Sevimli Paygʻambarim

QAYGʻU YILI

Farzand dogʻi

Paygʻambarimizning (sallallohu alayhi vasallam) katta oʻgʻillari Qosim oʻn yetti oyligida vafot etgan edi. Bu alamli voqeadan yillar oʻtib, ikkinchi oʻgʻillari Abdulloh ham vafot etdi. Rasululloh muborak koʻzlaridan yosh oqqan holda toqqa yuzlanib: «Ey togʻ! Mening boshimga tushgan narsa sening boshingga tushganida, chiday olmay qulab tusharding!» – dedilar va qaygʻularini shunday izhor qildilar. Hazrati Xadicha onamizning: «Yo Rasulalloh! Ular hozir qayerdalar?» – degan savoliga u zot: «Ular jannatdalar», – deb javob berdilar.

Koinot sultoni sevimli Paygʻambarimizning ikki oʻgʻillari ham vafot etgach, mushriklar juda shod boʻldilar. Abu Jahl kabi kofirlar buni fursat bilib, atrofda shov-shuv koʻtardilar: «Endi Muhammad abtardir, nasli uzildi. Naslini davom ettiradigan oʻgʻil farzandi qolmadi. Oʻzi vafot etgach, nomi ham, shuhrati ham unutiladi».

Shundan soʻng Allohu taolo Kavsar surasini nozil qilib, Rasuliga tasalli berdi. Uning maʼnosi shunday: «(Habibim!) Haqiqatan, Biz sizga Kavsarni berdik (Kavsar hovuzini, juda koʻp yaxshilikni ehson qildik). Bas, Rabbingiz uchun namoz oʻqing va qurbonlik soʻying. Haqiqatan, xayrsiz va nasli uzilgan – sizga (nasli uzilgan deb) til tekkizuvchining oʻzidir. (Sizni abtar degan kimsaning oʻzi zurriyotsiz, sharafsiz va benishondir. Sizga kelsak, ey Habibim, sizning pok naslingiz, shonu sharafingiz qiyomat kunigacha davom etadi. Oxiratda ham sizga aqlga sigʻmaydigan koʻp ulugʻ sharaflar tayyorlab qoʻyilgan.)»1

Abu Tolibning vafoti

Rasulullohning (sallallohu alayhi vasallam) oʻgʻillari vafot etganidan keyingi kunlarda Abu Tolib betob boʻlib qoldi, kasali kundan-kunga ogʻirlashib bordi. Buni eshitgan qurayshlik mushriklar shunday oʻyladilar: «Abu Tolib hayotligida Muhammadni himoya qilish uchun koʻp harakat qildi. Endi uning bu dunyodan ketish vaqti yaqinlashdi. Soʻnggi damlarida boʻlsa ham, holidan xabar olgani boraylik. Chunki tengsiz arab pahlavoni Hamza ham, haybati, kuchi va qoʻrqmasligi quyoshdek ayon boʻlgan Umar ham musulmon boʻldi. Har kuni arab qabilalaridan odamlar kelib, toʻda-toʻda boʻlib Muhammadga ergashmoqda. Shu tariqa musulmonlar kundan-kunga koʻpayib, ovozlari olamni tutmoqda. Bu ahvolda biz yo ularga ergashishimiz, yo urush va jangga tayyor boʻlishimiz kerak. Abu Tolibning oldiga borib, ahvolni aytaylik, u bizni yarashtirib qoʻysin. Biz uning diniga tegmaylik, u ham bizning dinimizga hujum qilmasin». Shu oʻy bilan ular Abu Tolibning oldiga kelishdi. Uqba, Shayba, Abu Jahl, Umayya ibn Xalaf kabi mashhur kishilar Abu Tolibning toʻshagi yonidagi koʻrpachalarga oʻtirishdi. Ular shunday deyishdi: «Biz sening ulugʻligingga ishonamiz, afzalligingni tan olamiz. Shu sababli senga hech qachon qarshi chiqmadik. Qoʻrqamizki, sen vafot etganingdan keyin Muhammad biz bilan kurashadi, oramizdagi dushmanlik davom etadi. Bizni yarashtirib qoʻy, bir-birimizning dinimizga tegmaylik».

«Ey togʻ! Mening boshimga tushgan narsa sening boshingga tushganida, chiday olmay qulab tusharding!» Hadisi sharif

Hazrati Xadicha onamizning maqbarasi / Jannatul Muallo

Islom ulugʻlarining koʻplab qabrlari kabi, sevimli Paygʻambarimizning (sallallohu taolo alayhi vasallam) birinchi zavjalari hazrati Xadicha onamizning (roziyallohu anho) maqbarasi ham buzib tashlanib, yoʻq qilingan.

