MEʼROJ
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) haj uchun kelganlarga ham, Makkaga va bozorlarga savdo-sotiq qilgani kelganlarga ham – koʻrgan har bir kishiga va har bir qabilaga Islomni tushuntirdilar. Oʻzlarini himoya qilishlarini va odamlarga Islomni yetkazishda yordamchi boʻlishlarini soʻradilar. Lekin hech kim na musulmon boʻldi, na u zotni himoya qilishga rozi boʻldi. Ustiga-ustak, haqorat qilishdi, zulm qilishdi, aziyat berishdi, masxara qilib, yolgʻonchiga chiqarishdi. Olamlar sarvari juda charchagan, och, tashna, gʻamgin va nihoyatda mahzun edilar. Kunduzlari shunday oʻtar, bu hol kechaning kech soatlarigacha davom etardi. Makkalik mushriklar tinmay u zotning ortlaridan yurishar, Kaʼbani ziyorat qilgani kelgan odamlarning musulmon boʻlishiga toʻsqinlik qilibgina qolmay, Habibi akramga zulm qilishdan ham tiyilmasdilar. Endi Rasululloh uchun boradigan joy qolmagan edi. Hamma yoq dushman edi. Makkada bir necha oy juda ogʻir oʻtdi.
Muborak Rajab oyining 27-kechasi u zot toʻgʻri amakilari Abu Tolibning qizi Ummu Honiyning Abu Tolib mahallasidagi uyiga keldilar. Ummu Honiy u paytda hali iymon keltirmagan edi. U: «Kim u?» – deganida, Rasululloh: «Amakingning oʻgʻli Muhammadman. Qabul qilsang, mehmon boʻlib keldim», – dedilar.
Ummu Honiy: «Sizdek rostgoʻy, ishonchli, asl, sharafli mehmonga jonim fido boʻlsin. Faqat kelishingizni oldindan bildirganingizda, biror narsa tayyorlab qoʻyardim. Hozir yedirishga hech narsam yoʻq», – dedi. Rasululloh: «Yeyish-ichish istamayman. Ularning hech birida koʻzim yoʻq. Rabbimga ibodat qilishim, yolvorishim uchun bir joy menga kifoya», – dedilar.
Ummu Honiy sevimli Paygʻambarimizni ichkariga kiritib, u zotga bir boʻyra, bir togʻora va bir obdasta berdi. Kelgan mehmonni siylash, uni dushmandan himoya qilish arablar uchun eng sharafli vazifa hisoblanardi. Uydagi mehmonga zarar yetishi uy egasi uchun katta yuziqoralik boʻlardi. Ummu Honiy: «Bu zotning Makkada dushmanlari koʻp. Hatto oʻldirmoqchi boʻlganlar ham bor. Shaʼnimni saqlash uchun tonggacha u zotni kuzatib turay», – deb oʻyladi. Otasining qilichini olib, uy atrofida aylana boshladi. Rasululloh oʻsha kuni juda ozurda boʻlgan edilar. Tahorat olib, Rabbilariga yolvorishga, afv soʻrashga, bandalar iymonga kelib, saodatga erishishlari uchun duo qilishga kirishdilar. Juda charchagan, och va gʻamgin edilar. Boʻyra ustiga choʻzilishlari bilanoq uxlab qoldilar.
Shu payt Allohu taolo Jabroil alayhissalomga shunday dedi: «Sevimli Paygʻambarimni juda gʻamgin qildim. Uning muborak badanini, nozik qalbini qattiq ozurda qildim. Shu holda ham u yana Menga yolvormoqda. Mendan boshqa hech narsani oʻylamayapti. Bor, Habibimni olib kel! Unga jannatimni, jahannamimni koʻrsat. Unga va uni sevganlarga tayyorlagan neʼmatlarimni koʻrsin. Unga ishonmaganlarga, soʻzlari, yozuvlari va harakatlari bilan uni ozurda qilganlarga tayyorlagan azoblarimni koʻrsin. Unga Men Oʻzim tasalli beraman. Uning nozik qalbining yaralarini Men Oʻzim bogʻlayman».
Jabroil alayhissalom Rasulullohning huzurlariga kelganida, u zotning shirin uyquda uxlab yotganlarini koʻrdi.
Uygʻotishga koʻzi qiymadi. U inson qiyofasida edi. U zotning muborak oyoqlari ostini oʻpdi. Jabroilning yuragi ham, qoni ham boʻlmagani uchun sovuq lablari Rasulullohni uygʻotib yubordi. Paygʻambarimiz Jabroil alayhissalomni darhol tanidilar va Rabbilari oʻzlaridan ranjigan boʻlsa-ya, deb qattiq qoʻrqib, shunday dedilar: «Ey birodarim Jabroil! Bunday bevaqt paytda nega kelding? Yo men biror xato qildimmi? Rabbimni ranjitdimmi? Yo menga achchiq bir xabar olib keldingmi?»
«Yeyish-ichish istamayman. Ularning hech birida koʻzim yoʻq. Rabbimga ibodat qilishim, yolvorishim uchun bir joy menga kifoya» Hadisi sharif
Jabroil alayhissalom shunday dedi: «Ey barcha yaratilganlarning eng afzali! Ey Yaratganning suyuklisi, ey paygʻambarlar sarvari, yaxshiliklar manbai, fazilatlar bulogʻi boʻlgan sharafli va buyuk Paygʻambar! Rabbingiz sizga salom aytmoqda va sizni Oʻz huzuriga chaqirmoqda. Marhamat qilib, turing, boraylik». Sevimli Paygʻambarimiz tahorat oldilar. Jabroil alayhissalom Rasulullohning muborak boshlariga nurdan salla qoʻydi, ustlariga nurdan libos kiydirdi, muborak bellariga yoqutdan kamar bogʻladi. Muborak qoʻllariga toʻrt yuz inju bilan bezatilgan zumraddan bir hassa tutqazdi. Har bir inju Choʻlpon yulduzidek porlardi. Muborak oyoqlariga yashil zumraddan kavush kiydirdi.
Soʻngra qoʻl ushlashib, Kaʼbaga keldilar. Bu yerda Jabroil alayhissalom sevimli Paygʻambarimizning muborak koʻkslarini yordi. Yuraklarini chiqarib, Zamzam suvi bilan yuvdi. Soʻngra hikmat va iymonga toʻla bir tos keltirib, uni muborak yuraklariga boʻshatdi va koʻkslarini yopdi.
Ilk qiblamiz Masjidul Aqso / Quddus
Soʻngra Jabroil alayhissalom jannatdan keltirgan Buroq ismli oq hayvonni koʻrsatib: «Yo Rasulalloh! Bunga mining! Barcha farishtalar yoʻlingizga koʻz tutib turibdi», – dedi. Shu payt Paygʻambarimizni bir mahzunlik bosib, u zot tafakkurga choʻmdilar. Oʻsha onda Allohu taolo Jabroil alayhissalomga: «Ey Jabroil! Soʻra! Habibim nega mahzun?» – deb xitob qilganida, Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday javob berdilar: «Men shuncha izzat va ikrom koʻrdim. Xayolimga keldiki, qiyomat kuni zaif ummatimning holi ne kechadi? Ellik ming yil Arasot maydonida piyoda turib, shuncha gunohlarining ogʻirligini qanday koʻtaradilar va oʻttiz ming yillik yoʻl boʻlgan Sirotdan qanday oʻtadilar?» Shunda ilohiy farmon keldi: «Ey Habibim! Koʻnglingizni xush tuting. Ummatingiz uchun ellik ming yillik vaqtni bir lahzadek qilaman. Gʻam chekmang!»
