MADINAI MUNAVVARA DAVRI
Sevimli Paygʻambarimizning biʼsatning oʻn uchinchi yili, Rabiul avval oyining 12-kuni, milodiy 622 yilda Madinaga hijrat qilishlari bilan oʻn yil davom etadigan Madina davri boshlandi. Paygʻambarimiz hazrati Xolid ibn Zayd Abu Ayyub Ansoriyning uyiga tashrif buyurganlarida pastki qavatda turishni afzal koʻrib, shu yerga joylashdilar.1 Shu tariqa Koinot sarvarini mehmon qilish va uyida saqlash sharafi bu muborak zotga nasib boʻldi.
Hazrati Xolid shunday hikoya qildi: «Rasululloh uyimni sharaflantirganlarida pastki qavatda turishni afzal koʻrgan edilar. Biz esa yuqori qavatda turar edik va bu holdan juda xijolat chekar edik. Bir kuni: „Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Mening yuqorida, sizning esa pastda turishingizga koʻnglim rozi boʻlmayapti, buni munosib koʻrmayapman. Bu menga juda ogʻir botmoqda. Iltimos, oliy zotingiz yuqorida, biz esa pastda turishimizga izn bering“, – dedim. Shunda u zot: „Yo Abu Ayyub! Uyning pastki qavatida boʻlishimiz biz uchun munosibroq va qulayroq“, – dedilar. Kelgan ziyoratchilar bilan bemalolroq koʻrishish maqsadida pastki qavatda qolishni maʼqul koʻrdilar. Biz esa uyning yuqori qavatida qoldik.
Bir kuni suv koʻzamiz sinib qoldi. Toʻkilgan suv Rasulullohning ustlariga tomib, u zotni bezovta qilishidan qoʻrqib, xotinim bilan yopinadigan yagona baxmal koʻrpamizni darhol suvning ustiga bostirdik».
Abu Ayyub Ansoriy yuqori qavatda boʻlishdan gʻoyat siqilar edi. Oxiri oʻzi pastki qavatga tushib, Rasulullohni yuqoriga chiqardi. Hazrati Abu Ayyub shunday dedi: «Rasulullohga doimo kechki taom tayyorlab yuborar edik. Qolganini bizga qaytarib yuborganlarida, men va xotinim Ummu Ayyub Rasulullohning qoʻllari tekkan joylarni izlab, oʻsha yerdan yer edik va shu bilan barakat topar edik. Yana bir kechasi biz tayyorlab yuborgan piyozli yoki sarimsoqli taomni Rasululloh qaytarib yubordilar. Unda qoʻllarining izini koʻrmagach, faryod qilib, u zotning huzurlariga bordim va: „Yo Rasulalloh! Ota-onam sizga fido boʻlsin! Siz kechki taomni qaytardingiz. Lekin unda muborak qoʻlingizning izini koʻrmadim. Holbuki, men va Ummu Ayyub siz qaytargan taomda qoʻlingiz tekkan joylarni izlab, shu bilan barakat topar edik“, – dedim. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: „Bu koʻkatda bir hid sezdim. Shuning uchun undan yemadim. Men farishta bilan gaplashadigan kishiman“. Men: „U taom harommi?“ – deb soʻradim. U zot: „Yoʻq! Lekin hidi tufayli uni yoqtirmadim“, – deganlarida, men: „Siz yoqtirmagan narsani men ham yoqtirmayman!“ – dedim. Paygʻambarimiz: „Sizlar uni yenglar“, – dedilar. Shundan keyin biz undan yedik va boshqa hech qachon oʻsha koʻkatdan Rasulullohga taom tayyorlamadik.
