Makka – Toif safari
Kelasi yili Zulhijja oyida yana kelish niyati bilan, ular yurtlariga qaytish uchun Paygʻambarimizdan izn olib, joʻnab ketdilar. Yangi musulmon boʻlgan bu olti kishi: Uqba ibn Omir, Asʼad ibn Zurora, Avf ibn Horis, Rofeʼ ibn Molik, Qutba ibn Omir va Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhum) edilar.1
Musulmon boʻlgan olti kishi Madinaga, qavmlarining oldiga qaytgach, darhol Islom va Paygʻambarimiz haqida gapirib, xalqni Islom dinini qabul qilishga daʼvat eta boshladilar. Buni shunday gʻayrat bilan qildilarki, Madinada Paygʻambarimiz va Islom haqida gapirilmagan birorta ham uy qolmadi. Shu tariqa Islom Xazraj qabilasi orasida yoyildi, Avs qabilasidan ham baʼzi kishilar musulmon boʻldilar.
Toifliklarni iymonga daʼvat qilishlari
Mushriklar sevimli Paygʻambarimizning juda koʻp moʻjizalarini koʻrgan boʻlsalar ham, oʻjarliklari tufayli iymon keltirmadilar; ustiga-ustak, musulmon boʻlgan bolalariga, birodarlariga, qarindoshlariga va doʻstlariga aziyat berish, zulm qilishdan toʻxtamadilar. Ularning tobora kuchayib borayotgan bu zulm va qiynoqlari sevimli Paygʻambarimizni qattiq qaygʻuga soldi. U zot Makka yaqinidagi Toifga borib, uning aholisini Islomga daʼvat qilishni koʻngillariga tugdilar. Shu sababli yonlariga Zayd ibn Horisani olib, Toifga bordilar.
U zot Toifning koʻzga koʻringan kishilaridan Amrning oʻgʻillari – Abdu Yolil, Habib va Masʼud bilan uchrashdilar. Ularga Islomni tushuntirib, Allohu taologa iymon keltirishlarini soʻradilar. Ular iymon keltirish u yoqda tursin, aksincha, u zotni haqorat qilishdi, ustiga-ustak: «Allohu taolo paygʻambar qilib yuborish uchun sendan boshqa odam topmadimi? Allohu taolo sendan boshqasini paygʻambar qilib yuborishga ojizmi? Yurtimizdan chiqib ket-da, qayoqqa xohlasang, oʻsha yoqqa bor!… Qavming aytganlaringni qabul qilmadi, shuning uchun bu yerga kelding, shunday emasmi? Qasam ichamizki, biz ham sendan uzoq turamiz. Birorta ham istagingni qabul qilmaymiz», – deyishdi.
Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) ularning oldidan qaygʻu bilan chiqib ketdilar. Oʻn kun yoki bir oy davomida Saqif qabilasini Islomga daʼvat qildilar, lekin ulardan birortasi ham iymon keltirmadi; aksincha, u zotni masxara qilishdi, aziyat berishdi va ortlaridan hushtak chalib, hayqirishdi. U zot oʻtadigan yoʻllarning ikki chetiga bolalarni va yoshlarni saf qilib qoʻyib, u zotni toshboʻron qildirishdi, ustilariga hujum qildirishdi. Toiflik yoshlar otgan toshlarga hazrati Zayd oʻz tanasini qalqon qilib, Paygʻambarimizga biror zarar yetishining oldini olishga urinardi. Hazrati Zayd sevimli Paygʻambarimizning atrofida parvona boʻlib aylanardi, toshlar u zotga tegmasligi uchun jonini jabborga berib harakat qilardi. U zotning muborak vujudlariga zarar yetmasin deb, Zayd oʻziga tegayotgan toshlarga parvo qilmasdi. Axir, u shu kunlarda jonini fido qilish uchun fursat kutmayotganmidi? Mana endi ular Olamlar sarvarini toshboʻron qilishmoqda, aziyat berib, zulm qilib, u zotni oʻz yurtlaridan quvib chiqarishga urinishmoqda edi.
