Sevimli Paygʻambarim

SOʻZBOSHI

Bismillahir rohmanir rohim.

Allohu taologa hamd va bergan neʼmatlari, yaxshiliklari uchun cheksiz shukrlar boʻlsin… Uning sevimli Paygʻambariga – insonlarning har jihatdan eng goʻzali, eng yaxshisi va eng afzali boʻlmish Muhammad alayhissalomga, u zotning goʻzal yuzlarini koʻrish va foydali soʻzlarini eshitish sharafiga musharraf boʻlib, shu bilan barcha insonlarning eng azizlari boʻlgan jamiki sahobalariga va ularning izidan borganlarga duo va salomlar boʻlsin…

Insonlarni bezaydigan, goʻzallashtiradigan, ularni sevimli va hurmatli qiladigan narsa – ularning goʻzal axloqidir. Na martaba, na mansab, na mol-dunyo, na boshqa biror narsa goʻzal axloqning oʻrnini bosa olmaydi.

Ey barcha yaratilganlarning eng afzali! Ey Yaratganning suyuklisi! Ey paygʻambarlar sarvari, yaxshiliklar manbai, insonlarning eng xayrlisi va barcha kamolotlar bulogʻi boʻlmish sharafli Paygʻambarimiz! Biz sizni madh etishga jurʼat qilmaymiz – bitiklarimiz siz bilan qadr topadi.

Yo Rasulalloh, sizni madh etmoqqa yoʻq madorim,
Barchamiz yaratildik sizning hurmatingizga.

Muhammad alayhissalom Allohu taoloning rasulidirlar, Odam bolalarining sayyidi, sarvaridirlar. Qiyomat kuni u zot – ergashganlari jahannamdan qutuladigan zotlarning eng saxiysidirlar.

Qiyomat kuni qabrdan eng avval u zot turadilar. Eng avval u zot shafoat qiladilar. Eng avval u zotning shafoatlari qabul boʻladi. Jannat eshigini birinchi boʻlib u zot qoqadilar. Eshik u zotga darhol ochiladi. «Livoul hamd» deb ataladigan bayroq u zotning qoʻllarida boʻladi. Odam alayhissalom va u kishining zamonidan qiyomatgacha kelgan har bir moʻmin shu bayroq ostida boʻladi.

Bir hadisi sharifda u zot shunday dedilar: «Qiyomat kuni men avvalgilarning va keyingilarning sayyidiman. Haqiqatni bildiryapman, faxrlanmayman». Yana bir hadisi sharifda: «Men Allohu taoloning habibiman, suyuklisiman. Men paygʻambarlarning peshvosiman. Faxrlanish uchun aytmayapman».

Islom olamining turli tillarida yozilgan barcha mavlidlarda ham Paygʻambarimizning onalari va otalari pokiza boʻlganlari yozilgan. Qurʼoni karimdan keyin eng qimmatli, eng toʻgʻri kitob boʻlmish «Buxoriy sharif»dagi bir hadisi sharifda Paygʻambarimiz shunday dedilar: «Men har asrda, har zamonda yashagan insonlarning eng yaxshilaridan, saralanganlaridan dunyoga keltirildim».

Hamisha faqat rostni soʻzlovchi u zot (alayhissalotu vassalom) yana shunday dedilar: «Men paygʻambarlarning (alayhimussalom) oxirgisiman, faxrlanmayman. Men Abdullohning oʻgʻli Muhammadman. Allohu taolo insonlarni yaratdi. Meni insonlarning eng yaxshilari orasida yaratdi. Allohu taolo insonlarni firqalarga ajratdi. Meni ularning eng yaxshisiga joyladi. Soʻngra bu eng yaxshi firqani qabilalarga ajratdi. Meni ularning eng yaxshisiga joyladi. Soʻngra bu jamoatni xonadonlarga ajratdi. Meni eng yaxshi xonadondan, yaʼni oiladan dunyoga keltirdi. Men insonlarning eng yaxshisiman. Men eng yaxshi oiladanman. Qiyomatda hamma jim qolganda, men soʻzlayman. Hech kim qimirlay olmaydigan paytda ularga shafoat qiluvchi – menman. Hech kimda umid qolmagan bir paytda ularga xushxabar beruvchi – menman. U kuni har bir yaxshilik, har turli yordam, har bir eshikning kaliti mendadir. Livoul hamd mening qoʻlimdadir. Men insonlarning eng xayrlisi, eng saxiysi, eng yaxshisiman. U kuni mening amrimda minglab xizmatkor bordir. Qiyomat kuni paygʻambarlarning imomi, xatibi va ularning barchasiga shafoat qiluvchi – menman. Bularni faxrlanish uchun aytmayapman. Haqiqatni bildiryapman. Haqiqatni bildirish – mening vazifamdir. Bularni aytmasam, vazifamni ado etmagan boʻlardim».

