AZIYAT, QIYNOQ VA ZULM
Qurayshning koʻzga koʻringan mushriklari endi Paygʻambarimizni yolgʻiz koʻrsalar, u zotga tashlanar, haqorat qilar, hatto urmoqchi ham boʻlardilar. U zotning sahobalarini qiynashdan ham tortinmasdilar. Bir kuni Qurayshning koʻzga koʻringan mushriklari Kaʼbai sharif yonida oʻtirgan edilar. Ular Paygʻambarimiz haqida gapira boshladilar: «Hech bir narsaga unga chidaganimizdek chidamadik. U bizni esi pastlar deydi, ilohlarimizni tahqirlab yomonlaydi, dinimizni ayblaydi, jamoatimizni bir-biridan ajratadi, biz esa baribir sabr qilib, bir soʻz demaymiz». Ayni shu payt Habibi akram Kaʼbani ziyorat qilgani keldilar. U zot Hajarul asvadni oʻpib, tavof qila boshladilar. Ularning yonidan oʻtayotganlarida mushriklar Paygʻambarimizga haqoratli soʻzlar ayta boshladilar. Rasululloh bundan qattiq ranjidilar, ammo bir soʻz demay, tavoflarini davom ettirdilar. Uchinchi marta ularning yonidan oʻtayotib toʻxtadilar va shunday dedilar: «Ey qurayshliklar! Menga quloq solinglar! Jonim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, menga sizlarning parishon boʻlishingiz bildirildi!»
U yerdagi mushriklar nima qilishlarini bilmay, toshdek qotib qoldilar. Birortasi ham bir ogʻiz soʻz ayta olmadi. Faqat Abu Jahl Rasulullohning huzurlariga borib: «Ey Abul Qosim! Sen bizga begona emassan. Bizning qoʻpol qiliqlarimizga qarama, ibodatingni davom ettiraver. Sen bizga ergashadigan darajada johil emassan», – deb yolvora boshladi. Shundan keyin Muhammad alayhissalom u yerdan ketdilar. Ertasi kuni mushriklar yana oʻsha joyda toʻplanib, Paygʻambarimiz haqida yomon gaplar gapira boshladilar. Shu payt u yerga Rasululloh keldilar. Mushriklar darhol Allohu taoloning Habibiga tashlandilar. Ular orasidagi eng badbaxtlardan biri boʻlgan Uqba ibn Abu Muayt sevimli Paygʻambarimizning muborak yoqalaridan ushlab oldi. Muborak boʻyinlarini nafas ololmaydigan darajada siqdi. Shu payt u yerga kelib qolgan hazrati Abu Bakr: «„Rabbim – Alloh“ degan bir kishini oʻldirasizlarmi? Axir u zot sizlarga olamlarning Rabbidan oyatlar keltirdilar-ku!…» – deb qichqirib, Rasulullohni himoya qilish uchun ularning orasiga oʻzini urdi. Mushriklar Habibullohni qoʻyib, Abu Bakr Siddiqqa tashlandilar. Uning muborak boshiga musht va tepki urdilar. Utba ibn Robiʼa degan bir badbaxt hazrati Abu Bakrning muborak yuziga oyoq kiyimi bilan urib, uni qonga beladi. Uni tanib boʻlmas holga keltirdi. Agar Banu Taym yetib kelib, ularni ajratib olmaganida, oʻlgunicha urgan boʻlardilar. Qabiladoshlari holdan toygan, ayanchli ahvolga tushgan hazrati Abu Bakrni bir choyshabga solib, uyiga olib ketdilar. Soʻng darhol Kaʼbaga qaytib kelib: «Agar Abu Bakr oʻladigan boʻlsa, qasamki, biz ham Utbani oʻldiramiz!» – dedilar. Keyin hazrati Abu Bakrning oldiga ketdilar.1 Hazrati Abu Bakr uzoq vaqt oʻziga kelolmadi.
Otasi va Banu Taym kishilari uni hushiga keltirish uchun koʻp urindilar. U faqat kechga yaqin oʻziga keldi. Koʻzlarini ochar-ochmas, zaif ovoz bilan: «Rasululloh nima qilyaptilar? Ahvollari qanday? U zotga ham til tekkizib, haqorat qilishgan edi-ku», – deya oldi. Odamlar onasi Ummul Xayrga: «Soʻrab koʻringchi, biror narsa yer yoki icharmikin?» – deyishdi. Abu Bakr Siddiqda sira mador qolmagan edi. U biror narsa yeb-ichishni ham istamasdi. Uyda odam qolmagach, onasi: «Nima yeysan, nima ichasan?» – deb soʻradi. U esa koʻzlarini ochib, oʻz ogʻriq va iztirobini emas, jonidan ham ortiq sevgan zotning holini soʻradi: «Rasululloh qanday ahvoldalar, nima qilyaptilar?»
«Ey qurayshliklar! Menga quloq solinglar! Jonim qudrat qoʻlida boʻlgan Allohu taologa qasamki, menga sizlarning parishon boʻlishingiz bildirildi!» Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom
Onasi: «Allohga qasamki, doʻsting haqida hech narsa bilmayman!» – deb javob berdi. Hazrati Abu Bakr unga: «Xattobning qizi Ummu Jamilning oldiga boring, Rasulullohni undan soʻrang!» – dedi.
Ummu Jamil hazrati Umarning singlisi boʻlib, musulmon boʻlgan edi. Hazrati Abu Bakrning onasi Ummu Jamilning oldiga borib: «Oʻgʻlim Abu Bakr sendan Muhammad alayhissalomni soʻrayapti. U zot qanday ahvoldalar ekan?» – dedi. Ummu Jamil: «Men na Muhammad alayhissalom haqida, na Abu Bakr haqida biror narsa bilaman! Istasangiz, birga boraylik», – dedi. Ummul Xayr: «Mayli», – degach, ular hazrati Abu Bakrning oldiga keldilar. Ummu Jamil Abu Bakr Siddiqni shunday ayanchli holda, yara va koʻkarishlar ichida koʻrgach, oʻzini tuta olmay, chinqirib yubordi va: «Senga buni qilgan qavm, shubhasiz, haddidan oshgan, bebosh kimsalardir. Allohu taolodan tilagim – qilmishlarining jazosini topsinlar», – dedi. Hazrati Abu Bakr Ummu Jamildan: «Rasululloh nima qilyaptilar, ahvollari qanday?» – deb soʻradi. Ummu Jamil unga: «Bu yerda onang bor, aytganimni eshitib qoladi», – degach, hazrati Abu Bakr: «Undan senga hech qanday zarar kelmaydi, u siringni yoymaydi», – dedi. Ummu Jamil: «U zot sogʻ-salomatlar, ahvollari yaxshi», – dedi. U yana: «Hozir u zot qayerdalar?» – deb soʻradi. Ummu Jamil: «Arqamning uyidalar», – deb javob berdi. Hazrati Abu Bakr: «Allohga qasamki, borib Rasulullohni koʻrmagunimcha, na biror narsa yeyman, na ichaman!» – dedi. Onasi: «Hozircha biroz sabr qil! Hamma uyquga ketsin, oʻshanda boramiz», – dedi.
Hamma uxlab, koʻchalar huvillab qolgach, hazrati Abu Bakr onasi bilan Ummu Jamilga suyanib, asta-sekin Rasulullohning huzurlariga yetib bordi. U zotni quchoqlab oʻpdi, musulmon birodarlari bilan quchoqlashib koʻrishdi. Hazrati Abu Bakrning bu ahvoli Paygʻambarimizni qattiq qaygʻuga soldi. Hazrati Abu Bakr: «Yo Rasulalloh! Ota-onam sizga fido boʻlsin! Oʻsha bebosh odamning yuz-koʻzimni yerga ishqab, meni tanib boʻlmas holga keltirganidan boshqa hech bir gʻamim yoʻq! Mana bu yonimdagi esa – meni dunyoga keltirgan onam Salmo. Unga duo qilishingizni iltimos qilaman. Shoyad Allohu taolo sizning hurmatingiz uchun uni jahannam oʻtidan qutqarsa», – deb arz qildi. Shunda sevimli Paygʻambarimiz Salmoning musulmon boʻlishi uchun Allohu taologa yolvordilar. Rasulullohning duolari qabul boʻldi. Shu tariqa Ummul Xayr ham hidoyatga (toʻgʻri yoʻlga) erishib, musulmon boʻldi va ilk musulmonlar qatorida boʻlish sharafiga muyassar boʻldi.
Abu Lahabning qoʻllari qurisin
Paygʻambarimizning uylari Abu Lahab bilan Uqba ibn Abu Muayt degan ikki ashaddiy mushrikning uylari orasida edi. Ular har fursatda sevimli Paygʻambarimizga aziyat berishga urinardilar. Hatto kechalari hayvonlarning ichak-chavogʻini Rasulullohning eshiklari oldiga tashlab ketardilar. U zotning amakilari Abu Lahab bu bilan ham qanoatlanmasdi: qoʻshnisi Adiyning uyidan u zotga tosh otib, aziyat berardi.
Xotini Ummu Jamil ham eridan qolishmasdi: terib kelgan tikanli shoxlarni Rasulullohning muborak oyoqlariga kirsin deb, u zot yuradigan yoʻllarga sochib qoʻyardi. Bir kuni Abu Lahab olib kelgan najosatni Paygʻambarimizning eshiklari oldiga toʻkayotganida, uni hazrati Hamza koʻrib qoldi. U darhol yugurib borib, birodari Abu Lahabni ushladi va olib kelgan najosatini uning boshiga agʻdardi.
Abu Lahab va xotinining bu aziyatlaridan keyin ular haqida «Abu Lahabning qoʻllari qurisin, u quridi ham…» degan soʻzlar bilan boshlanadigan Masad (Tabbat) surasi nozil boʻldi. Abu Lahabning xotini Ummu Jamil oʻzlari haqida sura nozil boʻlganini eshitgach, Paygʻambarimizni izlay boshladi. U zotning Kaʼba yonida ekanlarini bilgach, qoʻliga katta bir tosh olib, oʻsha yerga bordi. Hazrati Abu Bakr ayni shu payt Paygʻambarimizning suhbatlari sharafiga musharraf boʻlib oʻtirgan edi.
Ummu Jamilning qoʻlida tosh borligini koʻrib, u: «Yo Rasulalloh! Ummu Jamil kelyapti. U juda yovuz xotin, sizga zarar yetkazishidan qoʻrqaman. Bir chetga oʻtib tursangiz, aziyat koʻrmas edingiz», – dedi. Rasululloh: «U meni koʻra olmaydi», – dedilar. Ummu Jamil hazrati Abu Bakrning tepasida turib olib, pastkash soʻzlar aytdi: «Ey Abu Bakr! Tez ayt, oʻsha doʻsting qayerda! U meni ham, erimni ham hajv qilib yomonlabdi. U shoir boʻlsa, men ham, erim ham shoirmiz. Mana, men ham uni hajv qilaman. Biz unga qarshi chiqamiz, paygʻambarligini tan olmaymiz va dinini ham yoqtirmaymiz. Qasam ichamanki, agar uni koʻrsam edi, mana shu toshni boshiga urardim…» Hazrati Abu Bakr: «Mening sohibim shoir emaslar va seni hajv qilganlari yoʻq», – degach, Ummu Jamil burilib ketdi. Hazrati Abu Bakr Paygʻambarimizga oʻgirilib: «Yo Rasulalloh! U sizni koʻrmadimi?» – deb soʻradi. U zot: «Koʻrmadi. Allohu taolo uning koʻzini meni koʻra olmaydigan qilib qoʻydi», – dedilar.2
Paygʻambarimizning muborak qizlaridan hazrati Ummu Kulsum Abu Lahabning oʻgʻli Utaybaga, hazrati Ruqayya esa uning ikkinchi oʻgʻli Utbaga unashtirilgan, ammo hali turmushga chiqmagan edilar.
