BADR JANGI
Bu gʻazot Ikkinchi Badr, Badrul Qitol va Badrul Kubro deb ham ataladi. Sariyyalarda sahobai kiromning muvaffaqiyat qozonishi kofirlarni qoʻrqita boshladi. Endi ularning karvonlari katta-katta guruhlar boʻlib, yonlarida askarlar bilan safarga chiqar edi. Hijratning ikkinchi yilida makkalik mushriklar har bir oiladan sarmoya yigʻib, ming tuyalik bir karvonni Shomga yubordilar. Karvonning boshida Makkaning koʻzga koʻringan kishilaridan Abu Sufyon bor edi, u hali musulmon boʻlmagan edi.1 Karvonni qoʻriqlash uchun qirqtacha soqchi ham tayinlangan edi… Mollar sotilgach, tushgan pulning hammasiga qurol sotib olmoqchi edilar, bu qurollar esa musulmonlarga qarshi jangda ishlatilishi kerak edi.
Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) mushriklarning katta bir karvonni savdo uchun Shomga yuborganidan xabar topgach, ularning holatini bilib kelish uchun muhojirlardan bir necha kishiga vazifa topshirdilar. Ular Zul Ushayra degan joyga yetib borishganda, karvon oʻtib ketganini bilib, Madinaga qaytdilar. Agar kufr ahlining quroli va moli qoʻlidan olinsa, ular Islom ahliga zarar yetkaza olmas, qarshiliklari sinar edi. Shu sababli Rasululloh vaziyatni baholab, darhol jang tayyorgarligini boshladilar.
Oʻrinlariga namoz oʻqitib turish uchun Abdulloh ibn Ummu Maktumni qoldirdilar.2 Hazrati Talha ibn Ubaydulloh bilan Saʼid ibn Zaydni esa karvonning qaytishini bilib kelish uchun kuzatuvchi sifatida yubordilar.3 Hazrati Usmonga esa zavjasi ogʻir betob boʻlgani uchun Madinada qolishni buyurdilar. Soʻngra yana toʻrt kishiga vazifa berdilar. Shunday qilib, vazifa olganlar sakkiz kishi boʻldi.
Fursatni qoʻldan boy berib boʻlmas edi. Paygʻambarimiz darhol tayyorgarlik koʻrib, yonlariga muhojirlar va ansorlardan uch yuz besh sahobani olib, Ramazoni sharifning oʻn ikkinchi kuni Badr tomon yoʻlga chiqdilar. Vazifa olganlar bilan birga ularning soni 313 kishiga yetar edi.4 Ulardan oltmish toʻrttasi muhojirlardan edi.
Badr – Makka, Madina va Suriyaga boradigan yoʻllar tutashgan bir joy edi.
Bu safarga chiqish uchun endigina oʻsib-ulgʻaygan yoshlar, hatto ayollar ham Paygʻambarimizga yolvorar edilar. Ummu Varaqa Rasulullohning huzurlariga kelib: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Ruxsat bersangiz, siz bilan borishni istayman. Yaralanganlarning yaralarini bogʻlayman, bemorlarning xizmatini qilaman. Balki Allohu taolo menga ham shahidlikni nasib etar!» – deganida, Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam): «Sen uyingda oʻtir, Qurʼoni karim oʻqi. Shubhasiz, Allohu taolo senga shahidlikni nasib etadi», – dedilar.
«Sen (Ummu Varaqa) uyingda oʻtir, Qurʼoni karim oʻqi. Shubhasiz, Allohu taolo senga shahidlikni nasib etadi» Hadisi sharif
Badr jangining yoʻnalishi
Saʼd ibn Abu Vaqqos shunday hikoya qildi: «Rasululloh biz bilan gʻazotga borishni istagan bolalarni orqaga qaytarmoqchi boʻlganlarida, ukam Umayrning bir chetga yashirinib, koʻzga koʻrinmaslikka harakat qilayotganini koʻrdim. U paytda u oʻn olti yoshda edi. „Senga nima boʻldi, nega bunday yashirinyapsan?“ – dedim. „Rasululloh meni ham yosh sanab, orqaga qaytarib yuborishlaridan qoʻrqyapman! Holbuki, men gʻazotda qatnashib, Allohu taoloning menga shahidlik nasib etishini istayman“, – dedi. Shu payt uni Rasulullohga bildirishdi, u zot ukamga: „Sen orqaga qayt“, – dedilar. Shunda ukam Umayr yigʻlay boshladi. Marhamat dengizi Habibi akram uning koʻz yoshlariga chiday olmay, ruxsat berdilar. Holbuki, ukamning qilichini oʻzi taqa olmagani uchun beliga men bogʻlab qoʻygan edim».5 Olamlar sarvari boʻlgan sevimli Paygʻambarimizning bayroqlarini Musʼab ibn Umayr, Saʼd ibn Muoz va hazrati Ali koʻtarib bordilar.6 Sahobai kiromning yonida faqat uchta ot va yetmishta tuya bor edi. Otlardan biri Miqdodniki, biri Zubayrniki, biri esa Marsad ibn Abu Marsadniki edi. Bir tuyaga ikki yoki uch kishi navbatma-navbat minar edi. Rasululloh hazrati Ali, Abu Luboba va Marsad ibn Abu Marsad bilan navbatma-navbat minar edilar. Lekin ularning hammasi Rasul alayhissalom piyoda yurmasdan, doimo tuya ustida ketishlari uchun: «Jonlarimiz sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Siz tuyadan tushmang. Ulugʻ zotingiz oʻrniga biz piyoda yuramiz», – deb yolvorishar edi. Lekin Koinot sultoni oʻzlarini ulardan farqli koʻrmay: «Sizlar piyoda yurishda mendan kuchliroq boʻlmaganingiz kabi, men ham ajr va mukofot borasida sizlardan behojat va beehtiyoj emasman», – dedilar. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) va u zotning ulugʻ sahobalari sahroda kuydiruvchi jazirama ostida yurib borar edilar. Ustiga-ustak, roʻzador edilar. Sahobai kirom Islomni yoyish uchun juda koʻp mashaqqatlarga chidab, Paygʻambarimizning ortlaridan ishq va shavq bilan borar edilar. Chunki buning oxirida Allohu taoloning va Uning Rasulining rizoligi, ular juda-juda orzu qilgan shahidlik va jannat bor edi… Sevimli Paygʻambarimiz sahobalarining hollariga qarab: «Allohim! Ular piyodadirlar, Sen ularga ulov bergin! Allohim! Ular yalangʻoch-yupundirlar, Sen ularni kiyintirgin! Allohim! Ular ochdirlar, ularni toʻydirgin! Ular faqirdirlar, Oʻz fazlu karaming bilan ularni boy qilgin!» – deb duo qildilar.
Paygʻambarimiz va u zotning muborak qoʻshinlari bu qattiq jaziramada Badr tomon ilgarilab borayotganda, mushriklarning Shomdan kelayotgan karvoni ham Badrga yaqinlashib qolgan edi. Paygʻambarimiz karvondan xabar olish uchun ikki sahobani yuborgan edilar. Ular karvon bir-ikki kun ichida Badrga yetib kelishi mumkinligini bilib, tezda orqaga qaytishdi. Karvondagilar ularning xabar olgan qishlogʻiga kelishganda, qishloq ahlidan: «Musulmonlarning aygʻoqchilaridan xabaringiz bormi?» – deb soʻrashdi. Ular: «Bilmaymiz. Lekin ikki kishi kelib, mana shu yerda bir oz oʻtirdi, soʻng turib ketdi», – deyishdi.
Abu Sufyon koʻrsatilgan joyga borib tekshirganda, yerdagi tuya tezagini ezib, ichida yem danaklarini koʻrdi va: «Bu – Madinaning yemi. Nazarimda, oʻsha ikki kishi Muhammadning (alayhissalom) aygʻoqchilari», – dedi. Musulmonlar juda yaqin joyda ekanini taxmin qilib, Abu Sufyon qattiq qoʻrquvga tushdi. Karvonning taqdiridan xavotirlanib, kechayu kunduz yoʻl yurib, vaqt yoʻqotmay Qizil dengiz sohili boʻylab Makkaga tezda yetib olishga qaror qildi. Bundan tashqari, Damdam ibn Amr Gʻiforiy ismli bir kishini vaziyatni bildirish uchun Makkaga chopar qilib yubordi.7
«Allohim! Ular (sahobalarim) piyodadirlar, Sen ularga ulov bergin! Allohim! Ular yalangʻoch-yupundirlar, Sen ularni kiyintirgin! Allohim! Ular ochdirlar, ularni toʻydirgin! Ular faqirdirlar, Oʻz fazlu karaming bilan ularni boy qilgin!» Hadisi sharif
Bu odam Makkaga kelgach, koʻylagining oldini ham, orqasini ham yirtdi. Tuyasining palonini teskari oʻgirib qoʻydi. Gʻalati bir qiyofada: «Dod-o-od! Dod!… Ey qurayshliklar! Yetib kelinglar!… Karvoningizga, Abu Sufyonning yonidagi mollaringizga Muhammad va uning sahobalari hujum qilishdi. Agar ulgursangizlar, karvoningizni qutqarib qolishingiz mumkin!…» – deb dod-faryod koʻtarib, baqira boshladi.
Buni eshitgan makkaliklar darhol toʻplanib, tayyorgarlik koʻrdilar. Yetti yuz tuyalik, yuz otliq va bir yuz ellik piyoda askar toʻpladilar. Abu Lahabga: «Qani, sen ham qoʻshil!» – deyishganda, u qoʻrqqanidan kasalligini bahona qildi. Oʻrniga Os ibn Hishomni badal qilib yubordi. Umayya ibn Xalaf ismli mushrik esa urushga tayyorlanishda juda sustkashlik qilar edi. Chunki u Paygʻambarimizning: «Mening sahobalarim Umayyani oʻldiradi», – deganlarini eshitgan edi. U zotning hech qachon rostlikdan ayrilmaganlarini bilgani uchun Umayya qoʻrqar edi. Shu sababli Abu Jahlning qistovlariga qarshi oʻzining keksaligini va juda semizligini roʻkach qildi. Lekin Abu Jahl uni qoʻrqoqlikda ayblagach, borishga majbur boʻldi.
Mushrik qoʻshini mingga yaqin kishidan iborat edi. Hammalari temir sovut kiygan edi. Yonlarida ovozi yoqimli ayollar bor edi. Cholgʻu asboblarini va ichkilikni olishni ham unutmagan edilar. Bunday kuchli qoʻshin bilan uch yuz kishini emas, hatto ming kishilik qoʻshinni ham bir zumda yengamiz, deb oʻylar edilar. Yoʻlga chiqmasdanoq kimlarni oʻldirishlarini, qanday oʻlja olishlarini hisoblab qoʻyganlar ham bor edi. Lekin hammasining eng katta maqsadi Islomni yoʻq qilish edi. Bu haddan oshgan mushrik toʻdasi ayollar chalgan doiralar va ular aytgan qoʻshiqlar sadosi ostida yoʻlga chiqdi.
Shu orada Abu Sufyon Badrdan ancha uzoqlashib, Makka tomon bir talay yoʻl bosib qoʻygan edi. Xavf oʻtganiga ishonch hosil qilgach, Qays ibn Imruul Qays ismli odamini qurayshliklarga yuborib: «Ey Quraysh jamoasi! Sizlar karvoningizni, odamlaringizni va mollaringizni himoya qilish uchun Makkadan yoʻlga chiqqan edingizlar. Biz xavfdan qutuldik. Endi orqaga qaytinglar!…» – deb ayttirdi. Bundan tashqari: «Musulmonlar bilan jang qilish uchun Madinaga borishdan saqlaninglar!» – deb maslahat berdi.
Qays bu xabarni mushrik qoʻshiniga yetkazganda, Abu Jahl shunday dedi: «Qasam ichamanki, Badrga borib, uch kecha-kunduz bazm qilamiz, tuyalar soʻyib, sharob ichamiz. Atrofdagi qabilalar bizni tomosha qilib, holimizga havas qiladilar va hech kimdan qoʻrqmasligimizni koʻradilar. Bundan keyin haybatimizdan hech kim bizga hujum qilishga jurʼat eta olmaydi. Ey yengilmas Quraysh qoʻshini! Olgʻa!…» Qays Abu Jahlning gap uqadigan ahvolda emasligini koʻrib, orqaga qaytdi va vaziyatni Abu Sufyonga bildirdi. Uzoqni koʻra biladigan, ehtiyotkor kishi boʻlgan Abu Sufyon: «Evoh! Quraysh harob boʻldi!… Bu – Amr ibn Hishomning (Abu Jahlning) rejasi. U bu ishni, shubhasiz, odamlarga bosh boʻlish havasi bilan qildi. Holbuki, bunday haddan oshish hamisha katta nuqson va shumlikdir. Agar musulmonlar ularga duch kelsalar, Qurayshning holiga voy!…» – deyishdan oʻzini tiya olmadi.
Abu Sufyon karvonni tezda Makkaga yetkazib, qoʻshinga yetib oldi. Shu payt Sarvari koinot (sallallohu alayhi vasallam) sahobalari bilan Badrga yaqinlashib borayotgan edilar. Bir payt u zot madinalik mushriklardan Xubayb ibn Yasof bilan Qays ibn Muharrisni Islom qoʻshini orasida koʻrib qoldilar. Xubaybning boshida temir dubulgʻa boʻlsa ham, uni tanidilar va hazrati Saʼd ibn Muozga: «Bu Xubayb emasmi?» – dedilar. U: «Ha, yo Rasulalloh!» – dedi. Xubayb jang sanʼatini biladigan, botir bir pahlavon edi. U Qays bilan birga Rasulullohning huzuri shariflariga keldi. Paygʻambarimiz ularga: «Sizlar biz bilan nega kelyapsizlar?» – dedilar. Ular: «Siz bizning jiyanimiz va qoʻshnimizsiz. Biz ham qavmimiz bilan birga oʻlja toʻplash uchun kelyapmiz!» – deyishdi. Paygʻambarimiz Xubaybdan: «Sen Allohu taologa va Uning Rasuliga iymon keltirdingmi?» – deb soʻraganlarida, u: «Yoʻq», – dedi. Rasul alayhissalom: «Unday boʻlsa, orqaga qayt! Bizning dinimizda boʻlmagan kishi biz bilan birga boʻla olmaydi!» – dedilar. Xubayb: «Mening yigitligimni, qahramonligimni va dushman bagʻrida yaralar ochadigan pahlavon ekanimni hamma biladi. Oʻlja uchun sizning yoningizda dushmaningizga qarshi jang qilaman», – dedi. Paygʻambarimiz uning yordamini qabul qilmadilar.
Bir oz yurilgach, Xubayb istagini takrorladi, lekin Paygʻambarimiz u musulmon boʻlmaguncha istagi qabul qilinmasligini bildirdilar. Ravho degan joyga yetganlarida, Xubayb Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh! Allohu taoloning olamlarning Rabbi ekaniga va sizning paygʻambarligingizga ishondim, iymon keltirdim», – dedi. Shunda Sarvari koinot juda xursand boʻldilar. Qays ham Madinaga qaytgach, iymon bilan sharaflandi (roziyallohu anhu).
Islom qoʻshini Safro vodiysiga kelganda, makkaliklar qoʻshin tuzib, karvonlarini qutqarish uchun Badr tomon yoʻlga chiqqanlari haqida xabar oldi. Paygʻambarimiz sahobalarini toʻplab, bu vaziyatni ular bilan maslahatlashdilar. Chunki madinalik musulmonlar Aqabada Rasulullohga bayʼat qilganlarida: «Yo Rasulalloh! Siz bizning shahrimizga keling. U yerda sizni, jonimiz evaziga boʻlsa ham, dushmaningizdan himoya qilamiz va sizga ergashamiz», – deb soʻz bergan edilar. Holbuki, endi ular Madinadan tashqariga chiqqan edilar. Qarshilarida esa son, qurol va mol jihatidan ulardan bir necha barobar koʻp boʻlgan katta bir dushman qoʻshini turar edi.
