Sevimli Paygʻambarim

GʻAZOTLAR VA SARIYYALAR

Musulmonlar Makkada boʻlgan paytlarida mushriklar ularga juda koʻp zulm qilar edilar. Baʼzilarini kaltaklar, baʼzilarining boshini yorar, baʼzilarini esa koʻrilmagan qiynoqlarga solar edilar. U paytda jang qilishga izn yoʻq edi, chunki mushriklar koʻp edi, jang qilish musulmonlarning zarariga boʻlar edi. Madinaga kelishgach, sahobai kiromning soni koʻpaydi. Ansorlarning yordami bilan kuch paydo boʻldi. Islom qudrat topib, jihod sharʼan joiz boʻldi. Kofirlar bilan jang qilishga izn berildi.

Safar, gʻazot va sariyya

Faxri koinot (sallallohu alayhi vasallam) Madinaning osoyishtaligini saqlash, dushmanlarning holatini nazorat qilib turish uchun sariyyalar (hujumchi otryadlar, boʻlinmalar), yaʼni kichik harbiy qismlar tuzdilar. Rasululloh oʻzlari ishtirok etmay, kofirlar ustiga yuborgan bu sariyyalarda qatnashganlarning soni beshtadan toʻrt yuzgacha boʻlar edi. Paygʻambarimiz oʻzlari ishtirok etgan va oʻzlari boshqargan janglarga esa gʻazot (gʻazva) deyiladi. Qoʻshinning jangga chiqishiga safar, jang holatiga esa safarbarlik deyiladi.

Sevimli Paygʻambarimiz dushmanning kutilmagan hujumlarining oldini olish uchun Madinada navbatchilik qilish tartibini joriy etib, soqchi guruhlar chiqarib, zarur xavfsizlik choralarini koʻrdilar.

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) yigirma yetti gʻazot qildilar. Ular quyidagilar: Abvo (Vaddon), Buvot, Birinchi Badr (Safvon, Ilk Badr), Zul Ushayra, Badr (Badrul Kubro), Qarqaratul Kudr, Banu Qaynuqoʼ, Saviq, Gʻatafon (Anmor, Zu Amr), Bahron (Banu Sulaym, Najron), Uhud, Hamroul Asad, Banu Nazir, Kichik Badr (Badrus Sugʻro), Zotur Riqoʼ, Dumatul Jandal, Muraysiʼ (Banu Mustaliq), Xandaq (Ahzob), Banu Qurayza, Banu Lihyon, Gʻoba (Zu Qarad), Xaybar, Vodil Quro, Makka fathi, Hunayn, Toif va Tabuk.

Bu gʻazotlarning faqat toʻqqiztasida toʻqnashuv boʻldi. Ular: Badr (Badrul Kubro), Uhud, Muraysiʼ (Banu Mustaliq), Xandaq (Ahzob), Banu Qurayza, Xaybar, Vodil Quro, Hunayn va Toif. Makka jangsiz fath qilindi, uning butun aholisi musulmon boʻldi.

Boshqa gʻazotlarda hech qanday toʻqnashuv boʻlmadi: baʼzilarida shartnoma tuzildi, baʼzilarida dushman taslim boʻldi; kofirlarning bir qismi Islom qoʻshini bilan yuzma-yuz kelishga jurʼat qila olmadi, koʻpchiligi esa Islom qoʻshini kelayotganini eshitishi bilanoq togʻlarga qochib, gʻoyib boʻldi.