Paygʻambarimiz Buroqqa mindilar. Buroq juda tez yurar, bir qadamda koʻz yetgan joydan ham nariga yetardi. Yoʻlda Jabroil alayhissalom sevimli Paygʻambarimizga baʼzi manzillarda tushib, namoz oʻqishlarini aytdi. Shundan soʻng Olamlar sarvari rosa uch marta tushib, namoz oʻqidilar. Jabroil alayhissalom u zotdan namoz oʻqigan joylari qayerlar ekanini bilish-bilmasliklarini soʻradi. Javobini oʻzi berib, birinchi tushgan joylari Madina ekanini va u zot bu shaharga hijrat qilishlarini xabar qildi. Qolgan joylar esa navbati bilan hazrati Musoning Allohu taolo bilan jihatsiz va nomaʼlum bir tarzda soʻzlashgan joylari – Turi Sino, oxirgisi esa Iso alayhissalom tugʻilgan Bayti Lahm ekanini ham xabar qildi. Soʻngra ular Quddusdagi Masjidul Aqsoga keldilar.
Masjidul Aqsoda Jabroil alayhissalom barmogʻi bilan bir qoyani teshib, Buroqni unga bogʻladi. U yerda oʻtmishdagi paygʻambarlardan baʼzilarining ruhlari inson qiyofasida yigʻilgan edi. Jamoat boʻlib namoz oʻqish uchun Odam, Nuh va Ibrohim paygʻambarlarga (alayhimussalom) navbat bilan imom boʻlish taklif qilindi. Ular uzr soʻrab, qabul qilmadilar. Jabroil: «Siz bor joyda boshqa odam imom boʻla olmaydi», – deb, Habibullohni oldinga oʻtkazdi.
Paygʻambarimiz paygʻambarlarga imom boʻlib, ikki rakat namoz oʻqitdilar. Bundan keyin boʻlgan voqeani shunday hikoya qildilar: «Jabroil (alayhissalom) menga bir idishda jannat sharobi, bir idishda sut keltirdi. Men sutni oldim. Jabroil (alayhissalom) menga: „Siz fitratni (ikki jahon saodatini) tanladingiz“, – dedi. Keyin yana ikki qadah tutishdi. Birida suv, birida bol bor edi, ikkalasidan ham ichdim. Jabroil: „Bol – ummatingizning qiyomatgacha davom etishiga, suv esa ummatingizning gunohlaridan poklanishiga ishoradir“, – dedi. Soʻngra birga osmonga koʻtarildik. Jabroil (alayhissalom) eshikni qoqdi. „Sen kimsan?“ – deyishdi. „Men – Jabroilman“. „Yoningdagi kim?“ „U – Muhammaddir (alayhissalom)“. „Unga (osmonga koʻtarilish uchun vahiy va Meʼroj daʼvati) yuborildimi?“ „Ha, yuborildi“, – dedi. „Kelgan zotga marhabo! Bu kelgan naqadar goʻzal yoʻlovchi!“ – deyishdi va eshik darhol ochildi. Men oʻzimni Odam (alayhissalom) qarshisida koʻrdim. U kishi menga „Marhabo“ dedilar va duo qildilar… Odam alayhissalomning oʻngida va chapida baʼzi odamlarning ruhlari qoraygan sharpalar holida turardi. Odam (alayhissalom) oʻng tomonlariga qaraganlarida tabassum qilar, chap tomonlariga qaraganlarida yigʻlardilar. Jabroil (alayhissalom): „Yo Rasulalloh, bu sharpalar – Odamning zurriyotidan boʻlgan bolalarining ruhlari. Oʻngdagilar – jannatlik, chapdagilar – jahannamlik! Oʻng tomonga qaraganda tabassum qiladilar, chap tomonga qaraganda yigʻlaydilar!“ – dedi.
«Ey barcha yaratilganlarning eng afzali! Ey Yaratganning suyuklisi, ey paygʻambarlar sarvari, yaxshiliklar manbai, fazilatlar bulogʻi boʻlgan sharafli va buyuk Paygʻambar! Rabbingiz sizga salom aytmoqda va sizni Oʻz huzuriga chaqirmoqda. Marhamat qilib, turing, boraylik» Jabroil alayhissalom
U yerda juda koʻp farishtalarni koʻrdim. Ularning hammasi qiyomda xushuʼ va xuzuʼ bilan turib, „Subbuhun quddusun Robbul maloikati varruh“ zikri bilan mashgʻul edilar. Men Jabroildan: „Bu farishtalarning ibodati shumi?“ – deb soʻradim. „Ha. Ular yaratilganlaridan beri to qiyomatgacha qiyomda turadilar. Haq taolodan soʻrang, bu ibodatni ummatingizga nasib etsin“, – dedi. Haq taolodan soʻradim. U duomni qabul qildi. Namozdagi qiyom – shudir.
(U yerda) bir jamoat yonidan oʻtdim. Farishtalar ularning boshlarini yanchar, boshlari yana avvalgi holiga qaytardi. Yana urardilar, yana avvalgidek boʻlardi. „Bular kimlar?“ – dedim. U: „Juma namozini va jamoatni tark qilganlar, rukuʼ va sajdalarni toʻliq ado etmaganlar“, – dedi.
Bir jamoatni koʻrdim. Ular och va yalangʻoch edilar. Zaboniylar ularni jahannamda oʻtlatgani haydardilar. „Bular kimlar?“ – dedim. U: „Faqirlarga rahm qilmaganlar va zakot bermaganlar“, – dedi.
Bir jamoat yonidan oʻtdim. Ularning oldiga nafis taomlar qoʻyilgan. Bir tomonda esa oʻlimtik yotardi. Ular oʻsha nafis taomlarni qoʻyib, oʻlimtikni yer edilar. „Bular kimlar?“ – dedim. U: „Bular – halolni tark qilib, haromga mayl qilgan erkaklar va ayollar. Halol mollari boʻla turib, harom yeydigan kishilar“, – dedi.
Yelkalaridagi yukning koʻpligidan qimirlashga ham madori qolmagan (baʼzi) kishilarni koʻrdim. Ular shu hollarida odamlarga murojaat qilib, ustlariga yana biroz yuk qoʻyishlarini soʻrardilar. „Bular kimlar?“ – dedim. U: „Bu kishilar – omonatga xiyonat qilganlar. Odamlarning haqqini olgan boʻla turib, yana zulm qiladilar“, – dedi.
Oʻz goʻshtlarini kesib yeyayotgan bir guruh odamning yonidan oʻtdik. „Bular kimlar?“ – dedim. Jabroil (alayhissalom): „Bular – gʻiybat qiluvchilar va gap tashuvchilar“, – dedi.
Yuzlari qora, koʻzlari koʻk, yuqori lablari peshonalariga yetgan, pastki lablari oyoqlarigacha osilgan, ogʻizlaridan qon va yiring oqib turgan bir guruh odamni koʻrdim. Ularga olovdan yasalgan qadahlarda jahannamdan oqadigan zaharli qon va yiringni ichirishar, ular eshaklardek baqirishardi. „Bular kimlar?“ – dedim. U: „Bular – mast qiluvchi ichimlik ichganlar“, – dedi.
Bir guruh odamga duch keldik: tillari boshlaridan sugʻurib olingan, qiyofalari oʻzgartirilib, xinzir (toʻngʻiz) suratiga aylantirilgan holda azoblanardilar. Jabroil (alayhissalom): „Bular – yolgʻondan guvohlik berganlar“, – dedi.
Boshqa bir qavmga duch keldik. Ularning qorinlari shishib, pastga osilgan, ranglari koʻkargan, qoʻl-oyoqlari bogʻlangan, oʻrinlaridan tura olmasdilar. Jabroildan ular haqida soʻradim. U: „Bular – foiz yeganlar“, – dedi.1
Baʼzi ayollarga duch keldik. Yuzlari qora, koʻzlari koʻk edi. Ularga olovdan kiyimlar kiydirishgan. Farishtalar ularni olovdan yasalgan gurzilar bilan urardilar. Ular itlar va toʻngʻizlardek uvlashardi. „Bular kimlar?“ – dedim. Jabroil: „Bular – zino qilgan va erlariga ozor bergan ayollar“, – dedi.
