Sevimli Paygʻambarim

UHUD JANGI

Hijratning uchinchi yili, Shavvol oyi… Makkalik mushriklar Badr jangida uchragan magʻlubiyatlaridan saboq olmaganlari kabi, uning alamini ham sira unuta olmasdilar. Quraysh bu jangda koʻplab ulugʻlaridan ayrilgan edi. Bundan tashqari, Shom savdo yoʻlining musulmonlar nazoratiga oʻtgani ularning gʻazabini battar qaynatardi.

Abu Sufyon boshchiligidagi savdo karvoni Makkaga yuz foiz foyda bilan qaytgan edi. Sarmoyaga sherik boʻlganlarning koʻpchiligi Badr jangida oʻlgani uchun karvonning foydasi mushriklar qaror qabul qilish uchun yigʻiladigan Dorun Nadva degan binoda saqlanayotgan edi.

Badrda otalari, birodarlari, erlari, oʻgʻillaridan ayrilgan Safvon ibn Umayya, Ikrima ibn Abu Jahl, Abdulloh ibn Robiʼa kabi kishilar Abu Sufyonga murojaat qilib: «Musulmonlar bizning ulugʻlarimizni oʻldirdi. Bizni xoru parishon qildi. Endi ulardan oʻch olish vaqti keldi. Karvon foydasiga bir qoʻshin tayyorlaylik. Madinaga bostirib borib, oʻchimizni olaylik!» – dedilar.

Abu Jahl, Utba, Shayba kabi ashaddiy kofirlar ilgari oʻldirilgani uchun mushriklarning boshida hali musulmon boʻlmagan Abu Sufyon turardi. Shom savdosidan yuz ming oltin qoʻlga kiritilgan edi. Uning yarmi sarmoya, yarmi foyda edi. Sarmoya darhol egalariga tarqatildi, foyda esa ikkiga boʻlinib, yarmiga qurol olindi, qolgan yarmiga askar toʻplandi. Bundan tashqari, shoir va xatiblarga ham pul berildi. Xalqni gʻalayonga keltirib, jangga undash uchun xatiblar va shoirlar sheʼrlar, marsiyalar oʻqir, ayollar esa doira va nogʻora chalib, ularga joʻr boʻlardilar. Musulmonlarni Madinadan quvib chiqarish, sevimli Paygʻambarimizni yoʻq qilish va Islomni butunlay tugatishni maqsad qilgan mushriklar atrofdagi qabilalarni ham aylanib chiqib, askar toʻpladilar.

Nihoyat Makkada 3000 kishilik katta qoʻshin tayyorlandi. Ularning 700 nafari sovutli, 200 nafari otliq edi, bundan tashqari, 3000 tuyalari ham bor edi. Sozandalar va ayollar ham qatnashgan bu katta qoʻshinga Abu Sufyon qoʻmondonlik qilardi. Xotini Hind ayollarning boshida turib, mushriklarni jangga undashda haddan oshib ketardi. Chunki u Badr jangida otasi va ikki birodaridan ayrilgan edi. Buning alamini unuta olmasdi. Ayollarning jangga qatnashmasligini istaganlarga: «Badr jangini eslanglar! Xotinlaringizga, bolalaringizga yetib olish uchun Badrdan qochgan edingiz!… Bundan keyin qochmoqchi boʻlganlar qarshisida bizni koʻradi!…» – deb, ularning ogʻzini yopardi. Shu tariqa u qurayshliklarni bor kuchi bilan jangga undardi.1

Mushriklardan Jubayr ibn Mutʼimning nayza otishda gʻoyat mohir Vahshiy ismli bir quli bor edi. U nishonga olganini xato qilmaydigan oʻtkir mergan edi. Hazrati Hamza Badrda Hindning otasi Utbani, Jubayrning amakisi Tuaymani oʻldirgani uchun Hind bilan Jubayr undan qasos olish oʻtida yonib-kuyardilar. Jubayr quli Vahshiyga shunday dedi:

«Agar Hamzani oʻldirsang, seni ozod qilaman, hur qoʻyib yuboraman!» Hind ham: «Uni oʻldirsang, senga juda koʻp oltin va javohirlar beraman!» – deb vaʼda berdi.2

«Uhud bizni sevadi, biz ham uni sevamiz» Hadisi sharif

Barcha tayyorgarligini tugatgan Quraysh qoʻshini bayroqlarini ochib, birini Talha ibn Abu Talhaga, birini Ahobishdan bir kishiga, birini esa Sufyon ibn Uvayfga berdi.

Makkada tayyorgarlik tugagan edi. Hazrati Abbos ishongan bir kishi orqali Madinaga darhol maktub yubordi. Unda u mushriklar uch ming kishilik qoʻshin tuzganini, ularning yetti yuzi sovutli, ikki yuzi otliq ekanini, uch ming tuyasi va son-sanoqsiz quroli borligini xabar qildi. Abbos qoʻshin yoʻlga chiqay deb turganini ham bildirib, shunga yarasha chora koʻrilishini soʻradi.

Shundan keyin Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) vaziyatni oʻrganish uchun bir necha kishiga vazifa topshirdilar. Bu sahobalar Makka tomon yoʻlga tushishdi. Yoʻlda mushrik qoʻshini kelayotganini eshitib, maʼlumot toʻplashga kirishishdi. Ishlarini qisqa vaqtda bitirib, tezlik bilan Madinaga qaytishdi. Koʻrgan va bilib olgan narsalari kelgan maktubga toʻla mos edi.

Olamlar sarvari darhol tayyorgarlikka kirishdilar. Bundan tashqari, toʻsatdan hujumga uchramaslik uchun Madina atrofiga soqchilar qoʻyib, chora koʻrdilar. Sahobai kirom qisqa vaqtda yigʻilib, tayyorgarligini tugatdi. Uyda qoladiganlar bilan xayrlashib, bir-birlari bilan halollashib, paygʻambarlar sultoni atrofida toʻplanishdi.

Oʻsha kuni juma edi. Paygʻambarimiz sahobalariga juma namozini oʻqitdilar. Xutbada Allohu taoloning dinini yoyish uchun jihod qilishning, Alloh yoʻlida jang qilishning ahamiyati haqida toʻxtaldilar. Bu yoʻlda oʻlganlar shahid boʻlib, jannatga kirishi haqida xushxabar berdilar. Dushman qarshisida sobit turganlarga, qiyinchiliklarga koʻkrak kerganlarga Allohu taolo yordam berishini bildirdilar.

Rasuli akram sahobai kirom bilan jangni qayerda olib borish kerakligi haqida maslahatlashmoqchi ekanliklarini aytib, oʻsha kecha koʻrgan tushlarini soʻzlab berdilar. U zot shunday dedilar: «Tushimda oʻzimni mustahkam bir sovut ichida koʻrdim. Zulfiqor qilichimning tigʻida bir kemtik ochilganini, soʻyilgan bir sigirni, keyin esa bir qoʻchqor keltirilganini koʻrdim». Sahobai kirom: «Yo Rasulalloh! Bu tushni qanday taʼbir qildingiz?» – deb soʻrashganda, u zot shunday dedilar: «Mustahkam sovut kiyish – Madinaga, Madinada qolishga ishoradir. Shu yerda qolinglar…

Qilichimning tigʻida kemtik koʻrishim – bir zararga uchrashimga ishoradir. Soʻyilgan sigir – sahobalarimdan baʼzilarining shahid boʻlishiga ishoradir. Uning ketidan keltirilgan qoʻchqorga kelsak, qoʻchqor – bir harbiy qismga ishoradir, ularni, inshoalloh, Janobi Haq halok qiladi».

Boshqa bir rivoyatda u zot shunday dedilar: «Tushimda qilichimni yerga urdim, uning tigʻi sindi. Bu – Uhud kuni sahobalarimdan baʼzilarining shahid boʻlishiga ishoradir. Qilichimni yana yerga urdim, u avvalgi butun holiga qaytdi. Bu esa Allohu taolo tomonidan bir fath kelishiga, moʻminlarning bir yerga jamlanishiga ishoradir».

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) oʻzlariga vahiy orqali bildirilmagan ishlarda sahobalari bilan maslahatlashar va shunga qarab ish tutardilar. Dushmanni qayerda qarshilash kerakligi haqida sahobalardan baʼzilari: «Madinada qolib, mudofaa jangini olib boraylik», – deyishdi. Bu taklif Paygʻambarimizning xohishlariga ham mos edi. Hazrati Abu Bakr, Umar, Saʼd ibn Muoz (roziyallohu anhum) kabi sahobalarning ulugʻlari ham Paygʻambarimiz kabi fikrda edilar. Ammo Badr jangida qatnasha olmagan qahramon va yosh sahobalar Badr jangida qatnashgan sahobalar qozongan ajr va savobni3, Badr shahidlari erishgan yuksak darajalarni Paygʻambarimizdan eshitganlarida, oʻsha jangda boʻla olmaganlaridan qattiq oʻkinardilar. Shuning uchun ular dushmanni Madina tashqarisida qarshilab, yuzma-yuz jang qilishni istardilar. Hazrati Hamza, Nuʼmon ibn Molik, Saʼd ibn Uboda ana shular jumlasidan edi. Hazrati Xaysama izn soʻrab, shunday dedi: «Yo Rasulalloh! Quraysh mushriklari turli arab qabilalaridan askar toʻpladilar. Tuyalariga, otlariga minib, yerlarimizga kirib keldilar. Bizni uylarimizda va qalʼalarimizda qamal qilib, keyin qaytib ketadilar. Ortimizdan juda koʻp gap tarqatadilar. Bu hol ularning jasoratini oshiradi, ular yangi bosqinlar uyushtiradilar. Hozir ularning qarshisiga chiqmasak, boshqa arab qabilalari ham bizga koʻz tikadilar. Allohu taolo bizga mushriklar ustidan gʻalaba ato etishidan umidvorman.

Agar ikkinchisi boʻlsa – u shahidlikdir; Badr meni undan mahrum qildi. Holbuki, men uni juda qoʻmsagan edim. Oʻgʻlim Badr jangiga qatnashmoqchi ekanimni eshitganda, men bilan qurʼa tashlagan edi. U mendan baxtliroq ekan, shahidlik sharafiga erishdi.

Yo Rasulalloh! Shahidlikni juda qoʻmsadim. Kecha tushimda oʻgʻlimni goʻzal bir qiyofada koʻrdim. U jannat bogʻlari va anhorlari orasida yurar va menga: „Jannat ahliga qoʻshiling! Men Allohu taolo vaʼda qilgan haqiqatga erishdim!“ – der edi.

Yo Rasulalloh! Vallohi, bugun tongdan boshlab jannatda oʻgʻlimga hamroh boʻlishni yanada koʻproq orzu qila boshladim. Endi yoshim ham oʻtib qoldi. Rabbimga yetishishdan boshqa murodim qolmadi.

Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Shahid boʻlib, jannatda oʻgʻlimga hamroh boʻlish sharafiga erishishim uchun Allohu taologa duo qiling!…» – deb yolvordi. Paygʻambarimiz uning bu iltimosini yerda qoldirmadilar va shahid boʻlishi uchun duo qildilar.

Koʻpchilik shu fikrda ekanini koʻrgan sevimli Paygʻambarimiz dushmanni Madina tashqarisida qarshilashga qaror qildilar. Soʻngra shunday dedilar: «(Ey sahobalarim!) Sabr qilib, sobit tursangiz, bu safar ham Janobi Haq sizga Oʻz yordamini ato etadi. Bizning zimmamizdagi ish – azm va gʻayrat koʻrsatishdir!»

Asr namozini oʻqitgan Koinot sultoni saodatli va muborak uylariga bordilar. U zotning ortlaridan hazrati Abu Bakr bilan Umar izn soʻrab kirishdi. Ular Rasuli akramga (sallallohu alayhi vasallam) salla oʻrash va sovut kiyishda yordam berishdi. Paygʻambarimiz qilichlarini bellariga taqdilar, qalqonlarini orqalariga osdilar.

Bu vaqtda tashqarida sahobai kirom yigʻilib, Paygʻambarimizni kutayotgan edi. Madinada qolib, mudofaa jangini olib borishni istaganlar boshqalarga: «Rasululloh Madinadan tashqariga chiqish fikrida emas edilar. Buni sizlarning gapingiz bilan qabul qildilar. Holbuki, Rasululloh amrni Allohu taolodan oladilar. Bu ishni u zotga topshiringlar. Nimani buyursalar, shuni bajaringlar», – deyishdi. Boshqalari ham qilgan ishlaridan pushaymon boʻlishdi va: «Rasuli akramga qarshi chiqqan boʻlmaylik», – deb bu fikrlaridan qaytishdi. Sevimli Paygʻambarimiz saodatli uylaridan chiqqanlarida, ular huzurlariga borib: «Jonlarimiz sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Qanday istasangiz, shunday qiling. Madinada qolishni istasangiz, qolaylik. Biz sizning amringizga qarshi chiqishdan Janobi Haqdan panoh soʻraymiz», – deb uzr soʻrashdi.