Masad surasi nozil boʻlgach, jahannamiy Abu Lahab, uning xotini va Qurayshning koʻzga koʻringan kishilari Utba bilan Utaybaga: «Uning qizlarini olib, yukini yengillatdingiz. Qizlarini qoʻyib yuboringlar, toki u qiynalsin. Sizlarga Qurayshdan istagan qizingizni olib beramiz», – deb taklif qildilar. Ular ham: «Mayli, qoʻyib yubordik», – deyishdi. Utayba degan pastkash esa bundan ham oʻtib ketdi: u Paygʻambarimizning (sallallohu taolo alayhi vasallam) huzurlariga kelib, u zotni shunday soʻzlar bilan haqorat qildi: «Ey Muhammad! Men seni ham, diningni ham tan olmayman. Qizingni ham qoʻyib yubordim. Endi na sen meni sev, na men seni! Na sen mening oldimga kel, na men sening oldingga boraman!…» Soʻng sevimli Paygʻambarimizga tashlanib, u zotning muborak yoqalaridan ushladi. Koʻylaklarini yirtdi va haqorat qildi. Shunda sevimli Paygʻambarimiz uning haqqiga duoibad qilib, shunday dedilar: «Yo Rabbim! Unga yirtqichlaringdan birini musallat qil!» Badbaxt Utayba otasining oldiga borib, boʻlgan voqeani aytib bergach, Abu Lahab: «Muhammadning oʻgʻlim haqidagi duoibadidan qoʻrqaman», – dedi. Bir necha kundan keyin Abu Lahab oʻgʻli Utaybani tijorat uchun Shomga joʻnatdi. Karvon tunash uchun Zarqo degan joyda toʻxtadi. Atrofda bir sher aylana boshladi. Utayba buni koʻrar-koʻrmas: «Voy! Qasam ichamanki, Muhammadning (alayhissalom) duoibadi qabul boʻldi. Bu sher meni yeb qoʻyadi! U Makkada boʻlsa ham, mening qotilim – oʻshadir!» – dedi. Birozdan keyin sher koʻzdan gʻoyib boʻldi. Utaybani balandroq bir joyga yotqizdilar. Kechasi sher yana keldi. U karvondagilarni birma-bir hidlab, Utaybaning yoniga yetib bordi. Uning ustiga sakrab, qornini yordi, boshidan ushladi va dahshatli tarzda tishlab, ishini bitirdi. Utayba: «Men sizlarga: „Muhammad – insonlarning eng rostgoʻyi“, demaganmidim?» – deb faryod qila-qila jon berdi. Abu Lahab esa oʻgʻlini sher parchalab tashlaganini eshitib: «Men sizlarga: „Muhammadning oʻgʻlim haqidagi duoibadidan qoʻrqaman“, demaganmidim?» – deb yigʻladi.3
«Abu Lahabning qoʻllari qurisin (halok boʻlsin), u quridi ham. Unga na moli (otasidan qolgan meros), na kasb qilgani foyda berdi. U alangali oʻtga kiradi, xotini ham – oʻtin tashuvchi boʻlib, boʻynida eshilgan arqon bilan» Masad: 1–5
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) insonlarni abadiy saodatga chaqirardilar, ularni Allohu taoloning borligi va birligiga daʼvat qilib, jahannamda yonmasliklari uchun jon kuydirardilar. Mushriklar esa: «Ota-bobolarimizning dini shu», – deb, butparastlikda davom etardilar. Paygʻambarimiz ularni odamdek yashashga, obroʻli va sharafli boʻlishga, qadrsizlikdan qutulib, yuksak va ulugʻ maqomlarga koʻtarilishga chaqirardilar. Ular esa oʻjarliklarida turib olardilar. Abu Lahab haqorat va aziyat beruvchilarning oldingi safida edi. U doimo Rasulullohning orqalaridan yurib, odamlarni u zotni tinglashdan qaytarishga, ularning koʻngillarida shubha uygʻotishga urinardi. Yigʻinlarda, yarmarkalarda Rasululloh: «Ey odamlar! „La ilaha illalloh“ denglar, najot topasizlar!» – deganlarida, Abu Lahab darhol orqalaridan yetib kelib: «Ey odamlar! Bu gapirayotgan – mening jiyanim. Aslo uning soʻziga ishonmanglar. Undan uzoq yuringlar!» – derdi.
Bir kuni Muhammad alayhissalom Kaʼbai sharifda namoz oʻqiyotgan edilar. Qurayshning koʻzga koʻringan kishilaridan Abu Jahl, Shayba ibn Robiʼa, Utba ibn Robiʼa, Uqba ibn Abu Muayt boʻlgan yetti kishilik bir guruh mushrik kelib, Rasulullohga yaqin bir joyga oʻtirdi. Oʻsha atrofda bir kun oldin soʻyilgan tuyaning ichak-chavogʻi va qoldiqlari yotardi. Pastkash Abu Jahl yonidagilarga oʻgirilib, bir razil taklif bilan chiqdi: «Orangizdan kim anavi tuyaning ichak-chavogʻini olib, Muhammad sajdaga borganida, ikki yelkasining orasiga qoʻyadi?» U yerdagilarning eng zolimi, eng berahmi, eng shafqatsizi va eng badbaxti boʻlgan Uqba ibn Abu Muayt: «Men qilaman», – deb, darhol oʻrnidan turdi. Paygʻambarimiz sajdada ekanlarida, u ichak-chavoqni ichidagilari bilan birga u zotning muborak yelkalariga qoʻydi. Buni tomosha qilib turgan mushriklar qotib-qotib kula boshladilar. Paygʻambarimiz sajdalarini uzaytirdilar, muborak boshlarini koʻtarmadilar. Shu payt sahobai kiromdan Abdulloh ibn Masʼud bu holni koʻrdi. U bu voqeani shunday hikoya qildi:
«Rasulullohni bu holda koʻrganimda, qonim boshimga urdi. Ammo meni mushriklarning qoʻlidan himoya qiladigan na qavmim, na qabilam bor edi. Men yolgʻiz va kuchsiz edim. Oʻsha lahzada hatto gapirishga ham madorim yetmasdi. Oʻrnimda turib, Rasulullohga qattiq qaygʻu ichida qarab turardim.
Qani edi, oʻshanda meni mushriklardan himoya qila oladigan kuchim yoki himoyachim boʻlsa-yu, Rasul alayhissalomning muborak yelkalariga qoʻyganlarini olib uloqtirsam! Men shunday kutib turganimda, Rasulullohning qizlari hazrati Fotimaga xabar berishdi. U paytda Fotima hali kichkina edi. U yugurib kelib, otalarining ustidagilarni olib tashladi. Buni qilganlarni qargʻab, ularga ogʻir soʻzlar aytdi. Rasululloh esa hech narsa boʻlmagandek namozlarini tugatdilar-da, uch marta shunday dedilar:
„Allohim! Qurayshdan mana shu toʻdani Senga havola qilaman! Allohim! Abu Jahl Amr ibn Hishomni Senga havola qilaman! Allohim! Utba ibn Robiʼani Senga havola qilaman! Allohim! Shayba ibn Robiʼani Senga havola qilaman! Allohim! Uqba ibn Abu Muaytni Senga havola qilaman! Allohim! Umayya ibn Xalafni Senga havola qilaman! Allohim! Valid ibn Utbani Senga havola qilaman! Allohim! Umora ibn Validni Senga havola qilaman!“
Mushriklar oʻzlariga qarshi qilingan bu duoibadni eshitib, kulishdan toʻxtadilar va qoʻrqa boshladilar. Chunki ular Baytullohda qilingan duo qabul boʻlishiga ishonardilar. Rasululloh Abu Jahlga: „Allohga qasamki, sen yo bu ishingdan qaytasan, yoki Allohu taolo boshingga bir balo tushiradi“, – dedilar. Allohu taologa qasam ichib aytamanki, Rasululloh ismlarini aytgan bu kimsalarning har biri Badr jangida oʻldirilib, yerga qulaganini, soʻngra issiqdan sasib ketgan oʻlimtik holida Badr chuquriga tashlanganini koʻrdim».
Bir kuni Abu Jahl Baytullohda qurayshlik mushriklarga shunday dedi: «Ey qurayshliklar! Koʻrib turibsizlar, Muhammad dinimizni ayblashdan, butlarimizga va ularga sigʻingan ota-bobolarimizga til tekkizishdan, bizga esi yoʻqlarga qaragandek qarashdan toʻxtamayapti. Huzuringizda qasam ichib aytamanki, ertaga u bu yerga kelib namoz oʻqiyotib sajdaga borganida, oʻzim ham zoʻrgʻa koʻtaradigan bir toshni bor kuchim bilan boshiga uraman. Undan keyin meni Banu Abdulmuttalibdan himoya qilasizlarmi, yoʻqmi – oʻzingiz bilasiz. Men uni oʻldirganimdan keyin qarindoshlari menga istaganini qilaversin…» U yerdagi mushriklar uni gij-gijlab: «Qasamki, biz seni ham himoya qilamiz, ham hech kimga topshirmaymiz. Sen faqat uni oʻldir!» – deyishdi. Ertalab Abu Jahl qoʻlida katta bir tosh bilan Kaʼbaga keldi. U mushriklarning yoniga oʻtirib, kuta boshladi. Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) odatdagidek Baytullohga kelib, namoz oʻqiy boshladilar. Abu Jahl oʻrnidan turib, qoʻlidagi katta toshni urish uchun Rasululloh tomon yurdi. Barcha mushriklar bu holni hayajon bilan kuzatib turardilar. Abu Jahl Rasulullohga yaqinlashgach, birdan titray boshladi. Katta tosh qoʻlidan yerga tushib ketdi, rangi kuldek oqarib, qattiq qoʻrquv bilan orqaga chekindi. Hayratda qolgan mushriklar Abu Jahlning oldiga borib: «Ey Amr ibn Hishom! Ayt, nima boʻldi?» – deb soʻrashdi. Abu Jahl: «Uni oʻldirish uchun toshni endi koʻtarganimda, oldimdan quturgan bir tuya chiqdi. Qasam ichamanki, umrimda bunchalik uzun oyoqli, oʻtkir tishli, bunchalik vahimali tuyani na koʻrganman, na eshitganman. Agar yana biroz yaqinlashganimda, shubhasiz, u meni oʻldirgan boʻlardi», – dedi. Yana bir kuni Abu Jahl mushriklarni toʻplab: «Abdullohning yetimi bu yerda namoz oʻqib, yuzini tuproqqa qoʻyadimi?» – deb soʻradi. Ular: «Ha», – deyishdi. Ayni shu soʻzni kutib turgan Abu Jahl: «Agar uni shu holda koʻrsam, boshini oyogʻim bilan ezaman», – dedi. Bir kuni paygʻambarlar sarvari Kaʼba yonida namozga turgan edilar. Abu Jahl ham sheriklari bilan oʻtirgan edi. U oʻrnidan turib, Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) tomon yurdi. Juda yaqin keldi, ammo birdan qoʻli bilan yuzini silab, qocha boshladi. Mushriklar uning oldiga borib: «Nima boʻldi? Bu qanday hol?» – deyishdi. Abu Jahl: «Oramizda bir olov chuquri paydo boʻldi. Baʼzi kimsalar menga tashlanayotganini koʻrib, orqaga qaytdim», – deb javob berdi. Valid ibn Mugʻiyra, Abu Jahl (Amr ibn Hishom), Asvad ibn Muttalib, Umayya ibn Xalaf, Asvad ibn Abdu Yagʻus, Os ibn Voil, Horis ibn Qays kabi mushriklarning koʻzga koʻringanlari Rasulullohni koʻrgan sari: «Bu ham oʻzini paygʻambar, oldiga Jabroil keladi, deb oʻylaydi», – deb masxara qilardilar. Shu sababli Habibi akram qattiq ranjigan kunlaridan birida Jabroil alayhissalom kelib, bir necha oyati karima keltirdi. Maʼnosi:
«(Ey Rasulim!) Qasamki, sizdan oldin yuborilgan paygʻambarlar ustidan ham masxara qilib kulingan. Ularni masxara qilganlarni va ular (paygʻambarlar) ustidan kulganlarni masxaralarining jazosi sifatida balo va azob har tomondan oʻrab oldi».4 «Shubhasiz, sizni masxara qiluvchilarga qarshi Biz kifoyamiz. Ular Allohu taolo bilan birga boshqa ilohni ham tan oladilar. Ular yaqinda (boshlariga tushadigan oqibatni) bilib oladilar. Albatta, Biz bilamizki, ularning soʻzlaridan (shirk keltirishlaridan, Qurʼoni karimga til tekkizishlaridan va sizga masxaraomuz soʻzlar aytishlaridan) koʻksingiz torayib, ichingiz siqilmoqda».5
«Ey Abu Jahl! Allohga qasamki, sen yo bu ishingdan qaytasan, yoki Allohu taolo boshingga bir balo tushiradi» Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom
Bir kuni Koinot sultoni Kaʼbai muazzamani tavof qilayotganlarida, Jabroil alayhissalom kelib: «Menga ularning (masxara qiluvchilarning) adabini berish buyurildi», – dedi. Birozdan keyin ularning oldidan Valid ibn Mugʻiyra oʻtib qoldi. Jabroil alayhissalom: «Mana bu oʻtib borayotgan qanday odam?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz: «U – Allohu taoloning eng yomon bandalaridan biri», – dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom Validning boldiriga ishora qilib: «Uning adabini berdim!» – dedi. Birozdan keyin Os ibn Voil oʻtib borardi. U haqda ham soʻrab, xuddi shunday javob olgach, Jabroil uning qorniga ishora qilib: «Unga ham haddini bildirib qoʻydim!» – dedi. Asvad ibn Muttalib oʻtganda uning koʻziga, Abdu Yagʻusni koʻrganda esa boshiga ishora qildi. Horis ibn Qays oʻtayotganida uning qorniga ishora qilib: «Yo Muhammad! Allohu taolo sizni bularning yovuzligidan qutqardi. Yaqinda bularning har biri bir baloga yoʻliqadi», – dedi.
Os ibn Voilning oyogʻiga tikan kirdi. Qancha davolasalar ham, dardiga chora topa olmadilar. Nihoyat, uning oyogʻi tuyaning boʻynidek shishib ketdi va u: «Muhammadning Allohi meni oʻldirdi!» – deb faryod qila-qila jon berdi.
Asvad ibn Muttalibning koʻzlari koʻr boʻldi. Jabroil alayhissalom uning boshini daraxtga urib, halok qildi.
Asvad ibn Abdu Yagʻus Bodi samum degan joyda boʻlganida, yuzi ham, gavdasi ham qop-qora boʻlib ketdi. Uyiga kelganida uni tanimadilar va eshikdan haydab yubordilar. U alamidan boshini uyining eshigiga ura-ura oʻldi.
Horis ibn Qays esa shoʻr baliq yegan edi. Harorati borgan sari oshib bordi. Qancha suv ichsa ham, chanqogʻi bosilmadi. Oxiri yorilib oʻldi. Valid ibn Mugʻiyraning ham boldiriga temir parchasi kirdi. Yarasi bitmadi, koʻp qon yoʻqotdi va u ham: «Muhammadning Allohi meni oʻldirdi!» – deb faryod qila-qila jon berdi.
Shunday qilib, ularning har biri qilmishining jazosini koʻrdi. Bundan tashqari, mushriklarning jahannamda abadiy qolishlari oyati karimalarda bildirildi. Bir kuni sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Hakam ibn Abul Osga duch keldilar. Paygʻambarimiz ketganlaridan keyin Hakam Rasulullohning orqalaridan masxara qilib, ogʻzini, yuzini va gavdasini qiyshaytirdi.
Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) Hakamning qilmishini paygʻambarlik nuri bilan koʻrdilar va uning shu holda qolishi uchun duo qildilar. Hakamning badanini titroq bosdi va u umrining oxirigacha shu holda qoldi.
Sahobai kiromga qilingan qiynoqlar
Mushriklar faqat Paygʻambarimizga aziyat berish bilan cheklanmasdilar. Ular u zotning shonli sahobalarini (roziyallohu anhum) ham qiynoqqa solardilar. Ayniqsa, kambagʻal, himoyachisi yoʻq kishilarni tanlab olar va qoʻllaridan kelgan, aqlga ham, xayolga ham sigʻmaydigan zulm va zoʻravonlikni hech tortinmay qilardilar. Eng koʻp qiynoqqa uchraganlar – Bilol Habashiy, Zinnira xonim, Xabbob ibn Arat, Ammor ibn Yosir va uning oilasi (roziyallohu anhum ajmaʼiyn) edi. Ularning baʼzilarini quyoshning issigʻida qizigan toshlar bilan kuydirar, baʼzilarini och-nahor qoldirib: «Muhammadning dinidan qayt!» – deb qiynardilar. Ular esa bu chidab boʻlmas jafolarga sabr qilar va Islom dinidan aslo qaytmasdilar.
Alloh bir, Alloh bir
Hazrati Bilol Umayya ibn Xalaf degan bir mushrikning quli edi; u Abu Bakr Siddiq vositasida musulmon boʻlgan edi. Umayya oʻn ikki quli orasida eng koʻp Bilolni yaxshi koʻrgani uchun uni butxonaga qorovul qilib qoʻygan edi. Hazrati Bilol musulmon boʻlgach, butxonadagi barcha butlarni sajda qilayotgandek yuztuban agʻdarib qoʻydi. Bu xabar Umayyaga yetib borgach, uni qattiq dahshat bosdi. U Bilolni chaqirtirib: «Sen musulmon boʻlibsan, Muhammadning Rabbiga sajda qilarkansan, shundaymi?» – deb soʻradi. Hazrati Bilol: «Ha. Men buyuk va ulugʻ boʻlgan Allohu taologa sajda qilaman», – dedi. Bu javob Umayyaga yoqmadi va u darhol Bilolga aziyat berib, uni qiynay boshladi. Peshin payti quyosh naq tepaga kelganda, uni yechintirib, issiqdan qizib ketgan toshlarni yalangʻoch badaniga qoʻyib kuydirardi. Olovdek yonayotgan toshlarning bir qismini uning orqasiga, baʼzilarini qorni ustiga uyib: «Islom dinidan qayt!… Lot va Uzzo butlariga iymon keltir!» – derdi. Hazrati Bilol esa: «Allohu taolo bir! Allohu taolo bir!» – deb iymonini izhor qilardi.
Umayya ibn Xalaf uning bu sabrini koʻrgan sari quturib, uni tikanlar ustida sudrab, badanini yaralab qiynardi. Hazrati Bilol esa badanidan oqayotgan qonlarga parvo qilmay: «Allohim! Sendan kelganiga roziman! Allohim! Sendan kelganiga roziman!» – der va iymonida sobit turardi. Hazrati Bilol bu holini shunday hikoya qilgan:
«Oʻsha palid Umayya meni kunduzi issiqda bogʻlab qoʻyar, kechasi esa azoblar edi. Juda issiq bir kun edi. U odatdagidek yana qiynay boshladi. Meni Islomdan qaytarish uchun: „Butlarimizga sigʻin! Muhammadning Allohini inkor et, inkor et, inkor et!“ – degan sari men: „Alloh bir! Alloh bir!“ – derdim. Alamini olish uchun oʻsha kuni u koʻksim ustiga juda katta bir qoyatosh qoʻydi. Shu lahzada hushimdan ketibman. Oʻzimga kelganimda, ustimdagi tosh olinganini, quyosh bulut ortiga kirganini koʻrdim. Allohu taologa shukr qildim va oʻzimga oʻzim: „Ey Bilol! Janobi Haqdan kelgan har bir narsa goʻzal, yoqimlidir“, – dedim».
Yana bir kuni Umayya ibn Xalaf Bilol Habashiyni qiynash uchun tashqariga olib chiqdi. Kiyimlarini yechib, faqat ishtonda qoldirdi-da, kuydiruvchi jaziramada qizigan qumga yotqizib, ustiga toshlar uydi. Mushriklar toʻplanib, uni ogʻir qiynoqqa solishar va: «Diningdan qaytmasang, seni oʻldiramiz», – deyishardi. Bilol Habashiy esa bu chidab boʻlmas qiynoqlar ostida: «Alloh bir! Alloh bir!» – derdi. Shu payt sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) u yerdan oʻtib borayotgan edilar. Hazrati Bilol Habashiyning bu holini koʻrib, qattiq ranjidilar va: «Allohu taoloning ismini aytishing seni qutqaradi», – dedilar.
Paygʻambarimiz uylariga qaytganlaridan biroz keyin u zotning huzurlariga hazrati Abu Bakr keldi. Paygʻambarimiz Bilol Habashiy chekayotgan qiynoqlarni Abu Bakr Siddiqqa aytib berib: «Juda ranjidim», – dedilar. Hazrati Abu Bakr darhol oʻsha yerga bordi. U mushriklarga: «Bilolga bunday qilishdan qoʻlingizga nima tegadi? Uni menga sotinglar», – dedi. Ular: «Dunyo toʻla oltin bersang ham sotmaymiz. Lekin sening quling Omirga almashtirishimiz mumkin», – dedilar. Hazrati Abu Bakrning quli Omir uning tijorat ishlarini yuritar va juda koʻp pul topardi. Shaxsiy molidan tashqari, oʻn ming oltini ham bor edi. U hazrati Abu Bakrning yordamchisi boʻlib, barcha ishlarini boshqarardi. Ammo u kofir edi va kufrida qattiq turib olardi. Hazrati Abu Bakr: «Omirni butun moli va pullari bilan birga Bilol evaziga sizlarga berdim», – dedi. Umayya ibn Xalaf va boshqa mushriklar juda sevinib: «Abu Bakrni aldadik», – dedilar.
«(Ey Rasulim!) Qasamki, sizdan oldin yuborilgan paygʻambarlar ustidan ham masxara qilib kulingan. Ularni masxara qilganlarni va ular (paygʻambarlar) ustidan kulganlarni masxaralarining jazosi sifatida balo va azob har tomondan oʻrab oldi» Anʼom: 10
Hazrati Abu Bakr darhol Bilol Habashiyning ustidagi ogʻir toshlarni olib tashladi va uni oyoqqa turgʻazdi. Bilol Habashiy ogʻir qiynoqlar tufayli juda holsizlanib qolgan edi. Abu Bakr uning qoʻlidan tutib, toʻgʻri sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga olib keldi-da: «Yo Rasulalloh! Bugun Bilolni Allohning roziligi uchun ozod qildim», – dedi. Rasululloh juda sevindilar va hazrati Abu Bakrga koʻp duo qildilar. Shu payt Jabroil alayhissalom Abu Bakrning jahannamdan uzoq ekani haqida xushxabar bergan Layl surasining 17 va 18-oyatlarini keltirdi. Bu oyati karimalarda shunday deyildi, maʼnosi: «(Hazrati Abu Bakr kabi) juda taqvodor boʻlib (shirk va gunohlardan saqlanib), molini Allohu taolo huzurida pok boʻlish uchun (va ilohiy vaʼdaga erishish uchun) xayr yoʻlida sarflaydigan kishi undan (jahannamdan) uzoqlashtirilgandir».
Koʻrilmagan qiynoq
Hazrati Xabbob ibn Arat ham dinidan qaytarish uchun zulm qilinganlardan edi. Hazrati Xabbobning ham himoyachisi yoʻq edi, u Ummu Anmor degan mushrik bir ayolning quli edi.
Uni himoya qiladigan qarindoshi boʻlmagani uchun mushriklar toʻplanib, uning muborak badanini yalangʻochlab, ustini tikanlar bilan tirnardilar. Baʼzan yalangʻoch badaniga temir koʻylak kiydirib, quyosh tigʻida tutib turardilar. Quyoshda yoki olovda qizdirilgan toshlarni yalangʻoch badaniga bosib: «Diningdan qayt! Lot va Uzzoga sigʻin!» – derdilar. Xabbob esa iymonida sobit turib: «La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh», – deb ularga qarshi turardi.
Bir kuni mushriklar toʻplanib, bir maydonda gulxan yoqdilar. Hazrati Xabbobni bogʻlab, oʻsha yerga olib keldilar. Uni yechintirib, olovning ustiga yotqizdilar. Ular uni yo dinidan qaytarmoqchi, yo olovda kuydirmoqchi edilar. Olovning oʻrtasiga chalqancha yotqizilgan hazrati Xabbob: «Allohim! Holimni koʻrib turibsan, ahvolimni bilasan. Qalbimdagi iymonni sobit qil, menga ulugʻ sabr ato et!» – deb duo qilardi. Mushriklardan biri oyogʻi bilan hazrati Xabbobning koʻksiga bosdi. Ammo ular Allohu taolo iymon keltirganlarni himoya qilishini bilmasdilar.
Yillar oʻtgach, Xabbobdan bu voqea haqida soʻradilar. U orqasini ochib, kuyish izlarini koʻrsatdi-da: «Men uchun gulxan yoqdilar, soʻng meni sudrab, uning ichiga tashladilar. Oʻsha olovni faqat mening etim oʻchirdi», – dedi.
Hazrati Xabbobni tashqarida shunday qiynayotgan paytlarida, egasi Ummu Anmor ham uni dinidan qaytarish uchun olovda temirni qizdirar va boshiga bosib kuydirardi. U dini uchun bu azoblarning barchasiga chidar, ular taklif qilganini qilmas va iymonidan qaytmasdi.
Bir kuni hazrati Xabbob sevimli Paygʻambarimizning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh! Mushriklar tashqarida meni qayerda koʻrsalar, oʻsha yerda olovda kuydiradilar. Uyda esa egam Ummu Anmor qizdirilgan temir bilan boshimni kuydiradi. Duo qilishingizni iltimos qilaman!» – dedi. Soʻng orqasidagi va boshidagi kuyiklarni koʻrsatdi. Paygʻambarimiz uning bu holiga qattiq achindilar. U zot Xabbobning dinidan qaytmaslik uchun chekayotgan iztirobiga, unga qilinayotgan zulmga chiday olmadilar va: «Yo Rabbim! Xabbobga yordam ber!» – deb duo qildilar. Janobi Haq Rasulining duosini oʻsha zahotiyoq qabul qildi va Ummu Anmorning boshiga qattiq ogʻriq berdi. Ummu Anmor bosh ogʻrigʻidan tonggacha ingrab chiqardi. Unga davo sifatida olovda qizdirilgan temir bilan boshini kuydirish kerakligini aytishdi. Oxiri u Xabbobni chaqirib, temir tayoqni olovda qizdirishni va boshini kuydirishni buyurdi… Hazrati Xabbob ham temir bilan uning boshini kuydirardi…
Islomning ilk kunlarida mushriklar Xabbob ibn Aratning holiga unchalik eʼtibor bermasdilar. Ammo kun sayin iymon keltirganlarning soni ortib borardi. Oxiri ular istasalar-istamasalar, bu ishga jiddiy qarashga majbur boʻldilar. Ular hazrati Xabbobga qilayotgan qiynoqlarini kuchaytirdilar: ayovsiz urdilar, kaltakladilar, yaraladilar, qiynoq ustiga qiynoq qildilar…
Shuncha azoblarga qaramay, hazrati Xabbob iymonidan zarracha ham chekinmadi. Ammo aziyat va qiynoqlar ham chidab boʻlmas darajaga yetgan edi. U boʻlib oʻtganlarni Koinot sarvariga arz qilib: «Yo Rasulalloh! Chekayotgan qiynoqlarimizdan qutulishimiz uchun duo qilmaysizmi?» – dedi.
Shunda Rasululloh shunday dedilar: «Sizlardan oldingi ummatlar orasida shunday kishilar bor ediki, temir taroq bilan ularning terilari, etlari shilib, qirib olinardi, ammo bu qiynoq ham ularni dinlaridan qaytara olmasdi. Arra bilan boshlarining tepasidan ikkiga boʻlinardilar, ammo bu qiynoqlar ham ularni dinlaridan qaytara olmasdi. Allohu taolo, albatta, bu ishni (Islomni) oxiriga yetkazadi. Uni barcha dinlardan ustun qiladi. Hatto uloviga minib, Sanʼodan Hazramavtgacha yolgʻiz yoʻl yurgan kishi Allohu taolodan boshqa hech kimdan qoʻrqmaydi, qoʻylari haqida ham boʻri hujumidan boshqa hech bir xavotir sezmaydi. Ammo sizlar shoshilyapsizlar». Soʻng u zot Xabbobning orqasini silab, unga duo qildilar. Rasulullohning ruhlarga oziq va shifo boʻlgan bu latif soʻzlari Xabbobning dardini bosdi.
Hazrati Xabbobning, ayniqsa, ashaddiy mushrik Os ibn Voilda anchagina haqqi bor edi. U haqqini soʻrash uchun uning oldiga bordi. Os ibn Voil Xabbobga: «Muhammadni inkor etmaguningcha, haqqingni bermayman», – dedi. Hazrati Xabbob: «Allohga qasamki, men tirikligimda boʻlganidek, oʻlganimdan keyin qabrimdan turganimda ham Paygʻambarimni aslo rad va inkor eta olmayman. Hamma narsadan voz kechaman, ammo u zotni inkor eta olmayman», – deb javob berdi. Shunda Os ibn Voil: «Oʻlgandan keyin tirilamizmi? Agar shunday narsa boʻlsa, oʻshanda mening molim ham, bolalarim ham boʻladi. Qarzimni senga oʻsha kuni toʻlayman», – dedi.
