HABASHISTONGA HIJRAT
Habashistonga birinchi hijrat
Rasulullohning paygʻambarliklarining (biʼsatning) beshinchi yilida mushriklarning qiynoqlariga qaramay, musulmonlarning soni ortib borardi. Ammo mushriklar ham qiynoqlarini kuchaytirib, qoʻllaridan kelganini ayamasdilar. Paygʻambarimiz sahobalarining chidab boʻlmas qiynoqlarga uchrayotganlaridan, oyoqlaridan arqonlar bilan tuyalarga bogʻlanib, qarama-qarshi tomonlarga tortilib, parchalatilayotganlaridan qattiq qaygʻurardilar. Bu qiynoqlar kun sayin shiddatlanib borar, u zotning marhamatga toʻla qalblari bunga chiday olmasdi.
Bir kuni u zot sahobai kiromni toʻplab: «Ey sahobalarim! Endi yer yuziga tarqalinglar. Allohu taolo yaqinda sizlarni yana bir joyga jamlaydi», – dedilar.
Ular: «Yo Rasulalloh! Qayerga boraylik?» – deb soʻrashdi. Paygʻambarimiz muborak qoʻllari bilan ishora qilib, Habash yurtini koʻrsatdilar va: «Ana u yoqqa! Habash yeriga boringlar!1 U yerda huzuridagilarning hech biriga zulm qilmaydigan bir podshoh bor. Qolaversa, u yer – rostlik yurti. Allohu taolo ichida turgan mashaqqatlaringizdan bir chiqish va qutulish yoʻlini ochgunicha, sizlar oʻsha yerda boʻlinglar», – dedilar.
Shu tariqa Sarvari olam Muhammad Mustafo (sallallohu alayhi vasallam) sahobalarini qiynoqlardan qutqarishga va makkalik mushriklarga qarshi kurashni yolgʻiz oʻzlari davom ettirishga qaror qilgan edilar. Sevimli Paygʻambarimiz tugʻilganlarida: «Ummatim! Ummatim!» – degan edilar; endi ham sahobalarining najoti uchun oʻzlarini fido qilmoqda edilar. U zotning bu iznlaridan keyin sahobai kiromning bir qismi vatanlarini tark etib, hijrat qilmoqda edilar!… Ammo sevimli Paygʻambarimizdan ayrilganlari uchun qaygʻulari ham juda katta edi.
Bu birinchi hijratda hazrati Usmon va uning ayoli hazrati Ruqayya bint Rasululloh, Abu Huzayfa va uning ayoli Sahla bint Suhayl, Zubayr ibn Avvom, Musʼab ibn Umayr, Abdurrahmon ibn Avf, Abu Salama ibn Abdulasad va uning ayoli Ummu Salama, Hotib ibn Amr, Omir ibn Robiʼa va uning ayoli Laylo bint Abu Hasma, Usmon ibn Mazʼun, Abu Sabra ibn Abu Ruhm va uning ayoli Ummu Kulsum bint Suhayl, Suhayl ibn Bayzo va Abdulloh ibn Masʼud (roziyallohu anhum) ishtirok etdilar.2 Paygʻambarimiz hazrati Usmon haqida: «Shubhasiz, Usmon – Lut paygʻambardan keyin ayoli bilan birga hijrat qilgan birinchi kishidir», – dedilar.
Sahobai kiromning bir qismi ulovda, bir qismi piyoda holda yashirincha Makkadan chiqib ketdilar. Karvon Shuʼaybaga yetib borganda, ulugʻ Allohning lutfi bilan u yerga ikkita savdo kemasi kelgan edi. Sahobalar savdogarlarga yarim oltindan haq toʻlab, kemalarga chiqdilar. Shu payt buni eshitib qolgan mushriklar sahobalarning ortidan tushdilar. Ular dengiz sohiliga yetib kelganlarida, muhojirlar kemalarga chiqib, dengizga suzib ketgan edilar, shu bois mushriklar ularning birortasini ham tuta olmadilar. Urinishlari behuda ketdi va ular noumid boʻlib ortga qaytdilar. Sahobalar Qizil dengiz orqali Habashistonga eson-omon yetib bordilar.3 Habash podshohi Najoshiy musulmonlarni oʻz yurtiga joylashtirdi va ularga juda yaxshi muomala qildi.
«Ey sahobalarim! Endi yer yuziga tarqalinglar. Allohu taolo yaqinda sizlarni yana bir joyga jamlaydi» Hadisi sharif
Sahobalar Habashistonga ketganlaridan keyin Najm surasi nozil boʻldi. Rasululloh Masjidul Haromda qurayshliklarga bu surani oʻqib, mushriklarning butlari zikr qilingan 19 va 20-oyati karimalarga yetganlarida, laʼin shayton: «Butlar – ulugʻ butlardir, ulardan shafoat umid qilinadi», – kabi soʻzlarni qoʻshib yubordi. Mushriklar bularni Rasululloh aytdilar, deb oʻylashdi va: «Modomiki u bizning dinimizga muvofiq kelibdi, biz ham u bilan sulh tuzdik», – deyishdi. Oʻsha paytlarda Valid ibn Mugʻiyra ham Rasulullohning huzurlariga kelib: «Bundan keyin senga tegmaymiz», – degach, Paygʻambarimiz hayratga tushdilar. Mushriklarning bu «sulh» (!) xabari muborak Ramazon oyining oxirlarida Habashistondagi sahobalarga yetib bordi. Habashistondagi musulmonlar: «Makkada mushriklar bilan musulmonlar kelishuv tuzibdilar!» – degan xabar oldilar. Shunda ular: «Bizning hijratimiz, yeru yurtimizni tark etishimiz mushriklarning dushmanligi tufayli edi. Endi ularning dushmanligi doʻstlikka aylanibdi. Unday boʻlsa, borib, Rasuli akramning (sallallohu alayhi vasallam) xizmatlari sharafiga musharraf boʻlaylik», – deb oʻylashdi. Shu payt Jabroil alayhissalom shaytonning bu hiylasini Rasulullohga bildirdi. Rasululloh qattiq ranjidilar. Janobi Haq Haj surasining 52-oyati karimasini nozil qildi, uning maʼnosi shunday: «Sizdan oldin Biz yuborgan shariat sohibi rasullar va ularga ergashgan nabiylar oyati karima oʻqimoqchi yoki oʻzlaridan biror narsa aytmoqchi boʻlganlarida, shayton ularning oʻqiganiga yoki aytganiga biror narsa aralashtiradi. Allohu taolo shayton aralashtirgan narsani toʻgʻrisidan ajratadi. Soʻngra Oʻz oyatlarini mustahkam qiladi. Allohu taolo insonlarning hollarini biluvchi va Oʻz hukmini ijro etuvchidir». Bu oyatni eshitgach, mushriklar musulmonlarga yana aziyat va jafo qila boshladilar. Muhojirlar Habash podshohidan izn olib, Shavvol oyida Makkai mukarramaga keldilar. Ammo olgan xabarlari notoʻgʻri ekanini bildilar.4 Boʻlib oʻtganlarni bilgach, hayratda qoldilar. Soʻng Paygʻambarimizning huzurlariga kelib, Habashiston haqida: «Biz u yerda yaxshi qoʻshnichilik va himoya koʻrdik. Dinimizga tegilmadi, bizni ranjitmadilar. Yoqtirmaydigan biror soʻzni ham eshitmadik. Tinchlik-osoyishtalik ichida Allohu taologa ibodat qildik», – deyishdi.5 Ular Habashistonning suvi, havosi va mevalari quvvat berishini, u yerda toʻrtta ibodatxona borligini, har kuni bu joylarda tuyalar, qoʻylar soʻyilishini, kambagʻallar va gʻariblarning chaqirilib, yaxshi siylanishini, podshohlari ularni oʻzi kelib ziyorat qilib, omonlik berganini va mashaqqatlarini bartaraf etganini uzoq soʻzlab berib, mamnunliklarini bildirdilar.6 Ular Habashistonda ikki oydan ortiq qolgan edilar.