Hazrati Zayd Rasulullohni himoya qilish uchun oʻngga-chapga tashlangan sari toshlar uning boshiga, tanasiga, oyoqlariga ketma-ket tegardi. Shu sababli hazrati Zaydning butun vujudi qonga belandi. U sevimli Paygʻambarini himoya qilish uchun bor kuchini sarflar, tosh otayotgan zolimlarga bor ovozi bilan: «Bas qilinglar!… Urmanglar!… U zot – olamlar sarvaridirlar! U zot – Rasulullohdirlar! Mening tanamni burda-burda qilinglar, lekin Paygʻambarimizga biror zarar yetmasin!» – deb baqirardi. Zayd ibn Horisadan oshib oʻtib, Rasulullohga kelib tekkan toshlar u zotning muborak oyoqlarini qonga boʻyagan edi.
Sevimli Paygʻambarimiz gʻamgin, charchagan va yarador holda Utba va Shayba ismli ikki birodarning uzumzoriga yaqinlashdilar. U yerda barcha moʻminlar yoʻllarida jonlarini fido qilishni istaydigan Rasululloh muborak oyoqlaridan oqayotgan qonlarni artdilar.
Tahorat olib, daraxt tagida ikki rakat namoz oʻqidilar. Soʻngra muborak qoʻllarini koʻtarib, Rabbilariga yolvorib, munojot qila boshladilar.
Bogʻ egalari buni kuzatib turishardi. Ular Rasulullohning boshlariga tushgan kulfatlarni koʻrishgan, u zotning gʻaribliklariga guvoh boʻlishgan edi. Ularning rahm-shafqati joʻsh urdi. Addos ismli qullari orqali u zotga uzum yuborishdi. Sevimli Paygʻambarimiz uzumni yeya boshlaganlarida bismillah aytdilar. Uzumni olib kelgan qul nasroniy edi. Bismillahni eshitib, hayron boʻldi va: «Men yillardan beri shu yerda yashayman, hech kimdan bunday soʻz eshitmaganman. Bu qanday kalom?» – deb soʻradi.
Rasululloh: «Sen qayerliksan?» – deb soʻradilar. Addos: «Men ninavalikman», – dedi. Rasululloh: «Demak, sen Yunusning (alayhissalom) yurtidan ekansan», – dedilar. Addos: «Siz Yunusni qayerdan taniysiz? Uni bu yerda hech kim bilmaydi», – dedi. Rasululloh: «U kishi – mening birodarim. U kishi ham mendek paygʻambar edilar», – dedilar.
Addos: «Bu goʻzal yuzning, bu shirin soʻzlarning sohibi yolgʻonchi boʻlishi mumkin emas. Men sizning Allohning rasuli ekaningizga ishondim», – dedi. U musulmon boʻldi va shunday dedi: «Yo Rasulalloh! Yillar davomida men bu zolimlarga, bu yolgʻonchilarga qullik qildim. Ular hammaning haqqini yeyishadi. Hammani aldashadi. Ularning birorta ham yaxshi tomoni yoʻq. Dunyo moli toʻplash va nafslarining havaslarini qondirish uchun har qanday pastkashlikka borishadi. Men ulardan nafratlanaman. Siz bilan birga ketishni, sizga xizmat qilish sharafiga erishishni, johillarning, ahmoqlarning sizga qiladigan hurmatsizliklariga nishon boʻlishni, muborak vujudingizni himoya qilish uchun jonimni fido qilishni istayman».2
Rasululloh tabassum qilib: «Hozircha xoʻjayinlaring oldida qol! Oz vaqtdan keyin ismimni hamma joyda eshitasan. Oʻshanda mening oldimga kel», – dedilar.
«Bas qilinglar!… Urmanglar!… U zot – olamlar sarvaridirlar! U zot – Rasulullohdirlar! Mening tanamni burda-burda qilinglar, lekin Paygʻambarimizga biror zarar yetmasin!» Zayd ibn Horisa (roziyallohu anhu)
Biroz dam olgach, Makka tomon yoʻlga tushdilar. Makkaga ikki manzillik yoʻl qolganda, u zot bir bulut oʻzlariga soya solib turganini koʻrdilar. Diqqat bilan qaraganlarida, uning Jabroil alayhissalom ekanini angladilar. Bu voqeani sevimli Paygʻambarimiz keyinchalik Oishai Siddiqa onamizga aytib bergan edilar.
