BIʼSATLARI1 VA DAʼVATLARI
Olamlar sarvari (sallallohu alayhi vasallam) oʻttiz yetti yoshlarida gʻoyibdan oʻzlarini: «Yo Muhammad!» – deb chaqiradigan ovozlarni eshitar edilar. Oʻttiz sakkiz yoshga kirganlarida baʼzi nurlarni koʻra boshladilar. Hollarini faqat hazrati Xadicha onamizga aytib berar edilar. Muhammad alayhissalomga paygʻambarlik bildiriladigan vaqt yaqinlashganda (taxminan oʻn yil oldin), zamonasining mashhur adiblaridan Quss ibn Soida Ukoz yarmarkasida tuya ustida katta olomon oldida oʻqigan xutbasida u zotning kelishlari haqida xushxabar bergan edi. Sevimli Paygʻambarimiz ham bu xutbani tinglaganlar orasida edilar. Quss ibn Soida bu mashhur xutbasining bir qismida shunday degan:
«Ey insonlar! Kelinglar, tinglanglar, kutinglar, ibrat olinglar! Yashagan oʻladi, oʻlgan yoʻq boʻladi, boʻladigani boʻladi!… Quloq solinglar, yaxshi tinglanglar! Osmonda xabar bor, yerda ibrat oladigan narsalar bor!… Alloh huzurida bir din bor!… Va Allohning keladigan bir paygʻambari bor. U zotning kelishlari juda yaqin. U zotning soyasi allaqachon boshingiz ustiga tushdi. U zotni tinglaganlar va u zotga iymon keltirganlar naqadar muborakdir! U zotga isyon va muxolifat qilgan badbaxtning holiga voy! Umrlari gʻaflat bilan oʻtgan ummatlarga hayflar boʻlsin!…»
Oʻsha paytda Arabistonda odamlar ilohiy mezonlardan uzoqlashib, boy va kambagʻal, kuchli va zaif, xoʻjayin va qul kabi tabaqalarga boʻlinib ketgan edilar. Avvalgilari keyingilarini oʻz hukmronligi ostida ezar, ularni odam oʻrnida ham koʻrmas edilar. Zaiflarning mollarini zoʻrlik bilan qoʻllaridan tortib olar edilar, bunga toʻsqinlik qiladigan biror hokimiyat yoʻq edi. Allohu taologa iymon keltirish beradigan hayo va qoʻrquv tuygʻusidan mahrum boʻlganlari uchun fazilatdan juda uzoqlashgan edilar. Har turli axloqsizlik, or-nomusni oyoq osti qilish kabi pastkash ishlar bemalol qilinar, qimor, ichkilik, aysh-ishrat bazmlari hech kimga gʻalati tuyulmas edi. Keti uzilmaydigan qotilliklar, zino va bosqinlar atrofni yondirib-kuydirar, begunoh insonlarning ingrashlari va alamli faryodlari Arshni larzaga keltirar edi. Axloq jihatidan toʻla tanazzul hukm surar, odamlar jaholat dengizida gʻarq boʻlar edilar. Ayolni oddiy bir mol kabi olib-sotar, qiz bolalarni tiriklayin, shafqatsizlarcha tuproqqa koʻmar edilar. Eng yomoni, qalbi qattiq, oʻjar va marhamatdan yiroq bu odamlar oʻz qoʻllari bilan yasagan, na foyda, na zarar yetkaza olmaydigan butlarga sigʻinishni katta sharaf deb bilar edilar.
Odam alayhissalomdan beri dunyoda bunday vahshiylik, adashish, axloqsizlik, iymonsizlik va buzuqlik koʻrilmagan edi. Odamlar goʻyo yirtqich hayvonlarga aylangan edilar. Har kim bir-biriga dushman, jamiyat har lahza portlashga tayyor holatda edi. Odamlar tinchlikka erishishlari uchun bu zulmat ichida bir saodat quyoshining chiqishi kerak edi. U chiqqach, iymonsizlikning oʻrnini iymon, zulmning oʻrnini adolat, jaholatning oʻrnini ilm egallar va insonlar abadiy saodatga erishar edilar.
Nihoyat, sevimli Paygʻambarimizga avval toʻgʻri tushlar koʻrsatila boshlandi. Hadisi sharifda vahiy dastlab toʻgʻri tush bilan boshlangani bildirilgan. Tushlarida koʻrganlari aynan oʻngidan kelar edi. Bu hol olti oy davom etdi. Vahiy kelishi yaqinlashganda, «Yo Muhammad!» degan ovozlar koʻpaydi. Shundan keyin u zot yolgʻizlikni sevib, odamlardan uzoqlashib, Hiro togʻidagi bir gʻorda tafakkurga choʻma boshladilar. Baʼzan Makkaga kelar, Kaʼbani tavof qilar va saodatxonalariga borar edilar. Saodatli xonadonlarida bir muddat boʻlgach, yonlariga bir oz ozuqa olib, yana Hiro togʻidagi gʻorga qaytar, tafakkur va ibodat bilan mashgʻul boʻlar edilar. Baʼzan u yerda kunlab qolar edilar. Oʻshanda hazrati Xadicha u zotga ozuqa yuborar yoki oʻzi olib borar edi.2
Muhammad alayhissalom Hajarul asvadni muborak xirqalarining ustiga qoʻyib: «Har bir qabiladan bir kishi uning bir chetidan ushlasin», – dedilar Sevimli Paygʻambarimiz Muhammadul Amin (sallallohu alayhi vasallam)
Ilk vahiy
Paygʻambarimiz qirq yoshlarida yana Ramazon oyida Hiro togʻidagi gʻorga chekinib, tafakkurga choʻmgan edilar. Ramazonning 17-kuni, dushanba kechasi, yarim tundan keyin oʻzlarini ismlari bilan chaqirgan bir ovozni eshitdilar. Boshlarini koʻtarib, atrofga qaraganlarida, oʻsha ovozni ikkinchi marta eshitdilar va hamma yoqni birdan bir nur qoplaganini koʻrdilar. Soʻngra qarshilariga Jabroil3 alayhissalom kelib: «Oʻqing!» – dedi. Paygʻambarimiz unga: «Men oʻqishni bilmayman!» – deb javob berdilar. Shunda farishta u zotni ushlab, madorlari qolmaguncha qattiq qisdi va: «Oʻqing!» – dedi. U zot yana: «Men oʻqishni bilmayman!» – deb javob berdilar. Farishta u zotni yana bir marta qisdi va: «Oʻqing!» – dedi. «Men oʻqishni bilmayman!» – deganlarida, uchinchi marta qisdi. Soʻngra qoʻyib yubordi va Alaq surasining dastlabki besh oyati karimasini keltirdi, uning maʼnosi: «(Ey Muhammad alayhissalom!) Hamma narsani yaratgan Rabbingiz Allohning ismi bilan oʻqing! U insonni uyushgan qondan (alaqdan) yaratdi! Oʻqing, Alloh ulugʻ karam sohibidir. U qalam bilan oʻrgatadi, bilmagan narsalarini oʻrgatadi».4 Muhammad alayhissalom ham u bilan birga oʻqidilar. Ilk vahiy shu tarzda keldi va butun jahonni yoritgan Islom quyoshi shunday chiqdi.5
Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) katta titroq va hayajon bilan Hiro togʻidagi gʻordan chiqib, pastga tusha boshladilar. Togʻning oʻrtasiga yetganlarida bir ovoz eshitdilar. Jabroil alayhissalom: «Yo Muhammad! Siz Allohu taoloning rasulisiz, men esa Jabroilman», – dedi-da, tovoni bilan yerni urdi. Urgan joyidan suv chiqdi va u tahorat ola boshladi. Paygʻambarimiz uni diqqat bilan kuzatib turdilar. Jabroil alayhissalom tahoratini tugatgach, Paygʻambarimizga koʻrganlaridek tahorat olishni aytdi. Sevimli Paygʻambarimiz tahoratlarini tugatgach, Jabroil alayhissalom imom6 boʻldi va birga ikki rakat namoz oʻqidilar.