Hazrati Hamzaning musulmon boʻlishi
Biʼsatning oltinchi yili… Islomning ovozi kun sayin quloqdan quloqqa yoyilib, koʻngillarga yetib borar va yanada uzoqlarga ketardi. Bu hol qurayshlik mushriklarni quturtirar, qancha urinmasinlar, Islomning yoyilishiga toʻsqinlik qila olmasdilar. «Daloilun-nubuvva» va «Maorijun-nubuvva» kitoblarida shunday bildiriladi:
Mushriklardan Valid degan bir kimsaning bir buti bor edi. Ular Safo tepaligida toʻplanib, shu butga ibodat qilardilar. Bir kuni Paygʻambarimiz ularning oldiga borib, mushriklarni iymonga daʼvat qildilar. Kofir bir jin oʻsha butning ichiga kirib, sevimli Paygʻambarimiz haqida nomunosib soʻzlar aytdi. Faxri olam (sallallohu alayhi vasallam) ranjidilar. Boshqa bir kuni oʻzi koʻrinmaydigan bir shaxs Paygʻambarimizga salom berib: «Yo Rasulalloh! Kofir bir jin siz haqingizda nomunosib narsalar aytibdi. Men uni topib oʻldirdim. Istasangiz, ertaga Safo tepaligiga marhamat qilmaysizmi? Siz ularni yana Islomga daʼvat qilasiz. Men esa oʻsha butning ichiga kirib, sizni madh etuvchi soʻzlar aytaman», – dedi. Paygʻambarimiz Abdulloh ismli bu jinning taklifini qabul qildilar.
Ertasi kuni sevimli Paygʻambarimiz u yerga borib, mushriklarni yana iymonga daʼvat qildilar.
Abu Jahl ham u yerda edi. Musulmon jin mushriklarning qoʻlidagi butning ichiga kirib, sevimli Paygʻambarimizni va Islomni bayon qiladigan goʻzal soʻzlar va sheʼrlar aytdi. Bu soʻzlarni eshitgan mushriklar qoʻllaridagi butni parchalab tashladilar va Rasulullohga tashlandilar. U zotning muborak sochlari toʻzgʻib ketdi. Muborak yuzlari qonga belandi. U zot ularning bu aziyat va jafolariga sabr qilib: «Ey qurayshliklar! Meni uryapsizlar. Ammo men sizlarning Paygʻambaringizman», – dedilar. Soʻng u yerdan ketib, uylariga keldilar. Bir xizmatkor qiz bu voqeani boshidan oxirigacha koʻrib turgan edi. Shu payt hazrati Hamza togʻda ov qilib yurgan edi. U bir jayronga oʻq otmoqchi boʻlib turganida, jayron tilga kirib: «Yo Hamza! Menga oʻq otguncha, akangning oʻgʻlini oʻldirmoqchi boʻlganlarga oʻq otsang, yaxshiroq boʻladi», – dedi. Hazrati Hamza bu soʻzlardan hayratga tushib, tezda uyi tomon yoʻl oldi. Odatiga koʻra, u ovdan qaytgach, tavof qilish uchun oldin Harami sharifga kirib oʻtar, keyin uyiga borardi. Oʻsha kuni tavof qilayotganida xizmatkor qiz uning oldiga kelib, Abu Jahlning Muhammad alayhissalomga qilgan ishlarini xabar berdi. Paygʻambarimizga haqorat qilinganini eshitgach, hazrati Hamzaning qarindoshlik gʻayrati joʻsh urdi. U qurollarini olib, mushriklar turgan joyga keldi. «Akamning oʻgʻliga yomon soʻz aytgan, koʻnglini ogʻritgan senmisan? Mana, mening dinim ham – u zotning dini. Kuching yetsa, oʻsha qilganlaringni menga ham qilib koʻr-chi!» – dedi-da, boʻynidagi yoy bilan Abu Jahlning boshini yordi. U yerdagi kofirlar hazrati Hamzaga tashlanmoqchi boʻldilar. Ammo Abu Jahl: «Unga tegmanglar, Hamza haq. Men uning jiyaniga yomon soʻzlar aytdim», – dedi. Hazrati Hamza u yerdan ketgach, Abu Jahl atrofidagilarga: «Ehtiyot boʻlinglar, unga tegmanglar! Bizga achchiqlanib, musulmon boʻlib qoladi. U bilan Muhammad kuchayib ketadi», – dedi. Chunki Hamza hurmatli, qadrli va kuchli kishi edi. Abu Jahl hazrati Hamza musulmon boʻlmasligi uchun boshining yorilishiga ham rozi boʻlgan edi. Hazrati Hamza Paygʻambarimizning huzurlariga kelib: «Yo Muhammad! Abu Jahldan sizning intiqomingizni oldim. Uni qonga beladim. Xafa boʻlmang, sevining!» – dedi. Sevimli Paygʻambarimiz: «Men bunday narsalarga sevinmayman», – dedilar. Hazrati Hamza: «Sizni sevintirish, gʻamdan qutqarish uchun nima istasangiz, qilay!» – degach, Paygʻambarimiz: «Men faqat sizning iymon keltirishingiz va aziz badaningizni jahannam oʻtidan qutqarishingiz bilan sevinaman», – dedilar.
Hazrati Hamza darhol musulmon boʻldi. Uning haqida oyati karima nozil boʻldi. Hazrati Abdulloh ibn Abbosga koʻra, Qurʼoni karimda, Anʼom surasining 122-oyati karimasida «tiriltirilgani va nurga yetkazilgani» bayon qilingan zot – hazrati Hamza, «zulmatlarda tentirab yurgani» aytilgan kimsa esa – Abu Jahldir.
Hazrati Hamza mushriklarning oldiga borib, musulmon boʻlganini va Allohu taoloning Habibi Muhammad alayhissalomni joni evaziga boʻlsa ham himoya qilishini bildirdi va bir qasida oʻqidi. Oʻqigan qasidasida shunday degan edi: «Qalbimni Islomga va haqqa moyil qilgani uchun Allohu taologa hamd boʻlsin. Bu din bandalarining har bir qilganini biluvchi, hammaga lutfi bilan muomala qiluvchi, qudrati hamma narsadan gʻolib boʻlgan, olamlarning Rabbi Allohu taolo tarafidan yuborilgandir. Qurʼoni karim oʻqilganda, qalb va aql egalarining koʻzlaridan yoshlar oqadi. Qurʼoni karim fasih bir til bilan bayon qilingan oyatlar holida Muhammad alayhissalomga nozil boʻlgandir. U zot – Muhammad Mustafo – oramizda soʻzlari tinglanadigan, oldilarida bosh egiladigan muborak bir zotdirlar. Ey mushriklar! Aqlingizdan ayrilib, koʻzingiz qorongʻilashib, u zot haqida qattiq, ogʻir va qoʻpol soʻzlar aytmanglar. Agar shunday fikrga borsangizlar, biz – musulmonlarning jasadlarini bosib oʻtmaguncha, hech kim u zotga qoʻl tekkiza olmaydi».
«Ey qurayshliklar! Meni uryapsizlar. Ammo men sizlarning Paygʻambaringizman» Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom
Hazrati Hamzaning musulmon boʻlganidan sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) juda sevindilar. Uning ham ularga qoʻshilishi bilan musulmonlar ancha kuchaydilar. Hazrati Hamzaning musulmon boʻlishi bilan vaziyat oʻzgardi. Chunki makkaliklar hazrati Hamzaning jangovar, jasur, mard, pahlavon va buyuk bir qahramon ekanini bilardilar. Shuning uchun qurayshlik mushriklar endi musulmonlarga hech bir sababsiz yomon muomala qila olmadilar, ayniqsa, hazrati Hamza qilichining zarbidan hayiqdilar.7
Ishqingiz ila tushdim yoʻlga,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Gunohkorman, yuzim qaro,
Shafoat, yo Rasulalloh!