«Sahihi Buxoriy» kitobida va Ahmad ibn Hanbalning «Musnad» kitobida shunday rivoyat qilinadi: bir kuni hazrati Oisha onamiz: «Yo Rasulalloh! Boshingizdan Uhud kunidan ham azobliroq kun oʻtganmi?» – deb soʻragan edi. Rasululloh shunday javob berdilar: «Allohga qasamki, sening qavmingdan shunday jafo chekdimki, Uhud jangidagi kofirlardan ham bundayini chekmadim. Ibn Abdu Yolil ibn Abdu Kulolga oʻzimni arz qilganimda (yaʼni paygʻambarligimni bildirib, uni dinga daʼvat qilganimda), u qabul qilmadi. Ularning oldidan shunday katta iztirob bilan ketdimki, to Qarnus Saʼolib degan joyga yetgunimcha oʻzimga kelolmadim. U yerda boshimni koʻtardim. Ustimga bir bulut soya solib turganini koʻrdim. Qarasam, bulut ichida Jabroil (alayhissalom) turibdi. U menga nido qilib, shunday dedi: „Yo Muhammad! Haq taolo hazratlari qavmingizning siz haqingizda aytgan soʻzlarini eshitdi. Ularning sizni himoya qilishni istamaganlarini ham bildi. U sizga togʻlarga vakil qilingan mana bu farishtani yubordi, nima istasangiz, unga buyurasiz“. U farishta ham menga nido qilib, salom bergach, shunday dedi: „Yo Muhammad! Jabroil aytganidek, Haq taolo hazratlari togʻlar farishtasi boʻlgan meni sizga yubordi, nima istasangiz, menga buyurasiz. Amringizga tayyorman. Agar mana shu ikki baland togʻning (Quʼayqiʼon togʻi bilan Abu Qubays togʻining) makkaliklar ustiga yopilgudek boʻlib bir-biriga qoʻshilishini (va mushriklarni batamom ezib tashlashini) istasangiz, buyuring, qoʻshib qoʻyay“. Men rozi boʻlmadim va shunday dedim: „(Yoʻq! Men olamlarga rahmat qilib yuborilganman.) Allohu taolo bu mushriklarning pushti kamaridan faqat Janobi Haqqa ibodat qiladigan va Allohu taologa hech narsani sherik qilmaydigan bir avlod chiqarishini soʻrab duo qilaman“».
Paygʻambarimiz Toifdan Makkaga qaytayotganlarida, Naxla degan joyda biroz dam oldilar. Bir payt namozga turdilar. Nusaybin jinlaridan bir guruhi u yerdan oʻtayotib, sevimli Paygʻambarimiz oʻqiyotgan Qurʼoni karim oyatlarini eshitib, toʻxtab tingladilar. Soʻngra Paygʻambarimiz bilan gaplashib, musulmon boʻldilar. Paygʻambarimiz ularga: «Qavmingizning oldiga borganingizda, mening iymonga daʼvatimni ularga ham yetkazinglar. Ularni ham iymonga daʼvat qilinglar», – dedilar.
U jinlar qavmlarining oldiga borib, buni xabar qilganlarida, eshitgan jinlarning hammasi iymon keltirdi.3 Bu haqda Qurʼoni karimda Jin surasida hamda «Buxoriy», «Muslim» nomli mashhur hadisi sharif kitoblarida xabar beriladi.
