Sevimli Paygʻambarim

AQABA BAYʼATLARI

Birinchi Aqaba bayʼati

Biʼsatning (paygʻambarlik berilishining) oʻn birinchi yili, Zulhijja oyida Asʼad ibn Zurora va uning oʻn bir hamrohi haj mavsumida yana Makkaga keldilar. Olamlar sarvari bilan oldingi uchrashuvlaridan beri roppa-rosa bir yil oʻtgan edi. Oʻsha yili mushriklar musulmonlarga har yilgidan ham koʻproq azob-uqubat va jabr-jafo yetkazayotgan edilar. Ular Rasulullohni tinmay taʼqib qilib, u zot bilan gaplashgan har bir kishini qiynoqqa solar edilar. Buni bilgan madinaliklar Paygʻambarimiz bilan kechasi Aqabada uchrashishga kelishib oldilar. Tun choʻkkach, uchrashdilar. U zotga sadoqatlarini izhor qilib, barcha amr va istaklariga boʻysunishga soʻz berdilar va bayʼat qildilar. Bu ahdlashuvda ular «Allohu taologa shirk keltirmaslikka, zino qilmaslikka, oʻgʻirlik qilmaslikka, boʻhtondan saqlanishga, malomat va rizq qoʻrquvi tufayli farzandlarini oʻldirmaslikka» vaʼda berdilar.1

Sevimli Paygʻambarimiz ikkitasi Avs qabilasidan, qolganlari esa Xazraj qabilasidan boʻlgan bu 12 kishini oʻz qabilalariga vakil qilib tayinladilar. Ular qabilalariga Islomni tushuntirib, ular nomidan Rasululloh oldida kafil boʻlishlari kerak edi. Asʼad ibn Zurora esa hammalari nomidan vakil etib tayinlangan edi. Oʻtgan yili Aqabadagi uchrashuvda qatnashgan 5 kishi va Islomni yangi qabul qilgan 7 kishi quyidagilar edi: Banu Molik ibn Najjordan Asʼad ibn Zurora, Avf ibn Horis va Muoz ibn Horis; Banu Zurayq ibn Omirdan Rofeʼ ibn Molik va Zakvon ibn Abdulqays; Banu Gʻanm ibn Avfdan Uboda ibn Somit; Banu Gʻusaynadan Yazid ibn Saʼlaba; Banu Ajlon ibn Zayddan Abbos ibn Uboda; Banu Harom ibn Kaʼbdan Uqba ibn Omir; Banu Savod ibn Gʻanmdan Qutba ibn Omir; Banu Abdulashhal ibn Jushamdan Abul Haysam Molik ibn Tayyihon va Banu Amr ibn Avfdan Uvaym ibn Soida.

Madinada chiqqan quyosh

Birinchi Aqaba bayʼatidan (ahdlashuvidan) keyin Madinaga qaytgan hazrati Asʼad ibn Zurora va uning hamrohlari kecha-kunduz qabilalariga Islomni tushuntirib, ularni haq dinga daʼvat qildilar. Bu daʼvat natijasida Islom Madinada tez yoyila boshladi. Hatto ilgari bir-biriga dushman boʻlgan Avs va Xazraj qabilalari birlashib, Islomni yaxshiroq oʻrganish uchun Rasulullohdan bir muallim soʻradilar. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Qurʼoni karimni va Islomni oʻrgatish uchun Makkadagi sahobalaridan hazrati Musʼab ibn Umayrni muallim qilib Madinaga yubordilar. Hazrati Musʼab hazrati Asʼadning uyida turdi. Ikkalasi uyma-uy yurib, hammaga Islomni yetkazishdi. Odamlardan Rasulullohni sevishlarini va u zotni barcha dushmanlaridan himoya qilish uchun jon-jahdlari bilan harakat qilishga soʻz berishlarini soʻrashdi. Shu tariqa ularni Rasululloh bilan boʻladigan bayʼatga tayyorlashdi. Hazrati Asʼad ibn Zuroraning qabila boshligʻi Saʼd ibn Muoz boʻlib, ular qarindosh edilar. U davrda arablarda qarindoshga nisbatan haqoratdan saqlanish odat boʻlgani uchun, hali iymon keltirmagan Saʼd ibn Muoz hazrati Asʼad ibn Zuroraning uyiga borib, bu ishga toʻsqinlik qilishga urinmadi. Qabila boshligʻi sifatida bu ishga oʻzi aralashishni istamas edi. Shu maqsadda qabilasining koʻzga koʻringan kishilaridan Usayd ibn Huzayrga: «Mahallamizga bor, anavi kelgan odamni koʻr, nima qilsang, qil. Asʼad xolavachcham boʻlmaganida, bu ishni senga topshirmas edim», – dedi.

