Salmon Forsiyning musulmon boʻlishi
Kundan-kunga Islom nuri yoyilib, Rasulullohning muborak ismlari eshitilgan sari qalblarda oʻrin ola boshladi. U zotning kelishlarini sogʻinib kutgan ilm ahli izlanib, hayajon bilan Madinaga shoshilar va iymon keltirish sharafiga erishar edilar. Ulardan biri hazrati Salmon Forsiy edi. U oʻzining musulmon boʻlishini shunday hikoya qilgan: – Men Forsdagi (Eron) Isfahon shahrining Jay qishlogʻidanman. Otam qishloqning eng boyi edi, yerlarimiz va molimiz koʻp edi. Men uyning yagona farzandi va otamning yagona erkatoyi edim. Shuning uchun u meni qiz boladek tarbiyaladi. Uydan chiqishimga izn bermas edi. U majusiy (otashparast) boʻlgani uchun menga majusiylikni oʻzi istagandek, kamchiliksiz oʻrgatdi. Uyda doimo olov yonib turar, biz unga sigʻinib, sajda qilar edik.
Otamning mol-mulki koʻp boʻlgani uchun bir kuni u meni tashqariga olib chiqib: «Bolam! Men oʻlganimda bu mollarning egasi sen boʻlasan, shuning uchun bor, mollaringni va yerlaringni tanib ol», – dedi. Men ham: «Xoʻp», – deb, bogʻlarimizni aylanib chiqdim.
Bir kuni dalalarni koʻrgani borayotganimda bir cherkovga duch keldim. Nasroniylarning ovozlarini eshitdim, yonlariga borganimda ichkarida ibodat qilayotganlarini koʻrdim. Ilgari bunday narsani koʻrmaganim uchun hayron qoldim. Chunki bizning ibodatimiz olov yoqib, unga sajda qilishdan boshqa narsa emas edi. Ular esa koʻrinmaydigan bir Allohga ibodat qilar edilar. Oʻzimga: «Allohga qasamki, bularning dini haq, bizniki esa botil», – dedim. Kechgacha ularni qiziqib tomosha qildim. Dalalarimizga yetib bormasimdan qorongʻi tusha boshladi. Ularga: «Bu dinning asli qayerda?» – deganimda, ular: «Shomda», – deyishdi. Soʻng: «Shomga borsam, meni ham qabul qilishadimi?» – deb soʻraganimda: «Ha, qabul qilishadi», – deb javob berishdi. «Orangizda yaqinda Shomga boradigan kishilar bormi?» – deb soʻraganimda, bir ozdan keyin bir karvon joʻnashini aytishdi. Men gaplashgan kishilar oz edi, ular Shomdan Isfahonga kelgan edilar. Ular bilan ovora boʻlib, uyga qaytishga kechikdim. Qaytmaganimni koʻrgan otam meni izlay boshlabdi va odam yuboribdi.
Izlabdilar, topa olmabdilar. Ular tashvishlanib yurganlarida uyga qaytdim. Otam: «Shu paytgacha qayerda eding? Seni izlamagan joyimiz qolmadi», – dedi. Men: «Otajon! Men bugun dalalarni aylanib yurishga chiqqan edim. Lekin yoʻlda bir nasroniy cherkoviga duch keldim. Ichkariga kirdim. Qarasam, ular oʻzlari koʻrmagan, hamma narsaga hokim va qodir boʻlgan bir Allohga iymon keltirar ekanlar. Ularning ibodatlaridan hayron qoldim. Kechgacha ularni tomosha qildim. Ularning dini haq ekanini angladim», – dedim. Buni eshitgan otam: «Ey oʻgʻlim! Sen notoʻgʻri oʻylayapsan, ota-bobolaringning dini ularning dinidan toʻgʻriroqdir. Ularning dini buzuq. Tagʻin aldanib, ishonib qolma!» – dedi. Men esa: «Yoʻq, ularning dini biznikidan xayrliroq; ularniki haq, bizniki botil», – dedim. Otam bunga qattiq gʻazablanib, qoʻl-oyogʻimni bogʻlab, meni uyga qamab qoʻydi.
Shu holda men doimo Shomga ketadigan karvondan xabar kutar edim. Nihoyat, nasroniy rohiblarning karvonni tayyorlaganlarini bildim.
Arqonlarimni yechib qochdim va karvon turgan cherkovga bordim. Bu yerlarda tura olmasligimni aytdim-da, karvonga qoʻshilib, Shom yoʻlini tutdim. Shomda nasroniy dinining eng katta olimini soʻradim. Menga bir kishini koʻrsatdilar, uning oldiga borib, holimni aytdim. Yonida qolishni, unga xizmat qilishni istaganimni aytib, menga nasroniylikni oʻrgatishini, Allohu taoloni tanitishini iltimos qildim. U rozi boʻldi. Endi men unga xizmat qila, cherkovning ishlarini bajara boshladim. U ham menga nasroniylikni oʻrgatar edi.