«Sahobalarimga til tegizmanglar! Uhud togʻicha oltin sadaqa qilsangiz ham, ularning bir hovuch arpa sadaqasining savobicha boʻlmaydi!» Hadisi sharif

Habibi akram shunday dedilar: «Biror paygʻambar kiygan sovutini, to Janobi Alloh u bilan dushmani oʻrtasida hukm chiqarmaguncha, jang qilmay yechmaydi. Sizga nasihatim shuki, buyurganlarimni bajarsangiz, Allohu taoloning ismini zikr qilib, sabr qilib, sobit tursangiz, Allohu taolo sizga yordam beradi…»

Shu paytda hazrati Amr ibn Jamuh uyida toʻrt oʻgʻliga: «Bolalarim! Meni ham bu gʻazotga olib boringlar!» – der, oʻgʻillari esa otalarini koʻndirishga urinib: «Otajon! Oyogʻingiz choʻloq boʻlgani uchun Allohu taolo sizni uzrli deb bildi. Rasululloh ham sizni uzrli deb bildilar. Jihodga chiqish sizning zimmangizda emas. Sizning oʻrningizga biz boryapmiz!» – deyishardi. Ammo hazrati Amr: «Sizlardek farzandlarga hayf! Badr jangida ham shunday deb, meni jannatni qozonishdan toʻsgan edingiz. Bu safardan ham mahrum qilmoqchimisiz?…» – dedi. Soʻngra u sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga borib: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Oʻgʻillarim baʼzi uzrlarni roʻkach qilib, meni bu gʻazotdan mahrum qilmoqchilar. Vallohi, men siz bilan birga safarga chiqib, jannatga kirish sharafiga erishmoqchiman. Yo Rasulalloh! Mening Alloh yoʻlida jang qilishimni va shahid boʻlib, mana shu choʻloq oyoqlarim bilan jannatda yurishimni maʼqul koʻrmaysizmi?» – dedi. Faxri olam: «Ha, maʼqul koʻraman», – dedilar. Bundan juda sevingan hazrati Amr ibn Jamuh tayyorgarlik koʻrib, qoʻshinga qoʻshildi.4

Madinada namoz oʻqitish uchun Abdulloh ibn Ummu Maktum qoldirildi.5

Rasullar sultoni uchta bayroq bogʻladilar. Birini Hubob ibn Munzirga, birini Usayd ibn Huzayrga, uchinchisini esa Musʼab ibn Umayrga berdilar. Ming kishiga yaqin qoʻshinda ikki otliq va yuzta sovutli jangchi bor edi.6

Juma kuni asrdan keyin sevimli Paygʻambarimiz «Allohu akbar!» takbirlari sadosi ostida, goʻyo bayramga ketayotgandek, Uhud tomon yoʻlga chiqdilar. Oldinda sovutlarini kiygan hazrati Saʼd ibn Uboda bilan Saʼd ibn Muoz, oʻngda muhojirlar, chapda ansorlar borardi.

Yoʻlda ular yahudiylardan iborat olti yuz kishilik bir harbiy boʻlinmaga duch keldilar. Bular munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay ibn Salulning ittifoqchilari boʻlib, Islom qoʻshiniga qoʻshilmoqchi edilar. Paygʻambarimiz: «Ular musulmon boʻlganmi?» – deb soʻradilar. «Yoʻq, yo Rasulalloh», – deb javob berishdi. Shunda u zot: «Borib aytinglar, izlariga qaytsinlar. Chunki biz mushriklarga qarshi kofirlardan yordam soʻramaymiz», – dedilar. Nabiyi muhtaram (sallallohu alayhi vasallam) Madina bilan Uhud oraligʻidagi Shayxayn degan joyga keldilar. Bu yerda tunash uchun toʻxtadilar. Quyosh hali botmagan edi. Qoʻshin ichida dushman bilan jang qilib, shahidlik darajasiga erishishni istagan hali yosh bola sahobalar ham bor edi. Sevimli Paygʻambarimiz bu yerda qoʻshinni koʻzdan kechirganlarida, oʻn yettiga yaqin bola borligini koʻrdilar.

Ular orasida Rofeʼ ibn Xadij balandroq koʻrinish uchun oyoq uchida turardi. Hazrati Zuhayr: «Yo Rasulalloh! Rofeʼ yaxshi oʻq otadi», – degach, uni qoʻshinga oldilar. Buni koʻrgan Samura ibn Jundub: «Men kurashda Rofeʼni yiqita olaman. Shuning uchun men ham gʻazotda boʻlishni istayman», – dedi. Paygʻambarimiz tabassum qilib, ikkisini kurashga tushirdilar. Hazrati Samura Rofeʼni yiqitgach, uni ham mujohidlar qatoriga oldilar. Qolgan bolalar u yerdagilarni himoya qilish uchun Madinaga qaytarildi.7

Shom va xufton namozlarining azonini Bilol Habashiy oʻzining taʼsirli ovozi bilan aytdi. Sevimli Paygʻambarimiz namozni oʻqitganlaridan keyin Muhammad ibn Maslamani ellik kishilik bir boʻlinmaning boshiga qoʻyib, tonggacha soqchilikda turishni buyurdilar. Sahobai kirom dam olishga ketdi. Oʻsha kecha Paygʻambarimizning bosh tomonlarida soqchilik qilish sharafi hazrati Zakvonga nasib boʻldi.

Shu orada dushman qoʻshini Islom qoʻshini Shayxaynda dam olish uchun toʻxtaganini bilib, Ikrima qoʻmondonligidagi bir otliq boʻlinmani aygʻoqchilik uchun yubordi. Hali musulmon boʻlmagan Ikrima boʻlinmasi bilan Harra degan joygacha Islom qoʻshiniga yaqin kelgan boʻlsa-da, mujohidlarning soqchilaridan qoʻrqib, ortga chekindi. Tong otgach, Olamlar sarvari sahobalarini uygʻotdilar. Ular Uhud togʻiga keldilar. Bu yerda ikki qoʻshin bir-birini koʻra olardi. Bilol Habashiy ruhlarni joʻshtiradigan, dillarni eritadigan taʼsirli ovozi bilan bomdod azonini aytdi. Mujohidlar qurollarini yechmay, sevimli Paygʻambarimizning ortlarida namozlarini oʻqidilar, duolarini qildilar. Koinot sultoni ustlaridan ikkinchi sovutni, muborak boshlariga esa dubulgʻani kiydilar.

Shu paytda munofiqlarning boshligʻi Abdulloh ibn Ubay: «Biz bu yerga oʻzimizni oʻldirtirgani keldikmi? Buni boshidayoq nega tushunmadik?» – deb, 300 ga yaqin munofiq bilan birga Islom qoʻshinini tashlab, Madinaga qaytib ketdi.

Iymon keltirgan, koʻngil birligini tutgan, jonlarini, boshlarini shu yoʻlga tikkan, kiprik qoqmay shahidlik martabasiga yetishga intilganlarning soni yetti yuzga yaqin edi. Ularning hammasi sevimli Paygʻambarimizni qonlarining soʻnggi tomchisigacha himoya qilishga soʻz berdilar.

Paygʻambarlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) mujohidlarni safga tizdilar. Qoʻshinni orqasi Uhud togʻiga, yuzi Madinaga qaragan holda joylashtirdilar.

«Biror paygʻambar kiygan sovutini, to Janobi Alloh u bilan dushmani oʻrtasida hukm chiqarmaguncha, jang qilmay yechmaydi» Hadisi sharif

Uhud jangi

Oʻng qanotga Ukkosha ibn Mihsanni, chap qanotga Abu Salama ibn Abdulasadni qoʻmondon qilib tayinladilar. Saʼd ibn Abu Vaqqos bilan Abu Ubayda ibn Jarroh oldingi safda, oʻqchi boʻlinmalarning boshida joy oldilar. Sovutli boʻlinmalarning boshiga Zubayr ibn Avvom, oldingi sovutsiz boʻlinmalarning boshiga hazrati Hamza oʻtdi. Miqdod ibn Amrga orqadagi boʻlinmalar boshida turish vazifasi berildi.

Faqat Alloh uchun sevar edilar xalqni, ham yomon koʻrar edilar,
na nafs uchun doʻst boʻldilar, na dushman – ul karam koni.
Na qahqah ila kuldilar, na bir narsani soʻkdilar hech,
shirinsoʻz, xandon yuzli edilar har on ul karam koni.
Hayo, hilm ila, lutfu hurmat ila ziynatlangan edilar,
kelib yolvorganni yigʻlagan holda qoʻymasdilar ul karam koni.

Islom qoʻshinining chap tomonida Aynayn tepaligi bor edi. Bu tepalikda tor bir oʻtish joyi bor edi. Rasuli akram bu oʻtish joyiga Abdulloh ibn Jubayr qoʻmondonligida ellik oʻqchi qoʻydilar. Oʻqchilar oʻtish joyida oʻz oʻrinlarini egalladilar. Sevimli Paygʻambarimiz ularning yoniga kelib, shunday qatʼiy amr berdilar:

«Bizni orqamizdan himoya qilinglar. Joyingizda turinglar va bu yerdan aslo jilmanglar. Dushmanni yengganimizni koʻrsangiz ham, sizga xabar bermagunimizcha, odam yubormagunimizcha, joylaringizdan hech qachon ketmanglar. Dushman bizni oʻldirmoqchi ekanini, oʻldirayotganini koʻrsangiz ham, kelib bizga yordam bermanglar.

Bizni ulardan himoya qilishga urinmanglar. Dushman otliqlari sizga tomon yoʻnalsa, ularni oʻqqa tutinglar. Chunki otliqlar otilayotgan oʻqlarga qarshi kela olmaydi. Allohim! Bularni ularga yetkazganimga Seni guvoh qilaman!» Bu amrlarini bir necha marta takrorlagach, sevimli Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Qushlar jasadlarimizni talashib yeyayotganini koʻrsangiz ham, men sizga odam yubormagunimcha, joyingizdan aslo jilmanglar.8 Agar biz kofirlarni qirib, oyoqlarimiz ostida toptaganimizni koʻrsangiz ham, men sizga xabar yubormagunimcha, joyingizni aslo tashlamanglar!…» Soʻngra u yerdan ketib, qoʻshinning boshiga oʻtdilar.

Bayroqni Musʼab ibn Umayrga berdilar. Hazrati Musʼab qoʻlida bayroq bilan Paygʻambarimizning oldilarida oʻz joyini egalladi.9 Shu paytda yangi uylangan hazrati Hanzala Madinadan shoshilib Uhudga keldi va mujohidlar safiga qoʻshildi.

Uhudga uch kun oldin kelgan mushrik qoʻshiniga Abu Sufyon qoʻmondonlik qilardi. Ular Madinani orqalarida qoldiradigan qilib joylashdilar. Oʻng qanotdagi otliqlarga Xolid ibn Valid, chap qanotdagi otliqlarga esa Ikrima qoʻmondonlik qilishi kerak edi. Safvon ibn Umayya ham otliq boʻlinmalar boshida vazifa olgani rivoyat qilingan. Mushriklar bayrogʻini Talha ibn Abu Talha koʻtarib borardi.

Ikki qoʻshin oʻrtasidagi kuch nisbati juda tengsiz edi. Quraysh qoʻshini son, qurol va aslaha jihatidan Islom qoʻshinidan toʻrt barobardan ham koʻp edi.

Quraysh qoʻshinida shovqin-suron tinmasdi; qasos hirsidan koʻzlarini qon bosgan ayollar doira va nogʻora chalib, qoʻshiq aytib, askarlarni jangga undar, sigʻinadigan butlaridan yordam soʻrardilar.

Mujohidlar tomonida esa duolar qilinar, «Allohu akbar! Allohu akbar!…» deb takbirlar aytilardi. Islom dinining himoyasi va yoyilishi uchun Allohu taolodan yordam soʻralardi.

Sevimli Paygʻambarimiz qahramon sahobalarini jihodga, Janobi Haq yoʻlida jang qilishga undar, bu yoʻlda qozonadigan savoblarini aytib, shunday der edilar: «Ey sahobalarim! Soni oz kishilarga dushman bilan jang qilish ogʻir keladi. Agar ular sobitlik va gʻayrat koʻrsatsalar, Allohu taolo ularni farogʻatga erishtiradi. Chunki Allohu taolo Oʻziga itoat qilganlar bilandir… Allohu taolo sizga vaʼda qilgan mukofotni soʻranglar…» Uhud jangiga oid oyati karimalarda ham shunday deyilgan, maʼnosi: «(Ey moʻminlar!) Sizga rahm qilinishi uchun Allohu taologa va Uning Rasuliga (buyurgan narsalarida) itoat qilinglar.

Rabbingizdan magʻfirat soʻrashga va Allohu taolodan qoʻrqqanlar uchun tayyorlangan, kengligi osmonlar va yer barobari boʻlgan jannatga shoshilinglar (buning uchun goʻyo musobaqa qilinglar). (Ul taqvodorlar) farovonlikda ham, tanqislikda ham mollarini Alloh yoʻlida sarflaydilar. Gʻazablarini yutishni biladilar va odamlarni kechiradilar. Allohu taolo ehson (yaxshilik) qiluvchilarni sevadi».10

«Ana ularning mukofoti – Rabbilaridan magʻfirat va daraxtlari ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlardir. Ular u yerda abadiy qoladilar. Shunday qilganlarning, Allohu taologa va Uning Rasuliga itoat qilganlarning mukofoti naqadar goʻzal!»11

«Agar biz kofirlarni qirib, oyoqlarimiz ostida toptaganimizni koʻrsangiz ham, men sizga xabar yubormagunimcha, joyingizni aslo tashlamanglar!…» Hadisi sharif

Koʻngillari iymonga toʻla, koʻzlaridan jasorat uchqunlari sachrayotgan, shahid boʻlish orzusi bilan yonayotgan sahobai kirom joylarida tura olmas, tezroq dushmanga tashlanish uchun amr kutardi. Badr jangidagidek hazrati Ali oq, Zubayr ibn Avvom sariq, Abu Dujona esa qizil sallalarini boshlariga oʻradi. Hazrati Hamza ham tuyaqush patidan qilingan tugʻini taqdi. Ikki qoʻshin bir-biriga ancha yaqinlashdi. Endi hayajon eng yuqori nuqtasiga yetgan edi.