Os ibn Voilning bu soʻzlari sababli Allohu taolo Qurʼoni karimda, Maryam surasining 77–79-oyati karimalarida shunday marhamat qildi, maʼnosi: «(Ey Habibim!) Bizning oyatlarimizni inkor etib: „Albatta, menga (qiyomat kuni) mol ham, bola-chaqa ham beriladi“, – degan kimsani (Os ibn Voilni) koʻrdingizmi? U gʻaybdan xabardor boʻlganmi yoki Rahmonning huzuridan biror ahd olganmi? Yoʻq, unday emas! Biz uning aytganini yozib qoʻyamiz (qiyomat kuni buning uchun undan hisob olamiz) va azobini orttirgan sari orttiraveramiz».
Hushidan ketguncha qiynoq
Mushriklar qiynoqda ayol-erkak deb ajratmasdilar. Ilk musulmonlardan boʻlgan va hech kimi yoʻq Zinnira xonim ham bir choʻri edi. Uning musulmon boʻlganini bilgan mushriklar uni ham qiynoqqa solishdan sira tortinmadilar. Zinnira xonimni Lot va Uzzo butlariga sigʻinishga majburlar, boʻgʻzini siqar, nafas ololmay hushidan ketguncha qiynardilar. Shunga qaramay, u dinidan aslo qaytmas, ularning aytganlariga yurmasdi. Ayniqsa, Abu Jahl uni juda koʻp qiynadi. Shu sababli Zinnira xonimning koʻzlari koʻrmay qoldi. Bir safar Abu Jahl: «Koʻrdingmi? Lot va Uzzo sening koʻzingni koʻr qildi!» – deganida, Zinnira xonim iymonini izhor qilib: «Ey Abu Jahl! Allohga qasamki, u sen aytgandek emas. Sen Lot va Uzzo deb atagan butlar hech narsaga yaramaydi, ularning oʻzlariga sigʻinganlardan ham, sigʻinmaganlardan ham xabari yoʻq. Mening Rabbim koʻzimning nurini berishga va meni avvalgi holimga qaytarishga, albatta, qodirdir», – dedi.
«(Ey Bilol!) Allohu taoloning ismini aytishing seni qutqaradi» Hadisi sharif
Abu Jahl hazrati Zinniraning mustahkam iymonini koʻrib, hayratda qoldi. Allohu taolo Zinnira xonimning duosini qabul qildi va uning koʻzlari avvalgidan ham yaxshiroq koʻra boshladi. Abu Jahl va Quraysh mushriklari buni koʻrsalar ham, oʻjarlik qilib, iymon keltirmadilar. Ustiga-ustak: «Bu ham ularning paygʻambarining bir sehri! Muhammadning yoʻlidan borayotgan bu esi pastlarga hayron qolmaysizlarmi? Agar ularning yoʻli xayrli va toʻgʻri boʻlganida, unga ulardan oldin biz ergashgan boʻlardik. Nahotki bizdan oldin bir qul toʻgʻri yoʻlni topgan boʻlsa?» – dedilar.
Shundan keyin Allohu taolo Ahqof surasining 11-oyati karimasini nozil qildi. Maʼnosi: «U kofirlar iymon keltirganlar haqida: „Agar unda (Islomda) biror yaxshilik boʻlganida, ular (kambagʻallar, bechoralar) bu ishda bizdan oʻzib ketolmas, unga bizdan oldin yugurmas edilar“, – dedilar. Holbuki ular u bilan (moʻminlar kabi Qurʼoni karim bilan) hidoyat topmaganlari uchun (Qurʼoni karimni inkor etish maqsadida) „Bu Qurʼoni karim (Muhammad oʻrtaga chiqargan) – eski bir yolgʻondir“, – deydilar».
Dorul Arqam
Sevimli Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) mushriklarning sahobalariga qilayotgan zulm va qiynoqlaridan qattiq qaygʻurardilar. Islomni yoyish va oʻrganish uchun xavfsiz bir joy kerak edi. Paygʻambarimiz bu muqaddas vazifa uchun hazrati Arqamning uyini tanladilar.6 Bu uy Safo tepaligining sharqida, tor bir koʻcha ichida, balandroq joyda edi. Bu yerdan Kaʼbai muazzama bemalol koʻrinardi. Uyning kirish-chiqish yoʻli oʻtgan-ketganlarni kuzatib turish uchun juda qulay edi. Bundan tashqari, hazrati Arqam Makkaning koʻzga koʻringan, obroʻsi baland kishilaridan edi. Habibi akram bu uyda sahobalariga Islomni tushuntirardilar. Yangi musulmon boʻladiganlar bu yerga kelib, Islom bilan sharaflanar, Rasulullohning koʻngillarga davo boʻlgan muborak soʻzlarini tinglab, barakot topardilar. Ular Paygʻambarimizni goʻyo boshlariga qush qoʻnganu gapirsalar uchib ketadigandek, nafas ham olmay tinglardilar. U zotning muborak soʻzlarining biror kalimasini ham qoldirmay, goʻyo yutib yuborgandek yod olardilar. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) kunduzlarini Arqamning uyida oʻtkazar va ertalabdan kechgacha sahobalarini tarbiyalash bilan mashgʻul boʻlardilar. Bu yer musulmonlarning ilk markazi – «Dorul Islom» edi. Ilk musulmonlar shu yerda toʻplanar va shu tariqa mushriklarning har turli yomonliklaridan himoyalanardilar.
Oʻlguncha qiynoq
Ammor ibn Yosir shunday hikoya qiladi: «Dorul Arqamga borib, Rasulullohni koʻrib, musulmon boʻlmoqchi edim. Eshik oldida hazrati Suhaybga duch keldim. „Bu yerda nima qilyapsan?“ – deb soʻraganimda, u ham menga xuddi shu savolni berdi. Men: „Hazrati Muhammadning huzurlariga kirib, soʻzlarini tinglab, musulmon boʻlmoqchiman“, – dedim. U ham: „Men ham shuning uchun kelgan edim“, – dedi. Biz birga u zotning yuksak va sharafli huzurlariga kirdik. U zot bizga Islomni bayon qildilar. Biz sevinib musulmon boʻldik».7
Ammor musulmonligini ochiq aytishdan tortinmagan mujohidlardan biri edi. U dinidan qaytmaslik uchun eng ogʻir qiynoqlarga chidardi. Mushriklar uni yolgʻiz topgan paytlarida Makkaning qoyalik joylariga, Ramzo degan yerga olib borar, kiyimlarini yechib, unga temir koʻylak kiydirardilar.
Shu tariqa uni kuydiruvchi quyosh ostida tutib turar va qiynardilar. Baʼzan orqasini olov bilan kuydirar, u adoqsiz qiynoqlarga duchor boʻlardi. Har safar ular: «Inkor et!… Inkor et!… Lot va Uzzoga sigʻin-da, qutul!…» – derdilar. Hazrati Ammor esa bu chidab boʻlmas qiynoqlarga katta sabr bilan bardosh berib: «Rabbim – Alloh, paygʻambarim – Muhammad alayhissalom», – deb javob berardi. Mushriklar bundan battar gʻazablanar, uning koʻksi ustiga issiqdan qizigan qoyatoshlarni qoʻyar, baʼzan esa quduqqa tashlab, suvga boʻgʻmoqchi boʻlardilar. Bir kuni Ammor ibn Yosir sevimli Paygʻambarimizning huzurlari sharafiga musharraf boʻlganida: «Yo Rasulalloh! Mushriklarning bizga qilayotgan qiynoqlari soʻnggi chegaraga yetdi», – dedi. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) hazrati Ammorning holiga achindilar va: «Sabr qiling, ey Abul Yaqzon!» – dedilar, soʻngra: «Yo Rabbim! Ammor oilasidan hech biriga jahannam azobini totdirma!» – deb duo qildilar.
Ilk shahid, ilk qon
Hazrati Ammorning otasi Yosir, onasi Sumayya, birodari Abdulloh – butun oila boʻlib musulmon boʻlgan edilar. Mushriklar hazrati Ammorga qilgan qiynoqlaridan ham koʻprogʻini uning onasiga, otasiga va birodariga qilardilar. Qiynoq paytida mushriklar ularga kufr soʻzlarini ayttirmoqchi boʻlardilar, ular esa: «Terisimizni shilsangiz ham, etimizni tilim-tilim qilib toʻgʻrasangiz ham, sizlarga quloq solmaymiz», – deb javob berar va: «La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh», – derdilar. Yana bir kuni Batho degan joyda Yosir oilasini birga qiynayotganlarida, Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) u yerdan oʻtib borayotgan edilar. Sahobalarining bu chidab boʻlmas qiynoqlarini koʻrib, qattiq qaygʻurdilar. Hazrati Yosir: «Yo Rasulalloh! Umrimiz doim shunday qiynoq bilan oʻtadimi?» – deb soʻraganda, Paygʻambarimiz: «Sabr qilinglar, ey Yosir oilasi! Sevininglar, ey Ammor oilasi! Shubhasiz, sizlarning mukofot joyingiz – jannatdir», – dedilar. Yana bir kuni makkalik mushriklar Ammorni olov bilan qiynayotgan edilar. Rasululloh u yerga keldilar-da: «Ey olov! Ibrohimga (alayhissalom) boʻlganingdek, Ammorga ham salqin va beozor boʻl!» – dedilar. Keyinchalik Ammor orqasini ochganda, olovning izi koʻrinib turardi. Bu iz Rasulullohning duolaridan oldin qolgan edi. Yana bir kuni Yosir oilasini qiynayotganlarida, hazrati Yosirni va uning oʻgʻli hazrati Abdullohni oʻq bilan otib shahid qildilar. Abu Jahl hazrati Sumayyaning muborak oyoqlarini arqon bilan bogʻlatdi. Arqonlarning uchlariga ikkita tuyani bogʻlatib, ularni qarama-qarshi tomonga haydatdi va shu tariqa hazrati Sumayyani parchalatib, shahid qildi. Paygʻambarimiz va sahobai kirom (alayhimur rizvon) berahm, gʻaddor, zolim Abu Jahl va boshqa mushriklar Yosir oilasini qiynoq bilan shahid qilganlarini eshitib, qattiq qaygʻurdilar. Bu voqea sahobalarning bir-birlariga yanada mahkam bogʻlanishlariga, jipslashishlariga sabab boʻldi.8 Sahobai kirom namoz oʻqimoqchi boʻlganlarida hech kim yoʻq joylarga borar va ibodatlarini oʻsha yerda yashirincha ado etardilar. Ana shunday kunlarning birida Saʼd ibn Abu Vaqqos, Saʼid ibn Zayd, Abdulloh ibn Masʼud, Ammor ibn Yosir va Xabbob ibn Arat Makka vodiylaridan Abu Dubb degan joyda namoz oʻqiyotgan edilar. Shu payt ularni taʼqib qilib yurgan Axnas ibn Shariq va baʼzi mushriklar ularning oldiga kelib, ibodatlarini masxara qilib, yomonlay boshladilar. Bunga chiday olmagan hazrati Saʼd ibn Abu Vaqqos va uning sheriklari mushriklarga hujum qildilar. Hazrati Saʼd qoʻliga tushgan bir tuya suyagi bilan kofirlardan birining boshiga urib, uni yordi. Mushriklar qoʻrqib qochdilar. Shu tariqa musulmonlar ilk bor kofir qonini toʻkdilar.