Bir jamoatni koʻrdim. Ular juda koʻpchilik edi. Jahannam vodiylarida qamalgan edilar. Olov ularni kuydirar, ular yana tirilar, olov yana kuydirardi. „Bular kimlar?“ – dedim. U: „Bular – otalariga osiy boʻlganlar“, – dedi.
Bir jamoat yonidan oʻtdim. Ular ekin ekishar, u bir lahzada yetilib, boshoq berardi. „Bular kimlar?“ – dedim. Jabroil: „Allohu taolo uchun ibodat qilganlar“, – dedi.
Bir dengizga yetib bordim. Bu dengizning ajib holini soʻzlab berish mumkin emas. U sutdan ham oq boʻlib, togʻlardek toʻlqinlari bor edi. „Bu qanday dengiz?“ – dedim. U: „Bu dengizning nomi – Hayot dengizi. Haq taolo oʻliklarni tiriltiradigan paytda shu dengizdan yomgʻir yogʻdiradi. Chirigan, toʻzib ketgan badanlar tirilib, oʻt unib chiqqandek qabrlaridan turadilar…“ – dedi.
Soʻngra ikkinchi qavat osmonga koʻtarildik. Jabroil (alayhissalom) yana eshikni qoqdi. „Sen kimsan?“ – deyildi. „Men – Jabroilman“. „Yoningdagi kim?“ „U – Muhammad alayhissalom“. „Unga vahiy va Meʼroj daʼvati yuborildimi?“ „Ha, keldi“, – dedi. „Kelgan zotga marhabo! Bu kelgan naqadar goʻzal yoʻlovchi!“ – deyildi va eshik darhol ochildi. Men oʻzimni xolavachchalar – Iso va Yahyo ibn Zakariyoning (alayhimassalom) yonida koʻrdim. Ular menga „Marhabo“ dedilar va duo qildilar… (Iso alayhissalom oʻrta boʻyli, oq-bugʻdoy rang edilar.)
Farishtalardan bir jamoatga duch keldim. Ular saf tortib turardilar, hammasi rukuʼda edi. Oʻzlariga xos tasbehlari bor edi. Doimo rukuʼda turadilar, boshlarini koʻtarib, yuqoriga qaramaydilar. Jabroil (alayhissalom): „Bu farishtalarning ibodati shunday. Haq taolodan soʻrang, ummatingizga nasib boʻlsin“, – dedi.
Duo qildim. U qabul qilib, namozda rukuʼni ehson etdi. Soʻngra uchinchi qavat osmonga koʻtarildik. Oʻsha savol-javobdan keyin eshik ochildi va men oʻzimni Yusufning (alayhissalom) yonida koʻrdim. Qarasam, u kishiga goʻzallikning yarmi berilgan ekan. U kishi menga „Marhabo“ dedilar va duo qildilar…
Juda koʻp farishtalarni koʻrdim. Ular saf-saf boʻlib, hammasi sajdada edilar. Yaratilganlaridan beri sajdada boʻlib, oʻzlariga xos tasbeh bilan tasbeh aytadilar. Jabroil (alayhissalom): „Bu farishtalarning ibodati shunday. Allohu taolodan soʻrangki, bu amalni ummatingizga muyassar qilsin“, – dedi. Haq taolodan soʻradim. U qabul qilib, buni sizlarga namozda nasib etdi.
Soʻngra toʻrtinchi qavat osmonga yetdim. Uning sof kumushdan yasalgan nurdan bir eshigi bor edi. Unga nurdan bir qulf osilgan edi. Qulf ustida „La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh“ deb yozilgan edi. Oʻsha savol-javobdan keyin men oʻzimni Idrisning (alayhissalom) yonida koʻrdim. U kishi menga „Marhabo“ dedilar va duo qildilar. Allohu taolo u kishi haqida shunday marhamat qilgan, maʼnosi: „Biz uni yuksak bir makonga koʻtardik“.2
Bir farishtani koʻrdim, u taxt ustida gʻamgin va mahzun oʻtirardi. Uning atrofida sonini faqat Janobi Haq biladigan darajada koʻp farishtalar bor edi. Uning oʻng tomonida nuroniy farishtalarni koʻrdim. Ular yashil kiyimlar kiygan, ulardan juda xush hid taralib turardi. Yuzlari shunchalik goʻzal ediki, ularga qarab boʻlmasdi. Uning chap tomonida ogʻizlaridan olov otilib turgan farishtalar bor edi. Ularning oldida olovdan nayzalar va qamchilar yotardi. Ularning koʻzlari shunday ediki, hech kim ularning nigohiga bardosh bera olmasdi. Taxtda oʻtirgan farishtaning boshidan oyogʻigacha koʻzlari bor edi. U oldidagi daftarga doimo qarab turar, bir lahza ham undan koʻzini uzmasdi. Uning oldida bir daraxt bor edi. Uning har bir bargida bir kishining ismi yozilgan edi. Oldida togʻoraga oʻxshash bir narsa ham bor edi. U goh oʻng qoʻli bilan undan bir narsa olib, oʻng tomonidagi nuroniy farishtalarga topshirar, goh chap qoʻli bilan bir narsa olib, chap tomonidagi zulmoniy farishtalarga berardi. (U) farishtaga nazar solganimda, qalbimni qoʻrquv bosdi. Jabroildan: „Bu farishta kim?“ – deb soʻradim. U: „Bu – Azroil. Uning yuziga qarashga hech kimning toqati yetmaydi“, – dedi. Jabroil uning oldiga borib: „Ey Azroil!
«„Kelgan zotga marhabo! Bu kelgan naqadar goʻzal yoʻlovchi!“ – deyishdi va eshik darhol ochildi, men oʻzimni Odam (alayhissalom) qarshisida koʻrdim» Hadisi sharif
Bu – oxir zamon Paygʻambari, Allohu taoloning habibi, suyuklisi“, – dedi. Azroil (alayhissalom) boshini koʻtarib, tabassum qildi. Oʻrnidan turib, menga taʼzim qildi va: „Marhabo! Haq taolo sizdan sharafliroq biror kishini yaratmadi. Ummatingiz ham barcha ummatlardan afzaldir. Men sizning ummatingizga ularning ota-onalaridan ham koʻproq achinaman“, – dedi. Shunda men: „Sendan bir iltimosim bor. Ummatim zaif. Ularga yumshoq muomala qil. Jonlarini muloyimlik bilan ol“, – dedim. U: „Sizni oxirgi paygʻambar qilib yuborgan va Oʻziga habib qilgan Allohu taolo haqqi, Allohu taolo kechayu kunduzda yetmish marta menga shunday buyuradi:
„Ummati Muhammadning jonlarini yumshoqlik va yengillik bilan ol, ishlarini lutf bilan bajar“. Shuning uchun men ham sizning ummatingizga onalari va otalaridan ham koʻproq shafqat koʻrsataman“, – dedi. Soʻngra beshinchi qavat osmonga koʻtarildik. U yerda Horun3 (alayhissalom) bilan uchrashdik. U kishi menga „Marhabo“ dedilar va xayrli duo qildilar. Beshinchi qavat osmon farishtalarining ibodatini koʻrdim. Ularning hammasi oyoqda tik turib, oyoq barmoqlariga qarashardi. Ular aslo boshqa tomonga qaramay, baland ovozda tasbeh aytardilar. Jabroildan (alayhissalom): „Bu farishtalarning ibodati shundaymi?“ – deb soʻradim. U: „Ha, Haq taolodan soʻrang, bu ibodatni ummatingizga nasib etsin“, – dedi. Duo qildim. Janobi Haq ehson etdi. Soʻngra oltinchi qavat osmonga koʻtarildik. U yerda Muso (alayhissalom) bilan uchrashdik. U kishi menga „Marhabo“ dedilar va xayrli duo qildilar.
