RAJIʼ VOQEASI
Uhud jangining eng mohir oʻqchilaridan hazrati Osim ibn Sobit bu jangda mushriklardan Musofiʼ ibn Talha va uning birodari Horisni oʻldirgan edi. Ularning onasi Sulofa bint Saʼd kinadorligi bilan mashhur edi. U ikki oʻgʻlini oʻldirgan hazrati Osim ibn Sobitning boshini keltirgan kishiga yuzta tuya berishni vaʼda qildi. U hazrati Osimning bosh chanogʻida sharob ichishga qasam ichdi. Bundan tashqari, Rasululloh yuborgan bir sariyyada Abdulloh ibn Unays Banu Lihyondan Xolid ibn Sufyonni oʻldirgani sababli Banu Lihyon Azal va Qora qabilalari bilan kelishdi. Makka atrofida yashaydigan bu ikki qabila bir reja tuzib, elchilar tayyorladilar. Ularga: «Musulmon boʻlganingizni aytasizlar. „Biz zakot beramiz, uni olish va bizga Islomni oʻrgatish uchun muallimlar soʻraymiz“, – deysizlar. Kelganlarning bir qismini oʻldirib, oʻchimizni olamiz. Bir qismini esa Makkaga olib borib, qurayshliklarga sotamiz», – dedilar.
Hijratning toʻrtinchi yili Safar oyida bu ikki qabiladan olti yoki yetti kishilik bir hayʼat Paygʻambarimizning huzurlariga kelib: «Biz musulmon boʻldik, bizga Qurʼoni karimni va dinni oʻrgatadigan muallimlar yuboring», – deyishdi.
Bu paytda sevimli Paygʻambarimiz makkalik mushriklarning urushga tayyorlanayotgan-tayyorlanmayotganini tekshirish uchun oʻn kishidan iborat bir sariyya tayyorlagan edilar. Azal va Qora qabilalaridan ham shunday bir hayʼat kelib, muallim soʻraganlari sababli, vaziyatni tekshirish, oʻrganib xabar berish uchun bu oʻn kishilik aygʻoqchi guruhni kelganlar bilan birga yubordilar.
Bu sariyyada sahobai kiromdan Marsad ibn Abu Marsad, Xolid ibn Abu Bukayr, Osim ibn Sobit, Xubayb ibn Adiy, Zayd ibn Dasinna, Abdulloh ibn Toriq, Muattib (Mugʻir) ibn Ubayd va ismlari nomaʼlum yana uch sahoba (roziyallohu anhum) bor edi.
Bu aygʻoqchi guruh kunduzi yashirinib, kechasi yoʻl yurib, bir sahar paytida Rajiʼ suvining boshiga yetib keldi. U yerda bir oz dam olib, ajva deb ataladigan sifatli Madina xurmosidan yedilar. Soʻngra u yerdan ketib, yaqindagi bir toqqa chiqib yashirindilar.
Huzayl qabilasidan qoʻy boqadigan bir ayol ham Rajiʼ suvining boshiga kelgan edi. Xurmo danaklarini koʻrib, bu yerda Madina xurmosi yegilganini angladi. «Bu yerga Madinadan kelganlar boʻlibdi!» – deb qichqirib, qabilasiga xabar berdi.
Shu payt sahobai kiromning bu oʻn kishilik sariyyasi yonida boʻlgan Azal va Qora qabilalari hayʼatidan biri bir bahona bilan ularning yonidan ketdi. U darhol Banu Lihyon oldiga borib, xabar berdi.
Bu xabarni olgan Banu Lihyon harakatga keldi. Bu kichik sariyya ustiga yuztasi oʻqchi boʻlgan ikki yuz kishilik bir kuch yubordi. Bu mushriklar toʻdasi hazrati Osim ibn Sobit va uning doʻstlarini togʻning choʻqqisida topib, qurshab oldi. Shu orada oʻn sahobaning ahvolini mushriklarga xabar qilgan kishi ham ularga qoʻshildi. Sahobai kirom shu onda aldanganlarini tushundilar va jang qilishga qaror qilib, qilichlarini yalangʻochladilar. Buni sezgan mushriklar ularni aldashga urinib: «Agar yonimizga tushsangiz, birortangizni ham oʻldirmaymiz. Qatʼiy soʻz beramiz. Vallohi, biz sizlarni oʻldirishni istamaymiz. Ammo sizlar uchun makkaliklardan fidya undirmoqchimiz», – dedilar.