«Ey Abu Jahl! Allohga qasamki, u sen aytgandek emas. Sen Lot va Uzzo deb atagan butlar hech narsaga yaramaydi, ularning oʻzlariga sigʻinganlardan ham, sigʻinmaganlardan ham xabari yoʻq. Mening Rabbim koʻzimning nurini berishga va meni avvalgi holimga qaytarishga, albatta, qodirdir» Zinnira xonim (roziyallohu anho)
Hazrati Abu Zarr Gʻiforiyning musulmon boʻlishi
Odamlar birin-ketin hidoyat topar, Islomning nuri Makkadan tashqarida ham yoyilib, olamni yorita boshlagan edi. Islomning paydo boʻlishi va yoyilishi haqidagi xabarlarni eshitgan mushriklar unga toʻsqinlik qilish yoʻllarini izlardilar. Nihoyat, bu xabar Banu Gʻifor qabilasiga ham yetib bordi. Abu Zarr Gʻiforiy bu xabarni eshitishi bilanoq birodari Unaysni ahvolni surishtirib kelish uchun Makkaga yubordi. Unays Makkaga borib, Paygʻambarimizning majlislarida boʻldi. U hayratga tushib qaytdi. Birodari hazrati Abu Zarr: «Qanday xabar olib kelding?» – deb soʻraganida, u: «Birodarim! Allohga qasamki, doimo xayrga, yaxshilikka buyuradigan va yomonliklardan qaytaradigan juda ulugʻ bir zotni koʻrdim», – dedi. Abu Zarr Gʻiforiy: «Xoʻsh, odamlar u zot haqida nima deyishyapti?» – deganida, zamonasining mashhur shoirlaridan boʻlgan birodari Unays shunday javob berdi: «Shoir, kohin, sehrgar deyishyapti. Ammo u zotning soʻzlari kohinlarning, sehrgarlarning soʻzlariga oʻxshamaydi. Men u zot aytganlarini shoirlarning turli-tuman sheʼrlari bilan ham solishtirib koʻrdim. Ularga ham oʻxshamaydi. Tengi yoʻq bu soʻzlarni hech kimning soʻzi bilan oʻlchab boʻlmaydi. Allohga qasamki, u zot haqni bildirmoqdalar, toʻgʻrisini soʻzlamoqdalar. U zotga ishonmaganlar – yolgʻonchilar, ular zalolatdadirlar». Bu xabardan keyin Abu Zarr Gʻiforiy Makkaga borib, Paygʻambarimizni koʻrib, musulmon boʻlishga qaror qildi. Qoʻliga bir hassa va biroz ozuqa olib, ishtiyoq bilan Makka yoʻliga tushdi. Makkaga yetib borgach, oʻz holini hech kimga aytmadi. Chunki mushriklar Paygʻambarimizga va yangi musulmon boʻlganlarga qattiq dushmanlik qilar, aziyatlarini kun sayin kuchaytirardilar. Ayniqsa, musulmon boʻlgan, himoyachisi yoʻq va gʻarib kishilarni juda qattiq qiynardilar. Abu Zarr Makkada hech kimni tanimasdi. U bu yerda gʻarib, begona edi. Shuning uchun u hech kimdan hech narsa soʻramadi. Kaʼba yonida Rasulullohni koʻrish uchun fursat poylar, u zotning qayerdaliklarini bilish uchun biror belgi izlar edi. Kechga yaqin u bir koʻcha muyulishiga borib oʻtirdi. Hazrati Ali Abu Zarrni koʻrib qoldi. Uning gʻarib ekanini anglab, uyiga olib ketdi. Ali holini soʻramagani uchun Abu Zarr sirini ochmadi. Tong otgach, u yana Kaʼbaga ketdi. Kechgacha aylanib yursa ham, maqsadiga yeta olmadi. U avvalgi joyiga borib oʻtirdi. Hazrati Ali oʻsha kech ham u yerdan oʻtib borardi. «Bu bechora haligacha manzilini topa olmabdi-da», – deb, uni yana uyiga olib ketdi. Ertalab Abu Zarr yana Baytullohga bordi va oʻz burchagiga borib oʻtirdi. Hazrati Ali uni yana uyiga taklif qildi. Bu safar u uning qayerdan va nima uchun kelganini soʻradi. Hazrati Abu Zarr: «Agar menga toʻgʻri maʼlumot berishga qatʼiy soʻz bersang, aytaman», – dedi. Hazrati Ali: «Ayt, holingni hech kimga ochmayman», – degach, Abu Zarr Gʻiforiy: «Bu yerda bir paygʻambar chiqqanini eshitdim. U zot bilan koʻrishish va huzurlariga yetish uchun keldim», – dedi. Hazrati Ali shunday dedi: «Sen toʻgʻri yoʻlni topibsan, oqillik qilibsan. Hozir men oʻsha zotning oldilariga ketyapman. Orqamdan yur, men kirgan uyga sen ham kir. Agar yoʻlda biror kishi senga zarar yetkazmoqchi ekanini sezsam, oyoq kiyimimni toʻgʻrilayotgandek boʻlaman. Oʻshanda sen meni kutmay, oʻtib ketaverasan». Abu Zarr Gʻiforiy hazrati Alining orqasidan bordi. Nihoyat, u Paygʻambarimizning muborak yuzlarini koʻrish sharafiga musharraf boʻldi va: «Assalomu alaykum», – deb salom berdi.
«Sabr qilinglar, ey Yosir oilasi! Sevininglar, ey Ammor oilasi! Shubhasiz, sizlarning mukofot joyingiz – jannatdir» Hadisi sharif
Bu salom Islomda berilgan ilk salom boʻldi, Abu Zarr Gʻiforiy esa birinchi salom bergan kishi boʻldi. Paygʻambarimiz uning salomiga alik olib: «Allohu taoloning rahmati senga boʻlsin», – dedilar. Soʻngra Paygʻambarimiz: «Sen kimsan?» – deb soʻradilar. U: «Men Gʻifor qabilasidanman», – dedi. «Qachondan beri shu yerdasan?» – deb soʻradilar Paygʻambarimiz. – «Uch kun, uch kechadan beri shu yerdaman». – «Senga kim taom berdi?» – «Zamzamdan boshqa yeydigan-ichadigan hech narsa topmadim. Zamzam ichgan sari hech qanday ochlik ham, tashnalik ham sezmadim». Paygʻambarimiz: «Zamzam muborakdir. U och odamni toʻydiradi», – dedilar. Shundan keyin Abu Zarr Gʻiforiy Paygʻambarimizga: «Menga Islomni bildiring», – dedi. Paygʻambarimiz unga kalimai shahodatni oʻqib berdilar, u ham uni takrorlab, Islom bilan sharaflandi va ilk musulmonlar qatoriga kirdi.9 Musulmon boʻlgach, hazrati Abu Zarr Gʻiforiy Paygʻambarimizga: «Yo Rasulalloh! Sizni haq paygʻambar qilib yuborgan Janobi Haqqa qasamki, men buni mushriklar orasida ochiq aytaman», – dedi. U Kaʼba yoniga borib, baland ovoz bilan shunday dedi: «Ey qurayshliklar! Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh – Allohu taolodan boshqa iloh yoʻqligiga va Muhammad alayhissalom Uning quli va rasuli ekaniga guvohlik beraman». Buni eshitgan mushriklar darhol unga tashlandilar. Tosh, tayoq va suyak parchalari bilan urib, uni qonga beladilar. Bu holni koʻrgan hazrati Abbos: «Bu odamni qoʻyinglar, oʻldirib qoʻyasizlar-ku! U sizlarning tijorat karvoningiz oʻtadigan yoʻl ustida yashaydigan bir qabiladan. Bundan keyin u yoʻldan qanday oʻtasizlar?» – dedi. Shu tariqa u hazrati Abu Zarrni mushriklarning qoʻlidan qutqarib oldi. Abu Zarr musulmon boʻlish sharafiga erishganining sevinchidan joyida turolmasdi. Ertasi kuni u yana Kaʼba yonida kalimai shahodatni bor ovozi bilan qichqirib aytdi. Mushriklar uni bu safar ham urdilar, u yerga yiqildi. Yana hazrati Abbos yetib kelib, uni ularning qoʻlidan qutqardi. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) hazrati Abu Zarr Gʻiforiyga oʻz yurtiga qaytishni va u yerda Islomni yoyishni buyurdilar. Bu buyruqdan keyin u qabilasi orasiga qaytib, ularga Allohu taoloning birligini, Muhammad alayhissalom Uning rasuli ekanlarini soʻzlab berdi. U zot bildirgan narsalar haq va toʻgʻri ekanini, ular sigʻinayotgan butlar esa botil, boʻsh va maʼnosiz ekanini aytdi. Uni tinglayotgan olomonning bir qismi eʼtiroz qila boshladi. Shu payt qabila boshligʻi Haffof baqirayotganlarni tinchlantirdi-da: «Toʻxtanglar, tinglab koʻraylik-chi, nima aytar ekan», – dedi. Shundan keyin hazrati Abu Zarr soʻzini shunday davom ettirdi: «Men musulmon boʻlishimdan oldin bir kuni Nuhm degan butning oldiga borib, uning roʻparasiga sut qoʻygan edim. Bir itning yaqin kelib, sutni ichganini va butning ustini bulgʻaganini koʻrdim. Shunda butning bunga toʻsqinlik qiladigan kuchi yoʻqligini aniq angladim. Hatto it ham tahqirlagan butga sigʻinish sizlarga qanday yoqishi mumkin? Bu telbalik emasmi? Mana, sizlar sigʻinadigan narsa – shu». Hamma boshini egib turardi. Ulardan biri: «Xoʻsh, sen aytayotgan Paygʻambar nimani bildiradi? Uning toʻgʻri soʻzlayotganini qanday anglading?» – deganda, hazrati Abu Zarr baland ovoz bilan shunday dedi: «U zot Allohu taoloning bir ekanini, Undan boshqa iloh yoʻqligini, Uning hamma narsaning Yaratuvchisi, hamma narsaning Moliki va Egasi ekanini bildiradilar… Insonlarni Unga iymon keltirishga chaqiradilar… Yaxshilikka, goʻzal axloqqa va bir-biriga yordam berishga daʼvat qiladilar. Qiz bolalarni tiriklayin koʻmishning hamda sizlar qilayotgan boshqa har turli yomonlik, nohaqlik va zulmning qabihligini va ulardan saqlanish lozimligini bildiradilar». Soʻng u Islomni uzoq tushuntirdi. Qabilasining adashuvlarini birma-bir sanab chiqdi. Keyin ularning zararini va qabihligini soʻzlab berdi.
Uni tinglaganlar orasidan, qabila boshligʻi Haffof va Abu Zarrning oʻz birodari Unaysdan boshlab, juda koʻp kishi musulmon boʻldi.10
Kaʼba yonida Qurʼoni karimning ochiq oʻqilishi
Bir kuni sahobai kirom odam yoʻq bir joyda toʻplanib, oʻzaro suhbatlashib oʻtirardilar: «Allohga qasamki, Rasulullohdan boshqa hech kim bu qurayshlik mushriklarga Qurʼoni karimni ochiq eshittira olmadi. Ularga Qurʼoni karimni ochiq oʻqib eshittiradigan biror kishi bormikan?» – deyishdi. U yerda hazrati Abdulloh ibn Masʼud ham bor edi. U: «Men eshittiraman», – dedi. Sahobalarning baʼzilari: «Ey Abdulloh! Mushriklar senga zarar yetkazishidan qoʻrqamiz. Biz shunday bir kishini istaymizki, kerak boʻlganda uni mushriklardan himoya qila oladigan qavmi va qabilasi boʻlsin», – deyishganida, u: «Sizlar menga izn beringlar, boray. Janobi Haq meni asraydi», – deb soʻzida turib oldi. Ertasi kuni choshgoh paytida u Maqomi Ibrohimga bordi. Mushriklar u yerda toʻplangan edilar. Ibn Masʼud oyoqqa turib, «Bismillahir rohmanir rohim»ni aytdi-da, Rahmon surasini oʻqiy boshladi. Mushriklar bir-birlariga: «Ummu Abdning oʻgʻli nima deyapti? Muhammad keltirgan narsalarni oʻqiyapti, shekilli», – deb, unga tashlandilar. Musht, tepki va shapaloqlar bilan yuz-koʻzini koʻkartirib, tanib boʻlmas holga keltirdilar. Ammo u shapaloq va mushtlar ostida oʻqishda davom etdi. U yuz-koʻzi yara-jarohat ichida sahobai kiromning oldiga qaytdi. Sahobai kirom bundan qattiq qaygʻurdilar: «Sening shunday holga tushishingdan qoʻrqqan edik. Nihoyat, qoʻrqqanimiz boshingga tushdi», – dedilar. Ammo Abdulloh ibn Masʼud sira ham xafa emasdi. U: «Men Allohu taoloning dushmanlarini hech qachon bugungidek ojiz koʻrmagan edim. Istasangizlar, ertaga ertalab ularga yana shuncha eshittira olaman», – dedi. Sahobai kirom: «Yoʻq, senga shunisi ham yetadi. Sen u ashaddiy kofirlarga yoqtirmagan narsalarini eshittirding», – dedilar.11
Tufayl ibn Amrning musulmon boʻlishi
Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) Makkada Islomni ochiq yoya boshlagan yillarida kechayu kunduz odamlarga nasihat qilib, ularni Islom diniga daʼvat qilardilar. Makkalik mushriklar Rasulullohning bu saʼy-harakatlarini bekor qilish uchun tirishardilar. U zot aytganlarni qabul qilib, iymon keltirganlarga nisbatan har qanday yolgʻon, tuhmat va qiynoqni ravo koʻrardilar. Paygʻambarimiz bilan koʻrishgan, suhbatlashgan biror kishini koʻrsalar, darhol uning oldiga borar, u zotni tinglamasligi va aytganlariga ishonmasligi uchun har turli hiyla va yolgʻonga murojaat qilardilar. Tashqaridan Makkaga kelganlarni u zot bilan koʻrishtirmaslik uchun qoʻllaridan kelganini qilardilar. Musulmonlar mashaqqatda boʻlgan va kofirlardan aziyat chekayotgan bir paytda Makkaga Tufayl ibn Amr Davsiy keldi. Buni koʻrgan mushriklarning boshliqlari uning oldiga borib, shunday dedilar: «Ey Tufayl! Sen bizning yurtimizga kelding. Oramizdan chiqqan Abdulmuttalibning yetimining ajablanarli ishlari koʻp. Uning soʻzlari xuddi sehrga oʻxshaydi. U oʻgʻilni otasidan, birodarni birodaridan, erni xotinidan ajratyapti! Oʻrtaga tashlagan fikrlari bilan atrofni aralashtirib yubordi. Uning soʻzini eshitgan oʻgʻil otasiga qaramay, unga ergashyapti. Endi hech kim bir-birining gapiga quloq solmay, musulmon boʻlmoqda. Bizning boshimizga tushgan bu ayriliq balosi sening va qavmingning boshiga ham tushishidan qoʻrqamiz. Senga nasihatimiz shu: u bilan aslo gaplashma! Unga bir soʻz ham aytma, uning soʻzini ham tinglama. Aytganlariga quloq solma! Juda ehtiyot boʻl. Bu yerda koʻp ham qolma. Tezroq ketaver!» Bundan keyingi voqeani Tufayl ibn Amr shunday hikoya qiladi:
«Allohga qasamki, u zot haqni bildirmoqdalar, toʻgʻrisini soʻzlamoqdalar. U zotga ishonmaganlar – yolgʻonchilar, ular zalolatdadirlar» Hazrati Unays Gʻiforiy (roziyallohu anhu)