Soʻngra yettinchi qavat osmonga koʻtarildik. Oʻsha savol-javobdan keyin Ibrohimni (alayhissalom) Baytul Maʼmurga suyanib oʻtirgan holda koʻrdim. Bu Baytul Maʼmurga har kuni yetmish ming farishta kiradi (va ularga qayta navbat kelmaydi). Ibrohimga (alayhissalom) salom berdim. U kishi salomimga alik oldilar. „Marhabo, solih paygʻambar, solih oʻgʻil“, – dedilar. (Soʻngra:) „Yo Muhammad! Jannatning yeri gʻoyat latif, tuprogʻi pok. Ummatingizga ayting, u yerga koʻp daraxt eksinlar“, – dedilar. „Jannatga daraxt qanday ekiladi?“ – dedim. U kishi: „«La havla vala quvvata illa billah» tasbehini oʻqib“ (bir rivoyatda esa: „Subhanallohi val hamdu lillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar“), – dedilar. Soʻngra Jabroil (alayhissalom) meni Sidratul muntahoga olib bordi. Sidratul muntaho – ildizi oltinchi qavat osmonda, tanasi va shoxlari yettinchi qavat osmonning ustida boʻlgan daraxt boʻlib, barglari fil quloqlaridek, mevalari esa minoralardek edi.4 U goʻyo soyasi bilan butun osmonlarni va jannatni soyalab turgan bir daraxt edi. Allohu taoloning jalol va azamat nuri tajalliy qilganida, u turli ranglarga kirar, yoqut, zumrad yoki ularga oʻxshash javohirlar bilan bezanar va shu darajada goʻzallashardiki, Allohu taolo yaratgan maxluqotdan hech kim uning goʻzalligini soʻzlab bera olmaydi.
Jabroil (alayhissalom) meni Sidratul muntahodan nariga olib bordi va men bilan xayrlashdi. Men: „Ey Jabroil! Meni yolgʻiz qoldirasanmi?“ – dedim. Jabroil (alayhissalom) iztirobga tushdi. Haq taoloning haybatidan titray boshladi va: „Yo Muhammad! Agar (yana) bir qadam qoʻysam, Allohu taoloning azamatidan halok boʻlaman. Butun vujudim yonib, yoʻq boʻladi“, – dedi».
Olamlar sarvari shu joygacha Jabroil alayhissalom bilan birga kelgan edilar. Jabroil alayhissalom bu yerda Rasulullohga oʻzini yaratilgan suratida – olti yuz ming qanotini yoyib, har bir qanotidan injular, yoqutlar sochilib turgan holda koʻrsatdi.
Soʻngra ziyosi quyoshdan ham porloqroq boʻlgan, Rafraf ismli yashil jannat gilamchasi keldi. U tinmay Allohu taoloning zikri bilan mashgʻul boʻlar, u boʻlgan olamni tasbeh sadosi toʻldirardi. U Paygʻambarimizga salom berdi. Rasululloh Rafraf ustiga oʻtirdilar. Bir lahzada behad yuksakliklarga koʻtarildilar, hijob deb atalgan yetmish ming pardadan oʻtdilar. Har bir hijobning orasi juda uzoq edi. Har bir pardada vazifali farishtalar bor edi. Rafraf Paygʻambarimizni u pardalardan birma-bir oʻtkazdi. Shu tariqa ular Kursiy, Arsh va ruhlar olamlarini oshib oʻtdilar. Habibi akram va Nabiyi muhtaram (sallallohu alayhi vasallam) har bir pardadan oʻtayotganlarida: «Qoʻrqmang, yo Muhammad! Yaqinlashing, yaqinlashing!» – degan amrni eshitardilar. Shu qadar yaqin boʻldilarki, Qoba qavsayn maqomiga yetdilar. Bilib boʻlmaydigan, anglab boʻlmaydigan, taʼriflab boʻlmaydigan bir tarzda Allohu taolo xohlagan yuksakliklarga yetdilar. Makonsiz, zamonsiz, jihatsiz, sifatsiz holda ruʼyat hosil boʻldi, yaʼni u zot Allohu taoloni koʻrdilar. Koʻzsiz, quloqsiz, vositasiz, muhitsiz Rabbilari bilan soʻzlashdilar. Hech bir maxluq bila olmaydigan, anglay olmaydigan neʼmatlarga erishdilar.
Imomi Rabboniy hazratlari «Maktubot» kitoblarida shunday deydilar: «Ul sarvar (alayhissalotu vassalom) Meʼroj kechasida Rabbilarini dunyoda koʻrmadilar. Oxiratda koʻrdilar. Chunki Rasul alayhissalom u kecha zamon va makon doirasidan tashqariga chiqdilar. Azaliy va abadiy bir on topdilar. Boshlanishni va oxirni bir nuqta holida koʻrdilar. Jannatga kiradiganlarning minglab yillardan keyin jannatga kirishlarini va jannatda boʻlishlarini oʻsha kechasi koʻrdilar. Mana, oʻsha maqomdagi koʻrish – dunyoda koʻrish emas. Bu – oxiratdagi koʻrish bilan koʻrishdir».
Paygʻambarimizga: «Rabbingizga sano ayting!» – deyilganda, u zot darhol: «Attahiyyotu lillahi vassalavotu vattayyibot», – dedilar (yaʼni tillar bilan aytiladigan barcha madhlar, maqtovlar va sanolar, badan bilan qilinadigan xizmatlar va toatlar, mol bilan qilinadigan yaxshiliklar va ehsonlar Allohu taolo uchun boʻlsin).
«Haq taolo sizdan sharafliroq biror kishini yaratmadi. Ummatingiz ham barcha ummatlardan afzaldir» Azroil alayhissalom
Avvalo Allohu taolo Habibiga koʻzsiz, quloqsiz, vositasiz, makonsiz holda: «Assalomu alayka ayyuhannabiyyu va rahmatullohi va barakatuh» (Ey Rasulim! Salomim, barakotim va rahmatim sizga boʻlsin), – deb salom berdi. Paygʻambarimiz: «Assalomu alayna va ala ibodillahis solihin» (Yo Rabbim! Bizga va solih bandalaringga ham salom boʻlsin), – deb javob berdilar.
Buni eshitgan farishtalar bir ovozdan: «Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh» (Koʻzim bilan koʻrgandek bilaman va ishonamanki, Allohu taolodan boshqa ibodatga loyiq iloh yoʻqdir. Muhammad alayhissalom Uning bandasi va rasulidirlar), – dedilar.
Paygʻambarimiz: «Assalomu alayna…» – deganlarida, Allohu taolo: «Ey Habibim! Bu yerda ikkimizdan boshqa hech kim yoʻq. Nega „alayna“ (bizga) dedingiz?» – dedi. Rasululloh shunday javob berdilar:
«Yo Ilohim! Ummatimning badanlari garchi men bilan boʻlmasa ham, ruhlari men bilan. Inoyat nazarim va butun himmatim ulardan uzoq emas. Sen menga salom berding, meni barcha yomonliklardan uzoq qilding. Oxir zamon fitnasiga uchragan oʻsha faqir, dardmand ummatimni bu ulugʻ ikrom va ehsonlardan qanday mahrum qilay? Bunday neʼmatdan ularni qanday benasib qoldiray?»
Allohu taolo shunday dedi: «Ey Habibim! Bu kecha siz Mening mehmonimsiz. Mendan soʻrang, nimani istaysiz?» Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): «Ummatimni istayman (yo Rabbim!)», – dedilar.
