QAMAL
Qamalning boshlanishi
Biʼsatning (paygʻambarlik berilishining) yettinchi yili… Mushriklar Islomning qalblarga kirib borishiga va yoyilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun tinmay urinardilar. Shunga qaramay, musulmonlar kundan-kunga koʻpayib borardi. Musulmonlarga qilinayotgan qiynoq va zulmlar ularni yoʻllaridan qaytarmas, aksincha, bir-birlariga yanada mahkamroq bogʻlanishlariga, jipslashishlariga sabab boʻlardi. Ularning hech biri dinidan qaytmas, Rasululloh yoʻlida jonini fido qilishdan tap tortmas edi. Buni eshitgan Makkadan tashqaridagi qabilalarning qiziqishi ortib, Islom nurlari tobora uzoq yerlarga yetib borardi. Mushriklar Habashistonga yuborgan kishilari maqsadlariga erisha olmaganini, hatto Najoshiy Asʼhamaning musulmon boʻlganini, musulmonlarni himoya qilib, ularga yaxshi muomala qilganini bilgach, quturib ketdilar. Bularning alamini ortigʻi bilan olish, Islomning ildizini quritish uchun yigʻilib, quyidagi dahshatli qarorni chiqardilar: «Qayerda boʻlmasin, qayerda koʻrinmasin, Muhammad albatta oʻldiriladi!…»
Kofirlar bu ishga qasam ustiga qasam ichdilar.
Mushriklarning bu qaroridan xabar topgan Abu Tolib qattiq qaygʻurdi. Jigarbandi, muborak jiyanining hayotlari uchun xavotirga tushdi. Qabilasini yigʻib, ularga Koinot sultonini qurayshlik mushriklardan himoya qilishni buyurdi. Banu Hoshim qarindoshlik gʻayrati bilan bu buyruqni bajarish uchun birlashdilar. Shu maqsadda ular Paygʻambarimizni va u zotga iymon keltirgan barcha sahobalarini Makkaning shimol tomonida, Baytullohdan uch kilometrcha uzoqlikdagi tepalik ustida joylashgan Shiʼbi Abu Tolibga, yaʼni Abu Tolib mahallasiga chaqirdilar. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) sahobalarini yigʻib, Shiʼbda yashay boshladilar. Banu Hoshimdan faqat Abu Lahab Paygʻambarimizni himoya qilish qaroriga qarshi chiqdi va Shiʼbga bormadi. Mushriklar – Abu Lahab ham ular qatorida – birlashib, Paygʻambarimizni oʻldirish uchun payt poylay boshladilar.1
Mushriklar Paygʻambarimiz va u zotning sahobalari Abu Tolib mahallasida toʻplanganlarini koʻrgach, yana bir joyga yigʻildilar. Soʻngra shunday qaror qabul qildilar: «Muhammad alayhissalom oʻldirilishi uchun qurayshliklarga topshirilmaguncha Banu Hoshimdan qiz olinmaydi!… Ularga qiz berilmaydi!… Ularga hech narsa sotilmaydi!… Ulardan hech narsa sotib olinmaydi!… Ular bilan birga oʻtirib gaplashilmaydi, koʻrishilmaydi!… Ularning uylariga, mahallalariga kirilmaydi!… Ulardan keladigan yarashuv taklifi aslo qabul qilinmaydi!… Ularga hech qachon rahm qilinmaydi!…»
Bu qarorni Mansur ibn Ikrima ismli bir mushrik qogʻozga yozdi, ular uni muhrladilar. Hamma koʻrib, unga amal qilsin deb, uni Kaʼbai muazzamaning devoriga osib qoʻydilar.