«Yaralanganlaridan keyin ham Allohu taoloning va Uning Paygʻambarining daʼvatiga shoshilganlar uchun, ayniqsa, ulardan yaxshilik qilib, yomonlikdan saqlanganlar uchun juda ulugʻ mukofot bordir» Oli Imron: 172
Rajiʼ voqeasi
Osim ibn Sobit, Marsad ibn Abu Marsad va Xolid ibn Abu Bukayr (roziyallohu anhum): «Biz mushriklarning soʻzlarini va ahdlarini hech qachon qabul qilmaymiz», – deb, ularning barcha takliflarini rad etdilar. Hazrati Osim ibn Sobit: «Men mushriklarning himoyasini hech qachon qabul qilmaslikka qasam ichganman. Vallohi, ularning himoyasiga va soʻzlariga aldanib, pastga tushib taslim boʻlmayman», – dedi. U qoʻllarini ochib: «Allohim! Paygʻambaringni ahvolimizdan xabardor qil», – deb duo qildi. Allohu taolo hazrati Osimning duosini qabul qildi va Rasulullohni ulardan xabardor qildi.
Hazrati Osim mushriklarga: «Biz oʻlishdan qoʻrqmaymiz. Chunki biz dinimizda basiratlimiz (oʻlsak, shahid boʻlib jannatga boramiz)», – dedi. Mushriklarning boshligʻi: «Ey Osim! Oʻzingni ham, doʻstlaringni ham halok qilma, taslim boʻl!» – deganda, Osim ibn Sobit oʻq bilan javob berdi. Oʻq otarkan, u mana bu misralarni oʻqirdi:
Men kuchliman, hech bir kam-koʻstim yoʻq.
Yoyimning yoʻgʻon kirishi tortilgandir.
Oʻlim haqdir, hayot boʻsh va oʻtkinchidir.
Taqdir qilinganlarning hammasi boshga kelguvchidir.
Insonlar ertami-kechmi Allohga qaytguvchidir.
Agar men sizlar bilan olishmasam,
onam (gʻamdan) aqlini yoʻqotadi.
Osimning oʻqdonida yettita oʻq bor edi. Otgan har bir oʻqi bilan u bir mushrikni oʻldirdi. Oʻqlari tugagach, koʻplarini nayzasi bilan ilma-teshik qildi. Ammo nayzasi ham sindi. U darhol qilichini yalangʻochlab, qinini sindirib otdi. (Bu «oʻlgunimcha olishaman, taslim boʻlmayman» degan maʼnoni bildirardi.) Soʻngra shunday duo qildi: «Ey Allohim! Men shu kungacha Sening diningni himoya qildim. Bu kunning oxirida mening badanimni himoya qilishingni, asrashingni Sendan tilayman». Hazrati Osim ibn Sobit va boshqa sahobalarning «Allohu akbar!» sadolari togʻlarni larzaga keltirardi. Ikki yuz kishiga qarshi oʻn mujohid jonlarini ayamay olishar, ularga yaqinlashganlar qilmishlarining jazosini tortardilar. Oxiri Osim (roziyallohu anhu) ikki oyogʻidan yaralanib, yerga yiqildi. Kofirlar undan juda qoʻrqqanlari uchun, u yiqilgandan keyin ham yoniga yaqin bora olmadilar va uzoqdan oʻq otib, uni shahid qildilar. Oʻsha kuni u yerdagi oʻn sahobadan yettitasi shahid boʻldi, uchtasi asir olindi.
Banu Lihyon Sulofa bint Saʼdga sotish uchun Osim ibn Sobitning muborak boshini kesib olmoqchi boʻldi. Ammo Allohu taolo hazrati Osim ibn Sobitning duosini qabul qilgani uchun u yerga bir toʻda ari yubordi. Ular bulutdek Osim ibn Sobitning ustida turdilar. Mushriklar uning yoniga yaqinlasha olmadilar. Oxiri ular: «Qoʻyinglar, kech kirganda arilar tarqaladi, biz ham boshini kesib olib ketamiz», – dedilar.