Shundan soʻng Usayd ibn Huzayr nayzasini olib, hazrati Musʼab ibn Umayr turgan uyga bordi. U yerga yetgach, gʻazab bilan gapira boshladi: «Bizning oldimizga nega keldinglar? Odamlarni aldayapsizlar! Joningizdan ayrilishni istamasangiz, darhol bu yerdan ketinglar!» Musʼab ibn Umayr uning bunday gʻazabli holini koʻrib, gʻoyat yumshoq va muloyim javob berdi: «Qani, avval bir oz oʻtir, gapimizga quloq sol! Maqsadimizni angla, maʼqul boʻlsa, qabul qilasan. Boʻlmasa, toʻsqinlik qilarsan…» Usayd tinchlanib: «Toʻgʻri aytding», – dedi-da, nayzasini yerga sanchib oʻtirdi. U hazrati Musʼabning shirin soʻzlarini, inson qalbiga kiradigan gaplarini va yoqimli ovoz bilan oʻqigan Qurʼoni karim oyatlarini tingladi. Oʻzini unutib: «Bu qanday goʻzal narsa!» – deb yubordi. Soʻng: «Bu dinga kirish uchun nima qilish kerak?» – deb soʻradi. Unga tushuntirishdi va Usayd ibn Huzayr kalimai shahodat aytib, musulmon boʻldi. Sevinchidan joyida oʻtirolmay qolgan hazrati Usayd: «Men borib, sizlarga bir kishini yuboraman. Agar u musulmon boʻlsa, Madinada uning qavmidan iymon keltirmagan hech kim qolmaydi…» – dedi-da, shoshib oʻrnidan turib ketdi. Toʻgʻri Saʼd ibn Muozning oldiga bordi. Saʼd ibn Muoz uni koʻrishi bilan: «Qasam ichamanki, Usayd bu yerdan qanday yuz bilan ketgan boʻlsa, oʻshanday yuz bilan qaytmayapti», – dedi. Soʻng: «Nima qilding, yo Usayd?» – deb soʻradi. Hazrati Usayd ibn Huzayr Saʼd ibn Muozning musulmon boʻlishini juda istagani uchun shunday javob berdi: «U kishi (Musʼab ibn Umayr) bilan gaplashdim, ularning biror yomonligini koʻrmadim. Faqat shuni eshitdikki, Banu Horisa xolavachchang Asʼadning uyida shunday bir kishiga joy berganidan shubhalanib, uni oʻldirish uchun yoʻlga chiqibdi». Bu gaplar Saʼd ibn Muozga qattiq tegdi. Chunki bir necha yil oldin boʻlgan bir urushda ular Banu Horisani yengib, Xaybarga panoh izlashga majbur qilgan edilar. Bir yildan keyin esa ularni kechirib, yurtlariga qaytishlariga izn bergan edilar. Shunga qaramay, ularning bunday yoʻl tutganlari haqidagi fikr Saʼd ibn Muozni qattiq gʻazablantirdi. Aslida esa bunday hol yoʻq edi. Usayd ibn Huzayr bu hiylaga murojaat qilib, Saʼd ibn Muozning oʻz xolasiga va uning oʻgʻli Asʼad ibn Zuroraga, demak, Musʼab ibn Umayrga ham zarar yetkazishiga yoʻl qoʻymaslikni istagan edi. Shu tariqa uning ular tomoniga oʻtishiga va nihoyat musulmon boʻlishiga zamin tayyorladi. Usayd ibn Huzayrning bu soʻzlaridan keyin Saʼd ibn Muoz oʻrnidan sakrab turib, hazrati Asʼad ibn Zuroraning oldiga ketdi. U yerga yetib, Asʼad bilan Musʼab ibn Umayrning gʻoyat osoyishta va xotirjam oʻtirib suhbatlashayotganlarini koʻrdi. Ularning yoniga yaqinlashib: «Ey Asʼad! Oramizda qarindoshlik boʻlmaganida, sen bu ishlarni qila olmas eding…» – dedi. Bu soʻzlarga hazrati Musʼab ibn Umayr shunday javob berdi: «Ey Saʼd! Bir oz toʻxta, oʻtir, bizni tingla, angla… Soʻzlarimiz yoqsa, juda yaxshi; yoqmasa, buni senga taklif qilmaymiz, sen ham turib ketaverasan!» Bu muloyim va shirin soʻzlardan keyin Saʼd ibn Muoz tinchlanib, bir chetga oʻtirdi va ularni tinglay boshladi. Hazrati Musʼab ibn Umayr Saʼd ibn Muozga avval Islomni soʻzlab berdi. Islomning asoslarini tushuntirdi. Soʻngra shirin va goʻzal ovozi bilan Qurʼoni karimdan bir oz oʻqidi. U oʻqigan sari Saʼd ibn Muozning holi oʻzgarar, oʻzini unutib borardi. Qurʼoni karimning tengsiz soʻz sanʼati qarshisida qalbi yumshab, qattiq taʼsirlandi. Oʻzini tutolmay: «Sizlar bu dinga kirish uchun nima qilasizlar?» – deb soʻradi. Musʼab ibn Umayr darhol unga kalimai shahodatni oʻrgatdi. U ham «Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh», – deb, musulmon boʻldi. Musulmon boʻlganidan tuygan xotirjamlik va sevinchdan Saʼd ibn Muoz joyida oʻtirolmas edi. Darhol uyiga borib, oʻrgatilganidek gʻusl qildi. Soʻngra qavmining yigʻilishini soʻradi. Usayd ibn Huzayrni yoniga olib, xalq turgan joyga keldi. Banu Abdulashhalga qarab: «Ey Banu Abdulashhal! Meni qanday odam deb bilasizlar?» – deb soʻradi. Ular bir ovozdan: «Siz bizning boshligʻimiz va kattamizsiz, biz sizga ergashamiz!» – deb javob berishdi. Ularning bu soʻzlaridan keyin Saʼd ibn Muoz shunday dedi: «Unday boʻlsa, barchangizga xabar qilaman: men musulmon boʻlish sharafiga erishdim. Sizlar ham Allohu taologa va Uning Rasuliga iymon keltirishingizni istayman. Agar iymon keltirmasangiz, birortangiz bilan gaplashmayman, koʻrishmayman!…»