Bu xabar sevimli Paygʻambarimizga yetib kelgach, u zot qattiq gʻamgin boʻldilar va duo qildilar. Duolari darhol qabul boʻlib, badbaxt Mansurning qoʻllari bir lahzada qurib qoldi. Mushriklar hayron boʻlib: «Qaranglar! Banu Hoshimga qilgan zulmimiz uchun Mansurning qoʻllari quridi, boshiga balo tushdi», – deyishdi. Aqllarini yigʻib olish oʻrniga, battar quturdilar. Shiʼbga olib boradigan yoʻllarning boshiga qorovullar qoʻydilar. U yerga yegulik va kiyim-kechak kiritilishiga yoʻl qoʻymadilar. Makkaga kelgan savdogarlarga Shiʼbga kirmaslikni, mollarini u yerga olib bormaslikni, kerak boʻlsa, u mollarni oʻzlari qimmat narxda sotib olishlarini aytdilar. Shu yoʻl bilan Shiʼbdagilar ochlikdan oʻladi yoki Banu Hoshim pushaymon boʻlib, Paygʻambarimizni ularning qoʻliga topshiradi, deb oʻylashdi. Bu ahvol har yili Kaʼbani ziyorat qilish mavsumigacha davom etardi.
«Ey Paygʻambarim! Sizga Alloh va moʻminlardan izingizdan borganlar kifoya qiladi!» Anfol: 64
Urf-odatga koʻra, bu paytda qon toʻkilmas edi. Shu sababli Banu Hoshim Makkaga bemalol borib, savdo-sotiq qilib, bir yillik ehtiyojlarini qoplashga urinardilar. Ulardan biri biror savdogarning oldiga mol olgani kelsa, mushriklarning koʻzga koʻringanlaridan Abu Lahab va Abu Jahl kabilar darhol yetib kelib, savdogarlarga: «Ey savdogarlar! Muhammadning sahobalariga narxlaringizni juda oshirib yuboringlar, toki qimmatligidan hech kim hech narsa sotib ololmasin! Agar shu sababli mollaringiz sotilmay, qoʻlingizda qolsa, hammasini olishga biz tayyormiz», – der edilar. Savdogarlar ham mollariga qimmat narx aytar, musulmonlar esa hech narsa ololmay qaytib ketardilar…
Bu yoʻlda sevimli Paygʻambarimiz, hazrati Xadicha onamiz, Abu Bakr Siddiq bor mollarini sarfladilar, bolalarning ochlikdan osmonga yetgan faryodlarini tindirishga urindilar. Ularga daraxt poʻstloqlarini, oʻt ildizlarini va hatto qurigan teri parchalarini yedirdilar. Onalar, otalar chorasizlikdan bir teri, bir suyak boʻlib qolgan edilar. Paygʻambarimiz va boshqa sahobai kirom ochlikdan muborak qorinlariga tosh bogʻladilar. Mushriklardan birortasi rahmi kelib, yashirincha biror narsa keltirsa, uni kaltaklar, qattiq haqorat qilardilar. Xullas, borish-kelish toʻxtagan, moʻminlar ogʻir ahvolga tushib qolgan edilar.
Mushriklar shu shiddatli zulm bilan Banu Hoshim yoʻlga keladi, Abu Tolib Paygʻambarimizni ularning qoʻliga topshiradi, deb kutib turishdi. Abu Tolib mahallasidagi musulmonlar esa ularning bu oʻylariga tamoman zid ravishda, Paygʻambarimizni himoya qilar va u zotga zarar yetmasligi uchun barcha choralarni koʻrardilar. Boʻlishi mumkin boʻlgan suiqasdning oldini olish uchun Abu Tolib Rasululloh yotadigan joyga navbat bilan qoʻriqchilar qoʻyar, u zotning oʻz uylarida tinch uxlashlarini taʼminlardi. Paygʻambarimiz esa hech tortinmasdan, Allohu taoloning amrini bajarish, Islomni yoyish uchun bir lahzalarini ham bekor oʻtkazmasdilar. Odamlarni dinga daʼvat qilib, ularning jahannamdan qutulishlariga sabab boʻlish uchun harakat qilardilar, bu yoʻlda sabr bilan nasihatlarini davom ettirardilar. U zotni yolgʻonchiga chiqargan qurayshlik mushriklar ham ochlik nima ekanini anglasinlar uchun bir kuni Rasululloh: «Ey Allohim! Yusuf (alayhissalom) zamonidagi yetti qahatchilik yili kabi, bularga ham yetti qahatchilik azobini berib, menga yordam ber», – deb duo qildilar. Shundan keyingi kunlarda osmondan bir tomchi ham yomgʻir yogʻmadi. Tuproq suvsizlikdan qovjirab ketdi. Yerda birorta ham koʻkat koʻrinmay qoldi. Qurayshlik mushriklar nimaga duchor boʻlganlarini bilmay gangib qoldilar. Ular ochlikdan oʻlgan hayvonlarning oʻlaksalarini, sasigan it terilarini yeb, oʻlimdan qutulishga urindilar.