Rivoyatga koʻra, Haq taolo bu savolni yetti yuz marta takrorladi. Rasululloh har safar: «Ummatimni istayman», – deb javob berdilar. Allohu taolo: «Doim ummatingizni istaysiz», – deganida, u zot: «Ey Rabbim! Tilovchi – menman, beruvchi – Sen. Butun ummatimni menga baxsh et», – deb iltijo qildilar. Janobi Haq shunday dedi: «Agar butun ummatingizni bu kecha sizga baxsh etsam, Mening rahmatim ham, sizning izzatingiz ham zohir boʻlmaydi. Bir qismini bu kecha sizga baxsh etdim. Ikki qismini keyinga qoldirdim. Qiyomat kuni siz soʻraysiz, Men kechiraman. Toki Mening rahmatim ham, sizning izzatingiz (sharafingiz) ham maʼlum boʻlsin».
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) bir hadisi shariflarida shunday dedilar: «Oʻsha kechasi (Meʼroj kechasida) Allohu taolodan butun ummatimning hisobini menga topshirishini soʻradim. Haq taolo shunday dedi: „Yo Muhammad! Bundan murodingiz shuki, hech kim ummatingizning ayblaridan xabardor boʻlmasin. Mening murodim esa shuki, siz shafqatli paygʻambarsiz, ularning ayblari va xunuk ishlari begonalardan boʻlgani kabi, sizdan ham yashirin boʻlsin. Yo Muhammad! Siz ularga yoʻl koʻrsatuvchisiz. Men esa ularning Rabbiman. Siz ularni endigina koʻrdingiz. Men azaldan abadga qadar ularga nazar qildim va nazar qilaman. Yo Muhammad! Agar ummatingiz bilan soʻzlashishni sevmaganimda, qiyomat kuni ularni hisobga tortmas edim. Katta-kichik birorta gunohlarini soʻramas edim“».
«Allohu taolo shunday dedi: „Yo Muhammad! Muborak koʻzingizni oching-da, oyogʻingiz ostiga qarang“. Qaradim, bir hovuch tuproq koʻrdim. Haq taolo shunday dedi: „Bor boʻlgan barcha narsalar – sizning oyogʻingiz tuprogʻidir. Oʻsha tuprogʻimni Doʻst huzuriga keltirdingizmi? Bir doʻst etagiga ilashgan changni kechirishdan koʻra, sizning ummatingizni kechirish Menga osonroqdir“»
Ummatingizni berdim sizga, ey Habib,
Jannatimni ularga qildim nasib.
Yo Habibim, nedir ul tilaganingiz,
Bir hovuch tuproqqa minnat qildingizmi?
Paygʻambarimiz bir hadisi shariflarida shunday dedilar: «Haq taologa bir necha savol berdim. Javobini eshitdim. Soʻraganimga pushaymon boʻldim. (Ulardan baʼzilari mana bular:)
„Yo Rabbim! Jabroilga olti yuz ming qanot berding. Buning evaziga menga ehsoning nima?“ Haq taolo shunday dedi: „Sizning bir tukingiz Menga Jabroilning olti yuz ming qanotidan ham suyukliroqdir. Sizning bir tukingiz tufayli qiyomat kuni minglarcha osiy gunohkorni ozod qilaman. Yo Muhammad! Jabroil qanotini yoysa, mashriq bilan magʻrib orasini toʻldiradi. Siz shafoat qilsangiz, mashriq bilan magʻrib orasi osiylarga toʻla boʻlsa ham, hammasini sizga baxsh etaman“. Men: „Otam Odamga (alayhissalom) farishtalarni sajda qildirding. Buning evaziga menga ikroming nima?“ – dedim.
Haq taolo shunday dedi: „Farishtalarning Odamga sajda qilishlari uning peshonasida sizning nuringiz boʻlgani sababli edi. Yo Muhammad! Sizga undan ham afzalroq narsa berdim. Ismingizni ismimga yaqin qildim va Arshi aʼlo ustiga yozdim. U paytda Odam hali yaratilmagan, uning nomi ham, nishoni ham yoʻq edi. Sizning ismingizni osmonlar eshigiga, hijoblar ustiga, jannatlar eshigiga, koʻshklarga va daraxtlarga, jannatning har bir joyiga yozdim. Jannatda ustiga «La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh» deb yozilmagan birorta narsa yoʻq edi. Bu martaba Odamga berilgan martabadan yuksakroqdir“.
Men sizga oshiq boʻlgach, ey sharif,
Sizniki boʻlmasmi ikki olam, ey latif!
Zotimga koʻzgu qildim zotingizni,
Ismim ila birga yozdim ismingizni.
„Yo Rabbim! Nuhga (alayhissalom) kema berding. Buning evaziga menga nima ehson etding?“ U shunday dedi: „Sizga Buroqni berdim, bir kechada sizni yerdan Arshga yetkazdim. Jannat va jahannamni koʻrdingiz. Ummatingizga masjidlar berdim, qiyomat kuni ummatingiz u masjidlarga xuddi kemalarga mingandek minib, Sirotdan koʻz ochib-yumguncha oʻtadi va jahannamdan qutuladi“. „Yo Rabbim! Bani Isroilga qudrat holvasi va bedanaga oʻxshash qush goʻshtini nozil qilding“. Haq taolo shunday dedi: „Sizga va ummatingizga dunyo va oxirat neʼmatini ehson qildim. Bani Isroilning qiyofalarini inson suratidan ayiq, maymun va toʻngʻiz suratiga aylantirdim. Sizning ummatingizdan birortasini unday qilmadim. Ular oʻshalarning amallariga oʻxshash amal qilsalar ham, bu baloni ularga ravo koʻrmadim. Yo Muhammad! Sizga bir sura berdimki, uning oʻxshashi Tavrotda ham, Injilda ham yoʻq. U sura – Fotiha surasi. Kim u surani oʻqisa, uning vujudi jahannamga harom boʻladi. Oʻsha kishining onasi va otasining azobini yengillataman. Yo Muhammad! Men sizdan akramroq (qimmatliroq, afzalroq, sharafliroq) biror kishini yaratmadim. Sizga va ummatingizga kechayu kunduzda ellik vaqt namozni farz qildim.
«Oʻsha kechasi (Meʼroj kechasida) Allohu taolodan butun ummatimning hisobini menga topshirishini soʻradim» Hadisi sharif
Yo Muhammad! Kim Mening birligimni qabul qilsa va Menga shirk keltirmasa, jannat – ularnikidir. Shunday ummatingizga jahannamni harom qildim. Ummatingizga boʻlgan rahmatim gʻazabimdan oʻzib ketgan.
Yo Muhammad! Mening huzurimda siz barcha xalqdan akramroq, sharafliroqsiz. Qiyomat kuni sizga shunchalik ikromlar koʻrsatamanki, butun olam hayratda qoladi. Ey Habibim! Siz jannatga kirmaguningizcha, boshqa paygʻambarlarga va ularning ummatlariga kirish man etilgan. Sizning ummatingiz kirmagunicha, boshqa ummat kirmaydi. Yo Muhammad! Siz va ummatingiz uchun nimalar tayyorlaganimni koʻrishni istaysizmi?“ Men: „Istayman, yo Rabbim!“ – dedim. U Isrofilga xitob qilib, shunday dedi: „Ey Isrofil! Bandam, aminim va rasulim Jabroilga ayt, Habibimni jannatga olib borib, Habibim va uning ummati uchun jannatda nimalar tayyorlagan boʻlsam, shularni koʻrsatsin. Toki muborak koʻngli tashvishdan qutulsin“».