Yana bir safar Rasululloh bilan Abu Bakrga yetadigan miqdorda taom tayyorlab, huzurlariga olib bordim. Rasululloh: „Yo Abu Ayyub! Ansorlarning ashrofidan oʻttiz kishini taklif qil“, – dedilar. Men taomning ozligini oʻylab, balki Rasuli akram bu taomni koʻp deb oʻylagandirlar, deb turganimda, u zot yana: „Yo Abu Ayyub! Ansorlarning ashrofidan oʻttiz kishini taklif qil“, – dedilar. Ming xil oʻy ichida ansorlardan oʻttiz kishini taklif qildim, kelishdi. Oʻsha taomdan yeyishdi, toʻyishdi. Bu moʻjiza ekanini anglab, kelganlarning iymonlari yanada kuchaydi va yana bir bor bayʼat qilishdi. Soʻng ketishdi. Bu saralangan sahobalar ketganidan keyin u zot bu safar: „Oltmish kishini taklif qil“, – dedilar. Taomning moʻjiza bilan kamaymaganini koʻrganim uchun yanada koʻproq sevinib, Rasulullohning huzurlariga oltmish kishini taklif qildim.
«Tuyaga yoʻl beringlar! Qayerga choʻkishi unga buyurilgan» Hadisi sharif
Madinai munavvara va uning atrofi
Ular kelib, oʻsha taomdan yeyishdi. Hammalari Rasulullohning moʻjizalarini tasdiqlab qaytib ketishdi. Soʻngra u zot: „Ansorlardan toʻqson kishini chaqir“, – dedilar. Chaqirdim, kelishdi. Rasulullohning amrlari bilan oʻntadan-oʻntadan dasturxonga oʻtirib yeyishdi; hammalari bu buyuk moʻjizani koʻrib ketishdi. Shu tariqa bir yuz sakson kishi taom yedi. Taom esa men olib borgan miqdorda edi va goʻyo unga hech qoʻl tegmagandek turar edi».2
Ansorlar bilan muhojirlarning birodar boʻlishi
Paygʻambarimiz Madinai munavvarada yanada mustahkam birlik oʻrnatish uchun hijrat qilgan muhojirlarni va ularga uylaridan joy bergan ansorlarni bir-birlariga birodar qildilar. Hazrati Ali eng oxirida qolgach, unutildim, deb oʻylab: «Yo Rasulalloh! Meni unutdingizmi?» – deb soʻradi. Shunda Olamlar sarvari: «Sen dunyoda ham, oxiratda ham mening birodarimsan», – dedilar. Bu birodarlik moddiy va maʼnaviy yordamlashish asosiga qurilgan edi. Shu tariqa yurtlaridan, uy-joylaridan va qarindoshlaridan ayrilib qolishning gʻami bir oz boʻlsa-da aritilar edi. Aslida madinalik musulmonlar Allohu taoloning diniga amal qila olish va uni yoyish uchun yurtlarini tark etgan muhojir birodarlariga bagʻirlarini ochgan, uylariga taklif qilgan, ularga har qanday yordamni berish uchun jon-jahdlari bilan harakat qilgan edilar. Bu birodarlik oʻrnatilgach, ular bir-birlariga yanada samimiy bogʻlandilar. Rasululloh har bir muhojirni uning tabiatiga mos bir ansoriy bilan birodar qilgan edilar. Bu birodarlik shu darajada ediki, otalaridan qolgan mol-mulkni ham boʻlishar edilar.3
Har bir madinalik yerini, tokzorini, bogʻini, uyini, molini… nimasi boʻlsa, hammasini ikkiga boʻlar va yarmini muhojir birodariga jon deb berar edi. Muhojirlardan hazrati Abdurrahmon ibn Avf shunday hikoya qildi: «Biz Madinai munavvaraga hijrat qilganimizda, Rasululloh meni Saʼd ibn Robiʼ bilan birodar qildilar. Shundan keyin birodarim Saʼd menga: „Ey birodarim Abdurrahmon! Men mol jihatidan madinalik musulmonlarning eng boyiman. Molimni ikkiga boʻldim, yarmi seniki“, – dedi. Men esa: „Allohu taolo molingni oʻzingga muborak va xayrli qilsin. Menga mol kerak emas. Faqat meni savdo qiladigan bozoringizga olib borib qoʻysang, shu kifoya“, – dedim».