Rasululloh sahobalaridan fikrlarini soʻraganlarida, muhojirlardan Abu Bakr Siddiq va Umarul Foruq alohida-alohida oʻrinlaridan turib, dushman qoʻshini bilan jang qilish lozimligini bildirishdi. Yana muhojirlardan Miqdod ibn Asvad oʻrnidan turib, shunday dedi: «Yo Rasulalloh! Allohu taoloning amri nima boʻlsa, shuni bajo keltiring. Uning farmoni bilan yuring. Biz har lahza siz bilan birgamiz, bir lahza ham yoningizdan ayrilmaymiz. Biz Bani Isroil Muso alayhissalomga: „Ey Muso! Jabborlar, zolimlar qavmi u yerda ekan, biz u yerga bormaymiz va u yurtga hech qachon kirmaymiz. Sen Rabbing bilan birga borib, ikkalangiz ular bilan urushinglar, jang qilinglar. Biz shu yerda oʻtirib qolamiz…“8 – deganlari kabi soʻz aytmaymiz. Jonimizni va boshimizni Allohu taoloning va Uning Rasulining yoʻlida fido qilamiz. Sizni haq paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasamki, dengiz ortidagi Habashistonga yuborsangiz ham, boramiz. Sizga hech qachon zigʻircha ham qarshi chiqmaymiz. Har bir istagingizni bajarishga tayyormiz. Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh!…»
«Bizning dinimizda boʻlmagan kishi biz bilan birga boʻla olmaydi!» Hadisi sharif
Badr jangi
Miqdodning bu soʻzlari sevimli Paygʻambarimizni juda xursand qildi, u zot unga xayrli duolar qildilar.9
Bu yerda madinalik musulmonlarning fikri juda muhim edi. Chunki ular ham son jihatidan koʻpchilik edi, ham Rasulullohni Madinada himoya qilishga soʻz bergan edilar. Madinadan tashqarida jang qilishga esa vaʼdalari yoʻq edi. Bu fikr anglashilgach, ansorlardan Saʼd ibn Muoz oʻrnidan turib: «Yo Rasulalloh! Agar izn bersangiz, ansorlar nomidan gapirsam», – dedi. Izn berilgach, u shunday dedi: «Yo Rasulalloh! Biz sizga iymon keltirdik, paygʻambarligingizni tasdiqladik. Nimaiki keltirgan boʻlsangiz, haqdir, toʻgʻridir. Bu borada sizni tinglash va sizga itoat etish uchun sizga qatʼiy soʻz berib, qasam ichdik. Biz u soʻzimizdan hech qachon qaytmaymiz, qayerga tashrif buyursangiz, amringizdamiz. Amringizni bosh ustiga qoʻyamiz. Jonimizni va boshimizni yoʻlingizda fido qilamiz. Sizni haq paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasamki, dengizga shoʻngʻisangiz, ortingizdan biz ham shoʻngʻiymiz. Hech birimiz bundan bir qadam ham orqada qolmaymiz. Xotiri sharifingizda nima boʻlsa, amr qiling, bajaramiz. Molimiz ham jonimiz bilan birga sizga fido boʻlsin. Dushmandan hech qachon yuz oʻgirmaymiz. Jangda sabrlimiz. Umidimiz – sizni xursand qilib, rizoligingizga erishishdir. Allohu taoloning rahmati sizga boʻlsin…» Bu soʻzlarni tinglagan sahobai kirom qattiq hayajonga tushdi. Hammalari bu soʻzlarga jon-dildan qoʻshilishlarini bildirishdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) juda mamnun boʻldilar, hazrati Saʼdga va sahobalariga duo qildilar. Endi barcha ikkilanishlar barham topgan edi. Dushman qanchalik koʻp, qanchalik kuchli boʻlmasin, shonli sahobalar sevimli Paygʻambarimizning ortlaridan kiprik qoqmay shahidlik sari yurib, Allohu taoloning va Uning Rasulining rizoligini qozonar edilar. Boshlarida Koinot sarvari bor ekan, borilmaydigan joy yoʻq edi… Faxri olam sahobalarining oʻzlariga boʻlgan sadoqati va hayajonini koʻrib, ularga: «Qani, yuringlar! Allohu taoloning lutfi bilan shod boʻlinglar. Vallohi, men hozir goʻyo Quraysh qavmining jang maydonida urilib yiqiladigan joylariga qarab, ularni koʻrib turibman!» – deb xushxabar berdilar. Bu xushxabardan keyin sahobai kirom ishq bilan Rasulullohning ortlaridan yurdilar.
Farishtalarning yordamga kelishi
Badr atrofiga yetib kelganlarida juma kechasi edi. Sevimli Paygʻambarimiz sahobalariga: «Mana shu kichik tepalik yonidagi quduq boshidan bir qancha maʼlumotlar olishingiz mumkin, deb umid qilaman», – dedilar. U yerga Allohu taoloning sheri hazrati Ali, Saʼd ibn Abu Vaqqos, Zubayr ibn Avvom va boshqa baʼzi sahobalarini yubordilar. Hazrati Ali va uning sheriklari darhol quduq boshiga bordilar. U yerda qurayshliklarning tuyakashlarini va suvchilarini koʻrdilar. Ular musulmonlarni koʻrishi bilanoq qochib qolishdi. Lekin ulardan ikkitasi qoʻlga olindi. Ularning biri Banu Hajjojning quli Ashlam, ikkinchisi esa Banu Os ibn Saʼidning quli Ariz Abu Yasor edi.
Ularni Paygʻambarimizning huzurlariga keltirishganda, Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ulardan: «Quraysh qayerda?» – deb soʻradilar. Ular: «Mana shu koʻrinib turgan qum tepaligining ortiga tushishdi», – deb javob berishdi. Paygʻambarimiz: «Quraysh necha kishi?» – dedilar. «Bilmaymiz», – deyishdi. «Kuniga nechta tuya soʻyishyapti?» degan savolga: «Bir kun toʻqqizta, bir kun oʻnta», – deb javob berishgach, Paygʻambarimiz: «Ular mingdan oz, toʻqqiz yuzdan koʻpdirlar», – dedilar. Yana: «Qurayshning aslzodalaridan kimlar bor?» – deb soʻradilar. Ular: «Utba, Shayba, Horis ibn Amr, Abul Baxtariy, Hakim ibn Hizom, Abu Jahl, Umayya ibn Xalaf…» – deyishgach, Rasululloh sahobalariga oʻgirilib: «Makka ahli sizlarga jigarbandlarini fido qildi», – dedilar. Soʻngra u ikki kishidan: «Kelayotganingizda Qurayshdan orqaga qaytganlar boʻldimi?» – deb soʻraganlarida, ular: «Ha. Banu Zuhradan Axnas ibn Abu Shariq orqaga qaytdi», – deb javob berishdi. Paygʻambarimiz: «U oʻzi toʻgʻri yoʻlda boʻlmasa-da, oxiratni, Allohu taoloni va kitobni bilmasa-da, Banu Zuhraga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatibdi… Ulardan boshqa qaytganlar boʻldimi?» – deb soʻraganlarida: «Banu Adiy ibn Kaʼb qaytdi», – degan javobni oldilar.10
«Yo Rasulalloh! Allohu taoloning amri nima boʻlsa, shuni bajo keltiring. Uning farmoni bilan yuring. Biz har lahza siz bilan birgamiz, bir lahza ham yoningizdan ayrilmaymiz» Miqdod ibn Asvad (roziyallohu anhu)
Paygʻambarimiz hazrati Umarni soʻnggi bor ogohlantirish uchun qurayshliklar huzuriga sulh taklifi bilan yubordilar. Umar ibn Xattob ularga shunday dedi: «Ey oʻjar qavm! Rasul alayhissalom shunday demoqdalar: „Hamma bu ishdan voz kechsin. Salomat orqasiga qaytsin. Chunki sizlardan boshqalar bilan jang qilish men uchun sizlar bilan jang qilishdan afzalroqdir!…“»
Bu taklif oldida Quraysh mushriklaridan Hakim ibn Hizom oldinga chiqib: «Ey Quraysh jamoasi! Muhammad sizlarga juda insof bilan muomala qildi. Uning istagini darhol qabul qilinglar. Agar aytganini qilmasangizlar, qasamki, bundan keyin sizlarga hech insof qilmaydi!…» – dedi. Abu Jahl Hakimning bu soʻzidan gʻazablanib: «Buni hech qachon qabul qilmaymiz va musulmonlardan intiqom olmaguncha orqaga qaytmaymiz. Toki bundan keyin hech kim karvonimizga tajovuz qila olmasin», – dedi va sulh yoʻllarini bekitdi. Hazrati Umar orqaga qaytdi.
Oʻsha kechasi Paygʻambarimiz va u zotning shonli sahobalari Badrga mushriklardan oldin kelib, quduqlarga yaqin bir joyga tushdilar. Paygʻambarimiz sahobalari bilan maslahatlashib, qarorgohni qayerda qurish kerakligi haqida ularning fikrini soʻradilar. Ular orasidan hali oʻttiz uch yoshda boʻlgan Hubob ibn Munzir oʻrnidan turib, soʻz soʻradi. Izn berilgach: «Yo Rasulalloh! Bu joy Allohu taolo sizga qarorgoh qurishni buyurgan va albatta shu yerda qolish lozim boʻlgan joymi? Yoki shaxsiy bir fikr natijasida, jang tadbiri sifatida tanlandimi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «Yoʻq! Bu joy jang tadbiri taqozosi bilan tanlandi», – dedilar.
Shunda hazrati Hubob shunday dedi: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh!
Biz jangchi kishilarmiz. Bu yerlarni ham yaxshi bilamiz. Anavi qurayshliklar tushadigan joy yaqinidagi quduqda shirin va moʻl suv bor. Izn bersangiz, oʻsha yerga tushaylik. Atrofdagi hamma quduqlarni koʻmib tashlaylik. Soʻngra bir hovuz qurib, ichini suvga toʻldiraylik. Dushman bilan jang qilayotganda, chanqaganimizda hovuzimizdan kelib suv ichamiz. Dushman esa suv topa olmay, holdan toyadi».11 Shu payt Jabroil alayhissalom bu fikr toʻgʻri ekanini bildirgan vahiyni keltirdi. Paygʻambarimiz: «Ey Hubob! Toʻgʻri fikr – sen koʻrsatganidir», – deb, oʻrinlaridan turdilar. Hammalari birgalikda koʻrsatilgan quduq boshiga keldilar. Shirin suvli quduqdan boshqa barcha quduqlarni koʻmib, katta bir hovuz qurdilar. Ichini suvga toʻldirib, suv ichish uchun idishlar qoʻydilar.
Shu payt hazrati Saʼd ibn Muoz Paygʻambarimizning huzuri shariflariga kelib: «Yo Rasulalloh! Siz ichida oʻtiradigan, xurmo shoxlaridan bir soyabon qurib beraylikmi?» – deb taklif qildi. Faxri olam Saʼdning bu fikridan mamnun boʻlib, unga duo qildilar. Darhol soyabon qurildi. Paygʻambarlar sultoni sharafli sahobalari bilan jang maydonini aylanib, koʻzdan kechirdilar. Vaqti-vaqti bilan toʻxtab, muborak qoʻllari bilan qurayshlik mushriklarning oʻldiriladigan joylarini birma-bir koʻrsatib: «Inshoalloh, ertaga tongda falonchining urilib yiqiladigan joyi mana shu yer! Inshoalloh, ertaga tongda falonchining urilib yiqiladigan joyi mana shu yer! Mana shu yer! Shu yer!…» – dedilar.
Keyinchalik hazrati Umar bu haqda shunday xabar berdi: «Ularning har biri Rasuli akram muborak qoʻllarini qoʻygan joyning aynan ustida urilib oʻldirilganini koʻrdim. Birortasi na bir oz oldinda, na orqada edi».
Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) sahobai kiromni uch guruhga boʻldilar. Muhojirlarning bayrogʻini Musʼab ibn Umayrga, avsliklarnikini Saʼd ibn Muozga, xazrajliklarnikini esa Hubob ibn Munzirga berdilar. Har bir guruh oʻz bayrogʻi ostida toʻplandi.12 Paygʻambarimiz qoʻshinni safga tizib, tartibga soldilar.
Qoʻshinni tartibga solayotganlarida, safdan oldinga chiqib turgan Savod ibn Gʻaziyaning koʻksiga muborak qoʻllaridagi tayoqcha bilan tegib: «Toʻgʻrilan, yo Savod!» – dedilar. Savod: «Yo Rasulalloh! Qoʻlingizdagi tayoqcha jonimni ogʻritdi. Sizni haq din, Kitob va adolat bilan yuborgan Allohu taolo haqqi, men ham sizga tayoqcha bilan shunday tegmoqchiman», – dedi. Uning bu soʻzidan butun sahobai kirom hayron qoldi. Koinot sarvaridan qasos talab qilish mumkinmi edi? Bunday ish qilinishi mumkinmi edi? Rasululloh esa muborak koʻylaklarining oldini ochib: «Qani, qasos ol, haqqingni ol», – dedilar. Shunda hazrati Savod katta quvonch va muhabbat bilan Habibi akramning (sallallohu alayhi vasallam) muborak koʻksini oʻpdi.
Hamma qasos kutib turganda, koʻrgan manzaralaridan hayratga tushgan birodarlari Savodga havas qilishdi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Nega bunday qilding?» – deb soʻraganlarida, Savod: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Bugun Allohu taoloning amri bilan ajalim yetganini koʻrib turibman va ulugʻ zotingizdan ayrilishdan qoʻrqaman. Shu sababli oramizdagi bu soʻnggi daqiqalarda lablarim muborak vujudingizga tegishini istadim. Buni qiyomat kuni menga shafoat qilishingizga, shu tariqa azobdan qutulishimga vosita qilmoqchi boʻldim», – dedi. Uning bu muhabbatidan Paygʻambarimiz ham juda taʼsirlandilar va hazrati Savodga duo qildilar.
Muborak Islom qoʻshinining oʻng qanotiga qahramon mujohid Zubayr ibn Avvom, chap qanotiga esa Miqdod ibn Asvad qoʻmondonlik qilishi kerak edi.13
Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) sharafli sahobalari bilan jangni qanday boshlash haqida maslahatlashmoqchi boʻlib: «Qanday jang qilasizlar?» – deb soʻradilar. Osim ibn Sobit qoʻlida yoyi va oʻqi bilan oʻrnidan turib, oʻz fikrini bildirdi: «Yo Rasulalloh! Qurayshliklar bizga yuz metrcha yaqinlashganda, ularni oʻqqa tutaylik. Soʻngra qoʻl bilan tosh otish masofasiga kelganlarida, tosh otaylik. Nayza yetadigan darajada yaqinlashganlarida, nayzalarimiz sinmaguncha ular bilan olishaylik. Soʻngra qilichlarimizni yalangʻochlab, jang qilaylik!» Bu taktika Paygʻambarimizga maʼqul boʻldi. U zot sahobalariga quyidagi koʻrsatmalarni berdilar: «Saflaringizni tashlab ketmanglar. Qimirlamay joylaringizda sobit turinglar. Men amr bermagunimcha jangni boshlamanglar. Oʻqlaringizni dushman sizlarga yaqinlashmasidan oldin ishlatib, isrof qilmanglar. Dushman qalqonini ochganda, oʻqingizni otinglar. Dushman ancha yaqin kelganda, qoʻlingiz bilan tosh otinglar. Yanada yaqinlashganda, nayzalaringizni ishlatinglar. Dushman bilan koʻkrak-koʻkrakka kelganda esa qilichlaringiz bilan jang qilinglar…»
«Inshoalloh, ertaga tongda falonchining urilib yiqiladigan joyi mana shu yer! Inshoalloh, ertaga tongda falonchining urilib yiqiladigan joyi mana shu yer! Mana shu yer! Shu yer!…» Hadisi sharif
Soʻngra soqchilar qoʻyilib, sahobai kiromga dam berildi. Allohu taoloning hikmati bilan ular shunday chuqur uyquga ketdilarki, hatto koʻz qovoqlarini koʻtara olmaydigan holda edilar. Paygʻambarimiz xurmo shoxlaridan qurilgan soyabonga kirganlarida, hazrati Abu Bakr, soʻngra Saʼd ibn Muoz qilichlarini yalangʻochlab, soyabon eshigi oldida soqchilik qildi. Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) muborak qoʻllarini koʻtarib, katta gʻam-gʻussa ichida: «Yo Rabbim! Agar Sen mana shu bir hovuch jamoatni halok qilsang, endi yer yuzida Senga hech ibodat qilinmaydi…» – deb Allohu taologa yolvora boshladilar. Bu hazin duo tonggacha davom etdi.
Muborak Islom qoʻshini qarorgoh qurgan joy qumloq edi. Shu sababli yurish qiyin, oyoqlar qumga botar edi. Allohu taoloning ehsoni va Rasululloh duolarining barakasi bilan oʻsha kechasi tobora kuchayib boradigan yomgʻir yogʻa boshladi, soylardan toshib ketadigan darajada sel oqdi. Suv idishlari toʻldirildi, yer esa oyoqlar botmaydigan darajada qotdi.
Mushriklar esa loy va sel ichida qoldilar.
Tong otgach, Rasululloh sahobalarini namozga turgʻizdilar.