Olamlar sarvari boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz Isrofil alayhissalom bilan birga Jabroil alayhissalomning oldiga keldilar. Allohu taoloning amrini bajarish uchun Jabroil alayhissalom Paygʻambarimizni (sallallohu alayhi vasallam) jannatga olib bordi. Farishtalar qoʻllarida tovoqlar tutib kutib turardilar: birida hulla bor edi, ikkinchisi nurga toʻla edi. Jabroil alayhissalom shunday dedi: «Yo Rasulalloh! Bular Odam alayhissalomdan sakson ming yil oldin yaratilgan. Bu maqomda ular tovoqlardagini sizga va ummatingizga sochish uchun sabrsizlik bilan kutib turibdilar. Qiyomat kuni siz va ummatingiz Allohu taoloning amri bilan jannat ostonasiga qadam qoʻyganingizda, bu farishtalar tovoqlardagi javohirlarni ustingizga sochadilar». Jannatda vazifali boʻlgan Rizvon ismli farishta ularni kutib oldi. U Paygʻambarimizga xushxabarlar berdi va: «Haq taolo ikki qismini sizning ummatingizga, bir qismini boshqa paygʻambarlarning ummatlariga berish uchun jannatni uch qismga boʻldi», – dedi. Soʻngra u zotga butun jannatni aylantirib koʻrsatdi. Habibi akram shunday dedilar: «Jannatning oʻrtasida bir irmoq koʻrdim.
U Arshdan ham yuqorida oqardi. Bir joydan suv, sut, xamr va bol chiqardi. Ular aslo bir-biriga aralashmasdi. U irmoqning qirgʻogʻi zabarjaddan edi. Ichidagi toshlari javohir, balchigʻi anbar, oʻtlari zaʼfaron edi. Uning atrofiga kumush qadahlar qoʻyilgan boʻlib, soni osmondagi yulduzlardan ham koʻp edi. Atrofida qushlar bor edi, ularning boʻyinlari tuya boʻynidek edi. Kim ularning goʻshtidan yesa va u irmoqdan ichsa, Haq taoloning roziligiga erishadi. Jabroildan: „Bu qanday irmoq?“ – deb soʻradim. U: „Bu – Kavsar. Haq taolo uni sizga berdi. Sakkiz jannatdagi bogʻlarga shu Kavsardan suvlar oqadi“, – dedi. U irmoqning qirgʻogʻida chodirlar koʻrdim. Ularning hammasi inju va yoqutdan edi. Jabroildan ular haqida soʻradim. U: „Bular – sizning zavjalaringizning manzillari“, – dedi. U chodirlarda hurlarni koʻrdim. Ularning yuzlari quyoshdek porlardi, hammalari turli goʻzal nagʻmalar bilan kuylardilar. Ular: „Biz shod va xurramiz. Bizga hech qaygʻu yetmaydi.
Biz bezanganmiz, hech qachon yalangʻoch qolmaymiz. Biz yoshmiz, hech qachon qarimaymiz. Biz xushxulqmiz, hech gʻazablanmaymiz. Biz doim shundaymiz, hech qachon oʻlmaymiz“, – der edilar. Ularning nagʻmalari va sadolari saodat koʻshklariga va daraxtlarga yetib, har yoqni tutardi. Ovozlari shu qadar goʻzal ediki, agar u nagʻmalar dunyoga kelsa edi, dunyoda oʻlim ham, mashaqqat ham boʻlmasdi. Jabroil: „Ularning yuzlarini koʻrishni istaysizmi?“ – dedi. „Istayman“, – dedim. U bir chodirning eshigini ochdi. Qaradim. Shunday goʻzal siymolarni koʻrdimki, butun umrim davomida ularning goʻzalligini soʻzlasam ham, tugata olmayman. Yuzlari sutdan oq, yonoqlari yoqutdan qizil va quyoshdan porloq edi. Terilari ipakdan yumshoq va oydek nurli, hidlari mushkdan ham xush edi. Sochlari tim qora: baʼzilarining sochi oʻrilgan, baʼzilarining yigʻilgan, baʼzilarining yoyilgan edi; oʻtirsa, atrofida chodirdek boʻlar, tursa, oyogʻigacha tushardi. Ularning har birining oldida bittadan xizmatchi turardi. Jabroil: „Bular sizning ummatingiz uchun“, – dedi».
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Sakkiz jannatning bogʻu boʻstonlarini va har turli neʼmatlarini koʻrdim. Jahannamni va uning darajalarini ham koʻrsam, degan oʻy koʻnglimga keldi. Jabroil qoʻlimdan tutib, meni jahannamning eng katta farishtasi Molikning oldiga olib bordi. U: „Ey Molik! Hazrati Muhammad dushmanlarning jahannamdagi joylarini koʻrmoqchilar, u zotga jahannamni koʻrsat“, – dedi». Molik jahannamning ustidan yopqichini ochgach, jahannam shu qadar qaynab, koʻpira boshladiki, Paygʻambarimiz (alayhissalotu vassalom) jahannamning har narsani ilib olib, kuydirishini, jahannamdagi tashnalik azoblarini, azob zanjirlarini, azob ilonlari va chayonlarini, u yerdagi azoblardan baʼzilarini oʻz koʻzlari bilan koʻrdilar.
«Molik jahannamning tabaqalarini ochdi. Yetti tabaqaning (hammasini) koʻrdim. Yettinchi tabaqani Hoviya deydilar. Uning azobi boshqa tabaqalarnikidan koʻp marta ortiq edi. Molikdan: „Bu tabaqada qaysi toifaga azob beriladi?“ – deb soʻradim. Molik: „Firʼavn, Qorun va sizning ummatingizning munofiqlariga azob beriladi“, – dedi. Oltinchi tabaqa – Lazo. U yerda mushriklarga (hech qanday dini boʻlmaganlarga) azob beriladi. Beshinchi tabaqa – Hutama. U yerda olovga, hoʻkizga sigʻinuvchilarga, buddistlarga azob beriladi.
Toʻrtinchi tabaqa – Jahim. U yerda quyoshga, yulduzlarga sigʻinuvchilarga azob beriladi. Uchinchi tabaqa – Saqar. U yerda nasroniylarga azob beriladi. Ikkinchi tabaqa – Saʼir. U yerda yahudiylarga azob beriladi. Birinchi tabaqa – Jahannam. Uning azobi boshqa tabaqalarning azobidan yengilroq edi. (Shunga qaramay) men u yerda olovdan yetmish ming dengiz koʻrdim. Har bir dengiz shu qadar katta ediki, agar yerlarni va osmonlarni bir dengizga tashlasalar va bir farishtaga izlashni buyursalar, ming yil izlasa ham, topib boʻlmas edi. Zaboniylar (jahannamda vazifali farishtalar) shu qadar azamatli edilarki, agar ulardan biri yerlarni va osmonlarni ogʻzining bir chekkasiga qoʻysa, sira bilinmas edi. U dengizlar toʻlqinlanib, dahshatli sadolar chiqarardi. Agar oʻsha sadodan dunyoga biroz ovoz kelsa, barcha jonzotlar halok boʻlar edi.
„Bu tabaqa qaysi toifa uchun?“ – deb soʻradim. Molik javob bermadi. Yana soʻradim. U sukut qildi… Jabroil Molikka: „U zot sendan javob kutmoqdalar“, – dedi. U: „Meni maʼzur tuting“, – deb uzr soʻradi. Men: „Nima boʻlsa ham, javob ber, toki bugun uning chorasini koʻrish mumkin boʻlsin“, – dedim. Molik: „Yo Rasulalloh! U sizning ummatingizning osiylari uchun. Ularga nasihat qiling, toki bu dahshatli joydan oʻzlarini saqlasinlar. Vujudlarini bunday azobga sudraydigan narsalardan tiyilsinlar. U kuni men osiylarga rahm qilmayman. Na oq soqolli qariyalariga, na yoshlariga shafqat koʻrsataman“, – dedi».