Hazrati Umarning musulmon boʻlishi
Islom dini kun sayin yoyilar, Qurʼoni karimning nuri ruhlarni yoritardi. Nasibasi borlar Allohu taoloning ehsoni ila iymon keltirib, hidoyatga erishardilar. Sahobai kiromdan (roziyallohu anhum) boʻlish sharafiga musharraf boʻlgan bu muborak zotlar qoʻlni qoʻlga, koʻngilni koʻngilga berib, Rasulullohning atrofida parvonadek aylanardilar. U zotning eng kichik istagi va ishorasini ulugʻ bir amr deb bilib, uni bajarish uchun musobaqalashar, hatto bu yoʻlda jonlarini fido qilishdan ham tortinmasdilar. Mushriklarning tashvish va xavotiri esa choʻqqisiga chiqqan edi. Chunki barmoq bilan koʻrsatiladigan qahramonlardan biri – hazrati Hamza ham musulmon boʻlib, Rasulullohning safidan joy olgan edi. Bu kutilmagan voqea mushriklarni butunlay quturtirib yubordi. Shu sababli Xattob oʻgʻli Umar (u hali musulmon boʻlmagan edi) bir kuni Rasulullohni qayerda koʻrsa, oʻsha yerda oʻldirish niyati bilan uyidan chiqdi.
U sevimli Paygʻambarimizni Masjidul Haromda namoz oʻqiyotganlarida topdi. Namozlari tugashini kutib turganida, u zot oʻqiyotgan oyatlar Umarning diqqatini tortdi va u qiziqib tinglay boshladi. Habibi akram Hoqqa surasini oʻqiyotgan edilar. Maʼnosi: «Kelishi haq boʻlgan qiyomat!… Nima u kelishi haq boʻlgan qiyomat (bilasizmi)? Kelishi haq boʻlgan qiyomatning nima ekanini sizga nima bildirdi? Samud va Od (qavmlari) dahshatidan qalblar titraydigan qiyomatni yolgʻonga chiqardilar. Samud qavmi tugʻyonlari sababli (Jabroil alayhissalomning sayhasi bilan) halok qilindi.
Od qavmi esa hamma narsani qaqshatib oʻtadigan, guvillagan, quturgan va shiddatli bir shamol (boʻron) bilan halok qilindi. Allohu taolo u boʻronni yetti kecha va sakkiz kunduz tinimsiz ularning ustiga musallat qildi. (Ular shunday holga tushdilarki, agar oʻshanda u yerda hozir boʻlganingizda,) ularning ildizidan qoʻporilib, yerga qulagan chirigan xurmo tanalaridek qanday oʻlib, yiqilganlarini koʻrardingiz! Endi ulardan qolgan biror narsani (biror kishini, biror jonzotni) koʻra olasizmi? Firʼavn ham, undan oldingilar ham, agʻdar-toʻntar boʻlgan qishloqlar ahli ham (Lut qavmi) doim oʻsha xatoni (shirk va isyonni) qildilar… Shu tariqa ular Rabbilarining paygʻambariga (Lut alayhissalomga va boshqalarga) isyon qildilar. Shunda ularni boshqa ummatlarga kelgan azobdan ham shiddatliroq bir azob tutib oldi… Albatta, Biz (Nuh toʻfonida) suv har tomonni qoplaganda, sizlarga ibrat boʻlsin va eshituvchi quloqlar uni yodda saqlasin, deb sizlarni (borligʻingizga sabab boʻlgan ota-bobolaringizni) kemada koʻtardik.
Surga bir marta puflanganda, yer va togʻlar joylaridan koʻtarilib, bir-biriga qattiq urilib, chilparchin boʻlgan paytda, ana oʻsha kuni qiyomat qoyim boʻladi. U kuni osmon kuch-quvvatini yoʻqotib, yoriladi va tarqalib ketadi.
Farishtalar esa osmonning atrofidadirlar (Rabbilarining amriga muntazirdirlar). U kuni Rabbingizning Arshini (osmon atrofida boʻlganlardan) sakkiz farishta koʻtarib turadi. U kuni sizlar (hisob uchun Allohu taologa) koʻndalang qilinasizlar, (dunyodalik paytingizda yashirdik deb oʻylagan) birorta siringiz ham (Allohu taologa) maxfiy qolmaydi. Ana oʻshanda kitobi oʻng qoʻliga berilgan kishi (sevinib) deydi: „Olinglar, kitobimni oʻqinglar! Men, albatta, hisobimga roʻbaroʻ boʻlishimni aniq bilgan edim“.
Ana u rozi boʻlingan bir hayot ichidadir, yuksak jannatdadir… Uning (mevalari) tezda uzib olinadigan darajada yaqindir. (Ularga deyiladi:) „Oʻtgan kunlarda (dunyoda) oldindan yuborgan solih amallaringiz evaziga yenglar, ichinglar, osh boʻlsin“.
Kitobi chap qoʻliga berilgan kimsa esa: „Eh! Qani endi menga kitobim berilmasa edi… Hisobim nimaligini bilmasam edi. Eh! Qani endi u (oʻlim hayotimga) uzil-kesil yakun yasaganida edi (va men tirilmaganimda edi)! Molim menga hech qanday foyda bermadi. (Butun) saltanatim (kuchim, dalilim, boru yoʻgʻim) mendan ajralib, barbod boʻldi!…“ – deydi. (Allohu taolo jahannamdagi vazifador farishtalarga deydi:) „Uni ham tutinglar, (qoʻllarini boʻyniga) bogʻlanglar!… Soʻngra uni Jahimga (jahannamning eng shiddatli azob joyiga) tashlanglar! Soʻngra uni yetmish gaz uzunlikdagi bir zanjir ichiga (yana) solinglar!… Chunki u ulugʻ Allohu taologa iymon keltirmas edi. U (oʻzi taom berish u yoqda tursin, boshqalarni ham) miskinga taom berishga targʻib qilmas edi. Shuning uchun bugun bu yerda uning (achinadigan) birorta yaqini (va doʻsti) yoʻq. Gʻislindan (jahannam ahlining qonga aralash yiringidan) boshqa taomi ham yoʻq. Uni (bilib turib) xato qiluvchilardan (kofirlardan) boshqasi yemaydi…“»8 Hazrati Umar Paygʻambarimizning oʻqiyotganlarini hayrat bilan tinglayotgan edi. Umrida bunday goʻzal soʻzlarni eshitmagan edi. Buni keyinchalik oʻzi shunday hikoya qildi: «Tinglagan bu soʻzlarimning soʻz sanʼatiga, ravonligiga va ixchamligiga mahliyo boʻldim. Oʻzimga oʻzim: „Qasamki, bu odam, qurayshliklar aytganidek, shoir boʻlsa kerak!“ – dedim». Shu payt Paygʻambarimiz oyati karimalarni oʻqishda davom etdilar: «Koʻrib turganlaringiz va koʻrmayotganlaringizga qasamki, shubhasiz, u (Qurʼoni karim) Allohu taolo huzurida juda sharafli bir Rasulning (Rabbidan) keltirgan kalomidir. U shoir soʻzi emas. Sizlar naqadar kam iymon keltirasizlar!…»9 Hazrati Umar: «Yana oʻzimga oʻzim: „Bu odam kohin boʻlsa kerak, chunki koʻnglimdan kechganlarni angladi!…“ – dedim», – dedi. Rasululloh surani oʻqishda davom etardilar: «U kohin soʻzi ham emas. Sizlar naqadar kam oʻylaysizlar!… U (Qurʼoni karim) olamlarning Rabbidan (Muhammad alayhissalomga Jabroil alayhissalom orqali) nozil qilingandir. Agar u (Paygʻambar) Bizga qarshi (Biz aytmagan) baʼzi soʻzlarni oʻzidan toʻqiganida edi, albatta, Biz uni kuch bilan ushlab olardik, soʻngra shubhasiz, uning jon tomirini (shoh tomirini) uzib, halok qilardik!