Bomdod namozini oʻqitgach, dushman bilan jihod qilishning va shahidlikning fazilati haqida gapirib, ularni jangga ruhlantirdilar. Shunday dedilar: «Albatta, Allohu taolo haq va toʻgʻri boʻlgan narsani buyuradi. Hech kimning Allohu taoloning rizosi uchun qilinmagan amalini qabul qilmaydi… Bu yerlarda Rabbimizning amrini bajarishga harakat qilinglar – U buning uchun sizlarga rahmati va magʻfiratini vaʼda qilgan – va imtihondan muvaffaqiyatli oʻtinglar! Chunki Uning vaʼdasi haq, soʻzi rost, jazosi esa shiddatlidir. Men ham, sizlar ham Hayy va Qayyum boʻlgan Allohu taologa bogʻliqmiz. Unga sigʻindik, Unga mahkam yopishdik, Unga tayandik. Eng soʻnggi qaytishimiz ham Ungadir. Allohu taolo meni va barcha musulmonlarni magʻfirat qilsin!…»
Ramazoni sharifning oʻn yettinchi kuni juma kunining quyoshi chiqdi. Bir ozdan keyin tarixning eng shafqatsiz, kuchlari eng noteng, eng muhim, eng katta jangi boshlanar edi…
Bir tomonda Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) va jonlarini fido qilishdan zarra qadar ham tap tortmaydigan bir hovuch sharafli sahobalari; ikkinchi tomonda esa Islomni bir qoshiq suvda boʻgʻish, Allohu taoloning habibi boʻlish sharafiga erishgan bir paygʻambarni yoʻq qilish uchun toʻplangan haddan oshgan, hovliqqan kofirlar toʻdasi turar edi. Afsuski, ular orasida Rasuli akramning qarindoshlari ham bor edi. Ular ham sevimli jiyanlari bilan jang qilish uchun Badrga kelgan edilar.
Paygʻambarimiz qoʻshinlarining tartibini yana bir bor koʻzdan kechirib, bergan koʻrsatmalarini takrorladilar. Shu payt quraysh mushriklari qarorgohlaridan chiqib, Badr vodiysi tomon oqib kela boshladilar. Koʻpchiligining usti sovutlar bilan qoplangan edi. Katta gʻurur va kibr ichida Islom qoʻshiniga hujumga oʻtdilar. Rasululloh mushriklarning bu holini koʻrgach, hazrati Abu Bakr bilan chodirga kirib, muborak qoʻllarini koʻtarib, Janobi Haqqa yolvora boshladilar: «Yo Rabbim! Mana, quraysh mushriklari butun gʻurur va kibrlari bilan kelmoqda!… Senga qarshi chiqmoqdalar, Paygʻambaringni yolgʻonchiga chiqarmoqdalar. Ey Allohim! Menga qilgan yordam va zafar vaʼdangni bajo keltirishingni Sendan soʻrayman!… Allohim! Agar mana shu bir hovuch musulmonning halokatini istasang, bundan keyin Senga ibodat qiladigan kishi qolmaydi!…»
U zot shu tarzda tinimsiz, takror-takror yordam soʻrab, Allohu taologa yolvorar edilar. Paygʻambarimizning bu nihoyatda hazin, ichlarni pora-pora qiladigan iltijolari shu qadar davom etdiki, u zot oʻzlarini unutib, ridolari muborak yelkalaridan tushib ketdi. Bu oʻtli iltijoga chiday olmagan hazrati Abu Bakr muborak ridoni katta hurmat bilan yerdan koʻtarib, Paygʻambarimizning muborak yelkalariga qoʻyarkan, u zotga shunday tasalli berdi: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Shuncha yolvorganingiz yetadi!… Rabbingizga duoda nihoyatda iltijo qildingiz! Albatta, Allohu taolo sizga vaʼda qilgan zafarni yaqinda beradi». Shu onda Olamlar sarvari quyidagi oyati karimalarni oʻqib, chodirdan chiqdilar. Ularda shunday deyiladi, maʼnosi: «Bu jamoat (Badrdagilar) yaqinda albatta yengilib, ortlariga oʻgirilib qochadilar. Toʻgʻrirogʻi, ularning asl azob vaqti qiyomatdadir. U vaqtning azobi yanada dahshatliroq, yanada achchiqroqdir».14
Sevimli Paygʻambarimiz qoʻshinlarining oldiga keldilar. Shonli sahobalariga quyidagi oyati karimalarni oʻqidilar: «Ey iymon keltirganlar! Bir dushman jamoatiga roʻbaroʻ kelganingizda, sobit turinglar va najot topishingiz uchun Allohu taoloni koʻp zikr qilinglar… Shunday qilib, shoyad falohga erishsangizlar. Allohga va Uning Rasuliga itoat qilinglar. Oʻzaro nizolashmanglar, aks holda muvaffaqiyatsizlikka uchraysizlar va qoʻlingizdagi shavkatingiz (kuch-quvvatingiz) ketadi. Sabr qilinglar. Chunki Allohu taolo sabr qiluvchilar bilan birgadir».15
Bu – butun qoʻshin birgalikda dushmanga qarshi olib boradigan ilk jang edi. Jang boshlanay deb turar edi. Hayajon eng yuqori choʻqqisiga yetgan edi. Rasuli akram «Allohu taoloni koʻp zikr qilinglar…» maʼnosidagi oyati karimani oʻqiganlaridan keyin butun sahobai kirom birgalikda «Allohu akbar!… Allohu akbar!…» deb takbir ayta boshladilar va zafar ato etishini soʻrab Janobi Haqqa yolvordilar. Endi ular Paygʻambarimizning bir ishoralarini kutib turar edilar. U zamon odatlariga koʻra, ikki qoʻshin toʻqnashishidan oldin har ikki tomondan bahodirlar maydonga chiqib, yakkama-yakka olishar edilar. Bu olishuvda har ikki tomonning jangovar gʻazabi va ishtiyoqi ortar, jangga qizishib ketar edi. Mushriklardan Omir ibn Hazramiy bu qoidaga boʻysunmay, uni oyoq osti qilib, Islom qoʻshiniga oʻq otdi. Oʻq muhojirlardan Mihjaʼga tegdi, u shahid boʻldi va uning muborak ruhi jannatga koʻtarildi. Paygʻambarlar sarvari bu ilk shahid haqida: «Mihjaʼ – shahidlarning sarvaridir», – deb xushxabar berdilar. Sahobai kirom joylarida tura olmaydigan holga kelgan edilar. Lekin Paygʻambarimizdan amr kelmaguncha kichkina bir harakat ham qila olmas edilar.
«Yo Rabbim! Mana, quraysh mushriklari butun gʻurur va kibrlari bilan kelmoqda!… Senga qarshi chiqmoqdalar, Paygʻambaringni yolgʻonchiga chiqarmoqdalar. Ey Allohim! Menga qilgan yordam va zafar vaʼdangni bajo keltirishingni Sendan soʻrayman!…» Hadisi sharif
Har birining ichi vulqondek qaynay boshladi!…
Shu payt mushrik qoʻshinidan uch kishining oldinga otilgani koʻrindi. Ular Banu Robiʼadan boʻlgan Islomning ashaddiy dushmanlari – Utba, uning birodari Shayba va oʻgʻli Valid edi. Ular mujohidlarga qarab: «Orangizda biz bilan olisha oladigan kishi bormi?» – deb baqirishdi. Sahobai kiromdan eng avval hazrati Abu Huzayfa otasi Utbaga qarshi jang qilish uchun oldinga chiqqanda, Olamlar sultoni unga: «Sen toʻxta!» – dedilar. Shunda madinalik mujohidlardan Afro xonimning oʻgʻillari – Muoz va Muavviz hamda Abdulloh ibn Ravoha oldinga chiqishdi. Ular Utba, Shayba va Validning roʻparasiga kelishdi. Qoʻllarida qilich, shay turar edilar.
Mushriklar: «Sizlar kimsizlar?» – deb, oʻzlarini tanitishlarini talab qilishdi. Ular: «Biz madinalik musulmonlarmiz», – deyishgach, mushriklar: «Bizning sizlar bilan ishimiz yoʻq! Bizga Banu Abdulmuttalib kerak. Biz ular bilan olishmoqchimiz», – deyishdi va Islom qoʻshiniga oʻgirilib: «Yo Muhammad! Roʻparamizga oʻz qavmimizdan bizga teng boʻlganlarni chiqar!» – deb baqirishdi.
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) maydondagi bu uch botir sahobalariga duo qilganlaridan keyin, ularga joylariga qaytishni buyurdilar. Soʻngra sahobalari orasiga koʻz yugurtirib: «Ey Banu Hoshim! Turinglar! Allohu taoloning nurini botil dinlari bilan oʻchirish uchun kelganlarga qarshi Haq yoʻlida jang qilinglar, zotan Allohu taolo Paygʻambaringizni ham shuning uchun yuborgan. Tur, yo Ubayda! Tur, yo Hamza! Tur, yo Ali!» – dedilar.
Allohu taoloning sherlari – hazrati Hamza, hazrati Ali va hazrati Ubayda dubulgʻalarini kiyib, maydonga yurdilar. Ularning roʻparasiga kelishganda, mushriklar: «Sizlar kimsizlar? Agar bizga teng boʻlsangizlar, sizlar bilan olishamiz», – deyishdi. Ular: «Men Hamzaman! Men Aliman! Men Ubaydaman!» – deb javob berishgach, mushriklar: «Sizlar ham biz kabi sharafli kishilarsiz. Sizlar bilan olishishga rozimiz», – deyishdi. Qahramon Islom mujohidlari mushriklarni avval iymonga daʼvat qildilar, lekin ular qabul qilmadi. Shundan soʻng uchalasi birdaniga qilichlarini yalangʻochlab, mushriklarga tashlandilar. Hazrati Hamza va hazrati Ali kofir Utba bilan Validni bir hamlada oʻldirdilar. Hazrati Ubayda Shaybani yarador qildi. Shayba ham Ubaydani yarador qildi. Hazrati Hamza va hazrati Ali Ubaydaning yordamiga yetib kelib, Shaybani oʻsha yerning oʻzida oʻldirdilar. Hazrati Ubaydani quchoqlab, Rasulullohning huzurlariga olib keldilar.16 Hazrati Ubayda ibn Horisning muborak toʻpigʻidan qon va ilik oqar edi. U bu holiga hech eʼtibor bermay: «Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Men shu holimda oʻlsam, shahid boʻlmaymanmi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «Ha, sen shahidsan», – deb, uning jannatiy ekanligi haqida xushxabar berdilar. (Hazrati Ubayda (roziyallohu anhu) jangdan qaytishda Safro degan joyda vafot etdi.) Bu olishuvda uch muhim odamidan ayrilgan mushriklar sarosimaga tushib qoldi. Shunga qaramay, Abu Jahl qoʻshinining ruhini koʻtarish uchun: «Utbaning, Shaybaning, Validning oʻlganiga qaramanglar, ular jangda shoshilib, behuda oʻldilar! Qasamki, musulmonlarni tutib, arqonlarga bogʻlamagunimizcha orqaga qaytmaymiz!…» – deb tasalli berishga urinar edi. Qahramon sahobai kirom esa bu mushrik toʻdasini qilichlari bilan tezroq jazolash uchun sabrsizlanar edi. Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) muborak tillaridan tushirmagan mana bu duoni takrorlar edilar: «Allohim! Menga qilgan vaʼdangni bajo keltir!… Allohim! Mana shu bir hovuch Islom jamoatini halok qilsang, endi yer yuzida Senga ibodat qiladigan hech kim qolmaydi!…»
Shu payt mushrik saflaridan hazrati Abu Bakrning oʻgʻli Abdurrahmon maydonga chiqib, olishish uchun raqib soʻradi. U Qurayshning eng jasur va mergan kamonchilaridan biri boʻlib, hali musulmon boʻlmagan edi. Iyul oyining bu peshin jaziramasida mujohidlar saflaridan ham bir kishining darhol qilichiga qoʻl uzatib, oldinga yurgani koʻrindi. Bu kishi birinchi boʻlib musulmon boʻlish va siddiqlik maqomi bilan sharaflangan, paygʻambarlardan keyin insonlarning eng afzali, qahramon hazrati Abu Bakr edi… U oʻgʻliga qarshi jang qilish uchun oldinga otilgan edi. Lekin Olamlar sarvari unga: «Yo Abu Bakr! Bilmaysanmi, sen men uchun koʻrar koʻzim, eshitar qulogʻim oʻrnidasan! Yonimdan ketma! Badanimga va qalbimga kelgan har bir mashaqqat sening muborak yuzingni koʻrish bilan yengillashadi. Sen bilan qalbim quvvat topadi», – dedilar.
Shu tariqa uni jang qilishdan qaytardilar. Abu Bakr Siddiq oʻgʻliga: «Ey yaramas! Menga boʻlgan aloqang qayoqda qoldi?» – deyishdan oʻzini tiya olmadi.
Soʻngra paygʻambarlar sultoni Habibi akramning yerga egilib, bir hovuch qum olganlari koʻrindi. Bu qumni dushman ustiga sochib: «Yuzlari qora boʻlsin!… Allohim! Qalblariga qoʻrquv sol, oyoqlariga titroq ber!» – dedilar va sahobalariga oʻgirilib: «Hujumga!… Tashlaninglar!» – deb amr berdilar. Bir ishorani kutib turgan shonli sahobalar oldindan berilgan koʻrsatmaga koʻra harakatga keldilar. «Allohu akbar!… Allohu akbar!…» sadolari orasida oʻqlar vizillay, toshlar nishonga tega, nayzalar sovutlarga urila boshladi… Allohu taoloning sherlari: hazrati Hamza ikki qoʻliga olgan ikki qilich bilan jang qilar; hazrati Ali, hazrati Umar, Zubayr ibn Avvom, Saʼd ibn Abu Vaqqos, Abu Dujona17 va Abdulloh ibn Jahsh mushrik saflarining bir chetidan kirib, ikkinchi chetidan chiqar, kofirlarni sarosimaga solar edilar. Har biri oʻtib boʻlmas bir qalʼaga aylangan edi. «Allohu akbar!… Allohu akbar!…» sadolari olamni tutar, Allohu taolo shonining ulugʻligi kofirlarning boshiga gurzidek tushar edi. Paygʻambarimiz: «Yo Hayy! Yo Qayyum! Yo Hayy! Yo Qayyum!» – deb Allohu taologa yolvorar edilar. Hazrati Ali shunday degan: «Badrda hammamizning eng jasuri, eng qahramoni Rasul alayhissalom edilar. Mushrik saflariga eng yaqin turgan ham u zot edilar. Qiyin ahvolga tushganimizda u zotdan panoh topar edik».
Mushriklar oʻz boshliqlari Abu Jahlni oʻrtalariga oldilar. Ulardan birini Abu Jahldek kiyintirib, unga oʻxshatdilar. Bu baxtiqaroning ismi Abdulloh ibn Munzir edi. Hazrati Ali Abdullohga tashlanib, Abu Jahlning koʻz oldida uning boshini kesdi. Soʻngra Abu Qaysni shunday kiyintirdilar. Uni ham hazrati Hamza oʻldirdi.
Hazrati Ali bir mushrik bilan olishar edi. Mushrik qilichini hazrati Aliga sermagan, qilich qalqonga sanchilib qolgan edi. Hazrati Ali Zulfiqorini mushrikning sovutli tanasiga sermab, uni sovuti bilan birga yelkasidan koʻksigacha kesayotgan paytda, boshining ustida bir qilichning yaltiraganini koʻrdi. Darhol boshini egdi. Qilichni yaltiratgan kishi: «Ol! Bu ham Hamza ibn Abdulmuttalibdan!» – der ekan, mushrikning boshi dubulgʻasi bilan birga yerga yumaladi. Hazrati Ali oʻgirilib qaraganda, amakisi hazrati Hamzaning ikki qilich bilan jang qilayotganini koʻrdi. Paygʻambarimiz sahobalarining shunday mardona jang qilayotganlarini koʻrgan sari: «Ular – Allohu taoloning yer yuzidagi sherlaridir», – deb, ularni maqtar edilar.
«Allohim! Menga qilgan vaʼdangni bajo keltir!… Allohim! Mana shu bir hovuch Islom jamoatini halok qilsang, endi yer yuzida Senga ibodat qiladigan hech kim qolmaydi!…» Hadisi sharif
Bir payt Paygʻambarimizning yonlarida jang qilayotgan hazrati Ukkoshaning qilichi sindi. Buni koʻrgan sevimli Paygʻambarimiz yerda koʻrgan bir tayoqni olib, unga uzatdilar va: «Yo Ukkosha! Shu bilan ur!…» – dedilar. Ukkosha tayoqni olishi bilanoq, tayoq Paygʻambarimizning moʻjizasi bilan uzun, yaltiroq, tigʻining orqasi pishiq va oʻtkir bir qilichga aylandi. U jang oxirigacha shu qilich bilan koʻp mushrikni oʻldirdi.