Bir ozdan soʻng, bir tomonda Allohu taoloning dinini yoyish uchun eng yaqinlari bilan jang qilishdan ham sira ikkilanmaydigan Islom mujohidlari, ikkinchi tomonda botil yoʻllarida qaysarlik qilayotgan Islom dushmanlari oʻrtasida katta maydon jangi boshlanmoqchi edi.

Qoʻshinlar bir oʻq yetadigan masofaga yaqinlashganlarida, dushman safidan tuyasini oldinga surgan sovutli bir mushrik mujohidlardan yakkama-yakka olishuv uchun raqib talab qildi. Hamma undan choʻchiyapti deb oʻylab, bu talabini uch marta takrorladi. Shunda Islom qoʻshinidan uzun boʻyli, sariq sallali bir qahramon mujohid piyoda maydonga chiqqani koʻrindi. Bu Paygʻambarimizning ammavachchalari Zubayr ibn Avvom (roziyallohu anhu) edi. Islom qoʻshinidan «Allohu akbar!…» sadolari koʻtarilar, hazrati Zubayrning gʻolib boʻlishi uchun duo qilinardi. Zubayr ibn Avvom mushrikka yaqinlashar-yaqinlashmas, uning tuyasi ustiga sakrab chiqqani koʻrindi. Tuya ustida dahshatli olishuv boshlandi. Shu payt sevimli Paygʻambarimizning: «Uni yerga yiqit!» – deganlari eshitildi. Hazrati Zubayr bu amrni olishi bilan raqibini pastga itarib yubordi. Ketidan oʻzi ham sakrab tushib, qilichini uning boʻyniga soldi. Mushrikning dubulgʻali boshi sovutli tanasidan ajraldi. Paygʻambarimiz hazrati Zubayrga duo qildilar.

Soʻngra mushriklarning bayroqdori Talha ibn Abu Talha maydonga otilib chiqdi va: «Orangizda mening qarshimga chiqadigan biror kishi bormi?» – deb qichqirdi. Uning qarshisiga Allohu taoloning sheri hazrati Ali chiqdi. U boshdan-oyoq sovutga burkangan mushrik bayroqdorining boshini bir zarba bilan iyagigacha yorib yubordi. Buni koʻrgan sevimli Paygʻambarimiz: «Allohu akbar!… Allohu akbar!…» – deb takbir aytdilar. Bunga sahobai kirom ham qoʻshilgach, takbir sadolari yeru koʻkni larzaga keltirdi.12

Mushriklarning bayrogʻi yerga tushganini koʻrgan Talhaning birodari Usmon ibn Abu Talha maydonga yugurib chiqdi. Bayroqlarini koʻtarib, raqib talab qildi. Uning qarshisiga hazrati Hamza chiqdi. U: «Yo Alloh!» – deb Usmonning yelkasiga shunday qilich urdiki, bayroq tutgan qoʻli uzilgan mushrik yerga yiqilib, jon berdi.13

Bu gal mushriklarning bayrogʻi yana yerga tushganini koʻrgan Abu Saʼd ibn Abu Talha piyoda maydonga chiqdi. U ham boshdan-oyoq sovutli edi. Kufr bayrogʻini yerdan koʻtardi-da, Islom qoʻshiniga oʻgirilib: «Men – Qusamning otasiman. Mening qarshimga kim chiqa oladi?» – deb baqira boshladi. Paygʻambarimiz uning qarshisiga ham hazrati Alini chiqardilar. Hazrati Ali bu mushrikni ham oʻldirib, bayroqlarini yerga qulatgach, mujohidlar safidagi oʻz joyini egalladi.

Shundan keyin koʻplab mushriklar navbatma-navbat maydonga chiqib, yerga tushgan bayroqlarini koʻtarib, mujohidlardan oʻzlariga qarshi bahodir chiqarishni talab qildilar. Ammo har safar Allohu taoloning izni bilan qahramon sahobalar gʻolib chiqdilar. Har bir bayroqdor oʻldirilganda Islom qoʻshinidan takbir sadolari koʻtarilar, dushman saflariga esa katta gʻam va noumidlik choʻkardi. Hatto shovqin-suroni falakka yetgan mushrik ayollari ham bir tomondan oʻz askarlarini: «Sizlarga hayf!…» – deb haqoratlar, bir tomondan: «Yana nimani kutib turibsizlar?…» – deb jangga undardilar.

Bu qilichning haqini kim ado etadi?

Ikki tomon ham joyida tura olmayotgan qizgʻin bir paytda sevimli Paygʻambarimiz qoʻllarida tutgan qilichlarini koʻrsatdilar. Uning ustida shunday bayt yozilgan edi:

Qoʻrqoqlikda – sharmandalik, olgʻa yurishda – shonu sharaf bor.
Inson qoʻrqish bilan taqdirdan qutulmas.

Shunda u zotning: «Bu qilichni mendan kim oladi?» – deganlari eshitildi. Buni eshitgan sahobai kiromdan koʻplari uni olish uchun birdaniga qoʻllarini choʻzishdi. Paygʻambarimiz yana: «Uning haqini ado etish uchun kim oladi?» – deganlarida, sahobai kirom jim boʻlib, ortga chekindi. Qilichni qizgʻin istaganlardan Zubayr ibn Avvom: «Men olaman, yo Rasulalloh», – dedi. Paygʻambarimiz qilichni hazrati Zubayrga bermadilar. Abu Bakr, Umar, Alining (roziyallohu anhum) iltimoslarini ham Paygʻambarimiz qabul qilmadilar.

Abu Dujona: «Yo Rasulalloh! Bu qilichning haqi nima?» – deb soʻradi. Sevimli Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Uning haqi – egilib-bukilguncha u bilan dushmanga urishdir. Uning haqi – u bilan musulmonni oʻldirmasliging, u bilan kofirlar oldidan qochmasligingdir. Allohu taolo senga gʻalaba yoki shahidlik nasib qilguncha, u bilan Alloh yoʻlida jang qilishingdir». Shunda Abu Dujona: «Yo Rasulalloh! Men uning haqini ado etish uchun olaman», – dedi. Paygʻambarimiz qoʻllaridagi qilichni unga topshirdilar.14

Abu Dujona (roziyallohu anhu) gʻoyat jasur va qahramon boʻlish bilan birga, jang maydonlarida juda ziyraklik bilan ish tutar, «Urush – hiyladir»15 degan hadisi sharifga toʻla amal qilardi. Hazrati Abu Dujona qilichni olgach, baytlar aytib, jang maydoni tomon savlat toʻkib, viqor va gʻurur bilan qadam tashlab ketdi. Egnida bir koʻylak va boshida qizil salladan boshqa hech narsa yoʻq edi.

Hazrati Abu Dujonaning bu yurishi sahobai kirom orasida unchalik yaxshi qabul qilinmadi. Shunda Paygʻambarimiz: «Bu shunday yurishki, bu yerlardan (jang maydonlaridan) tashqarida Allohu taoloning gʻazabiga sabab boʻladi», – deb, savlat toʻkib yurishga faqat dushman qarshisida ruxsat berilganini bildirdilar.

Ortiq kuta olmagan Xolid ibn Valid mushriklar safidan oʻz qoʻmondonligidagi kuchlar bilan hujumga oʻtdi. Sevimli Paygʻambarimiz ham joylarida tura olmayotgan sahobai kiromga hujum amrini berdilar. Bir onda jang maydoni «Allohu akbar!» sadolariga toʻldi. Eng oldinda, sovutsiz boʻlinmalarning boshida hazrati Hamza qoʻlidagi qilichlari bilan duch kelgan har bir kofirga qilich sola boshladi. Katta hirs bilan kelgan Xolid ibn Validning kuchlari darhol ortga uloqtirildi. Shundan keyin Xolid ibn Valid togʻ oʻtish joyidan aylanib, orqadan zarba berish uchun keng aylanma yoʻl bilan Aynayn tepaligiga bordi. Ammo hazrati Abdulloh ibn Jubayr va uning qoʻmondonligidagi ellik yigit ularni shiddatli oʻq yomgʻiri bilan ortga qaytardilar.

Endi jang qizib ketgan edi. Ikki tomon ham bor kuchi bilan olishardi. Har bir sahoba kamida toʻrt mushrik bilan olishib, olgʻa intilardi.

«Ey sahobalarim! Soni oz kishilarga dushman bilan jang qilish ogʻir keladi. Agar ular sobitlik va gʻayrat koʻrsatsalar, Allohu taolo ularni farogʻatga erishtiradi» Hadisi sharif

Hazrati Hamza bir tomondan: «Allohu akbar! Allohu akbar!» – deb hayqirar, bir tomondan: «Men – Allohu taoloning sheriman!» – deb dushmanni qira-qira olgʻa borardi. Safvon ibn Umayya atrofidagilarga: «Hamza qayerda? Uni menga koʻrsatinglar», – deb jang maydonini koʻzdan kechirardi. Birdan uning koʻzi ikki qilich bilan olishayotgan bir kishiga tushdi va: «Bu olishayotgan kim?» – deb soʻradi. Atrofidagilar: «Sen izlagan odam! Hamza!» – deyishdi. Safvon: «Men shu kungacha oʻz qavmini oʻldirish uchun tashlanayotgan, uningdek hirsli va dovyurak boshqa biror kishini koʻrmaganman», – dedi.

Jang eng qizigan paytda muhojirlardan Zubayr ibn Avvom qilich oʻziga berilmagani uchun koʻngli ranjib, oʻz-oʻziga: «Men Rasulullohdan qilichni soʻradim, ammo u zot uni Abu Dujonaga berdilar. Holbuki, men u zotning ammalari Safiyyaning oʻgʻliman. Ustiga-ustak qurayshlikman. Avval men soʻragan edim-ku. Borib koʻray-chi, Abu Dujona mendan ortiq nima qilar ekan?» – dedi. Soʻngra u Abu Dujonani kuzata boshladi. Hazrati Abu Dujona «Allohu akbar!» deb takbir aytar, mushriklardan kimga duch kelsa, uni urib oʻldirardi. Mushriklarning eng ashaddiylaridan biri – yirik gavdali, hamma yogʻi sovut bilan qoplangan, faqat koʻzlarigina koʻrinib turgan bir kishi Abu Dujonaga roʻpara keldi. Avval uning oʻzi hazrati Abu Dujonaga hujum qildi. Abu Dujona uning zarbasidan qalqoni bilan himoyalandi. Mushrikning qilichi Abu Dujonaning qalqoniga botib qoldi. U qilichiga osilib tortdi, ammo chiqara olmadi. Endi navbat Abu Dujonaga kelgan edi. U bir qilich zarbasi bilan raqibini oʻldirdi.

Shundan soʻng Abu Dujona oldidan chiqqan har bir iymonsizni agʻdarib, togʻ etagida doiralari bilan mushriklarni qoʻzgʻatayotgan ayollar yonigacha bordi. Ammo qilichini koʻtargan holda Abu Sufyonning xotini Hindni oʻldirishdan tiyildi.16 Buni koʻrgan Zubayr ibn Avvom oʻz-oʻziga: «Qilich kimga berilishi kerakligini Alloh va Uning Rasuli mendan yaxshiroq biladi», – dedi. Soʻngra: «Vallohi, men undan yaxshiroq olishadigan, qilich soladigan biror kishini koʻrmadim», – deb qoʻshimcha qildi.

Miqdod ibn Asvad, Zubayr ibn Avvom, hazrati Ali, hazrati Umar, Talha ibn Ubaydulloh, Musʼab ibn Umayr – ularning hammasi yengilmas bir qalʼa edi. Paygʻambarimizning dushmanga juda yaqin turib jang qilayotganlarini, qayta-qayta hujum qilayotganlarini koʻrgan shonli sahobalar joylarida tura olmasdilar. Rasulullohga biror zarar yetmasin deb, u zotning atroflarida toʻplanishar, sovutga burkangan dushmanga koʻz ochirmasdilar. Shu payt hazrati Abdulloh ibn Amrning shahid boʻlgani koʻrindi. Bu Uhudning birinchi shahidi edi. Uning shahid boʻlganini koʻrgan doʻstlari sherga aylanib, Allohu taoloning roziligi uchun dushmanning qoq oʻrtasiga tashlandilar.

