HIJRAT
Avs va Xazraj qabilalarining birdaniga musulmon boʻlishlari hamda makkalik musulmonlar bilan madinalik musulmonlarning birlashish ehtimoli mushriklarni dahshatli darajada choʻchitib, quturtirib yubordi. Ikkinchi Aqaba bayʼatini eshitgan makkalik mushriklarning munosabati juda shiddatli va gʻoyat xavfli tus oldi. Musulmonlar uchun Makkada qolish chidab boʻlmas darajaga yetdi. Soʻnggi Aqaba bayʼati bilan Madina musulmonlar uchun huzur va panoh topadigan joy boʻldi. Ular bir yoʻlini topib, bu shahardan hijrat qilishni, bir oz boʻlsa-da nafas oladigan, bir oz boʻlsa-da erkin yashay oladigan yerlarga ketishni istar edilar. Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) ahvollarini arz qilib, hijrat uchun izn soʻrashdi. U zot sahobalariga sabr qilishni tavsiya qildilar. Chunki Makkani tark etishga hali izn boʻlmagan edi. Nihoyat, hijrat uchun kutilgan ilohiy izn keldi. Oʻsha kuni sevimli Paygʻambarimiz shod holda sahobai kiromning yoniga kelib, shunday dedilar: «Sizlar hijrat qiladigan joy menga bildirildi. U – Yasrib (Madina). Oʻsha yerga hijrat qilinglar. U yerda musulmon birodarlaringiz bilan birlashinglar. Allohu taolo ularni sizlarga birodar qildi. Yasribni (Madinani) sizlar uchun omonlik va huzur topadigan yurt qildi». Rasulullohning iznlari va tavsiyalari bilan musulmonlar Madinaga birin-ketin, guruh-guruh boʻlib hijrat qila boshladilar.1 Paygʻambarimiz hijrat qilayotganlarga gʻoyat ehtiyotkor va tadbirli boʻlishni qattiq tayinlar edilar. Musulmonlar mushriklarning eʼtiborini tortmaslik uchun kichik-kichik karvonlar boʻlib yoʻlga chiqar va iloji boricha yashirin harakat qilar edilar. Madinaga birinchi boʻlib hijrat qilgan Abu Salama mushriklardan juda koʻp aziyat chekkan edi. Ancha vaqt oʻtib, ishning mohiyatini anglagan mushriklar hijrat uchun yoʻlga chiqqan musulmonlardan koʻzlari tushganlarini yoʻldan qaytarishga, xotinlarni erlaridan ajratishga, kuchlari yetganlarini zindonga tashlashga kirishdilar va ularni turli jafolarga duchor qildilar. Ularni dinlaridan qaytarish uchun har xil aziyat berdilar. Lekin ichki urush chiqib ketishidan qoʻrqqanlari uchun oʻldirishga jurʼat qilolmadilar. Musulmonlar esa shunga qaramay, har bir fursatdan foydalanib, Madina yoʻllariga tushdilar. Hazrati Umar ham bir kuni qilichini beliga taqdi. Oʻq-yoyi va nayzasini yoniga olib, hammaning koʻz oʻngida Kaʼbani yetti marta tavof qildi. U yerdagi mushriklarga baland ovoz bilan shunday dedi: «Mana, men ham dinimni himoya qilish uchun Allohu taoloning yoʻlida hijrat qilmoqdaman. Xotinini beva, bolalarini yetim qoldirishni, onasini yigʻlatishni istagan kishi boʻlsa, mana shu vodiyning ortida roʻparamga chiqsin!…» Shu tariqa hazrati Umar va yigirmaga yaqin musulmon kuppa-kunduzi, hech narsadan tap tortmay Madina tomon yoʻlga chiqdilar. Undan qoʻrqqanidan bu karvonga hech kim tega olmadi. Endi koʻchishlarning keti uzilmas, sahobai kirom guruh-guruh boʻlib Madinaga yetib borar edilar.
«Sizlar hijrat qiladigan joy menga bildirildi. U – Yasrib (Madina). Oʻsha yerga hijrat qilinglar» va «U yerda musulmon birodarlaringiz bilan birlashinglar. Allohu taolo ularni sizlarga birodar qildi. Yasribni (Madinani) sizlar uchun omonlik va huzur topadigan yurt qildi» Hadisi sharif
Hijrat yoʻli
Bu orada hazrati Abu Bakr ham hijrat uchun izn soʻradi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam): «Sabr qil. Umidim shuki, Allohu taolo menga ham izn beradi. Birga hijrat qilamiz», – dedilar. Hazrati Abu Bakr: «Ota-onam sizga fido boʻlsin! Shunday ehtimol bormi?» – deb soʻraganda, Paygʻambarimiz: «Ha, bor», – deb uni sevintirdilar. Hazrati Abu Bakr sakkiz yuz dirham berib, ikkita tuya sotib oldi va oʻsha kunni kuta boshladi. Endi Makkada sevimli Paygʻambarimiz, hazrati Abu Bakr, hazrati Ali, kambagʻallar, bemorlar, qariyalar va mushriklar zindonga tashlagan moʻminlargina qolgan edi.
Boshqa tomondan madinaliklar (ansorlar) hijrat qilgan makkaliklarni (muhojirlarni) juda yaxshi kutib olib, mehmon qildilar. Ularning orasida mustahkam birlik paydo boʻldi.