Abu Tolib Paygʻambarimizni chaqirtirib: «Qurayshning barcha koʻzga koʻringan kishilari sizdan ularning diniga aralashmasligingizni iltimos qilmoqdalar. Buni qabul qilsangiz, ular sizning amringiz ostida xizmat qiladilar va sizga yordamchi boʻladilar», – dedi. Olamlar sarvari shunday dedilar: «Ey amaki! Men ularni faqat bir kalimaga daʼvat qilmoqchiman: u kalima tufayli butun arablar ularga boʻysunadi, arab boʻlmaganlar ham ularga jizya toʻlaydi». Quraysh zodagonlariga ham: «Ha! Sizlar menga bir kalima aytsangiz, u bilan butun arablarga hokim boʻlasizlar, arab boʻlmaganlar ham sizlarga boʻysunadi», – dedilar. Abu Jahl: «Mayli. Biz uni oʻn karra aytamiz. Qani, u qanday kalima ekan?» – dedi. Rasululloh: «„La ilaha illalloh“ desangizlar va Allohu taolodan boshqa sigʻinayotgan butlaringizni olib tashlasangizlar», – degach, mushriklar darhol: «Bizdan bundan boshqa biror narsa soʻra!…» – deyishdi. Paygʻambarimiz: «Sizlar quyoshni keltirib qoʻllarimga qoʻysangiz ham, men sizlardan bundan boshqasini soʻramayman», – dedilar.

Mushriklar: «Yo Abul Qosim! Juda ajib taklif qilyapsan. Biz sening koʻnglingni olmoqchimiz, sen esa bizning koʻnglimizni olmayapsan!» – deyishdi-da, turib ketishdi. Ular ketgach, Abu Tolib Paygʻambarimizga: «Qurayshdan soʻragan narsangiz juda oʻrinli edi. Toʻgʻri gapirdingiz», – dedi. Amakilarining bu soʻzi Rasulullohda umid uygʻotdi va Abu Tolibning iymon keltirishi mumkinligini anglab, u zot shunday dedilar: «Ey amaki! Bir marta „La ilaha illalloh“ deng!… Toki qiyomat kuni sizga shafoat qilay». Abu Tolib: «Odamlarning: „Oʻlimdan qoʻrqdi-da, shuning uchun musulmon boʻldi“, – deb ayblashlaridan qoʻrqaman. Boʻlmasa, koʻnglingizni olardim», – deb, bu ish nafsiga ogʻir kelishini aytdi. Kasali kun sayin ogʻirlashib borib, u vafot etdi.2

Hazrati Xadicha onamizning vafoti

Biʼsatning oʻninchi yilida, Abu Tolib vafot etganidan uch kun oʻtib, Rasulullohning dardkashi, yigirma besh yillik umr yoʻldoshi boʻlgan muborak hazrati Xadicha onamiz ham gʻam-anduh bilan oʻtgan uch yillik qamaldan soʻng, hijratdan uch yil oldin, Ramazon oyining boshida, 65 yoshida vafot etdi.3 Faxri koinot (sallallohu alayhi vasallam) hazrati Xadicha onamizni oʻz muborak qoʻllari bilan dafn qildilar. Undan ayrilganlaridan qattiq qaygʻurdilar.

Bir yilning oʻzida hazrati Xadicha onamizning va amakilari Abu Tolibning ketma-ket vafot etishi Paygʻambarimizni qaygʻuga botirgan edi. Shu sababli bu yil «Sanatul huzn», yaʼni qaygʻu yili deb ataldi.

Hazrati Xadicha onamizning vafoti sevimli Paygʻambarimizni larzaga soldi va haddan tashqari qaygʻuga botirdi. Chunki eng avval iymon keltirgan va Rasulullohni tasdiq qilgan kishi u edi. Bundan tashqari, Xadicha onamiz u zotning eng katta tayanchi va tasalli beruvchisi edi. Hamma dushman boʻlgan paytda u butun qalbini ochgan, Paygʻambarimizning muhabbati bilan toʻlgan edi. Bor molu dunyosini, nimaiki boʻlsa, hammasini Islom yoʻlida sarflagan, sevimli Paygʻambarimizga xizmat qilish uchun kechani kunduzga ulagan edi. Rasulullohni hech qachon xafa qilmagan, aslo koʻngillarini ogʻritmagan edi. Paygʻambarimiz buni vaqti-vaqti bilan aytib berar, shu tariqa muborak zavjalarining fazilatlarini yod etardilar.