Makkaga yaqinlashganlarida, moʻminlar Rasulullohga: «Qurayshliklar Toifdagi pastkashlarning sizga qilgan yomon muomalalarini bilib olishdi. Hozir kelsangiz, ular zulmlarini kuchaytirishlari mumkin», – deb xabar yubordilar. Paygʻambarimiz Hiroga yetib kelganlarida Suhayl ibn Amrga bir odam yuborib, oʻzlarini himoyasiga olishini iltimos qildilar. U nasibasiz kishi rozi boʻlmagach, Mutʼim ibn Adiyga xabar yubordilar. U bu iltimosni qabul qildi. Habibi akram va Nabiyi muhtaram boʻlgan Paygʻambarimiz Mutʼim ibn Adiyning himoyasi ostida Makkaga kirdilar. Mutʼim bu holni qurayshliklarga maʼlum qildi. Rasululloh Bayti sharifni tavof qildilar va Hajarul asvadni oʻpdilar. Bir necha kundan keyin u zot Mutʼimga: «Endi boshqa sening himoyangda qolmayman», – dedilar. Mutʼim buni ham qabul qildi. Janobi Haq Habibini Oʻz himoyasiga oldi.
«La ilaha illalloh» deb qutulinglar
Rasul alayhissalom odamlarni haq yoʻlga daʼvat qilishda davom etdilar. Bunga javoban mushriklar yana battar quturib, avvalgidan ham koʻproq qiynoq va zulm qila boshlashdi. Shundan soʻng Janobi Haq Paygʻambarimizga Kaʼbani ziyorat qilish mavsumida ziyoratga keladigan arab qabilalari bilan uchrashib, ularni Islomga daʼvat qilishni buyurdi. Bu amrdan keyin sevimli Paygʻambarimiz Makka atrofida boʻladigan Zulmajoz, Ukoz va Majanna yarmarkalariga bora boshladilar.
U zot u yerlarga tez-tez borib, qabilalarni Allohu taoloning birligiga va Unga ibodat qilishga daʼvat qilar, oʻzlarining paygʻambar ekanlarini qabul qilishlarini soʻrardilar. Qabul qilsalar, Janobi Haq ularga jannat berishini bildirardilar. Paygʻambarimizning yolvorgudek boʻlib qilgan bu daʼvatlariga, afsuski, ulardan hech biri quloq solmas, baʼzilari qoʻpollik qilib, u zotni haqorat qilar, baʼzilari esa qovoq solib, yomon soʻzlar aytardi. Quraysh mushriklari ham u zotning ortlaridan yurib, borgan qabilalarini yoʻldan urardilar.
Imom Ahmad, Bayhaqiy, Tabaroniy va Ibn Isʼhoqning xabar berishicha, Robiʼa ibn Abbod shunday rivoyat qilgan: «Men yosh edim. Otam bilan birga Minoga borgan edik. Rasul alayhissalom arab qabilalari tushgan joylarga borar va: „Ey Banu falon! Men – sizlarga sigʻinayotgan mana shu butlaringizni tashlab, Allohu taologa hech narsani sherik qilmasdan ibodat qilishga, menga ishonib, meni tasdiq qilishga, Haq taolo yuklagan vazifamni bayon qilib ado etgunimcha meni himoya qilishga buyuradigan Allohu taoloning rasuliman!…“ – der edilar.
Ortlaridan gʻilay koʻzli, sochlari oʻrilgan bir kishi ergashib yurar va: „Ey Banu falon! Bu odam sizlarni butlarimiz Lot va Uzzoga sigʻinishdan qaytarib, oʻzi toʻqib chiqargan bir dinga chaqirmoqda!… Ehtiyot boʻlinglar! Unga quloq solmanglar va unga boʻysunmanglar!…“ – der edi. Men otamdan: „Bu zotning ortidan yurgan kim?“ – deb soʻradim. U: „Amakilari Abu Lahab“, – dedi».