«Mendan eshitganlaringizni din birodarlaringizga ham aytinglar! Bir-biringizga yetkazinglar!» Hadisi sharif
Lekin keyinroq uning yomon odam ekanini angladim. Chunki nasroniylarning kambagʻallarga berish uchun keltirgan sadaqalarini, oltin va kumushlarini yashirib qoʻyar, muhtojlarga bermas edi. Roppa-rosa yetti xum oltin va kumush yigʻib qoʻygan edi. Mendan boshqa buni biladigan hech kim yoʻq edi. Bir ozdan keyin u oʻldi.
Nasroniylar uni dafn qilish uchun yigʻildilar. Men ularga: «Nega unga buncha hurmat koʻrsatyapsizlar, u bu hurmatga loyiq odam emas!» – dedim. Ular: «Buni qayerdan olding?» – deyishdi va menga ishonishmadi. Shunda men u yiqqan oltinlarning joyini koʻrsatdim. Ular yetti xum oltin bilan kumushni qazib chiqardilar, soʻngra: «Bu odam kafanlash va dafn qilishga loyiq emas», – deb, uni bir joyga tashladilar va ustini tosh bilan koʻmdilar. Uning oʻrniga boshqa bir kishi keldi.1
Bu kishi haqiqatan ilm egasi, zohid bir zot boʻlib, dunyoga sira ahamiyat bermas edi. Oxiratni istovchi edi va doimo oxirat uchun harakat qilar, kechayu kunduz ibodat qilar edi. Men uni juda sevdim va uzoq vaqt uning yonida qoldim. Unga jon deb xizmat qilar edim. Birga ibodat qilar edik.
Bir kuni men unga: «Ey xojam! Men koʻpdan beri yoningizdaman va sizni juda sevib qoldim. Chunki siz Allohu taoloning amrlariga itoat qilasiz va U man qilgan narsalardan saqlanasiz. Siz vafot etganingizda men nima qilay, menga nimani tavsiya qilasiz?» – deb soʻradim. U shunday javob berdi: «Oʻgʻlim, Shomda odamlarni isloh qila oladigan biror kishi qolmadi. Kimga borsang ham, u seni buzadi. Lekin Mosulda bir zot bor, uni topishingni tavsiya qilaman».
U vafot etgach, Mosulga bordim, u taʼriflagan zotni topdim va boshimdan kechirganlarimni aytib berdim. U meni xizmatiga qabul qildi. U ham avvalgi zot kabi juda qimmatli, dunyoga berilmagan va doimo ibodat qiladigan kishi edi. Unga ham uzoq vaqt xizmat qildim. Lekin bir kuni u kasal boʻlib qoldi. Vafotidan oldin unga ham xuddi shu savollarni berdim. U menga Nusaybindagi bir zotni tavsiya qildi. U vafot etgach, darhol Nusaybinga bordim. U aytgan kishini topib, yonida qolishni istaganimni bildirdim. U rozi boʻldi, bir muddat uning xizmatida boʻldim. U kasal boʻlganda, meni boshqa birovga yuborishini soʻradim. Bu safar u menga Rum shahri Amuriyada yashaydigan boshqa bir zotni taʼriflab berdi. U vafot etgandan keyin Amuriya yoʻlini tutdim. U aytgan bu shaxsni ham topib, xizmatiga kirdim va uzoq vaqt qoldim.
Soʻngra uning ham vafoti yaqinlashdi. Meni biror kishiga topshirishini iltimos qilganimda, u: «Allohga qasamki, hozir bunday bir kishini bilmayman. Lekin oxir zamon Paygʻambarining kelishi yaqinlashdi», – dedi va u zotning alomatlarini sanab berdi: «U arablar orasidan chiqadi, vatanidan hijrat qilib, toshloq yerlar orasidagi xurmosi koʻp bir shaharga joylashadi.
U hadyani qabul qiladi, sadaqani qabul qilmaydi. Ikki yelkasi orasida paygʻambarlik muhri bor». Bu zot ham vafot etgach, uning soʻzlariga ergashib, arablar yurtiga borishga qaror qildim. Amuriyada ishlab, bir necha hoʻkiz va bir oz qoʻyga ega boʻlgan edim. Banu Kalb qabilasidan bir karvon arablar yurtiga ketishga hozirlanayotgan edi. Men ularga: «Bu hoʻkizlar bilan qoʻylar sizlarniki boʻlsin, meni arablar yurtiga olib boringlar!» – deganimda, ular taklifimni qabul qilib, meni oʻzlari bilan oldilar. Lekin Vodil Quro degan joyga kelganda menga xiyonat qilib, qul deb bir yahudiyga sotdilar. Yahudiy yashaydigan joyda xurmo bogʻlarini koʻrdim. «Oxir zamon Paygʻambari hijrat qiladigan joy, ehtimol, shu yerdir», – deb oʻyladim. Lekin sira koʻnikmadim. Bu yahudiyga bir muddat xizmat qildim. Soʻngra u meni amakivachchasiga sotdi. U meni olib, Madinaga keltirdi. Madinaga yetib kelganimda, bu joyni oldin koʻrgandek, unga darhol koʻnikdim. Endi kunlarim Madinada oʻtar, meni sotib olgan yahudiyning tokzori va bogʻida ishlab, unga xizmat qilar edim. Shu bilan birga asl maqsadimga erishishni sabrsizlik bilan kutar edim.