Shundan keyin Jabroil alayhissalom: «Yo Muhammad! Rabbingiz sizga salom yoʻlladi!» – dedi va ketidan Uning: «Siz jinlarga va insonlarga Mening Rasulimsiz. Bas, ularni tavhidga daʼvat qiling», – deganini aytdi. Soʻngra u zotdan ajralib, osmonga koʻtarildi. Shu tariqa sevimli Paygʻambarimiz Jabroil alayhissalomni ham koʻrdilar, u bilan soʻzlashdilar ham.
Toshlar va daraxtlarning salomi
Paygʻambarimiz saodatxonalariga yetgunlaricha yonlaridan oʻtgan har bir tosh, har bir daraxt: «Assalomu alayka yo Rasulalloh!» – deyayotganini eshitdilar. Uylariga kelgach: «Meni oʻrab qoʻyinglar! Meni oʻrab qoʻyinglar!» – dedilar va titroqlari bosilguncha dam oldilar. Soʻngra koʻrganlarini hazrati Xadicha onamizga aytib berdilar va shunday dedilar: «Jabroil (alayhissalom) koʻzimdan gʻoyib boʻldi. Lekin uning haybati, shiddati va qoʻrquvi ustimdan ketmadi. Menga majnun deyishlaridan, til uzatib, yomonlashlaridan qoʻrqdim». Bu hollarni va bu kunlarni kutgan, bunga tayyor boʻlgan hazrati Xadicha shunday dedi: «Allohu taolo asrasin. Haq taolo sizga yaxshilik ehson qiladi va sizga yaxshilikdan boshqa narsani istamaydi. Allohu taoloning haqqi uchun, sizning bu ummatning paygʻambari boʻlishingizga ishonaman. Chunki siz mehmonni yaxshi koʻrasiz. Rost soʻzlaysiz va aminsiz. Ojizlarga yordam berasiz, yetimlarni himoya qilasiz, gʻariblarga koʻmak berasiz. Xulqingiz goʻzal; bunday xislatlar egasida qoʻrquv boʻlmaydi».7
Soʻngra bu hol haqida soʻrash uchun Varaqa ibn Navfalning oldiga bordilar. Rasulullohning aytib berganlarini tinglagach, Varaqa shunday dedi: «Xushxabar, ey Muhammad alayhissalom! Allohu taologa qasam ichamanki, siz hazrati Iso xabar bergan oxirgi paygʻambarsiz. Sizga koʻringan farishta – sizdan oldin Muso alayhissalomga kelgan Jabroil alayhissalomdir. Oh! Qani edi, yosh boʻlsam! Sizni Makkadan chiqaradigan vaqtlariga yetsam-u, yordamingizga shoshilsam! Juda yaqin orada sizga dinni tabligʻ qilish va jihod buyuriladi». U Paygʻambarimizning muborak qoʻllarini oʻpdi. Koʻp oʻtmay vafot etdi.8
Tabligʻ amrining kelishi
Sevimli Paygʻambarimizga paygʻambarliklari bildirilgan ilk vahiy shu tarzda kelgan edi. Soʻngra vahiy toʻxtadi va uch yil kelmadi. Bu orada Isrofil alayhissalom ismli farishta kelib, baʼzi narsalarni oʻrgatdi. Bular vahiy emas edi. Bu vaqt ichida Rasululloh goho juda iztirob chekar edilar. U zot qaygʻurganlarida Jabroil alayhissalom koʻrinib: «Ey Habibulloh! Siz Allohu taoloning paygʻambarisiz», – der va u zotning qaygʻularini tinchlantirar edi. Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Vahiy toʻxtagan vaqt edi. Hiro togʻidan pastga tushib kelayotganimda, birdan osmon tomondan bir ovoz eshitdim. Yuqoriga qaradim va Jabroilni (alayhissalom) koʻrdim. U yer bilan osmon orasida bir kursi ustida oʻtirgan edi. Meni qoʻrquv bosdi. Uyga keldim va: „Meni bir narsa bilan oʻrab qoʻyinglar“, – dedim. Shunda Haq taolo Muddassir surasining: „Ey oʻramiga burkangan Muhammad alayhissalom! Turing-da, (kofirlarni Allohu taoloning azobi bilan) ogohlantiring! Rabbingizni ulugʻlang, taʼzim qiling! Kiyimlaringizni pok tuting!“ maʼnosidagi ilk oyatlarini9 nozil qildi. Shundan keyin vahiyning keti uzilmadi».
Faxri koinot (alayhi afzalus salavot) odamlarni Islomga daʼvat qilishni, Allohu taoloning amr va qaytariqlarini tabligʻ etishni boshladilar. Jabroil alayhissalom vahiy keltirganda, baʼzan inson shakliga kirib, sahobai kiromdan Dihya Kalbiyning suratida kelar edi. Baʼzan vahiyni Paygʻambarimizning qalblariga solar edi; oʻshanda Rasululloh uni koʻrmas edilar. Baʼzan vahiy tush orqali, baʼzan esa dahshatli bir guvillash bilan kelar edi.