Ularning ham bolalari ochlikdan achchiq-achchiq yigʻlab, figʻon cheka boshladi. Koʻplari ochlikdan oʻldi. Ochlikdan osmonga qarasalar, hamma yoqni tutun qoplagandek koʻrardilar. Aqllari boshlariga kelib, qilgan zulmlarining qanchalik katta ekanini tushungandek boʻldilar. Oralaridan Abu Sufyonni Paygʻambarimizning muborak huzurlariga yubordilar. Abu Sufyon kelib qasam ichdi va: «Ey Muhammad! Sen oʻzingni olamlarga rahmat qilib yuborilgan deysan, bizni Allohga ishonishga, qarindoshlik haqlariga rioya qilishga buyurasan. Vaholanki, qavming qurgʻoqchilik va ochlikdan qirilib oʻlmoqda. Bu balo ustimizdan koʻtarilishi uchun Rabbingga bir duo qilib yubor; Alloh sening duoingni qabul qiladi. Agar shunday duo qilsang, hammamiz iymon keltiramiz!…» – dedi.
Shunday qilib, ular qilgan zulm va qiynoqlarini bir chetga qoʻyib, qiyin ahvolga tushib, Rasulullohga yolvora boshladilar. Paygʻambarimiz ularning qilmishlarini yuzlariga solmadilar, «Iymon keltiramiz» degan soʻzlarini eshitgach, muborak qoʻllarini koʻtarib, Janobi Haqqa duo qildilar. Allohu taolo Habibining duolarini qabul qilib, Makkaga moʻl yomgʻir yubordi; yerlar suvga toʻyib, oʻsimliklar yashnay boshladi. Mushriklar qurgʻoqchilik va ocharchilikdan qutulgan boʻlsalar ham, bergan soʻzlarini unutib, kufrda qaysarlik qildilar…
Allohu taolo ularga javob qilib nozil qilgan oyati karimalarda shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Yoʻq, ular (Allohu taologa ham, Muhammad alayhissalomga ham ishonmaydilar; Qurʼoni karim, oxirat va qayta tirilish haqida) shak-shubha ichida oʻynab yuribdilar. Bas, (ey Habibim!) osmon ochiq-oydin bir tutun keltiradigan kunni kuting. U tutun butun odamlarni batamom oʻrab oladi. Bu – juda alamli azobdir! (Odamlar:) „Ey Rabbimiz! Bizdan bu azobni koʻtar, biz iymon keltiramiz“, – deydilar. Oʻzlariga haqiqatlarni ochib beruvchi bir paygʻambar kelgan boʻlsa-yu, ular uchun oʻylab ibrat olish qayerda? Soʻngra undan yuz oʻgirdilar va: „U – oʻrgatilgan bir majnun“, – dedilar. Biz bu azobni ozgina koʻtarsak, sizlar yana avvalgi holingizga qaytasiz. Qattiq shiddat bilan ushlanadigan kunlarida (Badr kuni) Biz, albatta, (ulardan) intiqom olamiz. Jalolim haqqi, Biz bulardan (quraysh mushriklaridan) oldin Firʼavn qavmini ham sinagan edik. Ularga Biz tomondan sharafli bir paygʻambar keldi (u – Muso alayhissalom). U ularga shunday dedi: „Allohning bandalarini (Bani Isroilni) menga topshiringlar. (Ularni men bilan yuboringlar. Yoqalarini qoʻyib yuboringlar, ularga azob bermanglar.) Albatta, men – sizlarga Allohu taolo tomonidan vahiy bilan yuborilgan ishonchli paygʻambarman. Allohu taologa qarshi kibr qilmanglar. Chunki men sizlarga daʼvomning toʻgʻriligini ochib beruvchi dalil bilan, ochiq moʻjiza bilan keldim. Bilinglarki, meni toshboʻron qilishingizdan, oʻldirishingizdan mening Rabbim va sizlarning Rabbingiz boʻlgan Allohu taologa panoh soʻrayman; U meni muhofaza qiladi. Agar meni tasdiq qilmasangiz va menga iymon keltirmasangiz, meni oʻz holimga qoʻyinglar. (Men yaxshiligingizdan kechdim. Hech boʻlmasa, yomonligingiz tegmasin.)“ (Ular iymon keltirmaganlari, uni yolgʻonchiga chiqarganlari ustiga, unga turli aziyat va jafo qila boshlaganlarida) Muso (alayhissalom) Allohu taologa duo qilib: „Yo Rabbim! Bular kufrda qaysarlik qilayotgan bir qavmdir“, – dedi. Allohu taolo unga vahiy yuborib, shunday dedi: „Bandalarim (Bani Isroil) bilan kechasi (Misrdan) chiqib ket! Firʼavn va uning tarafdorlari chiqqaningizni eshitgach, albatta, ortingizdan quvadilar. Qavming bilan dengizdan oʻtgach, uni qanday boʻlsa, shundayligicha qoldir (asong bilan yana urib, ochilgan yoʻllarni yopma; ochiq qoldir). Chunki Firʼavn va uning qoʻshini u yoʻllarga kirib gʻarq boʻladilar, suvga choʻkadilar“».2
