Sevimli Paygʻambarim

MUQADDIMA

Har bir jonzotni yaratgan, har bir mavjudotni har lahzada borliqda tutib turgan va ularning barchasini qoʻrquv va dahshatdan asraydigan Allohu taologa hamd aytamiz. Uning sevimli Paygʻambariga – insonlarning har jihatdan eng goʻzali, eng yaxshisi va eng afzali boʻlmish Muhammad alayhissalomga bizning salotimiz (duoimiz) va salomlarimiz boʻlsin. Ilm, irfon va goʻzal axloq taratgan Ollariga (oila aʼzolariga) va qarindoshlariga ham boʻlsin. Ruhlarga shifo boʻlgan goʻzal yuzlarini koʻrish, foydali soʻzlarini eshitish sharafiga musharraf boʻlgan va shu bilan barcha insonlarning eng azizlari boʻlgan jamiki sahobalariga1 (roziyallohu taolo anhum / Allohu taolo ulardan rozi boʻlsin), shuningdek, ularning izidan borganlarga ham boʻlsin.

Allohu taolo bu dunyoda barcha insonlarga rahm qilib, ularga foydali narsalarni yaratib yubormoqda. Oxiratda esa U2 jahannamga tushishi lozim boʻlgan moʻminlarni ham Oʻz ehsoni bilan afv etib, jannatga kiritadi. Muhammad alayhissalom Allohu taoloning nabiysi3, rasuli va habibidirlar (suyuklisidirlar), Odam bolalarining sayyididirlar (sarvaridirlar). Shunday sharafli Paygʻambarga iymon keltirgan va u zotning yoʻlidan borganlar, albatta, ummatlarning eng yaxshilari boʻldilar.

Janobi Haq Oʻz rahmati bilan bizni u zotga ummat qilib, neʼmatlarining eng ulugʻiga yetkazdi.4 Yana u zotga tobe boʻlish va ergashish lozimligini ochiq-oydin bildirdi. Rabbimizga bu ulugʻ neʼmati uchun qancha hamd va shukr aytsak ham, ozdir. Allohu taolo hech bir narsani yaratmasdan oldin Sarvari olamning (sallallohu alayhi vasallam) muborak nurini yaratdi. Qurʼoni karimda Paygʻambarimizga xitoban: «Biz sizni olamlarga rahmat qilib yubordik», – deyildi. Hadisi qudsiyda5 esa: «Siz boʻlmaganingizda, siz boʻlmaganingizda, Men maxluqotni yaratmas edim!» – deyildi.

Iymonning asosiy sharti – «hubbi fillah va bugʻzi fillah», yaʼni Allohu taoloning doʻstlarini sevish, dushmanlarini sevmaslikdir. Bu boʻlmasa, hech bir ibodat qabul boʻlmaydi – egasining yuziga qaytarib uriladi. Shuning uchun «Olamlar sarvari»ni sevish bizga farz boʻldi, u zotning muborak muhabbatini qalbimizga joylash, goʻzal axloqlari bilan axloqlanish buyurildi. Bu muhabbat soʻnmasin deb, asrlar davomida Paygʻambarimizning muborak hayotlarini bayon qiluvchi kitoblar yozildi, hozir ham yozilmoqda. Toʻgʻrirogʻi, u zotning muborak ismlari bilan baraka topiladi. Biz ham bu barakadan bahramand boʻlish va u zotga boʻlgan muhabbat qalblarimizda toʻlib-toshishi uchun Koinot sultoni Rasulullohning muborak hayotlarini oʻqishingizni tavsiya qilamiz – bu asar Ahli sunnat olimlarining kitoblarini uzoq tadqiq qilish natijasida tayyorlandi. Mehnati singganlarning hammasidan Allohu taolo rozi boʻlsin. Janobi Haq barchamizning qalbimizni Paygʻambarimizning muhabbati bilan toʻldirib, bizni Ahli sunnat olimlari bildirgan toʻgʻri yoʻlda sobit qilsin! Omin.

Dr. Enver Ören

Kaʼbai muazzama va Masjidul Harom Makkai mukarrama