Tabaroniy Toriq ibn Abdullohdan shunday rivoyat qildi: «Men Rasul alayhissalomni Zulmajoz yarmarkasida koʻrgan edim. U zot odamlar eshitsin deb, baland ovoz bilan: „Ey odamlar! „La ilaha illalloh“ (Allohu taolodan boshqa iloh yoʻq) denglar-da, qutulinglar!“ – deb nido qilardilar. Ortlaridan yurgan bir kishi qoʻliga ilingan toshlarni u zotning oyoqlariga otar va: „Ey jamoat! Ishonmanglar!… Undan saqlaninglar! Chunki u – yolgʻonchi!…“ – der edi. Tekkan toshlar muborak oyoqlarini qonatsa ham, u zot hamon boʻsh kelmay, charchamay daʼvatlarini davom ettirardilar. Odamlar: „Bu yigit kim?“ – deb soʻrashdi. Biri: „Banu Abdulmuttalibdan bir yigit“, – deb javob berdi. „Tosh otayotgan kim?“ – deb soʻrashganida, u: „Amakilari Abu Lahab“, – dedi».
Imom Buxoriy «Tarixul-kabir» kitobida va Tabaroniy «Moʻjamul-kabir» kitobida shunday rivoyat qiladi: Mudrik ibn Munib otasidan, u esa bobosidan rivoyat qildi, bobosi shunday degan: «Otam bilan Minoga kelib tushgan edik. Bir toʻda odamlarga duch keldik. Bir kishi ularga: „Ey odamlar! La ilaha illalloh denglar-da, qutulinglar!“ – der edilar. Atrofidagi odamlarning baʼzilari u zotning oʻsha goʻzal yuzlariga tupurar, baʼzilari boshlariga tuproq sochar, baʼzilari esa soʻkib, turli haqoratlar qilardi. Bu ahvol peshingacha davom etdi. Shu payt qoʻlida suv idishi bilan bir qiz bola u yerga keldi. U zotni bu holda koʻrib, yigʻlay boshladi. Haligi zot suv ichgach, qizga oʻgirilib: „Ey qizim! Otang tuzoqqa tushirilib oʻldiriladi, xor qilinadi deb qoʻrqma!“ – dedilar. Soʻngra biz u yerdagilardan: „Bu kishi kim, bu qiz kim?“ – deb soʻradik. Ular: „Bu – Banu Abdulmuttalibdan Muhammad, yonlaridagi esa qizlari Zaynab“, – deyishdi».
«U kishi (Yunus alayhissalom) – mening birodarim. U kishi ham mendek paygʻambar edilar» Hadisi sharif
Saʼid ibn Yahyo ibn Saʼid Umaviy «Magʻoziy» kitobida otasidan rivoyat qildi. U esa Abu Nuaym va Abdurrahmon Omiriydan, Abdurrahmon Omiriy esa juda koʻp kishilardan rivoyat qildi. Ular shunday dedilar: bir kuni sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Ukoz yarmarkasiga bordilar. Banu Omir qabilasining oldiga kelib, ulardan: «Ey Banu Omir! Sizlarga panoh soʻrab kelganlarni qanday himoya qilasizlar?» – deb soʻradilar. Ular: «Bizga hech kim gap otolmaydi, ijozatimizsiz oʻtimizda isinolmaydi!…» – deyishdi. Paygʻambarimiz: «Men – Allohu taoloning rasuliman. Agar oldingizga kelsam, Rabbim menga bergan paygʻambarlik vazifasini odamlarga yetkazgunimcha meni himoya qilasizlarmi?» – dedilar. Ular: «Siz Qurayshning qaysi urugʻidansiz?» – deb soʻrashdi. Paygʻambarimiz: «Banu Abdulmuttalibdanman», – degach, ular: «Banu Abdulmuttalibdan boʻlsangiz, nega ular sizni himoya qilmayapti?» – deyishdi. Rasululloh: «Meni yolgʻonchiga chiqarganlarning oldingi safida ular boʻldi», – dedilar. Banu Omir jamoasi shunday dedi: «Ey Muhammad! Biz sizni rad ham qilmaymiz, keltirgan narsalaringizga iymon ham keltirmaymiz. Lekin siz paygʻambarlik vazifangizni odamlarga yetkazguningizcha, sizni himoya qilamiz».