«Unday boʻlsa, barchangizga xabar qilaman: men musulmon boʻlish sharafiga erishdim. Sizlar ham Allohu taologa va Uning Rasuliga iymon keltirishingizni istayman» Saʼd ibn Muoz (roziyallohu anhu)

Sanatus surur (Sevinch yili)

Banu Abdulashhal oʻz boshligʻi Saʼd ibn Muozning musulmon boʻlganini va ularni ham Islomga daʼvat qilganini eshitishi bilanoq, hammasi birdaniga musulmon boʻldi. Oʻsha kuni kechgacha Madina osmonini kalimai shahodat va takbir sadolari bilan yangratdilar.2 Banu Abdulashhal jamoat boʻlib musulmon boʻlganidan koʻp oʻtmay, butun Madina ahli, Avs va Xazraj qabilalari ham Islomni qabul qildilar. Har bir xonadon Islom nuri bilan nurlandi. Saʼd ibn Muoz va Usayd ibn Huzayr oʻz qabilalariga tegishli barcha butlarni sindirib tashladilar. Bu haqda sevimli Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) xabar berilganda, u zot juda xursand boʻldilar. Makkalik musulmonlar ham sevinch ichida edilar. Shu sababli bu yilga (milodiy 621) «Sanatus surur» (sevinch yili) deb nom berildi.