Kechqurun Allohu taolo qattiq yomgʻir yogʻdirdi. Soylardan sel oqdi va hazrati Osim ibn Sobitning muborak jasadini nomaʼlum bir joyga olib ketdi. Mushriklar qancha izlasalar ham, topa olmadilar. Shuning uchun mushriklar hazrati Osim ibn Sobitning hech bir joyini kesa olmadilar.
«Ey Allohim! Men shu kungacha Sening diningni himoya qildim. Bu kunning oxirida mening badanimni himoya qilishingni, asrashingni Sendan tilayman!» Osim ibn Sobit (roziyallohu anhu)
Arilarning hazrati Osimni himoya qilgani haqida soʻz ketganda, hazrati Umar shunday dedi: «Allohu taolo, albatta, moʻmin bandasini himoya qiladi. Osim ibn Sobit tirikligida mushriklardan qanday saqlangan boʻlsa, Allohu taolo ham vafotidan keyin uning jasadini asrab, mushriklarga tekkizmadi». Shuning uchun Osim ibn Sobit yod etilganda, uni «arilar himoya qilgan kishi» deb atashardi.1
Asir olingan uch sahoba Xubayb ibn Adiy, Zayd ibn Dasinna va Abdulloh ibn Toriq (roziyallohu anhum) edi. Banu Lihyon uchovlarini ham yoy kirishlari bilan bogʻladilar. Ular orasidan Abdulloh ibn Toriq makkalik mushriklar oldiga olib borilishga rozi boʻlmadi. Bormaslik uchun qarshilik koʻrsatdi. «Shahid qilingan doʻstlarim jannat bilan sharaflandilar!» – deb hayqirdi. U qoʻllaridagi bogʻichni uzdi, ammo Banu Lihyon toshboʻron qilib, uni ham shahid qildilar. Hazrati Xubayb ibn Adiy va Zayd ibn Dasinna: «Balki Rasululloh bergan aygʻoqchilik vazifasini bajarishga imkon toparmiz», – degan fikr bilan sabr qildilar.
Banu Lihyon ikkisini ham Makkaga olib bordilar. Badr va Uhud janglarida yaqinlari oʻldirilgan mushriklar kin va qasos hirsi bilan yonib, fursat qidirardilar. Hazrati Xubaybni mushriklardan Hujayr ibn Abu Ihob Tamimiy Badr jangida oʻldirilgan birodarining, hazrati Zayd ibn Dasinnani esa Safvon ibn Umayya Badr jangida oʻldirilgan otasi Umayya ibn Xalafning qasosini olish uchun sotib oldilar. Mushriklarning niyati ikkisini ham oʻldirish edi. Ammo urush qilishni man etilgan deb sanaydigan oylarda boʻlganlari uchun ularni qamoqqa olib, vaqt oʻtishini kutdilar. Ularni alohida-alohida joylarda qamab qoʻydilar. Ikki sahoba ham bu asirlikda katta sabr, bardosh va olijanoblik koʻrsatdilar.
Hazrati Xubayb ibn Adiy qamalgan uyda Moviya ismli ozod qilingan bir joriya bor edi (bu ayol keyinchalik musulmon boʻlgan). U shunday hikoya qilgan:
«Xubayb men turgan uyda bir hujraga qamalgan edi. Men undan yaxshiroq asirni koʻrmaganman. Bir kuni qarasam, qoʻlida obdastadek katta bir bosh uzum bor. Undan yerdi. Uni har kuni qoʻlida shunday bir bosh uzum bilan koʻrishardi. Oʻsha mavsumda, ustiga-ustak Makkada uzum topish aslo mumkin emas edi. Allohu taolo unga rizq berardi. Qamalgan hujrasida namoz oʻqir, Qurʼoni karim tilovat qilardi. U oʻqigan Qurʼoni karimni tinglagan ayollar yigʻlashar va unga rahmlari kelardi. Baʼzan: „Biror istaging bormi?“ – deb soʻraganimda, u: „Menga shirin suv ber, butlar uchun soʻyilgan hayvonlarning goʻshtidan keltirma, yana meni oʻldiradigan paytlarini oldindan ayt, boshqa hech narsa istamayman“, – derdi. Uni oʻldiradigan kun belgilanganda, borib unga aytdim. Buni bilgach, u zarracha oʻzgarmadi, gʻam-tashvishning hech bir alomatini koʻrsatmadi.