«Qasam ichamanki, ular buni shunchalik koʻp takrorladilarki, oxiri men u zot bilan gaplashmaslikka va soʻzlarini aslo tinglamaslikka qaror qildim. Hatto Kaʼbaga kirganimda, ehtiyot boʻlay, mabodo soʻzlarini eshitib qolmay, degan xavotirda quloqlarimga paxta tiqib olgan edim. Ertasi kuni ertalab Kaʼbaga bordim. Rasul alayhissalomning u yerda namoz oʻqiyotganlarini koʻrdim. U zotga yaqin bir joyda toʻxtadim. Janobi Haqning hikmati bilan u zot oʻqiyotgan oyatlarning baʼzilari qulogʻimga chalindi. Eshitgan soʻzlarim naqadar goʻzal edi! Oʻzimga oʻzim: „Axir men yaxshini yomondan ajrata olmaydigan odam emasman-ku. Ustiga-ustak, shoirman. Nega endi bu zotning aytganlarini tinglamasligim kerak? Soʻzlarini goʻzal deb topsam, qabul qilaman, yoqmasa, tark etaman“, – dedim. Bir chetga yashirinib, Rasululloh namozlarini oʻqib, uylariga ketgunlaricha oʻsha yerda kutib turdim. Soʻng u zotning orqalaridan bordim. U zot uylariga kirganlarida, men ham kirdim va: „Yo Muhammad alayhissalom! Men bu yurtga kelganimda, qavmingiz menga unday-bunday dedi… Sizdan uzoq yurishimni istadi. Qoʻrqqanimdan soʻzingizni eshitmaslik uchun quloqlarimga paxta tiqdim. Ammo Allohu taolo menga siz oʻqiganlardan bir qismini eshittirdi. Ularni juda goʻzal deb topdim. Endi menga nima demoqchi boʻlsangiz, bildiring! Qabul qilishga tayyorman“, – dedim. Rasululloh menga Islomni tushuntirdilar va Qurʼoni karimdan bir oz oʻqib berdilar. Qasam ichamanki, umrimda bundan goʻzalroq soʻz eshitmagan edim. Darhol kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻldim. Oʻshanda men shunday dedim: „Yo Rasulalloh! Men qavmim orasida soʻzi oʻtadigan, obroʻli kishiman. Ularning birortasi ham soʻzimdan chiqmaydi. Borib, ularni ham Islom diniga daʼvat qilay. Duo qiling, Allohu taolo men uchun bir alomat, bir karomat ato etsin! Qavmimni Islomga daʼvat qilganimda, oʻsha alomat menga bir yengillik, bir yordam boʻlsin!“ Bu iltimosimga javoban Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): „Ey Allohim! Unga bir oyat, bir alomat ato et!“ – deb duo qildilar. Shundan keyin men oʻz yurtimga qaytdim. Qorongʻi bir kechada qavmim yashaydigan buloq boshiga qaragan tepalikka yetganimda, peshonamda chiroqdek bir nur paydo boʻlib, atrofni yorita boshladi. Shunda men: „Ey Allohim! Bu nurni peshonamdan boshqa bir joyga koʻchir! Davs qabilasining johillari uni koʻrib, dinidan qaytgani uchun Alloh uning peshonasiga ilohiy jazo qilib buni chiqaribdi, deb oʻylab yurmasinlar!“ – deb duo qildim. Oʻsha nur darhol qoʻlimdagi qamchining uchiga koʻchib, chiroqdek osilib qoldi. Qabilamning manziliga yaqinlashib, tepalikdan pastga tusha boshlaganimda, u yerdagilar qoʻlimdagi qamchining uchida chiroqdek porlayotgan nurni bir-birlariga koʻrsatardilar. Shu holda tepalikdan tushib, uyimga keldim. Oldimga birinchi boʻlib otam keldi va meni shu holda koʻrdi. Meni juda yaxshi koʻrgani uchun boʻynimdan quchoqladi. Otam juda keksa edi. Men unga: „Otajon! Agar avvalgi holingizda qolsangiz, na men sizdanman, na siz mendansiz!“ – dedim. Bu soʻzimni eshitib, otam ajablandi va: „Nima sababdan, bolam?“ – deb soʻradi. Men unga: „Men endi Muhammad alayhissalom keltirgan dinga kirib, musulmon boʻldim“, – deb javob berdim. Shunda otam: „Bolam, men ham sen kirgan dinga kirdim. Sening dining mening ham dinim boʻlsin!“ – dedi-da, darhol kalimai shahodat keltirib, musulmon boʻldi. Shundan keyin men Islom dinidan bilganlarimni unga oʻrgatdim. Soʻng u yuvinib, toza kiyimlar kiydi. Keyin oldimga xotinim keldi. Unga ham xuddi shu soʻzlarni aytdim. U ham qabul qilib, musulmon boʻldi. Tong otgach, Davs qabilasi orasiga chiqdim. Islomni tushuntirib, hammalarini Islomga daʼvat qildim. Ammo ular qabul qilishga shoshilmadilar. Uzoq vaqt qarshilik qildilar. Gunoh va yomon ishlaridan qoʻl tortmadilar. Hatto bundan ham oʻtib, koʻz qisib, qosh uchirib meni masxara qildilar. Ribo va qimorga berilganlari uchun soʻzlarimni tinglamadilar. Islomga ergashishdan qochdilar. Allohga va Uning Paygʻambariga isyon qildilar.
Bir muddat oʻtgach, Makkaga keldim-da, qavmimni Rasulullohga shikoyat qilib: „Yo Rasulalloh! Davs qabilasi Allohu taologa isyon qildi. Islomga kirishlari uchun qilgan daʼvatimni qabul qilmadilar. Ular uchun duo qiling!“ – dedim. Har bir kishiga shafqatlari va marhamatlari cheksiz boʻlgan sevimli Paygʻambarimiz qoʻllarini koʻtarib, qiblaga yuzlandilar-da: „Yo Rabbim! Davs ahliga toʻgʻri yoʻlni koʻrsat va ularni Islom diniga keltir!“ – deb duo qildilar. Menga esa: „Qavmingga qayt. Ularni ochiq yuz va shirin soʻz bilan Islomga daʼvat qilishda davom et! Ularga yumshoq muomala qil!“ – dedilar. Men darhol yurtimga qaytdim va Davs ahlini Islomga daʼvat qilishdan bir lahza ham toʻxtamadim».12
Yarmarkalarda daʼvat
Har yili turli shaharlardan odamlar belgilangan kunlarda Kaʼbai muazzamani ziyorat qilish uchun Makkaga kelardilar. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) kelganlarni kutib olib, har bir guruhga Islomni tushuntirardilar. U zot ularga Allohu taoloning bir ekanini, oʻzlari haq paygʻambar ekanliklarini va najot shunda ekanini bildirardilar. Bir kuni Valid ibn Mugʻiyra mushriklarni toʻplab: «Ey qurayshliklar! Yana Kaʼbani ziyorat qilish mavsumi keldi. Muhammadning ovozi olamga yoyildi. Arab qabilalari uning oldiga kelib, shirin soʻzlariga moyil boʻlmoqdalar va diniga kirmoqdalar. Bunga qarshi bir chora oʻylash kerak. Hammamiz bir soʻzga kelaylik, u haqda har xil gapirib, bir-birimizni yolgʻonchi qilib qoʻymaylik», – dedi. Qurayshliklar: «Ey Abdu Shamsning otasi! Oramizda eng uzoqni koʻradigan kishi – sensan. Nima deylik desang, biz ham shuni deymiz», – dedilar. Valid: «Yoʻq, sizlar aytinglar, men tinglay», – degach, ular: «Kohin deylik», – dedilar. Valid darhol eʼtiroz bildirdi: «Yoʻq! Qasamki, u kohin emas. Biz koʻp kohinlarni koʻrganmiz. Ular rostni ham, yolgʻonni ham hech tortinmay gapiraveradilar. Muhammad oʻqiyotgan narsalar kohinlar toʻqigan narsalarga aslo oʻxshamaydi. Qolaversa, biz shu paytgacha Muhammaddan birorta yolgʻon eshitmadik. Agar shunday desak, hech kim ishonmaydi», – dedi. Bu safar ular: «Majnun, devona deylik», – dedilar. Valid yana eʼtiroz qildi: «Yoʻq! Qasamki, u majnun ham, devona ham emas. Biz devonalarni ham, majnunlarni ham bilamiz, devonalik alomatlarini ham anglaymiz. Unda na boʻgʻilish, na tipirchilab titrash, na vasvasaga tushish bor. Shunday desak, bizni yolgʻonchiga chiqaradilar», – dedi. Qurayshliklar: «Shoir deylik…» – dedilar. Valid yana eʼtiroz qildi: «U shoir ham emas! Biz sheʼrning har turini juda yaxshi bilamiz. U oʻqiyotgan narsalar sheʼrga aslo oʻxshamaydi», – dedi. Bu safar ular: «Sehrgar deylik», – dedilar. Valid: «U sehrgar emas. Biz sehrgarlarni ham, ular qiladigan sehrlarni ham koʻrganmiz, ularni ham bilamiz. Uning soʻzlarida sehrdan asar ham yoʻq. Muhammadning kalomi butun olamdan gʻolibdir. U nomaʼlum odam ham emas. Xalqni undan ajratib, u bilan gaplashishlariga toʻsqinlik qila olmaymiz. Qolaversa, fasohat va soʻz sanʼatida, goʻzal va maʼnoli gapirishda u barcha tengdoshlaridan oʻzib ketgan. Xullas, u haqda nima desak ham, xalq soʻzimiz yolgʻon ekanini anglaydi», – dedi. Aytishga soʻz topolmagan qurayshliklar: «Oramizda eng keksasi va tajribalisi – sensan, sen nima desang, biz shunga rozimiz», – dedilar.
«Paygʻambarimiz: „Yo Rabbim! Davs ahliga toʻgʻri yoʻlni koʻrsat va ularni Islom diniga keltir!“ – deb duo qildilar. Menga esa: „Qavmingga qayt! Ularni ochiq yuz va shirin soʻz bilan Islomga daʼvat qilishda davom et! Ularga yumshoq muomala qil!“ – dedilar» Tufayl ibn Amr (roziyallohu anhu)
Shundan keyin Valid ibn Mugʻiyra bir muddat oʻylab turdi-da, atrofidagilarni yoʻldan urib, shunday dedi: «Baribir hammasidan yaxshisi – uni sehrgar, jodugar deb ataylik, aqlga eng muvofigʻi shu. Chunki u soʻzlari bilan xalqni qavmidan va qarindoshlaridan ajratmoqda. Birodarni birodardan, ikki doʻstni bir-biridan sovutmoqda». Qurayshliklar darhol tarqalib, Makkada atroflariga toʻplagan odamlarga: «Muhammad – sehrgar!…» – dedilar va buni xalq orasiga yoydilar. Kaʼbani ziyorat qilish uchun qabilalar kela boshlagach, ularning oldidan chiqib, Paygʻambarimiz bilan koʻrishishdan ogohlantirmagan birorta kishini qoldirmadilar. Mushriklarning bu qilmishlari tufayli butun arab yurtlarida Islomga qiziqish uygʻondi, koʻngillarda butlarga nisbatan shubha va savollar tugʻila boshladi. Allohu taolo kofir Valid ibn Mugʻiyraga achchiq azoblar tottirishi haqida oyati karimalar nozil qildi. Jumladan, Muddassir surasining 11–29-oyati karimalarida shunday deyildi, maʼnosi: «(Ey Rasulim!) Men yolgʻiz (boylikdan mahrum holda) yaratgan kimsaning (Valid ibn Mugʻiyra kabi bir kofirning) ishini (jazosini) Menga qoʻyib bering! (U kofirga loyiq jazosini Men beray.) Men unga juda koʻp mol berdim (hech narsaga ega boʻlmagan oʻsha noshukr kimsaga qanchadan-qancha bogʻlar, boʻstonlar, mol-mulklar ato etdim, keyin uni koʻp neʼmatlarga yetkazdim). Men unga doim yonida hozir turadigan oʻgʻillar berdim (uni kuzatib-qoʻriqlaydigan, unga qilinadigan tajovuzni shu zahoti qaytarishga shay turadigan kuchli-quvvatli oʻgʻillar). Men unga hamma narsani oson qildim, juda katta imkoniyatlar ato etdim (hamma narsani osongina qoʻlga kiritadigan holga keltirdim, yoʻlini ochib qoʻydim. Makkada u yuksak martabaga erishdi. Unga «Rayhonatul Arab» laqabi berildi. U oʻzini qavmiga juda saralangan bir kishi qilib koʻrsatardi). Soʻngra u (oʻsha ochkoʻz, noshukr kimsa) bu imkoniyatlardan keyin ham (mol-mulki va farzandlarini) yanada koʻpaytirishimizni istaydi (ochkoʻzlik bilan soʻraydi, erishgan neʼmatlarining qadrini bilib, shukrini ado etishga urinmaydi). Yoʻq! Uning istaklari aslo berilmaydi! (Oʻsha inkorchining, oʻsha ochkoʻzning orzusi roʻyobga chiqmaydi; uning moli ham, farzandlari ham koʻpaytirilmaydi.) Chunki u Bizning oyatlarimizga qarshi oʻta oʻjarlik qildi. Men uni jahannamda oyoq ilinmaydigan silliq qoyatosh ustiga qattiq sudrayman (jahannamning shiddatli va alamli azobi ichida uni loyiq jazosiga giriftor qilaman), uni mashaqqat va azob ichiga solaman! (Bir kuni Paygʻambarimiz Kaʼbada Qurʼoni karimni ovoz chiqarib oʻqiyotganlarida, oyati karimalarning taʼsiri unda chuqur iz qoldirdi. U qurayshliklarning oldiga borib: „Muhammad oʻqigan bir kalomni eshitdim. Bu inson va jin soʻzi boʻlishi mumkin emas. Bu soʻz sheʼr emas, kohin soʻzi ham emas. Bu inson yolgʻon ham gapirmaydi. Men koʻp ixcham va hikmatli soʻzlarni eshitgan odamman. Ammo uni hech narsaga oʻxshata olmadim. Sizlar uning biror marta yolgʻon gapirganini koʻrganmisiz?“ – degach, qurayshliklarni katta xavotir bosdi va ular: „Voy! Bu aqlli, bu boy, bu nufuzli odamni ham qoʻldan chiqardik! Muhammadning (sallallohu alayhi vasallam) soʻzlari bunga ham taʼsir qilibdi“, – dedilar. Uning oldiga darhol Abu Jahlni yubordilar. Abu Jahl kelib: „Nima boʻldi, seni bunchalik mahzun, gʻamgin koʻryapman? Muhammadning sehri senga ham taʼsir qildimi yoki uning mol-mulkidan ortib qolgan biror narsa senga ham tegdimi? Biz oʻzaro kelishib oldik: agar mol-mulkka koʻz tikkan boʻlsang, senga istaganingcha mol-mulk beramiz. Sen bunday adashgan yoʻllarga kirma“, – dedi. Valid ibn Mugʻiyra: „Qurayshning eng boyi – menman. Menga qanday qilib shunday narsani taklif qilasizlar?“ – dedi. Abu Jahl: „Mayli! Unday boʻlsa, nega u oʻqigan Qurʼon haqida maqtovga toʻla soʻzlar aytding?“ – dedi.) (Shundan keyin oʻsha inkorchi kimsa Rasulullohdan eshitgan Qurʼoni karimga til tekkizish uchun) xayolida baʼzi narsalarni jonlantirdi (oʻylab-oʻylab koʻrdi) va ketidan bir baho chiqardi (oʻylaganining natijasini bayon qildi). Halok boʻlgur (oʻlgur), qanday ham baho berdi-ya! (Izchil boʻlmagan, oʻzi bir oldin aytganini rad etadigan, aslo boʻlmaydigan bir baho oʻrtaga tashladi. Bu odam aytgan soʻzlarini taʼvil qilish zarurligini sezdi: bu aytgan soʻzlarimni ularga qanday izohlay olaman, deb oʻyladi.)