«(Ey amaki!) Men faqat sizning iymon keltirishingiz va aziz badaningizni jahannam oʻtidan qutqarishingiz bilan sevinaman» Hadisi sharif
Sizlardan hech biringiz bunga toʻsqinlik qila olmas edingiz! Shubhasiz, u (Qurʼoni karim) taqvo egalari uchun aniq bir nasihatdir. Biz, albatta, bilamizki, orangizda uni yolgʻonga chiqaruvchilar ham bor (uni tasdiqlovchilar boʻlganidek). Albatta, u (Qurʼoni karim) kofirlar uchun (qochib qutulib boʻlmaydigan) bir hasratdir (oxiratda uni tasdiqlaganlarga berilgan neʼmatlarni koʻrganlarida). Albatta, u (Qurʼoni karim) – haqqul yaqindir (u, albatta, aniq ilmning haqiqatidir, aniq ilmning oʻzidir). Bas, ulugʻ Rabbingizning ismini tasbeh ayting».10
Hazrati Umar: «Rasululloh surani oxirigacha oʻqib boʻlganlaridan keyin qalbimda Islomga bir moyillik paydo boʻldi», – dedi. Hazrati Hamza musulmon boʻlganidan uch kun oʻtgach, Abu Jahl mushriklarni toʻplab, shunday dedi: «Ey qurayshliklar! Muhammad butlarimizga til tekkizdi. Bizdan oldin oʻtgan ota-bobolarimiz jahannamda azob chekayotganini, bizning ham u yerga borishimizni aytdi!…
Uni oʻldirishdan boshqa chora yoʻq!… Uni oʻldirgan kishiga yuzta qizil tuya va son-sanoqsiz oltin beraman!…» Bir lahzada Xattob oʻgʻli Umarning qalbidan Islomga boʻlgan moyillik yoʻqoldi. U oʻrnidan sakrab turib: «Bu ishni Xattob oʻgʻlidan boshqa hech kim qila olmaydi», – dedi. «Qani, Xattob oʻgʻli! Bir koʻraylik-chi seni!» – deb, uni olqishladilar.
U qilichini beliga taqib, yoʻlga tushdi. Yoʻlda Nuaym ibn Abdullohga duch keldi. Nuaym: «Bu shiddat va gʻazab bilan qayerga, yo Umar?» – deb soʻradi. Umar: «Xalq orasiga ikkilik solgan, birodarni birodarga dushman qilgan Muhammadni oʻldirgani ketyapman», – dedi. Nuaym: «Yo Umar! Bu qiyin ish. U zotning sahobalari atroflarida parvona boʻlib, u zotga biror narsa boʻlmasin deb, ustlarida titrab turadilar. Ularning oldiga yaqinlashish juda qiyin. U zotni oʻldirsang ham, Banu Abdulmuttalibning qoʻlidan qutula olmaysan», – dedi.
Hazrati Umar bu soʻzlardan qattiq gʻazablandi. «Yo sen ham ulardanmisan? Avval sening ishingni bitiray!» – deb, qilichiga yopishdi. Nuaym: «Yo Umar! Meni qoʻy! Yaxshisi, singling Fotima bilan uning eri Saʼid ibn Zaydning oldiga bor: ular ham musulmon boʻlishdi», – dedi. Hazrati Umar bu soʻzga ishonmadi. Nuaym: «Ishonmasang, borib soʻra! Anglaysan», – dedi.
Agar hazrati Umar bu ishni uddalasa, din ayriligʻi bartaraf boʻlardi, ammo arablarning odati boʻlgan qon daʼvosi oʻrtaga chiqib, Quraysh ikkiga boʻlinar va keti uzilmaydigan toʻqnashuvlar boshlanardi. Shu tariqa faqat Umar ibn Xattob emas, balki butun Xattob avlodi oʻldirilardi. Ammo Umar ibn Xattob juda kuchli, jasur va jahldor boʻlgani uchun bularni oʻylay olmadi. U singlisidan xavotirlanib, darhol ularning uyiga ketdi.
Oʻsha paytlarda Toha surasi yangi nozil boʻlgan edi. Saʼid bilan Fotima (roziyallohu anhumo) uni yozdirib olib, hazrati Xabbob ibn Arat degan sahobani uylariga chaqirib, oʻqiyotgan edilar. Hazrati Umar eshik oldidan ularning ovozini eshitdi. Eshikni qattiq taqillatdi. Uni qilichini beliga taqib olgan, gʻazabli holda koʻrib, yozuvni yashirdilar, hazrati Xabbobni ham berkitdilar. Soʻng eshikni ochdilar. U ichkariga kirgach: «Nima oʻqiyotgan edinglar?» – deb soʻradi. Ular: «Hech narsa», – dedilar.
U yanada gʻazablanib, baqirdi: «Eshitganim rost ekan, sizlar ham uning sehriga aldanibsizlar!» U hazrati Saʼidning yoqasidan ushlab, yerga urdi. Singlisi erini qutqarmoqchi boʻlganida, u gʻazab bilan uning yuziga ham shapaloq tushirdi. Yuzidan qon oqa boshlaganini koʻrib, singlisiga rahmi keldi. Fotimaning joni ogʻrigan, oʻzi qonga belangan edi. Ammo iymon quvvati uni harakatga keltirdi va u Allohu taologa panoh tortib: «Yo Umar! Nega Allohdan uyalmaysiz, U oyatlar va moʻjizalar bilan yuborgan Paygʻambariga ishonmaysiz? Mana, men ham, erim ham musulmon boʻlish sharafiga muyassar boʻldik. Boshimizni kessangiz ham, bundan qaytmaymiz», – dedi-da, kalimai shahodatni oʻqidi.
Hazrati Umar singlisining bu iymonini koʻrib, birdan yumshadi va yerga oʻtirdi. Yumshoq ovoz bilan: «Qani, oʻqiyotgan kitobingizni chiqaringlar-chi», – dedi. Fotima: «Siz poklanmaguningizcha, uni sizga bermayman», – dedi. Hazrati Umar gʻusl qildi.
Soʻng Fotima Qurʼoni karimning sahifasini olib keldi. Hazrati Umar yaxshi oʻqir edi. U Toha surasini oʻqiy boshladi. Qurʼoni karimning fasohati, soʻz sanʼati, maʼnolari va afzalliklari uning qalbini tobora yumshatib bordi. «Osmonlardagi, yerdagi, ularning orasidagi va (yetti qavat) tuproq ostidagi narsalar – hammasi Unikidir»11 maʼnosidagi oyati karimani oʻqigach, chuqur oʻyga choʻmdi. «Yo Fotima! Bu bitmas-tuganmas borliqlarning hammasi sizlar sigʻinayotgan Allohnikimi?» – dedi. Singlisi: «Ha, shunday-da! Shubha bormi?» – deb javob berdi. Uning hayrati ortib bordi: «Yo Fotima! Bizning oltindan, kumushdan, bronzadan, toshdan oʻyib yasalgan, bezakli mingu besh yuzga yaqin butimiz bor. Ularning birortasining ham yer yuzida biror narsasi yoʻq», – dedi. U yana biroz oʻqidi va «Allohu taolodan boshqa ibodat qilinadigan, sigʻiniladigan haq iloh yoʻq. Eng goʻzal ismlar Unikidir»12 maʼnosidagi oyati karima haqida oʻylandi. «Haqiqatan, naqadar toʻgʻri!» – dedi u. Buni eshitgan Xabbob yashiringan joyidan otilib chiqdi va takbir aytdi. Soʻng: «Xushxabar, yo Umar! Rasululloh Allohu taologa duo qilib: „Yo Rabbim! Bu dinni Abu Jahl yoki Umar bilan quvvatla!“ – degan edilar. Mana shu davlat, shu saodat senga nasib boʻldi», – dedi.