Rasulullohning ham hijrat qilib, musulmonlarga bosh boʻlishlari ehtimoli makkalik mushriklarni tashvishga soldi. Ular muhim ishlarni muhokama qilish uchun yigʻiladigan Dorun Nadvada toʻplanib, nima qilishlari kerakligi haqida gaplasha boshladilar. Shayton Shayxi Najdiy qiyofasida, yaʼni keksa bir najdlik koʻrinishida mushriklarning oldiga keldi. Ularning gaplarini tingladi. Turli takliflar oʻrtaga tashlandi. Lekin ularning hech biri maʼqul boʻlmadi. Shunda shayton gapga aralashib, oʻz fikrini aytdi: «Sizlar oʻylaganlarning hech biri chora boʻla olmaydi. Chunki undagi ochiq yuz va shirin soʻz har qanday tadbirni buzib yuboradi. Boshqa chora oʻylanglar».
Qurayshning boshligʻi Abu Jahl: «Har bir qabiladan bittadan baquvvat kishini tanlaylik. Ular qoʻllarida qilichlari bilan Muhammadga tashlansinlar. Qilich urib, qonini toʻksinlar. Uni kim oʻldirgani maʼlum boʻlmasin. Shunda ular noiloj xunbahoga rozi boʻlishadi. Biz ham xunbahosini berib, tashvishdan qutulamiz», – dedi. Shaytonga ham bu fikr yoqdi va uni qizgʻin qoʻllab-quvvatladi.2
Mushriklar shu tayyorgarlik bilan band boʻlgan paytda Jabroil alayhissalom kelib, mushriklarning qarorini Rasuli akramga xabar berdi, oʻsha kechasi oʻz toʻshaklarida yotmasliklarini aytdi va Allohu taoloning hijrat haqidagi amrini ham bildirdi. Bu ilohiy amrdan keyin sevimli Paygʻambarimiz hazrati Aliga oʻz toʻshaklarida yotishini, qoldirgan omonatlarini egalariga berishini aytib: «Bu kecha mening toʻshagimda yotib uxla, mana bu xirqamni ham ustingga yopib ol! Qoʻrqma, senga hech qanday zarar yetmaydi», – dedilar.
Hazrati Ali Paygʻambarimiz buyurganlaridek yotdi. U paytda u yigirma uch yoshda edi. U Habibullohning oʻrnida hech qoʻrqmasdan oʻz jonini fido qilishga tayyor edi.
Hijrat kechasi kofirlar Rasulullohning saodatxonalarini oʻrab olgan edilar. Oʻsha kechasi Yosin surasining ilk oyatlari nozil boʻldi. Paygʻambarimiz muborak uylaridan chiqayotib, Yosin surasining «Ularning oldilaridan bir toʻsiq va orqalaridan bir toʻsiq qoʻyib, ularni oʻrab oldik, endi ular koʻra olmaydilar» maʼnosidagi toʻqqizinchi oyati karimasini ularning ustiga oʻqidilar va yerdan bir hovuch tuproq olib, kofirlarning boshiga sepdilar. (Bu tuproqdan kimning boshiga tekkan boʻlsa, ularning hammasi Badr jangida oʻldirilgani rivoyat qilingan.) Rasululloh sogʻ-salomat ularning orasidan oʻtib, hazrati Abu Bakrning uyiga yetib bordilar. Mushriklardan hech biri u zotni koʻra olmadi.
«Yo Abu Bakr! Sabr qil. Umidim shuki, Allohu taolo menga ham izn beradi. Birga hijrat qilamiz» Hadisi sharif
Bir ozdan keyin mushriklarning yoniga bir kishi kelib: «Bu yerda nimani kutyapsizlar?» – deb soʻraganda, ular: «Muhammadning uydan chiqishini», – deb javob berishdi. Haligi kishi: «Qasam ichamanki, Muhammad orangizdan oʻtib ketdi, boshingizga tuproq ham sepib ketdi», – dedi. Mushriklar qoʻllarini boshlariga olib bordilar. Haqiqatan ham boshlarida tuproq bor edi. Yuzlari va boshlaridagi tuproqni artdilar. Darhol eshikka yopirilib, ichkariga kirdilar. Rasul alayhissalomning toʻshagida hazrati Alini koʻrib, Rasuli akramning qayerdaligini soʻrashdi.
Hazrati Ali: «Bilmayman! Meni u zotni qoʻriqlashga qoʻyganmidinglar?» – dedi. Shundan keyin ular hazrati Alini turtib-siltashdi. Kofirlar Rasulullohni topish uchun tashqariga chiqib, izlay boshladilar. Hazrati Alini esa bir muddat Kaʼba yonida qamab qoʻyib, soʻng qoʻyib yubordilar.3
Soʻngra hazrati Abu Bakrning uyiga borib, uning qizi Asmodan soʻradilar. U javob bermagach, uni urdilar. Hamma yoqni izlasalar ham, topa olmadilar va quturib ketdilar. Ularning eng ashaddiysi boʻlgan Abu Jahl Makka va uning atrofida jarchilarga jar soldirib, sevimli Paygʻambarimizni va hazrati Abu Bakrni topib keltirganlarga yoki ularning qayerdaligini bildirganlarga 100 tuya berishini vaʼda qildi. Uning bu vaʼdasini eshitgan, molga hirs qoʻygan baʼzi kimsalar qurollanib, otlariga minib, izlashga tushdilar.
Rasululloh hazrati Abu Bakrning uyiga tashrif buyurib: «Hijrat qilishimga izn berildi», – deganlarida, hazrati Abu Bakr Siddiq hayajon bilan: «Muborak oyogʻingiz changiga yuzimni surtay, yo Rasulalloh!… Men ham siz bilan birga boramanmi?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «Ha…» – dedilar. Hazrati Siddiq sevinchidan yigʻlab yubordi. Koʻz yoshlari ichida: «Ota-onam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Tuyalar tayyor. Qaysi birini xohlasangiz, oʻshani qabul qiling», – dedi. Olamlar sultoni: «Oʻzimniki boʻlmagan tuyaga minmayman. (Faqat) pulini berib olaman», – dedilar. Bu qatʼiy amr qarshisida noiloj qolgan hazrati Siddiq tuyaning narxini aytdi. Hazrati Abu Bakr yoʻl boshlovchiligi bilan mashhur boʻlgan Abdulloh ibn Urayqit ismli kishini chaqirib, yoʻl koʻrsatishi uchun haq evaziga yolladi va unga tuyalarni uch kundan keyin Savr togʻidagi gʻorga olib kelishni buyurdi.