Vahiyning Paygʻambarimizga eng ogʻir va eng mashaqqatli kelgani shu edi. Bunday paytlarda Rasulullohning muborak peshonalaridan eng sovuq kunda ham ter oqar, tuya ustida boʻlsalar, vahiyning ogʻirligidan tuya yerga choʻkib qolar edi. Yonlarida boʻlgan sahobalar ham vahiyning ogʻirligini sezar edilar. Jabroil alayhissalom bir necha marta oʻz asl shakli va suratida ham keldi.
«Ey oʻramiga burkangan Muhammad! Turing-da, (kofirlarni Allohu taoloning azobi bilan) ogohlantiring! Rabbingizni ulugʻlang, taʼzim qiling!» Muddassir: 1–3
Allohu taolo Paygʻambarimizga farishtasiz va pardasiz, yaʼni hech qanday vositasiz ham vahiy qildi. Bu hol Meʼroj kechasida boʻldi. Ilk vahiyning kelishi bilan paygʻambarlik vazifasini boshlagan Muhammad Mustafoning (sallallohu alayhi vasallam) Islomni tabligʻ etishlari yigirma uch yil davom etdi. Bu vaqtning oʻn uch yili Makkada, oʻn yili Madinada oʻtdi. Qurʼoni karim 22 yil 2 oy 22 kun davomida vahiy qilinib, tamom boʻldi.
Muhammad alayhissalom ummiy edilar, yaʼni kitob oʻqimagan, xat yozmagan va hech kimdan dars olmagan edilar. Makkada tugʻilib oʻsgan, maʼlum kishilar orasida tarbiya topgan edilar. Shunday boʻlsa-da, Tavrotda, Injilda, yunon va rim davrlarida yozilgan kitoblarda boʻlgan maʼlumotlardan, hodisalardan xabar berdilar. Islomni bildirish uchun hijratning oltinchi yili oxirlarida va yettinchi yili boshlarida Rum, Eron va Habash hukmdorlariga va boshqa arab podshohlariga maktublar yubordilar. U zotning huzurlariga oltmishdan ortiq xorijiy elchi keldi. Bu haqda Qurʼoni karimda shunday bildirilgan, maʼnosi: «Siz bu Qurʼoni karim kelishidan oldin biror kitob oʻqimadingiz. Xat ham yozmadingiz. Agar oʻqib-yoza olganingizda, boshqalardan oʻrgangansiz, deyishlari mumkin edi».10
Hadisi sharifda ham: «Men ummiy paygʻambar Muhammadman… Mendan keyin paygʻambar yoʻqdir», – deyildi.11 Yana Qurʼoni karimda shunday deyiladi: «U (Muhammad alayhissalom) oʻz xohishi bilan soʻzlamaydi. Uning soʻzlari – unga vahiy orqali bildirilayotgan, oʻrgatilayotgan soʻzlardir».12
Ilk musulmonlar (Sobiquni Islom)
Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) ilk vahiy kelgandan keyin eng birinchi iymon keltirgan – hazrati Xadicha onamizdir.13 U hech ikkilanmasdan Islomni darhol qabul qilib, birinchi musulmon boʻlish sharafiga erishdi.
Paygʻambarimiz hazrati Xadicha onamizga Jabroil alayhissalom oʻrgatgandek tahorat olishni oʻrgatdilar. Soʻngra Paygʻambarimiz imom boʻldilar va birga ikki rakat namoz oʻqidilar. Xadicha onamiz sevimli Paygʻambarimizning har bir soʻzlariga, har bir amrlariga eng mukammal tarzda itoat qildi. Shu tariqa Allohu taoloning huzurida juda yuksak darajalarga erishdi. Rasululloh xafa boʻlsalar, inkor qiluvchilarning masxara qilishidan ozor cheksalar, u zotga tasalli berar, qaygʻularini aritar edi. U shunday der edi: «Yo Rasulalloh! Hech xafa boʻlmang, gʻam chekmang. Oxiri dinimiz quvvat topib, mushriklar halok boʻladi. Qavmingiz sizga itoat qiladi…» Xadicha onamizning bu yordamlari uchun bir kuni Jabroil alayhissalom kelib: «Yo Rasulalloh! Xadichaga Allohu taoloning salomini yetkazing», – dedi. Paygʻambarimiz: «Ey Xadicha! Mana, Jabroil (alayhissalom) senga Allohu taoloning salomini yetkazmoqda», – dedilar.14
Paygʻambarimiz bir kuni yana shunday dedilar: «Allohu taolo menga Xadichaga jannatda durdan bir uy bilan xushxabar berishimni buyurdi. U yerda kasallik ham, qaygʻu ham, bosh ogʻrigʻi ham yoʻqdir».
Hazrati Xadichadan keyin kattalardan birinchi boʻlib musulmon boʻlgan zot – Rasulullohning yaqin doʻstlaridan hazrati Abu Bakrdir. Hazrati Abu Bakr bundan yigirma yil oldin bir tush koʻrgan edi: «Osmondan toʻlin oy tushib, Kaʼbai muazzamaga kelibdi, parcha-parcha boʻlib ketibdi, har bir parchasi Makka uylaridan birining ustiga tushibdi, soʻngra bu parchalar bir joyga yigʻilib, osmonga koʻtarilibdi. Abu Bakrning uyiga tushgan parcha esa osmonga koʻtarilmabdi. Buni koʻrgan hazrati Abu Bakr darhol uyining eshigini yopibdi, goʻyo bu oy parchasining ketishiga yoʻl qoʻymagandek boʻlibdi».
Abu Bakr tushdan hayajonlanib uygʻondi va tong otishi bilanoq darhol yahudiy olimlaridan birining oldiga borib, tushini aytib berdi. U olim javoban: «Bu – aralash-quralash tushlardan biri, shuning uchun taʼbir qilinmaydi», – dedi. Ammo bu tush Abu Bakrning xayolini band qilishda davom etdi, yahudiyning javobi ham uni qanoatlantirmadi. Bir gal tijorat uchun ketganida, yoʻli rohib Bahironing yurtiga tushdi. Koʻrgan tushining taʼbirini Bahirodan soʻraganda, Bahiro: «Sen qayerdansan?» – dedi. Hazrati Abu Bakr: «Qurayshdanman», – deb javob berganda, Bahiro shunday dedi: «U yerda bir paygʻambar chiqadilar va hidoyat nuri Makkaning har bir joyiga yetadi. Sen u zotning hayotliklarida vazirlari, vafotlaridan keyin esa xalifalari boʻlasan». Hazrati Abu Bakr bu javobdan juda hayratda qoldi. Bu tushini va uning taʼbirlarini Paygʻambarimiz paygʻambarliklarini eʼlon qilgunlaricha hech kimga aytmadi. Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom paygʻambarliklarini eʼlon qilganlarida, hazrati Abu Bakr darhol Paygʻambarimizning oldilariga shoshilib keldi va: «Paygʻambarlarning paygʻambarliklariga dalillari boʻladi, sizning dalilingiz nima?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz javoban: «Mening paygʻambarligimga dalil – sen bir yahudiy olimidan taʼbirini soʻragan oʻsha tushingdir. U olim: „Bu aralash tushlardandir, taʼbir qilinmaydi“, – dedi. Soʻngra rohib Bahiro uni toʻgʻri taʼbir qildi», – dedilar va hazrati Abu Bakrga xitob qilib: «Yo Abu Bakr! Seni Allohga va Uning Rasuliga daʼvat qilaman», – dedilar.
