Sevimli Paygʻambarim

SAHOBAI KIROMNING TARBIYASI

Masjidi Nabaviy

Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Madinaga tashrif buyurganlarida birinchi ish sifatida sahobalarini tarbiyalaydigan, jamoat bilan namoz oʻqiladigan bir masjid qurilishini istadilar. Shu payt Jabroil alayhissalom kelib: «Yo Rasulalloh! Allohu taolo sizga Oʻzi uchun tosh va xom gʻishtdan bir bayt (masjid) qurishingizni buyurmoqda», – dedi. Habibi akram darhol Madinaga kelganlarida tuyalari Qasvo choʻkkan joyni egalaridan sotib olmoqchi boʻldilar. Egalari: «Yo Rasulalloh! Biz uning bahosini faqat Janobi Haqdan kutamiz. Bu joyni sizga Alloh roziligi uchun hadya qilamiz», – deb, uni hadya qilishni juda istashdi. Shunga qaramay, Paygʻambarimiz qabul qilmadilar va uning haqini ortigʻi bilan toʻladilar.1

Bir tomondan yer tekislanib, tartibga keltirilar, boshqa tomondan xom gʻishtlar quyilar va toshlar tashilar edi. Nihoyat, barcha tayyorgarlik tugagach, poydevor qoʻyish uchun yigʻilishdi. Poydevorga birinchi toshni Muhammad Mustafo (sallallohu taolo alayhi vasallam) muborak qoʻllari bilan qoʻydilar. Soʻngra navbat bilan: «Abu Bakr toshini mening toshim yoniga qoʻysin! Umar toshini Abu Bakrning toshi yoniga qoʻysin! Usmon toshini Umarning toshi yoniga qoʻysin! Ali toshini Usmonning toshi yoniga qoʻysin!» – dedilar. Amrlari bajarilgach, u yerdagi sahobai kiromga: «Sizlar ham toshlaringizni qoʻyinglar», – dedilar. Ular ham qoʻya boshlashdi.

Masjid qurilishida sevimli Paygʻambarimizdan boshlab barcha sahobai kirom tinmay, dam olmasdan ishladilar. Muborak yelkalarida tosh va xom gʻisht tashidilar. Poydevorni tosh bilan bir yarim metr koʻtarib, ustini xom gʻisht bilan terdilar. Bir kuni Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) xom gʻisht koʻtarib borayotgan edilar. Sahobalaridan biri u zotning huzurlariga kelib, gʻoyat odob bilan: «Yo Rasulalloh! Gʻishtni men tashishimga izn berasizmi?» – dedi. Xotamul anbiyo unga yanada katta nazokat bilan oʻzlarining savob topishga koʻproq muhtoj ekanliklarini bildirib, gʻishtni bermadilar. Unga ham borib tosh olib kelishni tavsiya qildilar.

Masjidi Nabaviyning qurilishida eng koʻp mehnat qilganlardan biri Rasulullohning oʻzlari edilar. Eng ogʻir toshlarni koʻtarib, muborak koʻkraklari siqilib-siqilib, ustalarning oldiga olib borar edilar. Bu tosh va gʻishtlarni tashiyotganlarida bajarilayotgan ishning qadrini soʻzlab, erishiladigan neʼmatlar haqida xushxabar berib, sahobalarini gʻayratga keltirar edilar.

Paygʻambarimizning bu gʻayratlarini koʻrgan musulmonlar katta ishq bilan ishlar edilar. Hatto hamma bittadan gʻisht tashiyotganda Ammor ibn Yosir ikkitadan – birini Paygʻambarimiz uchun, birini oʻzi uchun olib borar edi. Buni koʻrgan Rasululloh uning yoniga bordilar. Muborak qoʻllari bilan hazrati Ammorning yelkasini silab: «Ey Sumayyaning oʻgʻli! Senga ikki, boshqalarga bir ajr bor!» – dedilar.

Masjidning devorlari qisqa vaqtda bitkazildi va usti yopildi. Xonalar arab odatiga koʻra xurmo shoxlaridan boʻlib, ustlari jundan qilingan kigiz bilan yopilgan edi. Eshiklariga faqat parda osilgan edi. Xonalar masjidning janubi-sharqiy va shimoliy tomonlarida edi. Koʻpchiligining eshigi masjidga ochilar edi. Shiftlarining balandligi oʻrta boʻyli kishining boʻyidan bir qarich ortiq edi. Hazrati Fotima bilan hazrati Oishaning xonalari orasida eshik bor edi. Bundan tashqari, masjidga tutashtirib Rasululloh uchun xom gʻishtdan ikkita xona qurildi. Ularning usti ham xurmo xodalari va shoxlari bilan yopildi. Vaqt oʻtishi bilan bu xonalar toʻqqiztagacha koʻpaytirildi. Masjid qurilishi tugagach, Paygʻambarimiz hazrati Xolid ibn Zaydning uyidan oʻzlari uchun qurilgan uyga koʻchib oʻtdilar.2