Shundan keyin Paygʻambarimiz ularning yonlariga oʻtirdilar. Shu payt Banu Omirning koʻzga koʻringan kishilaridan Bayhara ibn Foris yarmarkadagi savdo-sotigʻini tugatib, ularning oldiga keldi va Paygʻambarimizni koʻrsatib: «Bu kim?» – deb soʻradi. Ular: «Bu – Muhammad ibn Abdulloh», – deyishdi. Bayhara: «Bu odam bilan nima ishingiz bor, yoningizga oʻtqazib olibsizlar?» – degach, ular: «Bizga panoh soʻrab keldilar, Allohning rasuli ekanlarini aytmoqdalar va paygʻambarlik vazifalarini odamlarga yetkazgunlaricha oʻzlarini himoya qilishimizni soʻramoqdalar», – deyishdi. Shundan soʻng Bayhara Paygʻambarimizga oʻgirilib: «Seni himoya qilishga kirishishimiz – butun arablarning oʻqiga koʻksimizni nishon qilib qoʻyishimiz deganidir», – dedi. Qavmiga esa shunday dedi: «Yurtiga sizlardan ham yomonroq narsa bilan qaytgan birorta qabila yoʻq. Demak, sizlar butun arablar bilan urushib, ularning oʻqiga tanalaringizni nishon qilib qoʻymoqchisizlar, shundaymi!… Agar qavmi unda biror yaxshilik koʻrganida, avval oʻzlari himoya qilgan boʻlardilar. Sizlar esa qavmi yolgʻonchiga chiqarib, yonidan quvib yuborgan odamga panoh berib, unga yordam qilishga kirishyapsizlar!… Juda ham xato oʻylayapsizlar!…»
Soʻngra bu badbaxt sevimli Paygʻambarimizga oʻgirilib: «Hoziroq oramizdan chiqib, qavmingga qayt!… Qasamki, agar qavmim orasida boʻlmaganingda, hoziroq boʻyningni chopardim!…» – dedi. Bu soʻzlardan keyin Olamlar sarvari katta qaygʻu ichida tuyalariga mindilar. Oʻsha kibrli Bayhara Rasulullohni tuyalaridan yiqitdi. Buni koʻrgan sahobai kiromdan Zuboʼa bint Omir ismli bir ayol faryod koʻtarib, qarindoshlariga: «Allohu taoloning Habibiga qilingan bu ishni qanday ravo koʻryapsizlar? Mening xotirim uchun Rasulullohni bularning qoʻlidan qutqaradigan birov yoʻqmi?» – deb nido qildi. Amakivachchalaridan uch kishi darhol baxtiqaro Bayharaga tashlandi. Bayharaning qavmidan ikki kishi unga yordam bermoqchi boʻlsa ham, ular Bayharani va uning yordamchilarini yaxshilab doʻpposlashdi. Bu holni kuzatib turgan sevimli Paygʻambarimiz oʻzlari uchun olishgan oʻsha uch kishi haqqiga: «Yo Rabbim! Bu kishilarga barakangni ehson qil!» – deb, Bayhara va uning yordamchilari haqida esa: «Yo Rabbim! Bularni rahmatingdan uzoq qil!» – deb duo qildilar.
U zot xayrli duo qilgan kishilar musulmon boʻlish sharafiga erishdilar, qolganlari esa kofir holida jon berdilar. Banu Omir qabilasining kishilari yurtlariga qaytgach, qabilalaridagi samoviy kitoblarni oʻqigan bir qariyaga Makkada boshlaridan oʻtgan voqealarni aytib berishdi. U kishi Paygʻambarimizning ismlarini eshitgach, ularni koyib: «Ey Banu Omir! Nima ish qilib qoʻydingiz? Ismoil avlodidan hech kim shu paytgacha yolgʻondan paygʻambarlik daʼvo qilmagan. Shubhasiz, u zotning aytganlari rost va haq edi. Qoʻldan chiqarilgan bu fursatni endi tiklash juda qiyin!…» – dedi.
Jabroil ila qilgan chogʻ kalom,
Rafraf kelib, qarshisida berdi salom.
Oldi ul jahon shohini ul zamon,
Sidraga eltdi u zotni oʻsha on.
«Ey odamlar! La ilaha illalloh denglar-da, qutulinglar!» Hadisi sharif
Isro va Meʼroj