Bir kuni bir xurmo daraxtiga chiqib ishlayotgan edim. Xojam kimdir bilan daraxt tagida gaplashayotgan edi. Bir payt ular: «Avs va Xazraj qabilalari halok boʻlsin! Makkadan Quboga bir kishi kelibdi. Oʻzini paygʻambar deyapti. Bu qabilalar ham uni qabul qilib, diniga kirmoqdalar…» – deb gaplashishdi. Men bu soʻzlarni eshitib, oʻzimdan ketgandek boʻldim. Darhol pastga tushib, haligi kishiga: «Nima deyapsan?» – dedim. Xojam menga: «Senga nima, nega soʻrayapsan, oʻz ishingni qil!» – deb, bir shapaloq urdi. Oʻsha kuni kechqurun bir oz xurmo olib, darhol Quboga bordim. Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) huzurlariga kirib: «Siz solih kishisiz, yoningizda kambagʻallar ham bor. Bu xurmolarni sadaqa qilib keltirdim», – dedim.
Rasululloh yonlaridagi sahobalariga: «Kelinglar, xurmo yenglar», – dedilar. Ular yeyishdi. Lekin oʻzlari sira yemadilar. Oʻzimga: «Mana, alomatlardan biri shu. U zot sadaqa qabul qilmaydilar», – dedim. Rasululloh Madinaga tashrif buyurganlaridan keyin yana bir oz xurmo olib, Rasulullohga keltirdim. «Bu – hadya», – dedim. Bu safar u zot yonlaridagi sahobalari bilan birga yedilar. «Mana, ikkinchi alomat ham chiqdi», – dedim. Men olib borgan xurmo yigirma beshta chamasi edi. Holbuki, yeb boʻlingan xurmolarning danaklari mingga yaqin edi. Rasulullohning moʻjizalari bilan xurmo koʻpaygan edi. Oʻzimga: «Yana bir alomatni koʻrdim», – dedim. Rasulullohning yonlariga yana bordim. Ular bir mayyitni dafn qilayotgan edilar. Paygʻambarlik muhrini koʻrishni istaganim uchun juda yaqin bordim. U zot murodimni anglab, koʻylaklarini koʻtardilar. Muborak yelkalari ochilganda, paygʻambarlik muhrini koʻrdim; darhol uni oʻpdim va yigʻladim. Shu onda kalimai shahodat aytib, musulmon boʻldim.
Soʻngra Rasulullohga boshimdan kechirgan voqealarni bir-bir aytib berdim. Bu u zotga yoqdi. Bularni sahobai kiromga ham aytib berishimni buyurdilar. Sahobai kirom yigʻildi, men ham boshimdan kechirganlarimni eng mayda tafsilotlarigacha soʻzlab berdim…2
Salmon Forsiy iymon keltirganda arab tilini bilmagani uchun tarjimon soʻragan edi. Kelgan yahudiy tarjimon uning sevimli Paygʻambarimizni madh etishini teskari qilib aytar edi. Shu payt Jabroil alayhissalom kelib, hazrati Salmonning soʻzlarini Rasulullohga toʻgʻri yetkazdi. Yahudiy holni anglagach, kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻldi.
Salmon Forsiy musulmon boʻlganidan keyin yana bir muddat qul boʻlib qoldi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Oʻzingni qullikdan qutqar, yo Salmon!» – deganlaridan keyin u xojasiga borib, ozod boʻlishni istaganini aytdi. Bunga istar-istamas rozi boʻlgan yahudiy uch yuzta xurmo koʻchatini oʻtqazib, ularni hosilga kiritish va ming olti yuz dirham oltin (bir rivoyatda toʻrt ming dirhamga yaqin kumush) berish sharti bilan kelishdi.
Buni u Rasulullohga xabar qildi. Paygʻambarimiz sahobalariga: «Birodaringizga yordam beringlar», – dedilar. Ular uning uchun uch yuzta xurmo koʻchati yigʻishdi. Rasululloh: «Ularning chuqurlarini tayyorla, tugagach, menga xabar ber», – dedilar. U chuqurlarni tayyorlab, xabar qilgach, Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) u yerga tashrif buyurib, koʻchatlarni oʻz muborak qoʻllari bilan oʻtqazdilar. Ulardan bittasini hazrati Umar oʻtqazgan edi. Hazrati Umar oʻtqazganidan boshqa hammasi Allohu taoloning izni bilan oʻsha yili hosil berdi. Rasululloh oʻsha bitta koʻchatni ham sugʻurib olib, muborak qoʻllari bilan qaytadan oʻtqazdilar va u oʻtqazilishi bilanoq hosil berdi.