«Moʻminlar faqat birodardirlar» Hujurot: 10

Yo RASULALLOH!
Oshiqlarni hamisha shaydo etgan
– sizning jamolingizdir, yo Rasulalloh.
Tongu oqshom dard ila oh chektirgan
– sizga boʻlgan hasratdir, yo Rasulalloh!
Kechayu kunduz ishimni figʻon qilgan,
hasrat oʻti ila dilimni yondirgan,
dam-badam bu koʻzlarimni yigʻlatgan
– sizdan ayriliqdir, yo Rasulalloh!
Asfiyo koʻrgan Xudo lutfi,3
avliyo surgan zavqu safo,4
anbiyo topgan yuksaklik, ey shoh,
– sizning davlatingizdir, yo Rasulalloh!
Marhamat qiling men gʻarib ovoraga,
gunohkorman, rahm eting yuzi qoraga,
bekasu bechoraga shafqat etmak
– sizning odatingizdir, yo Rasulalloh!
Ey gunohkorlar shafoatchisi, Ahadning nuri,
Nasuhiy – oʻz qulingiz, quvmang uni,
lutf eshigingizdan karam aylang, rad etmang,
u – sizning ummatingizdir, yo Rasulalloh!
Nasûhî Üsküdârî

Xurmo xodasining ingrashi

Masjidi Nabaviyda tikka turgan bir xurmo xodasi bor edi. Paygʻambarimiz juma kunlari masjiddagi Hannona deb ataladigan shu ustunga suyanib xutba irod qilar edilar.

Keyinroq uch zinapoyali minbar yasattirdilar. Bir juma kuni Rasululloh va sahobai kirom Masjidi Nabaviyda yigʻilgan edilar. Paygʻambarimiz xutba uchun yangi minbarga chiqqanlarida, ilgari suyanib turadigan quruq xurmo xodasi hamma eshitadigan darajada, boʻgʻoz tuyaning yigʻisini eslatadigan ovoz bilan yigʻlay va ingray boshladi. Barcha sahobai kirom hayrat bilan bu ovozni tingladilar. Lekin ovoz sira tinmas edi. Shunda Olamlar sarvari minbardan tushib, muborak qoʻllari bilan xodani siladilar. Shu zahoti yigʻi va ingrash tindi. Quruq xurmo xodasining Paygʻambarimizga boʻlgan bu muhabbatini va ishqini koʻrgan sahobalar koʻz yoshlarini toʻxtata olmadilar.

Bu voqea haqida hazrati Anas ibn Molik: «Uning ovozidan hatto masjid ham larzaga keldi», – degan, Ibn Abu Vadoʼa esa: «Xurmo xodasi yorilib, joyidan qoʻzgʻaldi. Rasululloh kelib, muborak qoʻllarini uning ustiga qoʻyganlaridan keyingina tindi», – degan.

Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Jonim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasam ichamanki, agar men uni silamaganimda, u menga boʻlgan sogʻinchi va qaygʻusidan qiyomatgacha shunday yigʻlagan boʻlar edi». Boshqa bir rivoyatda shunday bildiriladi: Rasul alayhissalom quruq xurmo xodasiga oʻgirilib: «Xohlasang, seni ilgari turgan bogʻingga qaytaray. Yana shox-barg yozib, avvalgi holingga qaytasan. Xohlasang, seni jannatga oʻtqazay, Allohu taoloning doʻstlari sening mevangdan yesinlar», – dedilar. Rasululloh unga quloq tutib, uning shunday deganini eshitdilar: «Meni jannatga oʻtqazing, Allohu taoloning doʻstlari mendan yesinlar va men eskirmaydigan, chirimaydigan bir joyda boʻlay». Daraxtning bu soʻzlarini Paygʻambarimizning yonlaridagilar ham eshitishdi. Shundan keyin Rasululloh unga: «Xohlaganingni qilaman», – deb javob berdilar. Soʻngra sahobalariga oʻgirilib: «U dorul baqoni dorul fanodan (bu dunyodan) afzal koʻrdi», – dedilar.5 Shundan soʻng Rasulullohning amrlari bilan xurmo xodasi yerga koʻmildi.