Shunda hazrati Abu Bakr: «Guvohlik beramanki, siz Allohu taoloning rasulisiz, paygʻambarligingiz haqdir, u jahonni yoritadigan bir nurdir», – deb musulmon boʻldi.
Boshqa bir rivoyatga koʻra, Paygʻambarimizga paygʻambarlik kelishidan oldin hazrati Abu Bakr tijorat maqsadida Yamanga borgan edi. Bu safarida u Yamanda Azd qabilasidan koʻp kitob oʻqigan bir keksaga duch keldi. Bu keksa hazrati Abu Bakrga qarab: «Oʻylashimcha, sen Makka ahlidansan», – deganda, hazrati Abu Bakr: «Ha, shunday», – dedi va ular orasida shunday suhbat boʻlib oʻtdi:
– Sen Qurayshdanmisan?
– Ha!
– Banu Tamimdanmisan?
– Ha!
– Yana bir alomat qoldi. – Qanday alomat?
– Qorningni och, koʻray.
– Ayt-chi, bundan maqsading nima?
– Kitoblarda oʻqidimki, Makkada bir paygʻambar keladi. U zotga ikki kishi yordamchi boʻladi. Biri yosh, ikkinchisi keksa. Yosh kishi koʻp qiyinchiliklarni osonlikka aylantiradi, koʻp balolarni daf qiladi. Keksa kishi esa oq yuzli, ingichka belli boʻlib, qornining ustida bir qora xoli bor. Oʻylashimcha, u kishi – sensan. Qorningni och, koʻray.
«U (Muhammad alayhissalom) oʻz xohishi bilan soʻzlamaydi. Uning soʻzlari – unga vahiy orqali bildirilayotgan, oʻrgatilayotgan soʻzlardir» Najm: 3–4
Shunda hazrati Abu Bakr muborak qornini ochdi; kindigining ustidagi qora xolni koʻrgach, keksa: «Vallohi, u kishi – sensan», – dedi va Abu Bakrga koʻp vasiyatlar qildi. Hazrati Abu Bakr ishini tugatgach, xayrlashish uchun keksaning huzuriga keldi va undan Paygʻambarimiz haqida bir necha bayt aytishini soʻradi. Shunda keksa oʻn ikki bayt oʻqidi, hazrati Abu Bakr esa ularni yod oldi.
Hazrati Abu Bakr safardan Makkai mukarramaga qaytganda, Uqba ibn Abu Muayt, Shayba, Abu Jahl, Abul Buhturiy kabi Qurayshning koʻzga koʻringan kishilari uni ziyorat qilish uchun uyiga keldilar. Abu Bakr ularga: «Orangizda biror hodisa boʻlmadimi?» – dedi. Ular javoban shunday deyishdi: «Bundan ham gʻalati hodisa boʻladimi: Abu Tolibning yetimi paygʻambarlik daʼvo qilmoqda va sizlar ham, otalaringiz va bobolaringiz ham botil dindasizlar, demoqda. Agar sening hurmating boʻlmaganida, uni shu paytgacha tirik qoʻymas edik. Sen uning yaqin doʻstisan, bu ishni oʻzing hal qil».
Hazrati Abu Bakr ulardan qutulib, Paygʻambarimiz hazrati Xadichaning uyida ekanlarini bildi. Borib, eshikni qoqdi. Paygʻambarimiz uni qarshi olganlarida, Abu Bakr: «Yo Muhammad! Siz haqingizda aytilayotgan gaplar nima?» – deb soʻradi. Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Men Haq taoloning paygʻambariman. Senga va barcha Odam bolalariga yuborildim. Iymon keltir, Haq taoloning roziligiga yetasan va joningni jahannamdan saqlaysan».
Hazrati Abu Bakr: «Bunga dalil nima?» – deganda, Rasuli akram: «Yamanda koʻrgan oʻsha keksaning hikoyasi – dalildir», – dedilar. Hazrati Abu Bakr: «Men Yamanda koʻp keksalarni va yoshlarni koʻrdim», – dedi. Paygʻambarimiz javoban: «Senga oʻn ikki baytni omonat qilib bergan va ularni menga yuborgan keksa», – dedilar va oʻsha baytlarning hammasini oʻqib berdilar. Hazrati Abu Bakr: «Buni sizga kim xabar berdi?» – deganda, Paygʻambarimiz: «Mendan oldingi paygʻambarlarga kelgan farishta xabar berdi», – deb javob berdilar. Bu soʻzni aytishlari bilanoq hazrati Abu Bakr: «Qoʻlingizni menga bering», – deb, u zotning muborak qoʻllaridan tutdi va: «Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh», – deb musulmon boʻldi.15 Hayotida ilk bor tuygan yuksak bir sevinch bilan hazrati Abu Bakr uyiga musulmon boʻlib qaytdi. Hadisi sharifda ham shunday deyilgan: «Kimga iymonni taklif qilgan boʻlsam, yuzini burishtirar, ikkilanib qarar edi. Faqat Abu Bakr Siddiq iymonni qabul qilishda hech ikkilanmadi va toʻxtalmadi».