Bu masal ila topar barcha davlatlar favzu faloh:
«Jangga hozir boʻl, agar istasang sulhu saloh».
Abdülhak Molla

«Sizlarga qarshi jang ochganlar bilan sizlar ham Allohu taoloning yoʻlida jang qilinglar. Lekin haddan oshib, tajovuz qilmanglar» Baqara: 190

Rasululloh yuborgan sariyyalar

Ilk sariyyalar – hazrati Hamza boʻlinmasi

Mushriklarni savdo va iqtisod jihatidan zaiflashtirish va yoʻlga solish lozim edi. Buning uchun Suriya savdo yoʻllarini kesish zarur edi. Shu payt mushriklarning bir karvoni Madina yaqinidan oʻtayotgani eshitildi. Hijriy birinchi yilning yettinchi oyi – Ramazon boshida sevimli Paygʻambarimiz darhol safarga tayyorgarlik koʻrishni buyurib, oʻttiz otliqqa hazrati Hamzani qoʻmondon etib tayinladilar. Qoʻmondonga Allohu taolodan qoʻrqishni, qoʻl ostidagilarga yaxshi muomalada boʻlishni tavsiya qilganlaridan keyin: «Allohu taoloning yoʻlida, Allohu taoloning ismini zikr qilib, gʻazotga chiqinglar! Allohu taoloni tanimaydiganlar bilan jang qilinglar…» – dedilar. Hazrati Hamzaga oq bayroq berib, uni kuzatib qoldilar.

Hazrati Hamza qoʻl ostidagi otliqlar bilan uch yuz otliq qoʻriqlab borayotgan mushrik karvoni tomon yoʻlga chiqdi. Shomdan Makkaga borayotgan karvon Siyfrul Bahr degan joyga yetganda, mujohidlar bilan roʻpara keldi. Shonli sahobalar darhol jang safiga tizilib, toʻqnashuvga shay turdilar. Shu payt u yerda boʻlgan Majdiy ibn Amr Juhaniy yetib kelib, oʻrtaga tushdi. Majdiy ibn Amr Juhaniy har ikki tomonning ham ittifoqchisi edi. Musulmonlarning soni juda oz, mushriklarning esa juda koʻp ekanini koʻrib, musulmonlar yengilib qolishlari mumkin, deb oʻyladi. Musulmon davlatining abadiy davom etishini umid qilib, vositachilik qildi va ikki tomonni toʻqnashuvdan qaytardi. Soʻngra hazrati Hamza va uning sheriklari Madinaga qaytdilar. Majdiyning bu ishi Paygʻambarimizga arz qilinganda, u zot mamnunliklarini bildirib: «U muborak, yaxshi va toʻgʻri ish qilibdi», – dedilar.1

Ubayda ibn Horis boʻlinmasi

Shundan keyin sariyyalarning keti uzilmadi. Hazrati Ubayda ibn Horisning qoʻl ostiga oltmish yoki saksonga yaqin mujohid berilib, u Robigʻga yuborildi. Ikki qoʻshin bir-biriga roʻpara kelishi bilanoq, har ikki tomon oʻq uza boshladi. Islom qoʻshinidan birinchi oʻqni Saʼd ibn Abu Vaqqos otdi. Abu Sufyon qoʻl ostidagi ikki yuz mushrik Islom qoʻshinining katta qismi pistirmada, deb oʻylab, musulmonlardan qoʻrqqanidan najotni qochishda topdi.2

Alloh yoʻlida jang qilaylik, shon olaylik, shon…
Qurʼonda zafar vaʼda etar hazrati Yazdon.

«Allohu taoloning yoʻlida, Allohu taoloning ismini zikr qilib, gʻazotga chiqinglar! Allohu taoloni tanimaydiganlar bilan jang qilinglar» Hadisi sharif

Rasulullohning gʻazotlari

Ilk gʻazotlar – Vaddon gʻazoti

Bu gʻazot Abvo gʻazoti deb ham ataladi. Bu – Rasulullohning birinchi gʻazotlaridir. Hijratning oʻn ikkinchi oyida boʻlib oʻtdi. Madinada oʻrinbosar qilib hazrati Saʼd ibn Uboda qoldirildi. Quraysh va Banu Zamra qabilasi ustiga oltmish kishi bilan borildi. Bayroqni hazrati Hamza koʻtarib bordi. Makkaliklar uchramadi. Vaddon degan joyga yetib keldilar. Banu Zamra qabilasi bilan yozma shartnoma tuzildi. Unga koʻra:

1- Banu Zamra hech qachon dushmanga yordam bermaydi,

2- Banu Zamraning joni va moli musulmonlarning kafolati ostida boʻladi,

3- buning evaziga Paygʻambarimiz Banu Zamrani biror jangga chaqirganlarida, ular darhol yordamga yetib keladilar.