Biʼsatning oʻn uchinchi yili, Safar oyining 27-kuni, payshanba kuni Paygʻambarimiz va Abu Bakr Siddiq oʻzlari bilan bir oz yegulik olib, yoʻlga chiqdilar.
Hazrati Abu Bakr Rasulullohning atrofida goh oʻngga, goh chapga, goh oldinga, goh orqaga oʻtib borardi. Paygʻambarimiz nega bunday qilayotganini soʻraganlarida, u: «Atrofdan kelishi mumkin boʻlgan xavfning oldini olish uchun. Agar biror zarar kelsa, avval menga kelsin. Jonim oliy zotingizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh!» – dedi.
Sarvari olam shunday dedilar: «Yo Abu Bakr! Boshimga keladigan musibatning mening oʻrnimga sening boshingga kelishini istaysanmi?» Hazrati Siddiq: «Ha, yo Rasulalloh! Sizni haq din bilan, haq paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasam ichamanki, keladigan musibatning sizning oʻrningizga mening boshimga kelishini istayman», – dedi.4
Sevimli Paygʻambarimizning kavushlari tor boʻlgani uchun yoʻlda yirtilib ketdi, muborak oyoqlari yaralandi, yurishga hollari qolmadi. Ular zoʻrgʻa toqqa chiqib, gʻorga yetib bordilar. Gʻor ogʻziga kelganlarida hazrati Abu Bakr: «Alloh haqqi, yo Rasulalloh, ichkariga kirmang! Men kiray, u yerda zararli bir narsa boʻlsa, menga tegsin, muborak zotingizga biror qaygʻu, biror alam yetmasin», – dedi-da, ichkariga kirdi. Ichini supurib tozaladi. Oʻng va chap tomonida katta-kichik koʻp teshiklar bor edi. Xirqasini yirtib, teshiklarni berkitdi, lekin bittasi ochiq qoldi. Uni ham tovoni bilan yopib, Rasulullohni ichkariga taklif qildi. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) ichkariga kirdilar va muborak boshlarini Abu Bakrning tizzasiga qoʻyib, uxladilar.
Shu payt hazrati Siddiqning oyogʻini ilon chaqdi. Rasululloh uygʻonib ketmasinlar deb, u chidadi va sira qimirlamadi. Lekin koʻz yoshi Rasulullohning muborak yuzlariga tomganda, u zot: «Nima boʻldi, yo Abu Bakr?» – deb soʻradilar. Hazrati Abu Bakr: «Oyogʻim bilan yopgan teshikdan bir ilon oyogʻimni chaqdi», – dedi. Rasululloh Abu Bakrning yarasiga, tuzalsin deb, muborak ogʻizlarining soʻlagidan surtganlarida, ogʻrigʻi darhol bosildi, shifo topdi.
Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) va Abu Bakr Siddiq ichkarida ekanlarida mushriklar iz quvib-quvib gʻorning oldiga keldilar. Uning ogʻzini bir oʻrgimchak toʻr bilan oʻraganini va ikkita kaptar uya qurganini koʻrdilar. Izquvar Kurz ibn Alqama: «Mana shu yerda iz yoʻqoldi», – dedi. Kofirlar: «Agar ular bu yerga kirgan boʻlsalar, gʻor ogʻzidagi oʻrgimchak toʻri yirtilgan boʻlishi kerak edi», – deyishdi.
Baʼzilari: «Shu yergacha keldik, bittangiz gʻorga kirib qarasin!…» – deganda, kofir Umayya ibn Xalaf: «Sizlarda sira aql yoʻqmi? Ustida qavat-qavat oʻrgimchak toʻri boʻlgan bu gʻorda nima ishingiz bor? Qasam ichamanki, bu oʻrgimchak toʻrini Muhammad tugʻilmasdan oldin toʻqigan», – dedi.
Mushriklar gʻor ogʻzida bahslashayotganlarida ichkarida hazrati Abu Bakrni tashvish bosdi va u: «Yo Rasulalloh! Allohga qasamki, oʻzim uchun qaygʻurmayapman. Lekin oliy zotingizga biror narsa boʻlishidan qoʻrqaman. Men oʻldirilsam, bir kishiman, hech narsa oʻzgarmaydi. Ammo sizga biror zarar yetsa, butun ummat halok boʻladi, din barbod boʻladi», – dedi. Koinot sultoni: «Yo Abu Bakr! Qaygʻurma!… Shubhasiz, Allohu taolo biz bilan», – dedilar.