Olamlar sarvari Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) bir tomondan jang qilar, bir tomondan esa sahobalarini hayajonga solgan mana bu muborak hadisi shariflarini aytar edilar: «Borligʻim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, bugun Janobi Haqning rizosini umid qilib, sabr va sabot bilan jang qilganlarni, orqalariga oʻgirilmay olgʻa borayotib oʻldirilganlarni Haq taolo albatta Oʻz jannatiga kiritadi». Bu muborak soʻzni eshitgan Umayr ibn Humom: «Qanday yaxshi! Qanday yaxshi! Demak, jannatga kirishim uchun shahid boʻlishimdan boshqa hech narsa kerak emas ekan-da!» – deb, hujumlarini yanada tezlashtirdi. Bir tomondan dushman bilan olishar, bir tomondan esa: «Allohu taolo huzuriga moddiy ozuqalar bilan emas, balki faqat Haq taolodan qoʻrqish, oxirat amali, jihodda sabr va sabot koʻrsatish bilan boriladi. Bulardan boshqa barcha ozuqalar, shubhasiz, tugaydi, ado boʻladi!…» – der edi. Shu tariqa u shahid boʻlguncha jang qildi.
Jang juda qizib ketgan edi!… Bir sahoba ustiga kamida uch mushrik birdaniga tashlanar edi. Ularning har biriga alohida qilich yetkazishga uringan shonli sahobai kiromni hech narsa qoʻrqita olmas edi. «Allohu akbar! Allohu akbar!…» degan sari ular qaytadan kuch olar, takror-takror hujum qilishdan charchamas edilar. Bir payt mushriklarning hujumi kuchaydi, sahobai kirom qiyin ahvolga tushib qoldi. Shu payt Rasululloh hazrati Abu Bakr bilan xurmo shoxlaridan qurilgan chodirlariga kirdilar. Paygʻambarimiz yana Allohu taologa munojot qila boshladilar: «Yo Rabbim! Menga vaʼda qilgan yordamingni lutf et!…» – deb yolvorar edilar. Shu onda vahiy keldi. Unda shunday deyildi, maʼnosi: «Oʻshanda sizlar Rabbingizdan yordam va zafar soʻrayotgan edingizlar, U esa sizlarga: „Albatta, Men sizlarga ketma-ket keladigan ming farishta bilan yordamga yetib boraman“, – deb, bu istagingizga javob berdi va duoingizni qabul qildi».18 Paygʻambarimiz darhol oʻrinlaridan turib: «Xushxabar, yo Abu Bakr! Senga Allohu taoloning yordami yetib keldi! Mana bu – Jabroil. Qum tepalari ustida otining jilovini tutib, qurollanib, amr kutib turibdi», – dedilar. Anfol surasida bildirilganidek, Janobi Haq farishtalarga shunday marhamat qilgan edi, maʼnosi: «Oʻshanda Rabbingiz farishtalarga: „Men sizlar bilan birgaman (musulmonlarga nusrat va yordam berishda). Qani, moʻminlarni (nusrat xushxabari bilan) qoʻllab-quvvatlanglar, ularga kuch-quvvat beringlar. Men hozir kofirlarning koʻngillariga dahshat va qoʻrquv solaman. Ularning boʻyinlari ustidan uringlar, qoʻl va oyoq barmoqlarining boʻgʻinlarini, tutashgan joylarini sindiringlar“, – deb vahiy qildi. Chunki ular Allohu taologa va Uning Rasuliga qarshi chiqdilar. Kim Allohu taologa va Uning Rasuliga qarshi chiqsa (Uning azobiga duchor boʻladi), Allohu taoloning jazosi juda qattiqdir!»19
Bu amrdan keyin Jabroil, Mikoil va Isrofil alayhimussalom yonlariga mingtadan farishta olib, tartib bilan sevimli Paygʻambarimizning yonlarida, oʻng tomonlarida va chap tomonlarida joy oldilar.20
Jabroil alayhissalom boshiga sariq salla oʻragan edi. Boshqa farishtalarning boshlarida esa oq sallalar bor edi. Sallalarining uchlarini orqalariga tushirgan, oq otlarga mingan edilar. Sarvari olam sahobalariga: «Farishtalarning belgilari va nishonlari bor. Sizlar ham oʻzingizga belgi va nishon qilinglar!» – dedilar.
Zubayr ibn Avvom boshiga sariq, Abu Dujona esa qizil matoni salla qilib oʻradi. Hazrati Ali oq tugʻ, hazrati Hamza esa koʻksiga tuyaqush patini taqdi. Farishtalar jangga kirgach, vaziyat bir zumda oʻzgardi. Sahobai kirom roʻparasidagi kofirga hali qilich sermamasdanoq, uning boshi tanasidan ajralib yerga tushar edi. Paygʻambarimizning oʻnglarida va chaplarida, oldilarida va orqalarida notanish kishilarning mushriklar bilan jang qilayotgani koʻrinar edi.
Hazrati Sahl shunday hikoya qildi: «Badr jangida har birimiz bir mushrikning boshiga qilich sermaganimizda, qilich hali nishonga yetmasdanoq, uning kallasi tanasidan ajralib, yerga yumalaganini koʻrar edik!…»
Abu Jahlning oʻldirilishi
Mushriklarning bayroqdori Abu Aziz ibn Umayr asir olindi. Ularning qoʻmondoni Abu Jahl esa qurayshliklarga jurʼat berish uchun tinmay sheʼrlar oʻqib, askarlarining ruhini koʻtarishga urinar edi. Yosh bir yigitdek hujum qilar, «Onam meni mana shu kunlar uchun tuqqan!…» – deb maqtanar, yoshlarni ruhlantirar edi. Mushriklardan Ubayda ibn Saʼid boshdan-oyoq sovut kiyib olgan edi. Uning faqat koʻzlari koʻrinib turar edi. Ot ustida goh u tomonga, goh bu tomonga burilib: «Men – Abu Zotul Karish! Men – Abu Zotul Karish!», yaʼni «men katta qorinliman, qorin otasiman», deb oʻzicha raqib chaqirar edi. Qahramon mujohid hazrati Zubayr ibn Avvom uning yoniga yaqinlashib, nayzasini aynan koʻziga moʻljalladi va: «Allohu akbar!» – deb otdi. Nishonga tekkan nayza uni otidan yerga qulatdi. Hazrati Zubayr yugurib yoniga borganda, Ubayda oʻlgan edi. Oyogʻini uning yuziga tirab, bor kuchi bilan tortganda ham nayza zoʻrgʻa chiqdi, qiyshayib qolgan edi. Hazrati Zubayrning Badr jangida koʻrsatgan qahramonligi juda katta edi. Uning badanida yaralanmagan joy qolmagan edi. Oʻgʻli Urva buni shunday hikoya qilgan edi: «Otam uchta ogʻir qilich zarbasini olgan edi. Ulardan biri boʻynida edi. Yara shunday chuqur iz qoldirgan ediki, ichiga barmogʻimni tiqa olar edim». Abdurrahmon ibn Avf ham qurayshliklar bilan ayovsiz jang qilar, olgan yaralaridan oqqan qonlarga parvo qilmay, oldiga kelganni qulatar edi. Hazrati Abdurrahmon oʻzi guvoh boʻlgan bir voqeani shunday hikoya qildi: «Bir payt oldimda hech kim qolmadi. Oʻng-chapimga qaraganimda, ansorlardan ikki yigit koʻzimga tashlandi. Ularning kuchlirogʻi va zarbasi qattiqrogʻi bilan birga boʻlishni istadim. Bu ikki yigitdan biri meni koʻz qiri bilan bir kuzatdi-da, menga oʻgirilib: „Ey amaki! Abu Jahlni taniysizmi?“ – deb soʻradi. Men: „Ha, taniyman“, – dedim. „Ey jiyan, Abu Jahlni nima qilasan?“ – deb soʻraganimda, u: „Menga aytishlaricha, u Rasulullohni soʻkar ekan. Allohu taologa qasamki, agar uni bir koʻrsam, oʻldirmagunimcha yoki oʻzim oʻlmagunimcha hech qachon undan ajralmayman“, – dedi. Bir yigitning hayajon bilan aytgan bu qatʼiy va dadil soʻzidan, rosti, hayron qoldim.
«Yo Abu Bakr! Bilmaysanmi, sen men uchun koʻrar koʻzim, eshitar qulogʻim oʻrnidasan! Yonimdan ketma! Badanimga va qalbimga kelgan har bir mashaqqat sening muborak yuzingni koʻrish bilan yengillashadi. Sen bilan qalbim quvvat topadi» Hadisi sharif
Bu ikki yigitning ikkinchisi ham meni koʻzdan kechirib, sherigining aytganini aytdi. Shu payt men Abu Jahlni koʻrib qoldim! U Quraysh askarlari orasida tinmay u yoqdan-bu yoqqa aylanib yurar edi. Men: „Ey yigitlar! Anavi u yoq-bu yoqqa shoshib yurgan odam – Abu Jahl“, – deyishim bilanoq, ular darhol qilichlariga yopishdilar va Abu Jahlning yoniga yaqinlashdilar.
Ular olisha boshladilar. Bu yigitlar Afro xonimning farzandlari – Muoz va Muavviz ismli birodarlar edi». Shu payt sahobai kiromning qahramonlaridan Muoz ibn Amr Abu Jahlning yoniga yaqin borish fursatini topdi. U uzun dumli bir ot ustida turgan Abu Jahlga tashlanib, bor kuchi bilan oyogʻiga qilich urdi. Abu Jahlning oyogʻi yerga uzilib tushdi. Shu payt otasining yordamiga yetib kelgan, hali musulmon boʻlmagan Ikrima hazrati Muoz ibn Amr bilan olisha boshladi.
Shu onda Muoz va Muavviz birodarlar lochindek oldinga otildilar. Oldilariga kelganni qulatib, Abu Jahlga yetib bordilar. Uni oʻldi deb oʻylagunlaricha qilichlari bilan chopdilar.
Hazrati Muoz ibn Amr esa Ikrima bilan olishuvda qoʻlidan va bilagidan yarador boʻlgan edi. Uning muborak qoʻli bilagidan kesilib, terida osilib qolgan edi. Jangga shoʻngʻib ketgan Muoz ibn Amrning qoʻli bilan ovora boʻlishga, uni davolash uchun bogʻlashga vaqti yoʻq edi. Kesilgan qoʻli terida osilib turganda ham u qahramonlarcha jang qilar edi.
Allohu akbar!… Bu qanday kuchli iymon!… Bu qanday koʻrilmagan manzara edi!… Hazrati Muoz bir muddat shunday olishgach, harakat qilish imkoniyati kamayganini koʻrdi. Bunga kesilgan qoʻli sabab edi. U darhol qoʻlini oyogʻi ostiga bosib, uzib tashladi…21
Islomning ashaddiy dushmanlaridan Navfal ibn Xuvaylid Qurayshning eng koʻzga koʻringan pahlavonlaridan edi. U tinmay baqirar, mushrik toʻdasini hayajonga va gʻalayonga keltirishga urinar edi. Uning bu holini koʻrib, Paygʻambarimiz: «Allohim! Navfal ibn Xuvaylidga qarshi menga yordamchi boʻl. Uning haqqidan kelgin», – deb duo qilgan edilar. Allohu taoloning sheri hazrati Ali mushrik Navfalni koʻrishi bilanoq darhol unga tashlandi. Qilichini shunday qattiq tushirdiki, oyoqlari sovut bilan qoplangan boʻlsa ham, ikkalasi birdaniga kesildi. Soʻngra qilichini boʻyniga urib, boshini tanasidan judo qildi.22
Bilol Habashiyni qizib turgan qumga yotqizib, koʻksiga katta-katta xarsanglar qoʻygan Umayya ibn Xalaf mushriklarning eng ashaddiylaridan edi. Rasulullohga (sallallohu alayhi vasallam) ozor berish uchun har bir fursatdan foydalangan bu katta Islom dushmani Badr vodiysida ham mushriklarni toʻplashga, Islomning nurini oʻchirishga urinar edi. Uning bu holini koʻrgan hazrati Bilol yalangʻoch qilich bilan unga yaqinlashib, roʻparasida tik turdi va: «Ey kufrning boshi Umayya ibn Xalaf!… Sen omon qolsang, menga omonlik boʻlmasin!» – deb hujum qildi. Bir tomondan: «Ey ansoriy birodarlar! Yetib kelinglar, kufrning boshi shu yerda!» – deyishi bilanoq, sahobai kirom Umayyaning atrofini oʻrab olib, uni darhol oʻldirdilar.23
Mushrik qoʻshinida endi boshliq qolmagan edi. Har biri nima qilishini bilmay, duch kelgan tomonga qochishga urinar edi. Kufrning qalʼasi qulagan edi. Shonli sahobalar taʼqibni davom ettirdilar. Mushriklardan bir qismi asir olindi. Sevimli Paygʻambarimizning amakilari Abbos ham asirlar orasida edi.24
Zafar iymon keltirganlarniki boʻldi
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shonli sahobalaridan: «Navfal ibn Xuvaylid haqida biror narsa biladigan kishi bormi?» – deb soʻradilar. Hazrati Ali oldinga chiqib: «Yo Rasulalloh! Uni men oʻldirdim», – dedi. Bu xabardan juda xursand boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz: «Allohu akbar!» – deb takbir aytdilar va: «Allohu taolo u haqdagi duomni qabul qildi», – dedilar.
Umayya ibn Xalafning oʻldirilganini aytishganda ham juda xursand boʻldilar va: «Alhamdulillah! Allohu taologa shukrlar boʻlsin. Rabbim bandasini tasdiqladi, dinini gʻolib qildi», – dedilar.
Rasuli akram Abu Jahl haqida: «Abu Jahl nima qildi ekan, unga nima boʻldi ekan, kim borib bir qarab keladi?» – deb, oʻliklar orasidan uni qidirishni buyurdilar. Izlashdi, lekin topa olishmadi. Paygʻambarimiz: «Qidiringlar, u haqda mening soʻzim bor. Agar uni taniy olmasangizlar, tizzasidagi yara iziga qaranglar. Bir kuni men bilan u Abdulloh ibn Judʼonning ziyofatida edik. Ikkimiz ham yosh edik. Men undan bir oz kattaroq edim. Tiqilinchda uni itarib yubordim. U tizzalari ustiga yiqildi. Tizzalaridan biri yaralandi va bu yaraning izi tizzasidan ketmadi», – dedilar.
Shundan soʻng Abdulloh ibn Masʼud Abu Jahlni izlab ketdi. Uni yarador holda topib, tanidi. «Abu Jahl senmisan?» – dedi. Uning boʻyniga oyogʻini bosdi. Soqolidan tutib tortdi va: «Ey Allohu taoloning dushmani! Nihoyat, Allohu taolo seni xor va haqir qildimi?» – dedi. Abu Jahl: «Nega meni xor va haqir qilar ekan! Ey qoʻy choʻponi! Alloh seni xor va haqir qilsin. Sen chiqish juda qiyin boʻlgan bir joyga chiqib olibsan! Sen menga ayt-chi, bugun zafar va gʻalaba qaysi tomonda?» – dedi. Hazrati Ibn Masʼud: «Zafar Alloh va Uning Rasuli tomonida», – dedi. Abu Jahlning dubulgʻasini boshidan yechayotib: «Ey Abu Jahl! Seni oʻldiraman», – dedi. Abu Jahl: «Sen qavmingning ulugʻini oʻldirganlarning birinchisi emassan. Lekin, toʻgʻrisi, sening meni oʻldirishing menga juda ogʻir botadi. Hech boʻlmasa, boʻynimni koʻksimga yaqin joydan kes, boshim haybatli koʻrinsin!» – deb, kufri, gʻururi va kibri qay darajaga yetganini koʻrsatdi.
Ibn Masʼud Abu Jahlning boshini oʻz qilichi bilan kesa olmagach, Abu Jahlning qilichi bilan kesdi. Soʻngra uning qurolini, sovutini, dubulgʻasini va boshini olib kelib, Paygʻambarimizning oldilariga qoʻydi va: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Bu – Allohu taoloning dushmani Abu Jahlning boshi», – dedi. Sevimli Paygʻambarimiz: «U shunday Allohki, Undan boshqa iloh yoʻqdir», – dedilar. Soʻngra turib, sahobalari bilan birga Abu Jahlning oʻligi yoniga bordilar. U yerda shunday dedilar: «Seni xor va haqir qilgan Allohu taologa hamd boʻlsin.