Bir kuni Paygʻambarimiz hazrati Xadicha onamiz bilan namoz oʻqiyotganlarida, hazrati Ali ularni koʻrib qoldi. Oʻshanda u oʻn yoki oʻn ikki yoshda edi. Namozdan keyin u: «Bu nima?» – deb soʻradi. Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam) shunday dedilar: «Bu – Allohu taoloning dinidir. Seni shu dinga daʼvat qilaman. Allohu taolo birdir, Uning sherigi yoʻqdir. Seni bir boʻlgan, tengi va sherigi boʻlmagan Allohga iymon keltirishga daʼvat qilyapman…» Hazrati Ali: «Avval otam bilan maslahatlashay», – dedi. Rasululloh unga: «Agar Islomga kirmasang, bu sirni hech kimga aytma!» – dedilar. Ertasi kuni ertalab hazrati Ali Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh! Menga Islomni oʻrgating», – dedi va musulmon boʻldi.16
Hazrati Ali musulmon boʻlganlarning uchinchisi edi. Uning Rasuli akram yoʻlida koʻrsatgan fidokorligi va u zotni oʻzidan afzal koʻrishi esa har qanday maqtovdan yuksakdir.
Zayd ibn Horisa ilk iymon keltirganlardan edi. U hazrati Xadicha, hazrati Abu Bakr va hazrati Alidan keyin toʻrtinchi, ozod qilingan qullar orasida esa birinchi musulmon boʻlish sharafiga erishdi. U bilan birga xotini Ummu Ayman ham musulmon boʻlgan edi.17
Hazrati Abu Bakr musulmon boʻlgach, darhol juda yaxshi koʻradigan doʻstlarining oldiga bordi. Ularni ham musulmon boʻlishga koʻndirdi. Ular orasida eng mashhurlari – sahobai kiromning koʻzga koʻringanlaridan boʻlgan, oʻz qavmining yuksak shaxslari Usmon ibn Affon, Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Abdurrahmon ibn Avf, Saʼd ibn Abu Vaqqosdir.18 Hazrati Xadicha onamizdan keyin musulmon boʻlgan bu sakkiz kishiga Sobiquni Islom, yaʼni ilk musulmonlar deyiladi. Hazrati Usmon oʻzining musulmon boʻlishini shunday hikoya qiladi: «Mening kohina bir xolam bor edi. Bir kuni uni ziyorat qildim. U menga shunday dedi: „Senga bir xonim nasib boʻladi. Ammo undan oldin sen biror ayolni koʻrmagan boʻlasan, u ham sendan oldin biror erkakni koʻrmagan boʻladi. U – goʻzal yuzli, zohida bir xonim va bir ulugʻ paygʻambarning qizi boʻlsa kerak“.
Xolamning bu soʻzidan hayron qoldim. U menga yana shunday dedi: „Bir paygʻambar keldilar. U zotga osmondan vahiy nozil boʻldi“. Men: „Ey xolajon! Bunday sir shaharda hech eshitilmadi. Unday boʻlsa, bu soʻzni ochiq ayting“, – dedim. Shunda xolam shunday dedi: „Muhammad ibn Abdullohga paygʻambarlik keldi. U zot xalqni dinga daʼvat qilmoqdalar. Qisqa vaqt ichida u zotning dinlari bilan olam nurlanadi, qarshi chiqqanlarning esa boshi kesiladi“.
Xolamning bu soʻzlari menga qattiq taʼsir qildi. Tashvishga tushdim. Hazrati Abu Bakr bilan oramizda katta doʻstlik bor edi; bir-birimizdan hech ayrilmas edik. Bu masalani gaplashish uchun ikki kundan keyin hazrati Abu Bakrning oldiga bordim. Xolamning aytganlarini hikoya qilib berganimda, u menga shunday dedi: „Yo Usmon! Sen aqlli kishisan. Hech koʻrmaydigan va eshitmaydigan, biror narsaga na foyda, na zarar bera olmaydigan bir necha tosh qanday qilib ilohlikka loyiq boʻlsin?“ Men: „Toʻgʻri aytasan, xolamning soʻzi haqiqatdir“, – dedim.»
Hazrati Abu Bakr hazrati Usmonga Islomni tushuntirgandan keyin uni Rasulus saqalayn, yaʼni insonlar va jinlarning paygʻambari boʻlmish Paygʻambarimizning huzurlariga olib bordi. Sevimli Paygʻambarimiz hazrati Usmonga shunday dedilar: «Yo Usmon! Haq taolo seni jannatga mehmonga chaqirmoqda. Sen ham bu daʼvatga ijobat qil (qabul qil). Men barcha insonlarga hidoyat rahbari qilib yuborildim». Rasulullohning yuksak hollari va ochiq yuz bilan aytgan soʻzlari oldida oʻzini unutgan hazrati Usmon katta shavq va taslimiyat bilan: «Ashhadu an la ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh», – deb musulmon boʻldi.
Rasululloh paygʻambarliklarining dastlabki uch yilida odamlarni Islomga yashirincha daʼvat qildilar. Odamlar asta-sekin, bir-ikkitadan musulmon boʻla boshladilar. Bu vaqt ichida musulmonlarning soni arang oʻttizga yetdi. Ular ibodatlarini uylarida qilar va Qurʼoni karimning nozil boʻlgan muborak oyatlarini yashirincha oʻqib, yod olar edilar.
«Sobiquni Islom, yaʼni ilk musulmonlar: Abu Bakr Siddiq, Ali ibn Abu Tolib, Zayd ibn Horisa, Usmon ibn Affon, Abdurrahmon ibn Avf, Saʼd ibn Abu Vaqqos, Zubayr ibn Avvom va Talha ibn Ubaydulloh» (roziyallohu anhum ajmaʼiyn)
Yaqin qarindoshlarni daʼvat qilishlari
Rasululloh Muddassir surasi nozil boʻlishi bilan odamlarni Islom diniga daʼvat qila boshlagan edilar. Bu daʼvatni yashirin olib borar edilar. Bir muddatdan keyin esa oyati karima nozil boʻldi, uning maʼnosi: «Yaqin qarindoshlaringizni Allohu taoloning azobi bilan ogohlantirib, ularni haq dinga chaqiring».19 Shundan keyin Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom qarindoshlarini dinga daʼvat qilish uchun hazrati Alini yubordilar va ularning hammasini Abu Tolibning uyiga chaqirdilar. Ularning oldiga bir kishiga yetadigan bir tovoq taom va bir kosa sut qoʻydilar. Avval oʻzlari «Bismillah» bilan boshlab, kelgan qarindoshlariga: «Marhamat qilinglar», – dedilar. Kelganlar qirq kishi edi. Ammo qoʻyilgan taom hammalarini toʻydirdi va hech kamaymadi. Kelganlar bu moʻjiza oldida hayratda qolishdi. Taomdan keyin Paygʻambarimiz qarindoshlarini Islomga daʼvat qilish uchun soʻz boshlamoqchi boʻlib turgan edilar. Shunda amakilari Abu Lahab dushmanlik bilan: «Biz bugungidek sehrni koʻrmaganmiz. Qarindoshingiz sizlarni sehr bilan sehrlab qoʻyibdi. Ey birodarimning oʻgʻli! Men sen keltirgandek yovuzlik va yomonlik keltirgan boshqa biror kishini koʻrmadim», – deb, haqoratli soʻzlarini davom ettirdi.