Bu oyati karima va bu duo hazrati Umarning qalbidagi dushmanlikni yuvib-supurib tashladi. U darhol: «Rasululloh qayerdalar?» – dedi. Uning qalbi endi Rasulullohga bogʻlangan edi. Oʻsha kuni Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) hazrati Arqamning uyida sahobalariga nasihat qilayotgan edilar. Sahobai kirom u yerda toʻplanib, u zotning nurli jamollarini koʻrish, shirin va taʼsirli soʻzlarini eshitish bilan qalblarini sayqallar, cheksiz lazzat, zavq va shodlik ichida holdan holga kirib, ruhlarini yayratardilar.
Hazrati Umarning kelayotgani Arqamning uyidan koʻrindi. Qilichi ham yonida edi. U haybatli, kuchli boʻlgani uchun sahobai kirom Rasulullohning atroflarini oʻrab oldilar. Hazrati Hamza: «Umardan qoʻrqadigan nima bor? Yaxshilik bilan kelgan boʻlsa, xush kelibdi. Aks holda, qilichini sugʻurgunicha boshini uchiraman!» – deyayotganida, Rasululloh: «Yoʻl beringlar, ichkariga kirsin!» – dedilar.
«U kohin soʻzi ham emas. Sizlar naqadar kam oʻylaysizlar!… U (Qurʼoni karim) olamlarning Rabbidan (Muhammad alayhissalomga Jabroil alayhissalom orqali) nozil qilingandir» Hoqqa: 42–43
Jabroil alayhissalom bundan oldinroq hazrati Umarning iymon keltirish uchun kelayotganini va yoʻlda ekanini xabar bergan edi. Rasululloh hazrati Umarni tabassum bilan qarshi oldilar va: «Qoʻyinglar uni, yonidan uzoqlashinglar», – dedilar. Hazrati Umar Rasulullohning oldilarida tiz choʻkdi. Rasululloh hazrati Umarni bilagidan ushlab: «Iymon keltir, yo Umar!» – dedilar. U ham pok qalb bilan kalimai shahodatni aytdi. Sahobai kirom sevinganlaridan takbir sadolarini osmonga koʻtardilar.
Hazrati Umar musulmon boʻlganidan keyin oʻz holini shunday hikoya qildi:
«Men musulmon boʻlganimda sahobai kirom mushriklardan yashirinar va ibodatlarini yashirin ado etardilar. Bundan qattiq qaygʻurdim va: „Yo Rasulalloh! Biz haq yoʻlda emasmizmi?“ – deb soʻradim. Paygʻambarimiz: „Ha. Borligʻim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, oʻlik boʻlsangizlar ham, tirik boʻlsangizlar ham, shubhasiz, sizlar haq yoʻldasizlar“, – dedilar.
Shunda men: „Yo Rasulalloh! Modomiki biz haq yoʻlda, mushriklar esa botil yoʻlda ekanlar, unday boʻlsa, nega dinimizni yashiryapmiz? Allohga qasamki, biz Islom dinini kufrga qarshi ochiq eʼlon qilishga haqliroq va loyiqroqmiz. Allohu taoloning dini Makkada, shubhasiz, gʻolib keladi. Qavmimiz bizga insof bilan muomala qilsa, nima ham derdik, agar haddan oshmoqchi boʻlsalar, ular bilan olishamiz“, – dedim. Rasululloh: „Biz son jihatidan juda ozmiz!“ – dedilar.
Men: „Yo Rasulalloh! Sizni haq Paygʻambar qilib yuborgan Allohu taologa qasamki, hech tortinmay va qoʻrqmay, oʻtirib Islomni soʻzlamaganim birorta ham mushrik yigʻini qolmaydi. Endi ochiqqa chiqaylik!“ – dedim. U zot buni qabul qilgach, ikki saf boʻlib tashqariga chiqdik va Harami sharif tomon yurdik. Saflarning birining boshida Hamza, ikkinchisining boshida esa men bor edim. Tuproqni un qilgudek qattiq qadamlar bilan, vazmin va haybatli yurish bilan Masjidul Haromga kirdik. Qurayshlik mushriklar goh menga, goh Hamzaga qarardilar. Ular shunday gʻam-gʻussaga botdilarki, hayotlarida bunday noumidlikka hech tushmagan boʻlsalar kerak». Hazrati Umarning bu kelishini koʻrgan Abu Jahl oldinga chiqib: «Yo Umar! Bu qanday hol?» – deganida, hazrati Umar unga sira parvo qilmay: «Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh», – dedi. Abu Jahl nima deyishini bilmay qoldi. U toshdek qotib qoldi. Hazrati Umar bu mushriklar toʻdasiga oʻgirilib: «Ey qurayshliklar!… Meni bilgan biladi! Bilmagan bilib qoʻysinki, men – Xattob oʻgʻli Umarman… Xotinini beva, bolalarini yetim qoldirmoqchi boʻlgan oʻrnidan qimirlasin! Qimirlaganni qilichim bilan toʻgʻrab, yerga yotqizaman!…» – degach, qurayshlik mushriklar bir lahzada tarqalib, u yerdan uzoqlashdilar. Rasululloh va u zotning ulugʻ sahobalari saf tortib, baland ovoz bilan takbir aytdilar. Makka osmonlari sahobai kiromning «Allohu akbar!… Allohu akbar!…» degan nidolari bilan yangradi. Harami sharifda ilk bor ochiq namoz oʻqildi.13 Hazrati Umar musulmon boʻlgach, Anfol surasining 64-oyati karimasi nozil boʻldi. Maʼnosi: «Ey Paygʻambarim! Sizga yordamchi boʻlib Allohu taolo va moʻminlardan sizning izingizdan borganlar kifoyadir». Taraddud ichida ikkilanib yurgan baʼzi kishilar hazrati Umarning musulmon boʻlganini koʻrib, Islomni tanladilar va sahoba boʻlish sharafiga muyassar boʻldilar.
Endi musulmonlarning soni kun sayin qor koʻchkisidek oʻsa boshladi.
«Yo Rabbim! Bu dinni Abu Jahl yoki Umar bilan quvvatla!» Hadisi sharif
Har ishda Rahmon ismin zikr etardilar ul karam koni,
Sano-yu hamdga kon erdilar Paygʻambar – ul karam koni.
Ilohiy lutflar maskani, ilmu hilm manbai erdilar,
Goʻzal xulq ila toʻlgan erdilar ul jon – ul karam koni.
Haqning maxluqiga Alloh uchun yumshoq, kamtar boʻlib,
Barcha xalqqa lutf-ehson etardilar ul karam koni.