Abu Bakr Siddiq: «Yo Rasulalloh! Jonim sizga fido boʻlsin! Ulardan biri boshini egib qarasa, bizni koʻradi!» – deganda, Paygʻambarimiz: «Yo Abu Bakr! Biz shunday ikki kishimizki, uchinchimiz Allohu taolodir. Qaygʻurma!… Haq taolo biz bilan», – dedilar. Mushriklar ichkariga qaramasdan ortga qaytib ketdilar.5
Allohu taolo bu holni Qurʼoni karimda shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Agar sizlar unga (Habibimga) yordam bermasangiz, (oʻsha vaqtni eslanglar:) kofirlar uni (Makkadan) ikki kishining ikkinchisi qilib (hazrati Abu Bakr bilan) chiqarganlarida, ular (Savr togʻining tepasidagi) gʻorda ekanlarida, Allohu taolo unga (Rasulullohga) yordam bergan edi. Oʻshanda u hamrohiga (Abu Bakr Siddiqqa): „Qaygʻurma, Allohu taoloning yordami, nusrati, shubhasiz, biz bilan“, – degan edi. Allohu taolo uning ustiga qalblarga huzur beradigan sakinasini tushirdi, uni (Habibini) sizlar koʻrmagan (maʼnaviy) lashkar bilan quvvatladi (uni farishtalar bilan himoya qildi) va kofirlarning soʻzini batamom tuban qildi. Allohu taoloning (tavhid) kalimasi esa eng yuksakdir (Alloh lafzini butun jahonga yoydi va hokim qildi). Allohu taolo mutlaq gʻolibdir. Yagona hukm va hikmat sohibidir».6
«Alloh haqqi, yo Rasulalloh, ichkariga kirmang! Men kiray, u yerda zararli bir narsa boʻlsa, menga tegsin, muborak zotingizga biror qaygʻu, biror alam yetmasin» Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu)
Sevimli Paygʻambarimiz va hazrati Abu Bakr bu gʻorda kechayu kunduz uch kun qoldilar. Hazrati Abu Bakrning oʻgʻli Abdulloh Makkada eshitganlarini kechasi gʻorga kelib xabar qilar, ozod qilingan quli va podalarining choʻponi Omir ibn Fuhayra esa kechalari sut keltirib, izlarni yoʻqotar edi.
Sevimli Paygʻambarimiz Savr gʻoridan toʻrtinchi kuni, dushanba kechasi, sahar paytida chiqib, Qasvo ismli tuyalariga mindilar. Bir rivoyatga koʻra, orqalariga hazrati Abu Bakrni mingashtirdilar. Ikkinchi tuyaga esa hazrati Omir ibn Fuhayra bilan yoʻllarni yaxshi biladigan Abdulloh ibn Urayqit minishdi.
Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) Allohu taolo madh etgan, shaharlarning eng qimmatlisi boʻlgan Makkai mukarramadan – oʻz vatanlaridan ajralmoqda edilar. Tuyalarini Harami sharif tomonga burib, mahzun holda shunday dedilar: «Allohga qasamki! Sen Allohu taolo yaratgan joylarning eng xayrlisi, Rabbim huzurida eng sevimlisisan! Sendan chiqarilmaganimda, chiqmas edim. Men uchun sendan goʻzalroq, sendan sevimliroq yurt yoʻq. Qavmim meni sendan chiqarmaganida, chiqmas edim, sendan boshqa biror joyda yurt tutib, oshyon qurmas edim».
Shu onda Jabroil alayhissalom tushib: «Yo Rasulalloh! Vataningizga mushtoqmisiz, sogʻindingizmi?» – dedi. Paygʻambarimiz: «Ha, mushtoqman!» – dedilar. Jabroil alayhissalom u zotning oxiri Makkaga qaytishlari haqida xushxabar bergan Qasas surasining 85-oyati karimasini oʻqib, muborak koʻngillariga tasalli berdi.
Yoʻl osoyishta kechmoqda edi. Mushriklar hamma yoqni izlasalar ham, topa olmas edilar; Janobi Haq Oʻz Habibini ularning sharridan muhofaza qilmoqda edi. Rasululloh Qudayd degan joyga yetib kelganlarida, saxovati bilan mashhur, aqlli, iffatli Ummu Maʼbad ismli bir xonimning chodiri oldida toʻxtadilar. Haq evaziga yegulik, xurmo va goʻsht olmoqchi boʻldilar. Ummu Maʼbad: «Agar boʻlganida edi, pulga emas, ziyofat berib, mehmon qilardim. Qahatchilik va tirikchilik tangligi tufayli qoʻlimizda hech narsa qolmadi», – dedi. «Sut bormi?» – deb soʻraganlarida: «Yoʻq. Hayvonlar qisir», – deb javob berdi. Koinot sultoni (sallallohu alayhi vasallam) chodir yonida turgan bir oriq qoʻyni koʻrsatib: «Ey Ummu Maʼbad! Bu qoʻy nega bu yerda bogʻlogʻliq turibdi?» – dedilar. U: «Juda kasal va oriq boʻlgani uchun podadan qolib ketdi. Madori yoʻqligidan bora olmadi», – dedi. «Uning biror suti bormi? Bu qoʻyni sogʻishimga izn berasizmi?» – deganlarida, u: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, uning suti yoʻq, lekin uni sogʻishingizga hech narsa moneʼ emas», – dedi.
Rasululloh qoʻyning yoniga kelib, Allohu taoloning ismini zikr qildilar. Baraka tilab duo qilganlaridan keyin muborak qoʻllarini qoʻyning yeliniga surtdilar. Shu onda yelin sutga toʻlib, sut oqa boshladi. Darhol idish keltirib, uni toʻldirdilar. Avval Ummu Maʼbadga berdilar. U ichganidan keyin hazrati Abu Bakrga va boshqalarga berib, toʻygunlaricha ichishlarini taʼminladilar. Eng oxirida oʻzlari ichdilar. Soʻngra muborak qoʻllarini yana qoʻyning yeliniga tekkizib sogʻdilar va chodirdagi eng katta idishni soʻradilar. Uni ham toʻldirib, Ummu Maʼbadga topshirdilar. Rivoyatga koʻra, oʻsha qoʻy oʻn sakkiz yil yashadi va ular Faxri olamning barakoti bilan ertayu kech uning suti bilan tirikchilik qilishardi. Ular u yerdan ketganlaridan keyin Ummu Maʼbadning eri kelib, sutni koʻrdi. Sevinib: «Bu sut qayerdan keldi?» – deb soʻraganda, Ummu Maʼbad: «Bir muborak kishi kelib, xonadonimizni sharaflantirdilar. Koʻrib turganlaring – u zotning himmati va barakoti», – dedi. Eri: «Taʼriflab bera olasanmi? Sifatlari, jamollari qanday?» – deb soʻradi.