Paygʻambarimiz esa Abu Lahabga: «Quraysh ham, barcha arab qabilalari ham qila olmaydigan yomonlikni menga siz qildingiz!» – dedilar. Ularning hech biri musulmon boʻlmasdan tarqalishdi. Bu voqeadan koʻp oʻtmay u zot qarindoshlarini yana daʼvat qildilar. Hazrati Ali yana ularning hammasini chaqirib keldi.
Avvalgidek ularning oldiga taom qoʻyildi. Taomdan keyin Paygʻambarimiz oʻrinlaridan turib, shunday dedilar: «Hamd faqat Allohu taologagina xosdir. Yordamni faqat Undan soʻrayman. Unga ishonaman, Unga tayanaman. Shubhasiz bilaman va bildiraman: Allohu taolodan boshqa iloh yoʻqdir, U birdir. Uning tengi ham, sherigi ham yoʻqdir». Soʻngra soʻzlarini shunday davom ettirdilar: «Men sizlarga aslo yolgʻon soʻzlamayman, sizlarga rostini bildiryapman… Sizlarni bir boʻlgan va Undan boshqa iloh boʻlmagan Allohu taologa iymon keltirishga daʼvat qilyapman. Men Uning sizlarga va butun insoniyatga yuborgan paygʻambariman. Vallohi, sizlar uyquga ketganingizdek oʻlasizlar, uyqudan uygʻonganingizdek tiriltirilasizlar va barcha qilgan ishlaringizdan hisob berasizlar; yaxshiliklaringiz uchun mukofot, yomonliklaringiz uchun jazo koʻrasizlar. Bu esa yo jannatda abadiy qolish, yo jahannamda abadiy qolishdir. Insonlardan oxirat azobi bilan birinchi ogohlantirayotganlarim – sizlarsiz».
Bu soʻzlarni tinglagach, Abu Tolib shunday dedi: «Ey muhtaram jiyanim! Sizga yordam berishdan qimmatliroq narsani bilmayman. Nasihatlaringizni oʻzlashtirib, qabul qildik, soʻzlaringizni ham chin dildan tasdiqladik. Hozir bu yerda yigʻilganlar – bobongiz Abdulmuttalibning farzandlaridir. Shubhasiz, men ham ulardan biriman. Siz istagan ishga oramizda birinchi boʻlib men shoshilaman. Atrofingizni oʻrab, sizni himoya qilishdan bir lahza ham toʻxtamaslikka soʻz beraman. Siz buyurilgan ishingizni davom ettiravering. Ammo eski dinimdan ayrilish masalasida nafsimni menga boʻysunadigan holda topmadim».
Abu Lahabdan boshqa u yerdagi qarindoshlari va amakilari yumshoq gapirishdi. Ammo Abu Lahab: «Ey Banu Abdulmuttalib! Boshqalar uning qoʻlidan tutib toʻxtatishlaridan oldin, oʻzingiz toʻxtatinglar. Agar bugun uning aytganlarini qabul qilsangizlar, xorlikka, haqoratga uchraysizlar. Uni himoya qilishga urinsangizlar, hammangiz oʻldirilasizlar…» – deb, beadab soʻzlar aytdi va tahdidlar qildi. Abu Lahabga javoban Paygʻambarimizning ammalari shunday dedi: «Ey birodarim! Jiyanimni va u zotning dinlarini yordamsiz qoldirish senga yarashadimi? Vallohi, bugun yashayotgan olimlar Abdulmuttalibning naslidan bir paygʻambar kelishini bildirmoqdalar. Mana, oʻsha paygʻambar – shu zotdir».
Bu soʻzlar oldida Abu Lahab xunuk gaplarini davom ettirdi. Abu Tolib Abu Lahabga gʻazablanib: «Ey qoʻrqoq! Vallohi, biz tirik ekanmiz, u zotning yordamchi va himoyachilarimiz», – dedi. Muhammad alayhissalomga oʻgirilib: «Ey birodarimning oʻgʻli! Odamlarni Rabbingizga iymon keltirishga daʼvat qilmoqchi boʻlgan vaqtingizni bizga bildiring; qurollanib, siz bilan birga chiqamiz», – dedi. Shundan keyin Faxri koinot yana soʻz boshlab, shunday dedilar: «Ey Banu Abdulmuttalib! Allohga qasamki, arablar orasida men sizlarga keltirgan, dunyoingiz va oxiratingiz uchun xayrli boʻlgan narsadan (yaʼni bu dindan) afzalroq va xayrliroq narsani qavmiga keltirgan biror kishi yoʻqdir. Men sizlarni tilga yengil, mezonda ogʻir keladigan ikki kalimani aytishga daʼvat qilyapman. U ham boʻlsa, Allohdan boshqa iloh yoʻqligiga va mening Uning bandasi va rasuli ekanimga guvohlik berishingizdir. Allohu taolo menga sizlarni shunga daʼvat qilishimni buyurdi. Bas, qaysi biringiz mening bu daʼvatimni qabul qiladi va bu yoʻlda menga yordamchi boʻladi?» Hech kimdan sado chiqmadi. Hammalari boshlarini quyi solishdi. Paygʻambarimiz bu soʻzlarini uch marta takrorladilar. Har gal aytganlarida hazrati Ali oʻrnidan turar edi. Uchinchi gal u: «Yo Rasulalloh! Garchi yoshim jihatidan ularning eng kichigi boʻlsam ham, sizga men yordamchi boʻlaman», – dedi. Shunda Rasululloh hazrati Alining qoʻlidan tutdilar.
Boshqalar hayrat ichida tarqalishdi. Allohu taoloning Habibi (sallallohu alayhi vasallam) qarindoshlarining bu munosabatidan juda xafa boʻldilar.
Ammo ruhlari tushmasdan, ularning jahannamdan qutulishlari, saodatga erishishlari uchun daʼvatni davom ettirdilar.