«Ey amaki! Bir marta „La ilaha illalloh“ deng!… Toki qiyomat kuni sizga shafoat qilay» Hadisi sharif

Bir kuni Paygʻambarimiz uydan tashqarida ekanlarida, hazrati Xadicha u zotni izlab chiqdi. Unga Jabroil alayhissalom inson qiyofasida koʻrindi. Hazrati Xadicha onamiz undan Paygʻambarimiz haqida soʻramoqchi boʻldi-yu, lekin u dushmanlardan boʻlishi mumkin, deb oʻylab, ortiga qaytdi. Sevimli Paygʻambarimizni uyda koʻrgach, boʻlgan voqeani aytib berdi. Faxri koinot shunday dedilar: «Sen koʻrgan va meni soʻramoqchi boʻlgan oʻsha kishining kim ekanini bilasanmi? U Jabroil (alayhissalom) edi. U senga salomini yetkazishimni aytdi. Yana shuni ham yetkazishimni aytdi: jannatda sen uchun injulardan qurilgan bir bino tayyorlab qoʻyilgan. Albatta, u yerda bu yerdagidek qaygʻuli, mashaqqatli, zahmatli va ogʻir narsalar boʻlmaydi».

Birining qoʻli havoda qotib qoldi, biri koʻr boʻldi

Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) insonlarning eng baxtiyorlaridan boʻlgan sahobalariga tengsiz suhbatlar qilib, ularning qalblarini nurlantirardilar. Nozil boʻlgan oyati karimalarni tushuntirib berar, aytilmagan, tushunilmagan biror narsa qoldirmasdilar. Shu bilan birga mushriklar ham iymonga kelsin deb, ular yigʻiladigan joylarga borar, charchamay-tolmay iymonga daʼvat qilardilar. Abu Jahl bilan Valid ibn Mugʻiyra bundan qattiq gʻazablanib: «Shu ketishda hamma Muhammadning diniga kirib ketadi, butlarimizga sigʻinadigan birorta odam qolmaydi», – deyishardi. Bir kuni ular bu ishni tugatishning yagona chorasi – Olamlar sarvari boʻlgan sevimli Paygʻambarimizni oʻldirish, degan qarorga kelishdi. Abu Jahl Valid ibn Mugʻiyrani va Banu Maxzumdan bir necha yigitni yoniga olib, Baytullohga keldi. Oʻsha paytda sevimli Paygʻambarimiz namoz oʻqiyotgan edilar. Abu Jahl qoʻliga olgan tosh bilan darhol oldinga tashlandi. Habibi akram va Nabiyi muhtaram boʻlgan Paygʻambarimizga toshni urmoqchi boʻlib qoʻlini koʻtargan paytda, qoʻli havoda qimirlamay qotib qoldi. Hech narsa qila olmadi va gangib qoldi. Shu holicha kelgan joyiga ketdi. Mushriklarning oldiga yetib borgach, qoʻli avvalgi holiga qaytdi, tosh yerga tushdi. Banu Maxzumdan biri oʻsha toshni ilib oldi-da: «Koʻrasizlar! Uni men oʻldiraman!…» – deb, Paygʻambarimiz tomon yurdi. Yaqinlashganida birdan koʻzlari koʻr boʻlib, atrofini koʻrmay qoldi. Shundan keyin Banu Maxzum hammasi birgalikda sevimli Paygʻambarimiz tomon olgʻa yurishdi. Paygʻambarimizga juda yaqin kelgan paytlarida u zotni koʻrmay qolishdi. Lekin muborak ovozlarini eshitib turishardi. Ovoz kelgan tomonga yursalar, ovoz orqalaridan eshitilar, orqaga oʻgirilsalar, yana avvalgi joydan kela boshlardi. Ular bu holga bir necha marta guvoh boʻlishdi. Oxiri gangib qolib, Rasulullohga hech narsa qila olmay, u yerdan ketib qolishdi.