Ey Allohning dushmani! Sen bu ummatning firʼavni eding». Soʻngra: «Yo Rabbim! Menga bergan vaʼdangni bajo keltirding», – deb Allohu taologa shukr qildilar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) yarador sahobai kiromning yaralarini bogʻlatdilar. Shahid boʻlganlarni aniqlatdilar. Muhojirlardan olti, ansorlardan sakkiz kishi – jami oʻn toʻrt shahid berilgan edi. Ularning hammasining muborak ruhlari jannatga uchib ketayotganda, Islomning nurini oʻchirishga uringan mushriklardan yetmish kishi oʻldirildi va yetmish kishi asir olindi. Rasululloh zafar xushxabarini yetkazish uchun Madinaga Abdulloh ibn Ravoha bilan Zayd ibn Horisani yubordilar. Paygʻambarimiz shahidlarning janoza25 namozini oʻqib, ularni qabrlariga dafn ettirdilar. Mushriklarning jasadlaridan yigirma toʻrttasini tashlandiq bir quduqqa, qolganlarini esa chuqurlarga toʻplab tashlab, ustlarini koʻmdilar. Olamlar sarvari sharafli sahobalari bilan quduq boshiga kelib: «Ey quduqqa tashlanganlar!» – dedilar. Soʻngra oʻldirilgan mushriklarning ismlarini otalarining ismlari bilan birga sanab: «Ey Utba ibn Robiʼa! Ey Umayya ibn Xalaf! Ey Abu Jahl ibn Hishom!… Sizlar Paygʻambaringizga nisbatan qanday yomon qavm edingiz! Sizlar meni yolgʻonchiga chiqardingiz, boshqalar esa meni tasdiqlab, rost dedilar. Sizlar meni shahrimdan, yurtimdan chiqardingiz, boshqalar esa menga eshiklarini ochib, bagʻrlariga bosdilar. Sizlar men bilan urushdingiz, boshqalar esa menga yordam berdilar. Rabbim vaʼda qilgan narsaga yetdingizmi? Men Rabbim vaʼda qilgan zafarga yetdim», – dedilar.
«(Ey sahobalarim!) Farishtalarning belgilari va nishonlari bor. Sizlar ham oʻzingizga belgi va nishon qilinglar!» Hadisi sharif
Hazrati Umar: «Yo Rasulalloh! Oʻlaksaga aylangan kimsalarga gapiryapsizmi?» – deb soʻradi. Shunda Rasuli akram: «Meni haq paygʻambar qilib yuborgan Rabbim haqqi aytamanki, sizlar meni ulardan koʻra yaxshiroq eshitmaysizlar. Lekin ular javob bera olmaydilar», – dedilar.
Jang maydonidan jonlarini qutqarish uchun shoshib qochgan mushriklar olib kelgan narsalaridan hech birini olib keta olmadilar. Hammasi musulmonlar qoʻliga oʻtdi. Paygʻambarimiz gʻanimat mollarini Badr jangida qatnashgan va vazifa olgan barcha sahobalariga taqsimlab berdilar. Badrda yana uch kecha qolib, oʻn toʻqqiz kundan keyin Madinaga qaytdilar. Shu orada xushxabarchi qilib yuborilgan Abdulloh ibn Ravoha bilan Zayd ibn Horisa Madinaga yaqinlashib qolgan edi. Yakshanba kuni choshgoh paytida Aqiq degan joyga yetgach, ular ajralishdi. Abdulloh ibn Ravoha bir tomondan, Zayd ibn Horisa esa boshqa tomondan Madinaga kirdi. Uyma-uy yurib, zafar xabarini berishar edi. Rasulullohning shoiri Abdulloh ibn Ravoha baland ovoz bilan shunday sheʼr oʻqib, zafar xushxabarini yetkazar edi:
Ey ansor jamoati! Sizlarga xushxabarim bor:
Allohning Paygʻambari sogʻu salomat, bexatar.
Mushriklar oʻldirildi, asirga ham olindi,
Asirlar orasida koʻp mashhur kishilar bor.
Robiʼa va Hajjojning oʻgʻillari batamom,
Badrda oʻldirildi Abu Jahl Amr ibn Hishom.
Hazrati Osim ibn Adiy: «Ey Ibn Ravoha! Aytganing rostmi?» – deb soʻradi. Abdulloh ibn Ravoha: «Ha, Allohga qasamki, rost! Inshoalloh, ertaga Rasululloh ham qoʻllari bogʻlangan asirlar bilan birga keladilar!» – dedi.
Hazrati Ruqayyaning vafoti
Oʻsha kuni sevimli Paygʻambarimizning qizlari hazrati Ruqayya (roziyallohu anho) vafot etgan edi. Uning eri hazrati Usmon janoza namozini oʻqitgan edi. Bu qaygʻu ustiga kelgan zafar xabari ularning koʻnglini bir oz yozdi.
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) sahobalari bilan birga oʻzlariga Badr zafarini ato etgan Allohu taologa hamd aytib, shukr sajdasini qilganlaridan keyin asirlar bilan birga Madinai munavvara tomon yoʻlga chiqdilar.
Oldinroq xushxabar yetkazgan Abdulloh ibn Ravoha bilan Zayd ibn Horisa Badr jangida boʻlib oʻtgan voqealarni va kimlar shahid boʻlganini aytib bergan edi. Madinada qolgan bolalar, ayollar, vazifa olganlar zafardan juda xursand boʻlgan edilar. Ular Paygʻambarimizni kutib olishga chiqdilar. Shahid boʻlganlar orasida Horisa ibn Suroqa ham bor edi. Hazrati Horisaning onasi Rubayiʼ oʻgʻlining hovuzdan suv ichayotganda dushman oʻqi tegib shahid boʻlganini bilgan edi. Rubayiʼ onamiz bu xabarni eshitganida: «Rasul alayhissalom kelmagunlaricha oʻgʻlim uchun yigʻlamayman. Saodat bilan Madinaga tashrif buyurganlarida, u zotdan soʻrayman. Agar oʻgʻlim jannatda boʻlsa, hech yigʻlamayman. Agar jahannamda boʻlsa, koʻzlarimdan yosh oʻrniga qon toʻkaman», – degan edi.
Sevimli Paygʻambarimiz muborak sahobai kirom bilan Madinaga tashrif buyurganlarida, Rubayiʼ u zotning huzurlariga borib: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Oʻgʻlim Horisaga boʻlgan muhabbatimni bilasiz. U shahid boʻlib, jannatga kirdimikan? Agar shunday boʻlsa, sabr qilay. Agar unday boʻlmasa, koʻzimdan qonli yoshlar toʻkay», – dedi. Habibi akram unga: «Ey Ummu Horisa! Sening oʻgʻling bitta emas, bir nechta jannatdadir. Uning joyi – Firdavs», – deb xushxabar berdilar. Shundan keyin Rubayiʼ: «Endi oʻgʻlim uchun yigʻlamayman», – dedi. Koinot sultoni bir idishda suv soʻradilar. Marhamat qilib, muborak qoʻllarini suvga solib, chiqardilar. Bu suvni hazrati Horisaning onasiga va qiz tugʻishganiga ichirdilar. Shuningdek, bu suvni ularning boshlariga va yuzlariga surtdilar. Oʻsha kundan keyin Rubayiʼ va qizining yuzlari juda nurli edi. Umrlari ham juda uzoq boʻldi. Xojai koinot (alayhi afzalus salavot) Madinaga keltirilgan yetmish asirni sahobalari orasida taqsimlab, ularga yaxshi muomala qilishni buyurdilar. Asirlarning taqdiri haqida Allohu taolodan hali vahiy kelmagan edi. Rasululloh sahobalari bilan maslahatlashgandan keyin asirlarni fidya evaziga ozod qilish qaroriga keldilar.
Har bir asirning mol-mulkiga qarab fidya miqdori belgilandi. Puli boʻlmaganlardan oʻqish-yozishni biladiganlari Madinada oʻqish-yozishni bilmaydigan oʻn kishiga oʻqish va yozishni oʻrgatishi, shundan keyingina Makkaga ketishi mumkin edi. Paygʻambarimiz asirlar orasida boʻlgan amakilari Abbosga: «Ey Abbos! Oʻzingiz uchun, jiyaningiz Uqayl (Aqil) ibn Abu Tolib va Navfal ibn Horis uchun fidya toʻlang. Chunki siz boysiz», – dedilar. Hazrati Abbos: «Yo Rasulalloh! Men musulmonman. Qurayshliklar meni majburlab Badrga olib kelishdi», – dedi. Rasululloh: «Sizning musulmonligingizni Allohu taolo biladi. Agar rost gapirayotgan boʻlsangiz, Allohu taolo sizga, albatta, uning ajrini beradi. Lekin siz zohiran bizga qarshisiz. Shuning uchun fidyangizni toʻlashingiz lozim», – dedilar. Abbos: «Yo Rasulalloh! Mendan gʻanimat qilib olganingiz 800 dirhamdan boshqa boyligim yoʻq», – deganida, Paygʻambarimiz: «Yo Abbos! Haligi tillalar haqida nega aytmayapsiz?» – dedilar. U: «Qaysi tillalar?» – dedi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Makkadan chiqadigan kuningiz ayolingiz – Horisning qizi Ummul Fazlga bergan tillalaringiz! Ularni berayotganingizda yoningizda sizlardan boshqa hech kim yoʻq edi. Siz Ummul Fazlga: „Bu safarda boshimga nima tushishini bilmayman. Agar biror falokatga uchrab qayta olmasam, mana bunchasi – seniki, bunchasi – Fazl uchun, bunchasi – Abdulloh uchun, bunchasi – Ubaydulloh uchun, bunchasi – Qusam uchun“, – degan edingiz», – deganlarida, hazrati Abbos hayron qoldi va: «Qasamki, men bu tillalarni ayolimga berayotganimda yonimizda hech kim yoʻq edi. Buni qayerdan bilasiz?» – dedi. Paygʻambarimiz: «Allohu taolo xabar berdi», – deganlarida, Abbos: «Sizning Allohu taoloning rasuli ekaningizga va rost soʻzlayotganingizga guvohlik beraman», – deb, kalimai shahodat keltirdi.26 Hazrati Abbos musulmon boʻlgach, Paygʻambarimiz unga Makkada vazifa topshirdilar: u yerdagi musulmonlarni himoya qilishni, Islomga dushman boʻlganlar haqidagi xabarlarni yuborib turishni buyurdilar.
«Meni haq paygʻambar qilib yuborgan Rabbim haqqi aytamanki, sizlar meni ulardan (mushriklarning oʻlaksalaridan) koʻra yaxshiroq eshitmaysizlar. Lekin ular javob bera olmaydilar» Hadisi sharif
Badr jangida yengilgan qurayshliklarga xabar yuborilib, asirlarini fidya evaziga olib ketishlari mumkinligi bildirildi. Lekin hijratdan oldin Paygʻambarlar sarvariga juda koʻp ozor va qiynoqlar yetkazgan Nazr ibn Horisning boshi kesildi. Shuningdek, Rasul alayhissalom Kaʼbada namoz oʻqiyotganlarida muborak orqalariga tuyaning ichak-chavogʻini qoʻyish badbaxtligini qilgan pastkash Uqba ibn Abu Muayt oʻldirildi. Bu ashaddiy Islom dushmanining boshi tanasidan ajralgach, Rasululloh Allohu taologa hamd aytdilar. Uning yoniga borib: «Vallohi, Allohu taoloni, Uning rasulini va Qurʼoni karimni inkor qilgan, paygʻambarini qiynoqdan qiynoqqa solgan sendek yomon kimsani bilmayman», – dedilar.
Asirlar egalari tomonidan fidya evaziga olib ketilguncha sahobai kirom (alayhimur rizvon) huzurida qoldilar. Sahobalarning hammasi asirlarga juda yaxshi muomala qilib, ularni oʻz taomlariga sherik qildilar.
Musʼab ibn Umayrning birodari Abu Aziz ham asirlar orasida edi. U shunday hikoya qildi: «Men ham madinalik bir musulmonning uyida asir edim. Ular menga juda yaxshi muomala qilar, ertalab va kechqurun yeydigan nonlarini menga berar, oʻzlari esa faqat xurmo yeyishga majbur boʻlar edilar. Ulardan birining qoʻliga bir burda non tushsa, toʻgʻri menga olib kelib berar edi. Uyalganimdan nonni olib kelgan kishiga qaytarib berar edim. Lekin u nonni yana menga qaytarar edi».
Asirlardan Yazid ismli bir qurayshlik ham shunday hikoya qildi: «Musulmonlar Badrdan Madinaga kelishayotganda, bizni – asirlarni ulovlarga mindirdilar, oʻzlari esa piyoda yurdilar».
Asirlar orasida Xadichaning (roziyallohu anho) jiyani, Paygʻambarimizning kuyovlari Abul Os ibn Robiʼ ham bor edi. Abul Os Makkaning savdogarlaridan boʻlib, juda koʻp moli bor edi. Omonatdorligi va diyonati bilan mashhur edi. Makkadan asirlarning fidyasi yuborilayotganda, hazrati Zaynab fidyani toʻldirish uchun onasi toʻyida hadya qilgan marjonni ham yuborgan edi. Fidyalar kelgach, Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) marjonni tanidilar va: «Ey sahobalarim, agar maʼqul koʻrsangizlar, qizim Zaynabning asirini fidyasi bilan unga qaytaringlar», – dedilar. Sahobalar rozi boʻlishdi. Zaynabni Madinaga yuborish sharti bilan Abul Osga moli bilan Makkaga ketishga izn berildi. Abul Os Zaynabni va uning yonidagilarni birodari Kinona bilan birga yoʻlga kuzatdi. Buni eshitgan mushriklar gʻazablanib, odamlaridan bir nechtasini ularning ortidan yubordilar. Ular Zu Tuvoda yetib oldilar. Habbor ibn Asvad nayzasini otganda, tuya hurkib, hazrati Zaynabni ustidan yerga uloqtirib yubordi. Kinona oʻqlarini oldiga toʻkib, kim Zaynabga qasd qilsa, uni oʻq bilan halok qilaman, dedi. U Zaynabni Makkadan olib chiqib, manzilga yetkazdi. Hazrati Zaynab olgan jarohatlaridan betob boʻlib qoldi. U homilador edi, Madinaga yetgach, bolasini tushirdi. Rasul alayhissalom buni eshitib, juda xafa boʻldilar.
Mushriklarning Badrda yengilib, ayanchli ahvolda jang maydonidan qochishlari Makkada katta sarosima uygʻotdi. Ular hech kutmagan, hatto xayollariga ham keltirmagan natija yuzaga chiqqan edi. Xabarni birinchi olib kelgan kishining soʻzlariga Abu Lahab va boshqa mushriklar ishonmadilar. Jang maydonidan qochgan Abu Sufyon Makkaga kelganda, uni darhol yonlariga chaqirdilar. Abu Lahab undan: «Ey jiyan! Qani, aytib ber-chi, qanday boʻldi?» – deb soʻradi. Abu Sufyon u yerda bir joyga oʻtirdi. Koʻp kishilar oyoqda turib tinglar edi. Abu Sufyon shunday hikoya qildi:
«Soʻrama, musulmonlar bilan toʻqnashganimizda, goʻyo qoʻl-oyogʻimiz bogʻlangan edi. Ular istaganlaricha ish tutdilar: bir qismimizni oʻldirdilar, bir qismimizni asir oldilar. Qasamki, men biznikilardan hech kimni ayblamayman, malomat qilmayman. Chunki oʻshanda yer bilan osmon orasida koʻk otlar ustida oq liboslarga burkangan kishilarga duch keldik. Ularga na biror narsa bardosh bera olar, na biror kishi qarshilik koʻrsata olar edi!»
U yerda Abbosning quli hazrati Abu Rofeʼ ham bor edi. U Islomning ilk davrlarida musulmon boʻlgan boʻlsa-da, mushriklarning yovuzligidan qoʻrqqani uchun musulmonligini oshkor qilmagan edi. Ularni jimgina tinglab oʻtirgan Abu Rofeʼ quvonchidan hamma narsani unutib: «Vallohi, ular farishtalardir!» – deb yubordi.
Abu Lahab unga qattiq shapaloq urdi va koʻtarib yerga urdi. Soʻngra uni rosa kaltakladi. Shunda u yerda boʻlgan hazrati Abbosning ayoli Ummul Fazl chiday olmadi. Chunki u ham ilgari musulmon boʻlgan edi. Ummul Fazl xonadagi ustunlardan birini olib: «Hech kimi yoʻq deb, uni ojiz sanadingmi?» – deb, Abu Lahabga qattiq urdi. Abu Lahabning boshi yorildi. U qonga belanib, xor, haqir va tahqirlangan holda burilib ketdi. Yetti kundan keyin Allohu taolo unga «qora qizil» deb ataladigan bir kasallik berdi. U shu kasallikdan oʻldi. Oʻgʻillari uni ikki yoki uch kecha dafn qilmay qoldirdilar. Nihoyat, jasad hidlana boshladi. Hamma Abu Lahabga tekkan kasallikdan xuddi toundan qochgandek qochar va ijirgʻanar edi. Shundan keyin qurayshliklardan biri Abu Lahabning oʻgʻillariga: «Holingizga voy, uyalmaysizlarmi? Otangizni hidlanguncha uyda qoldirdingiz. Hech boʻlmasa, uni biror joyga koʻmib, koʻzdan yoʻqotinglar», – dedi. Oʻgʻillari u kishiga: «Biz undagi kasallikdan qoʻrqamiz!» – deb javob berdilar. Bu safar u odam ularga: «Sizlar boringlar, men ham kelaman, sizlarga yordam beraman», – dedi. Soʻngra uchovlon bir joyga toʻplandilar. Jasadni koʻtarib, chekka bir joyga tashlab keldilar. Koʻrinmay qolguncha ustiga tosh otdilar. Abu Lahab shu tariqa abadiy azob va olovlar ichida qoladigan yurtiga – qorongʻi va jahannam chuquri boʻlgan qabriga kirdi.