Biʼsatning toʻrtinchi yilida Hijr surasining 94-oyati karimasi nozil boʻldi, maʼnosi: «(Ey Habibim!) Sizga buyurilgan narsani (amr va qaytariqlarni) ochiq bayon qiling. Mushriklardan yuz oʻgiring! Ularning soʻzlariga eʼtibor bermang!» Bu ilohiy amr kelgach, sevimli Paygʻambarimiz makkaliklarni ochiqdan-ochiq Islomga daʼvat qila boshladilar. Bir kuni Safo tepaligiga chiqib: «Ey Quraysh ahli! Shu yerga yigʻilib, soʻzlarimni tinglanglar!» – dedilar. Qabilalar yigʻilgach: «Ey qavmim! Mendan hech yolgʻon soʻz eshitganmisizlar?» – deb soʻradilar. Hammalari bir ovozdan: «Yoʻq, eshitmaganmiz», – deyishdi. U zot shunday dedilar: «Allohu taolo menga paygʻambarlik ehson qildi va meni sizlarga paygʻambar qilib yubordi». Soʻngra Aʼrof surasining 158-oyatini oʻqidilar, uning maʼnosi: «(Ey Habibim!) Ularga ayting: „Ey insonlar! Men sizlarning hammangizga kelgan, yerlar va osmonlarning egasi Allohu taoloning Rasuliman. Har bir jonzotni oʻldiradigan ham, tiriltiradigan ham – Udir. Undan boshqa (ibodatga loyiq) iloh yoʻqdir“». Tinglaganlar orasidan amakilari Abu Lahab gʻazablanib, kufrida qaysarlik qilib: «Birodarimning oʻgʻli devona boʻlib qolibdi! Bizning butlarimizga sigʻinmaydigan, dinimizdan ayrilgan kishining soʻzini tinglamanglar!» – deb qichqirdi. U yerdagilar tarqalishdi va hech kim iymon keltirmadi. Paygʻambarimizning rostgoʻy, yuksak axloqli ekanlarini bila turib, ular u zotdan yuz oʻgirishdi va u zotga dushman boʻlishdi.
«Yaqin qarindoshlaringizni Allohning azobi bilan ogohlantirib, ularni haq dinga chaqiring» Shuaro: 214
Yana bir kuni Allohu taoloning: «Sizga buyurilgan narsani (amr va qaytariqlarni) ochiq bayon qiling» degan amriga boʻysunib, Paygʻambarimiz yana Safo tepaligiga chiqdilar. Baland va gumburlagan ovoz bilan xalqqa: «Yo sabohoh! Bu yerga kelinglar, yigʻilinglar, sizlarga muhim bir xabarim bor!» – deb nido qildilar.20 Bu daʼvatdan keyin qabilalar yugurib kelib yigʻilishdi. Hayrat va qiziqish bilan kuta boshlashdi. Kelmaganlar nima uchun yigʻilinayotganini bilish uchun oʻz odamlarini yuborishdi. Kelganlardan bir guruhi: «Ey Muhammadul Amin! Bizni bu yerga nima uchun yigʻdingiz, nimani xabar bermoqchisiz?» – deb soʻray boshlashdi. U zot esa soʻzlarini: «Ey Quraysh qabilalari!» – degan xitob bilan boshladilar. Hamma u zotni katta diqqat bilan tinglar edi. U zot soʻzlarida davom etdilar: «Men bilan sizlarning holingiz dushmanni koʻrib, oilasiga xabar berish uchun yugurgan va dushman oʻzidan oldin oilasiga yetib, zarar yetkazishidan qoʻrqib: „Yo sabohoh!“ (Dushman bizni qurshab oldi! Tong otdi! Tezda jangga hozirlaninglar!) – deb qichqirgan kishining holiga oʻxshaydi. Ey Quraysh jamoasi! Agar men sizlarga: „Mana shu togʻning ortida bir dushman qoʻshini bor, ustingizga hujum qilmoqchi“, – desam, menga ishonasizlarmi?» Ular: «Ha, ishonamiz. Chunki shu paytgacha sizda rostgoʻylikdan boshqa narsaga guvoh boʻlmadik. Yolgʻon soʻzlaganingizni hech koʻrmadik!…» – deyishdi.
Shundan keyin u zot Qurayshning barcha qabilalarini nomma-nom sanab: «Ey Banu Hoshim! Ey Banu Abdu Manof! Ey Banu Abdulmuttalib!» – dedilar va shunday davom etdilar: «Men sizlarni kelishi muqarrar boʻlgan qattiq azobdan ogohlantiruvchiman. Allohu taolo menga eng yaqin qarindoshlarimni oxirat azobi bilan ogohlantirishimni buyurdi. Sizlarni: „La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah“ (Alloh birdir, Undan boshqa iloh yoʻq) deb iymon keltirishga daʼvat qilyapman. Men esa Uning bandasi va rasuliman. Agar bunga iymon keltirsangizlar, jannatga kirasizlar. Sizlar „La ilaha illalloh“ demaguningizcha, men sizlarga na dunyoda biror foyda, na oxiratda biror nasiba bera olmayman». Tinglayotgan qabilalar orasidan Abu Lahab: «Bizni shuning uchun yigʻdingmi?» – deb, yerdan olgan toshini sevimli Paygʻambarimizga otdi. Boshqalardan bunday qarshilik boʻlmadi; ular oʻzaro gaplashib, tarqalishdi.21
Quyoshni oʻng qoʻlimga bersalar ham!
Bu daʼvatlardan keyin sevimli Paygʻambarimiz qayerda biror kishini yoki jamoani koʻrsalar, ularga Islomni tushuntirar edilar. Haqiqiy najot nafsga ergashishdan, zulmdan, nohaqlikdan va har turli yomon ishlardan uzoqlashish va Allohu taologa iymon keltirish bilan mumkin boʻlishini bildirdilar. Nafslarining istaklariga, shahvatlariga ergashganlar, zaiflarni ezganlar va tugʻyonda haddan oshganlar bunga qattiq qarshi chiqdilar. Butun bu buzuq ishlariga chek qoʻyilishini koʻrib, Muhammad alayhissalomning bildirganlarini inkor etdilar. U zotga va iymon keltirganlarga dushman boʻldilar. Mushriklar avval masxara qilar edilar. Soʻngra tazyiq va qiynoqlarini kuchaytirishga qaror qildilar. Moʻminlarni qoʻrqitib boʻysundirishni, Islom daʼvatini soʻndirishni istar edilar. Ularning boshida Abu Jahl, Utba, Shayba, Abu Lahab, Uqba ibn Abu Muayt, Os ibn Voil, Asvad ibn Muttalib, Asvad ibn Abdu Yagʻus, Valid ibn Mugʻiyra… bor edi.