Buvot gʻazoti

Bu gʻazot – Rasulullohning ikkinchi gʻazotlaridir. Hijratning ikkinchi yili, Rabiul avval oyi edi. Madinada oʻrinbosar qilib hazrati Soib ibn Usmon ibn Mazʼun qoldirildi. Abu Sufyon boshchiligidagi yuz kishilik mushrik karvoni ikki ming besh yuz tuya bilan Shomga ketayotgani haqida xabar olingach, qurayshliklar karvoni ustiga ikki yuz kishi bilan borildi. Buvot togʻigacha har taraf qadam-baqadam qidirilganiga qaramay, mushriklarni tutib boʻlmadi.

Zul Ushayra gʻazoti

Bu gʻazot hijratning oʻn oltinchi oyi boshlarida boʻldi. Abu Sufyon qoʻmondonligida makkalik mushriklarga qarashli katta bir savdo karvoni Shomga ketayotgani haqida xabar olindi. Rasululloh Abu Salama ibn Abdulasadni oʻrinlariga oʻrinbosar qilib qoldirdilar. Bayroqni hazrati Hamzaga (roziyallohu anhu) berdilar. Mujohidlarning oʻttizta tuyasi bor edi, ularga navbatma-navbat minishar edi. Bir yuz ellik yoki ikki yuzga yaqin mujohid Ushayra degan joyga kelib, bir necha kun kutdi. Karvonni tutishning iloji boʻlmadi. Banu Mudlij bilan sulh tuzib, Madinaga qaytdilar.

Birinchi Badr gʻazoti

Bu gʻazot Safvon gʻazoti deb ham ataladi. Buvot gʻazotidan qaytganlariga bir necha kun boʻlgan ediki, Kurz ibn Jobir Fihriy ismli bir qurayshlik oʻz odamlari bilan Jamma togʻiga bosqin qilib, u yerda oʻtlab yurgan qoramol va tuyalarni haydab ketgani haqida xabar olindi.

Paygʻambarimiz oʻrinlariga Zayd ibn Horisani oʻrinbosar qilib qoldirib, bir guruh sahobalari bilan voqea joyiga yoʻl oldilar. Bayroqni bu safar hazrati Aliga berdilar.

Mujohidlar voqea joyiga yetib kelishganda, Kurz va boshqalar hayvonlarni tashlab, izlarini yoʻqotib ulgurgan edilar. Badrning Safvon vodiysigacha har bir toshning tagi titkilangan boʻlsa ham, ularni topib boʻlmadi.

Abdulloh ibn Jahsh boʻlinmasi (Batni Naxla sariyyasi)

Bir kuni Paygʻambarimiz quraysh mushriklarini kuzatib turish uchun Naxlaga sariyya yubormoqchi boʻldilar. Yuboriladigan askarlarga hazrati Abu Ubayda ibn Jarrohni qoʻmondon qilmoqchi boʻldilar. Abu Ubayda ibn Jarroh bu amrni olgach, Paygʻambarimizdan uzoqda qolish iztirobidan yigʻlay boshladi.

«Haj yoʻlida vafot etganlarga va Alloh yoʻlida gʻazot qilganlarga xushxabarlar boʻlsin!» Hadisi sharif

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) uning oʻrniga hazrati Abdulloh ibn Jahshni amir etib tayinladilar.3

Abdulloh ibn Jahsh Islomga jon-dildan berilib yashagan zotlardan edi. U musulmon boʻlganida kofirlar uni aqlga sigʻmaydigan qiynoqlarga solganlariga qaramay, iymon kuchi bilan ularga qarshi turgan, ozor va jafolariga matonat bilan chidagan edi. Shu sababli Paygʻambarimiz u haqda sahobalariga: «U – orangizda ochlik va chanqoqqa eng koʻp chidaydigan va bardosh beradiganingizdir», – degan edilar. Abdulloh ibn Jahsh Rasulullohning shahidlarga bergan xushxabarlarini eshitib, doimo shahidlikka intilar edi. Janglarda eng oldinda qahramonlarcha kurashar edi.