Bunday fidokorlik faqat Islom birodarligi bilangina mumkin edi. Odam alayhissalomdan shu zamongacha juda koʻp koʻchishlar boʻlgan edi. Lekin bunday maʼnoli va yuksak hijrat, tashqaridan kelganlar bilan mahalliy aholi oʻrtasida bunchalik mehr-muhabbatli birlashuv va samimiy quchoqlashuv boʻlmagan edi. Darhaqiqat, Allohu taolo, maʼnosi: «Moʻminlar faqat birodardirlar», – deb marhamat qildi.4 Bu bilan haqiqiy sevgi va samimiyat moddiy manfaat bilan emas, balki iymon va eʼtiqod bilangina boʻlishi mumkinligiga ishora qilindi. Sahobai kiromdagi bu hol Rasulullohning birgina suhbatlari bilan qoʻlga kirar edi. Sevimli Paygʻambarimizning muborak qalblaridan dengizlardek otilib chiqqan fayz va barakotlar sahobai kiromning qalblariga oqib kirar, natijada ular bir-birlarini misli koʻrilmagan fidokorlik bilan sevar va birodarlarini oʻzlaridan ustun qoʻyar edilar.
«Yo Rabbim! Makka shahrini sevganimizdek, bizga Madinani ham sevdir. Makkadan ham koʻproq sevdir. Yo Rabbim! Oʻlchovlarimizga va paymonalarimizga baraka ber. Madina shahrini biz uchun sogʻlom qil. Havosini goʻzal qil!» Hadisi sharif
Ansorlar va muhojirlar bu yangi Islom markazida qoʻl-qoʻlga, koʻngil-koʻngilga berib, Islom dini kuchayishi uchun har qanday fidokorlikka chidashga va oxirida shahidlik martabasiga erishishga soʻz berdilar. Shu tariqa ular Rasulullohning atroflarida toʻplanib, Islom dinining asoslariga amal qilib, yangi bir tartib va baxtli hayot qurmoqda edilar. Endi Islom hijrat voqeasi bilan «davlat» boʻlish yoʻlida ilk qadamini tashlagan edi. Madinai munavvara esa Islom dinining beshigi va markaziga aylanmoqda edi.
Madinada sahobai kiromdan tashqari nasroniylar, yahudiylar va butga sigʻinadigan mushriklar ham bor edi. Yahudiylar Banu Qaynuqoʼ, Banu Qurayza va Banu Nazir degan uchta qabiladan iborat edi. Ular Islomga va ayniqsa sevimli Paygʻambarimizga ashaddiy dushman edilar.
Bu orada makkalik mushriklar Paygʻambarimizning Madinada sahobalarini bir-birlariga birodar qilib jipslashtirganlarini oʻzlari uchun katta xavf deb bildilar. Agar qisqa vaqtda bu ishning uddasidan chiqa olmasalar, musulmonlar kuchayib, Makkaga hujum qilishlari, ular tashlab ketgan yerlarini, uylarini, yurtlarini qoʻllaridan tortib olishlari mumkin edi… Shunday fikrlar ichida boʻlgan makkalik mushriklardan madinalik musulmonlarga tahdidli maktublar kela boshladi. Bu maktublardan birida shunday deyilgan edi: «Shubhasiz, oramizda dushmanlik boʻlgan arab qabilalaridan hech biri bizni sizlar kabi gʻazablantirmagan. Chunki bizdan boʻlgan bir odamni bizga topshirishingiz kerak boʻlgani holda, unga yordam berib, quchoq ochib, uni himoya qildingiz. Bu – sizlar uchun juda katta ayb. Marhamat qilib, u bilan bizning oramizdan chiqinglar va uni bizga qoldiringlar. Agar uning ishi yaxshi ketsa, bundan eng koʻp sevinadiganlar – biz. Aks holda, uni jilovlab qoʻyish ham yana bizning zimmamizda!…»
Bu maktubga hazrati Kaʼb ibn Molik Paygʻambarimizni madh etadigan juda goʻzal javob yozdi.