Agar u zot (alayhissalotu vassalom) boʻlmaganlarida, Allohu taolo hech bir narsani yaratmas edi, Uning Rabb ekani, ibodat qilinadigan Zot (maʼbud) ekani yuzaga chiqmas edi. Odam alayhissalom hali suv bilan tuproq orasida ekanlarida, yaʼni loylari qorilayotgan paytdayoq Muhammad alayhissalom paygʻambar edilar.

Muhammad alayhissalom Allohu taoloning mahbubi (suyuklisi) boʻlganlari uchun, u zotning izidan borgan kishi ham mahbublik darajasiga koʻtariladi. Chunki muhib, yaʼni oshiq, suyuklisining axloqini, alomatlarini kimda koʻrsa, uni ham sevadi.

Butun insoniyatning sayyidi, eng afzali boʻlmish shunday Paygʻambarga iymon keltirgan, u zotning yoʻlidan borgan kishi, albatta, ummatlarning eng yaxshisi boʻladi. Ularga xushxabar – Oli Imron surasining bir yuz oʻninchi oyatidir, uning maʼnosi: «Sizlar ummatlarning, din egalarining eng xayrlisi, eng yaxshisisiz!» Paygʻambarimizga iymon keltirmagan, u zotni anglay olmagan, u zotni oʻzlariga oʻxshatgan kimsalar – insonlarning eng yomonlaridir. Ularni Tavba surasining toʻqson yettinchi oyati koʻrsatib turibdi, uning maʼnosi: «Yovvoyi, qalbi qattiq johillar sizga iymon keltirmaydi. Ularning koʻpi munofiqdir». Dunyoning bugungi holatida u zotning sunnati saniyyasiga, yaʼni Islomga ergashish sharafiga musharraf boʻlganlar naqadar baxtlidir!

Janobi Haq Niso surasining saksoninchi oyatida Muhammad alayhissalomga itoat qilish – Oʻziga itoat qilish ekanini bildirmoqda. Maʼnosi shunday: «Kim Rasulga itoat qilsa, Allohu taologa itoat qilgan boʻladi». Hashr surasining yettinchi oyatida esa, maʼnosi: «Rasulim keltirganini olinglar, u man qilgan narsalardan qochinglar!» – deyildi. Bu oyati karima Islomga ergashish lozimligini koʻrsatadi. Allohu taolo Qalam surasining toʻrtinchi oyatida shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Shubhasiz, siz xulqi azim (ulugʻ axloq) egasisiz» (Qalam surasi, 68:4). Ahzob surasida esa U shunday marhamat qildi, maʼnosi: «Rasulullohda sizlar uchun [ergashiladigan] goʻzal namunalar bordir» (Ahzob surasi, 33:21).

Janobi Haq Oʻz rahmati bilan bizni u zotga ummat qilib, neʼmatlarning eng ulugʻiga yetkazdi. U zotga tobe boʻlish, u zotga ergashish lozimligini ochiq-oydin bildirdi. Ulugʻ Rabbimizga bu buyuk neʼmati uchun qancha hamd va shukr aytsak ham, ozdir.

Ushbu asar butun insoniyat uchun haqiqiy rahbar boʻlmish sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning hayotlarini, goʻzal axloqlarini, moʻjizalarini, fazilatlarini bayon qiladi va u zotga ergashish din va dunyo saodati uchun eng muhim vazifalardan biri ekanini bildiradi.

Oʻzimizga, oilamizga, vatanimizga, millatimizga foydali insonlar boʻlishni istasak, Muhammad alayhissalomga ergashaylik. Bu dunyoda ham, u dunyoda ham rohat va baxtli boʻlish uchun u zotga ergashaylik.

Haq taolo barchamizning qalbimizni sevimli Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning muhabbati bilan toʻldirib, bizni Ahli sunnat olimlari bildirgan toʻgʻri yoʻlda sobit qilsin! Omin!

Prof. Dr. Ramazan Ayvallı