Assalotu vassalomu alayka yo Rasulalloh!
Assalotu vassalomu alayka yo Habiballoh!
Assalotu vassalomu alayka yo Sayyidal avvaliyna val oxiriyn!

Ikkinchi Aqaba bayʼati

Biʼsatning oʻn ikkinchi yilida makkalik mushriklarning musulmonlarga zulmi oxirgi chegarasiga yetib, chidab boʻlmas holga kelgan edi. Madinada esa Asʼad ibn Zurora bilan Musʼab ibn Umayrning xizmatlari tufayli avslik va xazrajliklar musulmonlarga quchoq ochishga, ularni bagʻriga bosishga va ular yoʻlida har qanday fidokorlikka tayyor turadigan ishq va shavq ichida edilar. Ular Rasulullohning tezroq Madinaga tashrif buyurishlarini orzu qilar, u zotning yoʻlida mollarini ham, jonlarini ham ayamaslikka soʻz berar edilar. Haj mavsumi keldi. Zulhijja oyida Musʼab ibn Umayr bilan birga madinalik 73 erkak va 2 ayol musulmon Makkaga keldi. Hajdan keyin ularning hammasi yana Aqabada Paygʻambarimiz bilan uchrashdilar. Orasida Asʼad ibn Zurora ham boʻlgan 12 vakil qabilalari nomidan Paygʻambarimizdan Madinaga hijrat qilishlarini iltimos qilib, taklif etishdi. Rasululloh ularga Qurʼoni karimdan baʼzi oyati karimalarni oʻqiganlaridan keyin oʻz jonlarini, bola-chaqalarini qanday himoya qilib, asrasalar, u zotni ham shunday himoya qilishlariga ishonch hosil qilish uchun ulardan qatʼiy soʻz soʻradilar. Hali musulmon boʻlmagan, Rasulullohning amakilari hazrati Abbos ham oʻsha yerda edi. U bayʼat uchun kelgan bu jamoatga shunday murojaat qildi: «Ey madinaliklar! Bu – akamning oʻgʻli. Odamlar orasida eng koʻp sevganim ham – u zot. Agar sizlar u zotni tasdiqlab, Allohdan keltirganlariga ishonsangiz va u zotni oʻzingiz bilan birga olib ketmoqchi boʻlsangiz, meni xotirjam qiladigan mustahkam soʻz berishingiz kerak. Bilasizlarki, Muhammad alayhissalom bizdan. Biz u zotni u zotga ishonmaganlardan himoya qildik. U zot oramizda izzat va sharaf bilan himoyalangan holda yashamoqdalar. Shunga qaramay, u zot hammadan yuz oʻgirib, sizlarga qoʻshilishga va sizlar bilan birga ketishga qaror qildilar. Agar barcha arab qabilalari birlashib ustingizga hujum qilganda, ularga qarshi tura oladigan jangovar kuchingiz boʻlsa, bu ishga kirishinglar. Bu masalani oʻzaro yaxshilab gaplashib, maslahatlashib olinglar, keyin ajralib qolmanglar. Bergan soʻzingizda turib, u zotni dushmanlaridan himoya qila olasizlarmi? Buni munosib ravishda uddalasangiz, juda yaxshi. Agar Makkadan chiqqaningizdan keyin u zotni yolgʻiz tashlab qoʻyadigan boʻlsangiz, hozirdanoq voz kechinglar, u zot oʻz yurtlarida sharaf bilan himoyalanib yashayversinlar». Hazrati Abbosning bu soʻzlaridan madinalik musulmonlar xafa boʻldilar. Goʻyo ularga Rasulullohni (sallallohu alayhi vasallam) yurtlariga olib ketganlarida u zotni mushriklardan himoya qila olmaydigan, qiyin ahvolga tushganda tashlab ketadigan kishilardek muomala qilingan edi. Madinalik sahobalardan hazrati Asʼad ibn Zurora Paygʻambarimizga yuzlanib: «Yo Rasulalloh! Izn bersangiz, bir-ikki ogʻiz soʻzim bor. Uni hazratingizga arz qilsam», – dedi. Faxri koinot izn berganlaridan keyin hazrati Asʼad shunday dedi: «Ota-onam sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Har bir daʼvatning yumshoq yoki qattiq bir yoʻli, usuli boʻladi. Hozir siz bizni shunday bir ishga daʼvat qilmoqdasizki, uni odamlarning qabul qilishi gʻoyat qiyin. Chunki odamlar qadimdan sigʻinib kelgan butlarini tashlab, Islomni qabul qilishlari juda ogʻir. Shunga qaramay, biz Islomni butun qalbimiz bilan qabul qildik. Yana siz mushrik qarindoshlarimiz bilan aloqani uzishimizni buyurdingiz, biz buni ham ixlos bilan qabul qildik. Bilasizki, buni qabul qilish ham juda qiyin. Hatto amakilaringiz ham dushmanga aylanib, himoya qilmagan oliy zotingizga quchoq ochib, bu sharafli vazifani oʻz zimmamizga vojib va lozim deb bildik. Hammamiz bu soʻzlarimizda bir fikrdamiz. Tilimiz bilan nimani aytayotgan boʻlsak, qalbimiz bilan uni tasdiqlaymiz. Oʻz bola-chaqamizni qanday muhofaza qilsak, muborak vujudingizni ham qonimizning oxirgi tomchisigacha shunday himoya qilishga qasam ichamiz. Agar bu ahdimizni buzsak, Allohu taologa bergan soʻzimizda turmay, badbaxtlar toifasiga kiraylik. Yo Rasulalloh! Biz bu soʻzimizda sodiqmiz. Allohu taolo muvaffaq qilsin!» Soʻngra u soʻzida davom etib: «Yo Rasulalloh! Bizdan oʻzingiz uchun xohlagan kafolatni olib, shart qoʻyishingiz mumkin», – dedi.