Badrda asir olingan qurayshliklar orasida Valid ibn Valid ham bor edi. Uni Abdulloh ibn Jahsh asir olgan edi. Validning birodarlari Hishom va hali musulmon boʻlmagan Xolid ibn Valid Madinaga keldilar. Abdulloh ibn Jahsh fidyai najot, yaʼni qutulish puli berilmaguncha uni qoʻyib yuborishni istamadi. Birodarlaridan Xolid rozi boʻlsa ham, otasi bir, onasi boshqa boʻlgan birodari Hishom qabul qilmadi. Rasululloh ularning otasidan qolgan qurol va anjomlar berilishini taklif qildilar. Bunga Hishom rozi boʻlsa ham, Xolid qabul qilmadi. Lekin oxiri otalarining yuz dinor qiymatidagi qilichi, sovuti va dubulgʻasi evaziga kelishdilar. Validni asirlikdan qutqarib, Makka tomon yoʻlga chiqdilar. Lekin Valid Makka yoʻlida, Madinadan toʻrt mil uzoqlikdagi Zulhulayfada ulardan ajralib, Paygʻambarimizning huzurlariga keldi, iymon keltirib, sahobai kiromdan boʻldi. Musulmon boʻlganidan bir muddat keyin Makkaga, birodarlarining yoniga bordi. Shunda Xolid ibn Valid: «Modomiki musulmon boʻlmoqchi ekansan, fidya toʻlanmasdan oldin boʻlsang boʻlmasmidi? Otamizdan qolgan yodgorlikni qoʻlimizdan chiqarding. Nega bunday qilding?» – deb soʻraganda, Valid: «Qurayshliklarning: „Asirlikka chiday olmay, Muhammad alayhissalomga ergashdi“, – deyishlaridan qoʻrqdim», – deb javob berdi.
«Ey Abbos! Sizning musulmonligingizni Allohu taolo biladi. Agar rost gapirayotgan boʻlsangiz, Allohu taolo sizga, albatta, uning ajrini beradi. Lekin siz zohiran bizga qarshisiz. Shuning uchun fidyangizni toʻlashingiz lozim» Hadisi sharif
Bu javobdan birodarlari qattiq gʻazablandilar va uni Banu Maxzumdan boʻlgan baʼzi musulmonlar – Ayyosh ibn Abu Robiʼa va Salama ibn Hishom (roziyallohu anhumo) yoniga hibsga soldilar. Valid ibn Valid (roziyallohu anhu) iymon keltirgani uchun yillar davomida zindonda yotdi. Islomning ashaddiy dushmanlaridan boʻlgan amakisi Hishomdan va mushrik qarindoshlaridan koʻp zulm va qiynoq koʻrdi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) mushriklarning zulmiga uchragan Ayyosh ibn Abu Robiʼa, Salama ibn Hishom va Valid uchun shunday duo qildilar: «Ilohim! Valid ibn Validni, Salama ibn Hishomni, Ayyosh ibn Robiʼani va (kofirlar qoʻlida qiynalib) zaif (va ojiz) koʻringan boshqa moʻminlarni qutqar. Ilohim, Muzarni (Qurayshni) yanada qattiqroq (juda yomon) ez. Bu yillarni (ularga) Yusufning yillariga oʻxshat».
Rasululloh duolarining barakasi bilan hazrati Valid bir fursat topib, bogʻlab qoʻyilgan joyidan qochdi. Madinai munavvaraga kelib, sevimli Paygʻambarimizga yetishdi. Habibulloh Ayyosh ibn Robiʼa bilan Salama ibn Hishomning ahvolini soʻraganlarida, Valid ularning oyoqlari bir-biriga bogʻlanganini, qattiq azob va qiynoqlar ostida toʻlgʻanayotganlarini xabar berdi.
Koinot sultoni ularning holiga juda xafa boʻlib, ularni qutqarish choralarini izladilar. Ularni kim qutqara olishini soʻraganlarida, yillar davomida qiynoq ostida qolganiga qaramay, Valid katta jasorat va ishq bilan: «Yo Rasulalloh! Ularni men qutqaraman, sizga olib kelaman», – deb javob berdi. Yana Makkaga borib, ularga ovqat olib boradigan bir ayolni kuzatib, qiynoq koʻrayotgan musulmonlarning joyini bilib oldi. Ikkalasi ham tomsiz bir binoda hibsda edi. Valid kechasi oʻlimni boʻyniga olib, katta jasorat bilan devordan tushib, sheriklarining yoniga bordi. Iymon keltirishdan boshqa hech qanday aybi boʻlmagan bu ikki mazlumni mushriklar bir toshga bogʻlab, Arabiston sahrosining kuydiruvchi jaziramasida turli zulmlarga duchor qilar edilar. Valid bu muborak birodarlarini qutqarib, tuyasiga mindirdi. Oʻzi esa piyoda, yalangoyoq Madinai munavvaraga, juda yaxshi koʻrgan Rasulullohning yonlariga tezroq yetib borish uchun yoʻlga chiqdi. Uni sahroning kuydiruvchi jaziramasi emas, Olamlar sarvariga yetishish ishqi kuydirar edi.
U Madinaga och, suvsiz, yalangoyoq holda uch kunda yetib keldi. Barmoqlari toshlardan tilka-pora boʻlib ketgan edi. Valid ibn Valid qonga belangan holda juda yaxshi koʻrgan Habibullohga yetishdi.
Badr zafari musulmonlarni katta quvonchga gʻarq qildi. Mushriklar esa katta qaygʻu va noumidlikka tushib qolgan edilar. Habashiston podshohi Najoshiy ham Rasulullohning zafar qozonganlarini eshitgach, darhol oʻz yurtidagi sahobai kiromning yoniga borib: «Rasulini Badrda gʻolib qilib, zafar ato etgan Allohu taologa hamd boʻlsin», – deb xushxabar berdi.
Badr jangidan keyingi voqealar
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Madinada ham yahudiylar bilan, ham Abdulloh ibn Ubay kabi musulmon boʻlib koʻringan munofiqlar bilan, ham mushriklar bilan kurashar edilar. Bundan tashqari, Madinadan tashqaridagi mushrik qabilalarni Islomga daʼvat qilar, ularning musulmon boʻlish sharafiga erishishlari uchun harakat qilar edilar. Qarqara, Banu Qaynuqoʼ, Saviq, Gʻatafon, Bahron… kabi gʻazotlarning hammasi Badr jangidan keyin boʻldi.
Hijratning ikkinchi yilida yuz bergan baʼzi voqealar
Bu yili zakotning farz qilinishi, fitr sadaqasining berilishi, hayit namozlarining oʻqilishi va qurbonlik soʻyish haqida amr keldi. Rasululloh qizlari Ummu Kulsumni hazrati Usmonga nikohlab berdilar. Paygʻambarimiz hazrati Umarning qizi Hafsani va Zaynab bint Xuzaymani (roziyallohu anhumo) oʻz nikohlariga oldilar. Hazrati Alining oʻgʻli hazrati Hasan dunyoga keldi.
Hazrati Oisha bilan nikohlari
Paygʻambarimiz hazrati Oisha bilan Makkada ekanliklaridayoq unashtirilgan edilar, lekin hali toʻylari boʻlmagan edi. Bir kuni hazrati Abu Bakr Sarvari olamga: «Yo Rasulalloh! Ahlingiz bilan birga boʻlishingizga nima monelik qilmoqda?» – deb soʻradi. Rasululloh: «Mahr», – dedilar. Shunda hazrati Abu Bakr Rasulullohga mahr pulini yubordi.27
Shundan soʻng hazrati Oisha onamizning toʻyi boʻldi. U paytda Paygʻambarimiz ellik besh yoshda edilar.28 Hazrati Oisha onamiz juda ziyrak va qobiliyatli boʻlib, voqealarni darhol sheʼr qilib ayta olar edi. Oʻrgangan va yod olgan narsasini aslo unutmas edi. Juda aqlli, ziyrak, olima, adiba, iffatli va soliha edi. Xotirasi juda kuchli boʻlgani uchun sahobai kirom koʻp narsalarni undan soʻrab oʻrganar edi. U oyati karima bilan maqtaldi.
Qarqaratul Kudr gʻazoti
Banu Sulaym va Gʻatafondan bir toʻdaning Qarqarada toʻplanganligi haqida xabar keldi. Shunda Paygʻambarimiz muhojirlar va ansorlardan ikki yuz kishi bilan Madinadan yoʻlga chiqdilar. Madinada oʻrinbosar qilib hazrati Ibn Ummu Maktum qoldirilgan edi. Oq bayroqni hazrati Ali koʻtarib bordi. U joyga yetib bordilar, lekin hech kimni topa olmadilar: Islom qoʻshinining kelayotganini eshitgan mushriklar u yerni tashlab ketgan edilar. Vodiyda ilgarilab borayotganlarida bir tuyakashga duch keldilar. Undan Banu Sulaym va gʻatafonliklarning qayerdaligini soʻradilar. Tuyakash: «Ular meni hayvonlariga qarash uchun besh kunga yollagan edilar. Hozir qayerdaligini bilmayman», – dedi. Besh yuz tuya gʻanimat sifatida qoʻlga olindi. Choʻpon Yasor ham asir olindi. Qarqaratul Kudr vodiysida uch kecha tunaganlaridan keyin tuyalarni haydab, Madina tomon yoʻlga tushdilar. Paygʻambarimiz Ziror degan joyda tuyalarning beshdan birini ajratib, qolganini taqsimladilar. Har kimga ikkitadan tuya tegdi. Ertasi kuni bomdod namozini ado etayotganlarida, Yasor ismli bu tuyakashning ular bilan birga namoz oʻqiyotganini koʻrdilar. Paygʻambarimiz u qulni ozod qildilar. Soʻngra salomat Madinaga qaytdilar.
«Vallohi, Allohu taoloni, Uning rasulini va Qurʼoni karimni inkor qilgan, paygʻambarini qiynoqdan qiynoqqa solgan (Uqba ibn Abu Muayt) sendek yomon kimsani bilmayman» Hadisi sharif
Cheksiz shavq oʻtiga yongan har bir jon nur boʻlur,
Ishq dardi ila xarob boʻlgan koʻngil maʼmur boʻlur.
Banu Qaynuqoʼ gʻazoti
Bir kuni Banu Qaynuqoʼ yahudiylari bir musulmon ayolni masxara qilmoqchi boʻldilar. Buni koʻrgan sahobalardan biri darhol qilichini yalangʻochlab, oʻsha yahudiyni oʻldirdi. Yahudiylar ham toʻplanib, oʻsha muborak sahobani shahid qildilar. Bu voqea Paygʻambarimizga bildirildi. Rasuli akram ularni Qaynuqoʼ bozori maydoniga toʻplab, shunday dedilar: «Ey yahudiylar jamoasi! Allohu taoloning Qurayshga bergan azobi kabi azobga duchor boʻlishdan qoʻrqinglar va musulmon boʻlinglar. Mening Allohu taolo tomonidan yuborilgan paygʻambar ekanimni yaxshi bilasizlar. Buni ham, Allohu taoloning sizlar bilan qilgan ahdini ham oʻz kitobingizdan oʻqigansizlar…»
«Rasulini Badrda gʻolib qilib, zafar ato etgan Allohu taologa hamd boʻlsin» Najoshiy Asʼhama (rahmatullohi alayh)
Banu Qaynuqoʼ gʻazoti
Bunday marhamatga qaramay, tuzgan shartnomalarini buzgan yahudiylar Olamlar sultoniga: «Ey Muhammad! Jang qilishni bilmaydigan bir qavmni yengganing seni aldab qoʻymasin! Qasamki, biz jangovar kishilarmiz! Biz bilan jang qila boshlaganingdagina qanday bahodirlar ekanimizni anglaysan!…» – deb, muboriza eʼlon qildilar. Shu tariqa oldingi shartnomani buzib, ochiqdan-ochiq muboriza eʼlon qilganlarini oshkor etdilar. Shunda Jabroil alayhissalom vahiy keltirdi, unda shunday deyilgan edi, maʼnosi: «(Ey Habibim!) Agar (siz bilan) shartnoma tuzgan bir qavmning xiyonatidan (shartnomaga xilof ish tutishidan) xavotirga tushsangiz, (jang ochishdan oldin) haq va adolat asosida ularning ahdini rad etganingizni toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzlariga bildiring. Chunki Allohu taolo xiyonatkorlarni sevmaydi».29
Boshqa bir oyati karimada shunday deyildi, maʼnosi: «Ey Rasulim! U kofir yahudiylarga ayting: sizlar albatta magʻlub boʻlasizlar va toʻplanib jahannamga haydalasizlar. U jahannam qanday yomon qarorgohdir!»30
Habibi akram darhol, Shavvol oyining oʻrtalarida, shanba kuni qoʻshin tuzib, Qaynuqoʼ yahudiylari yashayotgan qalʼa tomon yoʻl oldilar. Oq bayroqni hazrati Hamza koʻtarib bordi, Madinada esa oʻrinbosar qilib Abu Luboba qoldirilgan edi.31
Muborak qoʻshin Qaynuqoʼ qalʼasini qamal qildi. «Biz qanday jangovar bahodirlarmiz!…» degan yahudiylar qarshilik koʻrsatish u yoqda tursin, qalʼalaridan birorta oʻq otishga ham jurʼat qila olmadilar. Rasululloh kirish va chiqish yoʻllarini nazorat ostiga oldilar. Hech kim tashqariga chiqa olmadi. Bu hol oʻn besh kun davom etdi.32
Yahudiylar qoʻrquvga tushib, taslim boʻldilar. Har birining oʻldirilishi lozim boʻlsa-da, olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevimli Paygʻambarimiz marhamat koʻrsatib, Qaynuqoʼ yahudiylariga Shomga ketishlariga izn berdilar. Hech kimga u yerlarda qolishga ruxsat berilmadi. Shu tariqa ular Madina yerlaridan chiqarildilar.33 Banu Qaynuqoʼ oʻz diyorlaridan koʻchib ketdi. Ularning mollari va qurollari musulmonlarga gʻanimat boʻldi.
Saviq gʻazoti
Abu Sufyon Badr jangidan qochib Makkaga borganda, Muhammaddan (sallallohu alayhi vasallam) intiqom olmaguncha «boshiga yogʻ surtmaslikka va xotinlarining yoniga bormaslikka» nazr qildi. Hijratning ikkinchi yili, Zulhijja oyining beshinchi, yakshanba kuni nazrini bajarish uchun ikki yuz otliq bilan Madina tomon yoʻlga chiqdi. Bir kechasi Madinada bir kishining uyiga borib, Paygʻambarimizni soʻradi. Haligi kishi unga iltifot koʻrsatmadi.
Hatto eshigini ham ochmadi. Abu Sufyon u yerdan ketib, Sallom ibn Mishkamga mehmon boʻldi. Ertasi kuni u yerdan joʻnab, Ariz degan joyga keldi. U yerda ansorlardan Maʼbad ibn Amrush va uning xizmatkoriga duch kelib, ularni ish ustida shahid qildi. Bir xurmozorga oʻt qoʻydi. «Qasamim bajo boʻldi», – deb, u yerdan ketdi.
Bu voqea Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) bildirilgach, u zot Madinada Abu Lubobani oʻrinbosar qilib qoldirib, ikki yuz kishi bilan Abu Sufyonning izidan tushdilar.
«Sizlar albatta magʻlub boʻlasizlar va toʻplanib jahannamga haydalasizlar. U jahannam qanday yomon qarorgohdir!» Oli Imron: 12
Mushriklar buni eshitib, qocha boshladilar. Qutulish uchun yuklarini va pishirish uchun olib kelgan qozonlari bilan birga «saviq» deb ataladigan bir xil don taomini oʻsha yerda tashlab qochdilar. Musulmonlar bularni topib, gʻanimat sifatida oldilar. Shuning uchun bu gʻazotga Saviq gʻazoti deyiladi.
Hazrati Ali bilan hazrati Fotimaning nikohi
Hijratning ikkinchi yili edi. Faxri koinotning (sallallohu alayhi vasallam) qizlari hazrati Fotima oʻn besh yoshga toʻlgan edi.