Jang juda qizigan bir paytda mardlik timsoli hazrati Abdulloh ibn Jahsh bilan oʻqchilarning piri hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqos uchrashib qolishdi. Ikkovi ham turli joylaridan yaralangan edi. Hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqos shunday hikoya qiladi: «Uhudda jangning eng shiddatli paytlaridan biri edi. Birdan Abdulloh ibn Jahsh yonimga keldi, qoʻlimdan ushlab, meni bir qoyaning tagiga tortdi. Soʻngra menga: „Endi shu yerda sen duo qil, men «Omin» deyin. Keyin men duo qilay, sen esa «Omin» de!“ – dedi. Men: „Xoʻp“, – dedim. Men shunday duo qildim: „Allohim! Menga juda kuchli va shafqatsiz dushmanlarni roʻpara qil. Ular bilan ayovsiz olishay. Hammasini oʻldiray. Gʻoziy boʻlib qaytay“. Mening bu duomga u butun qalbi bilan: „Omin“, – dedi.

Soʻngra u oʻzi duo qila boshladi: „Allohim! Menga kuchli dushmanlarni roʻpara qil, ular bilan ayovsiz olishay. Jihodning haqini ado etay. Hammasini oʻldiray. Oxirida ulardan biri meni shahid qilsin. Soʻngra lablarimni, burnimni, quloqlarimni kessin. Men qonga belanib Sening huzuringga boray. Sen: «Abdulloh! Lablaringni, burningni, quloqlaringni nima qilding?» – deb soʻraganingda, men: «Allohim! Men ular bilan koʻp xatolarga yoʻl qoʻydim, ularni oʻz oʻrnida ishlata olmadim. Ularni huzuringga olib kelishga uyaldim. Sevimli Paygʻambarim qatnashgan bir jangda changu tuproqqa belandim, shunday holda keldim», – deyin“. Koʻnglim bunday duoga „Omin“ deyishni istamasdi. Ammo u shuni istagani va men oldindan soʻz berganim uchun, istar-istamas: „Omin“, – dedim.

Soʻngra qilichlarimizni yalangʻochlab, jangni davom ettirdik. Ikkalamiz ham oldimizga chiqqanni oʻldirardik. U gʻoyat bahodirlarcha hamla qilar va dushman saflarini tum-taraqay qilib yuborardi. Dushmanga qayta-qayta zarba berar, shahid boʻlish uchun soʻnmas bir orzu bilan yana tashlanardi. „Allohu akbar! Allohu akbar!…“ – deb olishayotganida qilichi sinib qoldi. Shu onda sevimli Paygʻambarimiz unga bir xurmo shoxini uzatib, jangni davom ettirishni buyurdilar. Bu shox moʻjiza boʻlib qilichga aylandi va u oldiga chiqqan bilan olishishni davom ettirdi. Koʻplab dushmanni oʻldirdi. Jang oxiriga yaqin Abul Hakam ismli bir mushrikning otgan oʻqlari bilan orzu qilgan shahidligiga erishdi. U shahid boʻlgach, kofirlar uning jasadiga yopirilib, burnini, lablarini va quloqlarini kesdilar. Uning hamma yogʻi qonga belandi».

Mujohidlar safida Quzmon ismli bir kishi bor edi. U qilichining qinini sindirib: «Oʻlish qochishdan koʻra ancha yaxshidir!» – dedi-da, yalangʻoch qilich bilan mushriklar orasiga shoʻngʻidi. Quzmon koʻp mardlik, qahramonlik koʻrsatdi. Yakka oʻzi yetti-sakkizta kofirni oʻldirdi. Oxiri yaralanib, yerga yiqildi. Sahobai kirom uning bu qahramonligidan hayratga tushib, Paygʻambarimizga xabar berishganda, u zot: «U – jahannamlikdir», – dedilar. Hazrati Qatoda ibn Nuʼmon Quzmonning yoniga borib: «Ey Quzmon! Shahidlik senga muborak boʻlsin!» – deganda, Quzmon: «Men din gʻayrati uchun emas, qurayshliklar Madinaga kelib, xurmozorimni vayron qilmasinlar deb urushdim!» – dedi. Soʻngra u oʻq bilan bilak tomirlarini teshib, oʻz joniga qasd qildi. Shunday qilib, Paygʻambarimizning: «U – jahannamlikdir!» – degan soʻzlarining hikmati ayon boʻldi.

Jang boshlangandan beri Olamlar sarvari sevimli Paygʻambarimizdan boshlab barcha sahobai kirom katta kurash olib bordilar. Shiddatli hujumlar bilan mushrik qoʻshinini ortga uloqtirdilar. Mushriklar tosh va yogʻochdan yasab, «Lot, Uzzo, Hubal!» deb sigʻinadigan butlaridan foyda va yordam kutar edilar. Mujohidlarning bu qahramonliklari qarshisida ularning toʻdasi tarqalib, qocha boshladi. Ularni jangga undash uchun kelgan ayollar faryod koʻtarib, qochayotgan askarlarga yetib olishga urinardilar.

Quraysh mushriklari jang maydonini tashlab, oʻzlari bilan keltirgan mollarini qoldirib, Makka tomon qocha boshlaganlarida, Islom askarlari sevinib, Allohu taolo oʻzlariga vaʼda qilgan gʻalabaga erishganlari uchun Unga hamd aytdilar. Son va kuch jihatidan bir necha barobar ustun boʻlishlariga qaramay, mushriklar musulmonlar qarshisida xoru parishon boʻlgan edilar. Ular bir-birini bosib-yanchib qochayotganlarida, shonli sahobalar ularni quvib borar, yetib olganlarini urib oʻldirardilar. Ana shu toʻs-toʻpolonda yangi uylangan hazrati Hanzala ibn Abu Omir mushrik qoʻshinining bosh qoʻmondoni Abu Sufyonga yetib oldi; Abu Sufyon oti bilan qochishga urinayotgan edi. Hanzala otning oyoqlariga qilich urib, otni yerga choʻktirdi. Yerga yiqilgan Abu Sufyon bor kuchi bilan: «Ey qurayshliklar!… Yetib kelinglar!… Men – Abu Sufyonman! Hanzala meni qilich bilan chopmoqchi!…» – deb faryod qila boshladi. U bilan birga qochishga urinayotgan mushriklar bu holni koʻrsalar ham, jon holatida boʻlib, qoʻmondonlariga eʼtibor bermadilar.

«Urush – hiyladir» Hadisi sharif

Ammo shu onda hazrati Hanzalaning shundoq orqasida turgan mushrik Shaddod ibn Asvad nayzasini Hanzalaning orqasiga sanchdi. Hazrati Hanzala «Allohu akbar!» deb bir hamla qilmoqchi boʻlsa-da, yerga yiqilib, shahid boʻldi va uning muborak ruhi jannatga uchdi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Men farishtalar osmon bilan yer oʻrtasida Hanzalani kumush bir lagan ichida yomgʻir suvi bilan yuvayotganlarini koʻrdim». Abu Usaydiy shunday hikoya qildi: «Rasulullohning bu soʻzlarini eshitgach, Hanzalaning yoniga bordim. Uning boshidan yomgʻir suvi tomib turardi. Qaytib kelib, buni Rasuli akramga xabar qildim». Hazrati Hanzalani «Gʻasilul maloika», yaʼni farishtalar yuvgan kishi deb atashdi.17

Aynayn oʻtish joyidagi oʻqchilarning baʼzilari mushriklarning qochayotganini koʻrib, jang tugadi deb oʻylab, joylarini tashlab ketdilar. Ularning qoʻmondoni Abdulloh ibn Jubayr va oʻn ikki kishi oʻz joylarida qoldilar.18

Hazrati Alining mardligi

Shu paytda hushyor kutib turgan, har bir fursatdan foydalanishga urinayotgan Quraysh oʻqchi boʻlinmasining qoʻmondoni Xolid ibn Valid oʻtish joyidagi mujohidlar kamayib qolganini koʻrib, qoʻl ostidagi otliqlarni harakatga keltirdi.

Xolid Ikrima ibn Abu Jahl bilan birga bir zumda Aynayn oʻtish joyiga yetib keldi. Hazrati Abdulloh ibn Jubayr va uning vafodor, sodiq doʻstlari saf tortib, yoyilib turdilar. Oʻqdonlaridagi oʻqlar tugaguncha dushmanga oʻq yogʻdirdilar. Soʻngra nayzalari bilan olishdilar, yuzma-yuz kelganlarida esa «Allohu akbar! Allohu akbar!» deb, qilichlari bilan koʻp qahramonliklar koʻrsatdilar. Iymonlilar bilan iymonsizlar oʻrtasidagi nisbat juda tengsiz edi: birga yigirma besh. Shonli sahobai kirom Paygʻambarlarining amrini bajarish uchun qonlarining soʻnggi tomchisigacha olishdilar. Birin-ketin shahidlik sharbatini ichib, muborak vujudlari yerga quladi, ruhlari jannatga uchdi (roziyallohu anhum).

Mushriklar kin-adovat bilan hazrati Abdullohning kiyimlarini yechib, muborak badanini nayzalar bilan ilma-teshik qildilar. Qornini yorib, ichak-chavogʻini tashqariga chiqardilar.

Xolid ibn Valid bilan Ikrima oʻtish joyidagi mujohidlarni shahid qilgach, Islom qoʻshiniga orqadan shiddat bilan hujum qildilar. Sahobai kirom orqalarida birdan paydo boʻlgan dushmanni koʻrib, yigʻilib olishga ulgurmadi. Chunki ularning koʻplari hatto qurollarini ham qoʻyib qoʻygan edi. Hamma narsa birdan oʻzgardi. Oldinda qochib borayotgan qurayshlik mushriklar Xolid ibn Validning orqadan hujumga oʻtganini koʻrib, ortga qaytdilar. Mujohidlar ikki oʻt orasida qolgan edi. Dushman oldidan ham, orqadan ham hujumga oʻtib, mujohidlarni qisuvga ola boshladi. Sahobalarning bir-birlari bilan aloqasi uzildi. Ular tarqalib ketishga majbur boʻldilar.19

Hazrati Ali shunday hikoya qildi: «Orasida Ikrima ibn Abu Jahl ham boʻlgan bir mushriklar toʻdasining oʻrtasiga tashlandim. Ular atrofimni oʻrab oldilar, koʻpini qilichdan oʻtkazdim. Boshqa bir toʻdaning ichiga kirdim, ulardan ham koʻpini safdan chiqardim. Ajalim yetmagani uchun menga hech narsa boʻlmadi. Bir mahal Rasulullohni koʻra olmay qoldim. Oʻz-oʻzimga: „Qasamki, u zot jang maydonini tashlab ketadigan zot emaslar. Balki Allohu taolo bizning nomunosib ishlarimiz sababli u zotni oramizdan olib ketgandir! Endi men uchun olisha-olisha oʻlishdan boshqa yoʻl qolmadi“, – dedim-da, qilichimning qinini sindirdim. Mushriklar ustiga hujum qilib, ularni tarqatib yuborganimda, Rasulullohning ular orasida qolganlarini koʻrdim. Shunda Allohu taolo Rasulullohni farishtalari bilan himoya qilayotganini angladim».

Dushman askarlari Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) yonlarigacha yaqinlashib qolgan edi. Vaziyat gʻoyat xatarli edi. Sevimli Paygʻambarimiz xuddi salobatli bir togʻdek turar, sobitlik koʻrsatar, joylaridan jilmasdilar. U zot bir tomondan dushman bilan olishar, bir tomondan tarqalib ketgan sahobalarini toʻplashga urinib, shunday der edilar: «Ey falonchi, men tomon kel! Ey falonchi, men tomon kel! Men – Rasulullohman.

Menga qaytib kelganga jannat bor!» Hazrati Abu Bakr, hazrati Umar, Abdurrahmon ibn Avf, Talha ibn Ubaydulloh, Ali ibn Abu Tolib, Zubayr ibn Avvom, Abu Dujona, Abu Ubayda ibn Jarroh, Saʼd ibn Muoz, Saʼd ibn Abu Vaqqos, Hubob ibn Munzir, Usayd ibn Huzayr, Sahl ibn Hunayf, Osim ibn Sobit, Horis ibn Simma (roziyallohu anhum) bir onda sevimli Paygʻambarimizning atroflarida halqa boʻlib, u zotni himoya qilish uchun tirik qalʼa devorini hosil qildilar.

Shu payt hazrati Abbos ibn Ubodaning tarqalgan sahobai kiromni toʻplash uchun hayqirgan ovozi eshitildi: «Ey birodarlarim! Boshimizga tushgan bu musibat – Paygʻambarimizning amrini bajarmaganimizning oqibatidir. Tarqalmanglar! Paygʻambarimizning atroflariga kelinglar! Agar biz u zotni himoya qilayotganlar yonidan joy olmasak va bizning sababimiz bilan Rasulullohga biror zarar yetsa, Rabbimiz huzurida aytadigan hech bir uzrimiz qolmaydi!» Hazrati Abbos ibn Uboda Xorija ibn Zayd va Avs ibn Arqam bilan birga «Allohu akbar!» deb, yalangʻoch qilich bilan dushman ichiga shoʻngʻidi. Ular Rasululloh yoʻlida, u zotni himoya qilish uchun qahramonlarcha olishdilar. Xorija ibn Zayd oʻn toʻqqiz joyidan yaralangan edi. Boshqalarining jarohatlari ham undan kam emasdi. Uchovlari ham juda qoʻmsagan shahidlik martabasiga erishdilar.