Oila aʼzolarining Madinaga kelishi

Sarvari olam (sallallohu alayhi vasallam) va hazrati Abu Bakr hijrat qilganlarida bolalarini Makkada qoldirgan edilar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda hazrati Oisha Rasulullohning unga shunday deganlarini aytdi: «Ey Oisha! Sen menga tushimda ikki marta koʻrsatilding. Chamasi, men yashil ipak matoning bir parchasida sening suratingni koʻrdim va menga: „Bu suratning egasi – kelajakdagi zavjang“, – deyildi». Bu tushdan keyin (hazrati Xadicha onamizning vafotidan bir yil oʻtib) Paygʻambarimiz bilan hazrati Oisha onamiz hali Makkada ekanliklarida unashtirilgan edilar. Lekin toʻy hali boʻlmagan edi. Hazrati Oisha onamiz buni shunday hikoya qildi: «Rasululloh Madinaga hijrat qilganlarida bizni va qizlarini Makkada qoldirgan edilar. Madinani sharaflantirganlaridan keyin ozod qilgan qullari Zayd ibn Horisa bilan Abu Rofeʼni ikkita tuya va kerak boʻladigan narsalarni sotib olish uchun 500 dirham yoʻl xarajati bilan bizga yubordilar.

Otam ham Abdulloh ibn Urayqitni ikki-uch tuya bilan ularga qoʻshib yubordi va akam Abdullohga maktub yozib, onamni, meni va opam Asmoni tuyalarga mindirib joʻnatishni buyurdi. Men, onam Ummu Rumon, Rasulullohning qizlaridan hazrati Fotimai Zahro bilan Ummu Kulsum, u zotning zavjalari Savda, shuningdek, Ummu Ayman va Usoma – hammamiz birga yoʻlga chiqdik. Qudayd degan joyga yetganimizda Zayd 500 dirhamga yana uchta tuya sotib oldi. Karvonga Talha ibn Ubaydulloh ham qoʻshildi. Minodan Bayd degan joyga yetganimizda tuyam qochib ketdi. Men kajava ichida edim. Onam ham yonimda edi. Onam: „Voy, qizginam, voy, kelinchagim!“ – deb tipirchilar edi. Allohu taolo tuyamizni tinchlantirdi va bizni qutqardi. Nihoyat, Madinaga keldik. Men otamning oilasi bilan birga tushdim. Rasulullohning oilalari esa u zotning xonalari oldida tushdi».

«Agar men uni (Hannonani) quchoqlamaganimda, u mendan ayrilgani uchun qiyomatgacha yigʻlagan boʻlar edi» Hadisi sharif

Hazrati Oisha onamiz bir muddat otasi hazrati Abu Bakrning uyida yashadi. Ularning toʻylari Badr jangidan keyin boʻldi.

Ne baxtiyordir ul kishi,
oʻqigani Qurʼon boʻlsa!
Azon, iqomat eshitsa,
koʻngli iymonga toʻlsa!

Azoni Muhammadiy

Masjidi Nabaviy qurilgandan keyin namoz vaqti kirganini bildiradigan va musulmonlarni masjidga chaqiradigan bir usul yoʻq edi. Faqat: «Assalotu jomiʼa (Qani, namozga)», – deyilar edi.

Bir kuni Rasululloh sahobalari bilan maslahatlashib, namoz vaqtlarida moʻminlarni masjidga qanday chaqirish kerakligini soʻradilar. Baʼzilari namoz vaqtlarini bildirish uchun nasroniylar kabi noqus, yaʼni qoʻngʻiroq chalaylik, baʼzilari yahudiylar kabi karnay chalinsin, deyishdi. Baʼzilari esa: «Namoz vaqtida olov yoqib, uni balandga koʻtaraylik», – deb fikrlarini aytishdi. Rasululloh ularning hech birini qabul qilmadilar.6

Abdulloh ibn Zayd ibn Saʼlaba bilan hazrati Umar tushlarida azon oʻqilayotganini koʻrishdi. Hazrati Abdulloh sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga kelib, tushini shunday soʻzlab berdi: «Yelkasiga yashil shol tashlagan, beliga foʻta bogʻlagan, qoʻliga qoʻngʻiroq olgan bir kishini koʻrdim. Undan: „Qoʻlingdagi qoʻngʻiroqni sotasanmi?“ – deb soʻradim. U menga: „Uni nima qilasan?“ – dedi. Men: „Namoz vaqtlarini bildirish uchun chalaman“, – deganimda, oʻsha zot: „Men senga bundan xayrlirogʻini oʻrgatay“, – dedi-da, qiblaga oʻgirilib, baland ovoz bilan: „Allohu akbar, Allohu akbar…“ – deb oʻqiy boshladi. Tugatgandan keyin esa: „Namozga turadigan paytingda ham“, – deb, azonni takrorladi va oxiriga yaqin „Qad qomatis salotu“ jumlasini qoʻshdi».