Hazrati Abdulloh ibn Jahsh shunday hikoya qiladi: «Oʻsha kuni Rasul alayhissalom xufton namozini oʻqigach, meni yonlariga chaqirib: „Erta tongda yonimga kel. Quroling ham yoningda boʻlsin. Seni bir tomonga yuboraman“, – dedilar.

Tong otgach, masjidga bordim. Qilichim, yoyim, oʻqlarim va xaltam ustimda, qalqonim ham yonimda edi. Rasul alayhissalom bomdod namozini oʻqitib boʻlgach, uylariga qaytdilar. Men oldinroq kelganim uchun eshik oldida kutib turardim. U zot muhojirlardan men bilan boradigan bir necha kishini topdilar. „Seni bu kishilarga qoʻmondon etib tayinladim“, – deb, menga bir maktub berdilar va: „Bor! Ikki kecha yoʻl yurganingdan keyin maktubni och. Unda nima buyurilgan boʻlsa, shunga koʻra ish tut“, – dedilar. „Yo Rasulalloh! Qaysi tomonga boray?“ – deb soʻradim. „Najdiya yoʻlini tut. Rakiyaga, quduq tomonga yur!“ – dedilar.»

Abdulloh ibn Jahsh Naxla safariga tayinlanganida, unga birinchi marta Amirul moʻminin unvoni berildi. Islomda bu nom bilan birinchi atalgan amir u boʻldi. Sakkiz yoki oʻn ikki kishilik boʻlinma bilan ikki kundan keyin Malal degan joyga yetib borgach, u maktubni ochdi. Unda shunday yozilgan edi:

«Bismillahir rohmanir rohim. Bu maktubni koʻzdan kechirganingdan soʻng, Makka bilan Toif orasidagi Naxla vodiysiga tushguningcha Allohu taoloning ismi va barakasi bilan yurib boraver. Sheriklaringdan hech birini sen bilan borishga majburlama! Naxla vodiysidagi qurayshliklarni va qurayshliklarning karvonini kuzatib, iziga tushib, nazorat qilib tur. Ularning xabarlarini bizga yetkaz».

Amirul moʻminin hazrati Abdulloh ibn Jahsh maktubni oʻqigach: «Biz Allohu taoloning bandalarimiz va hammamiz Unga qaytamiz. Eshitdim va itoat qildim. Allohu taoloning va Uning sevimli Rasulining amrini bajaraman», – deb, maktubni oʻpib, boshiga qoʻydi. Soʻngra sheriklariga oʻgirilib: «Qaysi biringiz shahid boʻlishga tashna boʻlsa, men bilan yursin. Kelishni istamagan qaytib ketishi mumkin. Hech biringizni majburlamayman. Kelmasangiz, oʻzim yolgʻiz borib, Rasul alayhissalomning amrini bajaraman», – dedi. Sheriklari bir ovozdan: «Biz Paygʻambarimizning amrlarini eshitdik. Allohu taologa, Rasulullohga (sallallohu alayhi vasallam) va sizga itoat qiluvchilarmiz. Qayerga istasangiz, Allohu taoloning barakasi bilan oʻsha yoqqa yuring», – deb javob berishdi.

Hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqos ham boʻlgan bu kichik qoʻshin Hijoz tomon yoʻl olib, Naxlaga keldi. Bir joyga yashirinib, u yerdan oʻtib turgan qurayshliklarni kuzata boshladi. Shu payt qurayshliklarning bir karvoni oʻtdi. Tuyalari yukli edi. Mujohidlar karvonga yaqinlashib, ularni Islomga daʼvat qildilar, qabul qilmagach, jang qila boshladilar. Ulardan birini oʻldirib, ikkisini asir oldilar, biri otliq boʻlgani uchun unga yetib ololmadilar. Kofirlarning butun moli mujohidlarga qoldi. Abdulloh ibn Jahsh bu gʻanimat mollarining beshdan birini Rasulullohga ajratdi. Bu musulmonlar olgan ilk gʻanimat edi.4

Paygʻambarimiz asirlarga Islomni tushuntirib, ularga iymon keltirishni taklif qildilar. Hakam ibn Kayson musulmon boʻldi. Usmon ibn Kayson Islomni rad etib, Makkaga ketdi.