«Oxir zamon Paygʻambarining kelishi yaqinlashdi. U arablar orasidan chiqadi, vatanidan hijrat qilib, toshloq yerlar orasidagi xurmosi koʻp bir shaharga joylashadi. U hadyani qabul qiladi, sadaqani qabul qilmaydi. Ikki yelkasi orasida paygʻambarlik muhri bor» Amuriyalik rohib
Hazrati Salmon Forsiy shunday hikoya qildi: «Bir kuni bir kishi meni izlab: „Mukotab (ozodlikka erishish uchun xojasi bilan maʼlum bir miqdorga kelishgan qul) faqir Salmon Forsiy qayerda?“ – deb soʻrar edi. U meni topdi va qoʻlidagi tuxumdek kattalikdagi oltinni menga berdi. Men uni olib, Paygʻambarimizning oldilariga bordim va holni arz qildim.
Rasululloh oltinni menga qaytarib berib: „Bu oltinni ol-da, qarzingni toʻla!“ – dedilar. Men: „Yo Rasulalloh! Bu oltin yahudiy soʻragan ogʻirlikda emas“, – deganimda, Rasululloh u oltinni olib, muborak tillariga surtdilar. Soʻngra: „Ol buni! Allohu taolo u bilan sening qarzingni uzadi“, – dedilar. Alloh haqqi, men u oltinni tortib koʻrdim, aynan soʻralgan miqdorda edi. Uni ham olib borib berdim. Shu tariqa qullikdan qutuldim».3
Shu kundan keyin Salmon Forsiy Asʼhobi suffaga qoʻshildi.
Farishtalar tinglagani kelar edi
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Qurʼoni karimni shunday goʻzal, shunday shirin va taʼsirli oʻqir edilarki, u zotni tinglagan musulmon boʻlmaganlar ham hayron qolar edilar. U zotni tinglab musulmon boʻlganlar koʻp edi.
Hazrati Baro ibn Ozib shunday hikoya qildi: «Bir kuni xufton namozidan keyin Rasulullohning Tiyn surasini oʻqiyotganlarini tingladim. Shunchalik goʻzal oʻqir edilarki, ovozi va oʻqishi u zotnikidan mukammalroq boʻlgan biror kishini eshitmaganman».
Sahobai kirom orasida ovozi juda goʻzal boʻlgan, Qurʼoni karimni oʻqiganda yigʻlaydigan va boshqalarni yigʻlatadiganlar juda koʻp edi. Ulardan biri Usayd ibn Huzayr edi. Bir kechasi u otini yoniga bogʻlab, Baqara surasini oʻqiy boshladi. Oʻqiyotganida ot birdan hurkdi. Hazrati Usayd jim boʻldi, ot tinchlandi. Oʻqiy boshladi, ot yana hurkdi. Jim boʻlganda, tinchlandi. Yana oʻqiy boshlaganda, ot yana hurkdi. Usayd ibn Huzayrning oʻgʻli Yahyo otga yaqin bir joyda yotgan edi. Otning bolaga zarar yetkazishidan xavotirlanib, oʻqishni toʻxtatdi.
Osmonga qaraganida, oq bulut soyasiga oʻxshagan bir tuman ichida qandildek yaltirab turgan narsalarni payqadi. Oʻqishni toʻxtatgach, oʻsha yaltiroq narsalarning osmonga qarab koʻtarilib ketayotganini koʻrdi.
Tong otgach, u sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) huzuri shariflariga borib, boshidan kechirganlarini aytib berdi.
Paygʻambarimiz: «Ularning nima ekanini bilasanmi?» – deb soʻraganlarida, hazrati Usayd: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Bilmayman», – deb javob berdi.
Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Ular farishtalar edi. Sening ovozingga yaqinlashgan edilar. Agar oʻqishni davom ettirganingda, tonggacha seni tinglagan boʻlar edilar, odamlar ham ularni koʻrib, tomosha qilar edilar. Ular xalqning koʻzidan yashirinmas edilar».
Qurʼoni karimni juda taʼsirli oʻqiydiganlardan biri hazrati Abu Bakr Siddiq edi. Namoz oʻqiyotib qiroat qila boshlasa, oʻzini tutolmas, muborak koʻzlaridan yoshlar oqar edi. Koʻrganlar uning bu holiga hayron qolar edilar. Bir kuni mushriklar yigʻilib: «Bu odam paygʻambar keltirganlarini kuyinib oʻqib, yigʻlaydi. Bolalarimiz va xotinlarimiz uning bu holiga maftun boʻlib, musulmon boʻlib qolishlaridan qoʻrqamiz», – deyishdi.
Abdulloh ibn Salomning musulmon boʻlishi
Sevimli Paygʻambarimizning muborak jamollarini koʻrib, u zotga oshiq boʻlganlardan, muborak soʻzlarini va oʻqigan Qurʼoni karimlarini tinglab, hayron qolib musulmon boʻlganlardan biri hazrati Abdulloh ibn Salomdir.