Shundan soʻng Rasululloh: «Tush – haq. Oʻsha kalimalarni Bilolga oʻrgat, u oʻqisin!» – dedilar. Bunga azon degan nom berildi.7

Hazrati Bilol ham Masjidi sharif yaqinidagi baland bir tomga chiqib, ilk azonni oʻrgatilgan kalimalar bilan oʻqidi.

Hazrati Umar azon ovozini eshitgach, yugurib Rasulullohning huzurlariga keldi. Hazrati Bilol aytgan kalimalarni aynan tushida koʻrganini arz qildi. Oʻsha kechasi sahobai kiromning baʼzilari ham xuddi shu tushni koʻrgan edilar. Ayni shu paytda Jumʼa surasining 9-oyati karimasi nozil boʻlib, azon vahiy bilan ham bildirildi.

Bir kuni bomdod namozi vaqtida Bilol Habashiy sevimli Paygʻambarimizning eshiklari oldida ikki marta: «Assalotu xayrum minan navm», – deb nido qildi.8 Bu Paygʻambarimizga yoqdi. U zot: «Bilol, bu qanday goʻzal soʻz! Bomdod azonini oʻqiganingda buni ham ayt», – dedilar. Shu tariqa bomdod azonida bu soʻz ham aytila boshladi.

Paygʻambarimizning vafotlarigacha muazzinlik qilgan Bilol Habashiyning ovozi baland, juda goʻzal va gʻoyat taʼsirli edi. U azon oʻqiy boshlaganda hamma katta ishq va vajd bilan tinglab, oʻzini unutar edi. Azon oʻqiyotganida hammani yigʻlatar edi.

Sahobai kiromning namoz vaqtlarida bir-birlarini masjidga Azoni Muhammadiy bilan chaqirishlari madinalik mushriklar va yahudiylarga juda gʻalati tuyuldi. Azon oʻqilayotganda ular uni masxara va ermak qilar edilar. Ularning bu masxarabozliklariga qarshi Allohu taolo Qurʼoni karimda shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Sizlar namozga azon bilan chaqirganingizda, ular uni oʻyin va ermak qilib oladilar. Bu – ularning aqli yetmaydigan bir qavm ekanliklaridandir».9

Ul muazzin nido qildi, turdi, iqomat aytdi,
Kaʼbaga yuzin burdi, niyat ham qildi.
Ahli iymon eshitib, hurmat ila tingladi,
soʻngra namozga turib, Rabbiga qullik qildi.

Asʼhobi suffa

Paygʻambarimiz Masjidi Nabaviyning shimoliy devoriga xurmo shoxlaridan bir soyabon qurdirdilar. Makkadan hijrat qilgan, mol-mulki boʻlmagan boʻydoq sahobalarning shu yerda yashashlarini buyurdilar.10 Bu boʻydoq sahobalar, shuningdek, ansorlar va muhojirlarning kambagʻallari Masjidi Nabaviy yonidagi Suffa deb ataladigan katta ayvon ostida yashar, ilm oʻrganish va oʻrgatish bilan mashgʻul boʻlar edilar. Ularning soni oʻn bilan toʻrt yuz orasida oʻzgarib turar edi. Koʻpincha yetmish kishi boʻlar edi. Bu sahobalar Rasulullohning yonlaridan sira ajralmas, suhbatlaridan hech qolmas edilar. Kechayu kunduz Qurʼoni karim oʻqir, ilm olar, hadisi shariflarni yod olar edilar. Kunlarining koʻpini roʻza tutib oʻtkazar, ibodat va toatdan bir lahza ham ajralmas edilar. Bu yerda yetishganlar yangi musulmon boʻlgan qabilalarga yuborilib, ularga Qurʼoni karimni va sunnati sharifni, yaʼni Islom dinini oʻrgatar edilar. Juda koʻp fazilatlarga ega boʻlgan bu muborak sahobalar buyuk bir irfon lashkari edilar. Paygʻambarimiz ularni juda sevar, ular bilan oʻtirib suhbatlashar va birga taom yer edilar. Bu yerda yashaydiganlarga Asʼhobi suffa deyilar edi. Bir kuni Rasululloh Asʼhobi suffaga qarab, ularning gʻoyat kambagʻal ekanliklari haqida oʻyladilar. Shunday holda boʻlsalar ham, ular koʻngil xotirjamligi va nurafshonligi bilan ibodat qilar edilar. Paygʻambarimiz ularga marhamat qilib: «Ey ahli suffa! Sizlarga xushxabarlar boʻlsin! Agar ummatimdan sizlar yashayotgan bu ogʻir sharoitga rozi boʻlgan biror kishi qolsa, u, albatta, mening doʻstlarimdandir», – dedilar.