«Yoʻq, men yana borib oʻqiyman. Mushriklarni ilk bor shunday ayanchli holda koʻrdim. Ularning ojizligi meni juda sevintirmoqda. Menga qilingan qiynoqlardan ogʻriq sezmayapman» Abdulloh ibn Masʼud (roziyallohu anhu)
Yana halok boʻlgur, qanday (dahshatli) baho chiqardi-ya! Soʻngra u qaradi (masalaga diqqat bilan tikildi, uni butunlay oʻz izmiga olish uchun masala ustida yana chuqur tafakkur qildi). Soʻngra qovogʻini soldi va yuzini burishtirdi. Soʻngra u haqdan yuz oʻgirdi va kibrlandi. Va dedi: „Bu – insonlardan meros boʻlib kelayotgan (doimo biridan boshqasiga koʻchib yuradigan) bir sehrdan boshqa narsa emas. Bu faqat inson soʻzidir!“» (Holbuki oʻsha kimsa avval qavmi orasida Qurʼoni karim ajoyib bir kalom ekanini, inson va jin soʻzlariga oʻxshamasligini eʼtirof etgan edi. Soʻngra u inkorchi kimsa qavmini rozi qilish uchun soʻzini oʻzgartirib, Qurʼoni karim haqida unga aslo loyiq boʻlmagan tuhmatlar qildi. Shu tariqa oʻzini ilohiy azobga munosib qildi. Allohu taolo shunday marhamat qildi:) «Men uni jahannamga (Saqarga, shiddatli olovning ichiga) kiritaman. Saqar nimaligini bilasizmi? (Shiddatli olovning nima ekanini siz qayerdan bilardingiz? Uning xususiyatlari haqida maʼlumotingiz bormi?) U na qoldiradi, na tark etadi! (Insonni na oʻldiradi, na tirik qoldiradi; ichiga kirganlarni na chiqaradi, na azobdan toʻxtaydi.) Insonning butun terisini shiladi (kuydirib, qoraytirib yuboradi) va suyaklarini ochib tashlaydi».
Mushriklarning Qurʼoni karimni tinglashlari
Mushriklarning koʻzga koʻringanlari turli hiylalar va zulm bilan odamlarning iymon keltirishiga toʻsqinlik qilardilar. Ular Makka ahlini Muhammad alayhissalom oʻqiydigan oyati karimalarni tinglashdan man etardilar. Oʻzlari esa kechalari yashirincha sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning uylari yoniga kelib, bir burchakka yashirinib tinglardilar. Tong otib, atrof yorisha boshlagach, mushriklarning koʻzga koʻringanlari kechasi bir-birlaridan bexabar holda Qurʼoni karimni tinglagani kelganlarini koʻrib, bir-birlarini ayblashar va: «Bundan keyin bunday qilmaylik», – deyishardi. Ammo ertasi kechasi yana bir-birlaridan bexabar borib, bir burchakka yashirinib, yana tinglardilar. Tong otgach, bir-birlarini koʻrib hayron qolardilar. Bundan keyin bunday qilmaslikka qasam ichib ajralishar, ammo bundan oʻzlarini tiya olmasdilar. Biroq ular nafslariga ergashdilar, oʻzlarini yuqori tutdilar, boshqa mushriklarning malomatidan hayiqdilar, yana koʻplab boʻsh xayollarga berildilar va iymon keltirmadilar. Boshqalarga ham toʻsqinlik qildilar. Ustiga-ustak, koʻchalarda: «Muhammad – sehrgar», – deb baqirdilar. Bir kuni kechga yaqin mushriklar Kaʼba atrofida toʻplanib: «Muhammadni chaqirtirib, bu masalani gaplashib olaylik! Toki keyin bizni ayblashmasin, uzrli deb bilishsin», – deyishdi-da, Rasulullohga (sallallohu alayhi vasallam) xabar yubordilar. Bu daʼvatdan keyin Paygʻambarimiz Kaʼbaga kelib, mushriklarning roʻparasiga oʻtirdilar. Mushriklar shunday deyishdi: «Ey Muhammad! Senga odam yuborishimizdan maqsad – sen bilan kelishib olish. Qasamki, arablar orasida sendek qavmining boshini baloga qoʻygan kishini koʻrmadik! Sen dinimizni ayblading! Ilohlarimizga til tekkizding! Aqllarimizni pisand qilmading! Birligimizni buzib, bizni bir-birimizga dushman qilding! Boshimizga keltirmagan yomonliging qolmadi! Agar bu harakatlaring va soʻzlaring bilan boy boʻlishni istasang, senga istaganingdan ham koʻp mol yigʻib beramiz. Shon-sharaf qozonishni istasang, seni oʻzimizga boshliq qilib olamiz. Podshoh boʻlishni istasang, podshoh ekaningni eʼlon qilib, atrofingga toʻplanamiz. Agar biror narsaning taʼsiri ostida qolgan boʻlsang, seni undan qutqaramiz. Agar bu jinlardan kelgan bir kasallik boʻlsa, bor-budimizni sarflab boʻlsa ham, uning shifosini izlaymiz!…» Olamlar sarvari ularni sabr bilan tinglab boʻlgach, shunday ulugʻ javob berdilar: «Ey qurayshliklar! Sizlar aytgan narsalarning hech biri menda yoʻq. Men sizlarga keltirgan narsalarim bilan na mollaringizni soʻrash, na orangizda katta shon-sharaf qozonish, na ustingizdan podshoh boʻlish uchun keldim. Aksincha, Allohu taolo meni sizlarga paygʻambar qilib yubordi va menga bir Kitob nozil qildi. U menga sizlar uchun (qabul qilganlaringiz uchun jannat bilan) xushxabar beruvchi va (qabul qilmaganlaringiz uchun jahannam bilan) ogohlantiruvchi boʻlishimni buyurdi.
Men ham Rabbimning bu amrini sizlarga yetkazdim, sizlarga nasihat qildim. Agar keltirganimni qabul qilsangizlar, u sizlarga dunyoda ham, oxiratda ham nasiba va ozuqa boʻladi. Agar qabul qilmay, rad etsangizlar, Allohu taolo men bilan sizlarning orangizda Oʻz hukmini chiqargunicha menga lozim boʻlgan ish – Janobi Haqning amrini bajo keltirish uchun har bir mashaqqatga koʻkrak kerib bardosh berishdir…» Abu Jahl, Umayya ibn Xalaf va boshqa mushriklar shunday deyishdi: «Yo Muhammad! Tirikchilik borasida bizdan koʻra ogʻirroq sharoitda yashaydigan biror kishi yoʻqligini bilasan. Modomiki paygʻambar ekansan, Rabbingdan soʻra: bizni qisib turgan, tirikchiligimizni ogʻirlashtirgan mana bu togʻlarni yoʻq qilib, uzoqlashtirsin! Yurtimizni kengaytirib, unda Shom va Iroq daryolari kabi daryolar oqizsin! Yana Qusay ibn Kilobdan boshlab oʻtgan bobolarimizdan baʼzilarini tiriltirsin! Qusay ibn Kilob rostgoʻy, ulugʻ bir kishi edi. Aytganlaring haqmi, botilmi – undan soʻraylik! Agar u seni tasdiqlasa va biz soʻraganlarni qilsang, biz ham seni tasdiqlaymiz. Shu tariqa Rabbing huzuridagi martabangni ham bilib olamiz. Agar biz uchun bularni qilmasang, oʻzing uchun Rabbingdan biror narsa soʻra. Aytganlaringni tasdiqlaydigan, bizni sendan qaytaradigan bir farishta yuborishini soʻra! Yana Rabbing senga bogʻlar, qasrlar, xazinalar bersin-da, tirikchilik tashvishidan qutul! Axir sen ham xuddi biz kabi bozorlarda yurasan, tirikchilik uchun urinasan!…» Faxri olam ularga shunday dedilar: «Men sizlarga bular bilan yuborilganim yoʻq. Allohu taolo meni nima bilan yuborgan boʻlsa, men sizlarga Janobi Haq tarafidan faqat shuni keltirdim. Uni sizlarga yetkazdim. Men (mol-mulk berishi uchun) Rabbimdan tilak tilaydigan odam emasman… Allohu taolo meni (keltirganlarimni qabul qilganlaringiz uchun jannat bilan) xushxabar beruvchi va (qabul qilmay, rad etganlaringiz uchun jahannam bilan) ogohlantiruvchi qilib yubordi». Shundan keyin mushriklar: «Modomiki Rabbing istasa, hamma narsani albatta qilar ekan, soʻra-chi, mana bu osmonni parchalab, ustimizga tushirsin!… Sen buni qilmaguningcha, biz senga ishonmaymiz!» – deyishdi. Paygʻambarimiz: «Bu ish – Allohu taologa tegishlidir. Agar U sizlarga buni qilishni istasa, albatta, qiladi», – dedilar. Shunda mushriklar yanada haddan oshib: «Ey Muhammad! Rabbing bizning sen bilan oʻtirishimizni, sendan nimalarni soʻrashimizni, sendan nimalarni talab qilishimizni bilmasmidi, senga oldindan xabar berib, oʻrgatib qoʻymadi? Sen yetkazganlarni qabul qilmasak, bizga nima qilishini nega bildirmadi?… Soʻzlaringning rostligiga farishtalarni bizga guvoh qilib keltirmaguningcha, senga ishonmaymiz… Endi sening oldingda hech qanday masʼuliyatimiz qolmadi. Qasamki, endi yoqangni qoʻyib yubormaymiz! Yo biz seni yoʻq qilamiz, yoki sen bizni…» – deyishdi. Sevimli Paygʻambarimiz ularning u zotga yaqinlashish oʻrniga butunlay uzoqlashayotganlarini koʻrib, oldilaridan ketdilar.13 Makkalik mushriklar Koinot sultonini rad etganlari sababli Allohu taolo Jabroil alayhissalom orqali vahiy yuborib, ularga oyati karimalar bilan javob berdi. Ularning duchor boʻladigan achchiq azoblarini bildirdi. Anʼom surasining 4-oyati karimasidan 11-oyati karimasigacha shunday deyildi, maʼnosi: «Ularga Rabbilarining oyatlaridan biror oyat (Qurʼoni karim oyatlaridan bir oyat, dalillardan bir dalil yoki moʻjizalardan bir moʻjiza) kelmaydiki, ular undan yuz oʻgirmagan boʻlsalar.