Kaʼbai muazzamaning avvalgi koʻrinishi Makkai mukarrama
Habashistonga ikkinchi hijrat
Sahobai kirom (alayhimur rizvon) Makkaga kelgach, mushriklar yana aziyat va jafo qila boshladilar. Ularning zulmi tobora oshib bordi. Har turli qiynoqni hech tortinmay qilardilar. Bir kuni hazrati Usmon: «Yo Rasulalloh! Habashistonni tijorat uchun yaxshi bir joy deb bildim. Bir oylik tijorat katta foyda keltiradi. Allohu taolo hijrat joyini belgilagunicha musulmonlar uchun bundan yaxshiroq joy boʻlmaydi. Hech boʻlmasa, moʻminlar Qurayshning jafosidan qutuladilar. Najoshiyning bizga koʻp lutflari va anchagina yaxshiliklari bor», – dedi. Shunda Paygʻambarimiz: «Allohu taoloning ismi bilan muhofaza qilinishingiz uchun yana Habashistonga qaytinglar», – dedilar. Hazrati Usmon: «Yo Rasulalloh! Agar siz oʻzingiz u yerga marhamat qilsangiz, ular balki musulmon boʻlardilar. Ahli kitob boʻlganlari uchun tezda Islomga kelar va yordamlarini ayamas edilar», – degach, sevimli Paygʻambarimiz: «Men huzur-halovat va rohat izlashga buyurilganim yoʻq. Hijrat masalasida men Allohu taoloning muborak amrini kutmoqdaman. Qanday buyurilsa, shunday amal qilaman», – dedilar.
Biʼsatning oltinchi yilida, bir rivoyatga koʻra, sahobai kiromdan (roziyallohu anhum) 83 nafari erkak va 18 nafari ayol boʻlgan bir yuz bir kishilik bir karvon ikkinchi marta Habashistonga yoʻlga chiqdi. Bu karvonning boshligʻi etib hazrati Jaʼfar ibn Abu Tolib tayinlangan edi. Ular Najoshiyning yurtiga eson-omon yetib bordilar. Habashistonda yuz bergan voqealarni hazrati Ummu Salama (roziyallohu anho) shunday hikoya qildi: «Habashistonga yetib borganimizda, u yerda juda yaxshi bir qoʻshniga duch keldik. Bu qoʻshni podshoh Najoshiy edi. U har bir istagimizni bajo keltirdi. Dinimizning amrlarini istaganimizdek ado eta olardik. Allohu taologa erkin ibodat qilar, hech qanday aziyat koʻrmas edik. Birorta yomon soʻz ham eshitmasdik». Makkalik mushriklar bu holdan xabardor boʻlgach, Habashiston podshohiga ikkita elchi yuborishga qaror qildilar. Najoshiyga nihoyatda qimmatbaho buyumlardan tashqari, u juda yaxshi koʻradigan Makka saxtiyonidan ham hadyalar tayyorlandi. Bundan tashqari, din peshvolariga va davlat arboblariga ham hadyalar koʻzda tutildi. Bu ish Abdulloh ibn Abu Robiʼa bilan Amr ibn Osga topshirildi. Bu ikki elchiga Najoshiyning huzurida nimalar deyishlari oʻrgatildi. Ularga: «Podshoh bilan gaplashishdan oldin uning patriarxlariga va qoʻmondonlarining har biriga hadyalarini beringlar. Soʻngra Najoshiynikini taqdim etinglar. Bu ishni qilganingizdan keyin u yerdagi musulmonlarni sizlarga topshirishni soʻranglar. Najoshiyning musulmonlar bilan koʻrishib gaplashishiga yoʻl qoʻymanglar», – deyildi.14 Elchilar Habashistonga keldilar. Davlat arboblarini koʻrib, hadyalarini berganlaridan keyin ularning har biriga: «Bizning oramizda allaqanday odamlar paydo boʻldi. Ular biz ham, sizlar ham bilmaydigan yangi bir din toʻqib chiqardilar. Bu kelganlarni oʻz yurtlariga olib ketmoqchimiz. Podshohingiz bilan ular haqida gaplashganingizda, kelganlar bilan gaplashilmasdan bizga topshirilishlarini taʼminlashga harakat qilinglar. Bu kishilar bilan eng koʻp shugʻullana oladiganlar – ularning oʻz ota-onalari va qoʻshnilaridir. Ular bularni juda yaxshi biladilar», – dedilar.15 Patriarxlar bu taklifni qabul qildilar. Soʻngra makkalik elchilar Najoshiyning hadyalarini taqdim etdilar. Podshoh Najoshiy hadyalarni qabul qilib, ularni huzuriga chorladi va bir muddat suhbatlashdi.
«Allohu taoloning ismi bilan muhofaza qilinishingiz uchun yana Habashistonga qaytinglar» Hadisi sharif
Elchilar Najoshiyga shunday dedilar: «Ey podshoh! Oramizdan baʼzi kishilar sizning yurtingizga panoh izlab kelibdilar. Bu kelganlar oʻz millatlarining dinini tark etganlari kabi, sizning diningizga ham kirmaganlar. Ularning oʻz kallasiga mos, toʻqib chiqarilgan bir dini bor. Bu dinni na biz, na siz bilasiz. Bizni sizning huzuringizga ular mansub boʻlgan millatning aslzodalari yubordilar. Bu aslzodalar sizning yurtingizga panoh topgan kishilarning otalari va yaqin qarindoshlaridir. Ularning istagi – kelganlarni qaytarish. Chunki ular bularning ahvolini yaqindan biladilar. Bularning oʻz dinlarida nimani yoqtirmaganini yaxshiroq biladilar…» Amr ibn Os ham, Abdulloh ibn Abu Robiʼa ham eng koʻp istagan narsa – Najoshiyning bu soʻzlarni tinglab, ularning istagiga muvofiq ish tutishi edi. Elchilar bu soʻzlarni aytib boʻlgach, Najoshiyning patriarxlari soʻz olib, shunday dedilar: «Ular juda toʻgʻri gapirdilar. Ularning millati ular bilan yaxshiroq shugʻullana oladi, nimani yoqtirib, nimani yoqtirmasliklarini yaxshiroq biladi. Shuning uchun siz bu kishilarni topshiring, bular ularni oʻz yurtlariga va millatlariga olib ketsinlar». Podshoh Najoshiy bu soʻzlardan qattiq gʻazablandi: «Allohga qasamki, yoʻq! Men bu kishilarni topshirmayman. Menga panoh soʻrab kelgan, yurtimga kelgan kishilarga xiyonat qila olmayman. Ular meni boshqalardan afzal koʻrib, mening yurtimga keldilar. Shuning uchun kelgan muhojirlarni saroyimga chaqiraman, ulardan bu kishilarning soʻzlariga qarshi nima deyishlarini soʻrayman va javoblarini tinglayman. Agar muhojirlar bular aytgandek boʻlsalar, ularni kelganlarga berib, oʻz millatlariga qaytaraman. Agar unday boʻlmasa, ularni himoya qilaman, yurtimda qolgan muddatda ularga yaxshilik qilaman», – dedi. Bundan oldin Najoshiy samoviy kitoblarni oʻrgangan edi. U Muhammad alayhissalomning kelish vaqtlari yaqinlashganini, qavmlari u zotni yolgʻonchi deb, u zotga ishonmasligini va Makkadan chiqarib yuborishini bilardi. Najoshiy makkalik elchilardan: «Ular kimga ishonadilar?» – deb soʻradi. Ular: «Muhammadga», – dedilar. Bu ismni eshitgan Najoshiy u zotning paygʻambar ekanliklarini angladi, ammo buni sezdirmadi. U kelganlardan yana soʻradi: «U zotning dini va mazhabi qanday, u zot nimaga daʼvat qiladilar?» Amr: «Uning mazhabi yoʻq», – dedi. Najoshiy: «Mazhabini, dinini bilmagan, menga panoh soʻrab kelgan bir jamoani qanday topshiray? Majlis quraylik. Ularni ham keltiraylik. Sizlarni yuzma-yuz qilaylik. Hammangizning holingiz maʼlum boʻlsin. Ularning dinini ham bilay», – dedi. Musulmonlarni saroyga taklif qildilar. Musulmonlar oldin oʻzaro maslahatlashib: «Habash podshohiga yoqadigan va tabiatiga mos keladigan qilib nimalarni aytaylik?» – deyishdi. Hazrati Jaʼfar: «Allohga qasamki, bu borada biz biladiganimiz – Paygʻambarimiz bizga buyurganlaridan iborat. Natija nima boʻlsa ham, rozimiz», – dedi. Hammalari buni qabul qildilar va faqat hazrati Jaʼfar gapirishiga kelishib, Najoshiyning huzuriga keldilar. Podshoh Najoshiy ham olimlarini toʻpladi. Katta bir devon qurildi. Soʻngra muhojirlarni olib kirdilar. Musulmonlar kirganlarida salom berdilar.