«Sizlar namozga azon bilan chaqirganingizda, ular uni oʻyin va ermak qilib oladilar. Bu – ularning aqli yetmaydigan bir qavm ekanliklaridandir» Moida: 58

Habibi akram (sallallohu alayhi vasallam) har narsadan oldin mana shu saralangan sahobalarining ehtiyojlarini taʼminlar, soʻngra ahli baytlarining ehtiyojlarini ketkazishga harakat qilar edilar. Abu Hurayra shunday hikoya qildi: «Oʻzidan boshqa iloh boʻlmagan Allohu taologa qasam ichamanki, men baʼzan ochlikdan qornimni yerga bosib yotar, baʼzan yerdan olgan bir toshni qornimga bosib turar edim. Yana shunday holda edim. Oʻsha kuni Rasululloh masjidga oʻtadigan yoʻlning ustida oʻtirgan edim. Shu payt olamlarga rahmat qilib yuborilgan, ikki jahonning ziynati boʻlmish zot nur sochib yonimga keldilar. Holimni anglab, tabassum qildilar va: „Yo Abu Hurayra!“ – dedilar. „Jonim sizga fido boʻlsin, labbay, yo Rasulalloh!“ – deganimda, u zot: „Men bilan yur“, – dedilar. Darhol ortlaridan yurdim. Xonai saodatlariga kirdilar. Uyda bir qadah sut bor edi. „Qani, ahli suffaning oldiga bor. Ularni menga chaqir“, – dedilar. Ularni chaqirgani ketayotib, oʻzimcha: „Butun ahli suffaga bir qadah sut qanday yetadi? Menga ham bir hoʻplam tegarmikan?…“ – deb oʻylar edim. Ularni chaqirdim, saodatxonaga keldik, izn soʻrab ichkariga kirdik. Munosib joylarga oʻtirganimizdan keyin Rasululloh: „Yo Abu Hurayra! Mana bu sut qadahini ol-da, ularga ber!“ – dedilar. Men qadahni olib, navbat bilan birodarlarimga bera boshladim. Har biri qadahni olar, toʻyguncha ichar va menga qaytarar edi. Hammadan qaytarib olganimda qadahning sira kamaymaganini, avvalgidek sutga toʻla ekanini koʻrar edim. Shu tariqa kelgan barcha birodarlarimga tutdim. Hammalari ichib toʻyishdi. Soʻngra Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) qadahni olib, menga tabassum qildilar va: „Yo Abu Hurayra! Sut ichmagan bir men qoldim, bir sen. Qani, sen ham oʻtir, ich!“ – dedilar. Oʻtirib ichdim. „Yana ich!“ – dedilar, ichdim. Paygʻambarimiz bir necha marta: „Ich!“ – dedilar, men ham har safar ichdim. Nihoyat: „Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Endi icha olmayman. Sizni haq din bilan yuborgan Allohu taologa qasam ichamanki, rosa toʻydim“, – dedim. „Unday boʻlsa, qadahni menga ber“, – dedilar. Berdim. Allohu taologa hamdu sano aytib, bismillah bilan sutni ichdilar».

Masjidda Rasulullohning birorta suhbatini ham qoldirmasdan ilm oʻrgangan bu mumtoz sahobalarga madinalik sahobalar misli koʻrilmagan muhabbat bilan qarar edilar. Bir kechqurun ochlikdan madori qolmagan ahli suffadan bir sahobiy Rasulullohning huzurlariga kelib, holini arz qildi. Paygʻambarimiz xonai saodatlaridan yegulik biror narsa bor-yoʻqligini soʻradilar. «Hozir uyda yegulik sifatida suvdan boshqa hech narsa yoʻq», – degan javobni olgach, u yerda hozir boʻlgan sahobalariga: «Kim bu ochni mehmon qiladi?» – dedilar. Madinalik sahobalardan biri hammadan oldin harakat qilib: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Uni men mehmon qilaman», – dedi. Mehmoni bilan uyiga borib, xotiniga: «Rasulullohning mehmonini siylash uchun biror narsa tayyorla», – dedi. Xotini: «Hozir uyimizda bolalarning yeguligidan boshqa hech narsa yoʻq», – deb javob berdi. «Avval bolalarni uxlat. Soʻng oʻsha taomni olib kel», – degan sahobiy faqat bir kishiga yetadigan taomni olib, mehmonning xonasiga kirdi. Dasturxonni yozib, uni taomga taklif qildi. Birga yeya boshlagach, oʻrnidan turdi-da, chiroqni toʻgʻrilayotgandek boʻlib, uni oʻchirdi. Yana qorongʻida dasturxon boshiga oʻtirdi. Yeyayotgandek harakatlar qilib, mehmonning toʻyishini kutdi. Mehmon toʻygach, dasturxonni yigʻishtirdi. Oʻsha kechasi ular bolalari bilan och holda tong ottirishdi. Ertalab u Paygʻambarimizning huzuri shariflariga borganida, u zot: «Allohu taolo bu kechagi ishingizdan rozi boʻldi», – dedilar. Shundan keyin Allohu taolo Hashr surasining 9-oyati karimasini nozil qilib, shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Ular (ansorlar) oʻzlarida yoʻqchilik va muhtojlik boʻlsa ham, (muhojirlarni) oʻzlaridan ustun qoʻyadilar».