Qamalning bekor qilinishi
Mushriklar «Iymon keltiramiz» degan soʻzlaridan qaytib, yana zulm qila boshladilar. Bir kuni Allohu taolo Paygʻambarimizga vahiy orqali «Kaʼbada osigʻliq turgan ahdnomaga bir daraxt qurtini (kuyasini) musallat qilganini va u qurt Allohu taoloning ismidan boshqa barcha yozuvlarni yeb bitirganini» bildirdi. Paygʻambarimiz Abu Tolibga: «Ey amaki! Mening Rabbim boʻlgan Allohu taolo qurayshliklarning ahdnomasiga daraxt qurtini musallat qildi. U Allohu taoloning ismidan boshqa, unda yozilgan zulm, qarindoshlik rishtalarini uzish, boʻhton… kabi narsalarning birortasini ham qoldirmadi, hammasini yoʻq qildi», – dedilar.
«Ey Allohim! Yusuf (alayhissalom) zamonidagi yetti qahatchilik yili kabi, bularga ham yetti qahatchilik azobini berib, menga yordam ber!» Hadisi sharif
Abu Tolib: «Buni sizga Rabbingiz xabar qildimi?» – deb soʻraganida, Paygʻambarimiz: «Ha», – dedilar. Shunda Abu Tolib: «Guvohlik beramanki, siz doimo faqat rostini aytasiz», – dedi. U darhol kiyinib, Kaʼbaga joʻnadi. U yerda mushriklarning koʻzga koʻringanlari oʻtirgan edi. Abu Tolibning kelayotganini koʻrib: «Shubhasiz, Muhammadni bizga topshirgani kelyapti!…» – deyishdi. Abu Tolib ularning oldiga yetib borgach: «Ey quraysh jamoasi! „Al-Amin“ deb atalgan va hech qachon yolgʻon gapirmagan jiyanim sizlar yozgan sahifadagi Allohu taoloning ismidan boshqa barcha yozuvlarni bir daraxt qurti yeb bitirganini xabar qildilar. Qani, bizga qarshi yozgan qogʻozingizni keltiringlar, koʻraylik!… Agar bu soʻz rost boʻlsa, qasamki, hammamiz oʻlgunimizcha u zotni himoya qilishda davom etamiz! Sizlar ham endi bu zulmingizdan va yomon qilmishlaringizdan voz kechinglar…» – dedi. Mushriklar hayajonlanib, sahifani Kaʼba devoridan olib keldilar. Abu Tolib: «Oʻqinglar!» – degach, ulardan biri oʻqish uchun sahifani ochdi va «Bismika Allohumma» soʻzlaridan boshqa barcha yozuvlar oʻchib ketganini koʻrdi.3 Mushriklar nima deyishlarini, nima qilishlarini bilmay gangib qoldilar. Hatto baʼzilari ahddan voz kechgach, ular uch yildan beri davom etib kelayotgan, unutilmas azoblar bergan, koʻngillarda chuqur yaralar qoldirgan bu shiddatli qamalni bekor qildilar. Lekin dushmanliklaridan aslo voz kechmadilar; aksincha, yanada qattiqqoʻllik qildilar. Islomning yoyilishiga toʻsqinlik qilish uchun barcha yoʻllarni sinab koʻrdilar. Shuncha urinishlariga qaramay, Islom tez yoyilib borardi. Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom johiliyat davrining zulmatidan qiynalgan insonlarni qutqarishga harakat qilar va ularni haqiqiy saodatga erishtirardilar. Bu saodatga erishganlar yetishgan ulugʻ neʼmatlari uchun shukr qilar, mushriklarning haqorat va qiynoqlari oldida aslo boʻsh kelmasdilar. Muhammad alayhissalomning moʻjizalarini va musulmonlarning oʻz dinlaridagi sobitqadamligini koʻrgan qanchadan-qancha koʻngillar Islom nuri bilan munavvar boʻlardi.