Tavrot va Injilni yaxshi bilgan Abdulloh ibn Salom iymon keltirishidan oldin yahudiy olimi edi. U oʻzining musulmon boʻlishini shunday hikoya qiladi: «Men Tavrotni va uning sharhlarini otamdan oʻqib oʻrgangan edim. Bir kuni otam menga oxir zamonda keladigan paygʻambarning sifatlarini, alomatlarini va qiladigan ishlarini aytib berdi va: „Agar u Horun avlodidan kelsa, unga ergashaman; aks holda ergashmayman!“ – dedi. U Rasululloh Madinaga kelishlaridan oldin oʻldi.
Rasulullohning Makkada paygʻambarliklarini eʼlon qilganlarini eshitganimda, men u zotning sifatlarini, ismlarini va keladigan vaqtlarini bilar edim. Shuning uchun u zotni kutib yurdim. Rasulullohning Madina yaqinidagi Qubo degan joyda Banu Amr ibn Avfning uyida mehmon boʻlganlarini biridan eshitgunimcha, bu holimni yahudiylardan yashirib, jim yurdim.
Bir kuni bogʻimda xurmo daraxtidan hoʻl xurmo terayotganimda, Banu Nazirdan biri: „Bugun arablarning odami keldi!“ – deb qichqirdi. Meni titroq bosdi. Darhol: „Allohu akbar“, – deb takbir aytdim. Shu payt ammam Xolida bint Horis daraxt tagida oʻtirgan edi. U juda keksa ayol edi. Takbirimni eshitib, menga doʻq qildi: „Alloh qoʻlingni boʻsh qoldirsin, umidingga yetkazmasin! Allohga qasamki, Muso ibn Imronning4 kelishini eshitganingda ham bundan ortiq sevinmas eding!“ Men unga: „Ey amma! Allohga qasamki, u zot Muso ibn Imronning birodari va u kabi bir paygʻambardirlar. U zot uning yoʻlidadirlar va u qanday tavhid bilan yuborilgan boʻlsa, u zot ham shu tavhid bilan yuborilganlar“, – dedim.
Shundan keyin u menga: „Ey jiyanim! Yoki u qiyomatga yaqin yuborilishi bizga bildirilgan paygʻambarmi?“ – dedi. „Ha“, – dedim. „Unday boʻlsa, sen haqsan“, – dedi.5
Rasululloh Madinaga hijrat qilganlarida, u zotni koʻrish uchun darhol xalq orasiga aralashdim. Muborak jamollarini, nurli yuzlarini koʻrishim bilanoq: „Bu yuz yolgʻonchining yuzi boʻla olmaydi!“ – dedim. Rasululloh yigʻilgan odamlarga Islomni tushuntirar, nasihatlar qilar edilar. Oʻsha yerda Rasulullohdan eshitgan ilk hadisi sharif mana bu edi: „Salomni oralaringizda yoyinglar, ochlarni toʻydiringlar, silai rahm qilinglar (yaqin qarindoshlaringizni ziyorat qilinglar), odamlar uyqudaligida namoz oʻqinglar. Shu tariqa jannatga salomat kirasizlar“.
Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) meni paygʻambarlik nuri bilan tanib: „Sen Madina olimi Ibn Salom emasmisan?“ – dedilar. Men: „Ha“, – deganimda, sevimli Paygʻambarimiz: „Yaqinroq kel“, – deb, shunday savol berdilar: „Ey Abdulloh! Allohu taolo haqqi, ayt! Tavrotda mening sifatlarimni oʻqib oʻrganmadingmi?“ Men: „Allohu taoloning sifatlari qanday, ayta olasizmi?“ – dedim.
Bu savolga javoban Rasululloh bir oz kutdilar va Jabroil alayhissalom Ixlos surasini nozil qildi. Rasululloh oʻqigan bu surani eshitgach, Paygʻambarimizga darhol: „Ha, yo Rasulalloh! Toʻgʻri aytasiz, guvohlik beramanki, Allohu taolodan boshqa iloh yoʻq. Siz – Uning bandasi va rasulisiz“, – deb, kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻldim. Soʻngra: „Yo Rasulalloh! Yahudiylar – odamni hayratga soladigan darajada yolgʻon gapiradigan, asossiz ayb taqadigan va boʻhton qiladigan zolim bir xalqdir. Agar siz mening feʼl-atvorimni va barcha holimni ulardan soʻrab bilmasingizdan oldin ular mening musulmon boʻlganimni eshitib qolsalar, albatta, sizning huzuringizda menga aqlga sigʻmaydigan boʻhtonlar qiladilar. Avval meni ulardan soʻrang!“ – dedim-da, uyning bir tomoniga yashirindim. Mendan keyin yahudiylarning koʻzga koʻringanlaridan bir guruh ichkariga kirdi. Rasululloh yahudiylardan: „Orangizdagi Abdulloh ibn Salom qanday odam?“ – deb soʻradilar. Yahudiylar: „U – bizning eng yuksak olimimiz va eng katta olimimizning oʻgʻli! Ibn Salom – bizning eng xayrlimiz va eng xayrlimizning oʻgʻli!“ – deyishdi. Shundan keyin Rasululloh yahudiylardan: „Agar u musulmon boʻlgan boʻlsa, sizlar bunga nima deysizlar?“ – deb soʻradilar.