Misra:

Nima boʻlsa ham, Doʻst haqida soʻzlamoq shirinroq!

Koʻngillar sultonining suhbati

Faxri koinot (sallallohu alayhi vasallam) sahobai kiromni tarbiyalash, kamolga yetkazish uchun Masjidi Nabaviyda tengsiz suhbatlar qurar va Allohu taolo u zotga ehson qilgan fayz va barakotlarni ularning qalblariga oqizar edilar. Paygʻambarimizning suhbatlarida qatnashish sharafiga muyassar boʻlganlar birinchi suhbatdayoq qalblarida katta oʻzgarish sezar va juda yuksak ilohiy maʼrifatlarga erishar edilar. Bu suhbatlarning barakoti bilan sahobai kirom avvalo sevimli Paygʻambarimizni, soʻngra barcha sahoba birodarlarini oʻz jonlaridan ham ortiq sevadigan boʻlar edilar. Allohu taolo ularni oyati karimalarda madh etdi. Ular Rasulullohning huzuri shariflarida goʻyo boshlariga qush qoʻngan-u, qimirlasalar uchib ketadigandek, gʻoyat odobli va juda diqqatli oʻtirar edilar. Shu tariqa sahobai kirom paygʻambarlardan va ulugʻ farishtalardan keyin maxluqotning eng afzali va eng ulugʻi boʻldilar. Rasululloh sahobalariga dinimizning amr va taqiqlarini ipidan ignasigacha tushuntirar, oʻrgatar edilar: iymonning, Islomning shartlari; namoz, roʻza, haj, zakotga oid barcha hukmlar; oyati karimalarning tafsirlari; harom va halol boʻlgan yeguliklar, kiyimlar; qasam, nazr11 va kafforatlar; savdo-sotiq ilmlari; yeb-ichish, kiyinish, koʻrishish-soʻzlashish, salomlashish odoblari; qoʻshnichilik, qarindoshlik va doʻstlik munosabatlari; nikoh, nafaqa, vorislik va meros hukmlari; daʼvolar, jazolar, kelishuv va shirkatlar; sihhat-salomatlik ilmlari; dushman bilan jang, urush huquqi… qisqasi, Islom diniga oid oxiratga va dunyoga tegishli barcha ilmlarni alifdan yogacha hamma tushunadigan qilib bayon qilar, muhim deb bilgan masalani uch marta takrorlar edilar.12 Ayollarga oid ilmlarni esa muborak zavjalari orqali oʻrgatar edilar.

Jibril hadisi sharifi

Musulmonlarning qahramon imomi, sahobai kiromning yuksaklaridan, hamisha rost soʻzlovchi boʻlib tanilgan sevimli ulugʻimiz Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) shunday deydi:

– Shunday bir kun ediki, sahobai kiromdan bir nechamiz Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) huzurlarida va xizmatlarida edik. U kun, u soat shunday sharafli, shunday qimmatli va hech qoʻlga kirmas bir kun edi. Oʻsha kuni Rasulullohning suhbatlarida, yonlarida boʻlish sharafiga erishish, ruhlarga oziq boʻlgan, jonlarga zavq va safo beradigan jamollarini koʻrish nasib boʻlgan edi. (Bu kunning sharafini, qadrini anglatish uchun: «Shunday bir kun ediki…» – dedi. Jabroil alayhissalomni inson qiyofasida koʻrish, uning ovozini eshitish, bandalar muhtoj boʻlgan ilmni gʻoyat goʻzal va ochiq holda Rasulullohning muborak ogʻizlaridan eshitish nasib boʻlgan kun kabi sharafli va qimmatli bir vaqt boʻlishi mumkinmi?)