Ummu Maʼbad: «Men koʻrgan u muborak zot juda kelishgan va ochiq yuzli edilar. Koʻzlarida bir oz qizillik, ovozlarida noziklik bor edi. Muborak kipriklari uzun edi. Koʻzlarining oqi nihoyatda oq, qorasi esa tim qora boʻlib, goʻyo tabiiy surmali edi. Sochlari qora, soqollari qalin edi. Jim turganlarida u zotdan bir viqor va vazminlik sezilib turar edi. Gapirganlarida tabassum qilar, soʻzlari goʻyo tizilgan durlardek ogʻizlaridan shirin-shirin toʻkilardi. Uzoqdan juda haybatli koʻrinar, yaqin kelganlarida esa gʻoyat yoqimli va jozibali boʻlib qolar edilar. Yonlaridagilar u zotning amrlarini bajarish uchun jon-jahdlari bilan shoshilar edilar», – deb, u zotning yana juda koʻp goʻzal xislatlarini sanab berdi. Bularni hayrat bilan tinglagan eri: «Qasam ichamanki, bu zot Quraysh izlayotgan kishi. Agar u zotga duch kelganimda, xizmatlarida boʻlish sharafiga erishar, yonlaridan ajralmas edim», – dedi. Ummu Maʼbadning eri Rasulullohning ortlaridan borib, Riym vodiysida u zotga yetib oldi va musulmon boʻldi. Sahobiylik sharafiga erishdi. Keyinroq Ummu Maʼbad ham musulmon boʻldi.7
Suroqa ibn Molik
Mushriklar Madina tomon yoʻlga chiqqan Muhammad alayhissalomni va hazrati Abu Bakrni tinmay izlar edilar. Agar ularni topa olmasalar, oʻzlari uchun juda katta xavf paydo boʻlar edi. Chunki ular musulmonlar bir «Islom davlati» tuzib, qisqa vaqt ichida ularni yoʻq qilib yuborishlari mumkin, deb oʻylar edilar. Shu sababli mushriklar bor kuchlarini ishga soldilar. Paygʻambarimizni va hazrati Abu Bakrni oʻldirgan yoki asir olgan kishiga yuz tuyadan tashqari son-sanoqsiz mol va pul berishni vaʼda qildilar. Bu xabar Suroqa ibn Molik mansub boʻlgan Banu Mudlij orasida ham tarqaldi.
Suroqa ibn Molik mohir izquvar edi. Shu sababli boʻlib oʻtayotgan voqealar bilan yaqindan qiziqdi.
Banu Mudlij bir seshanba kuni Suroqa ibn Molik yashaydigan Qudayd hududida yigʻilgan edilar. Yigʻinda Suroqa ibn Molikning oʻzi ham bor edi. Shu payt Qurayshning odamlaridan biri kelib, Suroqaga: «Ey Suroqa! Allohga qasamki, men hozirgina sohil tomon ketayotgan uch-toʻrt kishilik bir karvonni koʻrdim. Ular, ehtimol, Muhammad va uning sahobalari boʻlsa kerak», – dedi. Suroqa gap nimada ekanini angladi. Lekin oʻrtaga juda katta mukofot qoʻyilgani uchun uni yolgʻiz oʻzi qoʻlga kiritmoqchi edi. Shu sababli boshqa birovning bundan xabardor boʻlishini istamas edi. «Yoʻq, sen koʻrganlar falon-falon kishilar. Bir oz oldin oʻtib ketgan edilar. Ularni biz ham koʻrdik», – deb, goʻyo muhim bir narsa yoʻqdek gapirdi.
Suroqa ibn Molik yana bir oz kutdi. Eʼtiborni tortmasdan uyiga keldi. Xizmatkoriga otini va qurolini olib, vodiyning ortida uni kutib turishni aytdi. Oʻzi esa nayzasini olib, yaltirashi koʻzga tashlanmasin deb, uchini pastga qaratib olgan edi. Otini choptira boshladi. Yoʻlida davom etib, nihoyat ularning izini topdi. Shunchalik yaqinlashdiki, hatto Paygʻambarimiz oʻqiyotgan Qurʼoni karimni ham eshita boshladi. Lekin Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) ortlariga sira qaramas edilar. Hazrati Abu Bakr orqasiga qarab, Suroqani koʻrdi va tashvishga tushdi. Paygʻambarimiz unga gʻordagidek: «Qaygʻurma, Allohu taolo biz bilan birga», – dedilar.