Oʻsha kun yaqinlashganda, u oʻlimidan oldin badanini poklashni istaganini aytdi va bir ustara soʻradi. Men bolamning qoʻliga bir ustara berib, uni yubordim. Bola uning yoniga kirgach, birdan qoʻrqib ketdim. „Voy! Bu odam bolani ustara bilan soʻyib yuboradi-ku. U baribir oʻldiriladigan odam“, – dedim. Yugurib borib, bolaga qaradim. Xubayb men yuborgan ustarani bolaning qoʻlidan olib, bolani erkalash uchun tizzasiga oʻtqazib olgan ekan. Men bu holni koʻrib, juda qoʻrqib, dod sola boshladim. Vaziyatni tushungach, u shunday dedi: „Bu bolani oʻldiradi, deb oʻylayapsanmi? Bizning dinimizda bunday narsa yoʻq. Nohaq jonga qasd qilish bizning holimizga ham, shaʼnimizga ham yarashmaydi“».
Mushriklarning Xubayb ibn Adiy va Zayd ibn Dasinnani oʻldirish uchun belgilagan kuni keldi. Oʻsha kuni erta tongda ular asirlarning zanjirlarini yechib, ularni Makka tashqarisidagi Tanʼim degan joyga olib bordilar. (Tanʼim Kaʼbadan 5–8 km uzoqlikda joylashgan. Undagi togʻning nomi ham Tanʼim togʻidir.) Makka ahli va mushriklarning ulugʻlari ularning qatl etilishini tomosha qilish uchun yigʻilgan edi. Atrofda katta olomon bor edi.
Mushriklar asirlarni qatl qiladigan joyda ikkita dor qurgan edilar. Hazrati Xubaybni dorga koʻtarib bogʻlamoqchi boʻlganlarida, u: «Meni qoʻyib yuboringlar, ikki rakat namoz oʻqib olay», – dedi. Uni qoʻyib yubordilar va: «Ana, oʻsha yerda oʻqi», – dedilar. Xubayb darhol namozga turib, xushuʼ bilan ikki rakat namoz oʻqidi. Yigʻilgan mushriklar, ayollar, bolalar hayajon bilan unga qarab turdilar. Namozini tugatgach, u: «Vallohi, agar meni oʻlimdan qoʻrqib namozni choʻzyapti deb oʻylamaganingizda, namozni uzaytirardim va koʻproq oʻqirdim», – dedi. Qatl qilinish oldidan ikki rakat namozni birinchi boʻlib oʻqigan va bu ishning odat va sunnat boʻlib qolishiga sabab boʻlgan kishi hazrati Xubayb ibn Adiydir. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) uning qatl qilinishidan oldin ikki rakat namoz oʻqiganini eshitganlarida, bu ishini oʻrinli va toʻgʻri deb topdilar.2
Namozini oʻqigach, hazrati Xubaybni dorga koʻtarib bogʻladilar. Yuzini qibladan Madina tomonga burdilar. Soʻngra: «Qani, diningdan qayt! Seni ozod qilaylik», – dedilar. U shunday javob berdi: «Vallohi, qaytmayman! Butun dunyo meniki boʻlsa va menga berilsa ham, Islomdan qaytmayman!»
Bu javobni olgan mushriklar: «Hozir sening oʻrningda Muhammad boʻlishini, uning oʻldirilishini istaysanmi? „Ha“ desang, qutulasan, uyingda xotirjam oʻtirasan!» – dedilar. Xubayb: «Men Muhammad alayhissalomning oyoqlariga bir tikan kirishiga ham aslo rozi emasman!» – dedi.
Mushriklar masxara qilib, kulishib: «Ey Xubayb! Islom dinidan qayt! Agar qaytmasang, seni albatta oʻldiramiz!» – dedilar. Xubayb ularga: «Allohu taolo yoʻlida ekanman, men uchun oʻldirilishimning hech qanday ahamiyati yoʻq», – deb javob berdi.