«Ey ahli suffa! Sizlarga xushxabarlar boʻlsin! Agar ummatimdan sizlar yashayotgan bu ogʻir sharoitga rozi boʻlgan biror kishi qolsa, u, albatta, mening doʻstlarimdandir» Hadisi sharif

Shu payt yonimizga oy chiqqandek bir zot keldi. Uning kiyimi juda oq, sochlari qop-qora edi. Ustida chang, tuproq, ter kabi yoʻlovchilik belgilari koʻrinmas edi. Rasulullohning sahobalari boʻlgan bizdan hech birimiz uni tanimas edik. Yaʼni u biz koʻrib bilgan kishilardan emas edi. U Rasulullohning huzurlarida oʻtirdi. Tizzalarini u zotning muborak tizzalariga taqab oldi. (Bu kelgan Jabroil edi. U inson qiyofasiga kirgan edi. Jabroil alayhissalomning bunday oʻtirishi muhim bir narsani bildirish uchun edi. Yaʼni din ilmini oʻrganish uchun uyalish toʻgʻri emasligini va ustozga gʻurur, kibr yarashmasligini koʻrsatadi. Har kim dinda oʻrganmoqchi boʻlgan narsalarini muallimlardan bemalol va tortinmasdan soʻrashi lozimligini Jabroil alayhissalom sahobai kiromga bu holi bilan tushuntirmoqda edi. Chunki din oʻrganishda uyalish, Allohu taoloning haqqini ado etishda, oʻrgatishda va oʻrganishda tortinish toʻgʻri boʻlmaydi.)

Oʻsha sharafli zot qoʻllarini Rasuli akramning muborak tizzalari ustiga qoʻydi va: «Yo Rasulalloh! Menga Islomni, musulmonlikni tushuntiring», – dedi.

Rasuli akram shunday dedilar: «Islomning shartlaridan birinchisi – kalimai shahodat keltirishdir. (Kalimai shahodat keltirish – „Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh“ demakdir. Yaʼni aqlli, balogʻatga yetgan va gapira oladigan kishining: „Yerda ham, osmonda ham Undan boshqa ibodat qilinishga va sigʻinilishga loyiq hech bir narsa, hech bir zot yoʻq.

Haqiqiy maʼbud faqat Allohu taolodir. U – vojibul vujuddir. Har qanday ulugʻlik Undadir. Unda hech qanday nuqson yoʻq. Uning ismi – Alloh“, – deb aytishi va bunga qalbi bilan qatʼiy ishonishidir. Yana: „Gul rangli, oq-qizil, nurli, yoqimli yuzli, qora qoshli va qora koʻzli, muborak peshonalari ochiq, goʻzal xulqli, soyalari yerga tushmaydigan va shirin soʻzli, Arabistonda, Makkada tugʻilganlari uchun arab deb atalgan, Hoshim avlodidan Abdullohning oʻgʻli Muhammad ismli oliy zot – Allohu taoloning bandasi va rasuli, yaʼni paygʻambaridirlar“, – deb aytishidir.)

Soʻngra – vaqti kirganda namoz oʻqimoq. Molning zakotini bermoq. Ramazoni sharifda har kuni roʻza tutmoq. Kuchi yetadigan kishining umrida bir marta haj qilmogʻidir».

Oʻsha zot Rasulullohdan bu javoblarni eshitgach: «Toʻgʻri aytdingiz, yo Rasulalloh!» – dedi. Biz, tinglovchilar: «Oʻzi soʻraydi, oʻzi tasdiqlaydi!» – deb, uning bu soʻzidan hayron boʻldik.

Bu zot yana: «Yo Rasulalloh! Iymon nima ekanini ham menga bildiring», – dedi. (Bu hadisi sharifda iymonning lugʻaviy maʼnosini oʻylamaslik kerak. Chunki lugʻaviy maʼnosi tasdiqlash va ishonish boʻlgani uchun arab johillaridan bu maʼnoni bilmaydigan kishi yoʻq edi. Qayerda qoldi sahobai kiromning (roziyallohu taolo anhum ajmaʼiyn) uni bilmasligi! Jabroil alayhissalom iymonning maʼnosini sahobai kiromga oʻrgatmoqchi edi. Bu yerda Islomda nimaga iymon deyilishi soʻralmoqda.) Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ham iymon maʼlum olti narsaga ishonish ekanini shunday bildirdilar: «Avvalo Allohu taologa, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga, oxirat kuniga, qadarga, xayr va sharrning Allohu taolodan ekaniga ishonishdir». Oʻsha zot yana: «Toʻgʻri aytdingiz», – deb tasdiqladi.