Oyning ikkiga boʻlinishi
Paygʻambarimizning buyuk moʻjizalaridan biri – Oyning ikkiga boʻlinishidir. Oralarida Abu Jahl va Valid ibn Mugʻiyra ham boʻlgan bir guruh mushrik Rasuli akramga (sallallohu alayhi vasallam): «Agar sen haqiqatan paygʻambar boʻlsang, Oyni yarmi Quʼayqiʼon togʻi ustida, yarmi Abu Qubays togʻi ustida koʻrinadigan qilib ikkiga boʻl!…» – deyishdi. Rasululloh: «Agar men buni qilsam, iymon keltirasizlarmi?» – dedilar. Ular: «Ha, iymon keltiramiz», – deyishdi. Rasululloh Oyning ikkiga boʻlinishi uchun Allohu taologa duo qildilar. Jabroil alayhissalom darhol sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga keldi va: «Ey Muhammad! Bu kecha makkaliklarga moʻjizani tomosha qilishlari uchun xabar bering», – dedi. Paygʻambarimiz oyning oʻn toʻrtinchi kechasi, oy toʻliq badr (toʻlin oy) boʻlganda, yaʼni oy batamom yumaloq va eng yorugʻ boʻlgan kechada Oyning ikkiga boʻlinishini, ibrat olishni istaganlar tomosha qilishlarini bildirdilar. Oʻsha kechasi sevimli Paygʻambarimiz muborak barmoqlari bilan ishora qilganlarida, Oy ikkiga boʻlindi. Bir boʻlagi Abu Qubays togʻi ustida, ikkinchisi Quʼayqiʼon togʻi ustida koʻrindi. Soʻngra ular osmonda yana birlashdi.
Rasululloh: «Ey Abu Salama ibn Abdulasad, Arqam ibn Abul Arqam! Guvoh boʻlinglar!» – degach, yonlaridagi boshqa sahobalariga ham: «Guvoh boʻlinglar!» – dedilar. Mushriklar esa oʻz koʻzlari bilan yana bir ochiq-oydin moʻjizani koʻrdilar. Lekin ular soʻzlarida turib iymon keltirish oʻrniga, boshqalarning ham iymon keltirishiga toʻsqinlik qilish uchun: «Bu – Muhammadning bizni sehrlashi, xolos! Lekin hamma odamlarni sehrlay olmaydi-ku!… Kelinglar, boshqa yurtlardan kelgan odamlardan ham soʻraylik. Koʻraylik-chi, ular ham shu voqeaga guvoh boʻlishganmi? Agar koʻrgan boʻlsalar, Muhammadning paygʻambarlik daʼvosi toʻgʻri. Aks holda bu – sehr», – deyishdi. Kelganlardan soʻrashdi, hatto boshqa joylarga odam yuborib soʻratishdi. Hammasidan bir xil soʻzni eshitishdi: «Ha, oʻsha kechasi Oyning ikkiga boʻlinganini koʻrdik!» Shunga qaramay, yana inkor qilishdi. Inkor qiluvchilarning boshida Abu Jahl turardi. Odamlar iymon neʼmatiga erishmasin deb, u: «Abu Tolib yetimining sehri osmonga ham taʼsir qildi!…» – deb, koʻngillarni buzardi.4 Uning bu inkori sababli Allohu taolo oyati karimalar nozil qildi, maʼnosi:
«Soat (qiyomat) yaqinlashdi va Oy yorildi (ikkiga boʻlindi). Ular (quraysh kofirlari) biror moʻjiza (Muhammad alayhissalomning paygʻambarligiga dalil boʻlgan moʻjiza) koʻrsalar, yuz oʻgiradilar (u haqda tafakkur qilishdan va iymon keltirishdan) va: „Bu – doimiy (keti uzilmaydigan, hamma narsani qamrab oladigan, kuchli) bir sehr“, – deydilar. Ular (paygʻambarni yoki moʻjizani) yolgʻonga chiqardilar va oʻz havoiy xohishlariga (nafslarining orzu