Bir kuni hazrati Fotima bir yumush bilan Rasuli akramning huzurlariga kirgan edi. Rasululloh qizlarining turmushga chiqish yoshiga yetganini koʻrdilar. Oʻsha kundan keyin Fotimai Zahro onamizga juda koʻp kishilar sovchi qoʻydi. Rasul alayhissalom ularga iltifot qilmay: «Uning ishi Haq taoloning amriga bogʻliq», – dedilar.
Bir kuni Abu Bakr, Umar va Saʼd ibn Muoz masjidda oʻtirib: «Hazrati Fotimaga hazrati Alidan boshqa hamma sovchi qoʻydi. Hech kimga rozilik berilmadi», – deb gaplashishdi. Hazrati Siddiq: «Menimcha, u Aliga nasib boʻladi. Yuringlar, uning oldiga boraylik va bu masalani ochaylik. Agar kambagʻalligini roʻkach qilsa, yordam beraylik», – dedi. Saʼd esa: «Yo Abu Bakr! Siz doim yaxshilik qilasiz. Turing, biz ham sizga hamroh boʻlaylik», – dedi. Uchovlon masjiddan chiqib, hazrati Ali bilan koʻrishgani borishdi. Hazrati Ali tuyasini olib, ansorlardan birining xurmozoriga suv bergani ketgan edi. Ularni koʻrgach, peshvoz chiqib, hol-ahvol soʻradi. Hazrati Abu Bakr: «Yo Ali! Har bir xayrli ishda sen oldinda borayotgansan va Rasuli akram huzurida hech kimga nasib boʻlmagan bir martabadasan. Hazrati Fotimaga hamma sovchi qoʻydi. Hech kimga iltifot qilinmadi. Biz u senga nasib boʻladi, deb oʻylaymiz. Nega harakat qilmaysan?» – deb soʻradi.
Hazrati Ali buni eshitib, muborak koʻzlari yoshga toʻldi va: «Yo Abu Bakr! Meni juda kuydirdingiz. Unga mendan ortiq ragʻbat qiladigan kishi yoʻq. Lekin qoʻlimning kaltaligi bunga monelik qilmoqda», – dedi. Hazrati Abu Bakr: «Bunday dema. Allohu taolo va Uning Rasuli huzurida dunyo hech narsa emas. Bunga kambagʻallik monelik qila olmaydi. Bor, soʻra», – dedi.
Hazrati Ali shunday hikoya qiladi: «Rasulullohning huzurlariga uyalib, tortinib kirdim. Rasulullohning butun haybati va viqori ustlarida edi. Huzurlarida oʻtirdim-u, gapirishga qodir boʻlmadim. Rasululloh: „Nega kelding, biror hojating bormi?“ – deb soʻradilar. Jim turdim. „Fotimani soʻrab kelgandirsan“, – deganlarida: „Ha“, – deya oldim, xolos. (Paygʻambarimiz hazrati Fotimaga hazrati Alining uni soʻraganini yetkazdilar. U ham jim turdi.) Paygʻambarimiz: „Fotimaga mahr qilib beradigan nimang bor?“ – deb soʻradilar. „Yo Rasulalloh, yonimda unga beriladigan hech narsam yoʻq“, – dedim».
U zot yana: «Senga berganim Hutamiy sovutli koʻylaging qayerda, nima boʻldi?» – deb soʻradilar. «Oʻzimda», – deb javob berganida, u zot: «Uni sot-da, pulini menga olib kel. Mahr uchun shu kifoya», – dedilar.34 Boshqa bir rivoyatda Rasululloh hazrati Alidan: «Nimang bor?» – deb soʻraganlarida, u: «Otim va sovutli koʻylagim bor», – deb javob bergan, Rasululloh esa: «Oting oʻzingga kerak boʻladi, sovutingni esa sot», – deganlar. Yana bir rivoyatda u zot: «Yo Ali, bor, oʻzingga bir uy ijaraga ol», – deganlar.
Hazrati Ali uylangunicha Paygʻambarimiz bilan birga yashar edi. Paygʻambarimizning amrlari bilan u Masjidi Nabaviy yaqinida, hazrati Oishaning xonasi roʻparasida boʻlgan Horisa ibn Nuʼmonning uyini ijaraga oldi. Sovutini esa bozorga yubordi. Hazrati Usmon (roziyallohu taolo anhu) bozorda yurganida hazrati Alining sovutini tanidi. Dallolni chaqirib: «Bu sovutga egasi qancha soʻrayapti?» – dedi. Dallol: «Toʻrt yuz dirham soʻrayapti», – dedi. Usmon (roziyallohu anhu): «Kel, pulini ol», – dedi. Soʻngra uyiga bordi. Sovutni dalloldan olib, pulini berdi. «Bu sovut undan boshqasiga loyiq emas. Bu pulni ham toʻyga sarflasin. Bizning uzrimizni ham qabul qilsin», – dedi. Toʻrt yuz dirhamni berib, sovutni ham ustiga qoʻyib, hadya sifatida hazrati Aliga yubordi. Hazrati Ali sovut va dirhamlar bilan Paygʻambarimizning huzurlariga kelganda, Paygʻambarimiz hazrati Usmonga koʻp xayrli duolar qildilar va: «Usmon jannatda mening rafiqimdir», – dedilar. Soʻngra Bilol Habashiyni chaqirib, pulning bir qismini berdilar va: «Bu pulni ol-da, bozorga chiq! Bir oz gulob, qolgan pulga esa asal ol va masjidning bir chetida toza idishda suv bilan aralashtiringlar. Nikoh oʻqilgandan keyin ichaylik, deb asal sharbati tayyorlanglar. Ansor va muhojirlardan shu yerda boʻlgan sahobalarimni masjidga daʼvat qil va Fotima bilan Alining nikohi oʻqilishini xalqqa eʼlon qil», – deb buyurdilar.
Bilol Habashiy tashqariga chiqib, hazrati Ali bilan hazrati Fotimaning nikohi oʻqilishini xalqqa eʼlon qildi. Sahobai kirom Masjidi Nabaviyga kelib, uning ichini ham, tashqarisini ham toʻldirdilar. Shunda Paygʻambarimiz oʻrinlaridan turib, shunday xutba oʻqidilar: «Barcha hamd va shukr olamlarning Rabbiga xosdir. U bergan neʼmatlari uchun maqtaladigan, cheksiz qudrati va kuchi uchun Unga ibodat qilinadigan, azobi va hisobidan qoʻrqiladigan, hukmi va farmoni yerda ham, osmonlarda ham hokim boʻlgan Zotdir. Maxluqotni qudrati bilan yaratgan, adolatli hukmlari bilan ularni bir-biridan ajratgan, insonlarni (Islom) dini va paygʻambari Muhammad (alayhissalom) bilan sharaflantirgan – Udir… Allohu taolo menga qizim Fotimani Ali ibn Abu Tolibga nikohlab berishimni buyurdi. Endi sizlarni guvoh qilamanki, (Allohu taoloning amri bilan) 400 misqol kumush mahr bilan Fotimani Ali ibn Abu Tolibga nikohlab berdim. Rabbim ularni bir-biriga qovushtirsin va buni ularga muborak qilsin. Nasllarini pok, rahmatga kalit, hikmatga manba, Muhammad ummatiga omonlik qilsin.
Aytadigan soʻzim shu. Rabbimdan oʻzim uchun ham, sizlar uchun ham magʻfirat soʻrayman».
Shundan soʻng hazrati Ali turib, shunday qisqa xutba oʻqidi: «…Huzurlarida turganimiz Muhammad alayhissalomga salot va salom aytaman, u zot muborak qizlari Fotimani 400 misqol kumush mahr bilan menga nikohlab berdilar. Ey din birodarlarim! Shubhasiz, Paygʻambarimizning aytganlarini eshitdingiz va guvoh boʻldingiz. Men ham bunga guvoh va roziman. Aynan qabul qilaman. Allohu taolo hammamizning soʻzlarimizga guvohdir, hammamizga vakildir».35
«Usmon jannatda mening rafiqimdir» Hadisi sharif
Nikoh aqdi tugagach, Paygʻambarimiz yangi xurmo keltirdilar va: «Qani, bu xurmodan olinglar, yenglar», – dedilar. Hamma olib yedi. Soʻngra hazrati Bilol asal sharbati tarqatdi, uni ham ichdilar va barcha sahobalar: «Borokallohu fiykumo va alaykumo va jamaʼa shamlakumo», – deb duo qilishdi. Nikoh oʻqilayotganda Fotima (roziyallohu anho) oʻn besh, Ali (roziyallohu anhu) yigirma besh yoshda edi.
Nikohdan keyin hazrati Fotima yigʻlar edi. Paygʻambarimiz uning yoniga kelib: «Ey Fotima! Senga nima boʻldi, nega yigʻlayapsan? Allohu taologa qasamki, men seni soʻraganlarning eng olimiga, hilm va aqlda eng afzaliga va birinchi musulmon boʻlganiga nikohlab berdim», – dedilar. Hazrati Fotima: «Otajon! Turmushga chiqadigan har bir qizning mahri oltin va kumush bilan baholanadi, belgilanadi. Mening mahrim ham shunday belgilansa, siz bilan boshqalar orasida nima farq qoladi? Qiyomat kuni siz moʻminlarning gunohkorlaridan qancha kishiga shafoat qilsangiz, men ham ularning ayollariga shafoat qilishni istayman. Murodim shu», – dedi.
Allohu taolo hazrati Fotimaning bu tilagi qabul qilinganini bildirgach, Rasululloh: «Yo Fotima, paygʻambarning farzandi ekaningni koʻrsatding!» – dedilar.
Hazrati Ali shunday degan: «Bu ishlardan keyin bir necha oy oʻtdi. Bu haqda majlisda hech gap boʻlmadi. Men ham hijobimdan, yaʼni uyalganimdan ogʻiz ocha olmadim. Lekin Rasululloh baʼzan meni xoli koʻrib qolganlarida: „Sening xotining qanday yaxshi ayol! Senga xushxabar boʻlsin, u olamdagi ayollarning sayyidasidir“, – der edilar».
Oʻsha kunlarda hazrati Alining akasi hazrati Uqayl: «Yo Ali! Bu nikoh aqdi bilan xursand boʻldik. Lekin murodim shuki, bu ikki saodatli bir-biriga yaqin boʻlsalar», – deganida, hazrati Ali: «Mening ham murodim shu, lekin uyalaman», – dedi. Hazrati Uqayl hazrati Alining qoʻlidan tutib, Paygʻambarimizning xonadonlariga borishganda, Rasulullohning joriyasi Ummu Aymanga duch kelishdi. Ahvolni unga aytishdi. Ummu Ayman: «Bu ish uchun sizlarning kelishingiz shart emas. Biz azvoji tohirot bilan kelishib, sizlarga xabar beramiz. Chunki bu borada ayollarning soʻzi tinglanadi», – dedi.
Ummu Ayman bu holni Rasulullohning zavjalariga aytdi. Soʻngra boshqa azvoji tohirot hazrati Oishaning xonadoniga kelishdi. Hazrati Xadichani eslab: «Agar u hayot boʻlganida, bizga hech bir tashvish boʻlmas edi», – deyishdi. Rasululloh yigʻladilar va shunday dedilar: «Xadichadek ayol qani? Xalq meni yolgʻonchiga chiqarganda, u meni tasdiqladi va butun molini mening yoʻlimga sarfladi. Islom diniga juda koʻp yordam berdi. U hayotligida Haq taolo menga: „Xadichaga xushxabar bering: jannatda u uchun zumraddan bir koʻshk qurilgan“, – deb buyurdi». Rasulullohning zavjalari hazrati Alining murodini arz qilishdi. Shunda Rasululloh Ummu Aymanga hazrati Alini chaqirishni buyurdilar. Ali kelgach, majlisdagi ayollar turib chiqib ketishdi. Hazrati Ali boshini egib oʻtirdi. Rasululloh: «Zavjangni istaysanmi, yo Ali?» – deb soʻradilar.
Ali (roziyallohu anhu): «Ha, yo Rasulalloh! Ota-onam sizga fido boʻlsin», – dedi. Rasuli akram Asmo bint Umaysga: «Bor, Fotimaning uyini tayyorla», – dedilar. Asmo hazrati Fotima kelin boʻlib tushadigan uyga bordi. Bir toʻshakchani yangi teridan, bir toʻshakchani yamoqli teridan, bir toʻshakchani esa boʻyradan tayyorlab, ichlarini xurmo tolasi bilan toʻldirdi. Rasululloh xufton namozidan keyin Fotimaning uyiga kelib, tayyorlanganlarni koʻzdan kechirdilar.
Paygʻambarimiz hazrati Ali keltirgan pulning uchdan ikki qismiga yegulik, ziynat va xushboʻylik kabi narsalar, uchdan bir qismiga esa kiyim-kechak olishni buyurdilar va uy anjomlarini butlatdilar. Hazrati Fotimaning sepi va uy anjomlari orasida quyidagilar bor edi: Asmo bint Umays tayyorlagan uchta toʻshakcha, popukli bir gilam, ichi xurmo tolasi bilan toʻldirilgan bir yostiq, ikkita qoʻl tegirmoni, bir suv meshki, tuproqdan yasalgan bir suv koʻzasi, teridan yasalgan bir suv kosasi, bir sochiq, bir etak, oshlangan bir qoʻchqor poʻstagi, eskirib juni toʻkilgan ola-bula bir Yaman gilami, xurmo bargidan toʻqilgan bir soʻri, Yaman ishlovi ikkita ola-bula kiyim va bir baxmal koʻrpa. Soʻngra Rasululloh hazrati Aliga bir miqdor pul berib, xurmo va yogʻ olishni aytdilar. Hazrati Ali bundan keyingi voqealarni shunday hikoya qildi:
«Besh dirhamga xurmo, toʻrt dirhamga yogʻ oldim. Rasulullohning huzurlariga keltirdim. U zot teridan bir dasturxon soʻradilar. Xurmo, un, yogʻ va qatiqni muborak qoʻllari bilan aralashtirib, bir xil taom tayyorladilar va: „Yo Ali! Bor, kimni topsang, olib kel“, – dedilar. Men tashqariga chiqib, juda koʻp odamni koʻrdim, hammasini daʼvat qildim va ichkariga kirib: „Yo Rasulalloh! Odam juda koʻp“, – deb arz qildim.
Olamlar sarvari Faxri koinot: „Ularni oʻnta-oʻntadan ichkariga kiritib tur, taom (ovqat) yesinlar“, – dedilar. Shunday qildim. Hisoblab koʻrdilar: erkak va ayollardan yetti yuz kishi taom yeb, toʻygan edi».
Hazrati Ali bilan Fotimaning valimasi yeyilgandan keyin, Ummu Aymanning xabar berishicha, Paygʻambarimiz hazrati Aliga: «Yo Ali, qizim Fotima kelin boʻlib uyingizga bordi. Men ham shom namozidan keyin kelib, duo qilaman. Meni kutinglar», – dedilar.
Hazrati Ali uyga kelgach, bir burchakka oʻtirdi. Hazrati Fotima ham uyning boshqa bir burchagiga oʻtirdi. Soʻngra Rasululloh kelib, eshikni qoqdilar. Eshikni Ummu Ayman ochdi.
Rasululloh: «Birodarim shu yerdami?» – dedilar. Ummu Ayman: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Birodaringiz kim?» – dedi. Rasululloh: «U – Ali ibn Abu Tolib», – deganlarida, Ummu Ayman: «Qizingizni birodaringizga nikohlab berdingizmi?» – dedi. Rasululloh: «Ha», – dedilar. Ummu Ayman Rasulullohning «Birodarim shu yerdami?» deganlaridan nikoh joiz boʻlmasa kerak, deb oʻyladi. Rasululloh esa «Ha» deyish bilan nikohga monelik qiladigan narsa bir onadan tugʻilish ekaniga ishora qildilar.
Soʻngra Rasululloh Ummu Aymandan: «Asmo bint Umays ham shu yerdami?» – deb soʻradilar. «Ha», – deb javob berganida: «Demak, Rasulullohning qiziga xizmat qilgani kelibdi-da», – dedilar. Ummu Ayman: «Ha», – deganida: «Yaxshilikka erishsin», – deb, unga duo qildilar.