«Yovvoyi, qalbi qattiq johillar sizga iymon keltirmaydi. Ularning koʻpi munofiqdir» Tavba: 97
Mana, Haq (Qurʼoni karim) ularga kelganda, uni yolgʻonga chiqardilar, rad etdilar. Ammo yaqinda ularga oʻzlari masxara qilib kelgan narsaning xabari (jazosi) keladi. Ular (Makka ahli) oʻzlaridan oldin qanchadan-qancha avlodlarni halok qilganimizni koʻrmadilarmi? Aniq bilmadilarmi? Biz ularga sizlarga bermagan barcha imkoniyatlarni bergan edik. Osmondan ularning ustiga moʻl-koʻl yomgʻirlar yuborgan edik. (Bogʻlari, boʻstonlari va qasrlarining) ostidan anhorlar oqizib qoʻydik. Soʻngra ularni (bu neʼmatlarga shukr qilmaganlari va) gunohlari sababli halok qildik. Ularning oʻrniga boshqa-boshqa avlodlarni yaratdik. Agar Biz sizga qogʻozda yozilgan bir kitob nozil qilganimizda va ular uni qoʻllari bilan ushlab koʻrganlarida ham, oʻsha kofirlar oʻjarliklari tufayli: „Bu ochiq-oydin sehrdan boshqa narsa emas“, – degan boʻlardilar. Yana ular: „Qani endi unga (Muhammad alayhissalomga) (biz ham koʻra oladigan) bir farishta yuborilsa edi (va bizga uning paygʻambar ekanini aytsa edi)!“ – dedilar. Agar Biz bir farishta yuborganimizda (va ular baribir iymon keltirmaganlarida), ish, albatta, bitirilgan boʻlardi (ularning hammasini halok qilish haqida hukm chiqarilgan boʻlardi). Soʻngra ularga koʻzni ochib-yumguncha ham muhlat berilmas, ularga qarab ham turilmas edi. Agar Biz uni (Paygʻambarni) farishta qilganimizda, albatta, uni baribir erkak kishi (suratida) koʻrsatgan va ularni hozir tushib turgan shubhalariga yana tushirgan boʻlardik. Qasamki, sizdan oldingi paygʻambarlar ustidan ham masxara qilib kulingan va masxara qilgan narsalarining jazosi boʻlgan balo va azob ularni har tomondan oʻrab olgan. Ayting: „Yer yuzida kezinglar, soʻngra qaranglar: paygʻambarlarni yolgʻonchiga chiqarganlarning oqibati qanday boʻldi?“» Furqon surasining 7–10-oyati karimalarida ham shunday deyildi, maʼnosi: «Kofirlar: „Bu qanday paygʻambar? Xuddi bizga oʻxshab yeb-ichadi, koʻchalarda yuradi. Paygʻambar boʻlganida, unga farishta kelardi. Uning yordamchilari boʻlar, ular ham bizga xabar berar, bizni jahannam bilan qoʻrqitardilar. Yoki Rabbi unga pul xazinalari yuborar, yoki uning mevali bogʻlari, yerlari boʻlib, istaganini yerdi“, – dedilar. U zolimlar bir-birlariga: „Agar sizlar unga ergashsangizlar, sehrlangan bir odamga ergashgan boʻlasizlar“, – dedilar. (Ey Habibim!) Qarang, ular siz haqingizda qanday yomon misollar keltirib, haq yoʻldan adashdilar, zalolatga tushdilar. Endi ular zalolatdan chiqib, hidoyatga yoʻl topa olmaydilar. Allohu taoloning shaʼni naqadar ulugʻdir! U istasa, sizga (dunyoda) bulardan ham yaxshiroq boʻlgan, ostidan anhorlar oqib turadigan bogʻlar, boʻstonlar beradi, siz uchun qasrlar quradi!» 21-oyati karimada ham shunday deyildi, maʼnosi: «Biz bilan uchrashishni umid qilmaydiganlar: „Qani endi bizga farishtalar tushirilsa edi (va Muhammadning toʻgʻri soʻzlayotganini xabar bersa edi), yoki Rabbimizni koʻrsak edi!“ – dedilar. Qasamki, ular oʻzlarini juda katta tutdilar va katta tugʻyon bilan haddan oshdilar…» Sabaʼ surasining 9-oyati karimasida shunday deyildi, maʼnosi: «Agar Biz istasak, ularni (ochiq oyatlarimizni koʻrib turib yolgʻonga chiqarganlari sababli, Qorun kabi) yerga yuttirib yuborardik yoki (Ayka ahliga qilganimiz kabi) ustlariga osmondan parchalar tushirardik». Isro surasining 97-oyati karimasida ham shunday deyildi, maʼnosi: «…Biz ularni qiyomat kuni koʻr, soqov va kar holda yuztuban toʻplaymiz! Ularning boradigan joyi – jahannamdir, uning olovi pasaygan sari, Biz uning alangasini orttirib turamiz!» Oʻzlari haqida nozil boʻlgan oyati karimalarni eshitgach, mushriklar dushmanliklarini yanada kuchaytirdilar.
Ayniqsa, Ubay ibn Xalaf va uning birodari Umayya Rasulullohni juda ranjitardilar. Baxtsiz Ubay chirib ketgan bir suyakni olib, Paygʻambarimizning yuksak huzurlariga keldi. U: «Ey Muhammad! Bu suyak chirib ketgandan keyin uni Allohing tiriltirar ekan, shundaymi? Demak, sen bu suyakni chirib ketgandan keyin Rabbing tiriltiradi, deb oʻylaysan, a!» – dedi-da, suyakni uqalab tashladi. Soʻng uning changini sevimli Paygʻambarimiz tomon pufladi. U soʻzida davom etib: «Yo Muhammad! Buni shunday chirib ketgandan keyin kim tiriltira olar ekan?» – dedi. Paygʻambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Ha. Allohu taolo seni ham, uni ham oʻldiradi… Soʻngra seni tiriltiradi va jahannamga kiritadi». Bu voqea sababli Janobi Haq quyidagi oyati karimalarni nozil qildi. Maʼnosi: «U (inkorchi) inson uni bir nutfadan yaratganimizni koʻrmadimi, aniq bilmadimi? Shunday boʻlsa ham, u ochiq-oydin bir xusumatchiga aylanib qoldi. Oʻzining yaratilishini unutib, Bizga: „Chirib, toʻzib ketgan bu suyakni kim tiriltiradi?“ – deb misol keltirdi. (Ey Rasulim!) Ayting: „Ularni (yoʻq ekanida) ilk bor yaratgan (Allohu taolo) tiriltiradi va U har bir yaratilganni yaxshi biluvchidir. U (Allohu taolo) sizlar uchun yam-yashil daraxtdan olov chiqargan Zotdir, mana, sizlar undan olov yoqasizlar. Osmonlaru yerni yaratgan Zotning ularning oʻxshashini yaratishga kuchi yetmaydimi? Albatta, yetadi. U hamma narsani yaratuvchi, hamma narsani biluvchidir…“»14
Xolid ibn Saʼidning iymoni
Islomga daʼvatning ilk paytlarida Xolid ibn Saʼid bir tush koʻrdi. Tushida u jahannamning chetida turganmish, otasi esa uni itarib yubormoqchi boʻlibdi. Xuddi shu payt u Paygʻambarimiz uni belidan tutib, jahannamga qulashdan qutqarganlarini koʻrdi. U faryod qilib uygʻonib ketdi va: «Allohga qasamki, bu tush – haq», – dedi. Tashqariga chiqqach, hazrati Abu Bakrga duch kelib, tushini aytib berdi. Hazrati Abu Bakr unga: «Tushing haq, bu zot – Allohu taoloning paygʻambari. Hoziroq bor-da, u zotga ergash! Sen u zotga ergashasan, u zot keltirgan dinga kirasan va u zot bilan birga boʻlasan. U zot esa seni, tushingda koʻrganingdek, jahannamga qulashdan saqlaydilar. Otang esa jahannamda qoladi!» – dedi.
Hazrati Xolid ibn Saʼid tushning taʼsirida edi. Vaqtni boy bermay, darhol Ajyod degan joyga, Muhammad alayhissalomning huzurlariga bordi va: «Yo Muhammad! Siz odamlarni nimaga daʼvat qilyapsiz?» – deb soʻradi.
Paygʻambarimiz unga shunday javob berdilar: «Men insonni sherigi va oʻxshashi boʻlmagan yagona Allohga va Muhammadning (alayhissalom) Uning quli va paygʻambari ekaniga iymon keltirishga, eshitmaydigan, koʻrmaydigan, hech qanday zarar ham, foyda ham bermaydigan, oʻziga sigʻinganlarni ham, sigʻinmaganlarni ham bilmaydigan allaqanday tosh parchalariga sigʻinishdan voz kechishga daʼvat qilaman».
Shunda Xolid ibn Saʼid darhol: «Men ham guvohlik beramanki, Allohu taolodan boshqa sigʻinishga loyiq iloh yoʻq, yana guvohlik beramanki, siz Allohu taoloning paygʻambarisiz!» – deb musulmon boʻldi. Uning musulmon boʻlishi Paygʻambarimizni juda sevintirdi. Uning ortidan xotini Umayya ham musulmon boʻlish sharafiga muyassar boʻldi. Hazrati Xolid ibn Saʼid birodarlarining ham musulmon boʻlishini istar va buning uchun harakat qilardi. Ulardan Umar ibn Saʼid ham musulmon boʻlgan edi.
«Biz ularni qiyomat kuni koʻr, soqov va kar holda yuztuban toʻplaymiz! Ularning boradigan joyi – jahannamdir, uning olovi pasaygan sari, Biz uning alangasini orttirib turamiz!» Isro: 97
Otasi Abu Uhayha Islomning ashaddiy dushmani edi. U Xolid bilan Umarning musulmon boʻlganini va Makkaning odam yoʻq bir joyida namoz oʻqiganlarini bilgach, bolalaridan musulmon boʻlmaganlarini yuborib, ularni oldiga oldirib keldi. Soʻng ularga yangi kirgan dinlaridan chiqishni buyurdi. Ularni koyib, ura boshladi.
Soʻng Xolid ibn Saʼidga: «Sen Muhammadga ergashdingmi? Holbuki uning qavmiga qarshi ish tutayotganini va keltirgan dini bilan butlarimizni, ota-bobolarimizni haqorat qilayotganini koʻrib turibsan!» – dedi.
Hazrati Xolid ibn Saʼid: «Allohga qasamki, Muhammad alayhissalom rost soʻzlamoqdalar. Men u zotga ergashdim. Oʻlsam oʻlaman, dinimdan qaytmayman!» – degach, otasining gʻazabi yanada oshdi. U uni tayoq sinib ketguncha urdi-da: «Ey yaramas oʻgʻlim! Istagan joyingga ket. Qasamki, senga bir burda non bermayman!» – dedi. Hazrati Xolid: «Siz mening rizqimni kessangiz, Allohu taolo, albatta, rizqimni ato etadi», – dedi.
Otasi boshqa bolalarini: «Agar orangizdan birortangiz u bilan gaplashadigan boʻlsa, unga qilganimdan battarini sizlarga qilaman», – deb qoʻrqitdi. Hazrati Xolidni esa uyning yertoʻlasiga qamatib qoʻydi va uni uch kun Makkaning jaziramasida och-nahor qoldirdi.
Hazrati Xolid ibn Saʼid bir ilojini topib, otasining qoʻlidan qutuldi. Otasi ogʻir kasallikka chalindi. Abu Uhayha kasal yotgan joyida Islomga boʻlgan dushmanligi tufayli shunday derdi:
«Bu kasaldan qutulib oyoqqa tursam, Makkadagi har bir kishi bizning butlarimizga sigʻinadi. Hech kim ulardan boshqasiga ibodat qila olmaydi!…» Hazrati Xolid otasining haq dinga boʻlgan dushmanligi barham topishi va musulmon birodarlariga zarar yetkazmasligi uchun qoʻllarini koʻtarib: «Ey olamlarni yaratgan Allohim! Otamni bu kasaldan turgʻizma!» – deb duo qildi. Janobi Haq uning duosini qabul qildi: Abu Uhayha kasal toʻshagidan turolmay oʻldi.
Musʼab ibn Umayrning musulmon boʻlishi
Musʼab ibn Umayr (roziyallohu anhu) Qurayshning asil va badavlat bir oilasiga mansub edi. Paygʻambarimizning muborak soʻzlarini eshitgach, qalbida u zotga katta muhabbat paydo boʻldi. U zotga yetishish orzusi bilan yonib-kuyardi. Nihoyat, u Dorul Arqamga borib, musulmon boʻldi. Buni eshitgan onasi va otasi uni hamma narsadan mahrum qilib, qiynay boshladilar. Dinidan qaytarish uchun uni uylaridagi yertoʻlaga qamab, kunlab och-nahor qoldirdilar. Arabistonning kuydiruvchi quyoshi ostida uni ogʻir, bardosh berish qiyin boʻlgan qiynoqlarga soldilar. Ammo hazrati Musʼab ibn Umayr bu ogʻir va shafqatsiz qiynoqlarga sabr qilib, Islomdan qaytmadi.
Hazrati Musʼab musulmon boʻlishidan oldin oilasining boyligi tufayli farovonlik va toʻkinchilik ichida oʻsgan edi. Hamma unga havas qilardi. Musulmon boʻlgach, oilasi uni hamma narsadan mahrum qildi va qiynoqlarga soldi. Dini uchun har qanday mashaqqatga chidagan Musʼab ibn Umayr bir kuni Rasulullohning huzurlariga keldi. Uning bu kelishini hazrati Ali shunday hikoya qilgan: «Rasululloh bilan oʻtirgan edik. Shu payt Musʼab ibn Umayr kirib keldi. Ustida yamoqli bir kiyim bor edi, holi ayanchli edi. Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) uning bu holini koʻrganlarida muborak koʻzlari yoshga toʻldi. Musʼab buncha qiynoq va faqirlikka qaramay dinidan qaytmagani uchun Rasululloh shunday dedilar: „Qalbini Allohu taolo nurlantirgan mana bu kishiga qaranglar. Men onasi va otasi uni eng yaxshi taomlar va ichimliklar bilan boqib turganlarini koʻrganman. Allohu taologa va Uning Rasuliga boʻlgan muhabbat uni sizlar koʻrib turgan holga keltirdi“».
«Allohim! Ularning gunohlarini kechir! Chunki ular nima qilayotganlarini bilmaydilar» Hadisi sharif
Haqni zikr et, yona-yona!
Yetishgaysan koʻp ehsonga,
Ochilgay har eshik senga,
Ayon boʻlgay Jamolulloh.
Shamsi Tabriz buni bilur:
Olam qolmas, fano boʻlur,
Barcha maxluq yoʻq boʻlur,
Faqat boqiy qolur Alloh.
Salotulloh, salomulloh,
Alayka yo Rasulalloh.
Habashistonga hijrat