Bu gʻoyat xatarli paytda sahobai kirom Paygʻambarimiz atrofida asta-sekin toʻplana boshladi. Mushriklar sevimli Paygʻambarimizni va u zotga badanlarini qalqon qilgan shonli sahobalarini halqa ichiga oldilar. Har tomondan toʻda-toʻda boʻlib olgʻa siljib, halqani toraytirardilar. Qurayshliklardan bir toʻdaning oldinga otilganini koʻrgan Olamlar sarvari yonlaridagi, jonlarini fido qilishga tayyor turgan sahobalariga: «Mana bu toʻdani kim qarshilaydi?» – deganlarida, hazrati Vahb ibn Qobusning: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Men qarshilayman!» – deb oldinga otilgani koʻrindi. Allohu taoloning sharafli ismini tilidan qoʻymaydigan bu qahramon yalangʻoch qilich bilan mushriklar orasiga kirib ketdi. Paygʻambarimiz: «Senga jannat xushxabarini beraman», – dedilar. Uning dushman qarshisida koʻrsatgan sobitligi va gʻayratini koʻrib: «Allohim! Unga rahmat ayla! Unga rahm qil!» – dedilar.

Mushriklarning hazrati Vahbni oʻrtaga olib, nayzalar bilan shahid qilganlarini koʻrgan Saʼd ibn Abu Vaqqos unga yordam berish uchun oldinga tashlandi, dushmanning oʻrtasiga kirib, misli koʻrilmagan qahramonliklar koʻrsatdi. Koʻplab kofirni safdan chiqardi, qolganlarini ortga uloqtirib, sevimli Paygʻambarining yoniga qaytib keldi. Rasuli akram hazrati Vahb haqida: «Men sendan roziman. Allohu taolo ham rozi boʻlsin», – dedilar. Habibi akram bir mushriklar toʻdasi mujohidlar halqasini yorib, oʻzlari tomon kelayotganini koʻrib, hazrati Aliga: «Ularga hujum qil!» – dedilar. Hazrati Ali hujum qilib, Amr ibn Abdullohni oʻldirdi, qolganlarini qochirdi. Qilichi singanda, Paygʻambarimiz unga Zulfiqorni berdilar. Boshqa bir toʻda kelayotganda, Paygʻambarimiz: «Yo Ali! Bularning yomonligini mendan daf qil», – dedilar. Jonini Rasulullohga fido qilgan Allohu taoloning sheri darhol hujumga oʻtdi. Shayba ibn Molikni oʻldirib, qolganlarini ortga qaytardi. Shu onda Jabroil alayhissalom kelib, Paygʻambarimizga: «Yo Rasulalloh! Bu – Alidan zohir boʻlgan favqulodda bir javonmardlikdir», – dedi. Rasululloh: «U mendan, men ham undanman», – dedilar.

«Men farishtalar osmon bilan yer oʻrtasida Hanzalani kumush bir lagan ichida yomgʻir suvi bilan yuvayotganlarini koʻrdim» Hadisi sharif

Jabroil alayhissalom ham: «Men ham ikkingizdandirman», – dedi. Shu onda: «Alidek yigit, Zulfiqordek qilich yoʻqdir», – degan bir ovoz eshitildi.

Sevimli Paygʻambarimizga yaqinlasha olmasliklarini tushungan mushriklar oʻq uza boshladilar. Otilgan oʻqlar yo u zotning ustlaridan oʻtib ketar, yo oldilariga, yo oʻnglariga, yo chaplariga tushardi.

Dushmanni ortga uloqtirish uchun jonlarini ayamay olishayotgan sahobai kirom bu holni koʻrishi bilan Olamlar sarvari atrofiga toʻplanib, kelayotgan oʻqlarga muborak vujudlarini qalqon qila boshladilar. Paygʻambarimiz sahobalariga oʻq bilan javob berishni buyurganlarida, sahobalar ham dushmanga oʻq uza boshladilar. Sevimli Paygʻambarimiz hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqosni oʻz oldilariga oʻtqazdilar. Gʻoyat mohir mergan boʻlgan hazrati Saʼd tezlik bilan, ketma-ket dushmanga oʻq yogʻdira boshladi. Oʻqdonidan, yaʼni oʻq solinadigan xaltadan har bir oʻqni chiqarganda, u: «Yo Rabbim! Bu – Sening oʻqing. U bilan dushmanni ur!» – der, Paygʻambarimiz esa: «Allohim! Saʼdning duosini qabul qil! Allohim! Saʼdning oʻqini nishonga yetkaz!… Davom et, Saʼd! Davom et! Ota-onam senga fido boʻlsin!» – der edilar. Shu tariqa har bir oʻq otilganda Paygʻambarimiz oʻsha duolarini takrorlardilar.

Hazrati Saʼdning oʻqlari tugagach, sevimli Paygʻambarimiz unga oʻz oʻqlarini berib ottirdilar. Hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqosning har bir oʻqi yo bir dushmanga, yo u mingan hayvonga tegardi.

Mushriklar oʻq otganlarida hazrati Abu Talha sevimli Paygʻambarimizning oldilarini toʻsib, kelayotgan har bir oʻqqa oʻz tanasi va qalqoni bilan toʻsiq boʻlar, orada dushmanni sarosimaga soladigan naʼralar tortardi. Paygʻambarimiz: «Qoʻshin ichida Abu Talhaning ovozi yuz kishidan yaxshiroqdir», – dedilar. Abu Talha fursat topdi deguncha mushriklarga oʻq otishdan toʻxtamas, kuchli va juda tez otar, otgan oʻqi bekorga ketmasdi. Rasuli akram uning otgan oʻqlariga qiziqib, muborak boshlarini koʻtarganlarida, Abu Talha Rasulullohga oʻq tegib ketishidan qoʻrqib, shunday der edi: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Muborak boshingizni koʻtarmang, sizga dushman oʻqi tegib, zarar bermasin! Badanim muborak badaningizga qalqon va sizga fidodir! Meni boʻgʻizlamagunlaricha sizga yeta olmaydilar! Men oʻlmagunimcha sizga hech narsa boʻlmaydi!…» Shu tariqa u sevimli Paygʻambarimizni oʻz jonidan ustun qoʻyardi.

Uhud maydonining har tomonida shafqatsiz, dahshatli olishuv bor shiddati bilan davom etar, baʼzilari otliq, baʼzilari piyoda holda iymon bilan kufr kurashini olib borardilar. Sahobai kirom hali toʻplana olmagan edi. Paygʻambarimizning atroflarida bor-yoʻgʻi oʻttizga yaqin sahoba parvonadek aylanardi. Ular kelayotgan oʻqlarga, nayzalarga, qilich zarbalariga oʻz badanlarini qalqon qilardilar. Ularning yagona orzusi – Paygʻambarimizning amrini bajarish va u zotga yetishi mumkin boʻlgan har qanday zararni uzoqlashtirish edi. Yigitlarning sardori hazrati Hamza oʻsha toʻs-toʻpolonda Paygʻambarimizdan ajralib qolgan edi. U bir olomonning oʻrtasida ikki qoʻlida ikki qilich bilan olishar, «Allohu akbar!…» sadolari bilan dushman qalbiga qoʻrquv solardi. Shu paytgacha u yakka oʻzi roppa-rosa oʻttiz bir mushrikni oʻldirgan, koʻplarini esa qoʻlidan yoki oyogʻidan judo qilgan edi. Oʻrtasiga tushib qolgan mushriklar toʻdasini tarqatayotgan bir paytda Siboʼ ibn Ummu Anmor: «Menga bas keladigan biror yigit bormi?» – deb hazrati Hamzani maydonga chaqirdi. Hazrati Hamza: «Yonimga kel, ey xatna qiluvchi xotinning oʻgʻli! Demak, sen Allohga va Uning Rasuliga qarshi maydonga chiqyapsan, shundaymi?» – dedi-da, unga koʻz ochirmay, oyoqlaridan ushlab, yerga yotqizdi.20 Hazrati Hamza uning ustiga choʻkib, boshini tanasidan judo qildi. Soʻngra u qarshidagi qoya ortida hali musulmon boʻlmagan Vahshiyning qoʻlida nayza bilan oʻzini nishonga olayotganini koʻrdi. Darhol uning ustiga yurdi, ammo oldidagi sel oʻyib ketgan chuqurga kelganda, oyogʻi toyib, chalqancha yiqildi. Shu onda qorni tomondan sovuti ochilib qoldi. Fursatni qoʻldan bermagan Vahshiy nayzasini uloqtirdi!… Nayza uchib kelib, hazrati Hamzaning muborak badaniga sanchildi va narigi tomonidan chiqdi. Qahramonlarning ulugʻi: «Allohim!» – deb oʻsha yerga choʻkdi. U shahid boʻldi, qoʻmsagan maqomiga yetishdi. Allohu taoloning yoʻlida, sevimli Paygʻambari uchun jonini fido qildi (roziyallohu anhu).

«Yo Saʼd! Ota-onam senga fido boʻlsin! Yo Rabbim! Uning oʻqlarini nishoniga yetkaz va duolarini qabul qil!» Hadisi sharif

Shu payt dushman saflarida kimdir: «Ey Quraysh jamoasi! Qarindoshlik haqlariga rioya qilmagan, qavmingizni boʻlib yuborgan Muhammad bilan olishishdan toʻxtamanglar. Agar Muhammad qutulsa, men qutulmay!…» – deb mushriklarni Koinot sarvariga (sallallohu alayhi vasallam) hujum qilishga undardi. Bu ovoz Osim ibn Abu Avfning ovozi edi. Hazrati Abu Dujona bu ovozni eshitdi. U olisha-olisha Osim ibn Abu Avfni topdi va darhol oʻldirdi. Ammo uning orqasidagi mushrik Maʼbad bor kuchi bilan hazrati Abu Dujonaga qilich siltadi. Allohu taoloning bir ehsoni boʻlib, toʻsatdan va juda tez bir harakat bilan yerga choʻkkan Abu Dujona oʻldiruvchi zarbadan qutulib qoldi. U darhol turib, Maʼbadga qilich urib, uni oʻldirdi.

Quraysh mushriklarining nishoni Olamlar sarvari edilar. U zotga yaqinlashish uchun bor kuchlarini sarflardilar. Ammo u zotning atroflarida parvonadek aylanayotgan, u zotga biror zarar yetishidan qoʻrqib, jonlarini fido qilishdan zarracha ham tortinmaydigan shonli, sharafli sahobalarini sira yorib oʻta olmasdilar. Bu oʻttiz qahramon yigit Rasulullohning oldilarida shunday deyishdi: «Yo Rasulalloh! Yoningizdan hech ajralmaslik uchun yuzlarimiz muborak yuzingiz oldida toʻsiq va qalqon, badanlarimiz muborak badaningizga fido; faqat siz salomat boʻling!»

Mushriklar toʻda-toʻda boʻlib hujum qilardilar. Faxri olam bir toʻdani koʻrsatib, yonlaridagi, badanlarini u zotga qalqon qilgan qahramon sahobalariga: «Allohu taolo yoʻlida kim badanini biz uchun fido qiladi?» – deganlarida, madinalik besh sahoba oldinga otildi. Bu qahramon parvonalar Rasulullohning muborak koʻzlari oldida takbir ayta-ayta, aylana-aylana olishdilar. Oxiri ularning toʻrttasi oʻsha yerning oʻzida shahid boʻldi. Beshinchisi oʻn toʻrt joyidan yaralanib, yerga yiqilganda, Olamlar sarvari: «Uni mening yonimga keltiringlar», – dedilar. Uning badanining hamma joyidan qon oqardi. Sevimli Paygʻambarimiz oʻtirib, muborak oyoqlarini uning boshiga yostiq qildilar. Shu holda shahid boʻlish sharafiga erishgan bu baxtli sahoba hazrati Umora ibn Yazid edi.

Talha ibn Ubaydullohning qahramonligi

Mushriklar juda yaqinlashib qolgan bir paytda Paygʻambarimiz: «Bularni kim qarshilaydi, kim toʻxtatadi?» – dedilar. Hazrati Talha ibn Ubaydulloh: «Men! Yo Rasulalloh!» – deb oldinga tashlanmoqchi boʻldi. Paygʻambarimiz: «Sendek yana kim bor?» – dedilar. Madinalik sahobalardan biri: «Yo Rasulalloh! Men!» – deb izn soʻradi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Qani, sen qarshila», – deganlarida, u oldinga otilib, mushriklar ustiga tashlandi.

U tengsiz qahramonliklar koʻrsatdi. Bir necha iymonsizni oʻldirgach, shahidlik sharbatini ichdi.21 Rasuli akram yana: «Bularga kim qarshi turadi?» – dedilar. Hammadan oldin yana hazrati Talha chiqdi. Paygʻambarimiz: «Sendek yana kim bor?» – deb soʻraganlarida, ansorlardan bir muborak kishi: «Men qarshilayman, yo Rasulalloh», – dedi. Paygʻambarimiz: «Qani, ularni sen qarshila», – dedilar. U ham mushriklar bilan olisha-olisha shahid boʻldi. Shu tariqa oʻsha paytda Paygʻambarimizning yonlarida boʻlgan barcha sahobalar olisha-olisha shahidlikka erishdilar.