«Allohu taolo menga toʻrt kishini sevishini bildirdi. Bu toʻrttasini sevishni menga buyurdi. Ular – Ali, Abu Zarr, Miqdod va Salmon» Hadisi sharif
Yahudiylar: „Alloh uni bunday narsadan asrasin!“ – deb javob berdilar.
Shu payt yashirinib turgan joyimdan chiqib, u zotni tasdiqlab shunday dedim: „Ey yahudiylar jamoasi! Allohu taolodan qoʻrqinglar! Sizlarga kelgan narsani qabul qilinglar. Allohu taologa qasamki, oʻzingiz ham bilasiz: qoʻlingizdagi Tavrotda ismi va sifatlari yozilganini koʻrganingiz Allohu taoloning rasuli – mana shu zotdir. Guvohlik beramanki, Allohu taolodan boshqa iloh yoʻq. Yana guvohlik beramanki, Muhammad alayhissalom Uning bandasi va rasulidir.“ Shunda yahudiylar: „U – bizning eng yomonimiz va eng yomonimizning oʻgʻli!“ – deb, menga turli ayblarni taqib, tuhmatlar yogʻdirib, meni yomonlay boshladilar. Men: „Men aynan shundan qoʻrqqan edim. Yo Rasulalloh! Ularning zolim, yolgʻonchi, yomonlikdan tap tortmaydigan, tuhmatchi bir qavm ekanini sizga aytmaganmidim? Mana, hammasi oshkor boʻldi!“ – dedim. Rasululloh yahudiylarga: „Birinchi guvohligingiz bizga kifoya, ikkinchisi esa kerak emas“, – dedilar. Shundan soʻng men darhol uyimga qaytdim.
Oilamni va qarindoshlarimni Islomga daʼvat qildim. Hammalari, hatto ammam ham musulmon boʻldi.
Mening iymon keltirishim yahudiylarning qattiq gʻazabini qoʻzgʻadi. Shuning uchun ular meni siquvga ola boshladilar. Hatto baʼzi yahudiy olimlari: „Arablardan paygʻambar chiqmaydi, sening odaming – bir hukmdor, xolos“, – deb, meni Islomdan qaytarishga urindilar, lekin bunga erisha olmadilar.»
U bilan birga Saʼlaba ibn Saʼya, Usayd ibn Saʼya, Asad ibn Ubayd va boshqa baʼzi yahudiylar chin dildan musulmon boʻldilar. Lekin baʼzi yahudiy olimlari: «Muhammadga faqat bizning yomonlarimiz iymon keltirdi. Agar ular yaxshilarimizdan boʻlganlarida, ota-bobolarining dinini tashlab ketmas edilar», – deyishdi. Shunda Allohu taolo ularga javob tariqasida oyati karima nozil qilib, shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Ularning (ahli kitobning) hammasi bir xil emas. Ahli kitob orasida ibodat va toatda boʻlgan bir jamoat borki, ular kechalari sajdaga bosh qoʻyib, Allohu taoloning oyatlarini oʻqiydilar».6
Kundan-kunga holim yomon, benihoya, yo Rasulalloh!
Tuzalsin endi amalim, inoyat, yo Rasulalloh!
Bu pastkash nafsim azdi, meni shaytonga ergashtirdi,
Shuncha isyon ila qandoq panoh tilay, yo Rasulalloh?
Nafsu shayton havasidan qutulmoq mumkinmi, ajab,
Agar sizdan menga yetmasa hidoyat, yo Rasulalloh?
Fayzu ehsoningiz bir on yetsa gunohkor bandaga,
Ikki dunyoda yoʻli boʻlur salomat, yo Rasulalloh!
Amru nahyni ulugʻladim, haromga demadim halol,
Har gunohning soʻngi boʻldi nadomat, yo Rasulalloh!
Ey insu jinning Rasuli, insonlarning eng ulugʻi,
Ixlosimga bagʻishlab, shafoat qiling, yo Rasulalloh!
«Salomni oralaringizda yoyinglar, ochlarni toʻydiringlar, silai rahm qilinglar, odamlar uyqudaligida namoz oʻqinglar. Shunda jannatga salomat kirasizlar» Hadisi sharif
Madinai munavvaradan qadimiy bir koʻrinish (1890)
Hijratning birinchi yilida yuz bergan baʼzi voqealar
Hijratning birinchi yilida ansorlardan Asʼad ibn Zurora, Baro ibn Maʼrur, Kulsum ibn Hidm, muhojirlardan Usmon ibn Mazʼun vafot etdi. Bundan tashqari, hazrati Abu Bakr bilan Bilol Habashiy (roziyallohu anhumo) Madinaning havosi va suviga chiday olmay, bezgak kasaliga chalinishdi. Shunda Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Yo Rabbim! Makkani bizga sevdirganingdek, Madinani ham sevdirgin va bizga bu yerda baraka va moʻl rizq bergin», – deb duo qildilar. Janobi Haq ham u zotning duolarini qabul qilib, muhojirlarga Madinani sevdirdi.