«(Ey Makkai mukarrama!) Men uchun sendan goʻzalroq, sendan sevimliroq yurt yoʻq. Qavmim meni sendan chiqarmaganida, chiqmas edim, sendan boshqa biror joyda yurt tutib, oshyon qurmas edim» Hadisi sharif
Buxoriy hazratlarining rivoyatiga koʻra, shu payt hazrati Abu Bakr bir otliqning ularga yetib kelayotganini Rasuli akramga arz qilganda, Paygʻambarimiz: «Yo Rabbim! Uni yiqit!» – deb duo qildilar. Boshqa bir rivoyatga koʻra, Suroqa ularning yonlarigacha kelganda hazrati Abu Bakr yigʻlay boshladi. Rasuli akram nega yigʻlayotganini soʻraganlarida, u: «Allohga qasamki, oʻzim uchun yigʻlamayapman. Sizga biror zarar yetishidan qoʻrqib yigʻlayapman», – dedi. Suroqa Paygʻambarimizga hujum qila oladigan darajada yaqinlashdi. U: «Yo Muhammad! Bugun seni mendan kim himoya qiladi?!» – dedi. Sarvari olam: «Meni Jabbor va Qahhor boʻlgan Allohu taolo himoya qiladi», – deb javob berdilar. Shu payt Suroqaning oti ikki old oyogʻi bilan tizzasigacha yerga botib ketdi. U bundan qutulib, yana hujumga uringanda, otining oyoqlari yana yerga botdi. Suroqa otini qancha zoʻrlasa ham, uni sira qutqara olmadi. Boshqa qila oladigan hech narsasi qolmadi. Noiloj qolgach, shafqat va marhamat sohibi boʻlgan Rasulullohga yolvora boshladi. Barcha kamolotlarni va goʻzal axloqni oʻzlarida jamlagan, eng yuksak axloq va xilqat egasi boʻlgan Paygʻambarimiz uning bu iltimosini qabul qildilar. Suroqa: «Yo Muhammad! Sening muhofaza qilinayotganingni angladim. Duo qil, qutulay. Bundan keyin senga aslo zarar yetkazmayman. Izingga tushganlarga ham sen haqingda hech narsa aytmayman», – derdi. Koinot sarvari: «Yo Rabbim! Agar u soʻzida rost va samimiy boʻlsa, otini qutqar», – deb duo qilganlarida, Allohu taolo bu duoni qabul qildi. Suroqa ibn Molikning oti faqat shu duodan keyingina chuqurdan chiqa oldi. Shu payt otning oyogʻi botgan joydan osmonga qarab tutunga oʻxshash bir narsa koʻtarilayotgan edi. Suroqa hayratda qoldi va bu boʻlib oʻtganlarning hammasidan Muhammad alayhissalomning doimo muhofaza qilinayotganlarini angladi. Juda koʻp narsaga guvoh boʻlgan edi. Oxiri u: «Yo Muhammad! Men Suroqa ibn Molikman! Mendan aslo shubhalanmanglar. Sizlarga soʻz beraman: bundan keyin sizlarga yoqmaydigan hech bir ishni qilmayman. Qavming seni va hamrohlaringni tutib keltirgan kishiga katta mukofot berishni vaʼda qildi», – dedi va Quraysh mushriklarining nima qilmoqchi ekanliklarini bir-bir aytib berdi. Hatto ularga yoʻl uchun oziq va minishga tuya bermoqchi boʻldi, lekin sevimli Paygʻambarimiz qabul qilmadilar va unga: «Ey Suroqa! Sen Islom dinini qabul qilmaguningcha, men ham sening tuyangni ham, sigiringni ham istamayman, soʻramayman. Bizni koʻrganingni sir tut, shu kifoya», – dedilar. Ibn Saʼd esa shunday naql qiladi: Suroqa Paygʻambarimizga: «Menga istaganingni buyur», – deganda, Rasululloh: «Yurtingda tur. Hech kimga bizga yetib olishiga yoʻl qoʻyma», – dedilar. Allohu taolo xohlasa, hamma narsa boʻlar edi. Unga xolis ishonib, Uning roziligi yoʻlida yurilganda, aql bovar qilmaydigan hodisalar yuz berar edi. Rasulullohni oʻldirib, katta mukofotlarga erishish hirsi bilan naʼra tortgan sher qiyofasida yoʻlga chiqqan Suroqa endi muloyim, yuvosh bir boladek edi. Hamma narsaga qodir boʻlgan Allohu taolo Habibiga zarar yetkazmasligi uchun Suroqaning qalbini yaxshilikka burib qoʻygan edi. Albatta, Allohu taolo Habibini (sallallohu alayhi vasallam) yolgʻiz qoldirmas edi. Chunki u zot Allohu taolo insonlarga marhamat qilib, ularning dunyoda ham, oxiratda ham abadiy saodatga (baxtga) erishishlari uchun yuborgan sevimli Paygʻambari edilar. Shundan soʻng Suroqa oʻz izi boʻylab ortga qaytdi. Boshidan kechirganlarini duch kelgan kishilarga ham aytmadi.8
Koinot sultoni kelmoqdalar!