Endi Koinot sultonining yonlarida hazrati Talha ibn Ubaydullohdan boshqa hech kim qolmagan edi. Hazrati Talha Rasulullohga biror zarar yetishidan xavotirlanib, toʻrt tomonga yugurar, kofirlar bilan ayovsiz olishardi. Uning shunchalik tez qilich siltashi, bir onda Rasulullohning har tomonidagi dushmanga javob qaytarishi, oʻq, nayza va qilich zarbalariga oʻz badanini qalqon qilishi misli koʻrilmagan bir hodisa edi. Hazrati Talha parvonadek aylanar, oʻziga tegayotgan qilichlarga sira parvo qilmasdi. Uning orzusi – Koinot sultonini himoya qilish, bu yoʻlda boshqa birodarlari kabi shahid boʻlish edi. Badanida yaralanmagan joy qolmagan, kiyimida qondan boshqa hech narsa koʻrinmas edi. Shunga qaramay, u toʻrt tomonga birdan ulgurardi. Shu payt Rasuli akramning yonlariga hazrati Abu Bakr bilan hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqos yetib kelishdi.

Shu orada yigitlarning sarvari hazrati Talha qon yoʻqotganidan issiq tuproqqa yiqilib, hushidan ketdi. Uning hamma joyi qilich, nayza va oʻq zarbalaridan ilma-teshik edi. Uning oltmish oltita katta va sanab boʻlmaydigan darajada koʻp mayda yaralari bor edi. Sevimli Paygʻambarimiz hazrati Abu Bakrga darhol hazrati Talhaga yordamga shoshilishni buyurdilar. Abu Bakr Siddiq hazrati Talha hushiga kelsin deb, uning muborak yuziga suv sepdi. Hazrati Talha ibn Ubaydulloh hushiga kelar-kelmas: «Yo Abu Bakr! Rasululloh sogʻ-salomatmilar?» – deb, muhabbat va sadoqatning eng goʻzalini koʻrsatdi. Rasuli akramni sevish, jonini u zotning muborak badanlariga fido qilish faqat shunday boʻladi. Hazrati Abu Bakr: «Rasululloh sogʻlar. Meni u zot yubordilar», – deganda, Talha yengil nafas olib: «Allohu taologa cheksiz shukrlar boʻlsin. U zot sogʻ boʻlsalar, har qanday musibat hech narsadir», – dedi. Shu payt yana bir necha sahoba yetib kelgan edi.

Olamlar sarvari Muhammad Mustafo (sallallohu taolo alayhi vasallam) hazrati Talhaning yoniga tashrif buyurdilar. Yarador mujohid Rasulullohni sogʻ-salomat koʻrib, sevinchdan yigʻlab yubordi. Paygʻambarimiz uning badanini silagach, qoʻllarini ochib: «Allohim! Unga shifo ber, kuch-quvvat ato et», – deb duo qildilar. Rasuli akramning bir moʻjizasi boʻlib, hazrati Talha soppa-sogʻ holda oyoqqa turdi va yana dushman bilan jang qila boshladi. Sevimli Paygʻambarimiz u haqda shunday dedilar: «Uhud kuni yer yuzida oʻngimda Jabroildan, chapimda esa Talha ibn Ubaydullohdan boshqa menga yaqin hech kim yoʻqligini koʻrdim».22 «Yer yuzida yurgan jannatlik bir kishini koʻrishni istagan Talha ibn Ubaydullohga qarasin».

«Talha bilan Zubayr – jannatda mening qoʻshnilarimdir» Hadisi sharif

Butun jang maydonida toʻqnashuv bor shiddati bilan davom etardi. Paygʻambarimizning atroflarida Abu Dujona, bayroqdor Musʼab ibn Umayr, Talha ibn Ubaydulloh, Paygʻambarimizni himoya qilish uchun orqa saflardan yugurib yetib kelgan Nasiba xonim va bir necha sahoba bor edi. Ular Rasululloh bilan birga mushriklarga qarshi olishardilar. Boshdan-oyoq qurollangan, sovut va dubulgʻa kiygan ashaddiy mushrik Abdulloh ibn Hunayd sevimli Paygʻambarimizni koʻrib, otini niqtab choptirdi. U: «Men – Zuhayrning oʻgʻliman. Menga Muhammadni koʻrsatinglar. Yo men uni oʻldiraman, yo uning yonida oʻlaman!» – deb baqirardi. U otini Paygʻambarimiz tomon haydaganda, hazrati Abu Dujona uning yoʻlini toʻsib, shunday dedi: «Qani, bu yoqqa kel! Men – oʻz badanim bilan Muhammad alayhissalomning muborak badanlarini himoya qilayotgan kishiman. Meni toptamaguningcha, u zotga yeta olmaysan!» Otning oyoqlariga qilich urib, Abdulloh ibn Hunaydni yerga yiqitdi-da, qilichini koʻtarib: «Ma, bu ham Xarashaning oʻgʻlidan!» – deb, bir zarba bilan yerga yotqizdi. Bu voqeani kuzatib turgan Olamlar sarvari: «Allohim! Xarashaning oʻgʻlidan (Abu Dujonadan) men qanday rozi boʻlsam, Sen ham undan shunday rozi boʻl!» – deb duo qildilar.

Mushriklardan gʻoyat oʻtkir mergan, otgan har bir oʻqini nishonga tekkizadigan oʻqchi Molik ibn Zuhayr hamma yerdan Paygʻambarimizni izlar, fursat topishi bilan u zotga oʻq tekkizmoqchi boʻlardi. U Rasulullohga ancha yaqin keldi-da, yoyini tortib, sevimli Paygʻambarimizning muborak boshlarini nishonga olib, oʻqini otdi. Koʻz ochib yumguncha ham vaqt yoʻq edi. Hazrati Talha darhol kaftini ochib, oʻqning qarshisiga tutdi. Oʻq hazrati Talhaning kaftiga sanchilib, qoʻlini parcha-parcha qildi. Barmoqlarining barcha paylari uzildi, qoʻlining suyaklari sindi. Boʻlib oʻtgan voqeani Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) ham koʻrib, juda xafa boʻldilar va shunday dedilar: «Agar (meni himoya qilish uchun qoʻlingni oʻqqa tutayotganingda) „Bismillahir rohmanir rohim“ deganingda, odamlar senga qarab turganlarida, farishtalar seni osmonlarga koʻtarib ketgan boʻlardilar».23

Makka mushriklaridan Abdulloh ibn Qamiʼa, Ubay ibn Xalaf, Utba ibn Abu Vaqqos, Abdulloh ibn Shihob Zuhriy ismli toʻrt mushrik Rasuli akramning hayotlariga qasd qilish uchun kelishib, qasam ichgan edilar. Ana shu tang paytda Rasululloh yonlaridagi bir necha sahoba bilan dushmanga qarshi ayovsiz kurashardilar. Paygʻambarimizning oldilarida bayroqdor hazrati Musʼab ibn Umayr bor edi. Hazrati Musʼab kiygan sovuti sababli sevimli Paygʻambarimizga juda oʻxshardi. U ham oʻng qoʻlida Islom bayrogʻini tutgan holda mushriklar bilan dahshatli kurashga kirishgan edi. Shu payt sovutga burkangan Ibn Qamiʼa ot ustida u yerga yaqinlashdi. U: «Menga Muhammadni koʻrsatinglar! U qutulsa, men qutulmay!» – deb, ovozi boricha baqirib, otini Paygʻambarimiz tomon niqtab haydadi. Hazrati Musʼab bilan Nasiba xonim unga qarshi turib, badanlarini Paygʻambarimizga qalqon qilib olisha boshladilar. Bu kofirga qancha qilich ursalar ham, sovuti sababli taʼsir qilmadi. Ibn Qamiʼa Nasiba xonimga qilich urib, yelkasini yorib yubordi. Soʻngra hazrati Musʼabning bayroq tutgan oʻng qoʻliga qilich urdi. Oʻng qoʻli kesilgan Musʼab ibn Umayr oʻz jonidan ham aziz bilgan muborak Islom bayrogʻini yerga tushirmay, chap qoʻliga oldi.

Shu payt u maʼnosi shunday boʻlgan oyati karimani oʻqir edi: «Muhammad alayhissalom – rasuldir. Undan oldin ham rasullar kelib oʻtgandir».24 Bu gal Ibn Qamiʼa hazrati Musʼabning chap qoʻliga qilich urdi. Chap qoʻli ham kesilgan shonli bayroqdor Islom bayrogʻini hamon yerga tushirmadi. Qahramon sahoba bayroqni bilaklari bilan tutib, koʻksiga bosdi va uni hilpiratishda davom etdi. Shundan keyin Ibn Qamiʼa shonli sahobaning badaniga nayzasini sanchdi. U ham boshqa doʻstlari kabi shahid boʻlib, oxiratga rihlat qildi.

Hazrati Musʼab yerga yiqilganda, shonli Islom bayrogʻi yerga tushirilmadi: uni darhol Musʼabning qiyofasiga kirgan bir farishta ilib oldi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Olgʻa, yo Musʼab! Olgʻa!» – deganlarida, bayroqni tutgan farishta: «Men Musʼab emasman», – dedi. Shunda Koinot sultoni uning farishta ekanini anglab, bayroqni hazrati Aliga berdilar.25

Ibn Qamiʼa esa hazrati Musʼabni Paygʻambarimiz deb oʻylagani uchun, shoshilib mushriklar orasiga bordi va: «Muhammadni oʻldirdim!» – deb baqira boshladi. Buni eshitgan mushriklar maqsadlariga yetganliklarining zavqidan yanada quturib ketdilar. Voqeaning aslini bila olmagan sahobai kiromning esa qoʻl-oyogʻi ishlamay qoldi. Atrofda motam havosi esardi. Hatto hazrati Umarning ham qoʻllari shalvirab, u doʻstlari bilan turgan joyida oʻtirib qolgan edi. Anas ibn Nazr ularni shu holda koʻrib: «Nega oʻtiribsizlar?» – deb soʻradi.

Ular: «Rasululloh shahid qilinibdilar!…» – deb javob berishdi. Hazrati Anas shunday dedi: «Agar Rasululloh shahid qilingan boʻlsalar, u zotning Rabbi (Allohu taolo) boqiydir. Rasulullohdan keyin biz tirik qolib nima qilamiz! Qani, turinglar! Paygʻambarimiz qaysi maqsad uchun olishib, muborak jonlarini fido qilgan boʻlsalar, biz ham oʻsha maqsad uchun jonimizni fido qilaylik». Anas qilichining qinini sindirdi26 va «Allohu akbar!…» sadolari bilan yalangʻoch qilich bilan dushmanning oʻrtasiga shoʻngʻidi. Kofirlardan koʻplarini qirib, shahid boʻldi. Uning faqat yuzida yetmishta yara bor edi. Badanida sanab boʻlmaydigan darajada koʻp yara boʻlgani uchun uni singlisidan boshqa hech kim taniy olmadi.

Sahobai kiromning koʻplari tarqalib ketgan, bir qismi esa shahidlikka erishgan edi. Ularning bunday tarqoqligidan foydalangan mushriklar Rasuli akramning atroflariga toʻplandilar. Tosh bilan, qilich bilan ikki jahon sultonini shahid qilishga urindilar. Ustlarida ikkita sovut boʻlgani uchun zarbalar taʼsir qilmadi. Utba ibn Abu Vaqqosning otgan toshlari sevimli Paygʻambarimizning muborak yuzlariga tegib, pastki lablarini yaraladi. Pastki jagʻlaridagi muborak oʻng raboʼiya, yaʼni kurak tishlari sindi. Shu payt Ibn Qamiʼa degan mushrik ham kelib, Olamlar sarvarining muborak boshlariga qilich urdi. Sevimli Paygʻambarimizning dubulgʻalari yorilib, uning ikki halqasi muborak chakkalariga botdi.

Ibn Qamiʼaning yana bir qilich zarbasi bilan u zot muborak yelkalaridan yaralandilar va musulmonlarni yiqitish uchun Abu Omir qazigan chuqur oʻraga yonboshlari bilan yiqildilar. Sevimli Paygʻambarimiz xoin Ibn Qamiʼa haqida: «Allohu taolo seni xoru zor va parishon qilsin!» – deb duo qildilar. Ibn Qamiʼa gʻoyat sevinib: «Muhammadni oʻldirdim! Muhammadni oʻldirdim!…» – deb baqira-baqira Abu Sufyonning yoniga ketdi. Mushriklar maqsadlariga yetgan edilar! Endi ular Paygʻambarimizga parvo qilmay qoʻygan edilar. Paygʻambarimiz boʻlgan oʻra atrofidan chekinib, sahobai kirom bilan olisha boshladilar.27

«Yer yuzida yurgan jannatlik bir kishini koʻrishni istagan Talha ibn Ubaydullohga qarasin» Hadisi sharif

Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) oʻraga yiqilganlarida, muborak yonoqlaridan qon oqayotgan edi. Muborak qoʻllarini yuzlariga surtganlarida, qoʻllari va soqoli shariflarining qonga boʻyalganini koʻrdilar. Undan bir tomchi ham yerga tushmasdan Jabroil alayhissalom yetib kelib, oʻsha muborak qonni ilib oldi va shunday dedi: «Yo Habiballoh! Allohu taoloning haqqi uchun, agar bu qondan bir tomchi yerga tushsa, to qiyomatgacha yerda oʻt unmas edi». Faxri olam: «Agar mendan bir tomchi qon yerga tushsa, osmondan azob nozil boʻladi. Yo Rabbim! Qavmimni kechir! Chunki ular bilmaydilar», – deb, oʻzlarini oʻldirishga qasd qilgan, muborak badanlariga qilich urgan, muborak tishlarini sindirgan va muborak yuzlarini qonga boʻyagan kimsalarning hidoyatga (toʻgʻri yoʻlga) kelishlari uchun duo qilardilar.