«Ey Fotima! Senga nima boʻldi, nega yigʻlayapsan? Allohu taologa qasamki, men seni soʻraganlarning eng olimiga, hilm va aqlda eng afzaliga va birinchi musulmon boʻlganiga nikohlab berdim» Hadisi sharif
Soʻngra bir idishda suv keltirtirdilar. Muborak qoʻllarini yuvdilar. Suvga bir oz mushk soldilar. Soʻngra hazrati Fotimani chaqirdilar. Hazrati Fotima uyalganidan kiyimiga qarab turar edi. Rasululloh suvdan bir oz olib, Fotimaning koʻksiga, boshiga va orqasiga sepdilar va: «Allohumma inniy uʼiyzuho bika va zurriyyataho minash shaytonir rojiym» (Yo Rabbim, uni va uning zurriyotini rojim, yaʼni toshboʻron qilingan shaytonning yomonligidan saqlashingni soʻrab, Senga sigʻinaman), – deb duo qildilar. Soʻngra hazrati Aliga ham xuddi shunday qilib: «Allohumma borik fiyhimo va borik alayhimo va borik lahumo fiy naslihimo», – deb duo qildilar. Ixlos va Muavvizatayn suralarini oʻqib: «Allohu taoloning ismi va barakasi bilan ahling yoniga kir», – dedilar. Soʻngra muborak qoʻllari bilan eshikning ikki tabaqasini tutib, baraka tilab duo qildilar va u yerdan ketdilar.36
Hazrati Ali shunday dedi: «Toʻyimizdan toʻrt kun keyin Rasululloh uyimizga tashrif buyurdilar. Koʻngillarni rom qiladigan, hikmatga toʻla soʻzlari bilan bizga nasihat qildilar va: „Yo Ali! Suv keltir!“ – dedilar. Turib suv keltirdim. Bir oyati karima oʻqidilar va: „Bu suvdan bir oz ich. Bir oz qolsin“, – dedilar. Shunday qildim. Qolgan suvni boshimga va koʻksimga sepdilar. Yana: „Suv keltir“, – dedilar. Yana suv keltirdim. Menga qilganlaridek, Fotimaga ham qildilar. Soʻngra meni tashqariga chiqarib yubordilar».
Ali tashqariga chiqqandan keyin u zot qizlaridan hazrati Ali haqida soʻradilar. Fotima: «Otajon, barcha kamolot sifatlari unda mavjud. Lekin baʼzi qurayshlik ayollar menga: „Sening ering kambagʻal“, – deyishyapti», – deganida, Rasululloh shunday dedilar: «Ey qizim! Sening otang ham, ering ham kambagʻal emas. Yer va osmonning barcha xazinalari va dafinalarini menga arz qilishdi. Qabul qilmadim. Allohu taolo huzurida maqbul boʻlganini qabul qildim. Ey qizalogʻim! Agar men bilganni sen bilganingda edi, dunyo sening nazaringda xor va past boʻlar edi. Allohu taolo haqqi, ering sahobalarning avvalgisidir. Islomda ham ulugʻi, ilm jihatidan ham eng chuquridir. Ey qizim! Allohu taolo ahli baytdan ikki kishini tanladi. Biri – otang, biri – ering. Zinhor unga isyon qilma va amriga xilof ish tutma».
Faxri koinot (alayhi afzalus salavot) qizlariga nasihat qilganlaridan keyin hazrati Alini chaqirdilar. Unga Fotimani topshirib: «Yo Ali! Fotimaning koʻngliga rioya qil. U mening bir parchamdir. Uni xush tut. Agar uni ranjitsang, meni ranjitgan boʻlasan», – dedilar. Ikkalasini ham Allohu taologa topshirdilar. Soʻngra turib, ketmoqchi boʻlganlarida, hazrati Fotima: «Yo Rasulalloh! Uyning ichkari xizmatini men qilaman, tashqari xizmatini Ali qiladi. Menga bir joriya ato etsangiz, baʼzi ishlarimda yordamchi boʻladi. Meni xursand qilasiz», – dedi. Rasululloh: «Ey Fotima! Senga xizmatkordan ham yaxshiroq bir narsa ato etaymi yoki xizmatkormi?» – dedilar.
Fotima onamiz: «Xizmatkordan yaxshirogʻini ato eting», – dedi. Shunda Rasululloh: «Har kuni yotayotganingda oʻttiz uch marta „Subhanalloh“, oʻttiz uch marta „Alhamdulillah“, oʻttiz uch marta „Allohu akbar“ va bir marta „La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayʼin qodiyr“ deb ayt. Hammasi yuz kalima boʻladi. Qiyomatda ming hasana (yaxshilik) topasan. Mezonda hasanalaring ogʻir keladi», – dedilar. Soʻngra Paygʻambarimiz qizlarining uyidan chiqib, saodatli xonadonlariga ketdilar.
Kaʼb ibn Ashrafning oʻldirilishi
Badr gʻalabasi bilan Madinadagi yahudiylar va butparast mushriklarning qalblariga qoʻrquv tushdi. Baʼzi yahudiylar insofga kelib: «Kitoblarimizda sifatlarini oʻqigan zotimiz, shubhasiz, shu zotdir. Endi u zotga qarshi turish mumkin emas. Chunki u zot doimo gʻolib boʻladilar», – deb, musulmon boʻlishdi. Baʼzilari esa: «Muhammad urushdan tushunmaydigan qurayshliklar bilan urushdi. Shuning uchun gʻolib keldi. Agar biz bilan jang qilganida, unga urushning qanday qilinishini, zafarning qanday qozonilishini koʻrsatib qoʻyardik», – deyishdi.
Kaʼb ibn Ashraf ismli bir yahudiy ham Badrda Islom qoʻshinining gʻalabasini eshitgach, musulmonlarga boʻlgan kinidan Makkaga ketdi. U yerdagi mushriklarni toʻplab, Madinaga hujum qilishlari uchun sheʼrlar oʻqidi, ularni gij-gijlab, qoʻzgʻatdi. Paygʻambarimiz bilan jang qilish uchun ular bilan kelishdi. Hatto sevimli Paygʻambarimizga suiqasd uyushtirdi. Allohu taolo bu holni Rasulullohga bildirdi va shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Ular Allohu taolo laʼnat qilgan (rahmatidan uzoqlashtirgan) kimsalardir…»37
Shunda Rasuli akram sharafli sahobalariga: «Kaʼb ibn Ashrafni kim oʻldiradi? Chunki u Allohu taologa va Uning Rasuliga ozor berdi», – dedilar.
Muhammad ibn Maslama: «Yo Rasulalloh! Uni men oʻldirishimni istaysizmi?» – deb soʻradi. Rasululloh: «Ha, istayman», – dedilar. Muhammad ibn Maslama bir necha kun bu ish ustida oʻylab, rejalar tuzdi. Doʻstlaridan Abu Noila, Abbod ibn Bishr, Horis ibn Avs, Abu Abs ibn Jabrning yoniga borib, masalani ularga ochdi. Hammalari maʼqul koʻrib: «Birgalikda oʻldiramiz», – deyishdi. Birgalikda Paygʻambarimizning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh! Izn bersangiz, biz u bilan gaplashayotganda, siz haqingizda Kaʼbga yoqadigan baʼzi soʻzlarni aytsak boʻladimi?» – deb soʻrashdi. Paygʻambarimiz ularga istaganlarini aytishga izn berdilar.
Shundan soʻng Muhammad ibn Maslama sheriklari bilan Kaʼb ibn Ashrafning yoniga bordi. «Mana shu Muhammad bizdan sadaqa soʻradi. Bizga koʻp soliq soldi. Shuning uchun sendan qarzga bir narsa olgani keldim», – dedi. Kaʼb Muhammad ibn Maslama ham oʻzi kabi oʻylaydi, deb xursand boʻldi va: «U sizlarni hali yana ham bezor qiladi», – dedi. Muhammad ibn Maslama: «Mana, unga bir marta ergashib qoʻydik. Unga ergashishda davom etamiz. Qani, oxiri nima boʻlarkin? Hozir sen bizga qarzga bir oz xurmo ber», – dedi. Kaʼb: «Xoʻp, beray, lekin menga biror narsani garovga berishingiz kerak!» – dedi. Muhammad ibn Maslama va uning yonidagilar: «Nimani istaysan?» – deyishdi. Kaʼb: «Ayollaringizni garovga istayman», – deganida, ular rozi boʻlmadi. Kaʼb: «Unday boʻlsa, oʻgʻillaringizni garovga beringlar», – dedi. Ular: «Ularni ham garovga bera olmaymiz. Ulardan biri haqida bir-ikki tuya yuki xurmo evaziga garovga qoʻyilgan, deb gapirishadi, bu esa biz uchun unutib boʻlmaydigan bir dogʻ boʻladi. Lekin senga qurolimizni va sovutlarimizni garovga bera olamiz», – deyishdi. Kaʼb bu taklifni qabul qildi. Ularga qachon kelishlari kerakligini ham aytdi.38
«Yo Ali! Fotimaning koʻngliga rioya qil. U mening bir parchamdir. Uni xush tut. Agar uni ranjitsang, meni ranjitgan boʻlasan» Hadisi sharif
Bir kechasi Muhammad ibn Maslama Kaʼbning yoniga keldi. U bilan birga Abu Noila ham bor edi. Kaʼb ularni qalʼaga chaqirdi, oʻzi esa ularni kutib olish uchun pastga tushdi. Kaʼbning xotini: «Bu paytda qayoqqa chiqyapsan?» – dedi. Kaʼb: «Kelganlar – Muhammad ibn Maslama bilan birodarim Abu Noila», – dedi. Xotini: «Men eshitgan bu ovoz menga hech yoqmayapti. Goʻyo undan qon tomayotgandek», – dedi. Kaʼb: «Yoʻq, ular – Muhammad ibn Maslama va emikdosh birodarim Abu Noila. U yaxshi yigit. Kechasi qilich urushiga chaqirilsa ham, hech ikkilanmay keladi. Shunday odam u», – dedi. Muhammad ibn Maslama oʻzi bilan ikki, bir rivoyatga koʻra uch kishini qalʼaga olib kirdi. Ular Abu Abs ibn Jabr, Horis ibn Avs va Abbod ibn Bishr edi.39 Hazrati Muhammad ibn Maslama sheriklariga: «Kaʼb kelganda, unga sochini hidlamoqchi ekanimni aytaman, boshini tutib hidlayman. Men Kaʼbning boshini mahkam ushlaganimni koʻrganingizda, qilichlaringiz bilan uringlar», – dedi. Kaʼb ibn Ashraf chiroyli kiyinib, xushboʻy hid taratib, ularning oldiga chiqdi. Ibn Maslama: «Shu paytgacha bunday xushboʻy hidni hidlamagan edim», – deb, Kaʼbning yoniga bordi. Kaʼb: «Arablarning eng xushboʻy ayollari mening yonimda», – deb maqtandi. Muhammad ibn Maslama: «Boshingizni hidlashimga izn berasizmi?» – dedi. Kaʼb izn berganini aytdi. Ibn Maslama uni hidladi, sheriklariga ham hidlatdi. Soʻngra yana hidlamoqchi ekanini aytdi. Bu safar Muhammad ibn Maslama Kaʼbning boshini ushlab olib, sheriklariga qilichlari bilan urishni ishora qildi.
Birinchi qilich urilganda Kaʼb qattiq baqirdi, lekin oʻlmadi. Shunda Muhammad ibn Maslama uni xanjari bilan oʻldirdi. Kaʼbni oʻldirgan mujohidlar darhol u yerdan ketib, Madinaga yetib keldilar. Ular Rasulullohga xushxabar berishganda, Paygʻambarimiz Allohu taologa hamd aytdilar va mujohidlarga duo qildilar. Kofir Kaʼb ibn Ashrafning oʻldirilishi yahudiylarni katta qoʻrquvga soldi. Chunki Kaʼb kabi koʻzga koʻringan bir yetakchi oʻldirilgandan keyin ularning ham oʻldirilishi vaqt masalasi edi. Ertalab toʻplanib, Paygʻambarimizning huzurlariga kelishdi. Kechasi boʻlgan voqeadan shikoyat qilishdi. Rasuli akram: «U bizni doimo bezovta qilar, bizga qarshi sheʼrlar aytar edi. Agar sizlardan kim shunday qilsa, bilsinki, uning jazosi – qilichdir», – dedilar. Bu tahdiddan keyin yahudiylar qoʻrqqanlaridan Rasululloh bilan yangidan shartnoma tuzdilar…40
Gʻatafon gʻazoti
Bu gʻazot «Anmor gʻazoti» deb ham, «Zu Amr gʻazoti» deb ham ataladi. Banu Saʼlaba va Banu Muhoribdan bir toʻda Zu Amr degan joyda toʻplanib, Madina atrofida nimaiki topsalar, talab ketishga qaror qilgan edi. Ularning boshligʻi Gʻavras laqabli Daʼsur ibn Horis ibn Muhorib ismli bir kishi edi. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Madinada Usmon ibn Affonni (roziyallohu anhu) oʻrinbosar qilib qoldirib, toʻrt yuz ellik kishilik qoʻshin bilan Madinadan yoʻlga chiqdilar. Yoʻlda Jabbor ismli bir kishiga duch keldilar. Undan dushman haqida soʻradilar. U: «Ular sizlar bilan jang qilishni istamaydilar. Sizlarni koʻrib, togʻlarga qochib ketdilar», – dedi. Rasululloh unga Islomni taklif qildilar. U qabul qilib, musulmon boʻldi.
Islom qoʻshini vodiy tomon borayotganda yomgʻir yogʻa boshladi. U bir muddat bor shiddati bilan yogʻdi, soʻng sekinlashib tindi. Paygʻambarimizdan boshlab barcha mujohidlar boshdan-oyoq ivib ketgan edi. Har kim bir chetda ust-boshini quritardi. Rasululloh ham xoli bir joyda kiyimlarini quritish uchun yechib, bir daraxt ustiga yoydilar. U zot daraxt ostida dam olayotganlarida, Islom qoʻshinini kuzatib turgan kofirlar Rasulullohning yolgʻiz qolganlarini koʻrib, Daʼsur ibn Horisga xabar berishdi. U Rasulullohni oʻldirish niyatida u zot dam olayotgan joyga ovoz chiqarmay yaqinlashdi. Qilichini yalangʻochlab: «Seni mening qoʻlimdan kim qutqara oladi?» – dedi. Rasululloh: «Allohu taolo qutqaradi», – dedilar. Shu onda Jabroil alayhissalom kelib, Daʼsurning koʻkragiga bir zarba urdi va uni yerga yiqitdi. Qilichi qoʻlidan tushib ketdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Daʼsurning qilichini olib: «Seni mening qoʻlimdan kim qutqaradi?» – dedilar. Daʼsur: «Hech kim qutqara olmaydi», – dedi-da, kalimai shahodatni aytib, musulmon boʻldi. U tufayli juda koʻp kishilar iymon keltirdi.41 U bundan keyin hech qachon urush uchun askar toʻplamaslikka soʻz berdi. Qurolli toʻqnashuvsiz Madinaga qaytildi. Safar oʻn bir kun davom etdi.
Bahron gʻazoti
Bu gʻazot «Banu Sulaym» yoki «Najron gʻazoti» deb ham ataladi. Banu Sulaymda toʻplangan koʻp sonli mushriklarning Madinaga hujum qilmoqchi ekani haqida xabar keldi. Madinada hazrati Ibn Ummu Maktum oʻrinbosar qilib qoldirildi. Rasululloh uch yuz kishilik qoʻshin bilan dushman ustiga yurdilar. Islom qoʻshini kelayotganini eshitgan dushman togʻlarga qochdi. Shu sababli toʻqnashish imkoni boʻlmadi. Safar oʻn ikki kun davom etdi.
«U (Kaʼb ibn Ashraf) bizni doimo bezovta qilar, bizga qarshi sheʼrlar aytar edi. Agar sizlardan kim shunday qilsa, bilsinki, uning jazosi – qilichdir» Hadisi sharif
Ishqing oldi mendan meni;
sevaman Seni, Rabbim!
Sening sevging shunday shirin;
sevaman Seni, Rabbim!
Na boylikka sevinaman,
na yoʻqlikka kuyunaman.
Ishqing bilan zavqlanaman;
sevaman Seni, Rabbim!
Buyurding ibodatlarni,
maqtading yaxshi hollarni,
berding cheksiz neʼmatlarni;
sevaman Seni, Rabbim!
Ne noshukr nafsim bordir:
oʻz zavqi uchun doim menga qasd qilar!
Men haqiqiy zavqni topdim:
sevaman Seni, Rabbim!
Ibodatni goʻzal qilmoq,
dunyo uchun ham mehnat qilmoq –
kecha-kunduz ishim shudir, chunki
sevaman Seni, Rabbim!
Sevish soʻz bilan boʻlmas, Hilmiy!
Rabbing: «Mehnat qilinglar!» – dedi.
Holingdan ham anglashilsin:
sevaman Seni, Rabbim!
Islom dushmanlari qancha,
dinga hiyla bilan hamla qilar;
jim tursang, toʻgʻri boʻlurmi?
Sevaman Seni, Rabbim!
Oshiq dangasa oʻtirarmi?
Maʼshuqiga chang qoʻndirarmi?
Dushmanni jim qil-da, ayt:
«Sevaman Seni, Rabbim!»