va istaklariga) ergashdilar. Vaholanki, har bir ish (oʻzi yoʻnalgan) natijaga yetadi, oʻz joyini topadi. Qasamki, ularga (Makka mushriklariga) qancha muhim xabarlar (hukmlar, taqiqlar) keldi, u xabarlar ularni (yomonlikdan) tiyishi mumkin edi. (Bu amrlar va bilimlar) – yetuk hikmatdir. Lekin rasullar, ogohlantirishlar va qoʻrqitishlar (ularga) aslo foyda bermaydi. Bas, siz ham (ey Habibim, ular inkorda qaysarlik qilsalar) ulardan yuz oʻgiring. U chaqiruvchi (Isrofil alayhissalom) koʻrilmagan va nomaʼlum bir narsaga (mahshar maydoniga, hisobga) chaqiradigan kunda ular koʻzlari xor va zalil boʻlib (qoʻrquv va dahshatdan qayoqqa borishlarini bilmay), toʻzgʻigan chigirtkalar kabi qabrlaridan chiqadilar. Kofirlar (boʻyinlarini egib) u chaqiruvchi tomon shoshib borayotib: „Bu biz uchun qanday ogʻir va mashaqqatli kun!“ – deydilar».5
Rabbim sizga ham hidoyat nasib qilsin
Mushriklarning musulmonlarga qarshi uch yil davom etgan qamali tugagach, Rasulullohning huzurlariga Najrondan bir guruh odam keldi. Ular yigirma chogʻli kishi boʻlib, Islom haqida Habashistonga hijrat qilgan sahobai kiromdan eshitishgan, Islomni oʻrganish va Paygʻambarimizni koʻrish saodatiga erishish uchun Makkaga kelishgan edi. Ular Kaʼbai muazzama yonida Rasululloh bilan uchrashdilar. Koʻp savollar berib, istaganlaridan ham goʻzalroq va mukammalroq javoblar oldilar. Qurayshlik mushriklar esa atrofdan ularni kuzatib turardilar. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevimli Paygʻambarimiz ularga Qurʼoni karimdan baʼzi oyati karimalarni oʻqib berdilar. Ular bundan qattiq taʼsirlanib, koʻz yoshlarini tutolmay yigʻladilar. Soʻngra Paygʻambarimizning daʼvatlari bilan katta quvonch ichida kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻlish sharafiga erishdilar. Ular yurtlariga qaytish uchun ijozat soʻraganlarida, Abu Jahl oldilariga kelib, shunday haqoratli soʻzlar aytdi: «Sizlardek ahmoqlarni hech koʻrmagan edik!… Uning oldida bir marta oʻtirish bilan diningizdan ayrildingiz va nima desa, hammasini tasdiqladingiz!…» Endigina sahoba boʻlish sharafiga erishgan bu kishilar: «Allohu taolo sizga ham hidoyat (toʻgʻri yoʻl) nasib qilishini tilaymiz. Bizga qilgan bu haqoratingizni va johilligingizni biz sizga qilmaymiz. Axir, biz sizning birorta haqqingizni ham poymol qilganimiz yoʻq. Lekin shuni yaxshi bilingki, erishgan bu ulugʻ neʼmatimizni bir necha johilning gapi bilan aslo yoʻqotishni istamaymiz, bu haq dindan qaytmaymiz», – deb javob berdilar.6
«Ey amaki! Mening Rabbim boʻlgan Allohu taolo qurayshliklarning ahdnomasiga daraxt qurtini musallat qildi. U Allohu taoloning ismidan boshqa, unda yozilgan zulm, qarindoshlik rishtalarini uzish, boʻhton… kabi narsalarning birortasini ham qoldirmadi, hammasini yoʻq qildi» Hadisi sharif