«Meʼroj – aql tugagan, iymon boshlangan joydir» Hadisi sharif
Olamlar sarvari yigʻlay boshladilar. Muborak boshlaridan sallalarini olib, shafoat qilishga va (Allohu taologa) yolvorishga kirishdilar. Ummatlarining zaifligini, bunday azobga toqat qila olmasliklarini aytib, shu qadar yigʻladilarki, u zot bilan birga Jabroil alayhissalom ham, barcha farishtalar ham yigʻladilar. Shunda Allohu taolodan xitob keldi: «Ey Habibim! Sizning hurmatingiz va qadringiz Mening huzurimda ulugʻdir, duoingiz qabul boʻldi. Koʻnglingizni xush tuting. Sizni murodingizga yetkazdim. Sizga shunday bir maqom beramanki, sizning shafoatingiz bilan juda koʻp osiylarni, to siz „bas“ deguningizcha kechiraman. Ey Habibim! Kim Mening amrimni tutsa, azob va jazodan qutuladi, rahmatimga noil boʻladi. Jannatda Meni koʻrish sharafiga erishadi. Sizga va ummatingizga kechayu kunduzda ellik vaqt namozni farz qildim».
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) soʻzlarini davom ettirib, shunday dedilar: «U maqomdan (soʻng) Arshga yetdim. Osmonlardan oʻtib, Muso (alayhissalom) turgan maqomga keldim. U kishi mendan: „Haq taolo sizga va ummatingizga nimani farz qildi?“ – deb soʻradilar. Men: „Har bir kecha va kunduz uchun ellik vaqt namoz oʻqishni menga farz qildi“, – dedim. U kishi: „Rabbingizga qayting, buni biroz yengillatishini soʻrang. Chunki ummatingiz buni koʻtara olmaydi. Men Bani Isroilni sinab, tajriba qilib koʻrganman“, – dedilar. Shundan keyin men Rabbimga qaytdim va: „Yo Rabbim! Ummatimga (bu amrni) biroz yengillat!“ – dedim. Shunda U ellik vaqtdan faqat besh vaqtni kamaytirdi. Musoga (alayhissalom) qaytib, (besh vaqtni kamaytirdi) dedim. U kishi: „Rabbingizga qayting! Yana biroz yengillatishini soʻrang. Chunki ummatingiz buni koʻtara olmaydi“, – dedilar. Shu tariqa men Muso (alayhissalom) bilan Rabbim oʻrtasida borib-kelib yurdim va nihoyat Allohu taolo shunday dedi: „Bu namozni besh vaqtga tushirdim. Har bir namoz uchun oʻn savob bor. Shu jihatdan oxir-oqibat yana ellik namoz boʻladi. Chunki kim bir savobli ishni niyat qilib, uni qila olmasa, unga bir savob yoziladi. Agar qilsa, bir savob oʻrniga rosa oʻn savob yoziladi. Lekin bir gunohni niyat qilib, uni qilmasa, hech narsa yozilmaydi. Qilsa, faqat bir gunoh boʻlib yoziladi“. Soʻngra Musoning (alayhissalom) oldiga tushib, ahvolni aytib berdim. U kishi yana: „Qayting, yana biroz yengillatishini soʻrang“, – dedilar. Shundan keyin men u kishiga: „Rabbimga koʻp munojot qilganim uchun endi uyalaman“, – dedim».5 Allohu taolo shu tariqa sevimli Paygʻambarimizning chekkan mashaqqatlari tufayli yaralangan muborak qalblariga tasalli berdi. U zotga biror maxluqiga bermagan, hech kim bila olmaydigan, anglay olmaydigan neʼmatlarni ehson qildi.
Kel beri, ey ishq oʻtida yonguvchi,
Oʻzini maʼshuqqa oshiq anglovchi.
Tingla, kel, ul Shoh Meʼrojin ayon,
Oshiq ersang, ishq oʻtida turmay yon.
Dushanba kechasi edi – rost xabar,
Qadr kechasi ekan ul tun moʻtabar.
Ul humoyun baxtli, qadri yuksak shoh
Ummu Honiy uyida erdi tun chogʻ.
Yetmadi avval kelganlar bu davlatga,
Hech kim yetishmadi bu rifʼatga.
Chunki barchasin koʻrib, oʻtdi nari,
Bordi, yetdi ul ulugʻ Hazratga.
Olti jihatdan ul munazzah Zuljalol
Bekamu kayf unga koʻrsatdi jamol.
Ochiq-oydin koʻrdi Rabbul izzatni,
Oxiratda shunday koʻrar ummati.
Siz Meʼrojga chiqib, qildingiz niyoz,
Ummatingiz Meʼrojin qildim namoz.
«Ey Habibim! Kim Mening amrimni tutsa, azob va jazodan qutuladi, rahmatimga noil boʻladi. Jannatda Meni koʻrish sharafiga erishadi» Hadisi qudsiy
Ishondim! Jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh
Soʻngra Olamlar sarvari bir lahzada Quddusga keldilar va u yerdan Masjidul Aqso eshigiga bogʻlangan Buroqqa minib, Makkai mukarramaga qaytdilar. Paygʻambarimiz Quddusdan Makkaga qaytayotganlarida, Quraysh karvoniga duch keldilar. Karvondagi bir tuya hurkib, yiqildi. Rasululloh Makkai mukarramada Ummu Honiyning uyiga keldilar. Yotgan joylari hali sovumagan, togʻoradagi tahorat suvining tebranishi hali tinmagan edi. Tashqarida aylanib yurgan Ummu Honiy mudrab qolgan, hech narsadan xabari boʻlmagan edi.
Tong otganda Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) Ummu Honiyga Meʼrojlarini aytib berdilar va: «Ertalab Kaʼbaga borib, buni aytib beraman», – dedilar. Hazrati Ummu Honiy: «Ey amakimning oʻgʻli! Zinhor buni qurayshliklarga aytmang! Ular sizni yolgʻonchiga chiqarishadi va ozurda qilishadi. Iymoni zaif boʻlganlar bunga ishonmaydi, dindan chiqadi. Mushriklar ham aynan shuni kutishmoqda, ularning iymonini buzishadi. Hozir musulmonlar oz.
Musulmonlar biroz kuchayib, mustahkamlangach aytsangiz, qanday boʻlarkin?» – dedi. Olamlar sarvari – Koinot sultonining bergan tarixiy javoblari shunday edi: «Allohga qasamki, men buni ularga aytaman. Bugun chirigan narsa – ertaga ham chirigan. Men bu Islomni iymoni mustahkam boʻlganlar bilan quraman. Agar menga nisbatan hamon shubhasi boʻlgan kishi boʻlsa, ajralsin-ketsin. Mening ular bilan ishim yoʻq. Chirigan hamisha chirigan. Bugun chirimasa, ertaga chiriydi. Keyin chirigandan koʻra, hozirdan chirisin, unga ishonib yoʻlga chiqmaylik. Mustahkamlari bizga kifoya».
Soʻngra u zot ertalab Kaʼbaga borib, aytib bera boshladilar… Kofirlar: «Muhammad aqldan ozibdi, butunlay adashibdi», – deb masxara qilishdi. Musulmon boʻlish niyatida boʻlganlar ham ikkilanib qolishdi. Mushriklardan baʼzilari xursand boʻlib, Abu Bakrning uyiga kelishdi. Chunki ular uning aqlli, tajribali, hisob-kitobli savdogar ekanini juda yaxshi bilishardi. U eshikka chiqqach: «Ey Abu Bakr! Sen Quddusga koʻp marta borib kelgansan. Yaxshi bilasan. Makkadan Quddusga borib kelish qancha vaqt oladi?» – deb soʻrashdi. Hazrati Abu Bakr: «Yaxshi bilaman. Bir oydan koʻp», – dedi. Bu soʻzdan xursand boʻlgan kofirlar toʻdasi: «Aqlli, tajribali odamning gapi shunday boʻladi», – deyishdi. Kulib, masxara qilib va hazrati Abu Bakr ham oʻzlari kabi oʻylaydi, deb umid qilib: «Peshvong Quddusga bir kechada borib keldim, deyapti, endi butunlay adashibdi», – deyishdi. Ular hazrati Abu Bakrga mehr va hurmat koʻrsatib, unga umid bogʻlashgan edi.