Makkalik mushriklar madinalik mushriklarga ham xuddi shunday tahdidli maktublar yozdilar. Ularni ham: «Agar bizning odamimizni shahringizdan chiqarmasangiz yoki oʻldirmasangiz, ustingizga yurish qilamiz, sizlarni oʻldiramiz, xotinlaringizni oʻzimizga xizmatkor qilib olamiz!…» – deb qoʻrqitdilar.
Shundan keyin madinalik mushriklar munofiq Abdulloh ibn Ubayning atrofiga toʻplanib, fursat topgan zahoti Rasulullohga zarar yetkazishga qaror qildilar.
Musulmonlar bu holdan xabar topgach, sevimli Paygʻambarimizni himoya qilish uchun qoʻllaridan kelgan barcha saʼy-harakatni qilib, u zotning atrofida jipslashdilar. Hatto kechalari koʻchaga chiqa olmaydigan, uylarida uxlay olmaydigan holga keldilar.
Ubay ibn Kaʼb shunday hikoya qildi: «Rasululloh va u zotning sahobalari Madinai munavvaraga tashrif buyurganlarida musulmonlar mushrik arab qabilalarining dushmanligiga nishon boʻldilar. Sahobalar qurollanib, tonggacha soqchilik qildilar».
Sahobai kirom bir tan boʻlib, xavfli hollarda butun kuchlari bilan musulmon birodarlariga yordamga shoshilar edilar. Ularning boshida sevimli Paygʻambarimiz turar edilar. Rasululloh har bir goʻzal xislatda oldinda boʻlganlaridek, jasoratda ham sahobalarining eng oldida boʻlar edilar. Tunning qaysi soatida boʻlmasin, bir faryod eshitilsa, Paygʻambarimiz hech kim yetib bormasdan oldin otlari bilan u yerga yashindek yetib borar, qoʻrqadigan hech narsa yoʻqligini sahobalariga bildirib, ularni tinchlantirar edilar.
«Yo Ali! Sen dunyoda ham, oxiratda ham mening birodarimsan» Hadisi sharif
Ikki jahon sultonining
tugʻilgan oyi keldi yana,
ilmu maʼrifat konining
tugʻilgan oyi keldi yana.
Kelsin shafoat istagan,
safo topsin uni sevgan,
ul goʻzal xulq egasining
tugʻilgan oyi keldi yana.
Tun toʻlin oyi, choshgoh quyoshi,
Xudo gulistonining guli,
Haqning habibi Mustafoning
tugʻilgan oyi keldi yana.
Qani bir sodiq oshiq? –
rohat topsin jonu tani,
haqiqat sirri xazinasining
tugʻilgan oyi keldi yana.
Uni, Hudoiy, kim sevsa,
maqsadiga yetdi zafar ila,
Faxri jahon, Xayrul basharning
tugʻilgan oyi keldi yana.
Madinaning qadimgi koʻrinishi
Masjidi Nabaviy / Madinai munavvara
Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Madinai munavvaraga hijrat qilganlarida tuyalari Qasvo choʻkkan yer.
Sevimli Paygʻambarimiz bu yerni sotib olib, uning ustiga masjid qurdirganlar.
U zot shu masjidga tutash uylarida vafot etdilar,
muborak qabri shariflari ham shu xonada qurildi.
Keyinchalik bu xonaga hazrati Abu Bakr va hazrati Umar (roziyallohu anhumo) dafn etildi.
Ularning yonidagi bir kishilik joyga esa Iso alayhissalomning
dafn etilishlari bildirilgan.