Soʻngra u yana: «Yo Rasulalloh! Ehson nima ekanini ham menga bildiring», – dedi. Rasululloh: «U – Allohu taologa xuddi Uni koʻrib turgandek ibodat qilishingdir. Chunki garchi sen Uni koʻrmasang ham, U seni, albatta, koʻrib turadi», – dedilar. Oʻsha zot yana: «Yo Rasulalloh! Menga qiyomatdan xabar bering!» – dedi. Rasul alayhissalom: «Bu masalada soʻralayotgan soʻrovchidan koʻproq bilmaydi», – dedilar. Oʻsha zot yana: «Unday boʻlsa, uning alomatlarini bildiring», – dedi. Rasululloh: «Joriyalarning oʻz xojalarini tugʻishlari va yalangoyoq, yalangʻoch, kambagʻal choʻponlarning (boyib) baland binolar qurishda bir-birlari bilan musobaqalashayotganlarini koʻrishingdir», – dedilar. Shundan keyin u ortiga oʻgirilib ketdi. Rasululloh menga oʻgirilib: «Ey Umar! Soʻragan kishining kim ekanini bilasanmi?» – deb soʻradilar. Men: «Allohu taolo va Uning Rasuli yaxshiroq biladi», – dedim. Shunda Rasululloh: «U Jibril (Jabroil) edi. Sizlarga diningizni oʻrgatish uchun keldi», – dedilar.13 Sevimli Paygʻambarimiz sahobalariga ularning dindagi darajalariga qarab, tushunadigan qilib bayon qilar edilar.

Sahobai kiromning eng yuksaklaridan boʻlgan hazrati Umar bir kuni masjidga borayotib, Rasulullohning Abu Bakr Siddiqqa bir narsani tushuntirayotganlarini koʻrdi. Ularning yoniga borib tingladi. Buni boshqalar ham koʻrishdi, lekin kelib tinglashdan tortinishdi. Ertasi kuni hazrati Umarni koʻrib: «Yo Umar! Rasululloh kecha sizlarga bir narsani tushuntirayotgan edilar. Ayt, biz ham oʻrganaylik», – deyishdi. Chunki Rasululloh doimo: «Mendan eshitganlaringizni din birodarlaringizga ham aytinglar! Bir-biringizga yetkazinglar!» – der edilar. Hazrati Umar: «Kecha hazrati Abu Bakr Qurʼoni karimdan oʻzi tushuna olmagan bir oyati karimaning maʼnosini soʻragan ekan, Rasululloh unga tushuntirayotgan edilar. Men bir soat tingladim, lekin hech narsa tushunmadim», – dedi. Chunki u zot hazrati Abu Bakrning yuksak darajasiga qarab tushuntirayotgan edilar. Hazrati Umar shunchalik yuksak ediki, Rasululloh u haqda: «Men paygʻambarlarning oxirgisiman. Mendan keyin paygʻambar kelmaydi. Agar mendan keyin paygʻambar kelganida, Umar paygʻambar boʻlar edi», – dedilar. Shunday yuksak boʻlgani va ona tili boʻlgan arabchani juda yaxshi bilgani holda, u Qurʼoni karimning hazrati Abu Bakrga tushuntirilgan tafsirini tushuna olmadi. Abu Bakrning darajasi undan ancha yuksak edi. Hazrati Abu Bakr, hatto Jabroil alayhissalom ham Qurʼoni karimning maʼnosini, sirlarini Rasulullohdan soʻrar edilar. Rasululloh Qurʼoni karimning hammasining tafsirini sahobalariga bildirganlar.

Sevimli Paygʻambarimiz sahobalariga dinni oʻrgatganlari kabi daʼvolarni ham koʻrib, guvohlarni tinglab, eng qiyin nizolarni hal qilar edilar. Islomni tanishtirish va yoyish, yana bir kishini jahannam oʻtidan qutqarish uchun katta gʻayrat sarflar, hol va harakatlari bilan insonlarga namuna boʻlar, moʻminlarni mushriklarning sharridan himoya qilish uchun zarur tadbirlar koʻrilishini ham taʼminlar edilar.

«Ey Umar! Soʻragan kishining kim ekanini bilasanmi? U Jibril (Jabroil) edi. Sizlarga diningizni oʻrgatish uchun keldi» Hadisi sharif

Ey avliyo koʻzlarining nuri boʻlgan jamol,
madad eting, ey Xudo nurining koni!
Oyogʻingiz tuprogʻi – asfiyo koʻziga surma,
madad eting, ey Xudo nurining koni!
Sizsiz hech kim Haqqa yetisha olmas,
lutfingiz fayzi ila kishi maqbul boʻlur,
siz – «olamlarga rahmat»siz, yo Rasul,
madad eting, ey Xudo nurining koni!
Behad jinoyat ila gunohlar qildim,
havoyi nafs ahliga hamnafas boʻldim,
isyonimga shafoat eting, yo Karim,
madad eting, ey Xudo nurining koni!
Ey karam koni, Ulugʻ Allohning Rasuli,
xatolarga toʻla bu Salimiy – qullaringizning eng kichigi,
dargohingizga iltijo etib, ato tilar,
madad eting, ey Xudo nurining koni!
Yavuz Sultan Selim (Selîmî)