Shu payt hazrati Kaʼb ibn Molik: «Ey musulmonlar! Xushxabar! Mana, Rasululloh shu yerda!…» – deb baland ovoz bilan hayqirardi. Bu ovozni eshitgan shonli sahobalar goʻyo qayta hayot topgandek sevinib, u yerga yugurib keldilar. Hazrati Ali bilan Talha ibn Ubaydulloh darhol yetib kelib, u zotni oʻradan chiqardilar. Hazrati Abu Ubayda ibn Jarroh sevimli Paygʻambarimizning muborak chakkalariga botgan dubulgʻa halqalarini tishlari bilan tortib chiqardi. Bu temir parchalarini chiqarayotganda uning oʻzining ikkita old tishi ham sugʻurilib chiqdi. Sahobai kiromdan hazrati Molik ibn Sinon Rasulullohning muborak yuzlaridan sizib chiqayotgan qonni soʻrib oldi. Shunda Paygʻambarimiz: «Qoni mening qonimga qoʻshilgan kishiga jahannam oʻti tegmaydi», – dedilar.

Mushriklar yana ustlariga kela boshladilar. Sahobai kirom Paygʻambarimizga qayta yetishganlarining sevinchi bilan bir onda Rasulullohning atroflarida halqa boʻlib, birorta mushrikni yaqin yoʻlatmadilar. Mushriklar Paygʻambarimizga endi hech narsa qila olmasliklarini tushunib, togʻ choʻqqisiga chiqa boshladilar. Ikki jahon sultoni yonlaridagi hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqosga: «Ularni ortga qaytar», – dedilar. Hazrati Saʼd: «Yo Rasulalloh! Menda bor-yoʻgʻi bitta oʻqim bor. U bilan ularni qanday qaytaray?» – deb soʻraganda, Rasuli akram oʻsha amrni yana takrorladilar. Shundan keyin oʻqchilarning piri hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqos qoʻlini oʻqdoniga solib, oʻqini otdi. Nishonga tekkan oʻq bir mushrikni yiqitdi. Qoʻlini yana oʻqdoniga uzatganda, unda yana bir oʻq borligini koʻrdi. Diqqat bilan qarasa, bu boyagi otgan oʻqi edi. Yana bir mushrik oʻldi. Bu hol bir necha marta takrorlandi. Bu – sevimli Paygʻambarimizning bir moʻjizasi edi: hazrati Saʼd har safar oʻqdonida avval otgan oʻqini topardi. Odamlari ketma-ket oʻldirilayotganini koʻrgan qurayshliklar toqqa chiqishdan voz kechdilar. Pastga tushib, ortga chekindilar.

Ular orasidan Ubay ibn Xalaf otini Paygʻambarimiz tomon haydab: «Paygʻambarman, deb daʼvo qilayotgan oʻsha odam qani? Qarshimga chiqsin-da, men bilan olishsin!» – deb baqira boshladi. Sahobai kirom unga qarshi chiqmoqchi boʻlishsa ham, sevimli Paygʻambarimiz ruxsat bermadilar. Hazrati Horis ibn Simmaning nayzasini olib, oʻzlari oldinga chiqdilar. Pastkash Ubay otini niqtab: «Ey Muhammad! Sen qutulsang, men qutulmay!» – deb yaqinlashdi. U boshdan-oyoq sovutga burkangan edi. Olamlar sarvari qoʻllaridagi nayzani Ubayning boʻyniga uloqtirdilar. Nayza uchib borib, dubulgʻasi bilan sovutining yoqasi orasidan uning boʻyniga sanchildi. Ubay hoʻkizdek boʻkirib, otidan yerga yumalab tushdi. Qovurgʻa suyaklari sindi. Mushriklar uni koʻtarib olib ketdilar. Yoʻlda u: «Muhammad meni oʻldirdi!…» – deb baqira-baqira jon berdi. Rasululloh yonlaridagi sahobalari bilan Uhud qoyatoshlari tomon koʻtarila boshladilar. Qoyalar yoniga borganlarida, yuqoriga chiqmoqchi boʻldilar. Ammo gʻoyat charchaganlari, ustma-ust ikkita sovut kiyganlari va muborak badanlariga yetmishdan ortiq qilich urilgani uchun bunga madorlari yetmadi. Shunda hazrati Talha Paygʻambarimizni orqasiga olib, qoyalar ustiga chiqardi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Talha Rasulullohga yordam berganda, unga jannat vojib boʻldi», – dedilar. Hech madorlari qolmagani uchun peshin namozini oʻtirib ado etdilar.

Togʻ etaklarida sahobalarning har biri bir sherga aylanib, mushriklar ustiga tashlanardi. Ular Paygʻambarimizga qilich urganlarga dunyoni zindon qilishgan edi. Bir mahal Hotib ibn Baltaʼa sevimli Paygʻambarimizning yonlariga kelib: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Sizga buni kim qildi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz shunday dedilar:

«Utba ibn Abu Vaqqos menga tosh otib, yuzimga urdi va raboʼiya tishimni sindirdi». Shundan keyin hazrati Hotib: «Yo Rasulalloh! U qaysi tomonga ketdi?» – deb yana soʻradi. Paygʻambarimiz uning ketgan tomonini ishora bilan koʻrsatdilar. Hazrati Hotib darhol oʻsha tomonga yugurdi. Izlay-izlay Utbani topdi. Uni otidan yiqitib, bir zarba bilan boshini kesdi-da, uni Rasulullohning huzurlariga keltirib, xushxabar berdi. Paygʻambarimiz: «Allohu taolo sendan rozi boʻlsin. Allohu taolo sendan rozi boʻlsin», – deb unga duo qildilar. Yigʻilib, qayta hujumga oʻtgan sahobai kirom qarshisida mushriklar bardosh bera olmadilar. Oʻttizga yaqin kishisini yoʻqotib, jang maydonini tashladilar va Makka tomon yoʻlga tushdilar. Paygʻambarimizning shahid boʻlganlari haqidagi mish-mish Madinaga yetib borgan edi. Hazrati Fotima, hazrati Oisha, Ummu Sulaym, Ummu Ayman, Hamna bint Jahsh, Kuayba kabi ayollar Uhudga yugurib keldilar. Hazrati Fotima otalari Paygʻambarimizni yarador holda koʻrib, yigʻladi. Rasululloh uni yupatdilar. Hazrati Ali qalqoni bilan suv keltirdi. Fotima onamiz oʻsha suv bilan Paygʻambarimizning muborak yuzlarini yuvdi, qonlarini yuvib ketkazdi. Ammo yuzlarining qoni toʻxtamasdi. Hazrati Fotima bir parcha boʻyrani kuydirib, kulini yaraga bosganda, qon toʻxtadi.28

Soʻngra ular jang maydoniga tushdilar. Avval yaradorlarni topib, yaralarini bogʻladilar. Mushriklar baʼzi shahidlarni tanib boʻlmaydigan holga keltirgan edilar.

Ularning quloqlarini, burunlarini va boshqa aʼzolarini kesib, qorinlarini yorib tashlagan edilar. Hazrati Abdulloh ibn Jahsh ham ular orasida edi. Bu holni koʻrgan sevimli Paygʻambarimiz va sahobalari qattiq qaygʻurdilar. U zotning eng sara sahobalari shahidlik sharbatini ichib, Uhud tuprogʻini qonlari bilan sugʻorib, jannatga uchgan edilar. Ammo shahidlarga qilingan bu muomalaga chidab boʻlmasdi. Paygʻambarimiz bilan birga barcha sahobalarning ham ichlari gʻamdan ezilardi. Bu manzara qarshisida Olamlar sarvari yigʻladilar. Muborak koʻzlaridan yosh oqib turgan holda shunday dedilar: «Men qiyomat kuni bu shahidlarning Allohu taolo yoʻlida jonlarini fido qilganlariga guvohlik beraman. Ularni qonlari bilan dafn qilinglar. Vallohi, qiyomat kuni ular mahsharga29 yaralaridan qon oqib keladilar. Qonlarining rangi – qon rangi, hidi esa mushk hidi boʻladi».

Soʻngra sevimli Paygʻambarimiz: «Hamzani koʻrmayapman. Uning holi ne boʻldi?» – dedilar. Hazrati Ali izlab, uni topdi. Paygʻambarimiz u yerga borib, aqlga sigʻmaydigan bir manzaraga duch kelganlarida, chiday olmadilar. Hazrati Hamzaning quloqlari, burni va boshqa aʼzolari kesilgan, yuzi tanib boʻlmas holga keltirilgan, qorni yorilib, jigari chiqarilgan edi. Paygʻambarimiz muborak koʻzlaridan yosh oqib turgan holda hazrati Hamzaga xitob qilib, shunday dedilar: «Ey Hamza! Hech qachon, hech kim seningdek musibatga uchramagan va uchramaydi. Ey Rasulullohning amakisi! Ey Allohu taoloning va Uning Rasulining sheri Hamza! Ey yaxshiliklar qilgan Hamza! Ey Rasulullohning himoyachisi boʻlgan Hamza! Allohu taolo senga rahmat qilsin!…»

«Talha Rasulullohga yordam berganda, unga jannat vojib boʻldi» Hadisi sharif

Shu payt roʻparadan shoshilib, tashvish ichida kelayotgan bir ayol koʻrindi. Bu sevimli Paygʻambarimizning ammalari hazrati Safiyya onamiz edi. U ham boshqa ayollar kabi Rasulullohning shahid boʻlganlari haqidagi mish-mishni eshitib, hamma narsani unutib, yugura-yugura Uhudga kelgan edi. Rasuli akram ammalarini koʻrib, u shahidlarning holini koʻrishga chiday olmaydi, degan fikrda uning oʻgʻli hazrati Zubayr ibn Avvomga: «Onangni ortga qaytar, birodarining jasadini koʻrmasin», – dedilar. Hazrati Zubayr yugurib onasining yoniga bordi. Muborak xonim hayajon bilan: «Oʻgʻlim! Rasulullohdan xabar ber!…» – dedi. Ularning yoniga hazrati Ali ham kelgan edi. U: «Alhamdulillah30, Rasululloh sogʻ-omonlar», – deganda, Safiyyaning koʻngli taskin topdi, ammo u: «U zotni menga koʻrsatinglar», – deyishdan oʻzini tiya olmadi. Hazrati Ali Olamlar sarvarini ishora bilan koʻrsatdi. Hazrati Safiyya onamiz ikki jahon quyoshini sogʻ-omon koʻrib, juda sevindi va Allohu taologa hamd aytdi. Bu gal u birodari hazrati Hamzaning holini koʻrish uchun oldinga yurmoqchi boʻldi. Oʻgʻli Zubayr: «Onajon! Rasululloh ortga qaytishingizni buyuryaptilar», – deganda, hazrati Safiyya shunday dedi: «Agar unga qilinganni menga koʻrsatmaslik uchun ortga qaytishim kerak boʻlsa, men allaqachon birodarimning jasadi tilka-pora qilinganini bilib oldim. U bu holga Allohu taolo yoʻlida uchradi. Biz bu yoʻlda bundan battariga ham rozimiz. Uning savobini Allohu taolodan kutamiz. Inshoalloh, sabr qilib, bardosh beramiz». Hazrati Zubayr ibn Avvom kelib, buni aytganda, Paygʻambarimiz: «Unday boʻlsa, qoʻyib yubor, koʻrsin», – dedilar.

Hazrati Safiyya hazrati Hamzaning jasadi yoniga oʻtirdi va ovoz chiqarmay yigʻladi. Hazrati Safiyya kelayotganda yonida ikkita xirqa olib kelgan edi. Ularni chiqarib: «Bularni birodarim Hamza uchun olib keldim, uni shularga oʻranglar», – dedi. «Sayyidush shuhado», yaʼni shahidlarning sarvari boʻlgan hazrati Hamzani oʻsha xirqalardan biri bilan kafanladilar.31 Habibulloh bayroqdor Musʼab ibn Umayrning bosh tomoniga keldilar. Hazrati Musʼabning qoʻllari kesilgan, koʻp joyidan yaralangan edi. Atrofi qon koʻliga oʻxshardi. Paygʻambarimiz bu yerda ham juda qaygʻurdilar va bu aziz shahidlarga xitob qilib, Ahzob surasining 23-oyatini oʻqidilar, maʼnosi: «Moʻminlar orasida Allohu taologa bergan soʻzlarida sadoqat koʻrsatgan shunday er kishilar bordir. Ulardan baʼzilari shahid boʻlguncha jang qilish haqidagi soʻzini bajardi (shahid boʻldi). Baʼzilari esa shahid boʻlishni kutmoqda. Ular bergan soʻzlarini aslo oʻzgartirmadilar». Soʻngra Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Allohu taoloning Rasuli ham guvohdirki, sizlar qiyomat kuni Allohu taoloning huzurida shahid boʻlib tirilasizlar».