Shundan keyin Xubayb: «Allohim! Mana shu yerda men dushman yuzidan boshqa yuz koʻrmayapman. Allohim! Mendan Rasulingga salom yetkaz. Bizga qilingan bu ishni Rasulingga bildir!» – deb duo qildi va: «Assalomu alayka, yo Rasulalloh», – dedi. Xubayb bu duoni qilayotgan paytda sevimli Paygʻambarimiz sahobai kirom bilan oʻtirgan edilar. Zayd ibn Horisa shunday hikoya qilgan: «Bir kuni Rasululloh sahobalari bilan oʻtirganlarida: „Va alayhissalom“, – dedilar. Sahobai kirom: „Yo Rasulalloh! Bu kimning salomiga javob?“ – deyishdi. U zot shunday dedilar: „Bu – birodarimiz Xubaybning salomiga javob. Jabroil (alayhissalom) menga Xubaybning salomini yetkazdi“».3
Xubaybning atrofida yigʻilgan Quraysh mushriklari: «Mana, otalaringizni oʻldirgan odam – shu», – deb yoshlarni nayzalari bilan uning ustiga tashlanishga undadilar, ular ham uning muborak badanini yaralay boshladilar. Shu payt Xubaybning yuzi Kaʼba tomonga burildi. Mushriklar uni Madina tomonga burdilar. Hazrati Xubayb: «Allohim! Agar men Sening huzuringda maqbul bir banda boʻlsam, yuzimni qiblaga bur», – deb duo qildi. Uning yuzi yana qiblaga burildi. Mushriklardan hech biri uning yuzini Kaʼbadan boshqa tomonga bura olmadi. Shu asnoda Xubayb dor ustida, dushmanlar orasida gʻarib bir holda shahid qilinayotganini bayon qiluvchi bir sheʼr aytdi. Mushriklar qoʻllaridagi nayzalarni uning badaniga sanchib, qiynay boshlaganlarida, u shunday dedi: «Vallohi, musulmon boʻlib oʻldirilar ekanman, urilib, qaysi yonboshim bilan yiqilsam ham, gʻam yemayman! Bularning hammasi Allohu taolo yoʻlidadir».
«Men Muhammad alayhissalomning oyoqlariga bir tikan kirishiga ham aslo rozi emasman!» Xubayb ibn Adiy (roziyallohu anhu)
Shundan keyin Xubayb mushriklarni shunday qargʻadi: «Allohim! Quraysh mushriklarining hammasini halok et! Jamoalarini tarqat! Jonlarini birma-bir ol, ularni tirik qoldirma!» Bu qargʻishni eshitgan mushriklar juda qoʻrqib ketdi, ularning bir qismi u yerdan qochdi. Qolganlarning baʼzilari ketma-ket unga nayza sancha boshladilar. Ulardan biri nayzani uning koʻksiga sanchdi, nayza orqasidan chiqdi. Badanidan qon otilib, dorda osilib soʻnggi nafasini berayotganda, Xubayb: «Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh», – deb shahid boʻldi.4
Xubayb ibn Adiyning (roziyallohu anhu) jasadi qirq kun dorda osigʻliq qoldi. Badani chirimadi, hid chiqarmadi. Undan doimo yangi qon oqib turardi. Sevimli Paygʻambarimiz uning jasadini olib kelish uchun sahobai kiromdan hazrati Zubayr ibn Avvom va Miqdod ibn Asvadni yubordilar. Ular kechasi yashirincha Makkaga kirdilar. Xubaybni osilib turgan dordan tushirib, tuyaga yuklab, Madina tomon yoʻlga chiqdilar. Buni bilib qolgan mushriklar katta olomon boʻlib ularning ustiga yurdilar. Ikki sahoba ham oʻzlarini himoya qilish uchun jasadni yerga qoʻydilar. Bir ozdan soʻng ular jasadni qoʻygan joylarida yer yorilib, jasadni ichiga olib, yopilganini koʻrdilar va Madina yoʻlini tutdilar.
Hazrati Zayd ibn Dasinnani ham tikilgan ikkinchi dorga bogʻladilar. Uni dinidan qaytarishga zoʻrladilar. Ammo mushriklar Zaydning iymonini mustahkamlashdan boshqa hech narsaga erisha olmadilar. Shundan keyin Zaydni oʻq yomgʻiriga tutdilar. Oxiri uni Safvon ibn Umayyaning ozod qilingan quli Nistos shahid qildi.