Paygʻambarimiz ularni Islomga tashviq qilib, Qurʼoni karim oʻqidilar. Soʻngra shunday dedilar: «Rabbim uchun sizlardan qoʻyadigan shartim – Allohu taologa ibodat qilishingiz va Unga hech narsani sherik qilmasligingizdir. Oʻzim va sahobalarim uchun qoʻyadigan shartim esa – bizga boshpana berishingiz, menga va sahobalarimga yordamchi boʻlishingiz, oʻzingizni nimadan himoya qilib, asrasangiz, bizni ham oʻshandan asrashingizdir».

Baro ibn Maʼrur: «Sizni haq din va kitob bilan paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasamki, bola-chaqamizni qanday himoya qilib, asrasak, sizni ham shunday asraymiz! Biz bilan bayʼatlashing, yo Rasulalloh!» – dedi. Madinalik musulmonlardan Abbos ibn Uboda Paygʻambarimiz bilan tuzilgan ahdni mustahkamlash uchun hamrohlariga: «Ey xazrajliklar! Muhammad alayhissalomni nima uchun qabul qilganingizni bilasizlarmi?» – dedi. Ular: «Ha», – deb javob berishdi. Shunda u shunday dedi: «Sizlar u zotni ham tinchlik, ham urush zamoni uchun qabul qilib, u zotga ergashmoqdasizlar. Agar mollaringizga zarar yetganda, qarindosh-urugʻlaringiz halok boʻlganda Paygʻambarimizni yolgʻiz va yordamsiz tashlab qoʻyadigan boʻlsangiz, buni hozirdanoq qilinglar. Allohga qasamki, agar shunday qilsangiz, dunyoda ham, oxiratda ham halok boʻlasizlar! Agar u zot daʼvat qilayotgan ishda mollaringiz ketishiga va yaqin qarindoshlaringiz oʻldirilishiga qaramay, u zotga vafo qilishga aqlingiz yetsa, u zotni tutinglar. Allohga qasamki, bu dunyoingiz uchun ham, oxiratingiz uchun ham xayrlidir». Shunda hamrohlari: «Mollarimiz ziyon boʻlsa ham, yaqinlarimiz oʻldirilsa ham, biz Paygʻambarimizdan voz kechmaymiz. U zotdan hech qachon ajralmaymiz. Oʻlish bor, qaytish yoʻq!» – deyishdi.