Hazrati Oisha va hazrati Savdaning unashtirilishi

Hazrati Xadicha (roziyallohu anho) vafot etgach, Rasulullohning uy-roʻzgʻorlarini yuritadigan kishi qolmadi. Havla bint Hakim xonim bu ahvolni koʻrib, Sarvari olamning huzurlariga bordi. U: «Yo Rasulalloh (sallallohu alayhi vasallam)! Sizga munosib bir umr yoʻldoshi va xizmatingizga loyiq bir ayol kerak. Agar xohlasangiz, sizga bir ayolni soʻrab beray», – dedi. Rasululloh: «Ey Havla, bu xizmatga loyiq ayol qayerda bor?» – dedilar. Havla: «Qiz xohlasangiz – doʻstingiz Abu Bakrning qizi Oisha. Beva ayol istasangiz, Savda bint Zamʼa munosib boʻladi», – dedi. Rasul alayhissalom: «Ikkalasini ham menga soʻrab ber», – dedilar. Rasululloh avval hazrati Oisha bilan, soʻngra Savda bilan unashtirildilar. Hazrati Savdani Makkada uylariga oldilar. Hazrati Oisha bilan toʻylari hijratning ikkinchi yili Shavvol oyida Madinada boʻldi.

Aqabadagi uchrashuv

Sevimli Paygʻambarimiz har yili Kaʼbani ziyorat qilgani keladigan qabilalarni dinga daʼvat qilardilar. Ularning jahannam olovidan qutulib, abadiy saodatga erishishlari uchun harakat qilar, har qancha haqorat qilsalar ham, paygʻambarlik vazifalarini ado etishda davom etardilar. Qabilalar toʻxtaydigan joylarda turib, kelganlarga: «Allohu taolo yuklagan paygʻambarlik vazifasini ado etgunimcha meni oʻz panohiga olib, menga yordam beradigan kim bor? (Shu tariqa) unga jannat berilsin», – der edilar. Lekin na panoh beradigan, na yordam qiladigan biror kishi topilmasdi.

Biʼsatning oʻninchi yili, Zulhijja oyi edi. Paygʻambarimiz yarmarkada Kaʼbani ziyorat qilgani kelgan madinaliklardan bir guruh bilan uchrashdilar. Ularga: «Sizlar kimsizlar?» – deb soʻraganlarida, ular Madinadan, Xazraj qabilasidan ekanlarini aytishdi. Paygʻambarimizning bobolari Abdulmuttalibning onasi Salmo xonim ham Xazraj qabilasining Banu Najjor shoxobchasidan edi. Paygʻambarimiz bu olti xazrajlik bilan Aqabada bir muddat oʻtirib, ularga Ibrohim surasining 35–52-oyatlarini oʻqib berdilar va Islomni tushuntirdilar. Ularni bu dinga kirishga daʼvat qildilar.

Madinada Avs va Xazraj qabilalari azaldan yahudiylarga dushman edilar, fursat topildi deguncha bir-birlariga hujum qilardilar. Oralarida biror janjal chiqsa, yahudiylar: «Yaqinda bir Paygʻambar keladi. Koʻp qolmadi, bugun-erta zuhur etadi. Biz unga ergashib kuchayamiz. Sizlar bilan ham oʻshanda hisob-kitob qilamiz», – der edilar. Avs va Xazraj ahli esa yahudiylardan oldin musulmon boʻlib, Islom bilan sharaflansalar, ulardan gʻolib chiqishlariga va ularni Madinadan haydab chiqarishlariga ishonardilar.

Bu nasibali kishilar qabilalarining kattalaridan va Madinada yashaydigan yahudiylardan yaqinda bir paygʻambar kelishini eshitgan edilar. Ular Rasuli akramda (sallallohu alayhi vasallam) paygʻambarlik belgilarini koʻrdilar. U zot ularni dinga daʼvat qilganlarida, bir-birlariga qarab olishdi. Soʻngra oʻzaro: «Yahudiylar xabar bergan paygʻambar – mana shu!» – deyishdi.

Shu sababli ular darhol Rasulullohning huzurlarida kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻldilar. Paygʻambarimizga: «Yo Rasulalloh! Biz qavmimizni yahudiylarga qarshi urush holatida qoldirib kelgan edik. Umid qilamizki, Allohu taolo ularni ham zoti oliyingiz sharofati bilan iymon neʼmatiga musharraf qiladi. Qaytishimiz bilanoq ularni va qavmimizni sizning paygʻambarligingizni qabul qilishga daʼvat qilamiz. Bu dindan qabul qilgan narsalarimizni ularga ham aytib beramiz. Agar Allohu taolo ularni bu dinda jamlab birlashtirsa, sizdan azizroq va sharafliroq kishi boʻlmaydi», – dedilar.

Bu olti kishi haqiqatan ham iymon keltirgan, Allohu taoloning Paygʻambarimizga yetkazganlarini qabul qilib, tasdiqlagan edilar.

«Allohu taolo yuklagan paygʻambarlik vazifasini ado etgunimcha meni oʻz panohiga olib, menga yordam beradigan kim bor? (Shu tariqa) unga jannat berilsin» Hadisi sharif