Bir kuni Utba, Shayba va Abu Jahl Abu Tolibga shunday deyishdi: «Sen bizning ulugʻimizsan. Biz senga doimo hurmat koʻrsatamiz, seni izzat qilamiz. Endi esa birodaringning oʻgʻli yangi bir din chiqardi. Butlarimizni soʻkib, bizni kofirlikda ayblamoqda. Unga nasihat qil. Uni bu ishdan qaytar. Agar qaytmasa, uning haqqidan qanday kelishni biz bilamiz…»
Abu Tolib ularni tinchlantirib, qaytarib yubordi, Paygʻambarimiz xafa boʻlmasinlar deb, bu haqda u zotga hech narsa demadi. Oradan bir muddat oʻtgach, mushriklar yana toʻplanib, Abu Tolibning oldiga keldilar va shunday dedilar: «Bundan oldin ham oldingga kelib, ahvolni aytgan edik. Sen soʻzimizga eʼtibor bermading. U esa hamon butlarimizni yomonlashda davom etyapti. Endi toqatimiz qolmadi. Ikkalangiz bilan ham qonimizning oxirgi tomchisigacha olishamiz. Makkada yo u, yo biz yoʻq boʻlamiz». Abu Tolib ularni tinchlantirishga urindi, ammo ular oʻjarliklarida qattiq turib oldilar.22
Abu Tolib Rasulullohning koʻngillari ranjishini istamagani kabi, u zot bilan qavmi oʻrtasida biror dushmanlik chiqishini ham istamasdi. U Paygʻambarimizning oldilariga kelib: «Ey Muhammad! Butun qavm sizga dushmanlikda birlashib, menga shikoyat qilib keldi. Qarindoshlar orasidagi dushmanlik yaxshi emas. Ular siz ularni kofir deb atamasligingizni, „buzuq yoʻldasizlar“ deb yomonlamasligingizni istaydilar», – dedi. Shunda Habibi akram shunday dedilar:
«Ey amaki! Shuni bilingki, quyoshni oʻng qoʻlimga, oyni chap qoʻlimga bersalar ham (nima vaʼda qilsalar ham), men bu dindan va uni insonlarga yetkazishdan, bildirishdan aslo voz kechmayman. Yo Allohu taolo bu dinni butun jahonga yoyadi va vazifam tugaydi, yoki shu yoʻlda jonimni fido qilaman». Shundan keyin u zot oʻrinlaridan turdilar. Muborak koʻzlari yoshga toʻlgan edi.
Abu Tolib Rasulullohning xafa boʻlganlarini koʻrib, aytgan soʻzlariga pushaymon boʻldi va u zotning boʻyinlaridan quchoqlab: «Ey ukamning oʻgʻli! Yoʻlingizda davom eting, istaganingizni qiling. Men tirik ekanman, sizni himoya qilaman, asrayman», – dedi.23
Mushriklarning koʻzga koʻringan kishilaridan oʻn kishi Abu Tolibning hazrati Muhammadni himoya qilayotganini anglagach, Umora ibn Validni ham yonlariga olib, Abu Tolibning oldiga bordilar. Ular unga qabul qilib boʻlmaydigan bir taklif bilan chiqdilar: «Ey Abu Tolib! Bilasan, bu Umora – Makka yigitlarining eng kelishgani, eng kuchlisi, eng axloqlisi. Ustiga-ustak, u shoir ham. Uni senga beraylik, oʻz ishlaringda foydalan. Umora evaziga bizga Muhammadni ber, uni oʻldiraylik. Senga odamga odam! Yana nima istaysan?» Abu Tolib bu soʻzdan qattiq gʻazablandi va: «Sizlar avval menga oʻz oʻgʻillaringizni beringlar. Ularni men oʻldiray. Undan keyin jiyanimni beraman», – dedi. Shunda mushriklar ishning jiddiyligini anglab: «Bizning bolalarimiz u qilayotgan ishlarni qilmayapti-ku…» – dedilar. Abu Tolib shunday dedi: «Qasam ichamanki, mening jiyanim sizlarning barcha bolalaringizdan yaxshiroqdirlar. Demak, sizlar oʻgʻlingizni menga berib boqtirmoqchisizlar, mening jigarbandimni esa olib oʻldirmoqchisizlar, shundaymi!… Urgʻochi tuya ham oʻz bolasidan boshqasini sogʻinmaydi va ayamaydi. Bu ish aql va mantiqdan juda yiroq. Endi ish chegaradan chiqdi. Kim jigarbandim Muhammadga (alayhissalom) dushman boʻlsa, men ham uning dushmaniman. Buni shunday bilib qoʻyinglar-da, qoʻlingizdan kelganini qilinglar!»24 Mushriklar gʻazab bilan oʻrinlaridan turib ketdilar. Abu Tolib darhol Banu Hoshimni va Banu Abdulmuttalibni yigʻdi. Ularga ahvolni soʻzlab berib, sevimli Paygʻambarimizga (sallallohu alayhi vasallam) yordam berishga koʻndirdi. Rasulullohni oʻldirishga koʻtarilgan qoʻllar sindiriladigan boʻldi. Bu masalada ular mushriklarga qarshi birlashdilar. Faqat Abu Lahab ularga qoʻshilmadi. Abu Tolib ularga: «Ey yigitlar! Ertaga har biringiz qilichingizni belingizga taqib, orqamdan yuringlar!» – dedi.
«Ey amaki! Shuni bilingki, quyoshni oʻng qoʻlimga, oyni chap qoʻlimga bersalar ham (nima vaʼda qilsalar ham), men bu dindan va uni insonlarga yetkazishdan, bildirishdan aslo voz kechmayman. Yo Allohu taolo bu dinni butun jahonga yoyadi va vazifam tugaydi, yoki shu yoʻlda jonimni fido qilaman» Sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom
Ertasi kuni Abu Tolib Paygʻambarimizning uylariga bordi va ular hammalari birga Harami sharif tomon yurdilar. Banu Hoshimning botir yigitlari ularning ortidan borardilar. Ular Kaʼbaga kelib, mushriklarning roʻparasida toʻxtadilar. Abu Tolib mushriklarga: «Ey qurayshliklar! Ukamning oʻgʻlini oʻldirishga qaror qilganingizni eshitdim. Orqamda turgan bu yigitlar qoʻllarini qilichlari dastasiga qoʻyib, mening bir ishoramni sabrsizlik bilan kutib turganini bilasizlarmi? Qasam ichamanki, agar Muhammadni oʻldirsangizlar, birortangizni ham tirik qoldirmayman!…» – dedi-da, sevimli Paygʻambarimizni madh etuvchi sheʼrlar ayta boshladi. U yerdagi mushriklar, Abu Jahldan boshlab, tarqalib ketdilar.