Ammo ular sajda qilmadilar. Najoshiy ulardan: «Nega sajda qilmadingizlar?» – deb soʻraganida, ular: «Biz Allohu taolodan boshqa hech kimga sajda qilmaymiz. Paygʻambarimiz bizni Allohu taolodan boshqasiga sajda qilishdan man etib: „Sajda faqat Allohu taologa xosdir“, – dedilar», – deb javob berdilar. Najoshiy muhojirlarga: «Ey huzurimga kelgan jamoa! Menga aytinglar: yurtimga nima uchun keldingizlar? Holingiz qanday? Sizlar savdogar emassizlar, biror istagingiz ham yoʻq. Sizlarning oʻrtaga chiqqan bu Paygʻambaringizning hollari qanday? Nega yurtingiz ahlidan bu yerga kelganlar salom berganidek salom bermayapsizlar?» – dedi.
Jaʼfar (roziyallohu anhu): «Ey podshoh! Men avval uch soʻz aytaman. Agar rost gapirsam, meni tasdiqlang, yolgʻon gapirsam, yolgʻonchiga chiqaring. Avvalo buyuringki, mana bu kishilardan faqat bittasi gapirsin, ikkinchisi jim tursin!» – dedi.
Amr ibn Os: «Men gapiraman», – dedi. Najoshiy: «Ey Jaʼfar, avval sen gapir», – dedi.
Hazrati Jaʼfar: «Mening uch soʻzim bor. Mana bu kishidan soʻrang: biz tutib, xoʻjalarimizga qaytarilishi lozim boʻlgan qullarmi?» – dedi. Najoshiy: «Ey Amr! Ular qulmi?» – deb soʻradi. Amr: «Yoʻq! Ular qul emas, ular ozod!» – dedi. Hazrati Jaʼfar: «Balki biz nohaq biror kishining qonini toʻkkanmiz-u, qoni toʻkilganlarga topshirilishimiz kerakdir?» – dedi. Najoshiy Amrdan: «Bular nohaq biror kishini oʻldirganlarmi?» – deb soʻraganida, Amr: «Yoʻq, bir tomchi ham qon toʻkmaganlar», – dedi. Hazrati Jaʼfar Najoshiyga: «Balki bizda boshqalarning molidan nohaq olgan, toʻlashimiz shart boʻlgan mollar bordir?» – dedi. Najoshiy: «Ey Amr! Agar bu bechoralarning toʻlaydigan juda koʻp oltini boʻlsa ham, qarzlari boʻlsa, uni men toʻlayman, aytinglar!» – dedi. Amr: «Yoʻq, bir qirot (bir pul birligi) ham yoʻq!» – dedi. Najoshiy: «Unday boʻlsa, ulardan nima istaysizlar?» – deb soʻraganida, Amr: «Ular bilan biz bir dinda, bir yoʻlda edik. Ular buni tark etdilar. Muhammadga va uning diniga ergashdilar», – dedi. Najoshiy Jaʼfardan: «Sizlar avvalgi diningizni tark etib, nega boshqasiga ergashdingizlar? Qavmingizning dinidan ajralibsizlar, mening dinimda ham emassizlar, unday boʻlsa, sizlar ishonayotgan bu din qanday? U haqda maʼlumot berasizlarmi?» – deb soʻradi.
Hazrati Jaʼfar shunday dedi: «Ey podshoh! Biz johil bir millat edik. Butlarga sigʻinardik. Oʻlimtik yer, har turli yomonlikni qilardik. Qarindoshlarimiz bilan aloqalarimizni uzar, qoʻshnilarimizga yaxshi muomala qilmasdik. Kuchlilarimiz zaiflarga zulm qilar va marhamat nimaligini bilmasdilar. Allohu taolo bizga oʻz oramizdan bir paygʻambar yuborgunicha shu holda qoldik. U zotning rostgoʻyliklarini, ishonchli ekanliklarini, iffat va pokliklarini, nasablarining asilligini bilardik. Oʻsha paygʻambar bizni Allohu taoloning borligi va birligiga iymon keltirishga, Unga ibodat qilishga, biz va ota-bobolarimiz sigʻinib kelgan toshlarni va butlarni tark etishga daʼvat qildilar. U zot bizga rostgoʻy boʻlishni, omonatga xiyonat qilmaslikni, qarindoshlik haqlariga rioya qilishni, qoʻshnilar bilan yaxshi yashashni, gunohlardan va qon toʻkishdan saqlanishni buyurdilar. Har turli axloqsizlikdan, yolgʻon gapirishdan, yetimlarning moliga qoʻl uzatishdan, nomusli ayollarga tuhmat qilishdan bizni qaytardilar. Bizga Allohu taologa sherik qoʻshmasdan ibodat qilishni buyurdilar. Biz ham qabul qildik va u zot Allohu taolodan nima keltirgan boʻlsalar, hammasiga iymon keltirdik, aytganlarini bajardik. Allohu taologa ibodat qildik. U bizga harom qilganni harom, halol qilganni halol deb bildik va shunday amal qildik. Shu sababli qavmimiz bizga dushman boʻlib, zulm qildi. Bizni dinimizdan qaytarish, Allohu taologa ibodatdan voz kechtirib, yana butlarga sigʻintirish uchun turli qiynoq va mashaqqatlarga duchor qilishdi. Bizga zulm qilishdi. Bizni siqqan sari siqishdi. Biz bilan dinimiz orasiga tushib, bizni dinimizdan ajratmoqchi boʻlishdi. Shunda biz yeru yurtimizni, uy-joyimizni tashlab, sizning yurtingizga panoh soʻrab keldik. Sizni boshqalardan afzal koʻrdik. Sizning himoyangizga, qoʻshnichiligingizga intildik. Sizning huzuringizda zulmga, nohaqlikka uchramaymiz, deb umid qilamiz». Hazrati Jaʼfar soʻzida davom etib, shunday dedi: «Salom berish masalasiga kelsak, biz sizni Rasulullohning salomlari bilan salomladik. Bir-birimizga ham shunday salom beramiz. Jannatdagilarning salomlari ham shunday ekanini Paygʻambarimiz xabar berdilar. Shuning uchun oliy zotingizni shunday salomladik. Paygʻambarimiz insonlarga sajda qilinmasligini aytganlari uchun, Allohu taolodan boshqasiga sajda qilishdan Allohu taologa panoh tilaymiz». Najoshiy: «Sen Alloh bildirganlardan bir oz bilasanmi?» – deb soʻradi. Hazrati Jaʼfar: «Ha», – degach, Najoshiy: «Uni menga oʻqib ber», – dedi. Hazrati Jaʼfar Maryam surasining avvalgi oyatlarini oʻqiy boshladi (uning Ankabut va Rum suralaridan oʻqigani ham rivoyat qilinadi). Najoshiy yigʻlardi. Koʻzlaridan oqqan yoshlar soqolini hoʻl qildi. Rohiblar ham yigʻladilar. Najoshiy va rohiblar: «Ey Jaʼfar! Bu shirin va goʻzal kalomdan yana bir oz oʻqi», – dedilar. Hazrati Jaʼfar Kahf surasining boshidan oʻqidi, unda shunday deyiladi, maʼnosi: «Hamd boʻlsin oʻsha Allohgaki, U kofirlarni (ulugʻ) Oʻz huzuridan boʻlgan eng qattiq azob (jahannam) bilan qoʻrqitish, solih amallar qiladigan