Ilk yozma shartnoma
Rasululloh hijrat qilishlaridan oldin Madinadagi Xazraj qabilasining boshligʻi Abdulloh ibn Ubay Madinaga hukmdor qilib saylanishi kerak edi. Aqaba bayʼatlaridan, soʻngra hijrat voqeasidan keyin Avs va Xazraj qabilalarining koʻpchiligi musulmon boʻlgach, Abdulloh ibn Ubayning hukmdorligi amalga oshmay qoldi. Shu sababli Abdulloh ibn Ubay avvalo Paygʻambarimizga va muhojir boʻlgan sahobai kiromga, soʻngra madinalik sahobalarga tish qayrab yurar, lekin dushmanligini ochiq koʻrsata olmas edi. Oʻziga oʻxshagan bir necha kishi bilan u munofiqlar toʻdasini tuzdi. Ular musulmonlar oldida Islom diniga kirganliklarini aytar, orqalaridan esa masxara qilar edilar. Yashirincha nifoq urugʻlarini sochib, fitna chiqara boshladilar. Bu ishda shu qadar haddan oshdilarki, hatto Faxri olamning (sallallohu alayhi vasallam) muborak soʻzlarini teskari naql qilishga va oʻzgartirishga urindilar.
Bu orada makkalik mushriklar ham tinch turmas, Rasulullohga Makkada qila olmagan ishlarini Madinada qilishga urinar edilar. Madinalik mushriklarga tahdid maktublari yuborganlari kabi Madinadagi yahudiy qabilalariga ham tahdidlarga toʻla maktublar va xabarlar yuborib turardilar. Ularning bu tahdidlari yahudiylarning Rasulullohga yaqinlashishlariga sabab boʻldi.
Shu payt yahudiylar Rasulullohning huzurlariga kelib: «Siz bilan sulh tuzgani keldik. Bir shartnoma tuzaylik-da, bir-birimizga zararimiz tegmasin», – deyishdi. Paygʻambarimiz ham ular bilan ellik besh moddadan iborat shartnoma tuzdilar. Qabul qilingan qarorlarning baʼzilari quyidagilardir:
1. Ushbu shartnoma – Rasululloh Muhammad alayhissalom tomonidan makkalik va madinalik musulmonlar, ularga tobe boʻlganlar, keyinchalik ularga qoʻshilganlar va ular bilan birga jang qilganlar oʻrtasida yozilgan hujjatdir.