Masjidi Qiblatayn

Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Madinai munavvaraga hijrat qilganlariga oʻn yetti oy boʻlgan edi. Shu paytgacha u zot doimo Quddusi sharifdagi Baytul Maqdisga yuzlanib namoz oʻqir edilar. Shu kunlarda yahudiylarning: «Qanday ajoyib ish! Dini bizdan boshqa, lekin qiblasi biznikidek!» – degan gaplari Rasulullohgacha yetib keldi. Bu gaplardan u zotning muborak qalblari ozor chekdi.

Bir kuni Jabroil alayhissalom kelganida, u zot unga shunday dedilar: «Ey Jabroil! Allohu taoloning yuzimni yahudiylarning qiblasidan Kaʼbaga burishini istayman».

Jabroil alayhissalom esa: «Men faqat bir bandaman, xolos. Buni Allohu taolodan soʻrang!» – deb javob berdi.

Shundan soʻng Baqara surasining 144-oyati karimasi nozil boʻldi. Unda shunday deyildi: «(Ey Habibim! Vahiy kelishini kutib) yuzingizning osmonga qarab takror-takror burilayotganini Biz, albatta, koʻrib turibmiz. Shuning uchun Biz sizni oʻzingiz rozi boʻladigan bir qiblaga buramiz. Endi yuzingizni Masjidul Harom tomonga (Kaʼbaga) buring. (Ey moʻminlar!) Sizlar ham qayerda boʻlsangizlar, namozlarda yuzlaringizni oʻsha tomonga buringlar. Shubhasiz, oʻzlariga kitob berilganlar bu qibla oʻzgarishining Rabbilari tomonidan haq ekanini albatta biladilar. Allohu taolo esa ularning qiladigan ishlaridan gʻofil emasdir».

Shaʼbon oyining oʻrtalarida, seshanba kuni bu oyati karima nozil boʻlganda, Rasululloh Banu Salima masjidida sahobalariga peshin yoki asr namozini oʻqitayotgan edilar. Namozning uchinchi rakatida Kaʼbaga yuzlanish buyurildi. Vahiyni olishlari bilanoq, u zot darhol Kaʼbai muazzama tomonga yuzlandilar. Sahobai kirom ham Habibi akramga ergashib, oʻsha tomonga burilishdi. Shundan buyon bu masjid Masjidi Qiblatayn, yaʼni «ikki qiblali masjid» deb atala boshladi.

Rasululloh Quboga ham borib, ilk qurilgan masjidning mehrobini muborak qoʻllari bilan qaytadan qurdilar va masjidning devorlarini yangiladilar.5

«Ey Jabroil! Allohu taoloning yuzimni yahudiylarning qiblasidan Kaʼbaga burishini istayman» Hadisi sharif

Masjidi Qiblatayn

Musulmonlarning ilk qiblasi shimoli-gʻarb tomondagi Masjidul Aqso edi. Bu yer yahudiylarning ham qiblasi edi. Yahudiylar musulmonlar bizning qiblamizga yuzlanyapti, deb sahobai kiromni masxara qilar edilar. Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Janobi Haqqa duo qilib, qiblamiz Kaʼbai muazzama boʻlishini istadilar. Rasululloh bu masjidda peshin namozini (boshqa bir rivoyatda asr namozini) oʻqitayotganlarida, «Kaʼbaga yuzlaninglar» maʼnosidagi oyati karima nozil boʻlgach, janubi-sharq tomondagi Kaʼbai muazzamaga yuzlandilar. Shuning uchun bu masjid Masjidi Qiblatayn – «ikki qiblali masjid» deb ataladi.