – davo, yo Rasulalloh.
Sultan III. Ahmed (Necîb)
Bu voqeada dushman bilan olishilayotgan paytda hazrati Omir ibn Fuhayraning orqasiga Jabbor ismli bir kishi nayzasini sanchdi. Shu onda hazrati Omir: «Vallohi, jannatni qozondim!» – dedi. Soʻngra u Jabbor va boshqa mushriklarning koʻzlari oldida osmonga koʻtarildi. Bundan hamma hayratga tushdi, ammo ular orasidan faqat uni shahid qilgan Jabborgina musulmon boʻldi.
Paygʻambarimiz Rajiʼ va Biʼri Maʼuna voqealaridan juda qaygʻurdilar. Bu alamli ishni qilgan qabilalarning boshiga balo yogʻilishi uchun bir oy davomida har namozdan keyin duo qildilar. Allohu taolo Rasulining duosini qabul qildi. Oʻsha qabilalarga dahshatli qurgʻoqchilik va ocharchilik yubordi. Soʻngra yuqumli kasallikdan yetti yuz kishi oʻldi.1
Siz olamlarga tabibsiz, men esa qalbi gʻoyat bemor,
shifo topmoq umidida uni sizga keltirdim.
Yelkamda gunoh togʻi, yuzim somondek sargʻaygan,
umidim katta: gunohim zavol topsin deb bu yerga keltirdim.
Ey Olamlar sarvari! Sizga oshiq, hayronman;
sizning hijroningizdan kecha-kunduz yigʻlayman.
Sizning buyuk rahmatingiz – obi hayot, men esa tashna;
bir tomchisi boʻlmasa, oʻlaman, jon beraman.
U zotni xulqi ila maqtamoq – behuda urinmoqdir,
u zotni soʻz ila bayon etmoq bundan ham qiyin kelur.
Afv etguvchi, karamli va shunday saxiydirlarki: suvdan dur,
toshdan gavhar, tikandan gul kelur.
Quyosh nur sochsa, u zotning nurlaridandir,
guldagi ter tomchisi u zotning gul yuzidan kelur.
U zotni vasf etmoq bundan-da yuksakdir, ammo
yanada yuksak aytsam, agʻyor inkor etur.
Olamni bir zarraga sigʻdirmoq mumkin boʻlur,
u zotni soʻz ila bayon etmoq bundan ham qiyin kelur.
Mavlono Xolid Bagʻdodiy
«Vallohi, jannatni qozondim!» Omir ibn Fuhayra (roziyallohu anhu)
Banu Nazir gʻazoti