Paygʻambarimiz, hazrati Abu Bakr, Omir ibn Fuhayra va ularning yoʻl boshlovchisi Abdulloh ibn Urayqit bir hafta yoʻl yurib, biʼsatning oʻn uchinchi yili (milodiy 622 yil), sentyabr oyining yigirmanchi kuni, hijratning birinchi yili Rabiul avval oyining sakkizinchi kuni, dushanba kuni choshgoh paytida «Qubo» qishlogʻiga yetib keldilar. Kulsum ibn Hidm ismli bir musulmonning uyida mehmon boʻldilar. Ilk muhojirlar Rasuli akram hali Madinaga kelmaslaridan oldinoq Quboda Banu Amr ibn Avfga tegishli bir xurmo quritiladigan joyni namozgohga aylantirgan edilar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Quboga yetib kelganlarida bu namozgohni kengaytirib, birinchi masjidni qurdilar. Namozlarini Qubo masjidida oʻqidilar. Qubo masjidi Tavba surasining 108-oyati karimasida, maʼnosi: «…Poydevori taqvo ustiga qurilgan masjid», – deb madh etildi.9
Kecha bilan kunduz tenglashgan 23 sentyabr kunini ham Qubo qishlogʻida oʻtkazib, Rabiul avval oyining oʻn ikkinchi kuni, juma kuni Madina tomon yoʻlga tushdilar. Peshin namozi vaqtida Madina bilan Qubo oraligʻidagi Ranona vodiysida toʻxtadilar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ilk juma namozini shu yerda oʻqidilar va ilk xutbani ham shu yerda irod qildilar.10 Oʻsha kuniyoq Madinaga yetib bordilar. (Keyinroq bu yerda ilk juma namozi xotirasiga «Masjidi Juma» nomli masjid qurildi.) Bu orada Makkada qolgan hazrati Ali Rasulullohning Kaʼbada doimo oʻtiradigan joylariga oʻtirdi. «Rasuli akramda kimning qanday narsasi boʻlsa, kelib olsin», – deb jar soldirdi. Har kim kelib, belgisini aytib, omonatini oldi. Shu tariqa omonatlar egalariga topshirildi. Allohning arsloni hazrati Ali Quraysh kofirlari yigʻiladigan joyga borib: «Inshoallohu taolo, ertaga Madinai munavvaraga ketaman. Aytadigan gapingiz bormi? Men shu yerdaligimda aytinglar», – dedi. Ularning hammasi boshini egib, hech narsa demadi. Tong otgach, hazrati Ali Rasuli akramning shaxsiy buyumlarini yigʻib, yoʻlga tushdi. Qurayshdan 4–5 kishi uning yoʻlini toʻsdi, lekin u ular bilan olishib, gʻolib chiqdi. Soʻngra yoʻlda uning roʻparasidan Miqdod ibn Asvad chiqdi. Uni ham bir zarbada yerga yiqitib, iymonga daʼvat qildi. U ham musulmon boʻldi. Yana yoʻlga ravona boʻlib, shishgan oyoqlaridan qon oqqan holda Quboda Rasulullohga yetib oldi. Kunduzi yashirinib, kechasi piyoda yurib oʻtgan bu safarning oxirida u Paygʻambarimizning huzurlariga bora olmaydigan holga kelib qolgan edi. Rasuli akram buni eshitgach, oʻzlari uning oldiga tashrif buyurdilar, hazrati Alini koʻrib, holiga achindilar, sevimli, fidokor amakivachchalarini bagʻirlariga bosdilar, muborak qoʻllari bilan uning haq yoʻlida minglab mashaqqatlarga chidagan nozik oyoqlarini siladilar va uning sogʻligi uchun duo qildilar. Hatto hazrati Alining bu fidokorligi munosabati bilan «Odamlar orasida Allohu taoloning roziligi uchun oʻz jonini (oʻzini) fido qiladiganlar bor» maʼnosidagi oyati karima nozil boʻlgani rivoyat qilinadi.1112
«Yo Suroqa! Hozir men sening Eron shohining (Kisroning) bilaguzuklarini taqqaningni, kamarini bogʻlaganingni va tojini kiyganingni koʻrib turgandekman!» Hadisi sharif
Madinaga ilgariroq hijrat qilgan sahobai kirom va madinalik musulmonlar Koinot sultonining Makkadan hijrat uchun yoʻlga chiqqanlarini eshitgach, u zotning tashriflarini qizgʻin hayajon bilan kuta boshladilar. Shu sababli Madinai munavvaraning chekka mahallalariga kuzatuvchilar qoʻyib, u zot shaharlarini sharaflantiradigan lahzada kutib olish uchun intiq boʻlib turdilar. U zotning muhabbati bilan yonayotganlar qizigan sahroning suvga tashnaligidek koʻzlarini ufqqa tikib, kunlab kutdilar.
Nihoyat, birdan: «Kelayotirlar! Kelayotirlar!…» – degan ovoz eshitildi. Ovozni eshitganlar issiq sahroning oʻrtalariga koʻz yugurtira boshladilar. Ha!… Ha!… Ular ham qizigan sahroda, quyoshning kuydiruvchi issigʻiga qaramay, katta haybat bilan oʻzlari tomon yaqinlashib kelayotganlarni koʻrdilar. Sevinch bilan bir-birlariga: «Suyunchi!… Suyunchi!… Rasululloh kelmoqdalar!… Paygʻambarimiz kelmoqdalar!… Sevininglar, ey madinaliklar! Bayram qilinglar! Habibulloh kelmoqdalar!… Boshimizning toji kelmoqdalar!…» – deb qichqira boshladilar. Bu xabar bir lahzada Madinai munavvara koʻchalarini tutib ketdi. Yettidan yetmishgacha, qariyasidan bemorigacha hamma shu misli koʻrilmagan sevinchli xabarni kutayotgan edi.
Butun madinaliklar eng chiroyli kiyimlarini kiyib, Olamlar sarvarini kutib olish uchun shoshildilar. Takbir sadolari osmonni yangratar, sevinchdan koʻz yoshlari seldek oqar edi. Huzn va baxtga toʻla bir havo esar, Madina oʻz tarixidagi eng goʻzal kunini boshdan kechirar edi. Bir tomonda hamma «Amin» laqabi bilan tanigan Allohu taoloning Habibini oʻldirish uchun mukofot tayinlaganlar, ikkinchi tomonda esa u zotni va hamrohlarini himoya qilish, bagʻriga bosish va bu yoʻlda jonini fido qilishni istaganlar bor edi.
Madinaliklar sevimli Paygʻambarimizning nurli jamollarini tezroq koʻrishni istar edilar. Madina Madina boʻlibdiki, bunday sevinchli, bunday muborak lahzani koʻrmagan edi. Bu – shu kungacha boʻlmagan bir bayram edi. Oʻxshashi koʻrilmagan va koʻrilmaydigan bu bayramda bolalar, yoshlar, kattalar, baxtiyor insonlar ilk bor bir vaqtda, bir ovozdan shu sheʼrni tarannum qilar edilar:13
Tolaʼal-badru alayno,
Ustimizga toʻlin oy chiqdi
Min saniyyatil-vadoʼ,
Vido tepaliklaridan.