moʻminlarga esa ichida abadiy qoladigan goʻzal bir ajr (jannat) xushxabarini berish va „Allohu taolo farzand tutdi“, – deganlarni qoʻrqitish uchun lafzida biror buzuqlik, maʼnosida biror ziddiyat qilmagan, (ifrot va tafritdan yiroq) toʻppa-toʻgʻri kitobni (Qurʼoni karimni) Oʻz bandasiga (Muhammad alayhissalomga) nozil qildi. Na ularning („Allohu taolo farzand tutdi“, – deganlarning), na ota-bobolarining bu (soʻz) haqida hech qanday ilmi (va bilimi) yoʻq. Ularning ogʻizlaridan chiqqan bu soʻz (ogʻir va) oʻta xatarlidir. Ular faqat yolgʻon soʻzlaydilar. (Ey Rasulim!) Agar ular bu Qurʼoni karimga iymon keltirmasalar, gʻam va gʻazab bilan ularning ortidan oʻzingizni halok qilmoqchimisiz! Biz yer yuzidagi narsalarni (oʻrmonlarni, daryolarni, maʼdanlarni, hayvonlarni va oʻsimliklarni…) insonlarning qaysi birining amali solih ekanini sinash uchun ziynat qildik…»16
«Sajda faqat Allohu taologa xosdir» Hadisi sharif
Najoshiy oʻzini tutolmay: «Allohga qasamki, bu – bir chiroqdan otilib chiqqan nurdir. Muso va Iso ham (alayhimassalom) shu nur bilan kelgan edilar», – dedi. Soʻngra quraysh elchilariga oʻgirilib: «Boringlar! Allohga qasamki, men ularni sizlarga topshirmayman, ular haqida hech qanday yomonlikni xayolimga ham keltirmayman», – dedi. Abdulloh ibn Abu Robiʼa bilan Amr ibn Os Najoshiyning huzuridan chiqdilar.17 Amr Abdullohga: «Qasamki, Najoshiy oldida ularning bir aybini ochib tashlab, ildizini quritaman. Mana koʻrasan!» – dedi. Sherigi Amrga: «Ular bizga qarshi chiqqan boʻlsalar ham, nima boʻlganda ham, biz bilan qarindoshligimiz bor. Bunday qilma», – dedi. Amr: «Ularning Iso alayhissalomni bir banda deb bilishlarini Najoshiyga yetkazaman», – dedi. Ertasi kuni u Najoshiyning oldiga borib: «Ey podshoh! Ular Maryam oʻgʻli Iso (alayhissalom) haqida ogʻir soʻzlar aytishmoqda. Ularga odam yuborib, Iso alayhissalom haqida nima deyishlarini bir soʻrab koʻring», – dedi. Najoshiy musulmonlarning hazrati Iso haqidagi qarashlarini soʻrash uchun ularga odam yubordi. Musulmonlar yana yigʻildilar. Ular bir-birlariga: «Iso alayhissalom haqida soʻrasa, nima deb javob beramiz?» – deyishdi. Hazrati Jaʼfar: «Allohga qasamki, hazrati Iso haqida Allohu taolo aytganini, Paygʻambarimiz bizga olib kelganlarini aytamiz», – dedi. Ular Najoshiyning huzuriga kirgach, Najoshiy: «Sizlar Maryam oʻgʻli Iso alayhissalom haqida nima deysizlar?» – deb soʻradi. Hazrati Jaʼfar: «Biz Iso alayhissalom haqida Paygʻambarimiz bizga Allohu taolo huzuridan keltirib yetkazganlarini aytamiz. Biz u kishining Allohu taoloning bandasi va rasuli ekanlarini, dunyodan ham, erkaklardan ham yuz oʻgirib, Haq taologa bogʻlangan iffatli ayol – hazrati Maryamga Allohu taolo solgan kalimasi ekanlarini qabul qilamiz. Maryam oʻgʻli Isoning holi va shoni shundan iborat. Hazrati Odamni tuproqdan yaratganidek, Iso alayhissalomni ham otasiz yaratdi, deymiz», – degach, Najoshiy qoʻlini yerga uzatib, yerdan bir xas oldi va: «Qasamki, Maryam oʻgʻli Iso ham sizlar aytgandan ortiq emas. Orada hatto shu xascha ham farq yoʻq», – dedi.
Najoshiy buni aytganida, atrofidagi davlat arboblari va qoʻmondonlar oʻzaro pichirlashib, gʻoʻngʻillay boshladilar.
Najoshiy buni koʻrib, ularga: «Qasamki, sizlar nima desangiz ham, men bular haqida yaxshi fikrdaman», – dedi. Soʻngra musulmon muhojirlarga oʻgirilib, shunday dedi: «Sizlarni va huzurlaridan kelganingiz zotni tabriklayman! Men ishondimki, u zot – Allohning rasulidirlar. Zotan, biz u zotni Injilda koʻrgan edik. U Rasul haqida Maryam oʻgʻli Iso ham xabar bergan. Allohga qasamki, agar u zot shu yerda boʻlganlarida edi, borib poyabzallarini koʻtarib yurar, oyoqlarini yuvar edim! Boringlar! Yurtimning qoʻl tegmagan yerida, har qanday tajovuzdan yiroqda, omonlik va osoyishtalikda yashanglar. Sizlarga yomonlik qilganni halok qilaman. Menga togʻdek oltin bersalar ham, sizlardan birortangizni ham gʻamga botirmayman!»
Soʻngra Najoshiy quraysh elchilari keltirgan hadyalar haqida: «Mening bularga hech qanday ehtiyojim yoʻq! Boshqalar tortib olgan bu mulkimni Allohu taolo menga qaytarib berganida va xalqimni menga boʻysundirganida, mendan pora olmagan edi», – deb, hadyalarini qaytarib berdi. Quraysh elchilari Najoshiyning huzuridan quruq qoʻl bilan qaytdilar. Baxtiyor Najoshiy esa Islomni tanlab, sahobai kiromni benihoya xursand qilgan edi.18
HAQ YARATDI OLAMNI
Haq yaratdi olamni Muhammadning ishqiga,
Oyu kunni yaratdi Muhammadning shavqiga.
«Boʻl!» dedi – boʻldi olam, bitildi Lavhu Qalam,
Oʻqildi xatmi kalom Muhammadning shaʼniga.
Barcha eranlar keldi, dargohga yuz surdilar,
Tavhid zikrin aytdilar Muhammadning nuriga.
Vaysul Qaraniy yetdi, oxir yana intildi,
Sakkiz jannat bezandi Muhammadning ishqiga.
Havoda uchar qushlar, koʻkarar togʻu toshlar,
Meva berar daraxtlar Muhammadning ishqiga.
Iymonsizlar keldilar, u zotdan iymon oldilar,
Besh vaqt namoz oʻqidilar Muhammadning ishqiga.
Farishtalar keldilar, saf-saf boʻlib turdilar,
Besh vaqt namoz oʻqidilar Muhammadning ishqiga.
Yunus qanday madh etsin, maqtar Qurʼon oyati,
Yod et, aytgin salavot Muhammadning ishqiga.
«Sizlarni va huzurlaridan kelganingiz zotni tabriklayman! Men ishondimki, u zot – Allohning rasulidirlar. Zotan, biz u zotni Injilda koʻrgan edik. U Rasul haqida Maryam oʻgʻli Iso ham xabar bergan» Najoshiy Asʼhama