Soʻngra yonlaridagilarga oʻgirilib, shunday dedilar: «Ularni ziyorat qilinglar. Ularga salom beringlar. Allohu taologa qasam ichamanki, kim ularga bu dunyoda salom bersa, qiyomatda bu aziz shahidlar uning salomiga alik oladilar».

Hazrati Musʼab ibn Umayrga kafanlik uchun hech narsa topa olmadilar. Oʻzining choponi muborak badanini toʻliq yopmasdi. Bosh tomonini yopsalar, oyoqlari, oyoq tomonini yopsalar, boshi ochiq qolardi. Habibi akram: «Bosh tomonini chopon bilan, oyoqlarini esa izxir oʻti bilan yopinglar», – dedilar.32

Umrini Islomga xizmat bilan oʻtkazgan va shu yoʻlda shahidlik martabasiga erishgan bu baxtli sahoba dunyodan yarim kafan bilan ketdi.33

Boshqa shahidlarning janoza namozlari oʻqilib, ular qonli kiyimlari bilan ikkitadan-uchtadan bir qabrga qoʻyilib, dafn etildilar (roziyallohu anhum). Uhud jangida yetmish kishi shahid boʻldi. Ularning oltmish toʻrttasi ansorlardan, oltitasi muhojirlardan edi.

Sahobai kiromdan koʻplarining yaqinlari shahid boʻlgan edi. Shuning uchun ularning koʻngillari yaralangan edi. Qolganlarni yupatish uchun Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Vallohi, sahobalarim bilan birga men ham shahid boʻlib, Uhud togʻining bagʻrida tunashni naqadar istardim. Birodarlaringiz shahid boʻlganlarida Allohu taolo ularning ruhlarini yashil qushlarning jigʻildonlariga joyladi.

Ular jannat anhorlariga kelib, suvlaridan ichadilar. Mevalaridan yeydilar. Jannatning toʻrt tomonini tomosha qiladilar. Gulzorlarida uchadilar. Soʻngra Arshi aʼlo ostiga osilgan oltin qandillar ichiga kirib, tunaydilar. Bunday taom va sharoblarning shirinligini, goʻzalligini koʻrganlarida ular: „Koshki Allohu taolo bizga nimalar ato etganini birodarlarimiz bilsalar-u, jihoddan tortinmasalar, jang qilishdan qoʻrqib, dushmandan yuz oʻgirmasalar“, – deydilar. Allohu taolo esa: „Men sizning ahvolingizni ularga bildiraman“, – dedi». (Va Janobi Haq oyati karima nozil qilib, shunday marhamat qildi, maʼnosi:) «Allohu taolo yoʻlida shahid boʻlganlarni aslo oʻliklar deb oʻylamanglar! Balki ular tirikdirlar, Rabbilari huzurida rizqlantirilmoqdalar. Ular Allohu taolo oʻzlariga ato etgan narsa (shahidlik martabasi) bilan shodlik ichidadirlar. Ortlaridan hali ularga qoʻshila olmaganlar (shahid boʻlib) haqida: „Ularga hech bir xavf yoʻq va ular gʻamgin ham boʻlmaydilar“, – deb xushxabar berishni istaydilar. Ular Allohu taolodan kelgan neʼmat va fazl sababli, Allohu taolo moʻminlarning mukofotini zoye qilmasligi xushxabari bilan shodlanadilar».34 «Allohu taolo ularga koʻrinib: „Ey bandalarim! Koʻnglingiz nimani tusasa, aytinglar, sizga uni ziyodasi bilan totdiray“, – deydi. Ular: „Ey Rabbimiz! Sen bizga ato etgan neʼmatlardan afzalroq bir neʼmat yoʻqki, uni soʻrasak. Biz jannatda istagan narsalarimizdan yeb yuribmiz. Ammo agar soʻrasak, ruhlarimiz badanlarimizga qaytarilib, dunyoga qaytishimizni va Sening yoʻlingda olishib, yana oʻldirilishimizni soʻraymiz“, – deydilar».

Endi bu yerda qiladigan ish qolmagan edi. Ular yigʻilib, yoʻlga hozirlandilar. Ular jihodi fi sabilillah, yaʼni Allohu taoloning dinini yoyish uchun kelgan Uhudda tarixda tengi yoʻq bir gʻazot boʻlib oʻtgan edi. Bu yerda sahobai kiromning koʻz koʻrmagan, xayolga sigʻmaydigan koʻplab qahramonliklariga guvoh boʻlingan, kofirlarga yana bir saboq berilgan edi.

«Ey Hamza! Hech qachon, hech kim seningdek musibatga uchramagan va uchramaydi. Ey Rasulullohning amakisi! Ey Allohu taoloning va Uning Rasulining sheri Hamza! Ey yaxshiliklar qilgan Hamza! Ey Rasulullohning himoyachisi boʻlgan Hamza! Allohu taolo senga rahmat qilsin!…» Hadisi sharif

Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) muborak sahobalari bilan nurli Madina tomon yoʻlga chiqdilar. Harra degan joyga kelganlarida, sahobalarini safga tizdilar, muborak qoʻllarini koʻtarib, Allohu taolo dargohiga yolvorib, shunday duo qila boshladilar: «Allohim! Hamdu sano eng koʻp Sengadir. Allohim! Sen zalolatda qoldirganingni hidoyatga erishtiradigan, hidoyatga erishtirganingni esa adashtiradigan yoʻqdir… Allohim! Bizga iymonni sevimli qil. Qalblarimizni iymon bilan bezagin. Bizga kufrni, isyonni va haddan oshishni yomon koʻrsat. Bizni dinimiz va dunyomizga zararli narsalarni biladiganlardan, toʻgʻri yoʻlga erishganlardan qil. Allohim! Bizni musulmon boʻlib yashat va musulmon boʻlib oʻldir. Bizni solihlar va yaxshilar jamoasiga qoʻsh. Chunki ular na sharaf va nomusini yoʻqotganlardan, na dinidan qaytganlardandir. Allohim! Sening Rasulingni yolgʻonchiga chiqargan, Sening yoʻlingdan yuz oʻgirgan, Paygʻambaring bilan jang qilgan kofirlarning jazosini ber! Ularga haq va haqiqat boʻlgan azobingni nozil qil!… Omin!»

Sahobai kirom ham: «Omin! Omin!» – deb bu duoga qoʻshildilar. Sevimli Paygʻambarimiz sahobalari bilan Madinaga yaqinlashib qolgan edilar. Madinada qolgan ayollar, bolalar yoʻllarga chiqib, tashvish va gʻam bilan kelayotgan qoʻshin ichida Koinot sarvarini koʻrishga urinardilar. U zotning jahonni yoritadigan nurli yuzlarini koʻrganlarida Allohu taologa hamd aytdilar. Soʻngra koʻzlar qoʻshinga tikilar, otalar, erlar, oʻgʻillar, togʻalar va amakilar izlanardi. Koʻra olmasalar… koʻz yoshlarini tiya olmasdilar. Sahobalarining bu gʻamgin holini koʻrgan marhamat dengizi Rasuli akram ham juda qaygʻurar, muborak koʻzlaridan yosh toʻkardilar.

Bir mahal hazrati Saʼd ibn Muozning onasi Kabsha xonimning Paygʻambarimizga yaqinlashayotgani koʻrindi. Uhudda uning oʻgʻli Amr shahid boʻlgan edi. Saodatli huzurga kelganda, u shunday dedi: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Alhamdulillah, men sizni sogʻ-omon koʻrdim. Siz salomat boʻlsangiz, barcha musibatlar men uchun arzimas narsadir!» Jigarbandi – oʻgʻlini soʻramadi. Sevimli Paygʻambarimiz unga oʻgʻli Amr uchun taʼziya bildirgach, shunday dedilar: «Ey Saʼdning onasi! Senga va uning ahli oilasiga xushxabar boʻlsinki, ulardan shahid boʻlganlarning hammasi jannatda jamlandilar va bir-birlariga hamroh boʻldilar. Ular oʻz ahli oilalariga ham shafoat qiladilar».

Kabsha xonim: «Allohu taolodan kelgan har narsaga rozimiz, yo Rasulalloh! Bu xushxabarlardan keyin endi ular uchun kim yigʻlaydi! Siz ortda qolganlar uchun duo qiling», – dedi. Olamlar sarvari shunday duo qildilar: «Allohim! Ularning qalblaridagi gʻamni ketkaz! Ortda qolganlarini ham ortda qolganlarning eng yaxshisi qil!»

Paygʻambarimiz nafs istaklariga qarshi kurashni nazarda tutib, sahobalariga shunday dedilar: «(Ey sahobalarim! Endi) kichik jihoddan qaytdik, katta jihodni boshlaymiz».35 Soʻngra hammaga uylarida dam olishni, yaradorlarga yaralarini davolashni tavsiya qildilar. Oʻzlari ham yarador edilar. Toʻgʻri saodatli uylariga bordilar.

Hamroul Asad gʻazoti

Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Madinaga qaytganlarida, mushriklarning har on ortga qaytib, Madinaga bostirib kelish ehtimoli boʻlgani uchun chora koʻrdilar.

Uhud jangidan keyingi dushanba kuni u zot oʻzlari yarador boʻlsalar ham, musulmonlar kechagi jangdan zaiflashmaganini koʻrsatish va dushmanni qoʻrqitib, ularning Madinaga qaytib kelishining oldini olish uchun Bilol Habashiyga shunday dedilar: «„Rasululloh sizlarga dushmanni taʼqib qilishni buyurmoqdalar! Kecha Uhudda biz bilan birga jang qilmaganlar kelmasin, faqat jangda qatnashganlar kelsin!“ – deb ayt». Bilol bu amrni sahobalarga yetkazganda, ularning koʻplari yarador boʻlsalar ham, darhol tayyorlandilar. Hatto ogʻir yarador boʻlgan Abdulloh va Rofeʼ ismli aka-ukalar Rasuli akramning bu daʼvatini eshitishlari bilan, barcha ogʻriq va azoblariga qaramay: «Rasululloh bilan gʻazotga chiqish fursatini qoʻldan boy berarmidik?!» – deb mujohidlar safiga yugurdilar.

Sevimli Paygʻambarimiz shonli sahobalari bilan mushriklarni taʼqib qila boshladilar. Ravho degan joyda mushriklar toʻplanib, Madinaga bostirib borish va musulmonlarni yoʻq qilish haqida qarorga kelganlarini bildilar. Bu chora ham Paygʻambarimizning bir moʻjizasi ekani ayon boʻldi.

Rasuli akramning oʻzlari ustiga kelayotganlarini eshitgan mushriklar qoʻrqib, turgan joylarini tashlab, Makkaga qaytdilar.36

Paygʻambarimiz ularni Hamroul Asad degan joygacha taʼqib qildilar. Mushriklardan ikki kishi qoʻlga olindi. Musulmonlar u yerda uch kun qoldilar, soʻng Madinaga qaytdilar.

Allohu taolo Hamroul Asadga borgan bu sharafli sahobalarni oyati karimasida shunday maqtadi, maʼnosi: «Yaralanganlaridan keyin ham Allohu taoloning va Uning Paygʻambarining daʼvatiga shoshilganlar uchun, ayniqsa, ulardan yaxshilik qilib, yomonlikdan saqlanganlar uchun juda ulugʻ mukofot bordir».37

Uhudda sevimli Paygʻambarimizni oʻldirishga qasam ichganlardan Ibn Qamiʼa Makkaga qaytgach, bir kuni qoʻylariga qarash uchun toqqa chiqdi. Togʻning choʻqqisida qoʻylarini topdi. Ular orasidan bir qoʻchqor tez yugurib kelib, Ibn Qamiʼani suza boshladi. Suzib-suzib, uni parcha-parcha qilib oʻldirdi.

Abdulloh ibn Shihob Zuhriyni ham Makkaga ketayotganda oq xolli bir ilon chaqib oʻldirdi.

Paygʻambarimizga qasd qilganlarning hammasi bir yil ichida jazolarini tortib oʻldilar.

«Ey sahobalarim! Endi kichik jihoddan qaytdik, katta jihodni boshlaymiz» Hadisi sharif

Doʻsti agar ilon zahrin ichsa – boʻlgay obi hayot unga,
dushmani suv ichsa, albat, aylanur ilon zahriga suv.
Har tomchisida ming rahmat dengizi mavj urar,
tahorat uchun qoʻl uzatib, gul yuziga olganda suv.
«Oyogʻi tuprogʻiga yetay» deb, asrlar boʻyi tinmay
boshini toshdan toshga urib, sarson kezar suv.
Dargohi tuprogʻiga zarra-zarra nur sochmoq istab,
ul dargohdan qaytmas, pora-pora boʻlsa ham, suv.
Gunohkorlar bilur: naʼtingiz zikrini vird etmoq – davo,
xuddi xumorni yozmoq uchun
mayxoʻr ichgani kabi suv.
Yo Habiballoh, yo Xayral bashar, men sizga mushtoqman,
tashnalikdan yongan lablar tilagani kabi suv.
Siz ul karam dengizisizki, Meʼroj kechasi
fayzingiz shabnamini sobitu sayyoralarga yetkazgandir suv.