«Agar bu ahdimizni buzsak, Allohu taologa bergan soʻzimizda turmay, badbaxtlar toifasiga kiraylik. Yo Rasulalloh! Biz bu soʻzimizda sodiqmiz. Allohu taolo muvaffaq qilsin!» Asʼad ibn Zurora (roziyallohu anhu)

Soʻngra ular Paygʻambarimizga yuzlanib: «Yo Rasulalloh! Biz bu ahdimizni bajarsak, bizga nima bor?» – deb soʻrashdi. Shunda sevimli Paygʻambarimiz: «Allohu taoloning roziligi va jannat bor!» – dedilar. Ulardan har biri oʻz qavmining vakili, ishonchli kishisi sifatida soʻz berdi. Avval hazrati Asʼad ibn Zurora: «Men Allohu taologa va Uning Rasuliga bergan soʻzimni bajarish, jonim va molim bilan u zotga yordam berish haqidagi vaʼdamni amalga oshirish uchun bayʼat qilaman», – deb, qoʻl berib koʻrishdi. Undan keyin har biri shu tarzda bayʼat qilib: «Allohu taoloning va Uning Rasulining daʼvatini qabul qildik, eshitdik va boʻysundik», – deb, mamnunliklarini va boʻysunishlarini izhor qildilar. Shu tariqa ular Rasululloh yoʻlida jonlarini va mollarini ikkilanmay oʻrtaga qoʻydilar. Ayollar bilan bayʼat faqat soʻz orqali boʻldi. Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) ulardan «Allohu taologa hech narsani sherik qilmaslik, oʻgʻirlik, boʻhton va zino qilmaslik, bolalarini oʻldirmaslik, yolgʻon gapirmaslik, xayrli ishlarga qarshi chiqmaslik…» haqida soʻz oldilar. Madinaliklar Paygʻambarimizga bayʼat qilayotgan paytda Aqaba tepaligidan bir ovoz: «Ey Minoda qoʻnib turganlar! Paygʻambar bilan madinalik musulmonlar sizlarga qarshi jang qilishga kelishib oldilar!» – deb qichqirdi. Paygʻambarimiz bu ovoz haqida: «Bu – Aqabaning shaytoni», – dedilar, qichqirgan kimsaga esa: «Ey Allohu taoloning dushmani! Sening ham adabingni beraman!» – dedilar. Bayʼat qilgan madinaliklarga esa: «Sizlar darhol qoʻngan joylaringizga qaytinglar», – dedilar. Abbos ibn Uboda: «Yo Rasulalloh! Qasam ichamanki, agar xohlasangiz, ertaga ertalab Minodagi kofirlar ustiga borib, ularning hammasini qilichdan oʻtkazamiz», – dedi. Paygʻambarimiz bundan mamnun boʻldilar, lekin: «Bizga hali bunday yoʻl tutish buyurilmadi. Hozircha joylaringizga qaytinglar», – dedilar. Imom Nasoiyning Abdulloh ibn Abbosdan qilgan rivoyatiga koʻra, ansorlardan Aqaba bayʼatida qatnashganlar Rasulullohning huzurlariga kelganlari uchun muhojirlardan ham sanaldilar.3

Sarv kibr etar, qumrining yolvorishiga quloq solmas, magar
etagidan tutib, oyogʻiga tushib yolvorsa suv.
Bulbul qonin ichmoq istar gul bir hiyla birla, magar
gul shoxining tabʼiga kirib, uni qutqarsa suv.
Pok siyratin ravshan qildi butun olam ahliga,
Ahmadi Muxtor yoʻliga iqtido qildi suv.
Inson zotining sarvari, saylangan durlar dengizi –
moʻjizasi badkorlar oloviga boʻldi suv.
Paygʻambarlik gulzoriga toza ravnaq bermak uchun
moʻjizasi qattiq toshdan chiqardi u suv.
Moʻjizasi olamda bir chegarasiz dengiz erur,
undan kofirlar otashxonasiga ham yetdi suv.
Kim eshitsa, hayratidan barmogʻini tishlar: axir
ogʻir kunda ansorlarga barmogʻidan berdi suv.