Allohu taolo bu voqea munosabati bilan nozil qilgan oyati karimalarda shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Bundan (Qurʼoni karimdan) oldin Biz kitob bergan koʻp kishilar bor, ular bunga (Qurʼoni karimga) iymon keltiradilar. Ularga u (Qurʼoni karim) oʻqilganda: „Biz unga iymon keltirdik. Shubhasiz, u – Rabbimizdan (kelgan) haqdir. Haqiqatan, biz bundan oldin ham Islomni qabul qilgan kishilar edik“, – dedilar. Mana shularga sabr (va sabot) qilganlari sababli mukofotlari ikki marta beriladi. Ular yomonlikni yaxshilik bilan qaytaradilar. Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan (xayrli ishlarga) sarflaydilar. Ular xunuk soʻz eshitganlarida, undan yuz oʻgiradilar va: „Bizning amallarimiz – oʻzimizga, sizlarning amallaringiz – oʻzingizga. Sizlarga salom boʻlsin (bizdan omonda boʻlinglar). Biz johillarni izlamaymiz (va ularning doʻstligini ham istamaymiz)“, – deydilar».7
SUV QASIDASI8
Sochma, ey koʻz, yoshlaringdan koʻnglim ichra oʻtlarga suv,
Bunday lovullab yongan oʻtlarga chora boʻlmas suv.
Aylanuvchi koʻk gumbazi suv rangidami, bilmasman,
Yo koʻzimning yoshlaridan gumbazni qopladi suv.
Tigʻing zavqidan koʻnglim chok-chok boʻlsa, ne ajab,
Chunki oqib oʻtgan chogʻi devorda raxna qoldirar suv.
Yara koʻngil vahm ila soʻylar paykoning soʻzini9,
Kim yaralangan boʻlsa, ehtiyot ila ichar suv.
Bogʻbon gulzorni suvga bersin, zahmat chekmasin,
Yuzing kabi gul ochilmas, ming gulzorga bersa suv.
Hech bir kotib sening komil suratingni chizolmas,
Qalam yangligʻ tikilsa ham, koʻzlarin qoplar qora suv.
Yuzing yodi-la kipriklarim nam boʻlsa, ne boʻlur,
Gul umidi-la zoye ketmas tikanga berilgan suv.
Gʻam kunida xasta koʻngildan tigʻ nigohingni ayama,
Xayrli ish – qorongʻi tunda xastaga bermak suv.
Ey koʻngil, paykonin soʻra-yu, hijron taftini bas et,
Tashnaman, bu sahroda men uchun izlagil suv.
Zohidlar Kavsar istaganidek, men labingga mushtoqman,
Mastga may xush kelganidek, hushyorga xushdir suv.
Jannatmonand koʻying sari tinmay oqib borar,
Oshiq boʻlmish, chamasi, ul xush xiromon sarvga suv.
Tuproq boʻlib, u koʻydan uning yoʻlin toʻssam kerak,
Qoʻymagayman u koʻyga, chunki raqibimdir suv.
Qoʻlin oʻpmak orzusi-la oʻlsam agar, ey doʻstlar,
Tuprogʻimdan koʻza yasab, Mahbubga elting suv.
«Bundan oldin Biz kitob bergan koʻp kishilar bor, ular bunga iymon keltiradilar. Ularga (Qurʼoni karim) oʻqilganda: „Biz unga iymon keltirdik. Shubhasiz, u – Rabbimizdan (kelgan) haqdir. Haqiqatan, biz bundan oldin ham Islomni qabul qilgan kishilar edik“, – dedilar» Qasas: 52–53
Jannatul Muallo
Hazrati Xadicha onamizdan (roziyallohu anho) boshlab, koʻplab sahobai kiromning maqbaralari boʻlgan
qabriston.
Bugun bu maqbaralarni koʻrish mumkin emas. Afsuski, bu goʻzal
tarixiy obidalarning barchasi buzib tashlangan.