2. Shubhasiz, ular boshqa odamlardan alohida bir jamoatdir.
3. Har bir qabila oʻz asirlarining fidya pulini (musulmonlar orasidagi adolatga koʻra) birgalikda toʻlaydi.
4. Musulmonlar oʻz oralarida nizo chiqaradiganlarga, ular oʻz farzandlari boʻlsa ham, qarshi turadilar.
5. Yahudiylardan musulmonlarga tobe boʻlganlarga hech qanday zulm qilinmaydi, aksincha, ularga yordam ham beriladi.
6. Yahudiylar musulmonlar bilan birga bir guruhni tashkil etadi, har kim oʻz dinining talablarini bajaradi.
7. Yahudiylardan hech biri Muhammad alayhissalomning iznisiz harbiy yurishga chiqa olmaydi.
8. Hech kim shartnoma tuzgan kishisiga yomonlik qilmaydi, zulmga uchraganga albatta yordam beriladi.
9. Madina vodiysi ushbu shartnomani tuzganlar uchun daxlsiz, haram hududdir.
10. Makkalik mushriklar va ularga yordam berganlar hech qanday holda himoya qilinmaydi.
11. Madinaga hujum qiladiganlarga qarshi musulmonlar bilan yahudiylar bir-birlariga yordam beradilar.
Yahudiylar bu shartnoma bilan (zohiran) musulmonlar bilan doʻst boʻlishlari, ularga kin saqlamasliklari va dushmanlik qilmasliklari kerak edi.7
Ey Habibim, mahzun boʻlmang
Dushmanliklarini ichlarida yashirgan yahudiylar yuqoridagi shartnomani imzolagach, Paygʻambarimizning huzurlariga guruh-guruh boʻlib kela boshladilar. Oʻzlaricha juda qiyin boʻlgan savollarni berdilar. Olgan javoblaridan u zotning haq paygʻambar ekanlarini angladilar. Lekin oʻjarlik va hasadlari tufayli iymon keltirmadilar. Shunda sevimli Paygʻambarimiz: «Agar menga yahudiy olimlaridan oʻn kishi iymon keltirganida edi, barcha yahudiylar iymon keltirar edi», – dedilar. Rasulullohning bu mahzunliklariga Allohu taolo mana bu oyati karima bilan tasalli berdi: «(Ey Habibim!) Ey shonli Rasul! Qalblari bilan ishonmagan holda, ogʻizlari bilan „iymon keltirdik“ deydiganlar (munofiqlar) va yahudiylardan kufr ichida shoshilib yurganlar(ning holi) sizni mahzun qilmasin. Ular tinmay yolgʻonga quloq soladiganlar va sizning huzuringizga kelmagan boshqa bir qavm (Xaybar yahudiylari) uchun (Banu Qurayzadan) josuslik qiladiganlardir. Ular eshitgan soʻzlarning, haqiqatlarning oʻrnini oʻzgartiradilar, ularni haqdan uzoqlashtiradigan qilib aytadilar. Va: „Agar sizlarga mana shu (fatvo) berilsa, uni qabul qilinglar, berilmasa, undan saqlaninglar“, – deydilar. Allohu taolo kimning fitnaga tushishini xohlasa, bas, siz Allohu taoloning irodasini hech qanday yoʻl bilan toʻsa olmaysiz. Ular shunday kimsalarki, Allohu taolo (ularning) qalblarini poklashni istamagan. Ularga dunyoda xorlik va rasvolik, oxiratda esa juda katta azob bor».8
Tuzilgan shartnoma tufayli sahobalardan baʼzilari qoʻshnilari boʻlgan yahudiylar bilan doʻstlashgan edi. Allohu taolo ularni ham bundan qaytarib, shunday marhamat qildi: «Ey iymon keltirganlar! Din birodarlaringizdan boshqalarni (kofir va munofiqlarni) doʻst tutmanglar. Ular sizlarga yomonlik qilishda, fasod chiqarishda hech boʻsh kelmaydilar va mashaqqatga tushishingizni istaydilar. Ularning sizlarga boʻlgan kin va dushmanliklari ogʻizlaridan toshib chiqdi. Qalblarida yashirgan dushmanliklari esa yanada kattaroqdir. Agar oʻylab tushunsangizlar, ularning dushmanliklari haqidagi oyatlarni bayon qildik (eʼtibor berishingiz lozim boʻlgan narsalarni juda ochiq koʻrsatdik)».9
Makkalik mushriklar Madinadagi mushriklarni, munofiqlarni, yahudiylarni va Madina atrofidagi qabilalarni tinimsiz gij-gijlab, tahdid qilib turar edilar. Ular Islomning nurini tezroq oʻchirishga urinar, sevimli Paygʻambarimizning muborak vujudlarini yoʻq qilish yoʻllarini izlar edilar.
«Agar menga yahudiy olimlaridan oʻn kishi iymon keltirganida edi, barcha yahudiylar iymon keltirar edi» Hadisi sharif
Munofiqlar va mushriklarning bunday harakatlariga qarshi Rasululloh doimo sulh yoʻlini tutar edilar. Sahobai kiromdan baʼzilari endi dushmanga qarshi chiqish lozim, deb ishonar va shunday duo qilar edilar: «Yo Rabbim! Biz uchun Sening yoʻlingda mana shu mushriklar bilan kurashishdan qimmatliroq narsa yoʻq. Bu qurayshlik mushriklar Habibingning paygʻambarligini yolgʻonga chiqardilar va u zotni Makkadan chiqib ketishga majbur qildilar. Allohim! Albatta, bizga ular bilan jang qilishga izn berasan!…» Rasululloh esa bu borada Allohu taoloning amrini kutar, nima buyurilsa, shunga koʻra ish tutar edilar. Nihoyat vaqti keldi. Jabroil alayhissalom keltirgan vahiyda shunday deyildi: «Sizlarga qarshi jang ochganlar bilan sizlar ham Allohu taoloning yoʻlida jang qilinglar. Lekin haddan oshib, tajovuz qilmanglar. Albatta, Allohu taolo haddan oshuvchilarni sevmaydi. Ularni (kofirlarni) qayerda topsangizlar, oʻldiringlar. Ular sizlarni (Makkadan) chiqarganlaridek, sizlar ham ularni chiqaringlar. Ularning shirk fitnasi odam oʻldirishdan ham yomonroqdir. Ular Masjidul Haromda sizlar bilan jang qilmagunlaricha, sizlar ham u yerda ular bilan urushmanglar. Lekin ular sizlarni u yerda oʻldirsalar, sizlar ham ularni u yerda oʻldiringlar. Kofirlarning jazosi shunday. Agar ular Allohu taoloni inkor qilishdan va urushdan voz kechsalar, (sizlar ham qoʻyinglar. Chunki) albatta, Allohu taolo juda magʻfirat qiluvchi va marhamat qiluvchidir».10
Soʻngra nozil qilingan bir oyati karimada shunday deyildi: «Shirk fitnasidan asar qolmaguncha va din faqat Allohu taoloniki boʻlguncha (faqat Allohu taologa ibodat qilinguncha), u mushriklar bilan jang qilinglar. Agar (shirkdan) voz kechsalar, (ularga zulm yoʻq.) Dushmanlik (jazo) faqat zolimlargaginadir».11
Mo madahtu Muhammadan bi maqolotiy,
Lakin madahtu maqolotiy bi Muhammadin.
(Muhammad alayhissalomni madh eta olmayman,
U zot bilan yozganlarimni qadrli qilaman.)
Imomi Rabboniy (rahmatullohi alayh)