Vajabash-shukru alayno,
Shukr etmoq bizga vojib boʻldi,
Mo daʼo lillahi doʼ.
Allohga chorlovchi chorlar ekan.
Ayyuhal-mabʼusu fino,
Ey bizga yuborilgan zot,
Jiʼta bil-amril-mutoʼ,
siz Allohning amrini (Amrullohni) keltirdingiz.
Jiʼta sharraftal-Madina,
Siz Madinani sharafladingiz,
Marhaban yo xayra doʼ.
xush kelibsiz, ey chorlovchilarning eng yaxshisi!
Anta shamsun, anta badrun,
Siz – quyoshsiz, siz – oysiz,
Anta nurun alo nur,
siz – nur ustiga nursiz,
Anta misbohus-Surayyo,
siz – Hulkar yulduzlarining yogʻdusisiz,
Yo Habibiy, yo Rasul!
ey suyuklim, ey Rasul!
Qad labisno savba izzin,
Izzat-ikromga toʻldik,
Baʼda asvobir-riqoʼ,
eskiliklardan qutuldik,
Va razaʼno sadya majdin,
ulugʻlikka yetib, toʻydik,
Baʼda ayyomiz-ziyoʼ.
ziyonda edik – foyda topdik.
Qolat ahmorud-dayojiy,
Zulmatni ketkazuvchi oy deydi:
Qulli arbobil-islom,
«Islom ahliga aytinglar:
Kullu man yatbaʼ Muhammad,
Muhammad alayhissalomga ergashganga
Yanbagʻiy an lo yuzom.
aslo zulm qilmanglar».
Va taʼohadno jamiʼan,
Hammamiz birga soʻz berdik
Yavma aqsamnal-yamin,
qasam ichilgan kunda:
Lan nahunal-ahda yavman,
rostlik – bizning yoʻlimiz,
Vattaxaznas-sidqa din.
dinda xiyonat boʻlmas.
Lastu vallohi nasiyyan,
Allohga qasamki, unutmayman,
Mo yuqosihil-ibod,
alamsiz bir kun ham boʻlmadi,
Mashhadan yo najma amnin,
siz guvohsiz, ey omonlik yulduzi:
Zu vafoin va vidod.
vafoingiz, muhabbatingiz behad koʻp.
«Xush kelibsiz, yo Rasulalloh», «Biznikiga marhamat qiling, yo Rasulalloh», – degan iltijolar atrofni tutib ketgan edi. Madinaning koʻzga koʻringan kishilaridan baʼzilari Qasvoning jilovidan tutib: «Yo Rasulalloh! Biznikiga marhamat qiling…» – deb yolvorishdi. Shunda Paygʻambarimiz ularga: «Tuyamning jilovini qoʻyib yuboringlar, unga buyurilgan. Kimning uyi oldida choʻksa, oʻsha yerda mehmon boʻlaman!» – dedilar.
«Odamlar orasida Allohu taoloning roziligi uchun oʻz jonini fido qiladiganlar bor» Baqara: 207
Hammani katta hayajon va qiziqish qamrab oldi. Qasvo qayerga choʻkarkin? Qasvo Madina ichkarisiga qarab borar, har bir eshik oldidan oʻtayotganda uy egalari: «Yo Rasulalloh! Biznikiga marhamat qiling, biznikiga marhamat qiling!» – deb yolvorishardi. Paygʻambarimiz ularga tabassum qilib: «Tuyaga yoʻl beringlar! Qayerga choʻkishi unga buyurilgan», – der edilar.
Nihoyat, Qasvo Paygʻambarimizning hozirgi muborak masjidlari eshigi turgan joyga choʻkdi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) tuyadan tushmadilar. Jonivor yana oʻrnidan turib, yura boshladi. Soʻngra avvalgi joyiga choʻkdi va boshqa turmadi. Shundan keyin Paygʻambarimiz Qasvodan tushib: «Inshoalloh, manzilimiz shu yer», – dedilar va: «Bu yer kimniki?» – deb soʻradilar. U zotga: «Yo Rasulalloh! Amrning oʻgʻillari Suhayl bilan Sahlniki», – deb javob berishdi. Bu bolalar yetim edi. Paygʻambarimiz: «Qarindoshlarimizdan qaysi birining uyi bu yerga yaqinroq?» – deb soʻradilar. Chunki Rasulullohning bobolari Abdulmuttalibning onasi Banu Najjordan edi. Hazrati Xolid ibn Zayd Abu Ayyub Ansoriy sevinib: «Yo Rasulalloh! Mening uyim yaqinroq. Mana bu – uyim, mana bu – eshigi», – deb hayajon bilan koʻrsatdi. U Qasvoning yukini tushirib, Rasulullohni uyiga taklif qildi.14
Madinalik musulmonlar va muhojirlar Paygʻambarimizning hijratlaridan behad sevindilar. Bu yilga «Sanatul izn» deyiladi.
Hijrat paytida koʻngillarning malhami, insoniyatning bosh toji, Allohu taoloning habibi Paygʻambarimiz ellik uch yoshda edilar.
NE BOʻLDI HOLIM?
Ne boʻldi mening holim, yo Rasulalloh?
Yonar jonu tanim, yo Rasulalloh.
Chirpingan alanga, isiriqdon kabi
ishqingizda tutayman, yo Rasulalloh.
Hijringiz hasratida koʻpdan beri
erib bitaman, yo Rasulalloh.
Olam siz uchun yaratilgan shohsiz, oliy eshigingizda
boshimni egaman, yo Rasulalloh.
Siz bosgan tuproqda gullar ochilmish,
men unda tikanman, yo Rasulalloh.
Abu Ayyub Ansoriy (roziyallohu anhu)