Hazrati Abu Bakr Rasulullohning muborak ismlarini eshitgach (hech aql-mantiq tarozisiga solib oʻtirmay): «Agar u zot shunday degan boʻlsalar, bu – rostdir. U zotning bir lahzada borib kelganlariga men ham ishondim», – dedi-da, uyga kirdi. Kofirlar hayron boʻlib: «Ana xolos, Muhammad qanday kuchli sehrgar ekan! Abu Bakrni ham sehrlab qoʻyibdi», – deya ortlariga qaytishdi.
Hazrati Abu Bakr darhol Rasulullohning huzurlariga keldi. Katta olomon oldida baland ovoz bilan shunday dedi: «Yo Rasulalloh! Meʼrojingiz muborak boʻlsin! Bizni sizdek buyuk Paygʻambarga xizmatkor qilish bilan sharaflagani, muborak yuzingizni koʻrish, qalblarni rom etuvchi, ruhlarni oʻziga tortuvchi shirin soʻzlaringizni eshitish neʼmatini bergani uchun Allohu taologa cheksiz shukrlar aytaman. Yo Rasulalloh! Har bir soʻzingiz rostdir. Ishondim. Jonim sizga fido boʻlsin!» Hazrati Abu Bakrning soʻzlari kofirlarni gangitib qoʻydi. Aytadigan gap topolmay, tarqalib ketishdi. Bu soʻzlar shubhaga tushgan, iymoni zaif bir necha kishining qalbiga ham quvvat berdi. Rasululloh oʻsha kuni Abu Bakrga «Siddiq» dedilar. Bu nomni olish bilan uning darajasi yana bir pogʻona koʻtarildi.6
Bundan qattiq gʻazablangan kofirlar moʻminlarning mustahkam iymoniga, Paygʻambarimizning har bir soʻziga darhol ishonishlariga, u zotning atrofida parvonadek aylanishlariga chiday olishmadi. Rasulullohni uyaltirish va yengish uchun u zotni imtihon qila boshlashdi.
«Yo Muhammad! Quddusga bordim, deysan. Qani ayt-chi, masjidning nechta eshigi, nechta derazasi bor?» – kabi savollar berishdi.
«Meʼrojni aytishim lozim, ishonmaydigan kishi keyin ham voz kechadi, chirigan poydevor ustiga bino qurilmaydi, ajraladigan kishi hozirdan ajralsin, mustahkamlari qolsin» Hadisi sharif
Aqaba bayʼati qilingan joyda qurilgan Masjidul Bayʼa
Rasululloh ularning har biriga birma-bir javob berdilar. U zot javob berayotganlarida, hazrati Abu Bakr: «Shunday, yo Rasulalloh», – der edi. Vaholanki, Rasululloh odoblari va hayolari tufayli qarshilaridagi kishining yuziga ham qaramas edilar. U zot shunday dedilar: «Masjidul Aqsoda atrofimga qaramagan edim. Ular soʻragan narsalarni koʻrmagan edim. Oʻsha onda Jabroil (alayhissalom) Masjidul Aqsoni koʻz oldimga keltirdi. Men derazalarini koʻrib sanar va ularning savollariga darhol javob berar edim». Rasululloh yoʻlda tuyali yoʻlovchilarni koʻrganlarini aytdilar va: «Inshoalloh, ular chorshanba kuni keladilar», – dedilar. Chorshanba kuni quyosh botayotganda karvon Makkaga yetib keldi. Karvondagilardan soʻrashganida, ular goʻyo boʻron turgandek boʻlganini va bir tuya yiqilganini aytishdi. Bu hol moʻminlarning iymonini mustahkamladi, kofirlarning dushmanligi esa borgan sari ortdi.7 Hijratdan bir yil oldin, Rajab oyining 27-kuni, juma kechasi yuz bergan bu moʻjiza Meʼroj deb ataladi. Rasululloh Meʼrojga ruhlari va badanlari bilan, uygʻoq holda koʻtarildilar. Meʼroj kechasida u zotga koʻplab ilohiy haqiqatlar koʻrsatildi va besh vaqt namoz shu kechada farz qilindi. Bundan tashqari, Baqara surasining oxirgi ikki oyati karimasi ehson qilindi. Meʼroj haqida Qurʼoni karimda Isro surasining 1-oyatida, Najm surasining avvalgi oyatlarida va baʼzi hadisi shariflarda xabar berilgan.8
Sevimli Paygʻambarimiz Meʼrojdan keyin sahobalariga jannatni soʻzlab berayotib, shunday dedilar: «Yo Abu Bakr! Sening koʻshkingni koʻrdim. U qizil oltindan edi. Sen uchun tayyorlangan neʼmatlarni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim». Shunda hazrati Abu Bakr: «U koʻshk ham, koʻshkning egasi ham sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh», – dedi.
Paygʻambarimiz hazrati Umarga oʻgirilib: «Yo Umar! Sening koʻshkingni koʻrdim. U yoqutdan edi. U koʻshkda juda koʻp hurlar bor edi. Lekin men ichkariga kirmadim. Gʻayurligingni oʻyladim», – dedilar. Hazrati Umar qattiq yigʻladi. Koʻz yoshlari orasida: «Onam-otam, jonim sizga fido boʻlsin, yo Rasulalloh! Sizga nisbatan ham rashk boʻladimi?» – dedi. Soʻngra hazrati Usmonga: «Yo Usmon! Men seni har bir osmonda koʻrdim. Jannatda koʻshkingni koʻrib, seni oʻyladim», – dedilar. Hazrati Aliga: «Yo Ali! Sening suratingni toʻrtinchi osmonda koʻrdim. Jabroildan soʻradim. U: „Yo Rasulalloh! Farishtalar hazrati Alini koʻrishga oshiq boʻldilar. Haq taolo uning suratida bir farishta yaratdi. U toʻrtinchi osmonda turadi, farishtalar uni ziyorat qilib, barakalanadilar“, – dedi. Soʻngra sening koʻshkingga kirdim. Bir daraxtning mevasini hidladim. Undan bir hur chiqdi va yuziga parda tortdi. „Sen kimsan va kimnikisan?“ – dedim. U: „Amakingizning oʻgʻli Ali uchun yaratilganman, yo Rasulalloh!“ – dedi», – dedilar.
Meʼroj kechasining tongida Jabroil alayhissalom kelib, Rasulullohga imom boʻlib, besh vaqt namozni vaqtlarida oʻqitdi. Hadisi sharifda shunday deyildi: «Jabroil (alayhissalom) Kaʼba eshigi oldida ikki kun menga imom boʻldi. Ikkimiz bomdod namozini tong (fajr) otganda, peshinni quyosh zavolga oqqanda, asrni har narsaning soyasi oʻz boʻyiga teng boʻlganda, shomni quyosh botganda (yuqori chekkasi gʻoyib boʻlgach), xuftonni shafaq qorayganda oʻqidik. Ikkinchi kuni bomdod namozini havo yorishganda, peshinni har narsaning soyasi oʻz boʻyidan ikki baravar boʻlganda, asrni undan keyinoq, shomni roʻza ochiladigan paytda, xuftonni tunning uchdan biri oʻtganda oʻqidik. Soʻngra u: „Yo Muhammad! Sizning va sizdan oldingi paygʻambarlarning namoz vaqtlari shudir. Ummatingiz besh vaqt namozning har birini biz oʻqigan mana shu ikki vaqt orasida oʻqisin“, – dedi».9 Namoz vaqtlari shu tariqa bildirilgandan keyin Habashistonga ham xabar yuborilib, besh vaqt namoz oʻqishlari va namoz farz boʻlgan kundan boshlab ular oʻqiy boshlagan vaqtgacha boʻlgan namozlarini qazo qilishlari buyurildi.
«(Ey madinaliklar!) Alloh yoʻlida Alloh uchun haqni soʻzlashga, oʻz nafsingizni va nomusingizni himoya qilganingiz kabi menga yordamchi boʻlishga soʻz berasizlarmi?» Hadisi sharif
